1-mavzu: Suv tashlovchi, suvdan bo‘shatuvchi va suv chiqaruvchi inshootlar. Ularning axamiyati va turkumlanishi Reja
Orol dengizi havzasida yer-suv resurslari rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari
Download 255.46 Kb.
|
1 - Ma\'ruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2. Suv xo‘jaligi va uning tarmoqlari
- 3. Gidrotexnika inshootlari qurilishning qisqacha tarixi va mamlakatimiz rivojlanishi bilan bog‘liq kelajagi
Orol dengizi havzasida yer-suv resurslari rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari
1) daryolardagi suv resurslaridan foydalanish qoidalari bo‘yicha o‘zaro kelishuvning va ushbu kelishuvga asosan suvni taqsimlash va uni tezkor boshqarish qoidalarini havzadagi barcha mamlakatlar tomonidan imzolanishi; 2) barqaror suv bilan ta’minlashning moliyaviy mexanizmi sifatida havza mamlakatlariga suv berish grafigi talablariga maksimal yaqinlashib, mavjud yoqilg‘i, elektr energiyasi va suv resurslaridan samarali foydalanishning eng maqbul varianti bo‘yicha ishlaydigan suv energetika Konsorsiumi (yirik moliyaviy operatsiyani bajarish uchun muvaqqat bitim)ni tuzish; 3) butun havza bo‘yicha suvdan foydalanishning zamonaviy texnikaviy nuqtayi nazardan erishiladigan, iqtisodiy jihatdan mumkin bo‘lgan darajasiga mos keladigan suvni tejashning me’yorlariga barcha mamlakatlarning qat’iy amal qilishi va ularning mintaqada tabiiy cheklanishlar yuzasidan suv olish darajasi yiliga 78–80 km3dan ortmaslikni mo‘ljallashlari; ushbu qat’iy suv limitini va tegishli iqtisodiy mexanizmlar bilan uyg‘unlashgan imkoniyatlarini mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro taqsimlanishi. 2. Suv xo‘jaligi va uning tarmoqlari Suv xo‘jaligi – qishloq xo‘jaligi, aholi va sanoatni suv bilan ta’minlash, gidroenergetika, suv transporti, baliqchilik kabi xalq xo‘jaligining barcha sohalari ehtiyojini qondirish maqsadida suv resurslaridan oqilona va kompleks tarzda foydalanishni ta’minlaydi. Suv xo‘jaligini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan bo‘lib, suvni muhofaza qilish chora-tadbirlari, daryo oqimini rostlash va qayta taqsimlash, suvning (salbiy) zararli ta’siri (suv toshqini, sel kelish, tuproq eroziyasi va h.k.) ga qarshi kurash, dam olish zonalarini bunyod etish ham hisoblanadi. Daryolardagi suv oqimini va oqish vaqtini rostlash, daryoni yuvilib ketishdan saqlash, yer osti suvlarini rostlash va undan foydalanish usullari, gidrotexnika inshootlari konstruksiyalarini nazariy hisoblash, loyihalash, qurish va ishlatish usullarini gidrotexnika fani o‘rgatadi. Hozirgi zamon suv xo‘jaligi quyidagi tarmoqlarni o‘z ichiga oladi: 1. Meliorativ gidrotexnika: 1) irrigatsiya; 2) toshqin suvlarning zararli oqibatlariga qarshi kurash; 3) botqoqlanishga qarshi kurash va uning oldini olish; 4) jarliklar paydo bo‘lishga qarshi kurash va shu kabilar bo‘yicha ish olib boriladi. 2. Suv energiyasidan foydalanish gidrotexnikasi daryo, ko‘l, dengiz suvlari harakatidan hosil bo‘lgan energiyani mexanik va elektr energiyasiga aylantirish bilan shug‘ullanadi. 3. Sanitariya gidrotexnikasida aholini va ishlab chiqarish korxonalarini suv bilan ta’minlash; kanalizatsiya; davolash maqsadida shifobaxsh suvlardan foydalanishni yo‘lga quyish kabilar bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi. 4. Suv transporti gidrotexnikasining vazifasi quyidagilardan iborat: 1) suv havzalarida kemalar yurishi va yog‘och oqizish uchun shart-sharoit yaratish; 2) kemalar yuradigan kanallar qurish va kemalar to‘xtaydigan va boshqa suv transportlariga oid inshootlar barpo etish. 5. Suv osti boyliklaridan foydalanish gidrotexnikasi suvda yashovchi jonivor va turli o‘simliklardan foydalanish bilan shug‘ullanadi. 6. Harbiy gidrotexnika – harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan gidrotexnika tadbirlar tizimini amalga oshiradi. 7.Toshqinga qarshi kurash gidrotexnikasi suv havzalari qirg‘oqlarini yuvilib ketish, suv toshishidan saqlash singari ishlarni bajaradi. Suv xo‘jaligining yuqorida aytib o‘tilgan tarmoqlari hozirgi paytda takomillashib, har biri mustaqil fanga aylangan. Suv xo‘jaligining barcha tarmoqlari ham suv oqimini boshqarishga asoslanadi va buning uchun esa gidrotexnik inshootning qanday sharoitda va tabiatning qanday obyektiv qonunlari ta’siri ostida ishlashini yaxshi bilish lozim. Bu borada gidrotexnika fanini – gidrologiya, gidrogeologiya, gidravlika, gidromexanika, gidrometriya, qurilish mexanikasi, gidrotexnikaviy melioratsiya va boshqa fanlarga asoslanadi deb hisoblash kerak. 3. Gidrotexnika inshootlari qurilishning qisqacha tarixi va mamlakatimiz rivojlanishi bilan bog‘liq kelajagi Yer yuzining dehqonchilik uchun yaroqli kattagina qismida, shu jumladan Markaziy Osiyoda ham nam tanqisligi mavjud va shu boisdan inson qadim zamonlardan boshlab, tabiiy omillar nomutanosibligini tuzatish hamda yerlarni suv bilan ta’minlanishini oshirish uchun juda ko‘p kuch va mehnat sarf qilib kelgan. Yuqorida qayd etib o‘tilganidek, Markaziy Osiyoning jug‘rofiy joylashgan o‘rni, uning arid iqlimi, ya’ni havoning o‘ta quruqligi, yozning issiq va yog‘insiz bo‘lishi, qishning nam va sovuq kelishi, ya’ni iqlimning keskin kontinental ekanligi va o‘simliklar vegetatsiyasi davrida atmosfera yog‘inlari yetarli bo‘lmasligi bu yerda sun’iy sug‘orish bilangina madaniy dehqonchilik olib borishni taqozo etgan. Mamlakatimizda sug‘orma dehqonchilik tarixi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi va u qariyb 10 ming yillik tarixga ega. Sug‘orish va u bilan bog‘liq kanallar, inshootlar qurilish ishlari Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari vodiysida olib borilgan. Olingan tarixiy ma’lumotlar va arxeologik qazishmalar natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda sug‘orish ishlari bilan eramizdan avvalgi IX–VII asrlarda ham shug‘ullanishgan. Qadimgi Baqtriya, Sug‘diyona, Xorazm davlatlari, Farg‘ona vodiysida sug‘orish ishlari olib borilganligi, sug‘orish tarmoqlari, suv to‘plash inshootlari qurilganligi bunga misol bo‘la oladi. Birgina Zarafshon daryosida bundan 2,5 ming yil avval qo‘l kuchi bilan bunyod etilgan va hozirgacha saqlanib qolgan Darg‘om kanalini olib qaraydigan bo‘lsak, ajdodlarimizning qanchalik zukko mirob hamda ularning yer past-balandligi, nishabligini katta aniqlikda hisoblay olgan fozil insonlar bo‘lganligiga ishonch hosil qilamiz. Bundan tashqari, Zarafshon daryosidan suv oluvchi qadimiy va hozirgi paytda ham saqlanib qolgan Narpay, Mirzaariq, Shohrud, Vobkent, Pirmast, Sultonobod va boshqa ko‘pgina kanallarni ham sanab o‘tish mumkin. Qadimiy davlatlar poytaxtlari Zarafshon daryosidan suv oladigan kanallar bo‘yida barpo etilgan edi. Darg‘om kanali Samarqand (Marokand) ni suv bilan ta’minlagan bo‘lsa, Shohrud kanali Buxoro shahri ichidan o‘tar edi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Amudaryoning quyi qismida irrigatsiya tarmoqlarini eng rivojlangan davri eramizdan avvalgi VI asrdan to eramizning III asrlarigacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keladi. Saqlanib qolgan tarixiy hujjatlarga ko‘ra, Xorazm sug‘oriladigan eng qadimiy va o‘z davridagi murakkab gidrotexnik inshootlar tizimiga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi. Fikrimizning dalili sifatida Amudaryodan Xorazmning o‘ng qirg‘oq yerlarini Sultoniztog‘ balandligigacha bo‘lgan joylarni sug‘orish uchun eramizgacha bo‘lgan birinchi ming yillikning o‘rtalarida qurilgan Gauxvar (Gavhar) kanalini keltirish mumkin. Eramizning I asrlarida Sultoniztog‘ yon bag‘irlarini sug‘orish uchun Tuproqqal’a kanalidan suv oluvchi kattagina tarmoq qurib bitkaziladi, G‘aznaobod-Chermen-Yab kanalidan sug‘oriladigan yerlar ko‘lami kengayadi, III asrda g‘arbiy qiyot kanali qurib bitkaziladi, IV asrda Guldursin va Berkut qal’a kanallari atrofida vohalarda sug‘orma dehqonchilik ishlari yo‘lga qo‘yiladi. IX asrda Gurganj (ko‘hna Urganch), G‘aznaobod (Madra) kanali quyi qismida dehqonchilik tiklanadi, Amudaryoning quyi del’tasi tumanlarini irrigatsiya o‘zlashtirishi boshlanadi. Shu davrda Shovot (Shoxobod) va Buve kanallari qurilgan, X asrda Amudaryoning chap qirg‘og‘ida Xiva kanalidan ikkita tarmoq kanallari bunyod etilgan. XII–XIII asrlarga kelib, Xorazmda irrigatsiya ishlarining biroz jonlanganligini guvohi bo‘lamiz: G‘aznaobod (g‘azavot) kanali Chermen – Yab arig‘i orqali Shohsanamgacha, Girya kanali Qavatqal’a tumanigacha yetkaziladi. Qadimiy kanallardan hozirgi paytda Markaziy Osiyoda eng yirik kanal hisoblangan Toshsaqa kanalining tarmoqlari bo‘lgan va Shovot, Polvon va G‘azovot kanallarini ayni kunlarda ham faoliyat ko‘rsatayotganligini aytib o‘tish mumkin. Toshkent vohasidagi sug‘orish tizimlari, asosan, Chirchiq va Angren daryolarida qurilgan. Grek tarixchilarining ta’kidlashicha, Toshkent atrofidagi yirik kanallar eramizdan avvalgi III–II asrlarda ham mavjud bo‘lgan. Arab geograflari tomonidan Shosh mamlakati (Toshkent vohasi) tarixi batafsil yozib qoldirilgan, jumladan 50 ta aholi punkti haqida ma’lumot berishgan. Ularning ayrimlari hozirgi davrga qadar saqlanib kelmoqda, masalan, Biskent (Pskent), Ferekent (Parkent), Zerekent (Zarkent) shular jumlasidandir. Shahar va qishloqlarda, qadimiy Toshkentda aholi zich joylashgan bo‘lib, ularni katta-katta bog‘ va uzumzorlar o‘rab olgan edi. Madaniy Shosh vohasi shimoli-g‘arbdan ko‘chmanchi qabilalar hujumidan qadimiy Bo‘zsuv arig‘i va salobatli devor bilan himoyalangan edi, mazkur ariq shu kunga qadar saqlanib qolgan. Qadimiy kanallar masalan, Zax, Salor kanallari islom dini kirib kelgunga qadar bo‘lgan nomlar bilan atalib kelinadi. Sirdaryo daryosining o‘rta oqimida ikkala qirg‘oq bo‘ylab yirik sug‘orish kanallari, shahar va qishloqlar izlari qolgan bo‘lib, bundan 700...800 yil avval bu yerlarda yirik kanallar bilan sug‘orilgan voha gullab yashnagan. Aris daryosining Sirdaryoga quyilish joyida esa qachonlardir yirik savdo markazi bo‘lgan O‘tror shahrining xarobalari yastanib yotibdi. Farg‘ona vodiysida dehqonchilik qilish madaniyati, asosan, Chotqol va Farg‘ona tog‘ tizmalaridan oqib tushadigan hamda Norin, Qoradaryo daryolariga quyiladigan kichik-kichik daryolar bo‘ylarida rivojlanib kelgan. Tog‘ daryolarining suvlari eramizgacha bo‘lgan X asrlarda yerlarni sug‘orish uchun to‘liq foydalanilgan. Daryolar bo‘ylarida yirik qishloq va shaharlar, masalan, Kosonsoyda Kosonsoy va Axsikent, Marg‘ilonsoyda Marg‘ilon, Isfarasoyda Isfara, Xo‘jabaqirgansoyda Xo‘jand, Oqbura daryosida O‘sh kabi shaharlar bunyodga kelgan. Keyinroq barpo etilgan davrga So‘x daryo bo‘yida yuzaga kelgan Qo‘qon (200 yil avval), Namangansoyda esa Namangan (350 yil avval) shaharlarini aytib o‘tish mumkin. Taniqli sharqshunos V.V.Bartoldning fikriga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi sug‘orish kanallari Xorazm vohasidagi, Zarafshon, Chirchiq, Angrendagi inshootlarga nisbatan ancha keyinroq, ya’ni XVI–XVII asrlarda paydo bo‘lgan. Bu davrlarda, Xitoy bilan o‘zaro savdo-sotiq ishlari juda rivojlangan edi va ayni shu paytlarda irrigatsiya qurilishida ham katta yutuqlarga erishilgan. Uning yozishicha, tarixda birinchi marta ana shu davrda Qoradaryo va Norin daryolaridan kanal qazib chiqarilgan, avvallari esa, hatto Somoniylar davrida ham bu joylar Sirdaryoning shimoliy va janubiy irmoqlaridan chiqarilgan kanallardan sug‘orilgan, Qo‘qon xonlari davrida o‘tkazilgan kanallardan sug‘orilgan maydonlar o‘z o‘lchamiga ko‘ra, Turkiston tarixida beqiyos o‘rin tutadi. Biroq, Markaziy Osiyoda tez-tez bo‘lib turgan qirg‘inbarot urushlar, nizolar va kelishmovchiliklar sug‘orish tizimlari hamda shahar, qishloqlarni vayronaga aylantirgan. Necha asrlarga iz qoldirgan XIII asrdagi Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilari yurishlarini esga olish kifoya. Ularning istilosi tufayli yuzlab shahar va qishloqlar vayron qilindi, irrigatsiya inshootlari, shu jumladan Amudaryodagi to‘g‘on buzib tashlandi, natijada Xorazmshohlar davlatining poytaxti bo‘lgan Gurganj shahri suv ostida qolib ketdi. Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida suv omborlari barpo etish maqsadida toshdan qurilgan bir nechta to‘g‘onlar topildi. Mazkur to‘g‘onlar ishlash tamoyiliga ko‘ra, hozirgi qurilayotgan gidrotexnik inshootlardan farq qilmagani holda, bundan ming yillar ilgari shunday takomillashgan inshootlarning qurilishi o‘sha davrlarda ham ajdodlarimiz bu sohada anchagina malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar bo‘lganidan dalolat beradi. Nurota tog‘ tizimlarining Forish va qo‘shni tuman hududidagi soylarda suv omborlarini bunyod etish maqsadida qurilgan bir necha katta va kichik to‘g‘onlarni uchratish mumkin. Forish tumanidagi X asrda Osmon soyida qurilgan Xon to‘g‘oni, Kattaqo‘rg‘on tumanida XII asrda qurilgan g‘isht to‘g‘on va Nurotaning sharq tomonidagi Axchop soyida qurilgan Abdullaxon to‘g‘onlari bunga misol bo‘la oladi. Xon to‘g‘oni ikki tomoni qattiq tog‘ jinslaridan iborat bo‘lgan Osmon soyining tor yerida barpo etilgan bo‘lib, uning uzunligi 50 m, balandligi esa 15,2 m ni tashkil etgan. To‘g‘on qurilishida qattiq tog‘ jinslari (toshlar) ishlatilgan, ular ganch yordamida birlashtirilgan. Suv omboridagi suv sathi uzunligi 700 m, to‘g‘on oldidagi kengligi 50 m, suv dami yetib borgan yerdagi kengligi 200 m ga teng bo‘lib, hajmi 1,5 mln m3 ni tashkil qilgan. Bu esa o‘sha davrda o‘zlashtirishga ehtiyoj tug‘ilgan Kaltepa cho‘llaridagi 2...3 ming ga yerni sug‘orish imkonini bergan. Toshqin vaqtida to‘plangan suvlarni suv omboridan chiqarib yuborish va undan ekinlarni sug‘orish uchun to‘g‘onning o‘ng tomonidan, qirg‘oqqa yaqin qilib ravoq shaklida kengligi 50 sm va balandligi 7 m bo‘lgan quvur o‘rnatilgan. To‘g‘on hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan, biroq suv ombori asrlar davomida Osmon soyidan oqib kelgan tosh va loyqa hisobiga o‘z hajmini yo‘qotgan. Abdullaxon to‘g‘oni XVI asrda qurib bitkazilgan bo‘lib, o‘zining tuzilishi va konstruksiyasi jihatdan juda hayratlanarlidir. To‘g‘onning balandligi 15 m, ustki qismining uzunligi 73 m, eni 4,5 m,tag qismining uzunligi 73 m va eni 15 m ni tashkil etadi. To‘g‘on oldidagi suv chuqurligi 15 m bo‘lganida suvning dami 1250 m masofagacha suv omborida to‘plangan suv 2,5...3,0 ming ga yerni sug‘orish imkonini bergan. Abdullaxon to‘g‘oni inshootlar majmuasidan iborat bo‘lib, uni to‘g‘onning o‘zi, ortiqcha suvlarni chiqarib yuborgich (tashlama) va sug‘orish ehtiyojlari uchun suv berish quvuri tashkil etgan. Mazkur to‘g‘on ham hozirgi paytgacha saqlanib qolgan. XIX asr o‘rtalarida, hozirgi O‘zbekiston hududida Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklari, ularga tegishli yarim mustaqil ma’muriy hududlar mavjud bo‘lgan, bu hududlarda 3,5 mln ga yaqin aholi istiqomat qilgan. Aholining 90% qishloq xo‘jaligi – dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan hamda sug‘oriladigan yerlar maydoni 1,6 – 1,8 mln ga bo‘lganligi taxmin qilinadi. Demak, o‘sha davrda jon boshiga o‘rtacha 0,45 – 0,5 ga sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan. Sug‘oriladigan yerlar, jumladan, bog‘lar, uzumzorlar va dehqon qo‘rg‘on-tomorqalari, asta-sekin o‘lik yerlar (suv chiqarib hali o‘zlashtirilmagan yerlar) ni o‘zlashtirish, lalmikor yerlarga suv chiqarish natijasida yuzaga kelgan. XIX asr o‘rtalarida va undan keyinroq ham dehqonchilikda yetishtirilgan ekinlarning ustuvor joylashishi quyidagicha bo‘lgan: birinchi o‘rinda don ekinlari, ikkinchi o‘rinda bog‘dorchilik va uzumchilik, uchinchi o‘rinda sabzavot va poliz, to‘rtinchi o‘rinda chorvaga kerakli bo‘lgan beda va boshqa ekinlar, beshinchi o‘rinda paxta ekini turgan. Mamlakatimizda suv xo‘jaligi va melioratsiya bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida kirishilgan, bu soha o‘tgan asrning 60-yillariga kelib o‘zining yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan. Ayni paytda respublikamizda sug‘orish uchun yaroqli yerlar 15,9 mln gektarga teng bo‘lib, sug‘oriladigan maydon 4,3 mln gektarni yoki umumiy maydonning 9,3% ini tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligida olinadigan mahsulotlarning 95% dan ko‘prog‘i sug‘oriladigan yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Download 255.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling