1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]


Download 0.88 Mb.
bet1/51
Sana04.04.2023
Hajmi0.88 Mb.
#1325206
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   51
Bog'liq
2547 31.12.2013 (2)




[OKOZ:

1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.02.00.00 Fuqarolar (jismoniy shaxslar) / 03.02.08.00 Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish;

2.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.06.00.00 Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish (shuningdek, 03.02.08.00ga qarang);

3.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.06.00.00 FHDY organlari]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]

PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 31-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2547]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-avgustdagi PQ-1602-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 29-son, 329-modda) muvofiq buyuraman:
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hay’atining 2006-yil 22-apreldagi 10-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi (ro‘yxat raqami 1564, 2006-yil 22-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 17-son, 142-modda) va 2009-yil 1-iyuldagi 16/09-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDY) organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 27-son, 322-modda) (ro‘yxat raqami 1564-1, 2009-yil 1-iyul) qarorlari Adliya vazirligi Hay’atining 2013-yil 30-dekabrdagi 25/13-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi (B. Boliyev) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) hamda Notariat, advokatura va FHDY organlari boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari O. Murodov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-dekabr,
400-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2013-yil 31-dekabrdagi 400-mh-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Ushbu Yo‘riqnoma fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida (bundan buyon matnda FHDY organlari deb yuritiladi) ish yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Tuman va shahar FHDY bo‘limlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining (bundan buyon matnda hududiy adliya boshqarmalari deb yuritiladi) FHDY arxivlari (bundan buyon matnda FHDY arxivlari deb yuritiladi) FHDY organlari hisoblanadi.
2. FHDY organlari quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini (bundan buyon matnda dalolatnoma yozuvlari deb yuritiladi) qayd etish;
dalolatnoma yozuvlarini tiklash;
dalolatnoma yozuvlarini o‘zgartirish, tuzatish va to‘ldirish.
FHDY organlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 203-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qayd etiladi.
4. Dalolatnoma yozuvlari fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi, xorijga chiqish pasporti, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki harbiy bileti (bundan buyon matnda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar deb yuritiladi) asosida qayd etiladi.
5. Dalolatnoma yozuvlari “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi (bundan buyon matnda elektron axborot tizimi deb yuritiladi) orqali qayd etiladi.
Dalolatnoma yozuvlari bir nusxada tuziladi va FHDY organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab yetmish besh yil mobaynida saqlanadi.
Dalolatnoma yozuvlari elektron axborot tizimida qayd etilganda, uni qayd qilgan FHDY organi xodimining lavozimi, familiyasi, ismi va otasining ismi hamda ma’lumotlar kiritilgan sana ko‘rsatilishi lozim.
Dalolatnoma yozuvlarining elektron va qog‘oz shakllariga o‘zgartirishlar bir vaqtda kiritiladi.
O‘limni qayd qilish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-son qarori bilan tasdiqlangan O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq amalga oshirilganda, FHDY organi xodimi elektron axborot tizimi orqali o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi avtomatik ravishda qayd etilgan vaqtdan boshlab bir ish kuni davomida o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qog‘oz shaklida chop etadi va belgilangan tartibda saqlanishini ta’minlaydi.
6. Dalolatnoma yozuvlarini qayd etish zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgandan hamda tegishli davlat boji va gerb yig‘imi to‘langandan so‘ng amalga oshiriladi, ariza beruvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat boji va gerb yig‘imi to‘lashdan ozod etilgan hollar bundan mustasno.
Dalolatnoma yozuvlarini qayd etishda ariza beruvchilarning shaxsan ishtiroki talab etiladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
7. FHDY organlari tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 2-bandida ko‘rsatilgan harakatlarni amalga oshirish natijasida tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim haqida gerbli guvohnomalar (dastlabki va takroriy ravishda) beriladi.
FHDY organlarida gerbli guvohnomalarning tugab qolishi dalolatnoma yozuvlarini qayd etmaslikka asos bo‘lmaydi va dalolatnoma yozuvlari belgilangan tartibda qayd etiladi. Bunda dalolatnoma yozuvining gerbli guvohnoma raqami yoziladigan joyi ochiq qoldirilib, “Belgilar uchun” ustunida gerbli guvohnoma berilmaganligi haqida yozib qo‘yiladi hamda dalolatnoma yozuvi qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi. Keyinchalik gerbli guvohnoma to‘ldirilganda, dalolatnoma yozuviga guvohnomaning raqami, seriyasi va uning berilgan sanasi yozib qo‘yiladi.
8. FHDY organlarida hujjatlar mazkur Yo‘riqnomaning 1-1a-ilovalarida ko‘rsatilgan FHDY organlarida yuritilishi lozim bo‘lgan hujjatlar nomenklaturasiga muvofiq yuritiladi.
2-bob. Gerbli guvohnomalarni hisobga olish, saqlash va sarflash
1-§. Gerbli guvohnomalarni kirim qilish va topshirish
9. Gerbli guvohnomalarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasidan (bundan buyon matnda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi) qabul qilish, hisobga olish, saqlash va topshirish (jo‘natish) O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘i bilan Adliya vazirligining (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) Ishlar boshqarmasi mas’ul xodimi zimmasiga yuklatiladi.
“Davlat belgisi” DUKdan qabul qilingan gerbli guvohnomalar Vazirlik mas’ul xodimi tomonidan shu kunning o‘zida mazkur Yo‘riqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi Qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish daftariga kirim qilinadi.
Adliya boshqarmalarida gerbli guvohnomalarni Vazirlikdan qabul qilib olish, hisobga olish, saqlash va topshirish adliya boshqarmalari boshliqlarining buyrug‘i bilan 5 kishidan iborat tarkibda tuzilgan komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiya tarkibiga adliya boshqarmalarining mas’ul xodimlari kiritiladi. Adliya boshqarmasi boshlig‘ining FHDY organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul o‘rinbosari komissiya raisi hisoblanadi.
Adliya boshqarmasining Davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi mas’ul xodimi komissiya kotibi hisoblanadi.
10. Komissiya tomonidan gerbli guvohnomalar ularning o‘ramlari soni va o‘ram yorlig‘ining butunligi tekshirilgan holda qabul qilinadi. Agar o‘ramlar buzilgan bo‘lsa, o‘ram yorlig‘ida ko‘rsatilgan gerbli guvohnomaning soni to‘g‘riligi, shuningdek guvohnomalar soni yukxat bilan to‘g‘ri kelishi tekshirilishi hamda bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuzilishi lozim.
11. Qabul qilingan gerbli guvohnomalar komissiya tomonidan shu kunning o‘zida elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi Vazirlikdan qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish elektron daftariga kirim qilinadi.
Adliya boshqarmasidan qabul qilingan gerbli guvohnomalar FHDY organlarida, FHDY organlaridan qabul qilingan gerbli guvohnomalar shaharcha, qishloq, ovul fuqarolar yig‘inlarida (bundan buyon matnda fuqarolar yig‘ini deb yuritiladi) elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi Adliya boshqarmasidan (FHDY organidan) qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish elektron daftariga kirim qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 4-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari hamda diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari (bundan buyon matnda konsullik muassasalari deb yuritiladi) fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuv blankalari va boshqa hujjatlar bilan Vazirlik, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ta’minlanadi.
12. Adliya boshqarmasida gerbli guvohnomalarni FHDY organlariga (Toshkent shahar adliya boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ham), FHDY organlarida esa fuqarolar yig‘inlariga tarqatish elektron daftarlari yuritiladi.
13. Gerbli guvohnomalar FHDY organlariga adliya boshqarmalari tomonidan, fuqarolar yig‘inlariga FHDY organlari tomonidan kelgusi chorak uchun ehtiyojlarni hisobga olgan holda beriladi.
Bunda, gerbli guvohnomalar FHDY organlari rahbarlariga (fuqarolar yig‘ini raislariga), ular vaqtincha bo‘lmaganda (xizmat safari, mehnat ta’tili, kasallik va h. k.) tegishli buyruq bilan ularning vazifasini bajarish vaqtincha yuklatilgan xodimga topshiriladi hamda mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi Gerbli guvohnomalarni tarqatish elektron daftariga gerbli guvohnomalarni qabul qilgan xodimning lavozimi, familiyasi, ismi va otasining ismi yozib qo‘yiladi.
14. Gerbli guvohnomalarning hisobga olinishi, saqlanishi va sarflanishi bo‘yicha mas’uliyat adliya boshqarmasida boshliqning FHDY organlari faoliyatini muvofiqlashtirishga mas’ul o‘rinbosari, FHDY organlarida FHDY organi rahbarlari va fuqarolar yig‘inlarida fuqarolar yig‘ini raislari zimmasiga yuklatiladi. Ushbu shaxslar uzrli sabablarga ko‘ra vaqtincha ishda bo‘lmaganda (xizmat safari, mehnat ta’tili, kasallik va h.k.), mas’uliyat tegishli buyruq bilan boshqa shaxs zimmasiga yuklatilishi lozim.
15. FHDY organlari tomonidan adliya boshqarmasidan gerbli guvohnomalarni qabul qilib olishda komissiya a’zolari ishtirokida har bir guvohnoma o‘rami alohida ochilgan holda tekshirib ko‘riladi.
Guvohnomalarning yetishmasligi yoki nuqsonlar borligi (himoya kataklarining yo‘qligi yoki buzilganligi, noto‘g‘ri kesilgan va noto‘g‘ri shaklli, o‘ram yorlig‘iga boshqacha tarzda nomuvofiq bo‘lgan guvohnomalar) aniqlangan taqdirda, komissiya tomonidan uch nusxada dalolatnoma tuziladi va shu kunning o‘zida Vazirlikka bu haqda xabar yuboriladi.
Dalolatnomaning birinchi nusxasi o‘ram yorlig‘ining kseronusxasi bilan adliya boshqarmasida qoldiriladi. Dalolatnomaning ikkinchi va uchinchi nusxalari nuqsonli guvohnomalar chiqqan o‘ram yorlig‘i, nuqsoni bor guvohnomalar ilova qilingan xat bilan uch kun ichida Vazirlikka jo‘natiladi. Bunda dalolatnomaning ikkinchi nusxasi Vazirlikning Ishlar boshqarmasida qoldiriladi, uchinchi nusxasi o‘ram yorlig‘i va nuqsoni bor guvohnomalar bilan “Davlat belgisi” DUKga yuboriladi.
16. FHDY organida gerbli guvohnomalarning hisobga olinishi, sarflanishi va saqlanishi uchun mas’ul shaxs o‘zgargan hollarda gerbli guvohnomalarni va ularning hisobot hujjatlarini topshirish-qabul qilish adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari ishtirokida amalga oshiriladi va bu haqda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnoma tuzilgan paytdan boshlab gerbli guvohnomalarni hisobga olish, saqlash va sarflash mas’uliyati yangi mas’ul xodim zimmasiga yuklatiladi. Dalolatnomaning bir nusxasi FHDY organida, ikkinchi nusxasi adliya boshqarmasida saqlanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi almashgan hollarda, gerbli guvohnomalarni va ularning hisobot hujjatlarini qabul qilish-topshirish mazkur fuqarolar yig‘ini joylashgan hududdagi FHDY organi rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi xodim ishtirokida amalga oshiriladi va bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning bir nusxasi fuqarolar yig‘inida, ikkinchi nusxasi FHDY organida, uchinchi nusxasi esa adliya boshqarmasida saqlanadi.
17. Gerbli guvohnomalar adliya boshqarmasida maxsus jihozlangan, shu jumladan po‘lat eshik o‘rnatilgan va begona shaxslar kirishi taqiqlangan alohida xonalarda, FHDY organlari va fuqarolar yig‘inlarida esa, po‘lat seyflarda saqlanishi zarur.
Gerbli guvohnomalar bilan ishlash huquqiga ularning hisobga olinishi, saqlanishi va sarflanishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar, shuningdek ularning hozirligida adliya boshqarmasi va Vazirlikning mas’ul xodimlari egadirlar.
Gerbli guvohnomalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq harakatlar amalga oshirilayotgan vaqtdan tashqari, ular saqlanadigan xona va po‘lat seyflar muhrlangan bo‘lishi lozim.
18. Gerbli guvohnomalar, dalolatnoma yozuvlari va FHDY organlarida yuritiladigan boshqa hujjatlarning, shuningdek muhrlar va shtamplarning yo‘qolganligi yoki noqonuniy sarflanganligi (foydalanilganligi) aniqlanganda, FHDY organi tomonidan bu haqda darhol adliya boshqarmasiga xabar beriladi.
Bunda, adliya boshqarmasi tomonidan bunday xabar kelib tushgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida Vazirlikka hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilishi va besh kun muddat ichida xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi lozim.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar to‘g‘risidagi xabar Vazirlikka kelib tushgan kundan boshlab besh kun muddat ichida ushbu holatlar haqida barcha FHDY organlari va notarial idoralarga, shuningdek zarur hollarda, boshqa tashkilotlarga xabar beriladi.
19. Xizmat tekshiruvi xulosasi uch nusxada tuzilib, bir nusxasi adliya boshqarmasida, ikkinchi nusxasi tegishli FHDY organida saqlanadi, uchinchi nusxasi esa, Vazirlikka taqdim etiladi.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazish davomida gerbli guvohnomalar, dalolatnoma yozuvlari va FHDY organlarida yuritiladigan boshqa hujjatlarning, shuningdek muhrlar va shtamplarning yo‘qolganligi yoki noqonuniy sarflanganligi (foydalanilganligi) holatlariga imkon bergan shart-sharoitlarga aniqlik kiritiladi.
Bunda, mas’ul xodimlarning o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarganligi, qat’iy hisobda yuritiladigan hujjatlarni saqlash qoidalariga rioya etganligi, shuningdek sodir bo‘lgan holatlarga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlar aniqlashtirilishi zarur.
20. FHDY organlari va fuqarolar yig‘inlarida sarflangan gerbli guvohnomalarning hisobini olib borish uchun mazkur Yo‘riqnomaning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi Gerbli guvohnomalarni sarflash elektron daftari yuritiladi.
21. O‘tgan yildan ortib qolgan gerbli guvohnomalar Gerbli guvohnomalarni sarflash elektron daftarida joriy yilning birinchi ish kunidan “1” tartib raqamidan boshlab qayd etiladi.
22. Takroriy beriladigan gerbli guvohnomalar mazkur Yo‘riqnomaning 7-ilovasiga muvofiq shakldagi Takroriy guvohnomalarni sarflash elektron daftariga qayd etiladi.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish, familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish, shuningdek dalolatnoma yozuvini tiklash munosabati bilan beriladigan gerbli guvohnomalar ham Takroriy guvohnomalarni sarflash elektron daftariga qayd etiladi.
FHDY arxivlarida ham xuddi shu tartibda Takroriy guvohnomalarni sarflash elektron daftarlari yuritiladi.
Takroriy beriladigan gerbli guvohnomalarning yil oxiridagi qoldig‘i mazkur Yo‘riqnomaning 21-bandida belgilangan tartibda sarflanadi.
23. Gerbli guvohnomadagi ma’lumotlar elektron axborot tizimi orqali shakllantirilib, gerbli guvohnoma blankasiga chop etilgandan keyin undagi yozuvlarni bo‘yash, o‘chirish, tuzatish kiritish hamda ushbu holatlarga izoh berib muhr bilan tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Chop etish vaqtida buzilgan gerbli guvohnomalar bo‘yicha (fuqarolar yig‘ini tomonidan topshirilgan guvohnomalar bo‘yicha ham) ikki nusxada dalolatnoma tuzilib, har chorakda tegishli Adliya boshqarmasiga (fuqarolar yig‘ini tomonidan FHDY organiga) topshiriladi.
Adliya boshqarmasida buzilgan gerbli guvohnomalar seriyasi, tartib raqamlari qirqib olinib, dalolatnomaning birinchi nusxasiga yelimlab qo‘yiladi. Guvohnomalarning qolgan qismlari komissiya ishtirokida yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Bunda, dalolatnomaning birinchi nusxasi Adliya boshqarmasida, ikkinchi nusxasi esa FHDY organida saqlanadi.
24. FHDY organlarining dalolatnoma yozuvlari va gerbli guvohnomalar bo‘yicha hisobotlari Vazirlik va adliya boshqarmalari tomonidan elektron axborot tizimi orqali olinadi.
2-§. Xat, xabarnoma va arizalarni ro‘yxatga olish
25. FHDY organiga kelgan barcha xat, xabarnoma va arizalar shu kunning o‘zida mazkur Yo‘riqnomaning 8-ilovasiga muvofiq shakldagi Xat, xabarnoma va arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinishi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda ijro etilishi lozim. Kirim qilingan barcha hujjatlarning birinchi varag‘i pastki o‘ng burchagiga kirim qilingan sana va kirim raqami yozib qo‘yiladi.
Ijro etilgan xatdagi chiqish raqami kirim raqami bilan bir xil bo‘ladi.
26. Tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim haqidagi takroriy guvohnoma berishni so‘rab murojaat qilingan arizalar ushbu Yo‘riqnomaning 9-ilovaga muvofiq shakldagi Ro‘yxatga olish elektron daftarida qayd qilinadi va alohida yig‘majildlarga tikib boriladi.
27. FHDY organining o‘z tashabbusiga ko‘ra jo‘natilayotgan xat, xabarnoma va arizalar mazkur Yo‘riqnomaning 10-ilovasiga muvofiq FHDY organidan jo‘natilayotgan xatlarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
28. FHDY organlari boshqa FHDY organlarining xabarnomalari kelib tushgan kunning o‘zida dalolatnoma yozuvlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi shart.
III bob. Tug‘ilishni qayd etish
1-§. Umumiy qoidalar
29. Tug‘ilishni qayd etish FHDY organlarida bola tug‘ilgan kundan boshlab bir oy ichida amalga oshirilishi lozim.
Tug‘ilishni qayd etish uchun tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma (tug‘ilganlikni kompleks davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno), ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda bo‘lmagan onaning arizasi taqdim etiladi.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilmagan hollarda FHDY organi tomonidan ariza beruvchiga dalolatnoma yozuvini qayd etish rad qilinganligi haqida asoslantirilgan ma’lumotnoma beriladi.
Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmaganda ota yoki ona haqida ma’lumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar asosida to‘ldiriladi.
30. Tug‘ilishni qayd etish uchun bola tug‘ilgan vaqtdan boshlab bir oy o‘tib, biroq bola o‘n olti yoshga to‘lgunga qadar murojaat etilgan hollarda tug‘ilishni qayd etish rad qilinmaydi va umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
O‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishini qayd etish uchun FHDY organiga tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborganlik sabablari ko‘rsatilgan ariza bolaning ota-onasi, ota-onaning qonuniy nikohi mavjud bo‘lgan hollarda ulardan biri yoki ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etiladi.
31. Tug‘ruqxonadan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
32. 16 yoshdan oshgan, tibbiyot muassasasidan tashqarida va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan, shuningdek tibbiyot muassasasi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Agar bola 16 va undan katta yoshda bo‘lsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa, uning tug‘ilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga ko‘ra qayd etiladi.
33. Tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda, nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onaning FHDY organiga birgalikda bergan arizasi asosida amalga oshiriladi.
34. Agar bolaning onasi boshqa shaxs bilan qonuniy nikohda turgan bo‘lsa, otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizaga nikohda turgan erning u bilan qonuniy nikohda bo‘lgan onadan tug‘ilgan bolaga nisbatan otalikni belgilashga yoki bolaning tug‘ilishini yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilishiga notarial tasdiqlangan roziligi ilova qilinishi yoki u FHDY organiga kelib bunga yozma ravishda o‘z roziligini bildirishi lozim. Bunday rozilik FHDY organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Masalan, fuqaro B. Turdimatovning rozilik arizasida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim:
“Men bilan qonuniy nikohda turgan fuqaro Ch. Uzoqovadan 2022-yil 25-dekabrda tug‘ilgan o‘g‘il farzandning biologik otasi emasman, bolaga nisbatan kelgusida ota-onalik huquqini da’vo qilmayman, bolaning tug‘ilishini yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilishiga yoki bolaga nisbatan uning haqiqiy otasi tomonidan otalik belgilanishiga qarshi emasman”.
Oila kodeksining 60-moddasi 3-qismiga muvofiq agar nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tug‘ilsa va bu davrda bolaning onasi yangi nikohga kirgan bo‘lsa, bola yangi nikohda tug‘ilgan hisoblanadi. Bunday hollarda bolaning tug‘ilishini qayd etishda sobiq erdan rozilik olinishi talab etilmaydi.
35. Tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi to‘ldirilgach, uning qog‘ozga chop etilgan nusxasi ariza beruvchi tomonidan o‘qib chiqilib imzolanadi va unga shu vaqtning o‘zida tug‘ilganlik haqida guvohnoma beriladi.
Ariza beruvchining talabiga asosan unga mazkur Yo‘riqnomaning 11-ilovasiga muvofiq shakldagi Tug‘ilganlik haqida ma’lumotnoma berilishi mumkin.
36. Chet elda tug‘ilgan (xorijiy davlatning vakolatli organida tug‘ilishi qayd qilingan) bolaning ma’lumotlari legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan tug‘ilganlikni tasdiqlovchi hujjatlari asosida (guvohnoma, sertifikat va boshqa hujjatlar) elektron axborot tizimiga kiritiladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
37. Tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma yoki bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganlik faktini belgilash haqidagi sudning hal qiluv qarori tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining orqa tomoniga tikiladi va u bilan birga saqlanadi, tug‘ilganlikni kompleks davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno.
2-§. Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etish
38. Yolg‘iz onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishini qayd etishda yolg‘iz (qonuniy nikohda bo‘lmagan) ona tomonidan FHDY organiga onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat va mazkur Yo‘riqnomaning 12-ilovasiga muvofiq shakldagi yozma ariza taqdim etiladi.
Agar tug‘ilgan bolaning onasi voyaga yetmagan bo‘lsa, tug‘ilishni qayd etish bolaning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma hamda vasiylik va homiylik organining arizasiga asosan onaning yashash joyidagi FHDY organi tomonidan qayd etiladi. Bunda bolani tuqqan onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan birga yashash va o‘qish joyidan rasmi yelimlangan holdagi ma’lumotnomalar taqdim etilishi lozim.
39. Yolg‘iz onaning arizasida ona va otaning familiyasi bir xilda — onaning familiyasi bo‘yicha ko‘rsatilishi lozim.
Bolaning familiyasi esa onaning familiyasi yoki milliy an’analarga ko‘ra ona tomonidan boboning ismi bo‘yicha berilishi mumkin.
40. Tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvini qayd etishda yolg‘iz ona shaxsan ishtirok etolmagan taqdirda onaning arizadagi imzosi tibbiyot muassasasi yoki jazoni ijro etish muassasasi mansabdor shaxsining imzosi va ushbu muassasaning gerbli muhri bilan yoxud notarial tartibda tasdiqlangan bo‘lishi shart.
41. Yolg‘iz onalarning arizalari mazkur Yo‘riqnomaning 13-ilovasiga muvofiq shakldagi Yolg‘iz onalarning arizalarini ro‘yxatga olish elektron daftariga qayd etilib, arizaning pastki o‘ng burchagiga kirim qilingan sana va kirim raqami yozib qo‘yiladi hamda ketma-ketligi bo‘yicha tikib boriladi.
Arizaning yuqori o‘ng burchagiga dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi, berilgan gerbli guvohnoma seriyasi va raqami yozib qo‘yiladi.
42. Yolg‘iz onaga farzandining tug‘ilganligi haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilganligi to‘g‘risida mazkur Yo‘riqnomaning 14-ilovasiga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma beriladi.
3-§. Tug‘ilishni qayd etishning alohida hollari
43. Tug‘ilishni qayd etish uchun bir oylik muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda, FHDY organiga tug‘ilishni qayd etish muddatini o‘tkazib yuborganlik sabablari ko‘rsatilgan mazkur Yo‘riqnomaning 15-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza, shuningdek quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
bola (shaxs)ning tug‘ilganligi haqida tibbiy ma’lumotnoma;
bola (shaxs)ning sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma.
Bunda, FHDY organlari ushbu bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgan yoki qayd etilmaganligini elektron axborot tizimi orqali aniqlaydi.
44. Chet elda tug‘ilgan, lekin tug‘ilishi o‘sha davlatlarda belgilangan tartibda qayd etilmagan bolaning tug‘ilishini qayd etishda mazkur Yo‘riqnomaning 43-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talab etiladi.
45. Tashlab ketilgan bolani topib olgan shaxs bu haqda bola topib olingan vaqtdan boshlab yigirma to‘rt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi shart.
Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi ma’muriyati bola topib olingan vaqtdan boshlab yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDY organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish haqida murojaat etishlari lozim.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa ma’muriyati yoki tibbiyot muassasasining mazkur Yo‘riqnomaning 16-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasiga binoan amalga oshiriladi.
Bunda, topib olingan (tashlab ketilgan) bola tug‘ilganligini qayd etish haqidagi arizada bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va bo‘yi haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilishi zarur.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi ma’muriyatining ko‘rsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida ko‘rsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish bola joylashgan tibbiyot muassasasi yoxud bola joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organi arizasiga muvofiq, bolaning onasi tomonidan tashlab ketilgan vaqtdan boshlab yetti kun ichida amalga oshiriladi.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning tug‘ilganligini qayd etish uchun arizada bolaning tashlab ketilgan vaqti, joyi va tashlab ketilgan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va bo‘yi haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatilishi zarur.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning familiyasi, ismi, ota ismi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek ota-ona to‘g‘risidagi ma’lumotlar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga yuqorida ko‘rsatilgan organlarning ko‘rsatmasiga binoan kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida ko‘rsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” qatoriga “Bola topib olingan” yoki “Tashlab ketilgan” deb yoziladi va ota-onasi haqidagi ma’lumotlar kimning ko‘rsatmasiga asosan yozilganligi ko‘rsatiladi.
4-§. Otalikni belgilash
46. O‘zaro qonuniy nikohda bo‘lmagan ota-onaning mazkur Yo‘riqnomaning 17-ilovasiga muvofiq shakldagi Otalikni belgilash haqidagi arizasi uni qabul qilgan FHDY organi xodimi tomonidan imzolanib, tartib raqami va sana qo‘yiladi hamda ushbu Yo‘riqnomaning 18-ilovasiga muvofiq shakldagi Otalikni belgilash haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
47. Otalikni belgilash haqidagi ariza FHDY organiga bola tug‘ilgungacha, bolaning tug‘ilishini qayd etish bilan bir vaqtda yoki bolaning tug‘ilishi qayd etilgandan so‘ng berilishi mumkin. Ariza FHDY organining mas’ul xodimi tomonidan undagi ma’lumotlarni ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan solishtirib qabul qilinadi.
48. Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda, uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi mas’ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDY organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
Otalikni ishonchnoma orqali belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
49. Sudning otalikni belgilash haqidagi hal qiluv qaroriga asosan bolaning tug‘ilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish mazkur hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda ariza beruvchi tomonidan sudning hal qiluv qarori va bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi taqdim qilinishi zarur.
50. Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi yolg‘iz onaning arizasiga asosan qayd etilgandan keyin bolaning ota-onasi qonuniy nikohdan o‘tib, ona erining familiyasiga o‘tgan bo‘lsa va ular otalikni belgilash haqida birgalikdagi ariza bilan murojaat etsa, dalolatnoma yozuvining ona ustunidagi onaning familiyasi haqidagi yozuvga o‘zgartirish kiritiladi. Bu haqda onadan qo‘shimcha ariza olish talab etilmaydi.
51. Otalik belgilangandan keyin ariza beruvchi(lar)ga mazkur Yo‘riqnomaning 19-ilovasiga muvofiq shakldagi Otalik belgilanganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
52. Tug‘ilishni qayd etish bilan bir vaqtda rasmiylashtirilmagan hollarda, otalikni belgilash bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish qoidalarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.
Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish haqida elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 20-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi.
Dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirish kiritib, elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi.
Bunda, otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi dastlabki dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritilganligi to‘g‘risida tasdiqnoma olgan vaqtdan boshlab bir soat ichida axborot tizimida dalolatnoma yozuviga gerbli guvohnomaning seriyasi va raqamini kiritib, ariza beruvchiga gerbli guvohnomani chop etib beradi.
Otalikni belgilash 16 yoshga to‘lgan shaxsga nisbatan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvidagi ota haqidagi ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 28-bobida belgilangan familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish kiritish tartibida amalga oshiriladi.
Otalikni belgilash 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvidagi ota haqidagi ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 29-bobida belgilangan dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish tartibida amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar kiritilganda, FHDY organi tomonidan bu haqda ikki ish kuni ichida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining FHDY arxivlarida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga mazkur Yo‘riqnomaning 20-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboriladi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
5-§. Farzandlikka olish
53. Sudning farzandlikka olish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n kun ichida FHDY organi farzandlikka olingan bolaning tug‘ilishi qayd etilgan dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirishlar kiritishi lozim.
54. Farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun FHDY organiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroridan ko‘chirma, farzandlikka olinuvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, shuningdek farzandlikka oluvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi. Farzandlikka oluvchilar ikki yoki undan ko‘p bolani bir vaqtda farzandlikka olgan hollarda har bir bola uchun alohida sudning hal qiluv qarori taqdim etilishi, agar ushbu masalada sud tomonidan bitta hal qiluv qarori qabul qilingan bo‘lsa, mazkur hal qiluv qarorining nusxalari farzandlikka olinayotgan bolalarning soniga mutanosib miqdorda taqdim etilishi hamda har bir qarorga alohida kirim va ijro haqida belgi qo‘yilishi lozim.
Bunda, farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun farzandlikka oluvchilardan biri yoki ularning qonuniy vakili FHDY organiga murojaat qilishi mumkin.
55. Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish haqida elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 21-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboradi.
Dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi xabarnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirish kiritib, elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi.
Bunda, farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi dastlabki dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritilganligi to‘g‘risida tasdiqnoma olgan vaqtdan boshlab bir soat ichida axborot tizimida dalolatnoma yozuviga gerbli guvohnomaning seriyasi va raqamini kiritib, murojaat qilgan shaxsga gerbli guvohnomani chop etib beradi.
56. O‘n yoshdan oshmagan bolaning tug‘ilgan joyi sudning hal qiluv qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida o‘zgartirilgan bo‘lsa yoki tug‘ilgan sanasi sudning hal qiluv qarori asosida bir yildan ortiq bo‘lmagan farq bilan o‘zgartirilsa va ushbu sana bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd qilingan sanadan keyin qilib belgilansa, u holda farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi tomonidan tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
Bunda, farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga mazkur Yo‘riqnomaning 22-ilovasiga muvofiq shakldagi Farzandlikka olinganlik munosabati bilan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali yuborish haqida so‘rovnoma yuboradi.
Dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi so‘rovnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuvini so‘rov yuborgan FHDY organiga elektron axborot tizimi orqali yuboradi.
Farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi dastlabki dalolatnoma yozuvini qabul qilib olgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dastlabki dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga, shuningdek FHDY arxiviga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) dastlabki dalolatnoma yozuvini bekor qilish haqida elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 23-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi.
57. Sudning hal qiluv qarorlari nusxalari ular taqdim etilgan kunning o‘zida ushbu Yo‘riqnomaning 24-ilovasiga muvofiq shakldagi Farzandlikka olish bo‘yicha sudning hal qiluv qarorlarini ro‘yxatga olish elektron daftariga ro‘yxatga olinadi hamda taqdim etilgan qaror nusxasining pastki o‘ng burchagiga ro‘yxatga olingan raqami va sanasi yozib qo‘yiladi.
58. Farzandlikka olingan bolaning tug‘ilganlik haqidagi dastlabki guvohnomasiga qiya chiziq tortilib, farzandlikka olinganligi sababli, bekor qilinganligi haqida yozib qo‘yiladi.
59. Sudning hal qiluv qarori nusxasining yuqori o‘ng burchagiga tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvining hamda berilgan gerbli guvohnomaning seriyasi, raqami va sanasi yozib qo‘yiladi.
60. Ijrosi ta’minlangan hal qiluv qarori nusxasi bolaning tug‘ilganlik haqidagi dastlabki guvohnomasi bilan birgalikda farzandlikka olish bo‘yicha alohida yig‘majildga tartib bilan tikiladi.
61. Bola yolg‘iz ona (ota) tomonidan farzandlikka olingan hollarda, agar sudning hal qiluv qarorida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining ota (ona) ustunini to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatma berilmagan bo‘lsa, ota (ona) haqida ma’lumotlar yolg‘iz ona (ota)ning qo‘shimcha arizasi asosida to‘ldiriladi. Ushbu qo‘shimcha ariza ham farzandlikka olish bo‘yicha yig‘majildga tikiladi.
62. Sudning hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan ma’lumotlarda nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda, farzandlikka olishni rasmiylashtirish mazkur nomuvofiqliklar bartaraf etilganidan keyin amalga oshiriladi.
63. Farzandlikka olish rasmiylashtirilgandan so‘ng farzandlikka oluvchi(lar)ga FHDY organi tomonidan farzandlikka olinuvchining tug‘ilganlik haqidagi yangi guvohnomasi va zarur bo‘lganda ushbu Yo‘riqnomaning 25-ilovasiga muvofiq shakldagi Farzandlikka olinganlik haqida ma’lumotnoma beriladi.
64. Farzandlikka olish tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organi tomonidan rasmiylashtirilganda ushbu FHDY organi ikki ish kuni ichida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish uchun elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 21-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
IV bob. Nikoh tuzilganligini qayd etish
65. Nikoh tuzilganligini qayd etish uchun nikohlanuvchi shaxslar tomonidan FHDY organiga ushbu Yo‘riqnomaning 26-ilovasiga muvofiq shaklda Nikoh tuzilganligini qayd etish haqida ariza beriladi.
Ariza FHDY organiga bevosita yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (bundan buyon matnda YIDXP deb yuritiladi) orqali berilishi mumkin.
Ariza YIDXP orqali berilganda, FHDY organi xodimi ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida arizani ko‘rib chiqadi va natijasi bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma shakllantirib beradi.
Bunda, Oila kodeksining 16-moddasida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganda, arizani qabul qilish rad etiladi.
Nikoh tuzilganligini qayd etish uchun berilgan arizalar mazkur Yo‘riqnomaning 27-ilovasiga muvofiq shakldagi Nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
66. Nikohlanuvchi shaxslarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun berilgan yo‘llanmalarning raqami arizaning kirim raqamiga “/” belgisi orqali tartib bilan qo‘shib boriladi.
67. Nikohni qayd etish haqidagi ariza FHDY organi xodimi ishtirokida imzolanishi hamda u tomonidan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ariza beruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan tekshirib qabul qilinishi lozim.
Bunda, ariza beruvchilarning nikohda turmasligi elektron axborot tizimi orqali tekshirib olinadi.
68. Arizaning old tomoni topshirish vaqtida to‘ldirilib, o‘sha kundagi sana qo‘yiladi. Arizaning orqa tomoni nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar taqdim etilgan vaqtda to‘ldiriladi va shu kundagi sana qo‘yiladi.
Tibbiy ko‘rik natijasi bo‘yicha nikohlanuvchi shaxslarda yoki ularning birida ruhiy holatining buzilganligi aniqlansa, FHDY organi ruhiy holatining buzilishi aniqlangan nikohlanuvchi shaxsning yashash joyidagi tuman, shahar tibbiyot birlashmasidan uning ruhiy holati buzilishi sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganligi haqida ma’lumot mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashi lozim.
69. Ichki ishlar organi tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjat o‘rniga vaqtincha berilgan ma’lumotnomalar bilan nikoh tuzilganligini qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
70. Nikoh tuzilganligini qayd etish nikohlanuvchilarning FHDY organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
Uzrli sabablar bo‘lganda FHDY organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Bunda, FHDY organiga uzrli sabablarni tasdiqlovchi hujjatlar (bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi haqidagi ma’lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi hujjatlar va shu kabi boshqa hujjatlar) taqdim etiladi.
71. Alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) nikoh tuzilganligi ariza berilgan kuni qayd etilishi mumkin. Bunday holda nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizaning yuqori chap burchagiga asoslantirilgan yozuv kiritiladi va FHDY organi rahbarining imzosi bilan tasdiqlanadi.
72. Nikoh tuzilganligi qayd etilgunga qadar nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizalar alohida yig‘majildlarda saqlanadi.
73. Nikohni rasmiylashtirish ariza berilgan FHDY organidan boshqa FHDY organida amalga oshirilishi mumkin.
Bunda, FHDY organi nikohlanuvchi shaxslarning xohishiga asosan boshqa FHDY organiga berilgan arizani jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (bundan buyon matnda JShShIR deb yuritiladi) orqali elektron axborot tizimidan oladi va belgilangan tartibda nikohni rasmiylashtiradi.
Bunda, arizani qabul qilgan FHDY organi nikoh qayd qilinganligi haqida arizaga tegishli belgi kiritib qo‘yadi.
74. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet el fuqarolari bilan nikoh tuzilganligini qayd etishda arizaga chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi va uning tarjimasi hamda chet el fuqarosining oilaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan holda ilova qilinadi.
75. Belgilangan muddatda yo‘qlanmagan arizalar alohida yig‘majildga tikib boriladi.
Nikoh tuzilganligini qayd etish tayinlangan kundan boshlab, uch oy ichida yo‘qlangan arizalar bo‘yicha nikoh tuzilganligi qayd etiladi. Bunday holda nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizaning orqa tarafidagi bo‘sh joyga nikohlanuvchi shaxslar tomonidan belgilangan muddatda kelmaganlik sabablari, nikoh tuzilganligini qayd ettirish istagi va shu kunning sanasi yozilib, imzo qo‘yiladi.
76. Nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab to‘rt oy ichida yo‘qlanmagan arizalar bo‘yicha ushbu Yo‘riqnomaning 28-ilovasiga muvofiq shakldagi Muddatida yo‘qlanmagan nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi arizalarni yo‘q qilish bo‘yicha dalolatnoma tuziladi hamda ushbu arizalar yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Mazkur dalolatnomalar alohida yig‘majildga tikib boriladi.
77. Nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi ariza berilgan kundan boshlab to‘rt oylik muddat o‘tgandan keyin nikoh tuzish istagini bildirgan shaxslar nikoh tuzilganligini qayd etish haqidagi ariza bilan umumiy asoslarda qayta murojaat etishlari lozim.
78. Nikohlari qayd etilgan shaxslarning arizalari ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar va taqdim qilingan hujjatlardan nusxalar bilan birgalikda oylik, choraklik yoki yillik yig‘majildlarga tikib boriladi.
79. FHDY organi tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ularni keyinchalik rasmiylashtirish uchun olib qolishga yo‘l qo‘yilmaydi.
80. Sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida FHDY organi nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga bu haqda belgi qo‘yadi, shuningdek ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida elektron axborot tizimi orqali ushbu Yo‘riqnomaning 29-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada yuritilgan holatlar bundan mustasno.
81. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarning vakolatli organlarida qayd qilingan nikoh haqidagi ma’lumotlari legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan nikoh qayd qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlari asosida (guvohnoma, sertifikat va boshqa hujjatlar) elektron axborot tizimiga kiritiladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
V bob. Nikohdan ajralishni qayd etish
82. FHDY organlarida nikohdan ajralishni qayd etish bo‘yicha ikkita Ro‘yxatga olish elektron daftari yuritiladi.
Er-xotinlarning o‘zaro roziligi asosida, er (xotin) uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganligi haqidagi qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari asosida er (xotin) tomonidan berilgan arizalar mazkur Yo‘riqnomaning 30-ilovasiga muvofiq shakldagi Nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
Sudlarning 1998-yil 1-sentabrgacha va 2010-yil 15-sentabrdan keyin qabul qilingan nikohdan ajratish haqidagi hal qiluv qarorlari asosida nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizalar ushbu Yo‘riqnomaning 31-ilovasiga muvofiq shakldagi Sudning nikohdan ajratish haqidagi hal qiluv qarori asosida nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
83. 1998-yil 1-sentabrdan 2010-yil 15-sentabrgacha bo‘lgan davrda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari bo‘yicha nikohdan ajratishni qayd etish bo‘yicha murojaat kelib tushganda, ushbu harakat yo‘qolgan dalolatnoma yozuvlarini tiklash tartibi va qoidalariga binoan amalga oshiriladi.
84. Nikohdan ajralganlik haqidagi dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd etishda ishtirok etmagan er (xotin) tomonidan FHDY organiga ushbu Yo‘riqnomaning 32-ilovasiga muvofiq shakldagi Dastlabki dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish haqidagi ariza beriladi.
Ushbu ariza mazkur Yo‘riqnomaning 33-ilovasiga muvofiq shakldagi Dastlabki dalolatnoma yozuvlariga qo‘shimchalar kiritish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
Masalan, er (xotin) jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotganligi yoki xizmat safarida bo‘lishi sababli, shuningdek boshqa sabablarga ko‘ra, nikohdan ajralishni qayd etish tayinlangan kunda dalolatnoma yozuvini qayd etishda ishtirok etmagan bo‘lsa, keyinchalik qaytib kelgan er (xotin) tomonidan berilgan arizalar mazkur elektron daftarda qayd etiladi.
Nikohdan ajralganlik haqidagi dastlabki dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, er yoki xotinning arizasi va sud qarorini qabul qilgan FHDY organi tegishli ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga to‘ldirish kiritish uchun elektron axborot tizimi orqali ushbu Yo‘riqnomaning 34-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi.
Bunda, dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi xabarnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuviga zarur to‘ldirish kiritib, dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi hamda dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga ham shunday yozuvlar kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 34-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
85. Nikohdan ajralishni rasmiylashtirish bo‘yicha hujjatlar uchun uchta yig‘majild yuritiladi.
Birinchi yig‘majildga umumiy asoslarda berilgan nikohdan ajralishni qayd etish bo‘yicha arizalar va ularga ilova qilingan hujjatlar dastlabki dalolatnoma yozuvlariga muvofiq tartib bilan tikiladi.
Ikkinchi yig‘majildga nikohdan ajralganlik haqidagi dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd etishda ishtirok etmagan er (xotin) tomonidan ushbu dalolatnoma yozuviga qo‘shimchalar kiritish haqidagi arizalar tikiladi.
Uchinchi yig‘majildga muddatida yo‘qlanmagan arizalar tikib boriladi.
86. Voyaga yetmagan farzandlari hamda mulkiy nizolari bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi asosida mazkur Yo‘riqnomaning 35-ilovasiga muvofiq shakldagi nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizasi ushbu ariza kelib tushgan kuni Nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi va arizaning yuqori o‘ng burchagiga FHDY organi xodimining imzosi qo‘yilib, nikohdan ajralishni qayd etish tayinlangan sana yoziladi.
87. Er yoki xotin nikohdan ajralishni qayd etish tayinlangan (uch oylik muddat tugagan) kunda biror-bir sababga ko‘ra FHDY organiga kela olmaydigan alohida hollarda, arizaning orqa tarafiga sababini ko‘rsatib, nikohdan ajralishni uning ishtirokisiz qayd etish haqida yozib qoldiradi. Bunda, nikohdan ajralishni er (xotin) ishtirokisiz qayd etish haqidagi yozuvga xotinning (erning) roziligi haqidagi imzosi bo‘lishi zarur.
Bu holda nikohdan ajralishni qayd etish vaqtida nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida yozuvni qayd etishda ishtirok etmagan tomon haqida yozib qo‘yiladi.
Dastlabki dalolatnoma yozuvini to‘ldirishda ishtirok etmagan tomon mazkur Yo‘riqnomaning 84-bandida nazarda tutilgan tartibda ariza bilan murojaat qilgan taqdirda, dalolatnoma yozuvining unga tegishli qismi to‘ldirilib, imzo qo‘ydiriladi va unga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma rasmiylashtirib beriladi.
Dalolatnoma yozuvining to‘ldirilmagan qismiga yozuvlar kiritgan FHDY organi ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga ham shunday yozuvlar kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 34-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
88. Nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizaning yuqori o‘ng burchagiga dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi yozib qo‘yiladi.
89. Nikohdan ajralishni qayd etish tayinlangan kundan boshlab, uch oy ichida yo‘qlangan arizalar bo‘yicha nikohdan ajralish qayd etilishi mumkin. Bunda nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizaning orqa tarafiga ariza beruvchi(lar) tomonidan belgilangan muddatda kelmaganlik sababi, nikohdan ajralishni qayd ettirish istagi va shu kundagi sana yozilib, ular tomonidan imzolanadi.
90. Nikohdan ajralishni qayd etish tayinlangan kundan boshlab, uch oy ichida yo‘qlanmagan arizalar bo‘yicha mazkur Yo‘riqnomaning 36-ilovasiga muvofiq shakldagi Muddatida yo‘qlanmagan nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi arizalarni yo‘q qilish bo‘yicha dalolatnoma tuziladi hamda mazkur arizalar yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Ushbu dalolatnomalar Muddatida yo‘qlanmagan arizalarni yo‘q qilish dalolatnomalari yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.
91. Ariza berilgan kundan boshlab, olti oylik muddatdan keyin nikohdan ajralishni qayd etish istagini bildirgan shaxslar nikohdan ajralishni qayd etish haqida ariza bilan umumiy asoslarda qayta murojaat etishlari lozim.
92. Nikohdan ajralishni sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida qayd etish er yoki xotinning yoxud er yoki xotindan birining ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilining ushbu Yo‘riqnomaning 37-ilovasiga muvofiq shakldagi Nikohdan ajralishni qayd etish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiriladi. Bunda arizaga sudning hal qiluv qarori ilova qilinadi.
Sudning hal qiluv qarorida nikohgacha bo‘lgan familiyani qaytarish masalasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ariza beruvchining nikohgacha bo‘lgan familiyani qaytarish to‘g‘risidagi istagi nikohdan ajralish haqidagi arizada ko‘rsatilishi lozim.
93. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki bedarak yo‘qolgan deb topilgan er (xotin) bilan nikohdan ajralishni qayd etish uchun xotin (er) FHDY organiga mazkur Yo‘riqnomaning 38-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda, arizada muomalaga layoqatsiz er (xotin) vasiysining manzili, shuningdek nikohdan ajratishda tanlanadigan familiya ko‘rsatilishi hamda sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorining nusxasi ilova qilinishi lozim.
FHDY organi er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini nikohdan ajralishni qayd etish haqidagi ariza berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.
94. Sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan er (xotin) bilan nikohdan ajralishni qayd etish uchun xotin (er) FHDY organiga mazkur Yo‘riqnomaning 39-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda, arizada mahkum(a)ning jazoni o‘tayotgan joyi, shuningdek nikohdan ajratishda tanlanadigan familiya ko‘rsatilishi hamda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan ko‘chirma ilova qilinishi lozim.
95. Er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi mahkum(a)ni, muomalaga layoqatsiz er (xotin) vasiysini aniqlash uchun shu kunning o‘zida ariza beruvchi tomonidan ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha ushbu Yo‘riqnomaning 40 va 41-ilovalariga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi.
Muomalaga layoqatsiz er (xotin)ga vasiy tayinlanmaganda, xabarnoma tegishli vasiylik va homiylik organiga yuboriladi.
Xabarnomada bolalari to‘g‘risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga uning ta’minoti uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotni taqdim etish vaqti ko‘rsatiladi.
Xabarnomada belgilangan muddat ichida javob kelmasligi FXDYo organi tomonidan nikohdan ajralishni qayd qilinishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Xabarnoma nusxasi ariza bilan birga tikib qo‘yiladi.
Er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish FHDY organiga ariza bilan murojaat etilgan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach, lekin uzog‘i bilan uch oy ichida arizachining ishtirokida qayd etiladi.
Bolalar to‘g‘risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er(xotin)ga uning ta’minoti uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lgan taqdirda FHDY organi ariza beruvchiga nikohdan ajralishni qayd etish sud tomonidan amalga oshirilishi haqida asoslantirilgan xulosa taqdim etadi.
96. MDH mamlakatlari va chet el davlatlari sudi tomonidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohdan ajratish (qaror qachon chiqqanidan qat’i nazar) agar davlatlararo bitimda boshqa hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, umumiy asoslarda FHDY organida qayd etiladi.
O‘zbekiston Respublikasida qayd etilgan nikohdan chet el davlatining vakolatli organi qarori asosida ajrashgan shaxslar nikohdan ajratilganligini tasdiqlovchi hujjati (guvohnoma, ma’lumotnoma, sertifikat va h.k.)ning legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan kseronusxasi uning tarjimasi bilan birga FHDY organiga taqdim etishi lozim. Bunda FHDY organi tomonidan nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli yozuv kiritiladi hamda unga bu haqda ma’lumotnoma beriladi.
97. Barcha holatlarda nikohdan ajralishni qayd etgan FHDY organi tomonidan nikoh tuzilganligini qayd etgan FHDY organiga va tegishli FHDY arxiviga bu haqda ikki ish kuni ichida elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 42-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboriladi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno. Ushbu xabarnoma asosida FHDY organi va FHDY arxivi tomonidan nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga belgi kiritiladi.
98. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarning vakolatli organlarida qayd qilingan nikohdan ajralish haqidagi ma’lumotlari legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan nikohdan ajralganligini tasdiqlovchi hujjatlari asosida (guvohnoma, sertifikat va boshqa hujjatlar) elektron axborot tizimiga kiritiladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan holatlar mustasno.
VI bob. O‘limni qayd etish
99. O‘limni qayd etish o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma yoki sudning shaxsni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi hal qiluv qaroriga asosan amalga oshiriladi.
O‘limni qayd etish uchun asos bo‘lgan hujjat o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvining nusxasi bilan birga tikiladi (o‘lim kompozit davlat xizmati sifatida qayd etilgan holatlar bundan mustasno) va tegishli FHDY arxivida saqlanadi.
100. O‘limni qayd etish uchun FHDY organiga o‘n olti yoshgacha bo‘lgan vafot etgan shaxsning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi hujjatlari taqdim etiladi. Ushbu hujjat taqdim etilmagan hollarda o‘limni qayd etish rad etilmaydi. Bunda dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustuniga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi topshirilmaganligi va dalolatnoma yozuvining o‘lim haqida tibbiy guvohnomaga yoki sudning shaxsni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi hal qiluv qaroriga asosan qayd etilganligi yozib qo‘yiladi.
Agar voyaga yetmagan vafot etgan shaxsga nisbatan FHDY organida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilmagan bo‘lsa, vafot etgan shaxsga tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilib, bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lumotnoma beriladi, shundan so‘ng vafot etgan shaxsga nisbatan belgilangan tartibda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
101. O‘limni qayd etish uchun o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma berilgan kundan boshlab uch kundan kechikmay FHDY organiga murojaat qilinishi kerak.
O‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnoma berilgan vaqtdan boshlab uch kundan keyin murojaat etilganda, FHDY organi tomonidan o‘limni qayd etish rad qilinmaydi va umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Bunda, FHDY organi vafot etgan shaxsga nisbatan o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan yoki qayd etilmaganligini elektron axborot tizimi orqali tekshirib oladi.
102. O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgach ariza beruvchiga o‘lim haqida gerbli guvohnoma hamda mazkur Yo‘riqnomaning 43-ilovasiga muvofiq shaklda dafn etish joyiga topshirish uchun ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi va murojaat qilgan shaxsga taqdim etiladi.
O‘lim holati Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 89-son qarori bilan tasdiqlangan O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga muvofiq elektron axborot tizimida kompozit davlat xizmati shaklida qayd etilganda, tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim holati FHDY organlarida qayd qilinganligi haqida QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi.
Bunda, vafot etgan shaxsning qarindoshlari, yaqin kishilari va merosxo‘rlari istalgan vaqtda eksterritorial tamoyil asosida FHDY organiga o‘lim haqidagi guvohnoma berilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin.
Ushbu holatda, FHDY organi marhumning JShShIRi orqali elektron axborot tizimida kompozit davlat xizmati shaklida qayd etilgan dalolatnoma yozuvini qidirib topadi hamda ushbu dalolatnoma yozuviga o‘lim haqidagi gerbli guvohnomaning seriyasi va raqamini kiritib, gerbli guvohnomani chop etib beradi.
103. Chet elda vafot etgan (xorijiy davlatning vakolati organida o‘limi qayd qilingan) shaxsning ma’lumotlari legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatlari asosida (guvohnoma, sertifikat va boshqa hujjatlar) elektron axborot tizimiga kiritiladi va zarur bo‘lgan hollarda FHDY organi tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 44-ilovasiga muvofiq shaklda dafn etish joyiga topshirish uchun ma’lumotnoma beriladi. Ushbu ma’lumotnoma FHDY organidan jo‘natilayotgan xatlarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi va ularning nusxasi tegishli yig‘majildga tikiladi.
Bunda, belgilangan tartibda tegishli nafaqa tayinlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining (bundan buyon matnda Pensiya jamg‘armasi deb yuritiladi) tuman (shahar) bo‘limiga elektron axborot tizimi orqali o‘lim haqida xabarnoma yuboriladi.
104. Fuqarolar yig‘inlari tomonidan har oyda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlari va hisobotlar FHDY organlariga topshiriladi.
105. Bolaning tug‘ilishi bir oy muddat ichida qayd etilmasdan u vafot etganda, unga tug‘ilish haqidagi dalolatnoma yozuvi hamda bir vaqtning o‘zida o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi rasmiylashtirilib, talab qilinganda o‘lim haqidagi guvohnoma beriladi.
106. FHDY organi tomonidan o‘n olti yoshgacha vafot etgan bolaga nisbatan o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgandan so‘ng, vafot etgan shaxsning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustuniga uning vafot etganligi haqida yozuv kiritiladi. Agar vafot etgan shaxsning tug‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi doirasida boshqa FHDY organi tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, bu haqda o‘limni qayd etgan FHDY organi tomonidan tug‘ilishni qayd etgan FHDY organiga elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 45-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboriladi.
107. O‘n olti yoshgacha vafot etgan bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari har chorakda tuziladigan dalolatnoma asosida yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilinadi. Bunda, dalolatnomada vafot etgan bolaning familiyasi, ismi, dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi, guvohnomaning seriyasi va raqami ko‘rsatilishi shart.
Yoqilayotgan guvohnomalarning qirqib olingan seriyasi va raqamlari dalolatnomaga yopishtirilgan holda FHDY organida saqlanadi.
VII bob. Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish
108. Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
“Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasi asosida tarixiy va milliy an’analarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi bo‘lganda;
otalik belgilanganda;
farzandlikka olinganda;
ota-onaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga ko‘ra voyaga yetmagan bolaning familiyasi o‘zgartirilganda;
millati o‘zgartirilganda;
nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi ma’lumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi o‘zgartirilganda;
dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar bo‘lganda, shuningdek tug‘ilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud bo‘lmaganda;
16 yoshga to‘lmagan bolaning ismi va familiyasi o‘zgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan bo‘lsa;
agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan bo‘lsa;
jinsi o‘zgartirilganda.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish uchun ariza beruvchi mazkur Yo‘riqnomaning 46-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi ariza bilan doimiy yashash joyidan qat’i nazar, FHDY organiga murojaat qiladi.
Bunda, ariza beruvchi FHDY organiga shaxsan o‘zi kelolmagan taqdirda, dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirishlar, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritish konsul yoki notarius tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma va ariza asosida amalga oshirilishi mumkin.
O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuviga tuzatishlar kiritish yaqin qarindosh(lar) yoki merosxo‘r(lar)ning arizasiga ko‘ra FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Vafot etgan shaxslarning tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga tuzatish va qo‘shimchalar sud qaroriga asosan FHDY organi tomonidan kiritiladi.
109. Qabul qilingan arizalar shu kunning o‘zida mazkur Yo‘riqnomaning 47-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinib, ariza va taqdim etilgan hujjatlar alohida yig‘majildga tartib bilan tikiladi.
110. O‘n olti yoshga to‘lmagan bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish ota-onasining birgalikdagi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning mazkur Yo‘riqnomaning 48-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi asosida amalga oshiriladi.
O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi.
Bola o‘n olti yoshga to‘lishi bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini olgunga qadar, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida xatolarni tuzatish yoki ismiga qo‘shimcha kiritish, bolaning arizasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.
Masalan, imloviy xato bilan yozilgan “Adil” degan ismni “Odil”ga o‘zgartirib tuzatish kiritish yoki “Azim” degan ismga “-bek” qo‘shimchasini kiritib, “Azimbek”ka yoxud otasining millatini “o‘zbek”dan “turkman”ga o‘zgartirish kabi.
111. Agar shaxs O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 15-moddasiga ko‘ra shaxsning familiyasiga “-ev”, “-ov”, “-eva”, “-ova”, ismiga “-xon”, “-xo‘ja”, “-xoji”, “-bek”, “-bonu”, “-bibi”, “-begim”, “-zoda”, “mir-”, “abdu-” kabi qo‘shimchalarni, ota ismini yozishda “-evich”, “-ovich”, “-evna”, “-ovna”, “qizi”, “o‘g‘li”, “-iy”, “-zoda” kabi qo‘shimchalarni kiritishni yoki olib tashlashni istasa, bu dalolatnoma yozuviga qo‘shimcha kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
112. Agar dalolatnoma yozuvida shaxsning ismi qisqartirilib, erkalash shaklida yoki imloviy xato bilan yozilgan bo‘lsa, dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish ushbu shaxsning arizasi asosida amalga oshiriladi.
Masalan, tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida shaxsning ismi Moxchexra deb yozilgan bo‘lsa — Mohichehraga, Batir deb yozilgan bo‘lsa — Botirga o‘zgartirish kabi.
113. Nikoh tuzilganligini qayd etishda erining (xotinining) familiyasini umumiy familiya sifatida tanlagan, lekin shaxsini tasdiqlovchi hujjati o‘zgarishsiz qolgan xotinning (erning) o‘zining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga qaytish haqidagi talabi nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish orqali qanoatlantiriladi.
114. Nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “Nikohdan ajralgandan keyingi familiyasi” ustunida nikohgacha bo‘lgan familiyasi ko‘rsatilgan, lekin shaxsini tasdiqlovchi hujjati o‘zgarishsiz qolgan er yoki xotinning nikohdan ajralgunga qadar bo‘lgan familiyasiga qaytish haqidagi talabi nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish orqali qanoatlantiriladi.
115. Shaxsning jinsi o‘zgarganda, dalolatnoma yozuviga tuzatish kiritish faqat tibbiyot muassasasining xulosasiga asosan amalga oshiriladi.
116. FHDY organi tomonidan ariza o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi lozim, uzrli sabab mavjud bo‘lganda (o‘zgartirish kiritilishiga asos bo‘lgan dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar mavjud emasligi) arizani ko‘rib chiqish muddati FHDY organi mudiri tomonidan bir oygacha uzaytirilishi mumkin.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilganda ariza beruvchiga yangi guvohnoma rasmiylashtirib beriladi.
Dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd qilingan bo‘lsa, ariza beruvchi murojaat qilgan FHDY organi tomonidan ariza qabul qilingan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida mazkur Yo‘riqnomaning 49-ilovasiga muvofiq shaklda Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.
Bunda, dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi xabarnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritib, dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi hamda dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga ham shunday yozuvlar kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 49-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish sababli beriladigan yangi guvohnomaga “takroriy” deb belgi qo‘yilmaydi.
117. O‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvlari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida qayd etilgan bo‘lsa, FHDY organi rahbari tomonidan o‘zgartirishlar qayd etiladigan dalolatnoma yozuvlarining soniga muvofiq nusxada, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida qayd etilgan nikoh tuzilganligi va o‘lim haqidagi, aka-ukalar va opa-singillarning tug‘ilganlik haqidagi va boshqa dalolatnoma yozuvlarida tafovutlar bo‘lgan hollarda, ikki nusxada mazkur Yo‘riqnomaning 50-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida xulosa tuziladi.
Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida xulosa tuzilishi lozim bo‘lgan arizalar bo‘yicha hujjatlar alohida yig‘majildga tikiladi hamda o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvlari nusxasi ushbu yig‘majildga qo‘shib qo‘yiladi.
118. Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish uchun asos bo‘lgan holatlar haqida dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida qisqa va aniq izoh yozilib, FHDY organi mas’ul xodimining familiyasi ko‘rsatiladi, shuningdek dalolatnoma yozuvining qog‘ozga chop etilgan nusxasi FHDY organi xodimi tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
Masalan, 16.01.2022-yildagi 125-son arizaga asosan bola va onaning familiyalariga tuzatish kiritildi.
119. Ariza beruvchining talabiga ko‘ra unga FHDY organi tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 51-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.
120. O‘n olti yoshga to‘lgan shaxsning dalolatnoma yozuviga uning familiya, ismi va ota ismi hamda tug‘ilgan sanasi va joyi haqidagi yozuvlarga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng, FHDY organi tomonidan uch kun muddat ichida ushbu shaxsning yashash joyidagi ichki ishlar va mudofaa ishlari organlariga mazkur Yo‘riqnomaning 52-ilovasiga muvofiq shakldagi xabarnoma yuboriladi.
121. Arizaning yuqori o‘ng burchagiga yangi guvohnomaning seriyasi, raqami, berilgan sanasi yoziladi hamda yangi guvohnoma ariza beruvchiga topshiriladi.
122. Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan yoki manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lgan hollarda FHDY organi tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 53-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritishni rad etish to‘g‘risida xulosa tuziladi va murojaat qiluvchiga beriladi.
VIII bob. Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish
123. Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish uchun FHDY organiga mazkur Yo‘riqnomaning 54-ilovasiga muvofiq shakldagi Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqida ariza bilan murojaat qilinadi va mazkur ariza shu kunning o‘zida ushbu Yo‘riqnomaning 55-ilovasiga muvofiq shakldagi Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqida arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinib, ariza va taqdim qilingan hujjatlar o‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvi nusxasi bilan alohida yig‘majildga tartib bilan tikiladi.
Familiya, ism, ota ismini ishonchnoma orqali o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
124. O‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, ariza beruvchi murojaat qilgan FHDY organi tomonidan so‘rovnoma asosida elektron axborot tizimi orqali mazkur dalolatnoma yozuvining nusxasi olinadi.
125. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 154 va 155-bandlariga muvofiq, FHDY organi rahbari shu kunning o‘zida tekshirish o‘tkazish uchun ichki ishlar organiga elektron axborot tizimi orqali ushbu Yo‘riqnomaning 56-ilovasiga muvofiq shakldagi so‘rovnoma yuboradi.
Ichki ishlar organi taqdim qilingan hujjatlarni yigirma kun mobaynida o‘rganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini o‘zgartirish xususida asoslangan xulosa tuzadi va uni FHDY organiga axborot tizimi orqali taqdim etadi.
Ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismining o‘zgartirilishi maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa tuzilgan taqdirda ushbu holatning aniq sabablari ko‘rsatiladi.
Ichki ishlar organining xulosasi yig‘majildga tikib qo‘yiladi.
126. Arizaga ilova qilingan hujjatlar va ichki ishlar organining javob xatiga asosan FHDY organi rahbari tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 57-ilovasiga muvofiq shakldagi Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish (rad etish) to‘g‘risida xulosa tuziladi.
127. Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosaga asosan, tegishli (tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning tug‘ilganlik haqidagi) dalolatnoma yozuvlariga ariza beruvchining yangi familiya, ism, ota ismi kiritilib, ular asosida yangi guvohnomalar beriladi.
128. O‘zgartirish kiritilishi lozim bo‘lgan dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan bo‘lsa, ariza beruvchi murojaat qilgan FHDY organi tomonidan ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida elektron axborot tizimi orqali tegishli FHDY organiga ushbu Yo‘riqnomaning 59-ilovasiga muvofiq shaklda Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirganlik sababli dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish haqida xabarnoma yuboriladi.
Dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi xabarnoma kelib tushgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirish kiritib, dalolatnoma yozuvini elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi hamda dalolatnoma yozuvining FHDY arxivida saqlanayotgan ikkinchi nusxasiga ham shunday o‘zgartirish(lar) kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga elektron axborot tizimi orqali mazkur Yo‘riqnomaning 58-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboradi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada yuritilgan holatlar bundan mustasno.
129. Familiya, ism, ota ismi o‘zgartirilgan shaxsga ushbu Yo‘riqnomaning 59-ilovasiga muvofiq shaklda Familiya, ism, ota ismi o‘zgartirganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
130. Shaxsning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish haqida arizasini qabul qilgan FHDY organi tomonidan ariza beruvchiga yangi guvohnoma berilganidan so‘ng ichki ishlar va mudofaa ishlari organlariga uch kun ichida ushbu Yo‘riqnomaning 60-61-ilovalariga muvofiq shaklda xabarnoma yuboriladi.
Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirganlik sababli berilgan yangi guvohnomaning seriyasi, raqami va berilgan sanasi familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosaga yozib qo‘yiladi.
131. Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirganlik sababli beriladigan yangi guvohnomalar Takroriy guvohnomalarni sarflash elektron daftarida qayd etiladi. Bunda yangi guvohnomaga “takroriy” deb belgi qo‘yilmaydi.
132. Familiya, ism, ota ismi o‘zgartirilgan shaxs ikkinchi marta FHDY organiga mazkur masalada bir yil o‘tgandan so‘ng murojaat etishi mumkin.
IX bob. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash
133. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv bo‘lganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar bo‘lganida, yo‘qolgan yozuvlarni qayta tiklab qo‘yish tushuniladi.
Tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan bo‘lsa, faqat ana shu shaxslarning ushbu Yo‘riqnomaning 62-63-ilovalariga muvofiq shakldagi arizasiga ko‘ra tiklanadi.
Agar o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi yo‘qolgan bo‘lsa, yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi ma’muriyatining arizasiga binoan tiklanadi.
O‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash sudning hal qiluv qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvini ishonchnoma orqali tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
134. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash tegishliligiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 129, 133 va 134-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda ariza beruvchining iltimosini asoslovchi boshqa hujjatlar sifatida gerbli guvohnomalar yoki harbiy xizmatga aloqadorlikni tasdiqlovchi hujjatlar, ularning kseronusxasi (nusxasi), ariza beruvchining o‘qish yoki ish joyidan berilgan ma’lumotnoma, uy daftaridan olingan ko‘chirmalar, ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi, FHDY organlari tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga nikoh va nikohdan ajralish qayd etilganligi haqida belgi qo‘yilganligini tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa shu kabi hujjatlar qabul qilinishi mumkin.
135. Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza qabul qilingan kunning o‘zida ushbu Yo‘riqnomaning 64-ilovasiga muvofiq shakldagi Dalolatnoma yozuvlarini tiklash haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
FHDY organi zaruratga qarab FHDY organlari va boshqa tegishli tashkilotlardan dalolatnoma yozuvini tiklashga asos bo‘luvchi hujjatlardan nusxalar va ma’lumotlar so‘rab olishi mumkin.
Arizani qabul qilgan FHDY organi ilgari mavjud bo‘lgan dalolatnoma yozuvining yo‘qolganligi sabablariga aniqlik kiritishi lozim.
136. Agar ariza beruvchi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki uning kseronusxasi (nusxasi), harbiy xizmatga aloqadorlikni tasdiqlovchi hujjatlar yoki ularning nusxalari taqdim etilgan bo‘lsa, arizani qabul qilgan FHDY organi ushbu guvohnoma kimga nisbatan va qaysi FHDY organi tomonidan sarflanganligiga, harbiy hujjat qaysi hujjat asosida berilganligiga aniqlik kiritish uchun tegishli FHDY organi va FHDY arxiviga hamda mudofaa ishlari organiga ushbu Yo‘riqnomaning 65-ilovasiga muvofiq shakldagi so‘rov yuboradi.
137. Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklashda shaxs tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasiga (tug‘ruqxonaga) uning tug‘ilganligi qayd etilgan yoki etilmaganligi haqida, ta’lim muassasasiga shaxsning qanday hujjat asosida o‘qishga qabul qilinganligi haqida, shuningdek tegishli ichki ishlar organiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat qaysi hujjat asosida berilganligi haqida so‘rov yuboriladi.
138. Ariza beruvchining ota-onasiga tegishli nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvini o‘rganishda uning “umumiy farzandlar to‘g‘risida ma’lumot” ustuniga, aka-ukalari, opa-singillarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlarini o‘rganishda esa, ularning “onaning nechanchi bolasi” ustunlariga (bolalarning tug‘ilishi ketma-ketligiga) alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Masalan, 1995-yili 27-sentabrda tug‘ilgan fuqaro D. Ibrohimova dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi arizaga 1994-yil 10-mayda Qo‘qon shahar FHDY bo‘limida qayd etilgan ota-onasining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma taqdim etdi. Nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvining “umumiy farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumot” ustunida “qizi D. Ibrohimova 1995-yil 27-sentabrda tug‘ilgan” deb ma’lumot kiritilgan bo‘lishi shart.
139. Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlarini tiklashda er-xotinning farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari va ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshiriladi.
Bunda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar almashtirilgan yoki almashtirilmaganligiga e’tibor beriladi, almashtirilgan bo‘lsa, buning sabablariga aniqlik kiritiladi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga ushbu er-xotinning oilaviy ahvoli haqida ma’lumotlar bor yoki yo‘qligi yuzasidan so‘rov yuboriladi.
140. Agar ariza beruvchi tomonidan tegishli dalolatnoma yozuvini tiklashni asoslovchi hujjat sifatida nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma yoki ularning kseronusxasi (nusxasi) taqdim etilgan bo‘lsa, ushbu guvohnoma kimlarga nisbatan va qaysi FHDY organi tomonidan rasmiylashtirilganligi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga qaysi FHDY organi tomonidan belgi qo‘yilganligiga aniqlik kiritilishi lozim. Bunda tegishli FHDY organi va FHDY arxivlariga ushbu guvohnomalar va qo‘yilgan belgilar yuzasidan so‘rov yuboriladi.
141. 1998-yil 1-sentabrdan 2010-yil 15-sentabrgacha bo‘lgan davrda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari bo‘yicha nikohdan ajratishni qayd etish mazkur bob qoidalariga binoan amalga oshiriladi.
Bunda, nikohdan ajralganlik haqidagi gerbli guvohnomaning “Bu haqda _______ yil ______ oyining _____ kunida _________-son bilan dalolatnoma yozuvi qayd etildi” ustunida qonuniy kuchga kirgan sud qarorining sanasi, qavs ichida esa tiklangan dalolatnoma yozuvining raqami va sanasi yozib qo‘yiladi.
142. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun yetarli asoslar bo‘lmasa, FHDY organi tomonidan ushbu Yo‘riqnomaning 66-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnoma yozuvini tiklashni rad qilish haqida xulosa tuziladi, xulosada rad qilish sabablari aniq ko‘rsatiladi va ariza beruvchiga sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntiriladi.
Masalan, 1993-yil 20-aprelda tug‘ilgan fuqaro Zarifa Valiyevaning tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi arizasiga ilova qilingan ta’lim muassasasining ma’lumotnomasida uning familiyasi “Aliyeva” deb ko‘rsatilgan, ota-onasining 1994-yil 5-yanvardagi 4-son nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvining “umumiy farzandlari to‘g‘risida ma’lumot” ustunida u haqda ma’lumot ko‘rsatilmagan bo‘lsa yoki dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi arizaga aka-ukalarining tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar ilova qilingan bo‘lib, u ikkinchi farzand ekanligi ko‘rsatilgan, akasining dalolatnoma yozuvining “onaning nechanchi bolasi” ustunida esa akasi “2” (ikkinchi) farzand ekanligi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
143. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash ularni tiklash uchun asos bo‘lgan barcha holatlar FHDY organi tomonidan aniqlanganidan keyingina amalga oshiriladi. Bunda, FHDY organi tomonidan ushbu Yo‘riqnomaning 67-68-ilovalariga muvofiq shakldagi dalolatnoma yozuvini tiklash haqida xulosa tuziladi.
Tiklangan dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida tiklash uchun asos bo‘lgan xulosaning sanasi va yig‘majild raqami ko‘rsatiladi.
144. Konsul tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet elda yashovchi fuqarolaridan qabul qilingan dalolatnoma yozuvlarini tiklash haqidagi arizalar ariza beruvchilarning O‘zbekiston Respublikasidagi oxirgi yashash joyidagi FHDY organi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Kelib tushgan ariza FHDY organi tomonidan Dalolatnoma yozuvlarini tiklash haqidagi arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinadi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun asos bo‘lgan barcha holatlar FHDY organi tomonidan aniqlangandan keyingina dalolatnoma yozuvi tiklanib, yangi guvohnoma rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda konsullik muassasalariga yuboriladi.
145. Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi tiklanganda, dalolatnoma yozuviga bolaning ota-onasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida, agar ular (ulardan biri) vafot etgan bo‘lsa, ularning o‘lim haqidagi guvohnomalari yoki ma’lumotnomalari asosida to‘ldirilishi lozim.
X bob. Takroriy guvohnomalar va boshqa ma’lumotlar berish
146. FHDY organi tomonidan manfaatdor shaxslarning arizalariga ko‘ra va qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar beriladi.
Dalolatnoma yozuvlari boshqa FHDY organida qayd qilingan bo‘lsa, manfaatdor shaxsning takroriy guvohnoma va ma’lumotnoma berish haqidagi arizasi ushbu ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga yuboriladi.
Dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi tegishli arizani qabul qilib olgan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida dalolatnoma yozuvini arizadagi ma’lumotlar bilan solishtirgan holda elektron axborot tizimi orqali tasdiqlaydi.
Ariza beruvchidan takroriy guvohnoma berish haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi tegishli tasdiqnomani olgan vaqtdan boshlab bir soat ichida dalolatnoma yozuviga guvohnoma seriyasi va raqamini kiritadi.
Bunda, takroriy guvohnoma dalolatnoma yozuvida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida o‘zgarishsiz chop etiladi va guvohnomaning ichki qismi o‘ng tomonining yuqori qismiga “takroriy” deb belgi qo‘yiladi.
147. Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomalar va takroriy guvohnomalar fuqaroning o‘ziga, voyaga yetmagan shaxslarning qonuniy vakillariga yoki notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning mazkur Yo‘riqnomaning 69-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi asosida beriladi.
Chet elda yashovchi fuqaro tomonidan berilgan hamda chet tilida tuzilgan ishonchnoma belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostil qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
148. Dalolatnoma yozuvining ayrim ustunlari to‘ldirilmagan bo‘lsa, u holda takroriy guvohnomaning tegishli ustunlariga chiziqlar qo‘yiladi.
Agar tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “otasining ismi” ustuni mavjud bo‘lmagan, biroq ushbu dalolatnoma yozuvi asosida rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning tegishli ustuni mavjud bo‘lib, unda otasining ismi ko‘rsatilgan bo‘lsa, tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomada shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida otasining ismi ko‘rsatiladi.
Masalan, 1957-yilda tug‘ilgan fuqaro Mamatov Akram Soliyevich FHDY organiga tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma olish uchun murojaat etdi. 1957-yilda qayd etilgan dalolatnoma yozuvida “otasining ismi” ustuni mavjud emasligi va faqatgina uning familiyasi va ismi ko‘rsatilganligi aniqlandi. Biroq, uning yaroqsiz holatga kelgan guvohnomasida otasining ismi “Soliyevich” deb ko‘rsatilgan. Bu holatda takroriy guvohnomaning “otasining ismi” ustuniga “Soliyevich” deb qayd etiladi.
149. Vafot etgan shaxslarga nisbatan tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnomalar berilmaydi. Vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlariga ularning murojaatlariga asosan vafot etgan shaxsning tug‘ilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
150. Nikoh qayd etilganligi hamda nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning mazkur Yo‘riqnomaning 70-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi asosida beriladi.
Zarur hollarda, nikohlangan yoki ajrashgan shaxslarning ota-onalari va farzandlariga ularning arizasi asosida nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
151. Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvida nikohdan ajralish qayd etilganligi haqida belgi bo‘lgan hollarda takroriy guvohnoma berilmaydi. Bunda avvalgi nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi asosida ma’lumotnoma beriladi.
152. O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar yoki ma’lumotnoma marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxo‘rlariga yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonchnoma orqali boshqa shaxslarga ularning ushbu Yo‘riqnomaning 71-ilovasiga muvofiq shakldagi arizasi asosida beriladi.
153. Takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma olish uchun shaxs FHDY organiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatining aslini ko‘rsatgan holda murojaat qiladi.
154. Tegishli dalolatnoma yozuvi FHDY organida mavjud bo‘lmagan hollarda, takroriy guvohnoma yoki ma’lumotnoma berish haqidagi ariza ushbu FHDY organida tegishli dalolatnoma yozuvi yo‘qligi haqida ushbu Yo‘riqnomaning 72-ilovasida ko‘rsatilgan shakldagi ma’lumotnoma bilan birga, dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasi saqlanadigan FHDY arxiviga yuboriladi, dalolatnoma yozuvi bir nusxada yuritilgan holatlar bundan mustasno.
155. Dalolatnoma yozuvlaridan nusxa yoki ulardan ko‘chirmalar Vazirlik, sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, yurituvida mavjud bo‘lgan ishlar munosabati bilan notariuslar, shuningdek konsullik muassasalarining so‘rovlariga ko‘ra berilishi (yuborilishi) mumkin.
Dalolatnoma yozuvidagi barcha ma’lumotlar dalolatnoma yozuvidan nusxaga (ko‘chirmaga) o‘zgarishsiz ko‘chiriladi va uning orqa tarafi pastki qismiga asliga to‘g‘riligini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yilib, FHDY organi rahbarining imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi hamda ko‘chirilgan sana yozib qo‘yiladi.
Fuqarolarga dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, begona shaxslarga fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etilganligi va ularga kiritilgan o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritilganligi haqida ma’lumot berish taqiqlanadi.
156. FHDY arxivida dalolatnoma yozuvini qidirish dalolatnoma yozuvi qayd etilgan deb ko‘rsatilgan yil, undan oldingi hamda keyingi uch yillikda qayd etilgan dastlabki va tiklangan dalolatnoma yozuvlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
XI bob. FHDY organlarida dalolatnoma yozuvlari daftarlarining ro‘yxatini (arxiv fondini) tuzish
157. FHDY arxivi va FHDY organlari arxivlari joylashtirilgan xonalar temir stellajlar bilan jihozlangan, quyosh nuri va zaxdan saqlangan, shamollatib turishga moslashtirilgan, deraza va eshigiga temir panjara o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
FHDY arxivida elektr isitgichlar va shamlardan foydalanish taqiqlanadi. Arxiv xonasi va dalolatnoma yozuvlari har yetti kunda chang yutgich yordamida tozalanishi lozim.
158. Arxiv xonasiga kirish va dalolatnoma yozuvlaridan foydalanish huquqiga arxiv mudiri, FHDY organi rahbari va arxiv uchun mas’ul xodimlar, shuningdek ularning hozirligida adliya boshqarmasi va Vazirlikning mas’ul xodimlari (tegishli buyruq asosida) haqli. Boshqa shaxslarning arxiv xonasiga kirishi qat’iyan man etiladi.
159. FHDY arxivlari va FHDY organlari arxivlarida mavjud dalolatnoma yozuvlari daftarlarining ro‘yxati (arxiv fondi) tuziladi.
160. Dalolatnoma yozuvlari daftar shaklida tikish uchun tayyorlanganda, dalolatnoma yozuvlarining qayd etilgan yili, turi va dalolatnoma yozuvlari ketma-ketligiga rioya etilgan va hisobga olish varag‘i qo‘shilgan holda tikiladi.
Daftarga tikilgan dalolatnoma yozuvlari raqamlanib (qora qalamda yuqori o‘ng burchagiga), ishonch yozuvida “Jami ___ varaqda dalolatnoma yozuvi tikilib, raqamlandi” deb ko‘rsatiladi va FHDY organining rahbari tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
Daftar muqovasiga uning nomi va undagi dalolatnoma yozuvlari haqida ushbu Yo‘riqnomaning 73-ilovasida ko‘rsatilgan shaklga yozib qo‘yiladi.
161. Dalolatnoma yozuvlari daftarlari FHDY arxivida har bir tuman, shahar, fuqarolar yig‘inlari bo‘yicha xronologik tartibda, dalolatnoma yozuvlari turlari alohida ajratilgan holda saqlanadi.
162. FHDY arxiviga kelib tushgan dalolatnoma yozuvlariga tegishli o‘zgartirish kiritish haqidagi xabarnomalar shu kunning o‘zida Xat, xabarnoma va arizalarni ro‘yxatga olish elektron daftariga kirim qilinib, ijrosi ta’minlanishi lozim.
163. FHDY arxividagi mavjud dalolatnoma yozuvlari daftarlari raqamlanib, ushbu Yo‘riqnomaning 74-ilovasiga muvofiq shakldagi Arxiv fondi daftariga kiritiladi.
XII bob. Hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasini tuzish va yig‘majildlarni shakllantirish
164. Hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish va ular bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa harakatlardan tashkil topgan hujjatlardan shakllantiriladi va yuritiladi.
165. Yig‘majildlar quyidagicha shakllantirilishi va yuritilishi zarur:
yig‘majildlarga ko‘rib chiqilgan va natijasiga ko‘ra ijro etilgan yoki rad qilingan hujjatlarni joylashtirish;
bitta masalaning hal qilinishiga taalluqli barcha hujjatlarni ularning ilovalari bilan birgalikda joylashtirish;
yig‘majildlarda bir kalendar yilga oid hujjatlarni guruhlash;
yig‘majild varaqlarining jami 250 varaqdan oshmasligini ta’minlash, agar ortsa, mazkur yig‘majildning navbatdagi jildini yuritish.
166. Yig‘majild oxirida alohida toza varaqqa mazkur yig‘majildga tikilgan varaqlar soni yoziladi. Ushbu varaq FHDY organi mudiri tomonidan imzolanadi hamda muhr bilan tasdiqlanadi.
Yig‘majild muqovasidagi sana hujjatlar yig‘majildini yuritish boshlangan va tugallangan kun, oy va yilga muvofiq kelishi kerak.
167. FHDY organlari faoliyatiga oid hujjatlarning ushbu Yo‘riqnomaning 75-ilovasida ko‘rsatilgan saqlash muddatlari tugaganda, ular adliya boshqarmasining doimiy faoliyat olib boruvchi ekspert komissiyasi ishtirokida dalolatnoma asosida yo‘q qilinadi, qonunchilik hujjatlarida FHDY arxiviga va O‘zbekiston Respublikasining Markaziy arxiviga topshirilishi nazarda tutilgan hujjatlar bundan mustasno.
Dalolatnoma ekspert komissiyasi a’zolari va FHDY organi rahbari tomonidan imzolanadi hamda unga FHDY organining gerbli muhri qo‘yiladi.
XIII bob. Yakuniy qoida
168. Mazkur Yo‘riqnoma talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
1-ILOVA
FHDY bo‘limlarida yuritilishi lozim bo‘lgan hujjatlar
NOMENKLATURASI
I. Tug‘ilishni qayd etish bo‘yicha

Download 0.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   51




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling