Kislorodli-mash’alli eritish pechining konstruksiyasi va uni hisoblash
Kislorodli-mash’alli eritish pechi 1968-yilda Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatining mis eritish zavodida ishga tushirildi. Ikkala pech, ya’ni Kanadadagi “Koper Klif” zavodidagi pech bilan konstruksiyasi deyarli bir xildir.
Pechning poydevori butun bo‘lgan temir betondan tayyorlangan. Poydevorning ustiga eni 50mm bo‘lgan cho‘yan plitalari joylashtirilgan. Plitalarga betondan tayyorlangan maxsus qatlam qo‘yilgan.
3.2-rasmda ko‘rsatilganidek, pechning ishchi tagi (leshad) uch qator o‘tga chidamli, olovbardosh g‘ishtdan yasalgan: eng pastki qismining eni 230 mm bo‘lgan shamot, o‘rta qismi 230 mm magnezitoxromit va sirt ishchi qatlami eni 460 mm bo‘lgan megnezitoxromit olovbardosh g‘ishtdan tayyorlangan. Leshadning tepa qismi, yon tomonini terish uchun gorizontal shaklda yasab olinadi. Yon tomoni normal magnezitoxromit g‘ishtidan yasalib, eni 810 mm ni tashkil qiladi, bosh va dum tomonlarining eni esa 920 mm. Pechning ishchi tepa qismi (svod), ya’ni tomining eni 460 mm bo‘lgan magnezitoxromit g‘ishtidan teriladi.
Pechni mustahkamlash uchun eni 15 mm bo‘lgan po‘lat qoplama, 55 tartibli qo‘shtavr va 50 mm li po‘lat sinch orqali maxsus qurilmalar ishlatiladi.
Toshqolni pechdan 2 ta suv bilan sovutiladigan misdan yasalgan nov orqali chiqariladi. Novlar pechning dum devorida bo‘lib, leshaddan 700 mm balandlikda joylashgan.
Shteyn bir-biri bilan bog‘langan ikkita idish tizimida ishlaydigan sifondan chiqariladi. Sifonning yuqori ostonasi quyidagi tenglama orqali topiladi:
H = (h1g2 + h2g2) / g1 (3.25)
Bunda: h1 va h2 – shteyn va toshqol vannalarining o‘rtacha balandliklari, sm; g1 va g2– shteyn va toshqolning zichligi, g/sm3.
KME pechini hisoblash uning eritish zonasi, apteyk (mo‘ri) va asosiy o‘lchamlarini aniqlashdan iborat. Pechning asosiy o‘lchamlariga balandligi, diametri va eritish ishchi hajmi kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |