Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi insonning o‘z-o‘zini tarbiyalash va o‘zi mansub bo‘lgan jamiyatning axloqiy normalariga rioya qilishdir. Bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o‘z-o‘zini anglab etishga yo‘naltirilgan falsafaga muhtojdir. Buni 2002 yildan YUNESKO qaroriga binoan, butun dunyoda har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasida o‘tkaziladigan «Jahon falsafa kunlari» ham, hozirgi kunda dunyo uchun eng muhim masalalarga e’tiborini qaratadigan Jahon falsafa Kongressi ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat, bunday kongress birinchi marta 1900 yilda Fransiyada o‘tkazilgan, 1948 yildan boshlab uni har besh yilda bir marta o‘tkazish an’anaga aylangan. Xususan, 1998 yilda Boston shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tgan XX Jahon falsafa kongressi «Paydeyya: insoniyatni tarbiyalashda falsafa» mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan XXI Jahon falsafa kongressida «Falsafa jahon muammolari bilan yuzma-yuz» mavzusi atroflicha muhokama qilindi. XX jahon falsafa kongressi birinchi marta Osiyo mamlakati bo‘lmish Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida «Hozirgi davrda falsafani qayta anglash» degan umumiy mavzu ostida bo‘lib o‘tdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |