1. Konstitutsiya tushunchasi 2
partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi
Download 183.89 Kb. Pdf ko'rish
|
4-Mavzu. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi - inson huquq
partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi”, – deb belgilangan qoidalar va g‘oyalar Konstitutsiya himoyasiga bevosita taalluqlidir. Chunki yuqoridagi holatlarning barchasi Konstitutsiyada belgilangan munosabatlardir. Konstitutsiyaga amal qilishni ta’minlovchi alohida vosita sifatida Konstitutsiyaviy sud faoliyatini ko‘rsatsa bo‘ladi. Chunki, Konstitutsiyaga amal qilish faqat uni bajarish emas, unga zid boshqa hujjatlarni ham qabul qilmaslikdir. Konstitutsiyaning 16-moddasida: “Birorta ham qonun yoki normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas”, – deb belgilangan. Konstitutsiyamizning 108-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘radi”, – deb belgilangan bo‘lsa, 109-moddada uning vakolatlari yanada aniqroq ko‘rsatib o‘tiladi. Unga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi: 1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi; 2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 3) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; 4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolat doirasida boshqa ishlarni ham ko‘rib chiqadi, deb belgilab qo‘yilgan. Konstitutsiyaga amal qilishda fuqarolarning bilimi ham muhim rol o‘ynaydi. Konstitutsiya bo‘yicha fuqarolarning bilimlarini kengaytirish maqsadida 2001-yil 4- yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil qilish to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishi qabul qilingan. Unda Konstitutsiyaning o‘rni, ahamiyati, ma’no va mohiyatini fuqarolarga yetkazish maqsadida maxsus o‘quv kurslari tashkil etish va bilim berishning samarali mexanizmini yaratish belgilangan. Shu farmoyish ijrosi bo‘yicha mamlakatimizda e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirildi. Ta’limning turli bosqichlari uchun o‘quv dasturlari, o‘quv qo‘llanmalari tayyorlandi. O‘quv rejalariga o‘quv kursi kiritildi. Konstitutsiyaning yuridik xususiyatlaridan biri sifatida uning boshqa huquqlar uchun baza, asos bo‘lishi ko‘rsatilgan edi. Qonun huquq ifodalanadigan asosiy hujjatlardan biri bo‘lganligi sababli, uning vujudga kelishida ham konstitutsiyani asos, baza deb hisoblashimiz mumkin. Eng avvalo shunga e’tibor berish kerakki, qabul qilinadigan qonunlar konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi kerak. Bu qonunlarni yaratishdagi asosiy prinsip. Ikkinchidan, qabul qilinadigan qonunlar konstitutsiya normalariga tayanishi, uni hayotga tatbiq qilishni nazarda tutishi, konstitutsiyada nazarda tutilgan qoidani yanada to‘laroq tartibga solishni maqsad qilishi shart. Masalan, Konstitutsiyaning 37-moddasida: “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir”, – deb belgilangan. Bu mehnat munosabatlarining asoslarigina hisoblandi, mehnat munosabatlari shular bilangina tugamaydi. Ular juda keng. Endi shu asosiy mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa munosabatlar mehnat qonunlari bilan tartibga solinadi. Demak, konstitutsiya mehnat qonunini yaratish uchun asos bo‘ldi. Xuddi shuningdek, konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy ta’minot olish masalasi, tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish masalalari yoki atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish masalasi, harbiy xizmatni o‘tash burchlari ham har tomonlama tartibga soluvchi qonunlar bo‘lishini taqozo etadi. Konstitutsiyaning ko‘pchilik moddalarida esa, shu masala qonun bilan tartibga solinishi tartibi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Masalan, referendum masalasini belgilagan 9-modda, fuqarolik masalasini belgilagan 21- modda, fuqarolarning murojaat qilishi haqidagi 35-modda, Prezident saylovlariga taalluqli 90- modda, Vazirlar Mahkamasiga taalluqli 98-modda, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatiga taalluqli 102, 103-moddalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga taalluqli 105-modda, saylov tizimiga taalluqli 117-modda, Prokuratura faoliyatiga taalluqli 120-modda, qurolli kuchlar faoliyatiga taalluqli 125-moddalarida shu masalalar qonun bilan tartibga solinishi ko‘rsatib o‘tilgan. Konstitutsiya qonunchilik asosi deganda konstitutsiyaning o‘zida qonun qabul qilish va e’lon qilish jarayoni asoslari belgilab qo‘yilganligini ham ko‘rsatish mumkin. Konstitutsiyaning 78-moddasida Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. 83-moddasida qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar doirasi belgilangan va 84-moddada qonun yaratish jarayoni mustahkamlangan. Unga asosan, qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi. Qonunlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan, konstitutsiyaviy qonunlar mutloq ko‘pchilik ovoz bilan (O‘zbekistonda uchdan ikki qism ovoz bilan) qabul qilinadi. Qonun qabul qilish jarayoni keng ravishda darslikning boshqa mavzularida bayon qilinadi. Konstitutsiyalar taraqqiyotning turli davrlarida va alohida sharoitlarda vujudga kelganligi sababli ularning turlari ham xilmaxildir. Ularning turlanishiga shakli, qabul qilinish tartibi, amal qilishi va boshqalar ta’sir qiladi. Eng avvalo, Konstitutsiyalar yozilgan va yozilmagan konstitutsiyalarga bo‘linadi. Aksariyat mamlakatlarning konstitutsiyalari alohida tartibda qabul qilingan, yagona hujjat tartibida mavjud bo‘lgan Konstitutsiya bo‘lib, ular yozilgan konstitutsiya deb e’tirof etiladi. Ayrim mamlakatlarda konstitutsiyalar yagona hujjat shaklida bo‘lmay, turli munosabatlarni tartibga soluvchi turli hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ular ham konstitutsiya hisoblanadi. Hatto konstitutsiyaviy kelishuv hujjatlari, odatlar ham konstitutsiya hisoblanadi. Bunday mamlaktlar konstitutsiyalari yozilmagan konstitutsiya deb hisoblanadi (Buyuk Britaniya, Shvetsiya va hokazo). Bunday mamlakatlarning konstitutsiyalari ham kuchli konstitutsiyaviy tuzum bo‘lishini ta’minlamoqda. Konstitutsiyalar yana qabul qilinish tartibiga qarab ham turlanadi. Asosan konstitutsiyalar legitim vosita orqali, ya’ni ko‘pchilik e’tirof etgan yo‘llar bilan qabul qilinishi mumkin. Xalq tomonidan (referendum yo‘li bilan) – Rossiya, Fransiya Konstitutsiyalari, konstitutsiya qabul qilish uchun maxsus chaqirilgan ta’sis majlisi tomonidan – AQSh, Italiya, Hindiston konstitutsiyalari yoki qonunchilik organi – Parlament tomonidan (O‘zbekiston Konstitutsiyasi). Ayrim mamlakatlar konstitutsiyalari oldin parlamentda qabul qilinib, keyin referendum orqali qabul qilingan (Ispaniya Konstitutsiyasi). Bunday tartibda qabul qilingan konstitutsiyalar hadya qilinmagan konstitutsiyalar hisoblanib, ularni qabul qilish tartibi demokratik hisoblanadi. Jahon konstitutsiyaviy tajribasida kam uchrasada, oktroir (yuqoridan hadya qilingan) konstitutsiyalar ham uchraydi. O‘z davlati uchun monarx davlat boshlig‘i tomonidan hadya qilingan konstitutsiya bunga misol bo‘ladi. Yaponiya imperatori tomonidan hadya qilingan konstitutsiya hadya qilingan konstitutsiyadir. Oktroir konstitutsiyalarining ikkinchi guruhiga mustamlakachi davlat o‘z mustamlakasiga mustaqillik berayotganda qabul qilingan konstitutsiyalarni keltirish mumkin. Buyuk Britaniya o‘z qaramog‘idagi ko‘pgina davlatlarga konstitutsiya hadya qilgan. Konstitutsiyalarni mamlakt dohiysi, yo‘lboshchisi nomi bilan atash ham tajribada ma’lum. 1936-yilgi SSSR Konstitutsiyasi Stalin Konstitutsiyasi, 1977-yilgi SSSR Konstitutsiyasi Brejnev Konstitutsiyasi, 1993-yilgi Rossiya Konstitutsiyasi Yelsin Konstitutsiyasi, deb ham ataladi. Sababi, shu yo‘lboshchilar konstitutsiya qabul qilishda yetakchi rol o‘ynagan. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibiga qarab konstitutsiyalar “yumshoq” va “qattiq” konstitutsiyalarga bo‘linadi. “Yumshoq” konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibi oddiy qonunga o‘zgartirish kiritish tartibiga o‘xshagan bo‘ladi. “Qattiq” konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishda murakkab tartib o‘rnatilgan. Masalan, shunday taklif tushgandan so‘ng muhokama uchun ma’lum vaqt ajratiladi, o‘zgartirish kiritish uchun mutlaq ko‘pchilik ovozi talab etiladi, agar konstitutsiya federativ davlat konstitutsiyasi bo‘lsa, o‘zgartirishni federatsiya subyektlari ham ma’qullashi talab etiladi. AQSh Konstitutsiyasini haqiqatan qattiq konstitutsiya desa bo‘ladi. Uning qabul qilinganligiga 226 yil o‘tgan bo‘lsa ham, unga bor-yo‘g‘i 27 ta qo‘shimcha kiritilgan, uning ham 10 tasi dastlabki ikki yilda – 1787–89-yillarda kiritilgan. Rossiya Konstitutsiyasi ham qattiq Konstitutsiya hisoblanadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish uchun oddiy qonunlarga nisbatan ancha murakkab tartib o‘rnatilgan. Bundan tashqari konstitutsiyalarni vaqtincha va doimiy konstitutsiyalarga bo‘lish mumkin. Vaqtincha konstitutsiyalar o‘tish davrida, ko‘pincha davlat to‘ntarishlaridan keyin qabul qilinadi va ma’lum vaqt faoliyat ko‘rsatadi. Doimiy konstitutsiyalar muddati yo‘q, uzoq vaqt davomida amalda bo‘ladi. AQSh Konstitutsiyasi hozir IV asr yuzini ko‘rgan eng keksa konstitutsiyadir. Shunday qilib, konstitutsiya turlari: yozilgan va yozilmagan; hadya qilinmagan (legitim usulda qabul qilingan) va hadya qilingan (oktroir); qattiq va yumshoq; vaqtincha va doimiy turlarga bo‘linadi. Download 183.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling