1 Mavzu: Oʻsmirlik – murakkab davr. Biz bu haqida nima bilamiz?
Download 24.83 Kb.
|
1.O\'SMIRLIK-MURAKKAB DAVR
1 Mavzu: Oʻsmirlik – murakkab davr. Biz bu haqida nima bilamiz?
Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi oʻz joniga qasd qilish muammosini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, bir qator hollarda oʻsmirlar oʻz muammolariga ota-onalar va oʻqituvchilarning eʼtiborini jalb qilish uchun oʻz joniga qasd qilishga qaror qilishgan va befarqlik, bemaʼnilik, beparvolikka va kattalarning shafqatsizligiga qarshi dahshatli tarzda norozilik bildirganlar. Bolalar va oʻsmirlardagi oʻz joniga qasd qilish harakati yoshining oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bolalar taʼsirchanlik va ishonuvchanlikning kuchayishi, kuchli his qilish va xavotirlanish qobiliyati, kayfiyatning oʻzgarishiga moyillik, tanqidiy oʻzini baholash qobiliyatlarning zaifligi va impulsiv qaror qabul qilish bilan ajralib turadi. Koʻpincha bolalar va oʻsmirlarning oʻz joniga qasd qilishiga gʻazab, norozilik, tajovuz yoki oʻzini va boshqalarni jazolash istagi sabab boʻlgan holatlar mavjud. Oʻsmirning oʻz joniga qasd qilishini bir qarashda murakkab ekanligini tushunish qiyin. Psixologiyada bu davr — oʻsmirlik davri inqiroz davri sifatida tavsiflanadi. 10-11 yoshdan 14-15 yoshgacha oʻsmirlik davri hisoblanadi. Oʻsmirlik – bolalikdan kattalikka oʻtish davri boʻlib, fiziologik va psixologik jihatdan oʻziga xos hususiyatlari bilan xarakterlanadi. Bu bosqichda bolalarning jismoniy va psixik taraqqiyoti juda tezlashadi, hayotdagi turli narsalarga qiziqishi, yangilikka intilish ortadi, xarakteri shakllanadi, maʼnaviy dunyosi boyiydi, ziddiyatlar avj oladi. Oʻsmirlik balogʻatga yetish davri boʻlib, yangi hislar, sezgilar va jinsiy hayotga taalluqli chigal masalalarning paydo boʻlishi bilan ham xarakterlanadi. Bular taʼsirida oʻsmirning xarakteri, atrofdagi kishilar bilan muomalasi, jamiyatda sodir boʻlayotgan voqealarga munosabati tez oʻzgarib boradi. Baʼzan ijtimoiy masalalar toʻgʻrisida notoʻgʻri tasavvur va yanglish fikrlar hosil boʻlishi tufayli u muayyan tartib-qoidalarga tanqidiy koʻz bilan qaraydi. Oʻsmirda psixik jarayonlarning keskin oʻzgarishi bilan aqliy faoliyatida ham burlishlar seziladi. Shuning uchun shaxslar aro munosabatda, oʻquvchi bilan oʻqituvchi muloqotida, kattalar bilan oʻsmirlarning muomalasida qatʼiy oʻzgarishlar jarayonida qiyinchiliklar paydo boʻladi. Bular avvalo taʼlim jarayonida roʻy beradi: yangi axborot, maʼlumotlarni bayon qilish shakli, uslubi va usullari oʻsmirni qoniqtirmay qoʻyadi. Odobli, dilkash oʻsmir kutilmaganda qaysar, intizomsiz, qoʻpol, serzarda boʻlib qoladi. Oʻsmir hulqidagi bunday oʻzgarishlar tajribasiz oʻqituvchi va ota-onasini qattiq tashvishga soladi. Xoʻsh, oʻsmirlarning psixik oʻtishini harakatga keltiruvchi kuch nima? Oʻsmirning psixik oʻsishini harakatga keltiruvchi kuch — uning faoliyatini vujudga keltirgan yangi ehtiyojlar bilan ularni qondirish imkoniyatlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar tizimining namoyon boʻlishidir. Vujudga kelgan ziddiyatlarni psixologik kamolotni taʼminlash, faoliyat turlarini murakkablashtirish orqali oʻsmir shaxsida yangi psixologik fazilatlarni tarkib toptirish bilan asta-sekin yoʻqotish mumkin. Oʻsmir oʻzining qobiliyati va kuchini toʻgʻri baholamay turib, murakkab hayotiy masalalarni hal qilishga urinadi, ammo fikr yuritish qobiliyati yuzaki boʻlganligi sababli kundalik hayotida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyadi. Lekin u oʻz xatosini tan olishdan koʻra kattalar bilan bahslashishni afzal koʻradi. Tanqid qilgan kishilarni yoqtirmaydi, har bir tanqid goʻyoki uni mensimaslik belgisi, atayin qilinayotgan ish boʻlib koʻrinadi. Buning natijasida oʻsmirning psixik faoliyatida salbiy oʻzgarishlar yuzaga keladi. U mustaqil, oʻzboshimchalik bilan ish tutishga urinadi, kattalarning maslahatiga eʼtibor bermaydi. Ayrim oʻsmirlar oʻzining kattalar safiga qoʻshilganligini namoyish qilish uchun turli xil odatlarga oʻrgana boshlaydilar. Ota-onalar va pedagoglar oʻsmirlar bilan alohida ishlab, ularning koʻnglini topishi va xatti–harakatlarini oʻz vaqtida toʻgʻri yoʻlga solishlari lozim. Oʻsmirlik yoshi dunyoqarash, eʼtiqod, prinsiplar, oʻzligini anglash, baholash kabilar shakllanadigan davr hisoblanadi. Oʻsmir oʻz faoliyatini muayyan prinsip, eʼtiqod va shaxsiy nuqtai nazari asosida tashkil qila boshlaydi. Oʻsmir shaxsini tarkib topshirishda uning atrof muhitga, ijtimoiy hodisalarga, kishilarga munosabatini hisobga olish lozim. Psixologlar oʻtkazgan tadqiqotlardan koʻrinadiki, oʻsmirlarning koʻpchiligini qatʼiyatlilik, kamtarlik, magʻrurlik, samimiylik, dilkashlik kabi maʼnaviy, axloqiy tushunchalarni toʻgʻri anglaydi. Ularning turmush tajribasida fan asoslarini egallash natijasida barqaror eʼtiqodiy va ilmiy dunyoqarash tarkib topadi, shular zamirida axloqiy ideallar yuzaga kela boshlaydi. Oʻsmir oʻgʻil-qizlar shaxsining kamol topishida oʻzini anglash jarayonida oʻziga baho berish mayli va istagi oʻzini boshqa shaxslar bilan taqqoslash, oʻziga bino qoʻyish ehtiyoji paydo boʻladi. Bular esa oʻsmirning psixik dunyosiga aqliy faoliyatiga, tevarak-atrofga munosabatning shakllanishiga taʼsir qiladi. Oʻsmirlik yoshida psixologik jihatdan eng muhim xislat — voyaga yetish yoki kattalik hissining paydo boʻlishi alohida ahamiyatga ega. Kattalik hissi ijtimoiy-axloqiy sohada, aqliy faoliyatda, qiziqishda, munosabatda, koʻngil olish jarayonida, xulq-atvorning tashqi shakllarida oʻz ifodasini topadi. Oʻsmir oʻz kuchi va quvvati, chidamliligi ortayotganini, bilim saviyasi kengayayotganini anglay boshlaydi. Oʻsmirlik davri xususiyatlarini talqin qilgan P.I.Leventuev, D.B.Elkonin, T.V.Dragunovning taʼkidlashicha, oʻgʻil va qizlarning bu yoshda oʻrtoqlari bilan munosabatlarga intilishi, tengdoshlari jamoasining hayotiga qiziqishi yorqin namoyon boʻladi. Oʻsmirlarning jismoniy oʻsishi va jinsiy yetilishi ularning psixikasida keskin oʻzgarishlarni vujudga keltiradi. Oʻquv fanlarning koʻpayishi, axborotlar. maʼlumotlar tarmogʻining kengayishi ularning fikr yuritishini shakllantiradi. Oʻsmirning eng muhim xususiyatlardan yana biri mustaqil fikrlash, aqlning tanqidiyligining tez rivojlanishidir. Bu esa oʻsmirning aqliy faoliyatida yangi davr boshlanganini bildiradi. Aqlning tanqidiyligi ayrim hollarda oʻqituvchi bilan oʻquvchi oʻrtasida «anglashilmovchilik devori»ni vujudga keltiradi. Aqlning tanqidiyligi oʻsmirning asosiy xususiyatlaridan biri boʻlib, oʻzgalar mulohazasidan, darslikdan xato va kamchiliklar topishga, oʻz gapida turib, ayrim fikrlarga qatʼiy eʼtiroz bildirishga urinib va bahslashishiga moyil boʻladilar. Tafakkurning mustaqilligi inson uchun katta ahamiyatga ega. Oʻqituvchi dars jarayonida va darslardan tashqari vaqtlarda, har qanday ogʻir shart-sharoitlarda ham turli usullar bilan bu xislatni qoʻllab quvvatlashi, uning rivojlanishi uchun imkoniyat yaratishi kerak. Download 24.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling