1-amaliy mashg‘ulot. Dehqonchilik tizimlarining klassifikatsiyasi
Download 457.28 Kb. Pdf ko'rish
|
1-мавзу
- Bu sahifa navigatsiya:
- Nazorat savollari
1-AMALIY MASHG‘ULOT. Dehqonchilik tizimlarining klassifikatsiyasi. Qishloq xo‘jalik ekinlaridan yuqori va sifatli hosil olishga qaratilgan tashkiliy xo‘jalik, agrotexnik, agrokimyoviy hamda agro-meliorativ tadbirlar majmuasiga dehqonchilik tizimi deyiladi. Dehqonchilik tizimi samaradorlik darajasiga ko‘ra uch turga ibtidoiy, ekstensiv va intensivga bo‘linadi. Dehqonchilikning ibtidoiy tizimiga qo‘riq yoki bo‘z yer tizimi, partov yer tizimi; ekstensiv tizimiga esa shudgorlash tizimi kiradi. Intensiv tizimiga fan va texnika yutuqlaridan samarali foydalanishga asoslangan tuproq unumdorligini oshirishni va ekinlardan yuqori hamda sifatli hosil olishni ta’minlaydigan hozirgi zamon tizimlari kiradi. Ibtidoiy jamoa tuzumi davrida qo‘riq yer yoki bo‘z yer tizimi qo‘llanilgan. Bu tizimda dehqonlar qo‘riq yer ochib dehqonchilik qilishgan. Yerga oddiy qurollarda ishlov berganlar, 3-4 yil g‘alla ekinlari ekilgandan so‘ng tuproq unumdorligi kamaygan, hashoratlar, kasalliklar, begona o‘tlar ko‘payib ketgan. Hosildorlikni pasayib ketishi dehqon-larni bu yerni tashlab boshqa yangi yer ochishga majbur qilgan. Tashlab ketilgan yerning xususiyatlari 15-20 yildan keyin tabiiy ravishda tiklangan. Shu usulda tuproq unumdorligini tiklash va dehqonchilik yuritish partov yer tizimi deyiladi. Tashlab ketilgan yerga ba’zi joylarda 8-15 yildan so‘ng foydalanish uchun qaytilgan. Dehqonchilikning o‘rmon kesish va kuydirish tizimi ham xuddi qo‘riq yer tizimiga o‘xshaydi. Yani o‘rmon kesilib yoki kuydirilib yer ochilgan. Hosildorlik pasayib ketishi bilan dehqonlar boshqa joyga o‘tishgan. Dehqonchilikni siderasiyalash tizimi bundan ikki ming yillar ilgari sharq mamlakatlarida, qadimgi Gretsiyada, Rim imperiyasi va boshqa mamlakatlarda qo‘llanilgan. Ekinlar hosili yig‘ishtirib olingandan so‘ng kuzgi javdar yoki rang o‘t ekib bu o‘simliklar ma’lum bir fazaga kirganda ko‘k o‘g‘it sifatida haydab yuborilgan. Dehqonchilikning shudgorli tizimida tashlab qo‘yilgan partov yerga ishlov berib begona o‘tlar yo‘qotiladi. Natijada bir yildan so‘ng yana ekin ekish imkoniyati tug‘iladi. Dastlabki davrda ikki dalali shudgor-don almashlab ekish qo‘llanilgan. Yani yerga bir yil toza shudgor sifatida ishlov berilgan, ikkinchi yili donli ekinlar ekilgan. Dehqonchilikning ko‘p dalali o‘t tizimida yyerlarning yarmidan ko‘pi tabiiy yaylov va ko‘p yillik o‘tlar bilan band bo‘lgan. Qolgan qismiga don ekilgan. Yani quyidagiga o‘xshash bo‘lgan: 1-6 dala ko‘p yillik o‘tlar, 7-dala zig‘ir, 8-dala toza shudgor, 9-dala javdar, 10-dala javdar, 11-dala toza shudgor, 12-15 dalalar g‘alla ekinlari. Bu tizim XIX asrning ikkinchi va XX asrning birinchi yarmida yog‘in- sochin ko‘p bo‘ladigan Yevropa mamlakatlarida qo‘llanilgan. Dehqonchilikning yaxshilangan g‘allachilik tizimida toza shudgor, dukkakli va g‘alla ekinlari almashlab ekilgan. Almashlab ekishda shudgor qo‘llanilmasdan yoki nihoyatda oz maydonlarda qo‘llanilib don va boshqa ekinlar navbatlab ekish ekin almashinadigan tizim deyiladi. Bu tizimda fan va texnika yutuqlaridan foydalaniladi. Dehqonchilikning o‘t-dalali tizimi XIX asrning birinchi yarmida qo‘llanildi. Bu tizimda ko‘p yillik o‘tlar va dala ekinlari navbatlab ekildi. Yerning yarmini yoki undan ko‘prog‘ini o‘t egallagani uchun bu tizim ham samarasiz deb topildi. Dehqonchilikning intensiv tizimiga qator oralari ishlanadigan sanoat-zavod, o‘t-qator oralari ishlanadigan ekinlar, don-qator oralari ishlanadigan ekinlar tizimlari kiradi. Bu tizimlarda yerlar ekinlar bilan to‘liq band bo‘ladi. Agrotexnik, agrokimyoviy, agromeliorativ tadbirlar fan va texnikaning hozirgi zamon yutuqlaridan foydalanilgan holda dehqonchilik olib boriladi. Hozirgi zamon dehqohchilik tizimi quyidagi tarkibiy qismlarni o‘z ichiga oladi: almashlab ekish tizimi, mashinalar tizimi, yerni ishlash tizimi, o‘g‘itlash tizimi, begona o‘tlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash tizimi, urug‘chilik tizimi, sug‘orish tizimi, meliorativ tadbirlar tizimi va h.k. Xo‘jalik hududini tashkil etish va almashlab ekish tizimi. Bunda dalalar maydoni, chegarasi, bog‘lar, ihota polosalari, suv havzalari, o‘zlashtiriladigan yangi yerlar, yaxshilanadigan ekinzorlar hamda almashlab ekish va ekinlarni joylashtirish va hokazolar aniqlanadi. Mashinalar tizimi. Ho‘jaliklar kerakli qishloq xo‘jalik texnikalari va mexanizatorlar bilan etarli ta’minlanishi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish reja asosida yo‘lga qo‘yilishi lozim. Yerni ishlash tizimi. Yerlarni o‘z vaqtida va sifatli ishlashga qaratilgan barcha tadbirlarni o‘z ichiga oladi. O‘g‘itlash tizimi. Ekinlardan yuqori va mo‘ljaldagi hosilni olishda organik, mahalliy va mineral o‘g‘itlarni to‘plash, saqlash, ishlatish bo‘yicha aniq ishlab chiqilgan reja, yani o‘g‘itlash tizimi bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Begona o‘tlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash tizimi. Bu majmuaga agrotexnik, kimyoviy va biologik tadbirlar kiradi va ularni ma’lum tizimda joriy etish kerak. Urug‘chilik tizimi. Xo‘jaliklarni serhosil va sifatli har xil ekinlar urug‘i bilan ta’minlash tadbirlari tizimi yiqori hosil olishda katta ahamiyatga ega. Meliorativ tadbirlar tizimi. Bu tadbirlar yerlarni tubdan yaxshilashga qaratilgan. Bular sug‘orish, yerning zaxini qochirish, sho‘r yuvish, kollektor-drenaj ishlarini amalga ohirish, yer maydonlarini kengaytirish, tosh-shag‘alli yerlarni toshdan tozalash va tuproq solish, kolmataj, yani sershag‘al maydonlarga irrigasiya yotqiziqlari cho‘ktirish va boshqalardir. Bu tadbirlar suvdan tejab-tergab foydalanilgan holda ekinlardan mo‘l hosil etishtirishni ta’minlaydigan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Nazorat savollari: 1. Dehqonchilikning ibtidoiy tizimi nima? 2. Dehqonchilikda shudgorlashtizimi xaqida ma’lumot bering. 3. Dehqonchilikning intensiv tizimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Download 457.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling