Mehnat qoidalari buzilganda, ishlab chiqarish sanitariyasi va xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilganda yoki jamoa shartnomalari bajarilmagan, kasaba uyushmalari faoliyatiga to’sqinlik qilingan hollarda ma’muriy shaxslar javobgarlikka tortiladilar.
Qilingan xatoning darajasiga qarab ularga intizom jazosi, ma’muriy jazo, moddiy jazo, jinoiy javobgarlik va jamoat javobgarligi qo’llanilishi mumkin.
Intizom jazosi, uyaltirish, tanbeh berish, xayfsan e’lon qilish, uch oy muddatgacha kam haq to’lanadigan ishga o’tkazish, lavozimini pasaytirish, ishdan bo’shatish yuqori tashkilotlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qo’llaniladi.
Ma’muriy jazoga mehnat muhofazasi haqidagi qonun, qoida va yo’riqnomalarni buzgan, yong’in xavfsizligi talablariga rioya qilmagan mansabdor shaxslar nazorat organlari tomonidan jarima solish yo’li bilan tortiladilar. Mehnat kodeksiga binoan jarima miqdori o’rtacha ish haqining 20% gacha, ayrim hollarda 50% gacha bo’lishi mumkin.
Moddiy javobgarlik – mansabdor shaxsning o’z faoliyati davomida korxona, ishchi va hizmatchiga etkazgan moddiy zararni to’lashi demakdir. Mansabdor shaxs ishchi yoki xodimni qonunga xilof ravishda ishdan bo’shatsa yoki boshqa joyga ko’chirsa, sud qaroriga binoan, etkazgan moddiy zarar undan undirib olinadi.
Jinoiy javobgarlik Respublika jinoyat kodeksida nazarda tutilgan. Bu javobgarlik turi, mehnat muhofazasi qonunlarining buzilishi, jinoiy xarakatlar alomatlari bo’lganda qo’llaniladi. Bunda mansabdor shaxslarni ishdan bo’shatish, axloq tuzatish ishlariga yuborish va bir yildan besh yilgacha ozodlikdan maxrum qilish choralari qo’llanilishi mumkin. Bunda ma’muriy va texnik xodimlarning mehnat muhofazasi qonunlarini, texnika xavfsizligi qoidalarini, ishlab chiqarish sanitariyasi talablarini bilmasliklari inobatga olinmaydi.
Jamoat javobgarligi korxona jamoasining o’rtoqlik sudlari va jamoat tashkilotlari qarorlari bilan belgilanadi.
To’qimachilik korxonalarida ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat muhofazasi holatlari uchun javobgarlik korxona direktori, bosh muhandis, ularning o’rinbosarlari, bosh mexanik, bosh energetik, fabrika mudirlari, tsex boshliqlari va smena ustalariga yuklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |