Formal mantiq to’g’ri tafakkur shakllari va qonunlarini o’rganuvchi fandir. Uni, tarixiy kelib chiqishini e’tiborga olgan holda, an’anaviy (klassik) mantiq, ommaviyligi nuqtai nazardan esa umumiy mantiq deb ham yuritiladi. Mantiq fani inson tafakkurining eng umumiy shakllari, qonunlari va fikrlash usullarini o’rganadi va o’rgatadi.
SHuningdek, mantiq tushunchasi obyektiv olam qonuniyatlarini (masalan, “obyektiv mantiq”, “narsalar mantig’i”) yoki tafakkurning mavjud bo’lish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan, fikrlar o’rtasidagi aloqadorlikni ifodalaydigan qonun-qoidalar yig’indisini (masalan, “sub’ktiv mantiq”) ifoda etishda ham ishlatiladi.
Mantiq ilmiga doir adabiyotlarda mantiq taraqqiyotining asosiy bosqichlari sifatida klassik va noklassik mantiqlar olinadi. SHuningdek formal, dialektik va matematik mantiq haqida fikr yuritiladi. Simvolik mantiq degan ibora ham mavjud bo’lib, u formal mantiqning xozirgi bosqichini ifoda etish uchun ishlatiladi. Formal mantiq fani – fikrlarning konkret mazmunidan mavxumlashgan holda faqat berilgan to’g’ri fikrlardan yangi to’g’ri fikrlarni keltirib chiqarish qonunlarini o’rganadi. Formal logikaning asoschisi Aristotel bo’lgan (miloddan oldingi IV asr).
Formal mantiqga to’g’ri tafakkur shakllari va qonunlarini o’rganuvchi falsafiy fan, deb ta’rif berish mumkin. Dialektik mantiq, formal mantiqdan farqli o’laroq, tafakkurni uning mazmuni va shakli birligida hamda taraqqiyotida olib o’rganadi. Matematik mantiq esa tafakkurni matematik metodlar yordamida tadqiq etadi. U hozirgi zamon matematikasining muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib, tafakkurni mantiqiy hisoblash deb ataladigan yuqori darajada abstraktlashgan va formallashgan sistemada tahlil qiladi.
Biz o’rganadigan fan formal mantiq bo’lib, u hozirgi paytda o’zining maxsus formallashgan tiliga, to’g’ri muxokama yuritish uchun zarur bo’lgan samarali mantiqiy metodlari va usullariga, kontseptual vositalariga ega. Mazkur fan tafakkurni o’rganuvchi boshqa fanlar, xususan falsafa, psixologiya, fiziologiya bilan yaqindan hamkorlik qiladi hamda ilmiy bilimlar sistemasida o’zining munosib o’rniga ega. Ayniqsa, uning bilish metodi sifatidagi ahamiyati katta.
Do'stlaringiz bilan baham: |