Jarqishloq — o’zbekcha nom bo’lib, jar bo’yidagi qishloq ma’nosini bildiradi va hozir ham shu nomda ataladi.
Jo’ja buloq — tog’ oldi yaylovi. Sero’t, sersuv yerda joylashgan. Bu yerga berilgan nom o’zbekcha bo’lib, ma’nosi joy sharoitiga qarab berilgandir. Chunki bu yer ovloq joy bo’lib, yozda qushlar bemalol bola ochishgan. YOz mobaynida jo’jalarning chiy-chiyi tinmagan, jo’ja — kichik ma’nosida qo’llanilgan. Bu kichik buloq degan ma’noni ham bildiradi.
Zarang buloq. Afsonalarga ko’ra, bu yerda chorvadorlarning homiysi halok bo’lgan emish. Uning qabri buloq boshida bo’lib, buloq ustidan zarang daraxti o’sib chiqqan. Zarang tagida buloq bo’lgani uchun bu joyni Zarang buloq deyishgan. Haqiqatan ham buloq atrofida odam quchog’iga sig’maydigan zarang daraxti hozir ham qad ko’tarib turibdi.
Omonxona. Afsonada aytilishicha hazrati Ali Boysun tog’larini tomosha qilib yurib, shu qishloqda dam olgan va yotishda doimo: «omon bo’l», «dushman tegmasin», deb yotar erkan. Qishloq chuqur darada joylashganki, hozirda ham bu yerni topish ancha qiyin. Qishloq janjal-to’polonlardan xoli bo’lgani uchun ham shunday atalgan bo’lishi mumkin. Qishloqning shimol tarafida shifobaxsh suv chiqadigan joy va tabiiy muzxona bor. Bu shifobaxshlik xususiyatidan din arboblari ustalik bilan foydalanganlar va o’sha yerni boylik to’plash manbaiga aylantirganlar. Yuqoridagi afsonalar haqiqatga juda yaqin. Qishloq hamma tomondan tog’ bilan o’ralgan, xotirjam yashash mumkin bo’lgani uchun ham unga Tinxona, Omonxona deb nom bergan bo’lishlari mumkin.
Sariqamish — qishloq ikki xil nomlanishiga sabab eskidan hunarmandchilik rivojlanib, bo’yra to’quvchilar (bo’yra esa qurigan qamishdan to’qilgan) markazi bo’lganligidir. Qishloqning shimolidagi changalzorlarda o’sadigan qamishzorga nisbatan — qamish, changalzor qurigach bu yerdagi qamishlar uzoq vaqt sarg’ayib yotishiga nisbatan sariq, ya’ni Sariqamish bo’lib qolgan.
Qizil to’lqin — 40-yillarda qurilgan qishloq. Dastlab bu yer «Qizil to’lqin» kolxozi hududi bo’lgan va aholi kelib joylashgan. Kollektivlashtirish to’lqini ommaviy tus olganligi uchun shunday nom olgan.
Qayroq — tog’liq qishloq. Tog’ning etagida joylashganligi uchun bu yerda tabiiy sharoit natijasida toshlar silliqlashib, mehnat qurollarining tig’ini o’tkirlash uchun ishlatilgan. Shuning uchun bu yerdan qayroq toshlar ko’plab olib ketilgan. Balkim qayroq tosh ko’p uchraganligi uchun shu nomni olgan bo’lishi mumkin. Natijada qishloq shu nomni olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |