Arxeologik madaniyat - o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadigan bir davrga oid bo‘lib, muayyan territoriyada tarqalgan arxeologik madaniyatlar birligi. Arxeologik madaniyatlar ularning ayrim yoki bir qancha belgilariga, xususan, keramikasining shakli, naqshi, o‘liklarni ko‘mish tartiblari va boshqalariga qarab belgilanadi. Yodgorlik birinchi marta qaerdan topilsa, arxeologik madaniyat shu joyning nomi bilan yuritiladi. Arxeologik madaniyatni o‘rganish bilan biror qabila yoki xalqning muayyan tarixiy davrdagi ishlab chiqarish kuchlari va munosabatlarining darajasi hamda ularda sodir bo‘lgan ayrim o‘zgarishlar aniqlab olinadi. Ba’zan ma’lum arxeologik madaniyat tarixiy manbalardan mashhur bo‘lgan qabilalarga tegishli bo‘lib chiqadi. Masalan, Lotin madaniyati qadimgi keltlarga tegishli. Moddiy madniyat elementlaridagi o‘xshashlik hamma vaqt aholining etnik va kelib chiqish birligini ifodalayvermaydi. Chunki bir-biriga yaqin ijtimoiy va geografik sharoitda hamda ibtidoiy texnika davrida qabilalar hayoti va madaniyatida o‘xshashliklar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, madaniyatning ayrim elementlari shu madaniyatni yaratgan xalq yoki qabilalarning bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishi natijasida boshqa qabila yoki xalqlarga o‘tishi mumkin.
Arxeologik madaniyatni o‘rganish yozma tarixiy manbalar paydo bo‘lmasdan oldin yashagan qabila va xalqlarning tarixini yozish uchun imkoniyat yaratib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |