[-]


Download 71 Kb.
Sana07.01.2020
Hajmi71 Kb.

Ma’lumki, mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tuzilmalari va fuqarorlarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquq va vakolatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularni atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning bugungi kundagi dolzarb masalalarini hal etish jarayonlariga, samarali jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga yanada kengroq jalb qilishga ko‘maklashmoqda.

Parlament palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov tomonidan bayon etilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da demokratik qadriyatlar va insonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning amalda muhim omiliga aylanishi zarur bo‘lgan fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat tuzilmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va vakolatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash mamlakatimizning taraqqiy topgan, farovon yashayotgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib hayot darajasini ta’minlash imkonini beruvchi eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilgan edi.

SHu ma’noda, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish hamda rivojlantirish va eng muhimi, fuqarolarimizning siyosiy ongi, ijtimoiy-iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini va fuqarolik mas’uliyatini oshirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish orqali atrof muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish jarayonida yuzaga keladigan murakkab ekologik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va o‘rnini aniqlashning qonuniy asoslarini yaratish ekologik qonunchilikni takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining  “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi (1999 yil), “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi (2007 yil) va boshqa qonunlaridanodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqishlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritishi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ijtimoiy sohalarga oid qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etish borasidagi huquqlari belgilab qo‘yilgan.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning
4-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarini belgilovchi normalarga asosan, “Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida ijtimoiy foydali dasturlariga davlat ko‘mak ko‘rsatishi mumkin”ligi, 7-moddada esa “ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqishi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga takliflar kiritishi hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlarini ishlab chiqishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ishtirok etishi” mumkinligi belgilab qo‘yilgan. SHu bilan birgalikda, Qonunda (8-modda) nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlariga rioya etishi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan tadbirlar o‘tkazishni kelishib olishi (siyosiy partiyalar bundan mustasno) va uning vakiliga o‘tkazilayotgan tadbirlarga erkin kirish imkonini berishi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, davlat soliq xizmati organlariga va davlat statistikasi organlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etishi shartligi bo‘ycha majburiyatlari ham belgilangan.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga bo‘lgan huquqini ta’minlaydi. Axborotdan foydalanish tegishli materiallarni e’lon qilish yo‘li bilan hamda ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga so‘rov bilan murojaat qilish huquqining nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro‘yobga chiqarilishi orqali ta’minlanadi.

Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlariga, bu tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga dahldor qonun hujjatlari, hujjatlar, qarorlar hamda boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasiga binoan, davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Konsepsiya yo‘nalishlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, 2013 yining 27 dekabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunida ekologik nazorat sub’ektlari qatorida atrof muhitni muhofaza qilishni ta’minlash tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va o‘rnini belgilab qo‘yilganligi na faqat milliy qonunchiligimizda, balki jahon tajribasida ham yagona hisoblanadi.

Mazkur Qonunning 10-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil


5 avgustdagi 216-sonli qarori bilan “Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, 2015 yil 8 oktyabrdagi “Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 286-son qarori bilan “Idoraviy ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”, “Ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”, “Ekologik xizmat to‘g‘risidagi namunaviy nizom”, “Ekologik audit to‘g‘risidagi nizom” hamda 2015 yil 8 oktyabrdagi “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 287-sonli qarori bilan “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom”, “Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori to‘g‘risidagi namunaviy nizom” tasdiqlandi.

“Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlarining ekologik nazorat sohasidagi huquqlari va majburiyatlari belgilangan bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z ustavlariga muvofiq:

atrof-muhitni muhofaza qilishni, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash masalalari bo‘yicha qarorlar tayyorlashda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

“Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomning III bo‘limida belgilangan tartibda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;

atrof-muhit holatini va atrof-muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni kuzatib borishda ishtirok etish;

ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

“Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomning 30-33-bandlariga asosan maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda o‘z vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi to‘g‘risida takliflar kiritish;

atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining o‘zi tomonidan aniqlangan fakti to‘g‘risida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni xabardor qilish;

atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi aniqlangan faktlar yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;

atrof-muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan faktni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va axborot olishi;

atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini o‘rganishni, jamoatchilik ekologik ekspertizasini o‘tkazish;

tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof-muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda ko‘kalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish;

“Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomning 2-bandi asosida ekologik nazoratning boshqa sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish;

namunaviy Nizomning 8-bandiga asosan, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishda ko‘maklashish huquqlariga ega.

O‘zbekiston ekologik harakati, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan huquqlar bilan bir qatorda, o‘z ustavidagi vazifalariga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining ekologik nazoratni amalga oshirishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqadi.

Qonun talablariga hamda “Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 20-bandiga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari ekologik nazorat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi, ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa sub’ektlariga ko‘maklashishi hamda ekologik nazoratning boshqa sub’ektlari vazifalarini bajarmasliigi shart.

Nodavlat notijorat tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Qonunning 11-moddasi normalariga muvofiq, ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari ekologik nazoratning boshqa sub’ektlari va ommaviy axborot vositalari bilan davlat ekologik nazorati masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishi belgilangan.

SHuningdek, “Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 21-bandi hamda “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomning 9-bandiga muvofiq ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolar bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishlari va ularning murojaatlari bo‘yicha qonunchilikka muvofiq o‘z vaqtida chora ko‘rishlari lozim.

SHunday qilib, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini va maxsus vakolatli davlat organlari bilan hamkorligini ta’minlovchi samarali huquqiy mexanizmini yaratilishi atrof muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini saqlash sohasidagi muhim davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki faolligini yanada oshirishga, ekologiya masalalariga jamiyatning turli qatlamlarini to‘laqonli jalb qilish imkonini kegaytirib,  atrof muhitni muhofaza qilish masalalarini samarali hal etishiga xizmat qiladi.

 

O'zbekistonda 6,5 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritadi


O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasida “Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi hamda “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risida”gi qonunlarning Buxoro, Navoiy va Namangan viloyatlaridagi ijrosiga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Unda parlament quyi palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi, Davlat statistika qo'mitasining barcha hududiy boshqarmalari rahbarlari va mas'ul xodimlari, Buxoro, Navoiy, Namangan viloyatlari hokimligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondining granti sohiblari bo'lgan qator nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi A.Saidov Prezident Islom Karimov rahnamoligida davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish, mamlakatni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. Jumladan, bu borada qabul qilingan ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy faolligini oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qilayotir.

Bunda amaldagi qonun hujjatlari ijrosini muntazam monitoring qilib borish, nodavlat notijorat tashkilotlarining sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni hayotga tatbiq etishdagi samarali ishtirokini ta'minlash maqsadida ularning faoliyatini mustahkamlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risida”gi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlarining Buxoro, Navoiy hamda Namangan viloyatlaridagi ijrosini ta'minlash jarayonining tahlili shuni ko'rsatdiki, joylarda mazkur qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ahamiyatini tushuntirish, ularni amalga oshirish bo'yicha targ'ibot ishlari olib borilmoqda, mamlakatimizda demokratik islohotlarni ro'yobga chiqarish, hududlarda ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining o'rni tobora ortib borayotir.

Muxtasar aytganda, amaldagi qonun hujjatlari ijrosining monitoringi joylarda adliya organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ta'minlanayotgani, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ularning o'z huquqlarini ro'yobga chiqarishi bo'yicha tizimli monitoring qilinib, jamoat fondlari, muassasalar va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari amalga oshirayotgan ishlar muntazam ravishda o'rganib borilmoqda.

Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qo'shma qarorining joylardagi ijrosiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari soni yildan-yilga ko'payib borayotgani va ayni paytda ular 6,5 mingdan oshgani ta'kidlandi. Xususan, Buxoro viloyatida 438, Navoiy viloyatida 306 va Namangan viloyatida 386 nodavlat notijorat tashkiloti ro'yxatga olingan. Ayniqsa, so'nggi 10 yilda tadbirkorlik va fermerlik sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari soni ortdi. Shu bilan birga, sport, ekologiya, madaniy-tarixiy sohalarda ham nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligi oshib borayotgani kuzatilmoqda.

Ushbu tashkilotlarning “uchinchi sektor”ni qo'llab-quvvatlash maqsadida mablag' ajratish bo'yicha grant tanlovlaridagi ishtiroki ham tahlil qilindi. Ko'rib chiqilgan mazkur viloyatlar misolida shuni aytish mumkinki, nodavlat notijorat tashkilotlarining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondining grant tanlovlaridagi ishtiroki kengayib bormoqda. 2012 yil yakunlariga ko'ra, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan ishtirokchilar soni 2,5, Namangan viloyatidan esa 2 barobar ko'paygan.

Mazkur hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish borasida ijobiy natija bilan bir qatorda kamchiliklar ham mavjudligi, ularni puxta tahlil qilib, bartaraf etish lozimligi qayd etildi. Jumladan, “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi va “O'zbekiston Respublikasida jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunlar loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda yaxlit yondashuv yo'qligi kuzatilmoqda.



Yig'ilishda fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarini yanada rivojlantirishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling