1. Majburiyat va majburiyat huquqi tushunchalari
2. Majburiyatlarning vujudga kelish asoslari
Majburiyat va majburiyat huquqi tushunchalari
Fuqarolik huquqida majburiyat deb shunday fuqarolik huquqiy munosabatga aytiladiki, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatlarni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulk topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko`rsatish, pul to`lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o`zini saqlashga majbur bo`ladi; kreditor esa, qarzdordan o`zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo`ladi (FK 234-modda).
Yuqorida berilgan ta`rifga ko`ra, majburiyat keng ma`noda huquq subyektlari hisoblangan shaxslar (tashkilotlar va fuqarolar) o`rtasida bo`ladigan fuqarolik-huquqiy xarakterdagi munosabatlarni bildiradi.
Majburiyat tushunchasi huquqning boshqa sohalarida ham, chunon-chi, ma`muriy huquq, oila huquqi, mehnat huquqi sohalarida ham beriladi. “Majburiyat” atamasi boshqa ma`nolarda ham ishlatiladi, masalan, majbu-riyat deb faqat muayyan bir harakatni qilishga, chunonchi, ijara haqini to`lashga, sotib olingan narsaning qiymatini to`lashga qaratilgan burchga ham aytiladi.
Majburiyat subyektlari va obyektlari uning muhim unsurlari hisoblanadi.
Majburiyat subyektlari muayyan huquqlarga ega bo`lgan va zimmasiga majburiyat olgan shaxslardir. Har bir majburiyatda, albatta, ikki taraf ishtirok etadi. Muayyan bir harakatning qilinishini yoki muayyan harakatni qilishdan saqlanishni talab etishga haqli bo`lgan taraf – kreditor deb ataladi. Muayyan harakatni qilishga yoki harakat qilishdan saqlanishga majbur bo`lgan taraf esa qarzdor deb ataladi.
Majburiyatda ishtirok etuvchi kreditorning huquqi nisbiy huquq bo`ladi, chunki kreditor faqat ma`lum shaxs yoki shaxslarga (bir qarzdor yoki bir necha qarzdorlarga) nisbatan talab qo`yish huquqiga ega.
Majburiyatda kreditorning talab qilish huquqi va shunga yarasha qarzdorning burchi nimaga qarata belgilangan bo`lsa, shuning o`zi majbu-riyat obyekti hisoblanadi. Jumladan, huquq va burchlar biron-bir ashyoni olishga, topshirishga, muayyan pul summasini to`lashga, biron-bir ishning bajarilishiga qaratilgan huquqiy harakatlardan iborat bo`lishi mumkin.
Majburiyatlar majburiyat huquqi tushunchasini keltirib chiqaradi. Majburiyat huquqi – mulk topshirish, ishlarni bajarish, xizmat ko`rsatish yoki pul to`lash bilan bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladigan fuqarolik huquqiy normalar yig`indisidir. Majburiyat huquqi jamiyatimizda mulkiy munosabatlarning eng muhim va keng sohasini, o`zining fuqarolik-huquqiy xarakteridagi qoidalari bilan tartibga soladi. U tashkilotlar bilan fuqarolar o`rtasidagi munosabatlarni ham, chunonchi, fuqarolarga xilma-xil tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda, ularga har turdagi xizmatlar ko`rsatish, uy-joylar berish va boshqa hollarda vujudga keladigan munosabatlarni ham tartibga soladi.
Jamiyatdagi majburiyatga oid huquqiy munosabatlar fuqarolar va tashkilotlarning xilma-xil ehtiyojlarini qondirish, ta`minlash maqsadlarida o`rnatiladi. Majburiyatlar to`g`risidagi normalar mulkning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o`tishini, ishlab chiqarish va maishiy xizmat ko`rsatish korxonalari orqali xilma-xil xizmatlar ko`rsatilishini tartibga soladi. Maj-buriyatlar vositasida mulk va mulkiy huquqlar qo`riqlanishi ta`minlanadi, fuqaroning sog`lig`iga zarar yetkazilganda, fuqaro o`ldirilganida ko`rilgan zararlar qoplanadi va hokazo.
Majburiyat huquqi fuqarolar bilan fuqarolar o`rtasidagi munosabat-larni ham, jumladan, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini olishda, uy-joy sotib olish va boshqa hollarda bo`ladigan o`zaro munosabatlarni ham tartibga soladi. U tashkilot va fuqarolarga yetkazilgan mulkiy zararning to`lanishini, shuningdek qonun yoki shartnomalar bilan belgilangan asoslar bo`lmay turib olingan narsalarning qaytarilishini ta`minlaydigan huquq-larni ham o`z ichiga oladi.
Majburiyat huquqi tizimi ikki asosiy bo`limdan: majburiyatlar to`g`risidagi umumiy qoidalar va majburiyatlarning ayrim turlariga oid maxsus qoidalardan iborat.
Majburiyat to`g`risidagi umumiy qoidalarda (FKning 234-385-mod-dalari) majburiyatlarning kelib chiqishi va bajarilishi, majburiyatlarning bajarilishini ta`minlash, talab qilish huquqini birovga o`tkazish va qarzni ko`chirish, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik va nihoyat majburiyatlarning bekor qilinishi asoslari, majburiyat munosabatlarini vujudga keltiruvchi asosiy huquqiy vosita hisoblangan shartnomalar va ularni tuzish, o`zgartirish hamda bekor qilish tartibi kabi masalalar belgilanadi.
Majburiyatlarning ayrim turlariga bag`ishlangan FK normalari majburiyat huquqi tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar nihoyatda ko`p va xilma xil bo`lganligi tufayli Kodeksda salmoqli o`rinni egallaydi. Majburiyat huquqining mazkur maxsus qismi normalari mazmuni va hajmi bo`yicha teng bo`lmagan ikki turkumga: shartnomali majburiyatlar institutlariga va shartnomasiz (shartnomadan tashqari) majburiyatlar institutlariga bo`lingan.
Shartnomali majburiyatlarga oid huquqiy institutlar jumlasiga oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, qarz, kontraktatsiya, pudrat, mulk ijarasi, lizing, uy-joy ijarasi, yuk va yo`lovchilar tashish, franshizing, sug`urta kabi bir qator shartnomalar asosida bo`ladigan munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalarga taalluqlidir.
Shartnomadan tashqari majburiyatlarga oid huquqiy institutlarni asosan quyidagilar: zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar, asossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar tashkil etadi.
Majburiyat mazmuni deganda, kreditorning qarzdor tomonidan muayyan harakatlar qilinishini (yoki qilinmasligini) talab etishga bo`lgan huquqi va qarzdorning shunga yarasha bo`lgan burchi tushuniladi. Qarzdor tomonidan qilinishi lozim bo`lgan harakatlar har xil: ashyoni egasiga (kreditorga) topshirish, ashyolarni foydalanish uchun topshirish, ma`lum summa pulni to`lash, biron-bir ishni bajarish yoki xizmat ko`rsatish, qarzdor tomonidan bitimning tuzilishini ta`minlash, birovga yetkazilgan zararni to`lash, asossiz orttirilgan boylikni o`z egasiga qaytarish to`g`risida bo`lishi mumkin.
Yuqorida ko`rsatilgan majburiyat obyektlaridan ko`rinishicha, maj-buriyatning mazmuni asosan mulkiy xarakterdagi huquq va burchlardan iborat bo`lsada, huquq subyektlarini o`zaro mulkiy xarakterda bo`lmagan majburiyatlar ham belgilashlari mumkin. Masalan, ma`lum asar muallif-lardan biri o`zaro kelishuv bo`yicha muayyan vaqt ichida asarning bir qismini tuzatib, qayta ishlab kelish to`g`risida o`z zimmasiga majburiyat olishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, majburiyatlarning mazmunida qonunga hilof bo`lmagan har qanday mulkiy va nomulkiy harakatlarni qilishni talab etishga qaratilgan huquqlar va bu harakatlarni qilish yuzasidan olingan majburiyatlar bo`lishi mumkin.
Majburiyat taraflarining bir-birlariga nisbatan belgilangan huquq va majburiyatlari ularning xarakteriga qarab farqlanadi. Ular mazmuni, obyektlari va subyektlariga qarab quyidagi turlarga bo`linadi:
1.Ijobiy mazmunli majburiyatlar va salbiy mazmunli majburiyatlar. Agar majburiyat yuzasidan qarzdor muayyan bir harakatni qilishga burchli bo`lib, kreditor aynan shunday harakatning qilinishini talab qilishga haqli bo`lsa – bunday majburiyat ijobiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Huquqiy munosabatning ko`pchiligida ijobiy mazmunli majburiyatlar yotadi. Masalan, oldi-sotdi, mulkni ijaraga berish, maishiy xizmat ko`rsa-tish sohasida olinadigan majburiyatlar – ijobiy mazmunli majburiyatlardir.
Agar majburiyat bo`yicha qarzdor muayyan harakatni qilishdan saqlanishga burchli, kreditor harakat qilishdan saqlanishini talab etish huquqiga ega bo`lsa – bunday majburiyat salbiy mazmunli majburiyat hisoblanadi. Masalan, nashriyot shartnomasi bo`yicha muallif shartnoma kuchda bo`lgan davrda o`z asarini boshqa nashriyotga topshirishdan saqlanish majburiyatini olsa, nashriyot muallifning boshqa nashriyot bilan shartnoma tuzishdan saqlanishini talab etish huquqini oladi.
2.Bir tomonlama va ikki tomonlama majburiyatlar. Majburiyatda qatnashuvchilarning birida faqat talab qilish huquqi (yoki huquqlari), ikkinchi tomonda esa, faqat majburiyat (majburiyatlar) bo`lsa, bunday majburiyatlar bir tomonlama majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, qarz shartnomasi. Qarz shartnomasi bo`yicha qarz bergan shaxs qarzning qayta-rilishini talab qilish huquqiga ega bo`lsa, qarzdor o`z zimmasiga olgan qarzini qaytarishga burchlidir.
Huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi ham huquq, ham majburiyatga (qator huquqlar va majburiyatlarga) ega bo`lsa, bunday majburiyatlar ikki tomonlama majburiyat hisoblanadi. Ikki tomonlama majburiyatlarga oldi-sotdi, ijara, pudrat kabi shartnomalarni misol qilib ko`rsatish mumkin. Chunonchi, oldi-sotdi munosabatida sotuvchida sotil-gan narsani topshirish majburiyati bo`lsa, oluvchida sotib olingan narsa-ning qiymatiga yarasha haq to`lash majburiyati bo`ladi va aksincha. Aksariyat majburiyatlar ikki tomonlama majburiyatlardir.
3.Muayyan harakatni bajarishga qaratilgan va muqobil majburiyatlar. Agar huquqiy munosabat bo`yicha kreditor qarzdordan muayyan bir harakat qilinishini, masalan, ma`lum ishning bajarilishini, biron-bir ashyo-ning topshirilishini yoki ma`lum summa pul to`lanishini talab qilish huqu-qiga ega bo`lsa, bunday majburiyat muayyan harakatni bajarishga qaratil-gan majburiyat hisoblanadi. Agar huquqiy munosabatda kreditorning talabi bo`yicha qarzdor bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo`lsa, bunday majburiyat muqobil majburiyat sanaladi. Muqobil majburiyat bo`yicha huquqiy munosabatda bir necha harakat ko`rsatilgan bo`lsa ham, majburiyatning mazmunini qarzdorning faqat birgina majburiyati va kreditorning shu majburiyatning bajarilishini talab qilishga bo`lgan huquqi tashkil etadi. Huquqiy munosabatda nazarda tutilgan harakatlardan birining bajarilishi bilan majburiyat ijro etilgan hisoblanadi. Muqobil majburiyatning bajarilishi to`g`risidagi qoida FKning 250-moddasida berilgan. Mazkur moddada ko`rsatilishicha, agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini bajarishga majbur bo`lsa, qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida bo`ladi. O`zbekiston Respublikasining bir qator qonun hujjatlari[126]da qanday majburiyatning bajarilishi lozimligini tanlash huquqi kreditorga berilganligi ko`rsatiladi. Chunonchi, ularda sotilgan ashyoning sifati lozim darajada bo`lmaganda, sotib oluvchi o`z xohishi bilan ana shu ashyoni boshqa sifatli ashyoga almashtirish yoki harid bahosini tegishli darajada kamaytirishni yoxud sotuvchining shu ashyodagi kamchiliklarni haq olmay tuzatib berishini yoki shu kamchilikni tuzatish uchun oluvchining qilgan xarajatlarini to`lashni yo bo`lmasa shartnomani bekor qilib, o`ziga yetkazilgan zararning to`lanishini talab qilishga haqli bo`ladi, deb ko`rsatiladi. Bu qoida bo`yicha qarzdor sifatidagi sotuvchi tomonidan bajarilishi lozim bo`lgan harakatlardan birini tanlash huquqi kreditorga, ya`ni sotib oulvchiga beriladi.
4.Shaxsiy xarakterga ega bo`lgan majburiyatlar va shaxsiy xarakterga ega bo`lmagan majburiyatlar. Ba`zi majburiyatlar huquqiy munosabatda qatnashuvchilarning har qaysisi yoki birining shaxsi bilan qat`iy bog`liq bo`lishi mumkin. Masalan, topshiriq shartnomasi bo`yicha vujudga keladi-gan majburiyat vakilning (topshiriqni bajaruvchining) ishonchli shaxs bo`lishiga qarab belgilanadi. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo`lgan maj-buriyatlarning bajarilishini, agar qonun yoki shartnomada boshqacha hol belgilanmagan bo`lsa, boshqa shaxsga o`tkazilishiga yo`l qo`ymaydi, kre-ditor ham boshqa shaxs bilan almashinishi mumkin emas. Bunday majbu-riyatlar, odatda qarzdor yoki kreditorning vafot etishi bilan bekor bo`ladi.
Aksariyat huquqiy munosabatlarda majburiyatning kim tomonidan bajarilishi ahamiyatga ega bo`lmaydi. Masalan, qarz shartnomasi bo`yicha majburiyatning fuqaro G. tomonidan ham yoki uning uchun fuqaro B. tomonidan ham bajarilishi mumkin. Bunday shaxsiy xarakterga ega bo`lmagan majburiyatlar bo`yicha kreditor ham, qarzdor ham boshqa shaxs bilan almashinishiga yo`l qo`yiladi. Bunday majburiyatlar bo`yicha kreditor yoki qarzdorning vafot etishi majburiyatning bekor qilinishi uchun asos bo`lmaydi.
Majburiyatda sanksiya masalasiga kelsak, fuqarolik huquqi norma-lariga muvofiq qo`llaniladigan majburlash choralari ko`pincha huquq buzilishda, majburiyatlarni bajarmaslik yoki tegishli darajada bajarmaslik uchun qo`llaniladi. Sanksiya fuqarolik huquqiy munosabatida ishtirok etayotgan taraflar o`z zimmalaridagi majburiyatlarini bajarmagan yoki lo-zim darajada bajarmaganlarida huquq normalariga muvofiq qo`llaniladigan majburlash chorasidir. Buzilgan majburiyatlar yuzasidan qo`llaniladigan sanksiyalar har xil. Majburiy chora sifatida qo`llaniladigan sanksiyalar umumiy xarakterga ega bo`lishi hamda maxsus, ya`ni aniq bir huquqiy munosabatdan yuzaga kelgan harakatlarga nisbatan qo`llaniladigan bo`li-shi mumkin.
Umumiy xarakterdagi sanksiyalar majburiyatning bajarilishini ke-chiktirish, biror ashyoni topshirish majburiyatini bajarmaslik uchun qo`l-laniladi.
Maxsus sankiyalarga misol qilib sotilgan ashyolarning sifati tegishli darajada bo`lmasligi uchun sotuvchining javobgarligini ko`rsatishi mum-kin.
Sanksiya majburiyatlarda ishtirok etuvchi va o`z zimmalaridagi maj-buriyatlarni bajarmagan taraf – kreditor va qarzdorga nisbatan qo`llaniladi.
Majburiyatlarni buzganlik uchun qo`llaniladigan sanksiyalar quyi-dagi guruhlarga bo`linishi mumkin:
1. Ixtiyoriy bajarilmagan burchni majburiy ijro ettirish. Masalan, olingan qarz puli ixtiyoriy ravishda to`lanmaganida uni majburan undirish mumkin bo`ladi.
2.Shartnomada ko`rsatilgan majburiyat bajarilmaganda uni bir to-monlama bekor qilish. Masalan, ijaraga oluvchi o`z majburiyatini bajar-maganda ijaraga beruvchining talabi bilan shartnoma muddatidan avval bekor qilinishi mumkin.
3.Majburiyatning ijro etilishi tartibini o`zgartirish. Masalan, mahsu-lot oluvchi tashkilot avval mahsulotlari uchun haq to`lashni kechiktir-ganida mahsulot yetkazuvchi u bilan aksept shakli bo`yicha hisob-kitob qilmay, balki haridor tashkilotga noqulay bo`lgan akkreditiv shakli bo`yicha hisoblashish tartibiga o`tishi mumkin.
4.Tuzuk taraf zimmasida bo`lgan majburiyatlar hajmini kamaytirish-ga qaratilgan sanksiyalar. Bunga misol qilib haridor o`ziga shartnoma shartlariga nomuvofiq sifatdagi ashyo topshirilganida, uning narxini tegishlicha kamaytirishni talab qila olishligini ko`rsatish mumkin.
5. Notuzuk tarafning zimmasida bo`lgan majburiyatlar hajmini oshirish. Bunday sanksiya qo`llanilishida majburiyat buzgan notuzuk taraf o`zi uchun noqulay bo`lgan ba`zi vazifalarni, qo`shimcha majburiyatlarni bajarishga majbur qilinadi. Masalan, sifatli narsa o`rniga sifatsiz ashyo topshirgan sotuvchi bu ashyoning nuqsonlarini tuzatish uchun yoki kam-chiliklarni yo`qotish uchun haridor tomonidan qilingan xarajatlarni to`lashga majbur qilinishi mumkin.
6. Mulkiy javobgarlik choralari sifatida ko`riladigan sanksiyalar. Bu to`g`rida quyiroqda bayon etiladi.
Majburiyatlarning vujudga kelish asoslari
Fuqarolik huquqlari va burchlarini keltirib chiqaradigan holatlar maj-buriyatga oid huquqiy munosabatlarni ham vujudga keltiradigan asoslar bo`lib, ular FKning 8-moddasida ko`rsatilgan. FKning 234-moddasida normalanganidek, majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda fuqarolik qonunlarida nazarda tutilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
Ma`lumki, FKning deyarli barcha me`yorlari shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni tartibga solishga qaratilgan. Bu huquqiy nor-malar vositasida tartibga solinadigan majburiyatlar jumlasiga mulkni bosh-qa shaxsning egaligiga topshirish (oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya shartno-malari)dan, mulkni operativ boshqarish huquqini o`tkazish (mahsulot yetkazib berish shartnomasi)dan, foydalanish huquqini o`tkazish (mulk ijarasi va uy-joy ijarasi, tekin foydalanish to`g`risidagi shartnomalar)dan, biror ishni bajarish yoki xizmat ko`rsatish (pudrat, yuk tashish, topshiriq, vositachilik, sug`urta, transport ekspeditsiyasi shartnomalari)dan va boshqa shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar kiradi. Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida turi tadbirkorlik subyektlari o`rtasida tuzi-ladigan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar alohida aha-miyatga egadir.
Davlat organlarining qonunda fuqarolik huquq va majburiyatlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan hujjatlari ham majbu-riyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday hujjatlar turli ko`rinishlarda – davlat buyurtmasi yoki ma`muriy hujjatlar shaklida bo`lishi mumkin.
Masalan, “Qishloq xo`jaligi ekinlarini bahorgi ekishni uyushqoqlik bilan o`tkazish hamda 2000-yilda davlat ehtiyojlari uchun harid qilinadi-gan qishloq xo`jaligi mahsulotlari uchun hisob-kitoblarni o`z vaqtida ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Vazir-lar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi qarori[127]ga ko`ra, 2000-yil uchun paxta tolasining davlat haridlari hajmi uni yetishtirish hajmining 30 foizi darajasida saqlab qolingan. Davlat haridlari asosan FKning 457-464-mod-dalarida belgilangan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazish bo`yicha davlat kontrakti (shartnomalari) asosida amalga oshiriladi. Ushbu davlat buyurtmasi uning taraflari mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) va davlat tayyorlov tashkiloti o`rtasida tegishli majburiyatlarni yuzaga keltiradi.
Fuqarolarga uy-joylardan foydalanish huquqini beradigan order ham ma`muriy dalolatnoma sifatida uy boshqarmasi bilan order olgan fuqaro o`rtasida uy-joy ijarasi shartnomasini tuzishga va shu bilan muayyan majburiyatlarni vujudga keltirishga asos bo`ladi.
Fuqarolik huquqiy majburiyat sudlar tomonidan chiqarilgan hujjatlar (hal qiluv qarorlari, ajrimlar, hukmlar) asosida ham vujudga kelishi mumkin. Qonun yo`l qo`ygan asoslarda mol-mulkning mulk sifatida olini-shi natijasida ham (masalan, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat hosil bo`lganligi sababli) majburiyat kelib chiqishi mumkin. Bir tomon-lama bitimlar ham fuqarolik huquqiy majburiyatlarni keltirib chiqaruvchi yuridik faktlar jumlasiga kiradi. Bunday bitimga muvofiq shaxsning erki ikkinchi bir shaxsga huquq va majburiyat keltirib chiqaradi. Bir tomon-lama bitimlarga misol qilib vasiyatnomani ko`rsatish mumkin. Vasiyat bo`yicha, masalan, mulk olish huquqi va marhumning qarzlarini to`lash majburiyati vujudga kelishi mumkin.
Yaratilgan ixtiro va foydali model, buyumlarning sanoat namunalari, fan, adabiyot hamda san`at asarlari qonun talablariga javob berishi kerak. Tegishli qonunlardagi normalarga muvofiq bu yaratilgan narsalar uni yaratgan shaxs bilan o`zga shaxslar, shuningdek, tegishli davlat tashki-lotlari o`rtasida majburiyatlarning kelib chiqishiga asos bo`ladi.
FKning 234-moddasida ko`rsatilganidek, fuqaroga yoki tashkilotga ziyon yetkazish ham muayyan majburiyatlar tug`diradi. Bunday majbu-riyatlar, odatda, shartlashilmagan majburiyatlar deb ataladi.
Majburiyatlar qonunlarda belgilanganidek, hech bir asoslarsiz boshqa shaxsning mol-mulkini egallab olishi yoki tejab qolishidan kelib chiqadi. Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulk jabrlanuvchiga asl holida qaytarilishi lozim, agar buning imkoniyati bo`lmasa, mol-mulk qo`lga kiritilishi paytidagi haqiqiy qiymatini to`lash, agar qo`lga kirituvchi orttirilgan boylikning asossizligini bilganidan keyin darhol uning qiyma-tini to`lamagan bo`lsa, mol-mulk qiymatining keyingi o`zgarishi tufayli ko`rilgan zararni to`lash majburiyati vujudga keladi.
Boshqa shaxslarning ishlarini topshiriqsiz bajarganlik sababli kelib chiqadigan majburiyatlar to`g`risidagi qoidalar ham qonunlarda mavjud.
Qonunlarda ko`rsatilishicha, boshqa shaxs manfaatlarini ko`zlab topshiriq olmay harakat qilgan shaxs, shu munosabat bilan qilgan zarur xarajatlarning, shuningdek boshqa haqiqiy zararni to`lanishini talab qi-lishga haqli. Agar manfaatdor shaxs topshiriq olmay harakat qilgan shaxsning ishini ma`qullasa, bunday hollarda FKning topshiriq shartnoma to`g`risidagi qoidalari qo`llaniladi va majburiyatlarning kelib chiqishiga asos bo`ladi.
Fuqarolik huquqiy majburiyatlari tanlov e`lon qilishdan ham kelib chiqishi mumkin. Mukofot to`lashni oshkora va`da qilish ommaviy tanlov e`lon qilishdan kelib chiqadigan majburiyatlarda muayyan ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik pul mukofoti to`lash yoki boshqa mukofot berish to`g`risida ommaviyy tanlov e`lon qilgan shaxs tanlovni o`tkazish shartlariga muvofiq uning g`olibi deb topilgan shaxsga shartlashilgan mukofotni to`lashi lozim.
Majburiyatga oid huquqiy munosabatlar hodisalardan ham kelib chiqadi. Bunga misol qilib tabiiy hodisalar, masalan, yong`in yoki zilzila natijasida ijaraga topshirilgan mulkning zararlanishi tufayli sug`urta organiga nisbatan kelib chiqadigan majburiyatlarni ko`rsatish mumkin. Majburiyatlar qonunda ko`rsatilgan hollarda boshqa asoslardan ham kelib chiqishi mumkin.
|
Majburiyatlarni bajarish tushunchasi va tamoyillari
Majburiyatlarni bajarish deb, qarzdor tomonidan kreditor talabiga muvofiq muayyan bir harakatning qilinishi yoki harakatdan saqlanish tushuniladi. Qarzdorning majburiyatni bajarishi – kreditorga ashyoni topshirish, ma`lum ishni bajarish, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qop-lash, asossiz olingan mulkni qaytarish kabilardan iborat.
Davlat, yuridik shaxslar va fuqarolar tomonidan olingan majburiyat-larning o`z vaqtida bajarilishi xaq xo`jaligida muhim ahamiyatga ega bo`-lib, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mulkiy munosabatlarni mustahkam-lash, jamiyatning tobora o`sib borayotgan moddiy va madaniy talablarini qondirishda katta rol o`ynaydi.
Majburiyatlar FKning 236-moddasida aytilganidek, majburiyat shart-lariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo`lmagan taqdirda esa – ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo`yila-digan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak. Bunda taraflarning har biri o`z majburiyatlarini ancha tejamli bajarish, ikkinchi tomonga uning o`z majburiyatlarini bajarishda har tomonlama yordam ko`rsatishi lozim.
Majburiyatlar davlat hujjatlari va shartnomalardan kelib chiqqan bo`lsa, ularda ko`rsatilgan talab va shartlarga muvofiq bajarilishi kerak. Agar davlat hujjatlarida majburiyatni bajarish sharti ko`rsatilmagan bo`lsa, majburiyatlar o`zaro kelishib qo`yiladigan talablarga muvofiq lozim dara-jada bajarilishi zarur. Majburiyatni bajarishda har ikki tomon xo`jalik aloqalarining rivojlanishini ko`zlab, tejamlilik bilan va o`zaro hamkorlikda zarur harakatlarni qilishlari talab etiladi.
Majburiyatlarni bajarish bir qator tamoyillarga asoslanadi. Ular: majburiyatlarni tegishli darajada bajarish, kelishilgan va maqbul usulda bajarish, majburiyatni tegishli shaxs uchun bajarish, aniq bajarish, tejamlilik va o`zaro hamkorlikda bajarish kabilardir.
Majburiyatlarni tegishli darajada bajarish deganda, majburiyatlar qo`yilgan talablarga to`liq javob beradigan darajada, bekamu-ko`st va belgilangan muddatda bajarilishi nazarda tutiladi. Huquqiy munosabatlar-da qatnashuvchi shaxslar o`z majburiyatlarining lozim darajada bajarili-shidan bab-baravar manfaatdor bo`lishlari, bir-birlariga ko`maklashishlari farq qilinadi.
Majburiyatlarning lozim darajada bajarilishi jamiyat manfaati hamda uning tobora o`sib borayotgan moddiy va madaniy talablarini qondirishga qaratilgan bo`lishi lozim.
Bozor munosabatlari sharoitida majburiyatlarni tegishli ravishda bajarilishidan nafaqat majburiyat o`z foydasiga bajarilayotgan subyekt, balki oxir-oqibatda jamiyatning har bir a`zosi manfaatdor bo`ladi. Chunki barcha xo`jalik yurituvchi subyekt tomonidan o`z majburiyatini lozim darajada bajarmasligi boshqa subyektlar uchun ham, garchi ular bevosita bunda kreditor sifatida qatnashmasalarda, salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.
Majburiyatlarni tegishli ravishda bajarish ularni qonun hujjatlariga, shartnoma shartlariga, ish muomalasi odatlariga, odatda qo`yiladigan talablarga muvofiq ravishda shartnoma narsasining sifati, miqdori, hajmi bo`yicha o`z vaqtida bajarilishini anglatadi.
Majburiyatlarni bajarishning yana bir tamoyili – bu majburiyatlar kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishidan iborat. Majbu-riyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyati anglashilmasa va qonun bilan belgilab qo`yilgan bo`lmasa, shartnomada ko`rsatilgan bo`lishi kerak (FK, 238-modda). Ushbu tamoyil mazmuniga ko`ra o`z navbatida majburiyatlarni real (asl holicha) bajarilishi, uni bajarishda tejamli usullardan foydalanish, majburiyat bajarilishida taraflarning ham-korlik qilish haqidagi qoidalarini anglatadi. Bu qoidalarni ham shartli ravishda, garchi qonunda bevosita sanab o`tilmagan bo`lsa-da, majburiyat-larni bajarish tamoyillari sifatida qarash mumkin.
Majburiyatlarning aniq bajarilishi – shartnomada ko`rsatilgan hara-katning aynan o`zi bajarilishining, topshirilishi lozim bo`lgan narsaning (mahsulotning) asl holatida topshirilishini bildiradi.
Majburiyatning qarzdor aybi bilan kechiktirilishi yoki boshqacha lo-zim darajada bajarilmasligi hollarini nazarda tutib, belgilangan neustoyka (jarima, penya)ning ham majburiyatning lozim darajada bajarilmasligi natijasida kelib chiqqan zararning undirilishi – majburiyatni asl holida bajarishdan qarzdorni ozod qilmaydi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari majburiyatni bajarishda bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama o`z-gartirishga yo`l qo`yilmaydi (FK, 237-modda). Ammo bu qoida yuqorida aytilganidek, qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda ba`zi majburiyatlar uchun qo`llanilmaydi. Chunonchi, topshiriq shartnomasi bo`yicha topshiriq beruvchi bergan topshirig`ini har vaqt bekor qila oladi, topshiriq olgan shaxs xohlagan vaqtida topshiriqni bajarishdan bosh torta oladi. Temir yo`l va boshqa turdagi transport vositasida yo`lovchilar tashish munosabatida ham yo`lovchi talabi bilan shartnoma har qachon bekor qilinishi mumkin.
Majburiyatlarni bajarishda tejamlilik qoidasiga muvofiq majburiyatni bajarishda taraflar kam xarajat bilan ko`p foyda keltirishga qaratilgan harakatlarni qilishlari lozim. Bu qoida kreditor va qarzdorga majburiyatni bajarish jarayonida eng qulay hamda eng foydali usuldan foydalanish lozimligini belgilaydi. Chunonchi, pudrat shartnomasi bo`yicha pudratchi ishni buyurtmachi materialidan bajarishda materialni tejamlilik bilan sarflashi va u noto`g`ri ishlatilishi uchun javobgar bo`lishi belgilangan. Yuk tashish shartnomasiga asosan yuk tashuvchi yukni eng qisqa yo`ldan tashishi ko`rsatilgan.
Majburiyatlarni bajarishda o`zaro hamkorlik tamoyiliga binoan har ikki tomon majburiyatni bajarishda bir-birlariga zarur bo`lgan yordamni ko`rsatishlari lozim. Chunonchi, kreditor majburiyatning bajarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lishi bilan birga qarzdorning o`z majburiyatini bajarishda unga yordam berishga, ko`maklashishga ham majbur. Masalan, kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xo`jalik mahsulotlarining davlat yo`li bilan harid qilinishida tayyorlovchi (mahsulot qabul qiluvchi) tashkilotlar qishloq xo`jalik korxonalariga mahsulotlar yetishtirishda, mahsulotni tashishni tashkil qilishda yordam ko`rsatishi zarur.
Majburiyatlarni tegishli shaxs uchun bajarish tamoyili FKning 240-moddasida o`z ifodasini topgan. Bunga asosan taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lsa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatni bajarish chog`ida ijroni kreditorning o`z yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli bo`ladi va bunday talabni qo`ymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |