1. Iqtisodiyot / Davlat moddiy zaxirasi]
Download 0.57 Mb.
|
2513 03.10.2013
[OKOZ: 1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.04.00 Davlat moddiy zaxirasi] [TSZ: 1.Iqtisodiyot / Davlat moddiy zaxirasi] PDF-faylidagi rasmiy manba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining Qarori Birinchi guruhga neft mahsulotlarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 3-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2513] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi to‘g‘risida nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi qaror qiladi: 1. Birinchi guruhga neft mahsulotlarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim hamda u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Rais J. KADIROV Toshkent sh., 2013-yil 26-avgust, 18-son O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2013-yil 26-avgustdagi 18-sonli qaroriga ILOVA Birinchi guruhga neft mahsulotlarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma I bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Yo‘riqnoma birinchi guruhga neft mahsulotlarini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi. 2. Mazkur Yo‘riqnoma talablari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi (bundan buyon matnda Qo‘mita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar va birinchi guruh moddiy boyliklarini uzoq muddat mas’ul saqlashga qabul qiladigan boshqa tashkilotlar uchun majburiydir. 3. Uzoq muddat saqlashga mazkur Yo‘riqnomaning 1-ilovasiga muvofiq Neft, gaz kondensati va neft mahsulotlarining guruhlarida nazarda tutilgan neft mahsulotlari qabul qilinadi. 4. Neft mahsulotlarining og‘irligini o‘lchashda Davlat o‘lchov vositalari reyestriga kiritilgan hamda tekshirish sertifikatiga ega bo‘lgan asbob-uskuna va o‘lchov vositalari ishlatilishi shart. 5. Neft mahsulotlari qabul qilinishi yoki berib yuborilishidan oldin tashkilot rahbari yoki bosh muhandis tomonidan texnika xavfsizligi hamda yong‘in xavfsizligi borasida ish smenasi rahbarlari bilan yo‘l-yo‘riqlar o‘tkaziladi va bu maxsus jurnalda qayd etiladi. Ish boshlanishidan oldin smena rahbarlari tomonidan har bir ishchi bilan neft mahsulotlarini qabul qilish va berib yuborish to‘g‘risida va ularga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi borasida yo‘l-yo‘riqlar o‘tkaziladi. II bob. Neft mahsulotlari uchun rezervuarlar, uskunalar va inshootlarga qo‘yiladigan asosiy talablar 6. Tashkilotlarda rezervuarlar, quvurlar, nasos bo‘linmalari, quyish-olish inshootlari, mahsulotlarni isitish uskunalari, ishlab chiqarishning zaruriy komplekslari, binolari va laboratoriyalar doimo texnik jihatdan soz holda bo‘lishi kerak. Avariya holatlari uchun zaruriy uskuna, asbob va materiallar zaxirasi bo‘lishi lozim. 7. Neft mahsulotlarini saqlash yer usti va yer osti rezervuarlarida amalga oshiriladi. Rezervuarlar, ularning uskunalari quyidagi texnologik talablarga javob berishi kerak: uzoq muddat saqlashda neft mahsulotlarining to‘liq miqdori va sifatini ta’minlash; neft mahsulotlarini atmosferadan ishonchli himoyalash, loyihaviy bosim va vakuumni muntazam ta’minlash; er usti rezervuarlarini yorqin rangdagi bo‘yoqlar bilan bo‘yash, sutkadagi harorat o‘zgarishini kamaytirish maqsadida esa yer ostidagi rezervuarlarni loyihaviy me’yorga qadar grunt bilan yopish; rezervuardan mahsulotning ehtimoliy oqishini nazorat qilish uchun oqib ketish holatidan xabar beruvchi signalizator uskunasi bilan ta’minlash; mahsulotning chiqmaydigan qoldig‘ini tozalash uchun rezervuarlarga tozalash statsionar uskunalar o‘rnatish. 8. Aviatsiya va avtomobil benzinini saqlash uchun to‘ldirilishning texnik me’yori 98 foizdan kam bo‘lmagan hamda benzinning tabiiy yo‘qotishini kamaytirishni ta’minlay oladigan rezervuarlar ishlatiladi. 9. Neft mahsulotlari (yozgi markadagi dizel yoqilg‘isi, motor moylari)ni uzoq muddat saqlashga mo‘ljallangan rezervuarlarda mahsulotlarni loyihaga muvofiq texnologik operatsiyalarni amalga oshirishni ta’minlovchi haroratgacha isita oladigan vositalar hamda nafas olish uskunasi bo‘lishi lozim. Kondensat hosil bo‘lishini kamaytirish hamda moylardan cho‘kmalarning yuvilib ketishini oldini olish uchun qish mavsumida yer osti rezervuarlarining yorug‘lik qopqoqlarini isitish tavsiya etiladi. 10. Rezervuar parkida undagi mahsulotning tozalash moslamasiga oqib o‘tishini ta’minlash uchun o‘tkazgichlar qurishda loyihaviy qiyalanish ta’minlanadi. 11. Mahsulotlarga mo‘ljallangan nasos bo‘linmasi quyidagilar bilan jihozlanadi: reaktiv yoqilg‘ini berib yuborishda dag‘al va mayin filtrlash vositalari, baza ichida ko‘chirish, estakadani “aylana” shaklida yuvish, vakuum hamda tozalash idishlaridan rezervuarlarga haydash vositalari; qo‘lda hamda masofaviy boshqariladigan vakuum tizimi; temir yo‘l estakadasi bilan ikki tomonlama telefon aloqasi. 12. Nasos bo‘linmasi uskunalari loyihada ko‘rsatilgan quvvatda neft mahsulotlarini (shu jumladan quyuq mahsulotlarni) to‘kish, tozalash, tsisternalarga quyishni ta’minlashi shart. 13. Quyish-to‘kish uskunalari yordamida neft mahsulotlari tsisternalarga quyiladi va bo‘shatiladi. Kollektorlar tozalash uchun “aylana”li o‘ramga ega bo‘lishi va aviatsiya yoqilg‘isi uchun mo‘ljallangan kollektorlar uchida tindirgichlar va dag‘al tozalash filtrlari bo‘lishi lozim. 14. Mahsulot-nasos bo‘linmasi, estakada va rezervuar parklarning texnologik o‘rami turli markadagi neft mahsulotlariga mo‘ljallangan quvurlar, jumladan, qulflash armaturasi va tiqinli gardish (flanets) bilan o‘zaro bog‘lanmagan bo‘lishi kerak. III bob. Neft mahsulotlari sifatini nazorat qilish, namunalarini tanlab olish 15. Neft mahsulotlarining sifatini nazorat qilish laboratoriya tahlili hamda saqlash jarayoni mobaynidagi nazoratga bo‘linadi. 16. Saqlash jarayoni mobaynidagi nazoratda tashkilotning neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va berib yuborishga mas’ul xodimlari tomonidan nazorat ishlari olib boriladi va neft mahsulotlarining sifati tekshiriladi. 17. Nazoratni tashkil etish tashkilot rahbari va bosh muhandisi zimmasiga yuklatiladi. 18. Laboratoriya tekshiruvi mazkur Yo‘riqnomaning 2, 3, 4-ilovalarida ko‘rsatilgan muddatlarda va hajmlarda olib boriladi. 19. Neft mahsulotlarini tsisternalardan bo‘shatib olishda, rezervuarlarda saqlashda hamda tsisternalarga quyib berishda nazorat tahlili o‘tkaziladi. 20. Neft mahsulotlari bo‘yicha nazorat tahlili o‘tkazishdan maqsad quyidagilardan iborat: tsisternadan mahsulot olingunga qadar – alohida ko‘rsatkichlar bo‘yicha mahsulotlarni yetkazib beruvchi tashkilot hujjatlari (yuk xati, pasport)da ko‘rsatilgan sifat ko‘rsatkichlariga muvofiqligini aniqlash; rezervuarlardan namunalar olish yo‘li bilan – olingan mahsulot namunasining ba’zi bir qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha sifatini aniqlash; saqlash mobaynida – bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha mahsulot sifatidagi o‘zgarishlarning boshlanishini aniqlash; berib yuborishda – alohida ko‘rsatkichlar bo‘yicha mahsulotlarning tozalanmagan tsisternalarga quyishda mexanik qo‘shimchalar bilan ifloslanishi, shuningdek boshqa markadagi mahsulotlar bilan aralashuvi natijasida ifloslanishini aniqlash. 21. Tahlillar nazorati to‘liq va nizoli holat uchun tahlillarga bo‘linadi. 22. To‘liq tahlil rezervuarlarga neft mahsulotlari to‘liq quyilganidan so‘ng 20 kun ichida, shuningdek mahsulotni nasos vositasida boshqa rezervuarga o‘tkazish, yuklab berish va mahsulot sifatini aniqlash uchun zarurat paydo bo‘lsa, o‘tkaziladi. 23. Nizoli holat uchun tahlil mahsulotni qabul qilishda va berib yuborishda tsisternalardan olingan neft mahsulotlari namunalarini tekshirish orqali o‘tkaziladi. Bunda tanlab olingan namunalar qabul qiluvchi tashkilot, yetkazib beruvchi tashkilot hamda transport tashkiloti yoki uchinchi tashkilot vakili tomonidan imzolangan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Nizoli holat uchun tahlildan maqsad yetkazib beruvchi va qabul qiluvchi tashkilotlar laboratoriyalari tomonidan neft mahsulotlari sifatini baholashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zaro kelishmovchiliklarning oldini olishdan iborat. Nizoli holat uchun tahlilni o‘tkazishda normativ hujjatlarga muvofiq barcha ko‘rsatkichlar yoki faqat kelishmovchilik oqibatida yuzaga kelgan ko‘rsatkichlar aniqlanadi. Nizoli holat uchun tahlillar yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda akkreditatsiyadan o‘tgan mustaqil laboratoriyada o‘tkaziladi. 24. Laboratoriya tahlillarini o‘tkazmasdan neft mahsulotlarini qabul qilish, berib yuborish, tashkilot ichida ko‘chirish hamda rezervuarlarni tozalash jarayonlarini amalga oshirish qat’iyan man etiladi. Bunday ishlarni bajarish uchun tashkilot rahbarining buyrug‘i bo‘lishi hamda buyruqqa laboratoriya mudiri tomonidan imzo qo‘yilgan bo‘lishi lozim. Laboratoriyada tegishli tahlillar amalga oshirilgandan so‘ng neft mahsulotlari tsisternalardan quyib olinadi. 25. Barcha laboratoriya xodimlari neft mahsulotlariga tegishli bo‘lgan normativ hujjat talablarini, ularni sinovdan o‘tkazish usullarini, ishni ilmiy asosda tashkil etish borasidagi tavsiyalarini bilishlari, doimiy ravishda texnik bilimlarini hamda ish tajribalarini oshirib borishlari lozim. Tahlillar yilda bir martadan kam bo‘lmagan holda o‘tkaziladi, shuningdek avvalgi ko‘rsatkichlar bilan solishtiriladi. 26. Laboratoriyada neft mahsulotlari tahlilidan tashqari quyidagi tahlillar ham amalga oshiriladi: qish mavsumiga tayyorgarlik paytida yiliga bir marta estakada gidravlik saqlagich klapanlaridagi ishchi suyuqlikning hamda gidrotizimning sovish haroratini tahlil qilish; neft mahsulotlari bilan atrof-muhit ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sanoat oqova suvlarini tozalash inshootidan relyefga chiqarib tashlashdan oldin tahlildan o‘tkazish; ta’mirlash ishlaridan oldin rezervuarlar, quduqlar hamda mahsulot-nasos bo‘linmalarini belgilangan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda sinchiklab tekshirish, rezervuarlar va quduqlarda yig‘ilishi mumkin bo‘lgan gaz bosimlarini aniqlash. Ushbu holat yuzasidan mazkur Yo‘riqnomaning 5-ilovasiga muvofiq Rezervuarlar va mahsulot quvurlarining texnik holatini hisobga olish jurnaliga (Z-30-sonli shakl) tegishli yozuvlar qayd qilinadi. 27. Neft mahsulotlarining sifatini hisobga olish mazkur Yo‘riqnomaning 6, 7, 8, 9-ilovalariga (Z-39, Z-40, Z-41 va Z-42-sonli shakllar) muvofiq shakllarda amalga oshiriladi. Z-39, Z-40, Z-41 va Z-42-sonli shakllar bo‘yicha kitoblar laboratoriya mudiri tomonidan yuritiladi. Tahlil natijalari o‘n kunda kamida bir marta yozib boriladi, tahlil o‘tkazilgan oraliq muddatlari ko‘rsatiladi va laboratoriya boshlig‘i tomonidan imzolanadi. 28. Tahlillar uchun rektifikat yoki gidrolizlangan etil spirtining sarfi mazkur Yo‘riqnomaning 10-ilovasida keltirilgan me’yorlarga muvofiq amalga oshiriladi. 29. Laboratoriya ishlari yillik va choraklik rejalar bo‘yicha tashkil etiladi. Laboratoriya ishlarining yillik rejalarida quyidagilar nazarda tutiladi: neft mahsulotlarini yangilash grafigi; neft mahsulotlarini tahlil qilish grafigi; nazorat-o‘lchov asboblarini tekshirish grafigi. Laboratoriya ishlarining chorak rejalarida quyidagilar nazarda tutiladi: neft mahsulotlarini qabul qilishda, saqlashda hamda berib yuborishda ularning sifatini nazorat qilish bo‘yicha laboratoriya ishlarini o‘tkazish, shuningdek ularni saqlash texnologiyalariga amal qilish va takomillashtirish chora-tadbirlarini o‘tkazish; kerakli uskunalar, asbob-anjomlar, reaktivlarni sotib olish; mahsulotlar saqlanishini ta’minlovchi ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish. 30. Neft mahsulotlarining sifatini tekshirish uchun GOST 2517 “Neft va neft mahsulotlari. Namuna olish usuli”ga muvofiq namunalar tanlab olinadi. Namunalar neft mahsulotlarini qabul qilishda neft mahsulotlari quyib olingunga qadar tsisternalardan, saqlashda – rezervuarlardan olinadi. 31. Tanlab olingan namunaning haroratini o‘lchash zarurati tug‘ilganda namunani tanlab oluvchi uni belgilangan sathda 5 minutdan kam bo‘lmagan vaqt mobaynida ushlab turadi. Neft mahsulotining rezervuardagi o‘rtacha haroratini topish uchun o‘zaro nisbatda olingan alohida-alohida olingan nuqtali namunalar haroratining o‘rtacha arifmetik qiymati hisoblanadi. 32. Sisternalardan neft mahsulotlari namunasini tanlab olish qabul qiluvchi va yetkazib beruvchi tashkilot yoki uchinchi tashkilotning vakolatli vakillari ishtirokida amalga oshiriladi hamda mazkur Yo‘riqnomaning 11-ilovasiga muvofiq Sisternalardan namuna olish dalolatnomasi (Z-35-son shakli) bilan rasmiylashtiriladi. Namunaning bir qismi laboratoriyada tahlil qilish uchun ishlatiladi, ikkinchi qismi normativ hujjatda nazarda tutilgan miqdorda nizoli holat uchun tahlilga zarurat tug‘ilganda ishlatish uchun tashkilotda saqlanadi, uchinchi qismi esa yetkazib beruvchi tashkilotga beriladi. 33. Neft mahsulotlari namunalari nizoli holat uchun yoki boshqa laboratoriya tomonidan alohida ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilish uchun tanlab olinganda mazkur Yo‘riqnomaning 12-ilovasiga muvofiq Namuna olish dalolatnomasi (Z-43-son shakl) bilan rasmiylashtiriladi. 34. Saqlash jarayonida nazorat tahlilini o‘tkazish uchun, uzoq muddat saqlashga qo‘yishdan oldin hamda berib yuborishdan oldin to‘liq tahlil qilish uchun namunalarni tanlab olishda Namuna olish dalolatnomasi (Z-43-son shakl) tuzilmaydi. 35. Barcha namunalar mazkur Yo‘riqnomaning 13-ilovasiga muvofiq Neft mahsulotlari namunalarini ro‘yxatga olish kitobiga (Z-44-son shakli) qayd qilinadi. 36. Neft mahsulotining namunasi ehtiyotkorlik bilan olib kelingandan so‘ng toza va quruq shisha idishlarga quyiladi. Shisha idishlar namunalarni aralashtirish uchun yuqori qismigacha to‘ldirilmaydi va neft mahsulotlarida erimaydigan tiqin bilan qattiq yopib qo‘yiladi. Namuna solingan idishning bo‘yin qismi polietilen plyonkasi yoki qattiq qog‘oz bilan o‘raladi, so‘ngra ingichka ip bilan bog‘lanadi, ipning ustidan qog‘oz yorliq yelimlanib yopishtiriladi va tashkilot muhri bilan muhrlanadi. 37. Mahsulot namunasi quyilgan har bir idishdagi yorliqda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: neft mahsulotining nomi hamda uning markasi; neft mahsulotiga tegishli bo‘lgan normativ hujjat; tashkilot nomi; namuna olingan tsisternalar yoki rezervuar raqamlari; tanlab olish sanasi hamda namuna raqami; namuna olgan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi. 38. Neft mahsulotlari berib yuborilgan kundan boshlab ularning sifati bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlar uchun namunalar 45 kun davomida saqlanadi. Neft mahsulotlari qabul qilib olinganda ularning sifati bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizoli holat uchun namuna 90 kun mobaynida saqlanadi. Tanlab olingan namunalar sifati yuzasidan nizolar yuzaga kelganda ular hal qilinguniga qadar, biroq ko‘rsatilgan muddatlardan kam bo‘lmagan muddatlarda saqlanishi shart. 39. Tahlil uchun olingan neft mahsulotlarining namunalari yiliga bir marta, yilning 1-oktabr holatiga, yuklab yuborilganda hamda rezervuar to‘liq tozalanganda laboratoriya tomonidan Neft mahsulotlari namunalarini ro‘yxatga olish kitobidan (Z-44-son shakl) beriladigan ko‘chirmaga muvofiq hisobdan chiqarib tashlanadi. Nizoli holatlar uchun namunalarni hisobdan chiqarishda mazkur Yo‘riqnomaning 14-ilovasiga muvofiq Nizoli holatlar uchun namunalarni saqlashni bekor qilish haqida dalolatnoma (Z-36-son shakl) rasmiylashtiriladi. Tahlillar uchun ishlatilmay qolgan neft mahsulotlarining qoldiqlari laboratoriya xodimlari tomonidan tegishli tozalash idishlariga quyiladi yoki xuddi shu nomdagi mahsulot solingan rezervuarga quyiladi. 40. Namunalar nazorat tahlili uchun akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyaga yuborilayotganda namunalar bilan birga mazkur Yo‘riqnomaning 12-ilovasiga muvofiq Namuna olish dalolatnomasi (Z-43-sonli shakl) qo‘shib yuboriladi. Yuborilayotgan kuzatuv xatida neft mahsuloti sifatini tekshirishda lozim bo‘ladigan fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlar hamda mazkur ishni bajarish muddati ko‘rsatiladi. IV bob. Neft mahsulotlarini qabul qilish 1-§. Umumiy talablar Oldingi tahrirga qarang. 41. Neft mahsulotlarini yetkazib berish va qabul qilish shartnoma asosida, qonunchilik hujjatlari va mazkur Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi. (41-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 42. Uzoq muddat saqlash uchun qabul qilinayotgan neft mahsulotlari normativ hujjat talablariga muvofiq qabul qilinadi. Etkazib berishdan 3 oy oldin ishlab chiqarilgan partiyalardagi neft mahsulotlari tashkilotga uzoq muddat saqlash uchun qabul qilinishi mumkin emas. 43. Neft mahsulotlarini tashish temir yo‘l tsisternalari yoki avtotsisternalarda amalga oshiriladi. 44. Neft mahsulotlarini uzoq muddat saqlashga qabul qilish jarayonida quyidagilarga e’tibor qaratiladi: rezervuarlarni, mahsulotni quyish-to‘kish moslamalarini normativ hujjat talablariga muvofiq tayyor turishini ta’minlash, belgilangan muddat mobaynida mahsulot sifatiga zarar yetkazmagan holda uning to‘laligicha saqlanishini ta’minlash, shuningdek belgilangan me’yorlarga nisbatan tabiiy yo‘qotishni maksimal darajada kamaytirish, ushbu holatlar yuzasidan aniqlangan kamchiliklar bo‘lsa, to‘laqonli bartaraf etish; keltirilgan mahsulot nomlarining berib yuborish hujjatlariga, sifati esa – normativ hujjatlarga mos kelishini aniqlash. 45. Neft mahsulotlari quyiladigan rezervuarlar oldindan ta’mirlangan bo‘lishi, ilgari saqlangan neft mahsulotlarining qoldiqlaridan (turli cho‘kmalar, smolalar, okalin va suv) yaxshilab tozalangan bo‘lishi lozim. Rezervuarlarni quyishga tayyorlashda ichki tutib turuvchi konstruksiyalarning, devorlarning, polimer qoplamalarning, ulanish joylarining, bug‘ registrlarining, nafas olish hamda saqlagich klapanlarining holatiga, tom, quvur o‘tkazgichlarning o‘zi yopiladigan qopqog‘i va boshqa uskunalarning germetikligi, suriladigan klapan va jo‘mraklarning, shuningdek issiqlikni almashtirib beruvchi va boshqa isitish qurilmalarining mustahkamligini nazorat qilish va tekshirishga alohida e’tibor berish lozim. 46. Rezervuarlar, uskunalar va aloqa vositalarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi lozim. Ta’mirlangan va quyishga tayyorlangan rezervuarlarning qopqoqli tuynuklari yopilgan holda bo‘lishi lozim. 47. Neft mahsulotlari yetkazib berilganda tsisternalarning holati va tozaligi texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi, plombalarning mavjudligi va butunligi, tsisternalar raqamlarining yuk xatida ko‘rsatilgan raqamlarga mosligi, transport hujjatlariga ilova qilinadigan sifat pasportlarining mavjudligi va ularning to‘liq to‘ldirilganligi, shuningdek sifat pasporti to‘ldirilishiga asos bo‘lgan to‘liq va nazorat tahlillari o‘tkazilgan muddati tekshiriladi. To‘liq tahlil neft mahsulotlarini yuklab yuborish kunidan 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda, nazorat tahlili esa 10 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshirilgan bo‘lishi shart. 48. Etkazib beruvchi tashkilotning sifat pasporti mahsulot to‘liq yuklab yuborilgan kundan boshlab 7 oydan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlanishi lozim. 49. Mahsulotga oid normativ hujjat talablariga sifat pasportining mos kelishi tekshirilgandan so‘ng, har bir tsisternadagi neft mahsulotining quyilganlik sathi o‘lchanadi, mahsulotning harorati, suvning mavjudligi hamda normativ hujjatlarga muvofiq tanlab olingan namunalarning mavjudligi tekshiriladi. 50. Neft mahsulotlarini qabul qilishda ularni rezervuarlarga haydashning (kuch yordamida harakatlantirib ko‘chirish) texnologik xaritasi ishlab chiqiladi. Texnologik xarita har bir rezervuar uchun mahsulotning maksimal haroratidan kelib chiqqan holda (oldingi saqlash tajribasi yoki mahalliy meteoxizmat ma’lumotlari asosida) tuziladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Bunda saqlash uchastkasi boshlig‘i texnologik xarita to‘g‘ri ishlab chiqilishiga shaxsan ishonch hosil qilishi hamda mahsulot-nasos bo‘linmasi va rezervuarlar liniyasi bo‘ylab doimiy nazorat o‘rnatishi shart. Rezervuarlar belgilangan me’yorgacha to‘ldiriladi. Bir rezervuar to‘liq to‘ldirilmasdan keyingi rezervuarni to‘ldirish mumkin emas. Bir turdagi, biroq turli markadagi (turli darajadagi oltingugurt tarkibli) neft mahsulotlari yetkazib berilgan holatlar bundan mustasno. Rezervuarlarni to‘ldirish ketma-ketligi (tartibi) texnologik xaritada ko‘rsatiladi. 51. Neft mahsulotlarini tsisternalardan bo‘shatishdan avval mahsulot sifatini tekshirish uchun nazorat tahlili o‘tkaziladi, keltirilgan mahsulot markasining ilova hujjatlarida ko‘rsatilgan markalarga muvofiqligi tekshiriladi. 52. Keltirilgan neft mahsulotlarining og‘irligini aniqlashda quyidagilarga e’tibor qaratiladi: tsisternalar hamda rezervuarlar bo‘yicha kalibrlash jadvallarini to‘g‘ri tuzishga; qiyoslangan o‘lchash vositalarini (ruletkalar, metrshtoklar, ariometrlar, hisoblagichlar va hokazo) ishlatishga; rezervuar ostki qismidagi notekisliklar va qiyalanishlarini to‘g‘ri aniqlashga; mahsulot rezervuarga quyilgandan so‘ng 2 soatdan kam bo‘lmagan vaqt ichida uning sathi, zichligi, rezervuardagi haroratni o‘lchashga; rezervuarlardagi mahsulot osti suvini to‘g‘ri aniqlashga. 53. Tarkibida oltingugurt miqdori 0,2 foiz va 0,2 foiz dan 0,5 foizgacha bo‘lgan dizel yoqilg‘isi partiyasi yetkazib berilganda ular turli rezervuarlarga quyiladi. 54. Quyish ishlari amalga oshirilayotganda tsisternalarning og‘zi mahsulotni atmosfera yog‘inlari bilan ifloslanishidan himoya qilish, mahsulotning bug‘lanib ketishi tufayli yo‘qotilishining oldini olish maqsadida brezent jildlar bilan yopib qo‘yiladi. Quyish quvurlarining uchlari esa jildlar bilan yopilgan bo‘lishi shart. 55. Havo harorati minus darajada bo‘lganda tsisternalardan motor moylari va yozgi markalardagi dizel yoqilg‘isini quyishda bunday yoqilg‘i uning markasi va havo haroratidan kelib chiqib qizitiladi. Bunda qizitish harorati mahsulotning o‘t olish haroratidan oshib ketmasligini ta’minlashi shart. Qizitish bilan bir vaqtda mahsulotning bir qismi bevosita rezervuarga quyiladi. 56. Haydovchi vositalarning loyihaviy samaradorligini ta’minlash hamda yoqilg‘i energiyasini tejab sarflash maqsadida quyuq neft mahsulotlari quyidagi haroratlargacha qizitiladi: MS-20 – 30 ºS; MT-16P – 24 ºS; M-10V2 – 14 ºS; “L” markali dizel yoqilg‘isi – quyuqlashish haroratidan 4 – 5 ºS yuqori. 57. Neft mahsulotlarini tsisternalardan bo‘shatishda mahsulot tasdiqlangan texnologik xaritaga muvofiq tegishli markasi bo‘yicha alohida quvurlarga quyiladi. 58. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 43-son, 436-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘l ustavining 146-bandiga ko‘ra, temir yo‘l orqali tashishda temir yo‘l, yuk jo‘natuvchilar, yuk oluvchilarning moddiy javobgarligi yuzaga kelishiga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar tijorat dalolatnomalari yoki temir yo‘l stansiyalari tomonidan tuziladigan umumiy shakldagi dalolatnomalar bilan tasdiqlanadi. 59. Normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan neft mahsulotlari kelib tushganda ular alohida rezervuarlarga vaqtinchalik saqlash uchun quyiladi hamda bu haqda yetkazib beruvchi tashkilotga zudlik bilan xabar beriladi. Bo‘sh rezervuarlar yo‘q bo‘lgan hollarda yetkazib beruvchi tashkilotga neft mahsulotini boshqa manzilga zudlik bilan jo‘natish to‘g‘risida bildirishnoma yuboriladi. Bildirishnomada jo‘natish sanasi, transport hujjatlari va tsisternalarning raqamlari, normativ hujjat talablariga mos kelmaydigan va sifati nomuvofiq hamda yaroqsiz deb topilgan neft mahsulotlarining hajmi ko‘rsatib o‘tiladi. 60. Agar quyidagi holatlar aniqlansa, kelib tushgan neft mahsuloti alohida rezervuarga quyiladi hamda olingan namunalar to‘liq tahlil qilinadi: tsisterna plombaga ega bo‘lmasa yoki u butun bo‘lmasa, shuningdek temir yo‘l tsisternalari mahsulot berib yuborilgan stansiya tomonidan emas, balki oraliq stansiya tomonidan plombalangan bo‘lsa; tsisternalar yetkazib beruvchining hujjatlarisiz yetib kelsa; nazorat tahlili ma’lumotlariga yoki yetkazib beruvchi tashkilotning sifat pasportidagi ma’lumotlariga ko‘ra jo‘natilgan neft mahsulotlari normativ hujjatning birorta ko‘rsatkichi talablariga to‘g‘ri kelmasa yoxud ushbu ko‘rsatkich yetkazib beruvchi tashkilotning sifat pasportida ko‘rsatilmagan bo‘lsa. 61. Tahlil o‘tkazishda neft mahsulotining rezervuarda 20 °S haroratdagi zichligi GOST 3900 “Neft va neft mahsulotlari. Zichlikni aniqlash usullari” talablariga muvofiq aniqlanadi. 2-§. Neft mahsulotini qabul qilish jarayonida hujjatlarni rasmiylashtirish 62. Rezervuarlarning neft mahsulotlarini qabul qilish uchun tayyorligi mazkur Yo‘riqnomaning 15-ilovasiga muvofiq dalolatnoma (Z-45-son shakl) bilan rasmiylashtiriladi. Rezervuarlarning tayyorligi va texnik sozligini aniqlamasdan to‘ldirish qat’iyan man etiladi. Mazkur Yo‘riqnomaning 15-ilovasiga muvofiq dalolatnoma (Z-45-son shakl) quyidagilar to‘g‘risida ham tuziladi: qurilgandan so‘ng foydalanishga qabul qilingan (ishga tushirilgan) mahsulot o‘tkazgichlarining quyishga tayyorligi to‘g‘risida; vakuum va tozalash idishlarining holati va mahsulotni qabul qiluvchi moslamalarning texnik soz holatda va ishga tayyorligi to‘g‘risida. 63. Neft mahsulotlarini qabul qilib olishda quyidagilar amalga oshiriladi: uzoq muddat saqlashga kelib tushgan neft mahsulotlari moddiy javobgar shaxs, laboratoriya xodimi va transport tashkiloti vakilining ishtirokida qabul qilinadi; tashkilot laboratoriyasida neft mahsulotlari sifatining nazorat tahlili o‘tkaziladi; shartnomada nazarda tutilgan sifat pasporti, muvofiqlik sertifikati va boshqa hujjatlar to‘liq tekshiriladi. 64. Kelib tushgan neft mahsulotlari miqdori har bir tsisternada bevosita o‘lchovlar o‘tkazish orqali aniqlanadi. Zarar yetmagan idishdagi neft mahsulotlari netto og‘irligi va har bir idishdagi mahsulot birligining miqdoriga ko‘ra qabul qilinadi. Zararlangan yoki plombalar buzilgan holatlarda neft mahsulotlarining hajmi mahsulot tarozilarida o‘lchash orqali aniqlanadi. 65. Mahsulotlarni qabul qiluvchi shaxslar faqatgina o‘zlari bevosita ishtirok etgan va aniqlagan faktlar bo‘yicha o‘zlarining shaxsiy imzolarini qo‘yib tasdiqlashlari lozim. Bevosita qabul qilish ishlarida aniqlanmagan ma’lumotlarni dalolatnomada qayd etish qat’iyan man qilinadi. 66. Temir yo‘l tsisternalarida keltiriladigan neft mahsulotlari uchun mazkur Yo‘riqnomaning 16-ilovasiga muvofiq dalolatnoma (Z-46-sonli shakl), avtotsisternalarda olib kelinadigan neft mahsulotlari uchun esa mazkur Yo‘riqnomaning 17-ilovasiga muvofiq dalolatnoma (Z-47-sonli shakl) tuziladi. Z-46-sonli va Z-47-son shakldagi berilgan dalolatnomalar mahsulotning kelib tushgan kuni tuziladi va ertasiga tashkilot rahbariga tasdiqlash uchun taqdim qilinadi. Z-46-sonli va Z-47-son shakldagi dalolatnomalar ikki nusxada, yetkazib beruvchi tashkilotga talabnoma bildirish zarurati tug‘ilganda esa uch nusxada tuziladi. Dalolatnoma mahsulot miqdorini tekshirishda ishtirok etgan barcha shaxslar tomonidan imzolanadi. 67. Agar mahsulotni qabul qilishda transport hujjatlarida ko‘rsatilganiga nisbatan ko‘p miqdorda mahsulot aniqlansa, u holda dalolatnomada mazkur ortiqcha miqdor to‘g‘risida aniq ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak. 68. Agar mahsulotni qabul qilishda transport hujjatlaridagi ma’lumotga zid tarzda kamomad aniqlansa, mahsulotni miqdor bo‘yicha qabul qilib olish natijalari Z-46, Z-47-son shakldagi dalolatnomalarda aks ettiriladi va yetkazib beruvchi tashkilotga talabnoma bildiriladi. Talabnomaga quyidagilar ilova qilinadi: a) temir yo‘l tsisternasidan qabul qilib olishda: temir yo‘l yuk xati; mahsulot kamomadi summasi hisobi; kamomad aniqlangan tsisterna plombasining surati; talabnomaga asos bo‘luvchi boshqa hujjatlar. b) avtotsisternadan qabul qilishda: tovar-transport yuk xati; yetkazib beruvchi hisobi; mahsulot kamomadi summasi hisobi; kamomad aniqlangan tsisterna plombasining surati; talabnomaga asos bo‘luvchi boshqa hujjatlar. 69. Z-46, Z-47-son shakldagi dalolatnomalari qabul qiluvchi tashkilotda ro‘yxatga olinadi va saqlanadi. 70. Mahsulot kamomadi haqida talabnomani olgandan so‘ng yetkazib beruvchi tashkilot rahbariyati talabnoma materiallari bo‘yicha xizmat tekshirishi tayinlaydi. Tekshiruv materiallari yetkazib beruvchi tashkilot rahbari tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha suiiste’mol qilish yoki mahsulotni o‘g‘irlash holatlari aniqlanadigan bo‘lsa, yetkazib beruvchi tashkilotning rahbari bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga darhol xabar qilishi kerak. Talabnomani ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yetkazib beruvchi tashkilot ikkinchi tomonni xabardor qiladi. 71. Agar aniqlangan kamomad bo‘yicha javobgarlikni transport tashkiloti zimmasiga qo‘yishga asos bo‘lsa, qabul qiluvchi tashkilot undan tijorat dalolatnomasini oladi va aniqlangan kamomadga talabnoma yuboradi. 72. Uzoq muddat saqlashga yaroqsiz bo‘lgan, sifat bo‘yicha normativ hujjat talablariga javob bermaydigan neft mahsulotlariga mazkur Yo‘riqnomaning 18-ilovasiga muvofiq uch nusxada Mahsulotning sifati nomuvofiq deb topilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma (Z-48-sonli shakl) tuziladi. Uning birinchi nusxasi talabnoma bilan birga yetkazib beruvchi tashkilotga, ikkinchisi esa “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga jo‘natiladi, uchinchi nusxasi esa tashkilot buxgalteriyasida qoldiriladi. Dalolatnomada neft mahsulotining nomi, miqdori, qayerdan, qayerga va qanday tsisternalarda keltirilgani, transport hujjatlari raqamlari, yaroqsizga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatkichlar albatta ko‘rsatilishi kerak. Agar neft mahsuloti tashkilot rezurvuariga quyilgan bo‘lsa, dalolatnomada ushbu mahsulot vaqtincha saqlanayotgan rezervuar raqami yozib qo‘yiladi. Neft mahsulotlarining turi almashishi, markirovkaning noto‘g‘riligi va neft mahsulotlari idishining standartga mos kelmagan holatlari ham mazkur Yo‘riqnomaning 18-ilovasiga muvofiq uch nusxada dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. 73. Tashkilotga kelib tushgan, lekin uzoq muddat saqlashga yaroqsiz deb topilgan neft mahsulotlari uzoq muddat saqlashga qabul qilinmaydi. Bunday neft mahsulotlari vaqtincha saqlashga qabul qilinadi, ular uchun javobgarlik yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan olib chiqib ketilishiga qadar qabul qilib olgan javobgar shaxslar zimmasida bo‘ladi. V bob. Neft mahsulotlarini saqlash 74. Neft mahsulotlarini saqlashda quyidagilarga e’tibor beriladi: belgilangan saqlash muddati davomida mahsulot sifatini saqlash va uni iste’molchilarga normativ hujjat talablariga muvofiq holatda berib yuborish; saqlashda neft mahsulotining tabiiy yo‘qotilishini kamaytirish. 75. Neft mahsulotining har bir markasi alohida saqlanadi. Neft mahsulotlarini har bir markasi bo‘yicha alohida rezervuarlarga quyishda quvurlar, nasoslar, quyish-tortish tirgaklari, estakadalar, qizitish uskunalaridan foydalaniladi. 76. Uzoq muddat saqlashga qabul qilingan neft mahsulotlarini saqlash muddatlari saqlash sharoitlariga rioya qilinganda quyidagicha: er usti rezervuarlardagi benzin yoqilg‘isi – 5 yil; er usti va yer osti rezervuarlardagi dizel yoqilg‘isi – 8 yil; er usti va yer osti rezervuarlardagi TS-1 yoqilg‘isi – 4 yil; er usti va yer osti rezervuarlardagi motor moylari (MS-20, MT-16p dan tashqari) – 5 yil; MS-20, MT-16p moylari – 6 yil. Neft mahsulotlarini saqlash muddati ishlab chiqarilgan sanadan boshlab hisoblanadi. 77. Neft mahsulotlarini saqlash muddati, agar u barcha sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha normativ hujjat talablariga mos kelsa va uzoq muddat saqlashda o‘zgarishga o‘ta moyil bo‘lgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha sifat zaxirasiga ega bo‘lsa, uzaytirilishi mumkin. Reaktiv yoqilg‘ilar, aviamoylar va MT-16p moylarining saqlanish muddatlari uzaytirilmaydi. Saqlash muddatini uzaytirish uchun akreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyaning sinov bayonnomasi asos bo‘lib xizmat qiladi. 78. Tashkilotda saqlanayotgan neft mahsulotlari belgilangan muddatlarda yangilanib turilishi kerak. Yangilash grafiklari belgilangan saqlash muddatlaridan kelib chiqqan holda har yili saqlash uchastkasi boshlig‘i hamda laboratoriya mudiri tomonidan tuzilib, tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi, so‘ngra uch kunlik muddatda Qo‘mitaga taqdim qilinadi. 79. Reaktiv yoqilg‘ining tozaligini ta’minlash maqsadida ular FGN-120 va FGN-120 M turidagi mayin tozalash filtrlari (bundan buyon matnda mayin tozalash filtrlari deb yuritiladi) orqali quyidagi tartibda filtrlanadi: yuklash boshida 10–15 minut (agar avvalgi yuklash vaqtidan so‘ng 30 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, tsisternaga quvurlardan zang tushmasligini oldini olish uchun); tozalash uskunalari orqali rezervuardan chiqmaydigan qoldiqni tsisterna yoki boshqa rezervuarga tortib olishda (rezervuar tubidagi yoqilg‘i qatlamlari tarkibida eng ko‘p mexanik aralashmalar bo‘lishi sababli); yuklash va qabul qilishdan oldin quyish-to‘kish estakadalarining quvurlarini yuvganda; vakuumli va tozalash idishlaridan yoqilg‘ini tortib chiqarganda. 80. Motor moylari va dizel yoqilg‘isini mazkur Yo‘riqnomaning 56-bandida ko‘rsatilgan haroratgacha qizdirish, faqatgina ularni yuklashga tayyorlashda yoki boshqa rezervuarga ko‘chirishda qo‘llanilishi mumkin. Saqlash davomida qizdirish ishlari amalga oshirilmaydi. Motor moylari cho‘kmalar bilan saqlanganda emulsiyali ajratmalar ajralishi, bariy tarkibining pasayishi, cho‘kmaning yetarlicha gidrolitik jihatdan barqaror emasligi hisobiga kul ajralib chiqishi sababli yilda ikki marta bahor-yoz va kuz-qish davrida ishqor miqdori, kul yoki emulsiyali ajratmalarning tarkibiy o‘zgarishini aniqlash kerak. Emulsiyali ajratmalar rezervuar sig‘imiga nisbatan (maksimal quyilganda), 0,3 foiz miqdorda ajralib chiqqanda motor moyi darhol yangilanishi zarur. 81. Neft mahsuloti sifat va miqdor jihatdan saqlanishini ta’minlash maqsadida qish paytida rezervuarlar va quvurlar, rezervuarlardagi qulflash armaturalarining germetikligi, mahsulot-nasos bo‘limlarining texnik sozligi doimiy nazorat qilib turiladi. Rezervuarlardagi va boshqa sig‘imlardagi mahsulotlar tashqi ko‘rik va rezervuarlar sathi darajasini o‘lchash bilan nazorat qilinadi. 82. Rezervuar tomlarining germetikligi va nafas olish uskunasining ishi yilda bir martadan kam bo‘lmagan holda, bahor-yoz davrida tekshirib turiladi. Yuqori taranglikdagi bug‘ga ega neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuarlar tomining germetikligini tekshirish bahor-yoz vaqtida har oyda bir marta o‘tkaziladi. Rezervuarning gazli muhitdagi bosimi va vakuumni tekshirish uchun U shaklidagi suyuqli manometrdan foydalaniladi. 83. Yilda ikki marta (bahor va kuzda) nafas olish va gidravlik saqlash klapanlari bo‘yicha sozlash ishlari o‘tkazilib turilishi kerak. Bunda ishchi suyuqlik gidravlik saqlash klapanlariga quyiladi va undan qoldiqlar oqiziladi. Kuzda bu suyuqlikning har bir klapanida quyulish harorati tekshirib turilishi kerak. Undagi harorat mazkur hududdagi eng quyi haroratdan ham pastroq bo‘lishi kerak. 84. Vakuumli va tozalash idishlaridan qoldiq neft mahsulotlarini tortib chiqarish kerak. Bunday mahsulotlarni saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Vakuumli va tozalash idishlarini hamda mahsulot qabul qiluvchi moslamalarni och rangli neft mahsulotlari va boshqa cho‘kmalardan tozalash ishlari yilda kamida ikki marta amalga oshiriladi. Yilda kamida bir marta flanslar ochiladi, estakada va filtr kollektorlarining uch qismlari tozalanadi. 85. Neft mahsuloti bir rezervuardan boshqa rezervuarga ko‘chirilganda Z-39, Z-40, Z-41 va Z-42-sonli shakldagi kitoblarga tegishli qayd kiritiladi hamda ko‘chirish to‘g‘risidagi tashkilot rahbari buyrug‘ining raqami va sanasi ko‘rsatiladi. 86. Neft mahsulotini bir rezervuardan boshqa biriga quyishda o‘tkazilgan tahlil natijalari navbatdagi sifat nazoratiga qadar saqlanadi. 87. Uzoq muddat saqlashda o‘zgarishga moyil bo‘lgan quyidagi neft mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlariga asosiy e’tibor qaratilishi kerak: avtomobil benzinlarida – oktan soni, fraksion tarkibi, massa ulushi, faktik smola hissasi, kislota miqdori va induksiya davri, qo‘rg‘oshin massa ulushi (etillashgan); aviatsiya benzinlarida – oktan soni, navlilik, tetraetil-qalay tarkibi, fraksion tarkib, kislota miqdori va muntazamlik davri; toluolda – fraksion tarkib; reaktiv yoqilg‘ilarda – faktik smolalarning massa ulushi, kislota miqdori va issiqlikning muntazamligi; dizel yoqilg‘ilarida – kislota miqdori va faktik smolalarning massa ulushi; motor moylarida – kislota miqdori, ishqor miqdori, kul miqdori, mexanik aralashmalar va suvning massa ulushi. 88. Neft mahsulotining sifati normativ hujjat talablariga muvofiq bo‘lgan, biroq biror ko‘rsatkich bo‘yicha sezilarli pasayish aniqlangan barcha hollarda rezervuardagi neft mahsuloti alohida nazorat ostiga olinadi. Uning sifatini tekshirish belgilangan muddatdan ko‘proq bo‘ladi va belgilangan saqlash muddati tugagunga qadar yangilanadi. Bu haqda tashkilot darhol Qo‘mitaga xabar beradi. Qo‘mita tayinlaydigan komissiya tomonidan mahsulot sifati buzilishi sabablari aniqlanadi, aybdor bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi. VI bob. Neft mahsulotlarini berib yuborish 1-§. Umumiy talablar 89. Neft mahsulotlarini berib yuborish uchun Qo‘mita tomonidan beriladigan naryadlar asos bo‘ladi. 90. Neft mahsulotlarini yuklab berishda quyidagilarga e’tibor qaratiladi: neft mahsulotlarini iste’molchilarga yuklab berish bo‘yicha rejalar va topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarish; temir yo‘l tsisternalarini va avtotsisternalarni yuklashga tayyorlash ishlari GOST 1510 “Neft va neft mahsulotlari. Plombalash, o‘rash, transportda tashish va saqlash” va boshqa normativ hujjatlarga mos ravishda amalga oshirish; neft mahsulotlari uchun mo‘ljallangan tsisternalarni mazkur Yo‘riqnoma va boshqa normativ hujjatlar talablariga mos ravishda laboratoriya va saqlash uchastkasi xodimlari tomonidan diqqat bilan ko‘zdan kechirish; tsisternalarga mahsulotni quyish va rezervuarlarni tozalash vaqtida neft mahsulotlarining miqdor va sifat jihatidan butligini ta’minlash. 91. Birinchi navbatda oldinroq kelib tushgan yoki muddatdan avval yangilanishni talab qilinuvchi neft mahsulotlari yuklab jo‘natiladi. 92. Yuklab berishdan ikki oy oldin neft mahsulotining sifati mazkur Yo‘riqnomaning 4-ilovasiga muvofiq Tashkilotlarda neft mahsulotlarini iste’molchilarga berib yuborishdan oldin o‘tkaziladigan tahlil hajmlari asosida to‘liq tahlil qilinadi. 93. Dizel yoqilg‘isini yuklab berishda uzoq muddat saqlash uchun qabul qilish paytida aniqlangan tsetan raqami sifat pasportiga yoziladi. 94. Bir yildan kamroq vaqt saqlanayotgan avtotraktor yoqilg‘isi va moylari to‘liq tahlildan o‘tkazilmasligi mumkin. Bu mahsulotni yuklab berish qabul qilish vaqtida o‘tkazilgan to‘liq tahlil, saqlash vaqtida o‘tkaziladigan nazorat tahlili va piknometr yordamida qo‘shimcha tarzda aniqlangan zichligi inobatga olinadi. 95. Neft mahsulotlarini tsisternalarga quyishdan oldin transport hujjatlari, tsisternalarning ichki va tashqi yuzalari tekshiriladi. 96. Neft mahsulotlari uchun mo‘ljallangan tsisternalar texnik jihatdan soz, tashish qoidalarida belgilangan talablarga javob beradigan, oldin tashilgan mahsulotlarning qoldig‘idan tozalangan, normativ hujjat talablariga muvofiq neft mahsulotlarining quyilishiga tayyor bo‘lishi kerak. Neft mahsulotlarini sifatsiz tozalangan, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan va nosoz tsisternalarga quyilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sisternalarning nosoz holati yuzasidan mazkur Yo‘riqnomaning 19-ilovasiga muvofiq Sisternalarni ko‘rikdan o‘tkazish dalolatnomasi (Z-49-son shakl) rasmiylashtirilishi shart. 97. Reaktiv dvigatellar uchun yoqilg‘i yuklab jo‘natilayotganda yoqilg‘ilarga zang tushmasligi va ifloslanishlarning oldini olish maqsadida mazkur Yo‘riqnomaning 20-ilovasiga muvofiq Reaktiv yoqilg‘ining tozaligini ta’minlash uchun olib borilgan reglament ishlarining ro‘yxatida belgilangan ishlar amalga oshiriladi. Natijalari to‘g‘risida mazkur Yo‘riqnomaning 15-ilovasiga muvofiq dalolatnomaga (Z-45-son shakl) qayd kiritiladi. 98. Sisternalar neft mahsulotlari bilan to‘ldirilganidan keyin normativ hujjat talablariga muvofiq ushbu mahsulotlardan o‘rtacha namunalar tanlab olinadi. Neft mahsulotlari maxsus iste’molchilar uchun yuklab jo‘natilayotganda har bir o‘rtacha namuna bir manzil uchun mo‘ljallangan barcha tsisternalardan olinadi. Boshqa iste’molchilar uchun esa bir manzilga jo‘natiladigan har to‘rtinchi tsisternadan, lekin kamida ikkita tsisternadan namunalar olinadi va o‘rtacha namuna aniqlanadi. 99. Sisternalarni to‘ldirish va bo‘shatish vaqtida mazkur Yo‘riqnomaning 54-bandiga muvofiq mahsulotning ifloslanishiga qarshi choralar ko‘riladi. Sisternalar belgilangan normalar doirasida to‘ldiriladi, tsisterna qopqoqlari mahkam qilib yopiladi va plombalanadi. 100. Tashkilot tomonidan yuklab jo‘natiladigan neft mahsulotlariga mazkur Yo‘riqnomaning 21, 22 va 23-ilovalariga muvofiq shartnomada nazarda tutilgan sifat pasportlari beriladi. Sifat pasportining birinchi nusxasi tashkilot buxgalteriyasida qoladi, ikkinchi nusxasi esa transport yuk xatiga biriktiriladi. Sifat pasportidagi ko‘rsatkichlar yuklab yuborishga mo‘ljallangan rezervuarlardan olingan neft mahsulotlari namunalarining so‘nggi laboratoriya tahlili asosida to‘ldiriladi. Sifat pasporti raqami mazkur Yo‘riqnomaning 13-ilovasiga muvofiq Neft mahsulotlari namunalarini ro‘yxatga olish kitobining (Z-44-sonli shakl) tartib raqamiga mos ravishda yoziladi. 101. Transport hujjatlari transportda yuk tashish qoidalariga muvofiq rasmiylashtiriladi. Transport hujjatining tegishli grafalarida neft mahsulotining tsisternada saqlanayotgan vaqtidagi haroratining aniq zichligi ko‘rsatilishi shart. 102. Rezervuardagi mahsulotlarning chiqmaydigan qoldiqlari tozalash quvurlaridan o‘tkazish orqali iste’molchilarga yuklab jo‘natiladi. Ayrim hollarda ushbu qoldiqlar neft mahsuloti navbatdagi yuklab yuborilishi uchun mo‘ljallangan rezervuarga o‘tkaziladi. Qoldiqlar o‘tkazilgan rezervuardagi neft mahsuloti to‘liq tahlil qilinadi. 103. Tozalash quvurlaridan o‘tkazish imkoni bo‘lmagan neft mahsulotining chiqmaydigan qoldiqlari ko‘chma uskunalar yordamida rezervuarlardan qoldiqlar uchun mo‘ljallangan tozalash idishlariga o‘tkaziladi. Ifloslanishning oldini olish maqsadida tozalash idishlari og‘ziga ko‘chma to‘rli xomaki tozalash filtrlari o‘rnatiladi. Tozalash idishida cho‘kma holidagi neft mahsuloti iste’molchilarga yuklab jo‘natiladi yoki boshqa rezervuarga o‘tkaziladi. To‘ldirish ishlari yakunlangandan keyin va mahsulotning og‘irligi aniqlangandan so‘ng tsisternalar GOST 1510 “Neft va neft mahsulotlari. Plombalash, o‘rash, transportda tashish va saqlash” talablariga muvofiq plombalanadi. 2-§. Neft mahsulotlarini berib yuborish 104. Qo‘mitaning neft mahsulotlarini berib yuborishi bo‘yicha naryadi olingandan so‘ng tashkilot rahbari tomonidan har bir saqlash uchastkasida rezervuarlarni, nasos va boshqa jihozlarni, texnologik kommunikatsiyalarni, neft mahsuloti berib yuborilishi mo‘ljallangan rezervuarlar raqami ko‘rsatilgan holda tegishli choralarni amalga oshirish to‘g‘risida buyruq chiqariladi. 105. Qo‘mita naryadi va tashkilot rahbarining buyrug‘i asosida qabul qiluvchi tashkilot tomonidan pul mablag‘lari kelib tushgandan so‘ng buxgalteriya tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 24-ilovasiga muvofiq naryad (Z-18-sonli shakl) yozib beriladi. Naryad (Z-18-sonli shakl) ikki nusxada to‘ldiriladi va tashkilot rahbari, saqlash uchastkasi boshlig‘i hamda tashkilotning bosh hisobchisi tomonidan imzolanadi. Ushbu shaxslardan birining imzosi bo‘lmagan taqdirda naryad haqiqiy deb hisoblanmaydi va ijro uchun qabul qilinmaydi. Naryadning birinchi nusxasi saqlash uchastkasi boshlig‘iga imzosi qo‘yilgan holda topshiriladi. Naryadning ikkinchi nusxasi naryad ijrosini nazorat qilish uchun tashkilot buxgalteriyasida qoldiriladi. Naryadning amal qilish muddati Qo‘mita naryadida ko‘rsatilgan muddatga muvofiq hamda joriy oy doirasida belgilab beriladi. 106. Neft mahsulotlarini qabul qiluvchi tashkilotga bevosita uning vakili orqali ajratib berilishi uchun qabul qiluvchi tashkilot rahbari va bosh hisobchisi tomonidan imzolangan ishonchnoma va ushbu ishonchnomaga mahsulotni yetkazib beruvchi tashkilot bosh hisobchisining saqlash uchastkasi boshlig‘i nomiga ajratib berilishi lozim bo‘lgan mahsulot hajmi ko‘rsatilgan “ajratib berilsin” degan ko‘rsatmasi bo‘lishi shart. 107. Saqlash uchastkasi tomonidan neft mahsulotlarini temir yo‘l tsisternalariga yuklab berishda mazkur Yo‘riqnomaning 25-ilovasiga muvofiq to‘ldirilgan yuk xati (Z-50-sonli shakl), avtotsisternalarga yuklab berishda mazkur Yo‘riqnomaning 26-ilovasiga muvofiq to‘ldirilgan Tovar-transport yuk xati (Z-51-sonli shakl) rasmiylashtiriladi. 108. Neft mahsuloti temir yo‘l tsisternalariga yuklab berilganda bir ish kuni davomida yuklab berilgan neft mahsuloti hajmiga muvofiq ikki nusxada yuk xati (Z-50-sonli shakl) tuziladi. Haqiqatda ajratib berilgan neft mahsuloti haqidagi ma’lumotlar yuk xatida har bir temir yo‘l tsisternasi bo‘yicha alohida ko‘rsatiladi. Yuk xatining pastki qismida yuklab berilgan neft mahsulotining jami hajmi yoziladi. Yuk xatining birinchi nusxasi tashkilot buxgalteriyasiga saqlash uchastkasi boshlig‘i tomonidan topshiriladi, ikkinchi nusxasi esa qo‘riqlash xizmatiga topshiriladi va temir yo‘l tsisternalarining tashkilot hududidan chiqarib yuborilishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. 109. Neft mahsulotlarini avtotsisternalarga yuklab berishda tovar-transport yuk xati (Z-51-sonli shakl) ko‘chirgich qog‘ozi orqali to‘rt nusxada rasmiylashtiriladi. Hisobchi operator tegishli rekvizitlarni to‘ldiradi, “berib yuborishga ruxsat berdi” grafasiga imzo qo‘yadi va tovar-transport yuk xatlarining barcha nusxalarini haydovchi-ekspeditorga topshiradi. Mahsulotni qabul qiluvchi tashkilotning ishonchnomasini hisobchi operator o‘zida qoldiradi. 110. Avtotransport vositasining tashkilot hududiga kirib borishida qo‘riqchi tovar-transport yuk xatlari, avtomobil davlat raqam belgilari, tsisternadagi qoldiqlar yo‘qligini tekshiradi va avtotransport vositasi belgilangan yong‘in xavfsizligi talablariga javob bersa, hududga kirishiga ruxsat beradi. 111. Neft mahsulotlari temir yo‘l tsisternasiga yoki avtotsisternaga quyib berilganidan keyin smena tugashiga qadar neft mahsulotlari quyib berilishidan avval va undan keyin rezervuarni o‘lchash natijalari asosida hamda yuk xatlari bo‘yicha berilgan neft mahsuloti miqdori asosida mazkur Yo‘riqnomaning 27-ilovasiga muvofiq Tashkilotda mavjud neft mahsulotlari, ularning harakati va o‘lchashni hisobga olish kitobiga (Z-52-sonli shakl) qaydlar kiritiladi. Mazkur kitob raqamlangan, tikilgan, muhrlangan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan bo‘lishi shart. Har bir yuk xati bo‘yicha ajratib berilgan ma’lumotlar naryadning orqa tomonida alohida-alohida qilib aks ettiriladi. 112. Neft mahsulotlari avtotransport vositasida olib chiqilayotganda tovar-transport yuk xatining birinchi nusxasi ishonchnoma bilan keyinchalik tashkilotning buxgalteriyasiga topshirish, hisob-kitob bo‘yicha neft mahsulotlarini hisobdan chiqarish va moddiy javobgar shaxsga berish uchun hisobchi operatorga topshirilishi kerak. Tovar-transport yuk xatining ikkinchi nusxasi “Qabul qildi” va “Topshirdi” ustunlariga imzo qo‘yish orqali haydovchi-ekspeditor tomonidan mahsulotni qabul qilib oluvchi tashkilotga kirimni qayd etish uchun topshiriladi. Tovar-transport yuk xatining uchinchi nusxasi mahsulotni markazlashtirilgan holda olib chiqishda mahsulotni qabul qiluvchi tashkilotga topshiriladi. Tovar-transport yuk xatining to‘rtinchi nusxasi esa mahsulotni qabul qiluvchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan holda haydovchi-ekspeditor tomonidan avtotransport tashkilotiga transport xizmatlari bo‘yicha hisob-kitob qilish uchun topshiriladi. Avtotransport vositasining mahsulotni ortish uchun kelgan vaqti deb haydovchi-ekspeditor tomonidan tovar-transport yuk xatining hisobchi operatorga taqdim etish vaqti hisoblanadi. Avtotransport vositasining qabul qilingan mahsulot bilan chiqib ketish vaqti deb tovar-transport yuk xatining hisobchi operator tomonidan imzolanib haydovchi-ekspeditorga topshirish vaqti hisoblanadi. Avtotsisternaning tashkilot hududidan chiqib ketishida mahsulot mavjudligi, o‘rinlar soni va tashkilotdan chiqayotgan odamlar soni qo‘riqchi tomonidan tekshiriladi. 113. Qo‘mita tizimidagi tashkilotlarda neft mahsulotlarini yuklab berish har bir rezervuardan chiqmaydigan qoldiqni bevosita tozalash bilan birga amalga oshiriladi, bunda mazkur Yo‘riqnomaning 28-ilovasiga muvofiq Rezervuarni inventarizatsiya qilish (tozalash) natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnoma (Z-57-sonli shakl) ikki nusxada tuziladi, uning bir nusxasi nazorat uchun Qo‘mitaga yuboriladi. Bir rezervuardan yuklab berishni tugatmasdan, boshqa rezervuardan mahsulotini yuklab berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Neft mahsulotlarining chiqmaydigan qoldiqlari yuklab berishga mo‘ljallangan neft mahsulotlari saqlanayotgan rezervuarga o‘tkazilishi kerak. Bunda mazkur Yo‘riqnomada sifat nazoratiga qo‘yilgan talablarga rioya etilishi lozim bo‘ladi. Oldingi tahrirga qarang. (113-bandi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasining 2019-yil 27-martdagi 41-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 2513-1, 16.04.2019-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 10/19/2513-1/2949-son) 114. Yuklab berilgan neft mahsuloti haqida tashkilot zudlik bilan mahsulotni qabul qiluvchi tashkilotga va Qo‘mitaga xabar beradi. 115. Belgilangan muddatda naryad to‘liq yoki qisman bajarilganidan so‘ng hisobot oyining yakunida saqlash uchastkasi boshlig‘i yuklab berilgan neft mahsuloti hajmini hisoblab, natijani naryadning oldi tomonidagi “haqiqatda berib yuborildi” bandiga yozadi va o‘z imzosi bilan tasdiqlab tashkilot buxgalteriyasiga topshiradi. 116. Neft mahsulotini ajratib berish muddati tugagandan so‘ng naryad to‘liq yoki bajarilmagan qismi bo‘yicha o‘z kuchini yo‘qotadi va keyinchalik saqlash uchastkasi boshlig‘i tomonidan bajarilishi mumkin emas. Zarurat tug‘ilganda naryadning bajarilmagan qismi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan yangi naryad yozib beriladi. 117. Neft mahsulotlarini naryadda ko‘rsatilgan miqdordan ortiq ajratib berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayrim hollarda (tsisternani to‘liq to‘ldirish zarurati tug‘ilganda, bir nechta rezervuarni tozalashda) naryadda ko‘rsatilgan miqdordan ortiq mahsulot yuklab berilishi faqat Qo‘mitaning yozma ruxsati bilan keyinchalik naryad rasmiylashtirilishi orqali amalga oshiriladi. 3-§. Tashkilot hududida (baza ichida) bajariladigan harakatlarni hisobga olish va rasmiylashtirish 118. Saqlash vaqtida neft mahsulotlarini tashkilot hududida (baza ichida) harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, avariya ro‘y bergan holatlar bundan mustasno. Rezervuarlarda avariya ro‘y bergan holda tashkilot rahbari mahsulotlarni boshqa rezervuarlarga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq beradi va bu holat yuzasidan darhol Qo‘mitaga sabablarini ko‘rsatgan holda xabar beradi. 119. Neft mahsulotlarini tashkilot hududida bir rezervuardan boshqa rezervuarga o‘tkazish tashkilot rahbarining naryadi asosida amalga oshiriladi. Neft mahsulotlari ko‘chirilishida saqlash uchastkasi boshlig‘i naryadga tegishli belgi qo‘yadi va o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi. Tashkilot hududida amalga oshirilayotgan harakatlarga yuk xati yozilmaydi. VII bob. Reaktiv yoqilg‘ining tozaligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni o‘tkazish 1-§. Umumiy talablar 120. Reaktiv yoqilg‘i harakatining barcha jabhalarida: ishlab chiqarishda, transportda tashishda, saqlash omborlarida va iste’mol qilishda maxsus texnologik rejimlarga rioya qilinishi va yoqilg‘i tozaligining zaruriy darajasini ta’minlovchi texnik vositalar qo‘llanilishi kerak. 121. Rezervuarlar, temir yo‘l tsisternalari va avtotsisternalar, shuningdek yoqilg‘ini transportda tashishga mo‘ljallangan idishlar GOST 1510 “Neft va neft mahsulotlari. Plombalash, o‘rash, transportda tashish va saqlash”ga muvofiq tayyorgarlikdan o‘tadi. 122. Reaktiv yoqilg‘i saqlanadigan tashkilotlarda mahsulot ifloslanishining oldini olishga mo‘ljallangan tozalash idishlari, dag‘al va mayin tozalashga mo‘ljallangan filtrlar bo‘lishi kerak. Bu vositalarni ishga tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun qabul qilish va berib yuborish ishlarini amalga oshirishdan oldin mazkur Yo‘riqnomaning 20-ilovasiga asosan reglament ishlari ro‘yxati ishlab chiqiladi. 123. Reaktiv yoqilg‘ini uzoq muddat saqlashga qabul qilishda va iste’molchiga berib yuborishda tsisternalardan nazorat tahlili uchun olingan namunalarda mexanik aralashmalar va suv borligini tekshirish POZ-T turidagi uskuna yordamida va ko‘zdan kechirish orqali amalga oshiriladi. 124. Rezervuar to‘ldirilgandan so‘ng reaktiv yoqilg‘ini to‘liq tahlildan o‘tkazishda mexanik aralashmalarning tarkibi normativ hujjatlarga asosan aniqlanadi. 2-§. Reaktiv yoqilg‘i tozaligini ta’minlash bo‘yicha bajariladigan ishlar 125. Reaktiv yoqilg‘ida yuqori tozalikni ta’minlash uchun, birinchi navbatda tozalash va vakuumli tozalash idishlari, quvurlar, dag‘al va mayin tozalash filtrlari va mahsulotni qabul qiluvchi moslamalarga e’tibor qaratilishi lozim. 126. Tozalash va vakuumli tozalash idishlari tsisternalardan mahsulot tushirilgandan so‘ng qolgan qoldiq yoqilg‘ilarini va revervuarlardagi reaktiv yoqilg‘ining chiqmaydigan qoldiqlarini quyishga mo‘ljallangan. 127. Tozalash idishlarining tozaligi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatilishi zarur. Tinib qolgan reaktiv yoqilg‘ida suv va kirlarni olib tashlash uchun yoqilg‘i tozalash idishidan vakuum nasosi yordamida statsionar idish yoki ko‘chma idishlarga olinadi. Tub qatlamlarning ifloslanishini aniqlash POZ-T turidagi uskuna yordamida amalga oshiriladi. 128. Tozalash idishlarining ichki devorlarini yiliga kamida ikki marta kirlardan tozalab turish kerak. Bu ishlarni reaktiv yoqilg‘ini rejali (yalpi) yuklash yoki qabul qilishdan so‘ng o‘tkazish tavsiya qilinadi. 129. Tozalash idishlaridan saqlash rezervuarlariga yoki tsisternaga tortib olingan reaktiv yoqilg‘i mayin tozalash filtrlaridan o‘tkazilishi shart. 130. Reaktiv yoqilg‘ini rejali yuklash yoki qabul qilishda quvur uchastkasidan nasos-estakadagacha bo‘lgan joyni aylantirib, ikki-uch marta (quvur hajmiga qarab) reaktiv yoqilg‘i hisobi olib yuviladi. Quvur yuvilgandan so‘ng reaktiv yoqilg‘i tozalash idishiga quyiladi va unda tindiriladi. 131. Estakadadan foydalanishdagi tanaffus ikki yoki undan ko‘p oygacha bo‘ladigan bo‘lsa, tozalash ishlari takrorlanadi. 132. Dag‘al tozalash filtrlarida va kollektor chetlaridagi tindirgichlarda mexanik aralashmalar va turlicha kattalikdagi zarralari bor okalinlar yig‘ilishi, setkalar esa qistirgich bo‘laklari yoki ishqalash chiqindilari bilan to‘lishi sababli dag‘al tozalash filtrlari va tindirgichlarning holati ustidan tizimli nazorat o‘rnatilishi kerak. Rejali yuklash va qabul qilishdan oldin tindirgichlar reaktiv yoqilg‘idan tozalanadi, filtr korpusining ichki yuzasi tozalanadi va mazkur Yo‘riqnomaning 20-ilovasida keltirilgan boshqa ishlar amalga oshiriladi. Rejali yuklashni boshlashdan oldin reaktiv yoqilg‘ining quyi qatlamlarida POZ-T turidagi uskuna yordamida suv va kirlar tekshiriladi. Suv va kir aniqlanganda mahsulot qabul qilgichdan reaktiv yoqilg‘ining quyi qatlamlari vakuum nasosi yordamida olib tashlanadi. 3-§. Mayin tozalash filtrlari 133. Mayin tozalash filtrlari reaktiv yoqilg‘ini kirlardan tozalovchi asosiy agregat bo‘lib hisoblanadi. Mayin tozalash filtrlaridan zarralari 15 — 20 mikrondan katta o‘lchamdagi mexanik aralashmalardan reaktiv yoqilg‘ilarni tozalashda foydalaniladi. 134. Mayin tozalash filtrlaridan quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi: yuklashning boshlang‘ich davrida quvurdagi reaktiv yoqilg‘ini filtrlash uchun; rezervuarni tozalashda reaktiv yoqilg‘ining chiqmaydigan qoldig‘ini filtrlashda; tozalash va vakuumli tozalash idishlaridan olinayotgan reaktiv yoqilg‘ini filtrlashda. 135. Mayin tozalash filtrining konstruksiyasi, uning g‘iloflarini yig‘ish, o‘rnatish va almashtirish, ulardan foydalanish va xizmat ko‘rsatish har bir filtrga ilova qilinadigan pasportlarda ko‘rsatiladi. 136. Reaktiv yoqilg‘ini filtrlashdan oldin ularda suv yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak, chunki unda oz miqdordagi suvning bo‘lishi ham uning ishlashiga ziyon yetkazadi. Agar filtrga yangi filtr g‘ilofi qo‘yilgan bo‘lsa, filtr yig‘ib bo‘lingandan so‘ng yangi filtr g‘iloflaridan chang zarralarini yo‘qotish uchun filtrlanadigan mahsulotni 5 —10 minut o‘tkazish kerak. 137. Mayin tozalash filtri g‘iloflarini ko‘rikdan o‘tkazish, yuvish va almashtirish chiqarilgan reaktiv yoqilg‘ining miqdori, filtrlovchi matolarning yirtilishi yoki uringanligidan qat’i nazar, zadvijkalarning to‘liq ochilgan holatida filtr qo‘yilgunga qadar va undan keyingi bosim 1,5 kg/sm2 ga erishilganda amalga oshiriladi. 138. Mayin tozalash filtrlarida bosim filtr g‘ilofining ifloslanganlik darajasiga qarab, normal ish sharoitida 0,5-1,3 kg/sm2 chegarasida bo‘lishi kerak. Bosimning 0,4 kg/sm2 dan pastligi g‘ilofning yorilganidan dalolat beradi. Bu holda g‘ilof ham almashtirilishi kerak. Bosim o‘zgarishini to‘g‘ri aniqlash uchun filtr manometrlarining o‘lchash chegaralari 0 dan 6 kg/sm2 gacha bo‘lishi lozim. 139. Mayin tozalash filtrlarining filtrlash paketini ochgandan so‘ng filtr g‘iloflarining ifloslanganlik darajasi ko‘zdan kechiriladi. Ichki g‘iloflar kamroq ifloslangan bo‘lishi sababli yangi g‘ilof paketi bilan to‘ldirib, ularni tashqaridagi filtrning o‘rniga qo‘yish mumkin. Mayin tozalash filtrlarining g‘iloflarini yuvish taqiqlanadi. Yangi filtr g‘iloflari quruq binoda, parafinlangan qog‘ozda o‘rab saqlanadi. 140. Mayin tozalash filtrlari faqat dag‘al tozalash filtrlari bilan ishlatilishi lozim. Reaktiv yoqilg‘ini tortishni boshlashdan oldin dag‘al tozalash filtrlari va mahsulot qabul qilgich ko‘zdan kechirilishi hamda suvdan (mayda muz parchalaridan) va kirdan tozalanishi kerak. 141. Har bir mayin tozalash filtri tartib raqamiga ega bo‘lishi kerak. Uning ish vaqti mahsulot-nasos bo‘linmasi mashinistlari tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 29-ilovasiga muvofiq Mayin tozalash filtrlari ishini hisobga olish jurnalida qayd qilinadi. 142. Tindirgichlarga olib boradigan quvurlar (oqizish kranlari) tindirgichdagi yoqilg‘ining tozaligini tekshirish va cho‘kindini oqizib yuborish uchun bemalol bo‘lishi kerak. 143. Yoqilg‘ini yuklashdan oldin filtr korpusining ichki yuzasi ko‘zdan kechirilib, turli kirlardan tozalanadi. 144. Mayin tozalash filtri orqali har tortib olish boshlanishi va yakunlanishidan so‘ng filtr ko‘zdan kechiriladi va cho‘kindi oqizib yuboriladi. VIII bob. Och tusli neft mahsulotlari, motor moylari jarayonlarni hisobga olish 1-§. Neft mahsulotlari miqdorini aniqlash 145. Neft mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan sig‘imlar bo‘yicha tashkilot tomonidan kalibrlash jadvali tuzilishi kerak. Yer osti rezervuarlariga suv quyish yo‘li bilan hajm aniqlanadi va santimetrli kalibrlash jadvali tuziladi. Kalibrlash jadvalisiz rezervuarlarga neft mahsulotlarini qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mahsulot o‘tkazgichlar, vakuumli tozalash idishlari, mahsulot qabul qilgichlarga alohida kalibrlash jadvallari tuzilishi kerak. 146. Neft mahsuloti quyilish darajasini o‘lchash doimiy nuqtaga o‘rnatilgan, po‘latdan yasalgan o‘lchov ruletkasi yoki metrshtok yordamida, mahsulot yuzasidagi ko‘pik qatlamining yo‘qligida amalga oshiriladi. Och tusli neft mahsulotlarida ho‘llanish darajasini yaxshi aniqlash uchun ruletka lentasini yoki metrshtok shkalasiga bo‘r surib qo‘yish tavsiya etiladi. Bo‘r surilgandan so‘ng lenta yoki shkala unda bo‘r qatlami qoladigan qilib artilishi kerak. Sig‘imda mahsulot osti suvining bor-yo‘qligini tekshirish uchun lot yoki metrshtokka suvga ta’sirchan pasta yupqa qilib surtiladi. Neft mahsulotining quyilish darajasi (suv bor bo‘lganda – suyuqlikning umumiy sathi) ruletka lentasidagi ho‘llanish chizig‘iga qarab, suv qatlami balandligi esa suvga ta’sirchan pastaning rang o‘zgarish chegarasiga qarab amalga oshiriladi. 147. Rezervuardagi o‘lchash ishlari 1 mm aniqlikda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Hisobda 1 mm dan ko‘p farq aniqlanadigan bo‘lsa, o‘lchash ishlari aniq natija olingunga qadar davom etadi va uchta ko‘rsatkich asosida o‘rtacha miqdor olinadi. Sisternalardagi neft mahsulotlarini o‘lchash tsisternaning o‘q chizig‘i bo‘ylab ikki qarama-qarshi nuqtaga metrshtokni qo‘ygan holda, har bir nuqtaga kamida ikki marta qo‘yib ko‘rib, 1 mm aniqlikda amalga oshiriladi. Sisternada quyi oqizish uskunasi bor bo‘lganda esa, quyilgan neft mahsuloti balandligi darajasi metrshtokni oqizish jo‘mragidagi qarama-qarshi nuqtada, tsisterna og‘zining o‘q chizig‘iga qo‘yish bilan kifoyalanadi. O‘lchashlarda 1 mm dan ortiq tafovutlar chiqqanda o‘lchash ishlari aniq natija olgunga qadar takrorlanadi va uchta bir-biriga yaqin ko‘rsatkichlardan o‘rtachasi tanlab olinadi. Neft mahsulotlarini tsisternalarda qabul qilish va berib yuborishda moddiy javobgar shaxslar neft mahsulotining 20 ºS dagi zichligini va har bir tsisterna turini bilishi shart. 148. Sisternalarda hamda rezervuarlardagi neft mahsulotlari miqdorini aniqlash uchun quyidagilarga e’tibor qaratish kerak: neft mahsulotining o‘lchash vaqtidagi haqiqiy harorati; neft mahsulotining o‘lchash vaqtidagi haqiqiy haroratdagi zichligi; sig‘imdagi neft mahsulotining o‘lchash vaqtidagi sathi; sig‘imdagi neft mahsulotining mahsulot osti suvi sathi. 149. Rezervuar va tsisternalardagi neft mahsulotining zichligi va haroratini aniqlash uchun GOST 2517 “Neft va neft mahsulotlari. Namuna olish usuli” bo‘yicha namunalar olinadi. Mahsulot harorati namuna olgichdan darhol olib turib aniqlanadi. Termometrlar bilan haroratni o‘lchash 0,1 °S aniqlikda amalga oshiriladi. Rezervuarlardagi mahsulotning haroratini o‘lchash uchun neft mahsulotini quyilish sathi balandligining o‘rtasiga doimiy tushirilgan g‘ilofdagi termometrdan ham foydalanish mumkin. Mahsulot miqdorini o‘lchash paytida uning o‘rtacha joriy haroratini aniqlash barcha hollarda amalga oshiriladi. Rezervuardagi neft mahsulotining miqdorini aniqlashda quyidagi tuzatishlarni qo‘llash zarur: rezervuar osti notekisligi va korpus qiyaligi, rezervuar hajmining harorat o‘zgarishi hamda gidrostatik bosimi, agar kalibrovka jadvalini tuzishda gidrostatik bosim inobatga olinmagan bo‘lsa. Rezervuar osti notekisligi va korpus qiyaligiga tuzatish har bir tsisternalar partiyasini qabul qilganda hamda rezervuar to‘liq to‘ldirilganda hisoblanadi. Rezervuar osti notekisligi va korpus qiyaligini tuzatish hisobi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Birinchi marta mahsulot bilan to‘ldirilgan yer osti rezervuarlarining ostki notekislik qiyaligi hisobi 6 oy davomida, qayta quyilgan rezervuarlar 1 oy davomida kuzatiladi. 2-§. Neft mahsulotlarini inventarizatsiya qilish, hisobga olish va kamomadini hisobdan chiqarish 150. Tashkilotda neft mahsulotlarining amaldagi kamomadi quyidagi yo‘l bilan aniqlanadi: temir yo‘l tsisternalarida tashishda – temir yo‘l hujjatlarida ko‘rsatilgan miqdorni qabul qilish vaqtida temir yo‘l tsisternalarida amalga oshirilgan o‘lchash orqali aniqlangan miqdor bilan solishtirish orqali; qabul qilish, saqlash, berib yuborish va tashkilot hududida (baza ichida)gi ko‘chirishlarda – rezervuarlarni tozalash vaqtida rezervuarga qabul qilingan va berib yuborilgan (ko‘chirib o‘tkazilgan) neft mahsulotlari miqdorini solishtirish yo‘li bilan. 151. Tashkilotda rezervuarlar va boshqa sig‘imlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarining amaldagi mavjudligi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek me’yordan ortiq kamomadning oldini olish maqsadida moddiy-javobgar shaxslar quyidagi ko‘rinishda neft mahsulotlarining nazorat o‘lchovlarini amalga oshiradilar: a) oyiga bir marta birinchi sana holatiga – tashkilotning barcha rezervuarlari va boshqa sig‘imlarida laboratoriya xodimlari ishtirokida; b) kundalik (haroratni o‘lchash va og‘irlikni hisoblash bilan – haftasiga bir marta) sirqib chiqish signalizatorlari bilan jihozlanmagan yoki nosoz bo‘lgan hollarda: chuqurlashtirilgan turdagi rezervuarlarda; qurilishi tugallangan yoki tagi va korpusi kapital ta’mirlangan barcha turdagi rezervuarlarda neft mahsuloti quyilgan kundan boshlab uch oy davomida; texnik holati qo‘shimcha nazoratni talab qiluvchi barcha turdagi rezervuarlarda; rezervuar va boshqa sig‘imlarda to‘satdan tashkilot rahbari ko‘rsatmasiga ko‘ra buxgalteriya va boshqa moddiy-javobgar xodimlari ishtirokida. 152. Qabul qilish, saqlash, berib yuborish va tashkilot ichida ko‘chirish kabi ishlarni amalga oshirish vaqtida tsisternalarning har bir partiyasi bo‘yicha rezervuarlar, vakuumli va tozalash idishlari hamda mahsulot qabul qiluvchi vositalarda o‘lchovlar amalga oshiriladi. Agarda rezervuarga quyish vaqtida tsisternalar va rezervuar o‘lchovlari o‘rtasida tabiiy kamayish normasidan sezilarli farq bo‘lsa, o‘lchovlar qayta o‘tkaziladi, tafovut sabablari aniqlanadi va tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi. 153. Nazorat o‘lchovlari uchun mazkur Yo‘riqnomaning 30-ilovasida keltirilgan (Z-34-sonli) shakl bo‘yicha dalolatnoma tuzilmaydi. Barcha o‘lchovlar natijalari mazkur Yo‘riqnomaning 27-ilovasiga muvofiq yuritiladigan Tashkilotda mavjud neft mahsulotlari, ularning harakati va o‘lchashni hisobga olish kitobining (Z-52-sonli shakl) 7–15-ustunlariga kiritiladi. Har yili 1-oktabr holatiga, shuningdek moddiy-javobgar shaxs almashganda, tashkilot tomonidan chiqarilgan buyruq asosida tayinlangan komissiya rezervuar va sig‘imlarda mavjud bo‘lgan neft mahsulotlarini inventarizatsiya qiladi. Inventarizatsiya natijalari mazkur Yo‘riqnomaning 28-ilovasiga muvofiq dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Rezervuarlarda neft mahsulotlarining haqiqiy miqdorini aniqlash uchun mazkur Yo‘riqnomaning 30-ilovasiga muvofiq Rezervuarni o‘lchash natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (Z-34-sonli shakl) ikki nusxada tuziladi. Dalolatnomaning bir nusxasi inventarizatsiya o‘tkazgan komissiya bayonnomasi bilan Qo‘mitaga taqdim etiladi. 154. Saqlash, berib yuborish va boshqa jarayonlar vaqtida mahsulotning ortib qolishi yoki me’yordan ortiq kamomad holatlari aniqlanganda saqlash uchastkasi boshlig‘i tashkilot rahbarini xabardor qilishi lozim, bunda tashkilot rahbari qayta o‘lchash va Rezervuarni o‘lchash natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (Z-34-sonli shakl) tuzish uchun komissiya tayinlaydi. Tashkilot rahbari mahsulotning ortib qolishi yoki me’yordan ortiq kamomad chiqish sabablarini aniqlab ularni bartaraf etishi kerak. Inventarizatsiya vaqtida tabiiy yo‘qotishning o‘rnatilgan normasi doirasida va o‘lchash vaqtidagi me’yoriy xatoliklar chegarasida aniqlangan kamomad, har bir rezervuardagi mahsulot miqdoridan +/-0,5 foizdan ko‘p bo‘lmasa, shuningdek ortiqcha mahsulot rezervuardagi mahsulot miqdoridan +/-0,5 foizdan ko‘p bo‘lmasa, buxgalteriya va ombor hisobida ko‘rsatilmaydi. 3-§. Neft mahsulotlarining ombor hisobi 155. Neft mahsulotlarining ombor hisobi moddiy javobgar shaxslar tomonidan mazkur Yo‘riqnomaning 27-ilovasiga muvofiq yuritiladigan Tashkilotda mavjud neft mahsulotlari, ularning harakati va o‘lchashni hisobga olish kitobida (Z-52-sonli shakl) yuritiladi. 156. Tashkilotda mavjud neft mahsulotlari, ularning harakati va o‘lchashni hisobga olish kitobining (Z-52-sonli shakl) 4–6 grafalariga kiritiladigan yozuvlar qabul qilish dalolatnomalari, ko‘chirish naryadlari, yuk xatlari, rezervuarlarni tozalash natijalari haqidagi dalolatnomalar, hujjatlarni tuzish kunida tahlil uchun olingan neft mahsulotlari haqidagi laboratoriya ma’lumotnomasi asosida amalga oshiriladi. Har bir rezervuar, tozalash va vakuum idishi, mahsulotni qabul qilish uskunasi va mahsulot quvuri uchun kitobda alohida hisobvaraq ochilishi lozim. Hisobvaraq rezervuarlarning har bir bo‘shatilishida yopiladi. 157. Idishdagi neft mahsulotlarining ombor hisobi uchun mazkur Yo‘riqnomaning 31-ilovasiga muvofiq Birinchi guruh moddiy boyliklarining omborxona hisobi-kitobi (Z-24-sonli shakl) yuritiladi. Ushbu kitobda har bir neft mahsuloti partiyasi va har bir ombor bo‘yicha alohida shaxsiy hisobvaraq ochilishi lozim. 158. Kitobdagi yozuvlar ehtiyotkorlik bilan aniq yozilishi lozim. O‘zgartishlar va o‘chirishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Satrlarning ustki va pastki qismiga, yozuvlar orasidagi bo‘shliqlarga boshqa yozuvlarning kiritilishi mumkin emas. Aniqlangan xatolar ustidan chiziq chiziladi va noto‘g‘ri yozilgan raqamlar yoki matnni o‘qish mumkin bo‘lgan holda to‘g‘ri raqam yoki matn yoziladi. Bir vaqtning o‘zida mazkur joyda tegishli satrda “O‘zgartirilgan” deb yoziladi va neft mahsulotlari hisobini yurituvchi shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi. 159. Kitobdagi yozuvlarga asosan saqlash uchastkasi boshlig‘i tashkilot laboratoriyasi bilan birgalikda neft mahsulotlarini yangilash va almashtirishning yillik rejasini tuzadi va yilning 1-martidan kechiktirmay Qo‘mitaga yuboradi. 160. Buxgalteriya va ombor hisobi o‘rtasidagi neft mahsulotlari qoldiqlari va harakati (kirim va chiqim bo‘yicha) ko‘rsatkichlarini solishtirish har oy amalga oshirilishi kerak. Bir vaqtning o‘zida nazorat o‘lchovlari natijalari bo‘yicha neft mahsulotlarining amalda mavjud miqdori bilan hisobot ma’lumotlari solishtiriladi. Solishtiruv neft mahsulotlarining ombor va buxgalteriya hisobini yurituvchi xodimlar tomonidan buxgalteriya bo‘limi oylik aylanma balansi tuzilguniga qadar amalga oshiriladi. 161. Agar solishtiruv vaqtida buxgalteriya va ombor hisobi o‘rtasida tafovut vujudga kelsa, farqni keltirib chiqargan sabablar aniqlanib, bartaraf etilishi hamda buxgalteriya va ombor hisob-kitoblariga hisobot oyi sanasi bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim. Amalga oshirilgan solishtiruv Tashkilotda mavjud neft mahsulotlari, ularning harakati va o‘lchashni hisobga olish kitobining (Z-52-sonli shakl) yoki Birinchi guruh moddiy boyliklarining omborxona hisob-kitobining (Z-24-sonli shakl) har bir shaxsiy hisobvarag‘ida bosh hisobchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Agarda solishtirish vaqtida neft mahsulotining bir yoki bir nechta rezervuarlardagi amaldagi miqdorini o‘lchash natijalari hisobot ko‘rsatkichlariga nisbatan tabiiy yo‘qotish normasidan va o‘lchovlarda yo‘l qo‘yiladigan xatoliklar me’yorlaridan yuqori bo‘lsa, qayta o‘lchovlar amalga oshiriladi, Rezervuarni o‘lchash natijalari to‘g‘risida dalolatnoma (Z-34-sonli shakl) tuziladi va ushbu tafovutlarga sabab bo‘lgan omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘riladi. 162. Saqlash uchastkasi tomonidan rasmiylashtiriladigan neft mahsulotlarini qabul qilish, berib yuborish va boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha barcha hujjatlar (qabul qilish dalolatnomalari, chiqim yuk xatlari, rezervuarlarni o‘lchash va tozalash dalolatnomalari), shuningdek berib yuborish va boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha ijro etilgan naryadlar bajarilishi bilan har kuni mazkur Yo‘riqnomaning 32-ilovasiga (Z-53-sonli shakl) muvofiq ro‘yxat bo‘yicha buxgalteriyaga topshirilishi zarur. 163. Buxgalteriyaga topshiriladigan hujjatlar mazkur Yo‘riqnomada belgilangan talablarga javob berishi lozim. Rasmiylashtirilgan barcha hujjatlarda, ularning matn qismi bilan bir qatorda raqamlar qismida ham o‘chirishlar va tuzatishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Hujjatdagi har bir tuzatish maxsus (shu hujjatning o‘zidayoq) izohlanib, hujjatga imzo qo‘yuvchi shaxslar tomonidan tasdiqlanishi lozim. Noto‘g‘ri tuzilgan yoki noto‘g‘ri ravishda o‘zgartirilgan hujjatlar tashkilot buxgalteriyasi tomonidan qabul qilinmaydi va qayta tuzish uchun qaytarib beriladi. IX bob. Neft mahsulotlarini qabul qilish, berib yuborish, saqlash va tashishdagi tabiiy yo‘qotish normalarini qo‘llash 164. Neft mahsulotlarining tabiiy yo‘qotilishi (normativ hujjatlar talablari chegarasida massaning kamayishi) deganda qabul qilish, saqlash va berib yuborishda neft mahsulotlarining fizik-kimyoviy xususiyatlari, meteorologik omillar ta’siri va neft mahsulotlarining himoya vositasi mukammal emasligidan kelib chiqqan yo‘qotishlar tushuniladi. Tabiiy yo‘qotish normalari – bevosita tovar-transport ishlari jarayonida kelib chiqadigan, neft mahsulotlarining yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy qaytarilmas yo‘qotish kattaligi bo‘lib, faqat mahsulot kamomadi aniqlanganda qo‘llaniladi. Kamomad aniqlangunga qadar tabiiy yo‘qotish normalari bo‘yicha neft mahsulotini hisobdan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. 165. Tabiiy yo‘qotishlarga normativ hujjatlar, texnik foydalanish va saqlash qoidalari talablarining buzilishi sababli va tabiiy ofatlar natijasida yuz bergan yo‘qotishlar kirmaydi. Rezervuarlar va quvurlarni ta’mirlash, tozalash bilan bog‘liq yo‘qotishlar, avariya va o‘g‘irlik oqibatida ko‘rilgan zararlar, shuningdek omborxona ichki quyish-olish ishlaridagi yo‘qotishlar ham tabiiy yo‘qotish normasiga kiritilmaydi. 166. Tabiiy yo‘qotish normalari sanoq bo‘yicha (qadoqlangan mahsulotlar) qabul qilinadigan va berib yuboriladigan, germetik idishlarda (germetikadan foydalanib kavsharlangan, zichlangan) tashiladigan yoki saqlanadigan, shuningdek yuqori bosim ostida rezervuarlarda saqlanadigan neft mahsulotlariga tatbiq etilmaydi. X bob. Yakuniy qoida 167. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV 2013-yil 23-avgust “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Sh. FAYZULLAYEV 2013-yil 23-avgust “O‘zbekiston temir yo‘llari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV 2013-yil 23-avgust O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i A. ABDUVALIYEV 2013-yil 23-avgust Birinchi guruhga neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga 1-ILOVA Neft, gaz kondensati va neft mahsulotlarining guruhlari 1 guruh 1. Avtomobil benzinlari 2. Gaz kondensati 3. Boshlang‘ich qaynash harorati 40 ºS dan yuqori bo‘lmagan haroratli boshqa neft mahsulotlari 2 guruh 1. Gaz kondensati 2. B-92 Aviatsiya benzini 3. Boshlang‘ich qaynash harorati 50 ºS dan yuqori bo‘lmagan haroratli boshqa neft mahsulotlari 3 guruh 1. Benzin – rezina sanoati uchun erituvchi mahsulot (modda) 2. Nefras neftga oid erituvchi 3. Neft benzoli 4. Boshlang‘ich qaynash harorati 100 ºS dan yuqori bo‘lmagan haroratli boshqa neft mahsulotlari 4 guruh 1. Benzin – lak-bo‘yoq sanoati uchun erituvchi mahsulot 2. TS-1, DJET A-1 (DEFSTAN 91-91) reaktiv dvigatellari uchun yoqilg‘i 3. Texnik maqsadlar uchun kerosin 4. Neft ksiloli 5. Neft toluoli 6. Texnik etilbenzol 7. Boshlang‘ich qaynash harorati 100-150 ºS chegarasida bo‘lgan haroratli boshqa neft mahsulotlari 5 guruh 1. Yorug‘lantiruvchi kerosin 2. Texnik izopropilbenzol 3. “Qishki” dizel yonilg‘isi 4. Boshlang‘ich qaynash boshlanishi 150-180 ºS chegarasida bo‘lgan haroratli boshqa neft mahsulotlari 6 guruh 1. Gidravlik moy 2. “Yozgi” dizel yonilg‘isi 3. Gaz turbina o‘rnatmalari uchun neft yonilg‘isi 4. O‘rta va kichik oborotli dizellar uchun motor yonilg‘isi 5. TPB maishiy pech yonilg‘isi 6. S10-S18, S12-S16 ning birlamchi (dastlabki) fraksiyalari bo‘lgan quyuq sintetik spirtlar. 7. Boshlang‘ich qaynash harorati 180 ºS dan yuqori bo‘lgan boshqa neft mahsulotlari 7 guruh 1. Barcha markadagi mazutlar 2. Barcha markadagi moylash uchun ishlatiladigan moylar 3. Barcha markadagi surtiladigan moylar 4. Barcha markadagi cho‘kmalar 5. Suyuq neft bitumlari 6. Boshqa suyuq neft mahsulotlari 8 guruh Turli neftlar Birinchi guruhga neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga 2-ILOVA Neft mahsulotlarini saqlashda nazorat tahlillarini o‘tkazish muddatlari va hajmi
Download 0.57 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling