1-mavzu: an’anaviy syujet, obraz va motivlarning mumtoz poetikadagi o‘rni reja


Dostonlarda an’anaviy obraz va syujetlar


Download 31.94 Kb.
bet2/4
Sana26.10.2023
Hajmi31.94 Kb.
#1725591
1   2   3   4
Bog'liq
1-MA\'RUZA

Dostonlarda an’anaviy obraz va syujetlar. Yusuf obrazi genezisini1 qadimiy diniy manbalarda ko‘rish mumkin. Turli manbalarda turlicha talqin qilinadi. “Tavrot”da Yusufning payg‘ambar ekani ta’kidlanib, uning hayoti mashaqqatlarga to‘la kechgani, bunda uning irodasi va sabri og‘ir sinovlardan o‘tib murod gulshaniga yetgani batafsil hikoya qilinadi. Undan so‘ng bu payg‘ambar obrazi “Injil”da ham zikr etiladi. Biroq unda Yusuf qismati va qissasi u qadar yorqin emas. Lekin “Qur’oni Karim”da “Yusuf” haqida maxsus sura nozil bo‘lib, unda keltiriladigan voqealar “ahsanul-qisas” sifatida alohida e’tiborga molikdir.
“Qur’oni Karim” nozil bo‘lishi bilan Yusuf obrazi musulmon xalqlari orasida, xalq og‘zaki ijodida va adabiyotida bir necha talqinlarda ishlanib, sayqallanib bordi. IX asrdan boshlab Sharqda 150 dan ortiq “Yusuf va Zulayho” doston va qissalari vujudga kelgani ma’lum. Bularning eng mashhurlari qatorida Abul Muayyad Balxiy, Firdavsiy, Shahobiddin Am’aq, Shohin Sheroziy, Abdulloh Ansoriy, Xoja Mas’ud Iroqiy, Abdurahmon Jomiy va boshqalarning qissa-dostonlarini ko‘rsatish mumkin. Faqat turkiy adabiyotda “Yusuf va Zulayho” haqida 50 ga yaqin asar yaratilgan. Jumladan, Qul Ali, Nosiriddin Rabg‘uziy, Durbek, Haydar Xorazmiy, Mulla Yusuf Yorkandiy, Nozim Hiraviy, Sayqaliy, Xiromiy, Salohiy, Andalib, Hoziq kabi ijodkorlar qissa va dostonlar bitganlar. Shuningdek, mualliflar tomonidan o‘z asarlarida Yusuf obrazidan, aniqrog‘i, u haqdagi qissalar epizodlaridan foydalanib tanlangan ma’lum g‘oyaga mos ixcham hikoyatlar keltirish an’anasi ham keng tarqalgan. Bu obraz juda ko‘p ishlangan va turlicha talqin qilingan. Farididdin Attorning “Ilohiynoma” dostoni ham shu an’anaga muvofiq keladi.
Ma’lumki, Shayx Farididdin Attor tasavvuf adabiyotining buyuk namoyandasi. Uning “Asrornoma”, “Bulbulnoma”, “Tazkirat ul-avliyo”, “Pandnoma”, “Ushturnoma”, “Ilohiynoma” va “Mantiq ut-tayr” kabi asarlarida tasavvufning turli masalalari, jumladan, vahdat ul-vujud nazariyasining talqinlari o‘z ifodasini topgan. Bugungi kunda bunday masala va nazariyalar tarixga aylangan, ahamiyatini bir qadar yo‘qotgan bo‘lsa-da, ular ma’naviyatimizning ildizlari bo‘lgani, qolaversa, badiiy adabiyot, badiiy tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutgani bilan benihoya qadrlidir. ­Shuning uchun ham ular asrlar davomida o‘rganilmoqda, tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda. 1940-yilda Istanbulda Attorning “Ilohiynoma”si faksimilesi olmon tilidagi ilmiy nashri muhim ishlardan edi. 2007-yilda atoqli shoirimiz Jamol Kamol tomonidan o‘zbekchaga o‘girilib qilingan nashri o‘quvchilar va ilm ahli uchun katta armug‘on bo‘ldi. Unga atoqli olimimiz Ibrohim Haqqul tomonidan yozilgan so‘zboshi g‘oyat ahamiyatli. Gap Yusuf timsoli haqida borarkan, Attorning bu asarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Unda Yusuf (a.s.) haqidagi yettita hikoyat mavjud. Ular ikki xil uslubda keltiriladi: 1) ota tilidan bevosita; 2) boshqa bir avliyo tilidan bilvosita hikoya qilinadi. Shuningdek, ular turli o‘rinlarda bo‘lishiga qaramay, dos­ton mazmuniga mos ravishda o‘ziga xos tadrijiy tizimni tashkil qiladi.
Layli” va “Majnun” an’anaviy obraz sifatida. Layli va Majnun (arab. مجنون و ليلى (Majnun va Laylo)) fors-turkiy romantik dostonidir. Chunki, bu dostonlarni dastlab fors tarixiy asari “Shohnoma”da (Firdavsiy) keyinchalik shoir Nizomiy Ganjaviyning Xusrav va Shirin dostonida va buyuk turkiy shoir Alisher Navoiyning beshligi bo‘lmish “Xamsa”sida uchraydi. Voqeiy boʻlmish bu hikoya Navoiyning “Xamsa”sida Qays ibn al-Mulavvo ismli arab yigitining Layli ismli qiz bilan ishqiy munosabatlari yoritiladi. Oʻgʻlining bu qizga uylanishiga qarshi chiqqan otasining tazyiqlari va ayriliq tufayli Qays aqldan ozib, devona boʻladi (“Majnun” va “jinni”, “dali” soʻzlarining oʻzagi bir).
Layli va Majnun – Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan folklor hamda yozma shakldagi adabiy yodgorlik. Dostonning ilk kurtaklari VII asr ikkinchi yarmida paydo boʻlgan. Ayrim manbalarning maʼlumotiga koʻra, doston qahramonlari tarixiy shaxslardir. Ularda Majnun Bani Omir qabilasidan chiqqan, asl ismi Qays ibn Mulavvah yoki Qays ibn Muod boʻlgan yigit, deya taʼkidlanadi. Qays Layli ismli oʻz qabiladoshini sevgan hamda oʻz sevgisi va hijron alamlari haqida mungli sheʼrlar bitgan. Bunday maʼlumot, jumladan, ibn Qutaybaning (889) “Kitob ush-sheʼr va shuaro” (“Sheʼr va shoirlar haqida kitob”), Abul Faroj al-Isfahoniyning “Kitob ul-agʻoni” (“Qoʻshiq kitobi”) asarlarida keltirilgan. Lekin boshqa manbalar bu maʼlumotlarni inkor etadi. Mas, arab olimi Avon ibn Hakim al-Qalbiy (764) va arab tarixchisi Hishom al-Qalbiy (819) Majnun tarixiy shaxs emas, degan fikrni ilgari suradi. VII asr ikkinchi yarmidayoq arab sheʼriyatida Majnun taxallusi ostida koʻplab mungli sheʼrlar vujudga keladi, bunday sheʼrlar tobora koʻpayib boradi, toʻplamlarga kiritiladi. Ammo Majnun nomi zikr etilgan sheʼrlarning barchasi ham yolgʻiz bir kishiniki emas. Arab olimlari al-Johiz (IX asr) va ibn al-Muʼtaz (908)ning aytishicha, kishilar Layli nomi bilan bogʻliq barcha sheʼrlarni Majnunga nisbat beraverganlar. XI asrda shoir Abul Bakr al-Volibiy tomonidan Majnunga nisbat berilgan barcha sheʼrlar toʻplanib, “Devoni Majnun” tuziladi. Devonda sheʼrlarga sharhlar beriladi hamda sheʼrlar Majnun haqidagi rivoyatlarning syujetiga kiritiladi.
Layli va Majnun haqida ilk bor 1188-yilda ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy doston yaratgan. Ammo u asarni Xusrav va Shirin deb nomlagan va hikoyada ular haqida so‘zlaydi. Nizomiy “Layli va Majnun” dostonini ham gʻoyaviy, ham badiiy jihatdan har tomonlama yuksak darajaga koʻtardi va xamsachilik anʼanalari qatoriga qoʻshdi. Undan soʻng “Layli va Majnun” dostoniga koʻplab shoirlar murojaat qilishdi. Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy qalamlariga mansub “Layli va Majnun” dostonlari mashhur. Garchi ushbu dostonlar bitta nom bilan atalsa va ulardagi voqealar tizimi bir-biriga juda oʻxshash boʻlsada, har bir muallifning “Layli va Majnun”i oʻziga xos va betakror asardir. Hozirgacha mazkur dostonning oʻzbek, arab, fors, ozarbayjon, turk, turkman, tojik, gruzin, panjob, kurd, urdu tillaridagi koʻplab variantlari mavjud. “Layli va Majnun” dostoni xalq ogʻzaki ijodi ravnaqiga ham beqiyos ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Jumladan, oʻzbek xalq ijodiyotining “Tohir va Zuhra”, “Oshiq Gʻarib” kabi dostonlariga “Layli va Majnun”ning taʼsiri borligi eʼtirof etiladi.
Majnun va Layli komillikda vahdatni, yagona yaxlitlikni tashkil etadi. Bu esa nihoyatda baland darajadagi ishqning xos koʻrinishi boʻlib, unda jismoniylik emas, balki maʼnaviylik yetakchi mavqeni egallaydi. Bunday yuksak darajadagi xos ishqni tushinmaydiganlar Majnun va Layli ishqi mohiyatini ham tushinmaydilar. Bular qatorida Laylining otasi ham bor, ibn Salomlar ham bor.
Shuning bilan bir qatorda Alisher Navoiy dostonda Majnun va Laylilar ishqi mohiyatini tushunuvchi va ularga yordam qoʻlini choʻzganlar ham borligini Navfal obrazi misolida koʻrsatadi. Chunki:
Navfalki Arabda erdi nodir,
Tig‘iga qadar, o‘qig‘a qodir.
Yaxshiliq ila Arabda mavsum,
Oromgahi bu marz ila bum…
Navfal dag‘i ishq ko‘rgan erdi,
G‘am dashti aro yugurgan erdi. (MAT, 9-tom, 152—153-betlar).
Shu jihatdan Navfal qizi va uning sevgilisi taqdirining ijobiy hal qilingani tushinarlidir. Ammo Navfal qizi va uning sevgilisining muhabbati Majnun va Laylilar oʻrtasidagi ishqi – xos ishqi darajasiga koʻtarilgan emas. Navfal qizi va sevgilisining oʻzaro ishqi Alisher Navoiy taʼriflagan “avom ishqidurkim, …derlar: “falon falonga oshiq boʻlubdur… va bu qismning (avom ishqining) biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnat…” (MAT, 14-tom, 67-bet).
Alisher Navoiy dostonida bu ikki xil ishqning talqinida shoir majoziy ishq martabasiga Majnun va Laylilar ishqi misolida alohida urgʻu beradi, chunki bu martaba komillik martabasi boʻlib, unda “pok koʻzni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok koʻngul ul pok yuz oshubidin qoʻzgʻolmoq va bu pok mazhar vositasi bila oshiqi pokboz mahbubi haqiqiy jamolidin bahra olmoq”dir (MAT, 14-tom, 68-bet). Demak, Alisher Navoiy mazkur dostonda hamma sohada poklikka erishgan komil inson haqidagi mulohazalarini Majnun va Layli afsonasi vositasida bayon qiladi: (Qarang: MAT, 9-tom, 310-312-betlar). Demak, Alisher Navoiy dostonda bir mavzuni ikki yoʻnalishda davom ettirib, uning koʻp qirrali ekanini koʻrsatishga, badiiy timsollar, voqealar, hikoyatlar orqali tasvirlashga erishgan.
Xulosa qilib aytganda, og‘zaki ijodda yaratilgan asarlar yozma adabiyotga ko‘chib, an’anaviy syujetlarni yuzaga keltirgan. Xalq og‘zaki ijodidagi epik qoliplar an’anaviy syujetlarni shakllanishiga ijobiy ta’sir o‘tkazgan.

Download 31.94 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling