2. Iste’molchilarning bozordagi xatti-harakati
Iste’molchi – bozor mexanizmining asosiy subyektlaridan biri bo‘lib uning bozordagi iqtisodiy ahamiyati va roli juda muhim hisoblanadi. Aynan iste’molchilarning u yoki bu tovarni sotib olishiga bo‘lgan talabi bozor talabini keltirib chiqaradi, narxlar muvozanatini, real sotuv xajmini belgilab beradi. Bozorga chiqishda iste’molchi o‘z oldiga yagona bir maqsadni ya’ni, maksimal ravishda o‘z ehtiyojlarini qondirish va bu iste’moldan yuqori naflilikka erishishni ko‘zda tutadi. Iste’molchi ishlab chiqaruvchi kabi o‘z tanlovida absolyut erkin emas. U nafaqat o‘z hoxish istagiga, shuningdek daromadiga qarab xaridlarni amalga oshiradi.
Iste’molchilarning xatti-harakatini uch bosqichda ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Birinchi bosqichda iste’moldagi afzallik o‘rganiladi. Bunda iste’molchi bir tovarni boshqasidan ortiq ko‘rishi mezonlarini aniqlash mumkin. Ikkinchi bosqichda iste’molchilar byudjetining chegaralanishiga, ya’ni iste’mol tovarlarini xarid etishda chegarali daromadga duch kelishlari ko‘rib chiqiladi. Iste’molchilar daromadi turli tovarlar narxiga qarab ularga ma’lum chegarali to‘plamdagi tovarlar sotib olish imkonini beradi. Uchinchi bosqichda iste’molchi nimani afzal ko‘rishini byudjetning chegaralanishi bilan birga qo‘shib iste’molchi tanlovi aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |