1-mavzu. Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Reja


Download 258.88 Kb.
bet1/5
Sana29.09.2020
Hajmi258.88 Kb.
#131777
  1   2   3   4   5
Bog'liq
1-Maruza


1-mavzu. Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli.

Reja:

  1. Falsafa atamasining kelib chikishi ,falsafa shakllanishining asosiy boskichlari va falsafaning funksiyalari.

  2. Dunyokarashning tarixiy shakllari

  3. Dunyoni idrok etishda falsafiy dunyokarashning uziga xos roli

  4. Fan ilmiy dunyokarash shakli

  5. Falsafada milliylik va umuminsoniylik

  6. Xozirgi davrda milliy falsafani rivojlantirish muammolari, uning xalkaro alokalarni tashkil etishdagi axamiyati


1-Masala «Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi. Har qanday noma’lum so’z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o’rinli bo’ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so’zlaridan kelib chiqqan bo’lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so’zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o’tuvchi bilim va inson o’z aqliga tayanib, mushohada yuritish va borliqni tanqidiy tushunish yo’li bilan olishi mumkin bo’lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, Pifagor ham, qadimgi davrning boshqa faylasuflari ham dastlab «falsafa» tushunchasiga uning keyinchalik paydo bo’lgan va mohiyat e’tibori bilan, falsafani «barcha fanlar podshosi» darajasiga ko’targan ma’nosidan boshqacharoq ma’no yuklaganlar. Ammo ilk faylasuflar o’zlarini donishmand deb hisoblamaganlar va donolikka da’vo qilmaganlar, zero, o’sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko’ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o’tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so’nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo’lgan bashoratgo’ylar, kohinlar va oqsoqollar e’tirof etilgan. Ularning so’zlari shak-shubhasiz va birdan-bir to’g’ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, qadimgilar fikriga ko’ra, izlanuvchi, donishmandlik muxlisi bo’lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o’z aqliga tayanib, ijodiy yo’l bilan, shu jumladan boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo’lgan.

Biroq, insonning dunyo va o’ziga bunday munosabat darhol yuzaga kelgani yo’q. Insonning tabiatga qarshilik ko’rsatish, mavjudlik vositalarini yaratish va ko’paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o’sgunga, buning natijasida yetarli tajriba va bilimlar to’plangunga, odamlar aqli ko’p sonli savollarga javob izlash uchun yetarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan. Shu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo’lish sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? Shuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Yerda paydo bo’lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu yerda biz hali kam o’rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida yechilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qayerdan, qaysi sabablarga ko’ra paydo bo’lgan, degan savolga aniq, umumiy e’tirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. Xuddi shuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig’ida mavjudligi obyektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o’z javobini topganicha yo’q.

Biroq, insoniyat tarixi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar nuqtai nazaridan ayrim masalalar mavjud bo’lib, ular xususida olimlar va mutaxassislar ma’lum bir to’xtamga kelganlar. Xususan, boy tarixiy material, arxeologiya fani olgan daliliy ma’lumotlari, shuningdek boshqa fanlarning metodlari bilan olingan natijalar (masalan, jinslar, foydali qazilmalar yoshini aniqlash va sh.k.)ni e’tiborga olgan holda, ishonch bilan inson sayyoramizda hayotning tadrijiy (evolyusion) rivojlanishi mahsulidir, deb qayd etish mumkin. Hozirgacha mavjud bilimlar oddiy mehnat qurollarini yasagan insonsimon mavjudotlarning (lot. homo habilis – uquvli odam) qadimgi manzilgohlari taxminan 3-5 mln yil oldin paydo bo’lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi.

Arxeologik va ilmiy ma’lumotlarga ko’ra, qaddini tik tutib yuradigan odam yoshi taxminan 1,5 mln yilni tashkil etadi. Homo sapiyens, ya’ni aqlli odamlar tipi atigi 40-60 ming yil oldin vujudga keldi. Insonda ong paydo bo’lib, u ijtimoiy mavjudot sifatida uzil-kesil shakllanganidan beri, mutaxassislar fikricha, uning asosiy xususiyatlarida jiddiy o’zgarishlar yuz bergani yo’q, ya’ni u hozirgi odamlardan deyarli farq qilmaydi.

Ong paydo bo’lishi esa, ilmiy tasavvurlarga muvofiq, inson tarixiy rivojlanishining odam miyasi o’sib borayotgan mehnat faolligi va verbal (nutq orqali) muloqot ta’sirida o’ta rivojlanib, murakkab mavhumliklarni tushunadigan darajaga yetgan davri bilan bog’lanadi. Shunday qilib, inson tushunchalarga ta’rif berish, mulohazalar bildirish va mushohadalar yuritish yo’li bilan sodda, lekin so’zning to’la ma’nosida aqliy ish olib bora boshladi.



Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o’rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg’otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o’ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuisiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug’diradigan har qanday obyektiv va subyektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi. . Boshqacha aytganda, inson o’z qiziqishi obyekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to’g’risida so’z yuritish mutlaqo o’rinli bo’ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.

Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig’ma ma’noda qo’llanilgan. Bu yerda shuni ta’kidlab o’tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo’lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko’ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o’ringa chiqadi.

Masalan, qadimgi Yunonistonda kosmosentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o’ziga xos xususiyati bo’lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab yetishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o’rin oldi. Yevropada xristianlikning, Sharqda islom dinining vujudga kelishi va mustahkamlanishi natijasida o’rta asrlar falsafasi teosentrik (yunon. thyeos – markazdan o’rin olgan xudo) xususiyat kasb etdi, ya’ni Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. Uyg’onish davrida falsafa san’at (estetika)ga va ko’p jihatdan insonga murojaat qilindi.. Yangi davr deb nomlanuvchi XVII-XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog’landi, natijada falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o’rin oldi.

XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va oqilonalik inqirozi irrasionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyon etdi, XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o’z navbatida, matnlar mantig’i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg’onishiga olib keldi. XX asrning so’nggi o’n yilliklarida hozirgi madaniyatdagi inqiroz hodisalarini va yangi axborot texnologiyalarining, shuningdek ommaviy kommunikasiya vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan belgilangan muammolarni kun tartibiga qo’ygan postnoklassik falsafa shakllandi. Bu falsafa vakillari «tarixiy rivojlanishning tugallanganligi», barcha ma’nolar va g’oyalar «aytib bo’linganligi» haqida mushohada yuritib, inson o’ziga yog’ilayotgan axborotga ishlov berishga qodir emasligiga e’tiborni qaratar ekan, notizimlilik, Yevropa an’anaviy falsafiy bilimining negizlari, qadriyatlari va chegaralarini o’zgartirish g’oyasini ilgari surdilar.

Nihoyat, XX-XXI asr chegarasida eng yangi falsafada birinchi o’ringa chiqqan va eng muhim mavzular qatoridan o’rin olgan yana bir mavzu globallashuv jarayonlarining mohiyatini va ularning rivojlanish yo’nalishini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar hozirgi vaqtda jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi va davrimizning olamshumul muammolarini yuzaga keltirdiki, ularning nazariy va amaliy yechimini topish bu muammolarni shu jumladan falsafiy darajada anglab yetishni ham nazarda tutadi. Xalqaro miqyosda alohida e’tibor berish va kelishilgan harakatlarni taqozo etuvchi eng muhim muammolar qatoriga ekologiya, demografiya, xavfsizlik, xalqaro jinoyatchilik, energetika resurslari, qashshoqlikka chek qo’yish muammolarini kiritish mumkin.

Ko’rib turganimizdek, falsafaning predmetini qandaydir bitta, qat’iy cheklangan, muayyan masalalar doirasi bilan bog’lash mumkin emas. U vaqt omiliga va obyektiv sabablar to’plamiga qarab, doim u yoki bu muammo yoki ularning muayyan majmui tarzida birinchi o’ringa chiqadi. Ammo bu boshqa mavzular, masalalar va muammolar o’z ahamiyatini yo’qotadi va falsafa chegarasidan chetga chiqadi, uning tahlil predmeti bo’lmay qoladi, degan ma’noni anglatmaydi. Bosh mavzularni ikkinchi, uchinchi yoki undan ham keyingi o’ringa surib qo’yadi, ular muayyan davrda va tegishli sharoitda falsafiy diqqat markazidan o’rin olish yoki falsafiy muammolarning ustuvorliklar yunalishi bo’ylab yuqoriga ko’tarilish uchun o’z vaqtini «kutib», go’yoki panada turadi, desak, to’g’riroq bo’ladi. Ayni shu sababli biz falsafa tarixida qiziqishlardagi ustuvorliklarning muttasil o’zgarishini, u yoki bu masala bosh masalaga aylanishi, falsafiy hamjamiyatning asosiy e’tibori ma’lum vaqt mobaynida unga qaratilishini ko’ramiz.



Falsafiy bilimning tuzilishi. Falsafa o’z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek sababiy bog’lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va oqilonalik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o’sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo’limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o’tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to’ldirildi. Pirovard natijada ular falsafiy bilimning tuzilishini (strukturasini) tashkil etdi.

Quyidagilar falsafiy bilimning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi:



  • ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;

  • gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko’ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;

  • ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;

  • etika – axloq haqidagi ta’limot;

  • aksiologiya - qadriyatlar haqidagi ta’limot;

  • falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot va boshqalar.

Falsafiy muammolar mohiyatini tushunib yetish, ularning eng muhimlarini aniqlash va nihoyat, falsafiy bilimlar bilan oshno bo’lish – ko’rsatilgan bo’limlarni sinchiklab o’rganish, bunda ularga yaxlit bir butunning tarkibiy qismlari sifatida yondashish demakdir. Pirovardida biz falsafaning o’ziga xos tili, o’z yondashuvlari va metodlari, nihoyat, tabiat, jamiyat va tafakkurga oid eng muhim aloqalar, xossalar va qonunlarni o’zida aks ettiruvchi umumiy tushunchalar – kategoriyalar tizimi vujudga kelganining guvohi bo’lamiz. Bunda falsafadagi har bir bo’lim yoki yo’nalish ham o’z tushunchalar apparatiga, ya’ni bilimning faqat shu sohasiga xos bo’lgan va uning asosiy mohiyatini yoritib beradigan kategoriyalar tizimiga egadir.

Falsafada ko’rib chiqilgan mavzular bilan bir qatorda shunday bilim sohalari ham mavjudki, ular qolgan barcha bilim sohalariga kirib boradi, ular bilan uyg’unlashadi va ularni to’ldiradi. Masalan, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkurida yuz beruvchi harakat, rivojlanish va o’zgarishlar haqidagi falsafiy ta’limot dialektika ana shunday bilim sohalaridan biri hisoblanadi.

Obyektiv sabablarga ko’ra falsafiy bilimning ayrim sohalari sezilarli darajada rivojlandi va vaqt o’tishi bilan mustaqil falsafiy fanlarga aylandi. Bunday bilim sohalari qatoriga, masalan, insonning bilishni amalga oshirish shakllari, qonunlari va usullarini o’rganadigan fan - mantiqni; ma’naviyat va axloq haqidagi ta’limot – etikani; go’zallik qonunlariga muvofiq ijodning mohiyati va shakllari haqidagi fan – estetikani kiritish mumkin.

Shu ma’noda falsafa tarixi fani alohida diqqatga sazovordir, zero u, mohiyat e’tibori bilan, nafaqat falsafiy, balki tarixiy fan hisoblanadi. Ayni vaqtda u falsafiy bilim tarkibiga ham kiradi, chunki falsafiy tafakkurning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini, falsafiy g’oyalar evolyusiyasi va xususiyatini turli faylasuflar, yo’nalishlar, oqimlarning ta’limotlarida qanday tavsiflangani nuqtai nazaridan o’rganadi. Falsafa tarixi fanida falsafiy ta’limotlarni tizimga solish va tasniflashga, matnlar, tarixiy sanalarni tahlil qilishga, daliliy material, biografik ma’lumotlar yig’ishga alohida e’tibor beriladi. Shu munosabat bilan dunyoqarashni kengaytirish va teranlashtirishga, o’z falsafiy yondashuvlarini yaratishga qaratilgan falsafani o’rganish, uning tarixi, asosiy namoyandalari va eng muhim falsafiy asarlari bilan albatta tanishishni nazarda tutadi.



Falsafaning yangi sohalari. Falsafiy bilimning tuzilishi o’zgarmas, uzil-kesil shakllangan emas. Falsafaning rivojlanishi va u hal qilayotgan muammolar doirasi kengayishiga qarab falsafiy bilim tuzilishida ham o’zgarishlar yuz beradi. Ilmiy nazariyalar yoki falsafiy g’oyalar inqirozga uchragan yoki o’zining asossizligini namoyish etgan taqdirda, ularning bilim tizimidagi o’rni va rolini qayta baholash amalga oshiriladi, bu esa ba’zan ularning nazariy va amaliy ahamiyati yo’qolishiga olib keladi. Masalan, flogiston nazariyasi, «falsafa toshi»ni izlash, empiriokritisizm falsafasi va o’z ahamiyatini yo’qotib, tarix mulkiga aylangan boshqa ko’pgina g’oyalar bilan shunday bo’lgan. Bugungi kunda falsafa bilan ham shunga o’xshash hodisa yuz beryapti, degan fikr mavjud. Hatto falsafa o’lyapti deb hisoblaydiganlar ham yo’q emas.

Darhaqiqat, o’zini oqlamagan g’oyalar, yo’nalishlar va konsepsiyalar bisyor, ularning aksariyati hozir juda og’ir ahvolda, ayrimlari esa kuchli inqiroz holatini boshdan kechirmoqda. Ammo falsafa o’zining birinchi ma’nosida – «donolikni sevish» sifatida, haqiqatning tagiga yetish usuli sifatida, jon holati sifatida va nihoyat, dunyoqarashning alohida shakli sifatida insoniyat turguncha mavjud bo’ladi.

Buni falsafiy bilimning ayrim nisbatan yangi sohalari ham tasdiqlaydi (ba’zan ular mustaqil falsafiy fanlar maqomiga da’vogarlik qiladi). Ular falsafa yondashuvlari va metodlari jamiyat hayotining ayrim jabhalari, murakkab obyektlar, muayyan fanlar va shu kabilarni o’rganishga nisbatan qo’llanilishi natijasida yuzaga keldi. Ularning aksariyati falsafaning eng yangi tarixi bilan bog’liq bo’lib, asosan XX asrga tegishlidir. Bu yerda avvalo tabiat falsafasi, huquq, fan, tarix, siyosat, san’at, din, texnika falsafasi, tanatologiya, gerontologiya va boshqalar nazarda tutilmoqda. O’tgan asrning so’nggi o’n yilliklarida tadqiqotning yana bir yangi va o’ta muhim sohasi – globallashuv va u yuzaga keltirayotgan global muammolar falsafasi paydo bo’ldiki, uni o’rganish ham foydadan xoli bo’lmaydi.

Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o’rganayotgan har bir odamda falsafada qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq, asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek, hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha muhokama qilinishining guvohi bo’lishimiz mumkin.

Darhaqiqat, ong, tafakkur, ruh, ideallik va ularning materiya, tabiat, borliq bilan o’zaro nisbati masalalariga o’z munosabatini bildirmagan yoki, aytaylik, o’z mulohazalari va xulosalarida shubha qilmagan faylasufni topish mushkul. Bu hol o’z vaqtida olimlar tomonidan «falsafaning asosiy masalasi»ni ta’riflashiga turtki bergan bo’lib, unda ikki jihat alohida ajralib turadi.

Birinchi jihat moddiylik va ideallikning o’zaro nisbatiga tegishli. Savol shunday qo’yiladi: «Materiya birlamchimi yoki ruh (ong)mi?» yoki, «Tafakkur va borliqning nisbati masalasi butun, ayniqsa, eng yangi falsafaning buyuk asosiy masalasidir».

Ikkinchi jihat birinchi jihat bilan uzviy bog’liq bo’lib, quyidagicha ta’riflanadi: «Dunyoni bilish mumkinmi?» Boshqacha aytganda: «Biz haqiqiy dunyo haqidagi o’z tasavvurlarimiz va tushunchalarimizda borliqni to’g’ri aks ettirishga qodirmizmi?»



Materialistlar va idealistlar. U yoki bu faylasuflar savolning birinchi qismiga qanday javob berishiga qarab, ular materialistlar -dunyo azaldan moddiy, ong esa bu materiyaning mahsulidir, deb hisoblovchilar va idealistlar -dunyo zamirida materiyadan oldin paydo bo’lgan va uni yaratuvchi ideal narsalar va hodisalar yotadi, degan fikrni himoya qiluvchilarga ajratiladi.

Bunda idealizmning ikki turi – obyektiv va subyektiv idealizm farqlanadi. Qandaydir nomoddiy va inson ongiga bog’liq bo’lmagan (ya’ni obyektiv mavjud bo’lgan) narsalar va hodisalarni ( Xudo,dunyoviy aql, g’oya, ruh va shu kabilar) butun borliqning asosi deb e’tirof etuvchilar obyektiv idealistlar hisoblanadi. Falsafa tarixida Platon, Avliyo Avgustin, Foma Akvinskiy, G.Gegel, , N.Berdyayev kabi mutafakkirlar obyektiv idealizm namoyandalari sifatida shak-shubhasiz e’tirof etiladi. Dunyo faqat individual (subyektiv) ong nuqtai nazaridan qaralgan holda subyektiv idealizm to’g’risida so’z yuritiladi. J.Berkli, D.Yum, I.G.Fixte subyektiv idealizmning yorqin namoyandalari hisoblanadi.

Falsafa tarixida materialistik yo’nalishlar va oqimlar ham anchaginadir. Xususan, materiyani yaratish va yo’q qilish mumkin emasligi haqidagi fikr-mulohazalarga ilk faylasuflarning asarlaridayoq duch kelish mumkin. Mazkur sodda materializm vakillari :qadimgi xitoy faylasuflari – Lao szi, Yan Chju;


  • Qadimgi hind faylasuflari – lokayata yo’nalishi namoyandalari;

  • Qadimgi davrning mashhur faylasuflari – Geraklit, Empedokl, Demokrit, Epikur va boshqalar.

  • Qadimgi Markaziy Osiyo faylasuflari- Zardo’sht Sepitoma kabilardir.

Klassik mexanika vujudga kelgan va faol rivojlangan Yangi davrda mexanistik materializm (P.Golbax, P.Gassendi, J.Lametri) ayniqsa keng tarqaldi.

XVIII-XIX asrlarda falsafiy materializmning yo’nalishlari:

- antropologik materializm (L.Feyerbax);

- vulgar materializm (Fogt, Byuxner, Moleshott);

- dialektik materializm (K.Marks, F.Engels) shakllandi.

Biroq, yana shuni ham ta’kidlab o’tish lozimki, mazkur tasnifga muvofiq materialistlar yoki idealistlar deb nomlanuvchi u yoki bu faylasuflar bunday farqlashga asossiz sxemalashtirish va soddalashtirish deb qarab, o’zini bu yo’nalishlarning birortasiga ham mansub deb hisoblamasligi mumkin. Bunday qarashlar shu bilan izohlanadiki, to’g’ridan-to’g’ri va uzil-kesil tarzda, bu muammoni tushunishga nisbatan boshqacha yondashuvlarni e’tiborga olmasdan ta’riflangan «falsafaning asosiy masalasi» muqarrar tarzda barcha faylasuflarni ikki katta qarama-qarshi lagerga – materialistlar va idealistlarga ajratadi va bu hodisaning ayrim ko’rinishi sifatida faqat moddiy va ma’naviy substansiyalarni teng huquqli asoslar deb hisoblovchi dualistlarnigina (masalan, R.Dekart) farqlaydi.

Ammo falsafiy tafakkur tarixida u yoki bu faylasuflar fikriga ko’ra eng muhim deb qaraladigan boshqa muammolar ham mavjud. Ayni shu sababli aksariyat faylasuflar substansiya (dunyoning birinchi asosi) haqida mulohaza yuritar ekan, mazkur masalaning qo’yilishini «falsafaning asosiy masalasi» bilan bog’lashga moyil emas. Masalan, ilk antik faylasuflar uchun falsafaning asosiy muammosi: «Dunyo nimadan yaratilgan?», degan savol bilan bog’langan. O’sha davrda bu savol eng muhim, asosiy, birinchi darajali hisoblangan.

O’rta asrlar sxolastikasi nuqtai nazaridan «falsafaning asosiy masalasi» quyidagicha ta’riflanishi mumkin: «Xudoning borligini qanday qilib oqilona asoslash mumkin?» Hozirgi diniy falsafiy konsepsiyalar, xususan neotomizm uchun u hozir ham bosh masala bo’lib qolmoqda. Ibn Sino fikricha, falsafaning asosiy masalasi – mavjudotni barcha mavjud narsalarni kelib chiqishi, targ’iboti o’zaro munosabati, biridan-ikkinchisiga o’tishni har tomonlama tekshirish uchun zaruriy imkoniyat, voqyelik sabab tamoyillarini asos qilib olishdan iborat.

Yangi davrda I.Kant yondashuvi diqqatga sazovor bo’lib, u «Inson nima?» degan savolni mohiyat e’tibori bilan falsafaning asosiy masalasi deb hisoblaydi. Uning fikricha, inson ikki har xil dunyo – tabiiy zarurat va ma’naviy erkinlikka mansub bo’lib, ularga muvofiq odamzot, bir tomondan, tabiat mahsuli hisoblanadi, boshqa tomondan esa, u «erkin harakat qiluvchi mavjudotning o’z-o’zidan yaratish» natijasidir1.

Ekzistensializm falsafasida esa har bir individ o’zi uchun o’zi hal qilishi lozim bo’lgan «Hayot yashashga arziydimi?», degan muammo asosiy masala sifatida e’tirof etiladi, zero, mazkur yo’nalish namoyandalarining fikriga ko’ra, bu savolga javobsiz qolgan hamma narsa o’z ma’nosini yo’qotadi. Fransuz ekzistensialist faylasufi A.Kamyu ta’biri bilan aytganda: «Hayot yashashga arzishi yoki arzimasligi masalasini hal qilish, falsafaning asosiy masalasiga javob topish demakdir».

Masalan, pragmatizm asosiy e’tiborni haqiqat tushunchasiga va uni aniqlash muammosiga qaratadi. Bu yo’nalish vakillarining fikriga ko’ra, falsafa avvalo ayni shu muammo bilan shug’ullanishi va insonga amalda foyda keltirishi lozim.



Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g’oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.

Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Falsafaning, dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi, insonning dunyoga munosabati, uning o’z-o’zini va o’zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqyealar, hodisalarni va o’z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog’liq bo’ladi. Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg’ular va emosiyalar, oqilonalik va irrasionallik, tajriba, intuisiya va hokazolar chambarchas bog’lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki «donolikni sevish» sanaladigan, «hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o’zaro bog’lanmagan turli «parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to’g’ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e’tiborni qaratadi va shu tariqa o’zining bosh funksiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini bajaradi.

Download 258.88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling