1. Amir Temurning ulkan saltanat tashkil etishi. Markazlashgan Temur davlatining ma’muriy va harbiy tuzilishi. Temur tuzuklari. Davlatning ichki va tashqi siyosati


Movarounnahrda Abusaid va uning o‘g‘illari, Xurosonda Husayn Boyqaro hukmronligi


Download 167 Kb.
bet3/3
Sana13.05.2020
Hajmi167 Kb.
#105562
1   2   3
Bog'liq
7-mavzu AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA IJTIMOIY-IQTISODIY, SIYOSIY VA MADANIY HAYOT (1)


Movarounnahrda Abusaid va uning o‘g‘illari, Xurosonda Husayn Boyqaro hukmronligi.

O‘zaro toju-taxt uchun kurash Abdullatifni razillik botqog‘iga botirib uni o‘z otasining qotiliga aylantirdi. Garchi u taxt egasi bo‘lsa-da, xalq uni “padarkush” (otasining qotili) sifatida la’natlar, Ulug‘bek tarafdorlari unga dushmanlik ko‘zi bilan qarar edi. Bunday bir paytda Abdullatif xurofotchi din ahllari, darveshlar guruhi bilan ham yaqinlashishga harakat qildi. Biroq qotil padarkush taxtda uzoq o‘tira olgani yo‘q. 1450-yilning 8-mayida, shahar handag‘i yonida, Bog‘i navdan nariroqda unga qarshi suiqasd qilinib o‘ldiriladi. Bu xususda so‘z yuritgan tarixchi Mirxond fitnachilar tap tortmasdan harakat qilib, uning kesilgan boshini Registondagi Ulug‘bek o‘zi qurdirgan madrasa peshtog‘iga namoyishkorona tarzda ilib qo‘yadilar, deb ta’riflagan edi. Bu qotillikdan so‘ng, tezda Samarqand taxtiga temuriylardan biri Mirzo Ulug‘bekning jiyani hamda kuyovi Mirzo Abdullo o‘tiradi. Buxoroda esa hokimiyat Mironshohning nevarasi Sulton Abu Said qo‘liga o‘tadi. Mirzo Abdullo o‘zining bir yillik hukmronlik davrida mamlakatda barqarorlikni tiklashga, Mirzo Ulug‘bekning madaniy sohadagi ishlarini davom ettirishga, markaziy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qiladi. U taxt uchun da’vogarlar Alouddavla va Abu Saidlar bilan kurash olib borib, Samarqandga qarshi yurish qilgan Abu Said qo‘shinini tor-mor keltiradi. Abu Said Sirdaryo ortiga qochib, Dashti Qipchoq o‘zbeklari xoni Abulxayrxondan (1428-1468) taxtni egallash uchun yordam so‘rab murojaat qiladi. 1451-yili yozida Samarqand yaqinidagi Sheroz qishlog‘idagi qattiq jangda Mirzo Abdullo o‘ldirilib, taxt Sulton Abu Said Mirzo (1451-1469) qo‘liga o‘tadi. Temuriylar davlatining Xuroson yerlari Shohruhning boshqa bir nevarasi, Boysunqurning o‘g‘li Abulqosim Bobur qo‘lida saqlanib qolib, u to vafoti (1457) ga qadar Hirot taxtini boshqarib turadi. Bu vaqtga kelib o‘zaro siyosiy tarqoqlik yanada avj oladi. Birgina Xurosonning o‘zi o‘ndan ortiq qismga bo‘linib ketadi. O‘zaro taxt uchun muttasil kurashlar mamlakat iqtisodiy va madaniy hayotiga katta zarar yetkazib, inqiroziy holatlarga sabab bo‘la boshladi. Abulqosim Bobur Xurosonni o‘z qo‘li ostida birlashtirishga, Shohruh davlatidagi madaniy hayotni tiklashga harakat qildi. Lekin 1454 yili uning Samarqandga yurishi muvaffaqiyatsiz tugab, 40 kunlik shahar qamalidan keyin u yana orqaga qaytishga majbur bo‘lgan edi.

1457-yili Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etgandan so‘ng Hirot taxti, Xuroson yerlari uchun kurash yana avj oldi. Bunday vaziyatdan ustalik bilan foydalangan Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said Mirzo 1457-yili Xurosonga yurish qilib Hirotni egallaydi. Shu tariqa Abu Said temuriylar davlatining ikkala qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Sulton Abu Said Mirzoning (1451-1469) hukmronlik davrida davlat hududlari kengayib, uning chegaralari Sharqiy Turkistondan to Iroqqacha, Sirdaryodan to Hindiston chegaralarigacha bo‘lgan yerlarni o‘z ichiga oldi. O‘z hukmronligi davrida Abu Said doimiy ravishda hokimiyatini mustahkamlashga, isyonkor amaldor-noiblarni jazolashga asosiy e’tiborini qaratdi. Shuningdek, u birmuncha iqtisodiy va madaniy tadbirlar o‘tkazishga ham urindi. Lekin, uning bu sohadagi ishlari o‘zining yaxshi natijasini bera olmadi. Ma’rifat va madaniyat Ulug‘bek davridek gullab yashnamadi. Shuningdek, Abu Said Xuroson, Eron, Xorazmdagi siyosiy tarqoqlikni ham butkul tugata olmadi. Hirot taxtiga da’vogarlardan biri Umarshayxning evarasi, yosh temuriy shahzoda Sulton Husayn (1438-1506) Abul Qosim Bobur vafotidan (1457) keyin Xuroson mulki uchun o‘z harakatlarini boshlab yuborgan edi. U XV asr 60-yillaridan katta harbiy otryadga bosh bo‘lib, 1461-1464-yillarda Hirot, Obivard, Niso, Mashhad va Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli goho muvaffaqiyatsiz kurashlarni olib bordi.

1469-yili erta bahorda temuriylarga avvaldan tegishli bo‘lgan G‘arbiy Eron yerlarini qaytarib olish maqsadida Sulton Abu Said Oqqo‘yunli turkmanlariga qarshi yurishni boshlaydi. Biroq, oqqo‘yunlilar hokimi Uzun Hasan (1453-1478) tomonidan Ozarbayjonning Mug‘on dashtida jang vaqtida o‘ldiriladi. Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Husayn bilan toju-taxt uchun kurashishga botina olmay, Movaraunnahrga qaytib ketadilar. Sulton Husayn esa 1469-yil 24-martda tantanali sur’atda Hirotga kirib keladi. Natijada temuriylar saltanati yana ikki qism: Xuroson va Movaraunnahrga bo‘linib ketadi. Movaraunnahr esa ketma-ket sulton Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Ahmad (1469-1494), Sulton Mahmud (1494-1496) hamda Mahmudning o‘g‘li Sulton Ali Mirzo (1496-1501)lar tomonidan mustaqil ravishda boshqarildi. Lekin ko‘p holda ayniqsa Sulton Ahmadning davlat boshqaruvidagi kaltabin, uquvsiz va sustkashligi, Sulton Mahmud va Sulton Ali Mirzolarning davlat ishlarining o‘z holiga tashlab, aysh-ishratga mukkalaridan ketganligi bois ushbu hukmdorlar davrida o‘zaro tarqoqlik yanada kuchayadi. Ayrim viloyat noiblari, amirlarning ta’siri o‘sib, ko‘pincha ular mustaqil faoliyat yo‘liga o‘tib ola boshlaydilar. Siyosiy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ruhoniylarning, ayniqsa so‘fiylarning ta’siri yanada kuchayadi. Xususan, shu davrning ko‘zga ko‘ringan diniy arbobi Xoja Ubaydulloh Ahror (1404-1490), mamlakatda ta’sirli shaxsga aylanib, o‘zaro kurash nizolar vaqtida mamlakat tinchligini saqlash yo‘lida bir necha marotaba bu kurashlarni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘ldi. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi yo‘lidagi uning faoliyati, vatanparvarligi, albatta, e’tiborga sazovordir.

Temuriylar davlatining janubida ahvol o‘zgacha edi. Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506) davlati o‘z tarkibiga Xorazm, Xuroson, Eronning bir qismini olgan bo‘lib, u temuriylar tarixida oxirgi yirik davlat arbobi bo‘lib qoldi. Uning deyarli 40 yillik hukmronlik davri ham o‘zaro kurashlardan xoli bo‘lmasa-da, lekin mamlakatda iqtisodiy va madaniy hayot yuksak darajada saqlanib qoldi. Mamlakat obodligi, farovonligi, iqtisodiy hayotning bir me’yorda kechishi, fan-madaniyatning yuksalishida o‘z davrining tadbirli va oqil hukmdori Sulton Husaynning roli nihoyatda katta bo‘ldi.

XVI asrning ikkinchi yarmida fan, adabiyot va madaniyat.

XV-XVI asrlardagi hattotlik san’atining buyuk namoyondalariga Mir Ali Tabriziy, Abduraxmon Xorazmiy, Sulton Ali Mashhadiy, Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod kabilarni kiritish mumkin. Hattotlik san’atining buyuk namoyondalaridan biri Sulton Ali Mashhadiydir. Yoshligidan husni hatga qiziqqan Sulton Ali Mashhadiy husni xat sultoni darajasiga ko‘tarildi va «Husni-hattotlar sultoni» degan nom tarqatdi. Sulton Ali 1461-yilda Nizomiyning «Mahzanul-Asror» dostonini, 1464-yilda Xofiz devonini va 1465-yilda Alisher Navoiy devonini ko‘chirgan. Uning ijodiy faoliyatida Temuriy Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning salmoqli o‘rni bor. U Husayn Boyqaro kutubxonasida ishlagan va Hirot hattotlariga rahbarlik qilgan. Sulton Ali shaxsan Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy topshiriqlarini bajargan va ularning asarlarini ko‘chirgan. U har kuni Husayn Boyqaro uchun ellik bayt va Alisher Navoiy uchun - 20 bayt ko‘chirar edi. Mashhur hattot ko‘chirgan 50 dan ortiq asar bizgacha yetib kelgan.

Sulton Ali Mashhadiy o‘ymakorlik san’atining ham mashhur ustasi bo‘lgan. Husayn Boyqaro qabr toshidagi o‘yib yozilgan matn parchasi ham Sulton Ali tomonidan yozilgan. U she’riyat bobida ham binoiydek qalam tebratgan.

Temur va Temuriylar sulolasi davrining ulkan muvaffaqiyatlaridan biri tasviriy san’atning gurkirab o‘sganligi bo‘ldi. XIV va XVI asrlarda tasviriy san’atda Behzod, Mirak Naqqosh, Qosim Ali, Maqsud Muzahhib, Hoja Muhammad Naqqosh, Shoh Muzaffar va boshqalar barakali ijod qildilar.

Xalqimizning ajoyib tasviriy san’ati yaratgan asarlar o‘ziga xos uslubga ega bo‘lishi bilan birga u fantastik mavhumlikdan hayotiylikka, aniqlikka tomon o‘sib borgan. Bizgacha yetib kelgan va ma’naviy meros boyliklariga qarab xulosa qiladigan bo‘lsak, tasviriy san’at yodgorliklarini yo‘nalishlariga qarab quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin: portretlar, hayotiy lavhalar, peyzaj, binolarga solingan suratlar, badiiy asarlarga ishlatgan rasmlar va hokazo.

Biz fikr yuritayotgan davrda tasviriy san’at ijodkorlari tomonidan hayotiy va aniq bo‘yoqlarda ishlangan Jomiy, Navoiy, Abdulla Xatixiy, Behzod, Husayn Boyqaro, Bobur, Shayboniyxon va boshqalarning portret-suratlarini ko‘ramiz.

Rassomlar tomonidan yaratilgan asarlarda, rasm-portretlarda haqiqiy hayot voqeligi o‘z aksini topgan, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tub mohiyati ustamonlik va mohirlik bilan ko‘rsatilgan.

Miniatyura san`ati. Kamoliddin Bеhzod.

O‘z zamonasining mohir rassomi va o‘ta noyob qobiliyat egasi Kamoliddin Behzod 1455-yilga yaqin Hirotda tug‘ilgan. Ota-onadan yoshlikdan yetim qolgan Behzodni Husayn Boyqaro kitobdori Mirak Naqqosh o‘z tarbiyasiga olib unga homiylik ko‘rsatadi. O‘zining qobiliyati va iqtidorligi bilan boshqalardan ajralib turadigan Behzod yoshlikdan rassomlik san’atiga qiziqadi, ko‘p o‘tmay ilm-fan, san’at va madaniyat homiysi Alisher Navoiy noyob iste’dod va qobiliyat egasi bo‘lgan Kamoliddin Behzodga alohida e’tibor beradi va unga har tomonlama yordam qo‘lini cho‘zadi. 1510-yilgacha bo‘lgan umrini Hirotda o‘tkazgan. Behzod, kyeyinchalik Ozarbayjonga - Tabrizga ketadi. U yerda Behzodni safaviylar poytaxti kutubxonasi va san’atkorlarining boshlig‘i etib tayinlaydilar. Kamoliddin Behzod shu yerda taxminan 1533-1537 yillar orasida vafot etadi.

Kamoliddin Behzod o‘zining hayratomuz rassomchilik san’ati bilan «Moniy Soniy» (ikkinchi Moniy) va «Sharq Rafaeli» nomi bilan jahonga mashhur bo‘lgan. U rassomlikda Hirot maktabiga asos soldi va ustoz san’atkor sifatida Turkiston o‘lkasi, Eron, Ozor yurti va boshqa o‘lkalarda tasviriy san’atning rivojiga katta hissa qo‘shdi. Atoqli va mashhur rassom Kamoliddin Behzod tomonidan yaratilgan Shoir Abdullo Hotifiy, Husayn Boyqaro, Shayboniyxon portretlari, Sa’diyning «Bo‘ston» kitobi va Nizomiyning «Hamsa» siga ishlangan rasmlar bizgacha yetib kelgan va u hozir xalqimizning nodir yodgorliklari sifatida Toshkent, Sankt-Peterburg, London, Tehron, Qobul va boshqa shaharlarning muzey va kutubxonalarida saqlanmoqda. Kamoliddin Behzod juda ko‘plab nomdor qobiliyatli shogirdlar yetishtirdi. Sulton Muhammad Kamoliddin, Qosim Ali, Shoh Muzaffar, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlar shular jumlasidandir.

Alishеr Navoiyning siyosiy va adabiy faoliyati. Ma`naviy barkamol shaxs tarbiyasida Navoiy ijodining ahamiyati.

Ulug‘bekning vafotidan so‘ng madaniy markaz Xurosonga, jumladan, uning poytaxti Hirotga ko‘chdi. Hirot madaniy va ilmiy markazining shakllanishida Xuroson hukmdori Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506) va ayniqsa, buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning (1441-1501) roli nihoyatda beqiyos bo‘ldi. Ma’rifatli hukmdor bo‘lmish Sulton Husayn (Boyqaro) butun Xurosonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat homiysiga aylanadi. Uning o‘zi “Husayniy” taxallusi ostida g‘azallar yozgan. Bizning kunlargacha uning she’riy “Devon”i va nasriy “Risola” asarlari yetib kelgan.

Alisher Navoiy 1441-yili Hirotda taniqli barlos bahodiri xonadonida dunyoga kelgan. U yoshligidanoq nihoyatda zakovatli va zehnli bola bo‘lgan. Uning besh yoshida yozgan g‘azaliga taniqli o‘zbek shoiri Lutfiy o‘z vaqtida katta baho bergan edi. Yoshligidanoq u temuriy shahzoda Sulton Husayn bilan do‘st bo‘lib, keyinchalik ular Xuroson hokimi Abulqosim Bobur (1451-1457) xizmatida birga bo‘lganlar. Husaynning xizmat davrida Alisher Navoiy Mashhad va Hirot madrasalarida tahsil ko‘radi. Keyinchalik Movarounnahr hokimi Sulton Abu Said tazyiqi bilan Samarqandga ketishga majbur bo‘ladi va u yerda ikki yilcha turib, o‘z bilimini yanada takomillashtiradi. 1469-yili Xuroson taxti Sulton Husaynga tekkandan so‘ng, uning taklifi bilan Alisher Navoiy Hirotga kelib, avval muhrdorlik, so‘ngra vazirlik lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Jumladan, Alisher Navoiy o‘zining vazirlik lavozimini egallagan vaqtida (1472-1476) mamlakatda iloji boricha osoyishtalik va adolat o‘rnatishga harakat qiladi. Uning hatti-harakatlari natijasida shaharlar yuksaldi. Suv chiqarilib, ko‘pgina yerlar obod qilindi, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari yanada rivojlandi. Navoiy ilm-fan, ma’rifat va madaniyat ahliga shaxsan o‘zi homiylik ko‘rsatdi. Garchi toju-taxt uchun kurashlarda va fitna-nizolar natijasida Navoiyning Sulton Husayn bilan oralari bir oz sovugan bo‘lsa-da, lekin Navoiy umrining oxiriga qadar davlatning tayanch shaxslaridan biri bo‘lib qoladi. Jumladan, u vazirlik lavozimidan ketar ekan, sulton Navoiyga shohona to‘n kiygizib, uning hech bir iltimosi hech qachon yerda qolmasligini aytadi. Alisher Navoiyning birgina o‘zi 300 tadan ziyod turli qurilish, obodonchilik ishlariga bosh-qosh bo‘ladi. U barpo etgan Hirotdagi “Ixlosiya”, “Shifoiya” majmualari, Tus viloyatidagi Turuqband suv ombori va kanali, Hirot va Mashhaddagi sug‘orish inshootlari, Astroboddagi saroy va masjid, Marvdagi madrasa shular jumlasidandir. El-yurt farovonligini o‘ylagan Navoiy o‘z daromadlarining aksariyat qismini hayriya ishlariga sarflaydi.

Shaxsan uning mablag‘lari hisobidan 52 ta rabot, 19 ta hovuz, 16 ta ko‘prik, 9 ta hammom va boshqalar qurildi. Shuningdek, Navoiy butun Xurosonda 12 tadan oshiq ahamiyatli bo‘lgan va ta’mirlanishga muhtoj masjid, minora, rabot va boshqalarni ta’mir etib o‘z holiga qaytaradi. Jumladan, Navoiy ta’mir etgan Hirotdagi Jome’ masjidi hozirgi kunga qadar Hirot shahrining go‘zal inshootlaridan biri hisoblanadi. Alisher Navoiy homiyligi ostida Sharq miniatyurasi maktabining yetuk namoyondasi “Sharq Rafaeli” nomini olgan Kamoliddin Behzod, taniqli tabiblar Abdulhay Muniy, Darvish Ali, hattotlardan - Sulton Ali Mashhadiy, musiqachilardan - Husayn Uddiy, shoir va tarixchilardan - Sohib Doro, Muhammad Nizomiy, Kamoliddin Binoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Husayn Voiz Koshifiy, Mirxond, Zayniddin Vosifiy, Muiniddin Muhammad Isfizoriy va boshqalar yetishib chiqdilar. Alisher Navoiy ilk bora o‘zga shoirlardan farqli ravishda turkiy tilda 1483-1485-yillarda beshta dostondan iborat “Xamsa” asarini yozdi. Navoiy o‘z ona tili ko‘rkamligi va jozibadorligini asarlarida namoyon etdi.

Buyuk shoirning 20 tadan ziyod yirik asarlar mavjuddir. Ular “Xazoyin ul maoniy”, “Lison ut tayr”, “Mahbub ul qulub”, “Majolisun nafois”, “Munshaot”, “Muhokamat ul lug‘atayn”, “Mezon ul avzon” va boshqalardir. Bular o‘z ichiga tarixiy, falsafiy, ahloqiy mezonlarni olib, ularda insoniyatga xos bo‘lgan barcha ijobiy hislatlar ulug‘lanadi. Navoiy o‘z asarlarida Vatanga, tug‘ilib o‘sgan yeriga nisbatan buyuk muhabbatni kuylaydi.

Navoiyning o‘zi esa barkamol, komil inson qiyofasi uchun buyuk ramzdir. Ulug‘ shoirning o‘lmas merosini o‘rganish mustaqillik yillarida o‘zining haqiqiy darajasiga chiqdi. Adibning barcha asarlari qayta chop etildi. Hukumatimiz qaroriga binoan, xalqimizning buyuk mukofoti ramzida Navoiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi. O‘lkamizda Navoiyning ulug‘ nomini bilmagan zot yo‘qdir. Birinchi Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, 1991-yili Alisher Navoiyning 560-yilligi juda katta tantanalar bilan nishonlanib, shoirning mahobatli haykali xalqimizning muqaddas ramzi sifatida poytaxtimizning markazida qad ko‘tardi.



Adabiy muhit. Lutfiy, Sakkokiy Jomiy. O‘zbеk tilining takomillashuvi.

XV asrning zabardast o‘zbek shoirlari ichida, shuningdek Lutfiy, Durbek, Sakkokiy, Gadoiy, Atoiy va boshqalarning ham nomlari ma’lum va mashhur bo‘lgan. Jumladan, Navoiydan avval eng mashhur turkigo‘y shoir Lutfiy (1366-1465) bo‘lgan. Uning o‘z vaqtida 20 dan ziyod ajoyib asarlari mavjud bo‘lib, bizgacha faqat mashhur “Gul va Navro‘z” va g‘azallar devoni yetib kelgan xolos.

Bu davrlarda shuningdek, Sharafiddin Ali Yazdiyning (1454-yili vafot etgan) Temur tarixiga bag‘ishlangan, Nizomiddin Shomiydan so‘ng yozilgan bir xil nomdagi “Zafarnoma” asari yaratildi. Fors-tojik adabiyotida, ayniqsa, mashhur shoir va olim, Navoiyning zamondoshi hamda do‘sti Nuriddin Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) roli buyuk bo‘ldi. Jomiy va Navoiyning do‘stligi esa, tarixda xalqlarimiz ittifoqligining buyuk ramzi bo‘lib qoldi.

1499-yildan boshlab O‘rta Osiyoga o‘z yurishlarini boshlagan Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) temuriylar ichidagi ichki nizo va noittifoqlikdan foydalanib, Movaraunnahrga nisbatan istilochilik harakatlarini boshladi. Temuriy shahzodalardan, shu vaqtdagi yagona movarounnahrlik iqtidorli va harbiy sarkardalik mahoratiga ega bo‘lgan, keyinchalik buyuk shoir va davlat arbobi darajasiga chiqqan Zahiriddin Muhammad Boburning (1483-1530) sa’yi-harakatlari ham o‘zining tegishli natijasini bermadi. 1505-1506 yillarga kelib Shayboniyxon Xorazm va Movaraunnahrni to‘liq egallaydi. Shayboniyxonga qarshi kurashish uchun yo‘lga chiqqan Xuroson hukmdori Sulton Husayn (1469-1506) 1506-yilning bahorida vafot etadi. Sulton Husaynning vorislari o‘rtasida toju-taxt uchun kurash avj olib, natijada hokimiyat ikkita shahzodaga-Badiuzzamon Mirzo bilan Muzaffar Mirzolarga o‘tadi. Qulay vaziyatdan foydalangan Shayboniyxon 1507-yili shahzodalarni tor-mor etib, qattiq janglardan so‘ng poytaxt Hirot va butun Xurosonni o‘z qo‘li ostiga oladi.

Shunday qilib, deyarli bir yarim asr davom etgan shon-shavkatli Temuriylar saltanati o‘z nihoyasiga yetadi. Temuriylarning oxirgi zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Bobur 1525-yilgi Panipat jangidan so‘ng shimoliy Hindistonni egallashga muvaffaq bo‘ladi. Boburiylar sulolasi Hindistonda deyarli uch asr mobaynida hukmronlik qilib, ko‘p holda temuriylarning shon-shuhratini bu yerda tiklashga muvaffaq bo‘ladilar.
Sinov savollari

1. Amir Temur shaxsini ta’riflab bering.

2. Amir Temur qanday vaziyatda siyosiy kurash maydoniga kirib keldi?

3. Amir Temurning buyuk tarixiy xizmatlari nimada?

4. Amir Temur davrida shakllangan markaziy davlat boshqaruvi tizimi qanday tamoyillarga asoslangan edi?

5. Amir Temurning xorijiy ellarga uyushtirgan harbiy yurishlardan ko‘zlagan maqsadlari nimalardan iborat bo‘lgan?

6. Temuriylar davrida hukm surgan soliq tizimi haqida tushuncha bering.

7. Amir Temurni harbiy sarkarda sifatida ta’riflab bering.

8. Uning yuksak diplomatik mahoratining sir-asrori nimada?

9. Mirzo Ulug‘bek shaxsi to‘g‘risida nimalar deya olasiz?

10. Mirzo Ulug‘bek amalga oshirgan ichki davlat siyosatining muhim jihatlari nimada?

11.Temuriylar sulolasi inqirozining asosiy sabablarini gapirib bering.

12. Husayn Boyqaro davrida Xuroson davlatining iqtisodiy va madaniy yuksalishining muhim omillarini tushuntirib bering.

13. Qanday omillar Amir Temur va temuriylar davri moddiy va ma’naviy madaniyatining ravnaqini ta’minlagan?

14.Temuriylar davrida bunyod etilgan moddiy madaniyat namunalari qatoriga nimalarni kiritish mumkin?

15. Movarounnahrda ilm-fan ravnaqini ta’minlagan omillar to‘g‘risida so‘zlab bering.

16. Ulug‘bek akademiyasining yutug‘i va yuksak shuhratini asoslab bering.

17. Temuriylar davrida tarixshunoslik fani erishgan muhim yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot bering.

18.Temuriylar davridagi xattotlik, tasviriy va musiqa san’ati ravnaqi to‘g‘risida nimalarni bilasiz?

19. Alisher Navoiy shaxsini ta’riflab bering.

20. Navoiy o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi ekanligini isbotlab bering.

ADABIYOTLAR:

1. Karimov I.A. Amir Temur davridagi bunyodkorlik va hamkorlik ruhi bizga namuna bo‘laversin. Asarlar, 4-jild. T., "O‘zbekiston", 1996.

2. Ahmedov B. Amir Temur (tarixiy roman). T., "Meros", 1995.

3. Ahmedov B. Amir Temurni yod etib. T., "O‘zbekiston", 1996.

4. Muhammadjonov A. Temur va temuriylar davri. T., "Fan", 1996.

5. Mo‘minov I. Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli. T., "Fan", 1993.

6. Amir Temur jahon tarixida. T., "Sharq", 1996.

7. Murtazaеva R.X., Doroshеnko T.I. i dr. Istoriya Uzbеkistana. Elektronniy uchеbnik dlya vuzov. – Tashkеnt. 2010.

8. Murtazayеva R.X. va boshqalar. O‘zbеkiston tarixi. O‘quv qo‘llanma. –T.: Akadеmiya, 2010.

9. Oblomurodov N., va boshqalar. O‘zbеkiston tarixi. O‘quv qo‘llanma. –T.: Yangi asr avlodi, 2011.



10. Istoriya Uzbеkistana. (XVI-pеrvaya polovina XIX v.). Kollеkt. avt. –T.:Fan, 2012.


1 Бартольд В.В.Улугбек и его время. Соч., I, П, ч.2,60-62 стр.

21 Бердимуродов А. Амир Темурнинг Самарканддаги боглари. ‘Туркистон’, 1992 йил, 17 ноябрь.

Download 167 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling