1-мавзу: “Тадбиркорлик ва кичик бизнесни бошқариш” фанининг мақсади, предмети ва вазифалари


Download 83.1 Kb.
bet1/3
Sana16.06.2023
Hajmi83.1 Kb.
#1500532
  1   2   3
Bog'liq
1-ma\'ruza (3)


1-Mavzu: “Tadbirkorlik va kichik biznesni boshqarish” fanining maqsadi, predmeti va vazifalari.
REJA
1.O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda tadbirkorlik va kichik biznesni ahamiyati.
2.Tadbirkorlik va kichik biznesni boshqarish” fanining maqsadi va predmeti.
3.Tadbirkorlik va kichik biznesni boshqarish” fanining maqsadi va boshqa fanlar bilan aloqadorligi.


1.O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda tadbirkorlik va kichik biznesni ahamiyati.
Jahon miqyosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot hamda barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati to’g’risida ilmiy tadqiqotlar izchil amalga oshirilmoqda. Kichik biznes AQSH, Germaniya, Xitoy, Frantsiya, Yaponiya, Italiya kabi rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotni barqarorlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. «Xalqaro kichik biznes Kengashi (ICSB) ma’lumotlariga ko’ra, kichik biznes sub’ektlari barcha korxonalarning 90% dan ortig’ini, ish bilan band bo’lganlarning 60-70% ni, yalpi ichki mahsulotning 50% ni tashkil etadi».1 Odatda, 250 tadan kam odam ishlaydigan ushbu korxonalar dunyoning rivojlangan mamlakatlari iqtisodiyotining asosini tashkil etadi, iqtisodiy rivojlanishni rag’batlantirish va ayollar, yosh tadbirkorlar hamda kam ta’minlangan aholi guruhlarini ishga joylashtirishda muhim rolь o’ynaydi.
Jahon amaliyotida tadbirkorlik faoliyatini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirishning asosiy yo’nalishlari sifatida boshqaruvning majmuaviy mexanizmini shakllantirish, davlat hamda tadbirkorlik sub’ektlarining o’zaro munosabatlarini samarali tashkil etish mexanizmining kontseptsual asoslarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini tarmoq raqobatbardoshligini oshirish strategiyalariga asoslangan zamonaviy menejment tamoyillari asosida takomillashtirish kabi samarali usullardan oqilona foydalanish bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Hozirgi kunda jahon miqyosida tadbirkorlik faoliyatini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish bo’yicha qator ilmiy tadqiqotlar, jumladan, hududlar va tarmoqlar salohiyatini inobatga olgan holda boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini ishlab chiqish, bozor talablariga moslashuvchan kreativ, autsorsing va franchayzing tamoyillariga asoslangan boshqaruv mexanizmini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini boshqarishda klasterlarni shakllantirish kabi ustuvor yo’nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
O’zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlash, tashabbuskorlikni rag’batlantirish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag’batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish»2 bo’yicha muhim vazifalar belgilab berilgan. Mazkur vazifalarning hal etilishi tadbirkorlik faoliyatini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirishni talab etadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida»gi PF-4947-son, 2016 yil 5 oktyabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PF-4848-son farmonlari, 2017 yil 1 fevraldagi «Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko’rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PQ-2750-son, 2017 yil 31 yanvardagi «Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-2746-son qarorlari hamda mazkur sohaga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mazkur tadqiqot natijalari muayyan darajada xizmat qiladi.
“Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson millati, tili va dinidan qat’i nazar, erkin, tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi bo’lib yashashi-bizning bosh maqsadimizdir”3. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O’zbekistonning munosib o’rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi va oshirilmoqda.
Bosib o’tilgan yo’l va orttirilgan tajribani xolisona baholash, erishilgan yutuqlarni tahlil qilish hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklari hamda aniq marralarini belgilash vazifasi dolzarb masaladir.
Mazkur vazifani amalga oshirish yo’lida aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalar olib borildi. SHuningdek, amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o’rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
CHuqur o’rganish hamda umumlashtirish asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida»gi Farmoni4 qabul qilinib, u bilan, 2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi. 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” deb nom berildi.
Harakatlar strategiyasiga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog’ida bildirilgan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning kontseptual masalalari kiritildi.
Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iborat.5 Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan yo’nalishlarning har biri mamlakatdagi islohot va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo’limlardan iborat.
Harakatlar strategiyasida asosiy e’tibor «Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish» deb nomlangan uchinchi yo’nalishida ko’rsatilgan chora-tadbirlarni ro’yobga chiqarish uchun milliy valyuta va narxlarning barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo’ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’murchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy tamoyil va mexanizmlarini joriy etish, ko’p tarmoqli fermer xo’jaliklarini rivojlantirish, shuningdek, turizm industriyasini jadal rivojlantirish nazarda tutilmoqda.6 Ushbu yo’nalish tadbirkorlik faoliyatining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirni qisqartirish va bozor mexanizmlaridan keng foydalanish chora-tadbirlarini ham o’z ichiga oladi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag’batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, jumladan:
-xususiy mulk huquqi va kafolatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yo’lidagi barcha to’siq va cheklovlarni bartaraf etish, unga to’liq erkinlik berish, «Agar xalq boy bo’lsa, davlat ham boy va kuchli bo’ladi», degan tamoyilni amalga oshirish;
-kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning qat’iy oldini olish;
-davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning ustav jamg’armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan ob’ektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
-tadbirkorlik sub’ektlarining muhandislik tarmoqlariga ulanishi bo’yicha tartib-taomil va mexanizmlarni takomillashtirish hamda soddalashtirish;
-mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va joylardagi o’zini o’zi boshqarish organlarining rolini oshirish shular jumlasidan.7 Belgilab berilgan asosiy yo’nalishlar mamlakatimizda xususiy sektor rivojlanishiga asos bo’ladi.
“Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo’liga o’tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. CHunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda yangi fikr, yangi g’oya va innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”8. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari, savdo va xizmat ko’rsatish sohasi korxonalarining butunlay davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi natijasida mamlakatimizda amalda ko’p ukladli iqtisodiyot shakllandi, mulkdorlar va tadbirkorlarning yangi sinfi paydo bo’lib, milliy iqtisodiyotimizda tobora salmoqli o’rin egallamoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi ortib bormoqda, u mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yetakchi kuchga aylanib, bozorni zarur tovar va xizmatlar bilan to’ldirish, aholi daromadi va farovonligini oshirish, ish bilan ta’minlash bilan bog’liq muammolarni hal etishning asosiy manbai hisoblanadi.
Tadbirkorlik, avvalo, kichik biznes faoliyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, keng tarmoqli bozor infratuzilmasini barpo etishni ko’zda tutadigan qonun hujjatlarining butun bir majmuasi qabul qilindi9. Bugungi kunda iqtisodiyotning bozor munosabatlari erkinlashuvi va takomillashuviga moslashuvini ta’minlash, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning amaliy imkoniyati, zaruriy asoslari hamda strategik vazifalardan kelib chiqib, respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratilib kelinmoqda. SHunga ko’ra, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni boshqarish mexanizmini takomillashtirish va unga ta’sir qiluvchi omillarni tadqiq etish dolzarb masalalardan biridir.
Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning asosiy yo’nalishlaridan biri kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishdir. CHunki, mamlakatning ravnaqi va aholi farovonligini oshrishda ushbu sektorning o’rni beqiyosdir. “”Har bir oila - tadbirkor”, “Yoshlar - kelajagimiz” kabi dasturlar doirasida 2 trillion so’mga yaqin mablag’ ajratilib, joylarda 2 ming 600 dan ortiq biznes loyihalari amalga oshirildi”.10
Ma’lumki raqobat kurashining keskinlashuvi jarayonida ishlab chiqarish xarajatlarining past bo’lishiga erishgan korxonalargina bozor sharoitida o’z o’rinlarini saqlab qolishi mumkin. Va aksariyat ishlab chiqarish xarajatlari yuqori bo’lgan korxonalarning raqobatbardoshliligi esa, so’nib boraveradi. Buning oqibatida, ayrim korxonalar o’z foydalarining bir qismini ishlab chiqarishni kengaytirishga sarflab, yirik korxonalarning vujudga kelishiga zamin tayyorladi.
Ular esa, o’z o’rnida yirik korxonalar iqtisodiy inqirozlarga bardosh berish maqsadida kartel, trest va sindikatlarga birlasha boshlashlari mumkin.
Tarixan ishlab chiqarish kuchlari rivojlanishida yuz bergan yirik o’zgarishlar ham ishlab chiqarish va kapitalning markazlashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi turdagi mashinalarning yaratilishi, energetika, texnologiyada yuz bergan ijobiy o’zgarishlar yirik ishlab chiqarishni rivojlantirishni rag’batlantirdi. Bularning barchasi kichik biznes ahamiyatini pasayishiga olib keldi va yirik korxonalarning afzalliklari, eng avvalo, ularning texnika bilan ta’minlanishida o’z aksini topdi.
XXI asr boshlariga qadar yirik korxonalarning ustun darajada rivojlanishi texnika-texnologiyalarining yirik hajmda ekanligi va shu asnoda ishlab chiqarishning ham keng ko’lamda tashkil etishni taqozo etilishi, ularga bo’lgan narxlarning yuqoriligi esa, kichik korxonalar tomonidan texnika-texnologiyalarni sotib olish imkoniyatini cheklab qo’yishi bilan namoyon bo’ldi. Yuqori narxli texnika va texnologiyalar faqat ommaviy ishlab chiqarish sharoitida o’z-o’zini oqlashi natijasida esa, imkoniyati cheklangan korxonalarning raqobatbardoshlik darajasi pasayib, ularda ishlab chiqarish samaradorligini oshib ketishi intellektual salohiyatli mutaxassislarning yirik korxonalarga intilishi bilan izohlanadi.
Yirik korxonalarning milliy iqtisodiyotdagi mavqei Ikkinchi jahon urushidan so’ng yanada mustahkamlandi. Xususan, G’arbiy Yevropa mamlakatlari va Yaponiyada ishlab chiqarishning markazlashuvi hamda transmilliy korporatsiyalarning tashkil topishi yanada jadallashdi. Buning eng asosiy sababi, mamlakatlarning jahon bozorida o’ziga xos o’rinni egallashga intilishlari edi. Bu jarayon XX asrning 70-yillari o’rtalariga qadar davom etdi. SHundan so’ng esa, kichik korxonalarning milliy iqtisodiyotdagi mavqelari asta-sekin yuksala boshladi.
Ma’lumki, (XX asr 70-yillarining oxirida) jahon iqtisodiyotida kuchli inqiroz yuz berib, u energetika va xom ashyo inqirozlarini qamrab oldi. Kuzatishlar shuni ko’rsatdiki, bu inqirozni kichik biznes ishtirokchilari nisbatan kamroq yo’qotishlar bilan o’tkazdilar. CHunki ular bozor kon’yunkturasi o’zgarishlariga tezroq moslasha olish xususiyatiga ega bo’lib chiqdilar.
Kichik biznesning iqtisodiy inqirozlarga tez moslasha olishini ta’minlash XX asr so’ngida Osiyoda boshlanib, keyinchalik butun dunyoni qamrab olgan moliyaviy inqiroz natijalari ham yaqqol isbotladi. Kichik biznes iqtisodiyotda nisbatan ustun o’ringa ega bo’lgan mamlakatlar (Malayziya) inqirozdan eng kam zarar bilan chiqqan bo’lsa, yirik korxonalarga ustuvorlik bergan mamlakatlar (Janubiy Koreya) eng ko’p zarar ko’rdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning globallashuv va xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlari kuchayishi sharoitida mavqei oshib borishini quyidagi omillar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, iqtisodiyot rivojlanishining yangi bosqichida iste’molchilar korxonaning hajmi (katta-kichikligi) bilan belgilanuvchi miqdoriy ko’rsatkichlardan ko’ra, mahsulot, xizmat, sifat ko’rsatkichlarini afzal bila boshladilar. Bunday sharoitda qat’iy tarkibga ega bo’lgan yirik korxonalarga qaraganda, bozor muhitiga tez moslashuvchan kichik korxonalar iste’molchilar talablariga mos tovarlarni ko’proq ishlab chiqaradilar;
Ikkinchidan, fan-texnika taraqqiyotining yangi bosqichi ishlab chiqarishning ixtisoslashuvini kengaytirish, ko’plab tarmoqlarda korxonalar hajmini oqilona kichraytirish, turli xildagi tovarlar va xizmatlarni taklif etib, taklifning individuallashuvini ta’minlash bilan birga, kichik korxonalarni ularning hajmiga muvofiq keluvchi texnika bilan ta’minladi. Mikroprotsessorlar, mini uskunalar, mini EHMlar va boshqalar ana shunday texnikalar jumlasidandir. Buning asosida esa, bugungi kunda doimo yirik ishlab chiqarish tarmog’i hisoblangan metallurgiya sohasida ham yirik korxonalar bilan bemalol raqobatlasha oladigan kichik biznesni tashkillashtirish odatiy tusga aylanmoqda.
Uchinchidan, hozirgi kunda iste’molchining psixologiyasi tovar va xizmatlarni iste’mol qilishga nisbatan o’zgardi. U bugungi kunda standart mahsulotlar sotib olishni, bir xil kiyim kiyishni, bir xil mashinada yurishni istamaydi, ya’ni talab kundan-kunga differentsiyalashib bormoqda, desak mubolag’a bo’lmaydi. SHu bois, hozirgi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yirik korxonalarning raqobatchisi, ishlab chiqarish va butun iqtisodiyotning rivojlanishining ichki bozorni tovar va xizmatlar bilan to’yintirishning muhim yo’nalishlaridan hisoblanadi.
Bu o’rinda Birinchi Prezidentimiz I.Karimov “O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni roli va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada so’zlagan nutqida ta’kidlab o’tganidek “Jahon tajribasi shuni ko’rsatadiki, iqtisodiyotni muhim tarkibini tashkil qiluvchi tarmoq bo’lgan kichik biznes ichki bozorni zarur tovar va xizmatlar bilan to’ldirishning asosiy manbai bo’lib xizmat qiladi”11
Bunday ko’rsatkichlar jumlasiga kichik iznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulot, jami ish bilan band bo’lganlar, kapital qo’yilmalar, eksport va boshqalardagi ulushini kiritish mumkin. SHu bilan birga, mamlakatdagi kichik va xususiy tadbirkorlikning umumiy soni va har ming kishiga to’g’ri keladigan kichik korxonalar soni ham mazkur sektorning rivojlanganlik darajasi to’g’risida fikr yuritishga imkon beradi.
1.1-jadval
Xorijiy mamlakatlarda kichik biznes sub’ektlarini aniqlash mezonlari.

Kichik biznesning iqtisodiyotdagi vazifalarini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega bo’lib, u yuqoridagi miqdoriy ko’rsatkichlar bilan birga, kichik biznesning iqtisodiyotdagi o’rni va roli to’g’risida batafsil ma’lumot beradi.
Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 50-67 foizi kichik va o’rta biznes hisobiga to’g’ri keladi. Bu ko’rsatkich AQSHda 50-52 foizni, Yevropa ittifoqi mamlakatlarida 63-67 foizni, Yaponiyada 52-55 foizni tashkil qiladi. MDH mamlakatlarida kichik va o’rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi rivojlangan mamlakatlarga nisbatan pastdir.
Kichik va o’rta biznes bandlik muammosini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda kichik biznesning klassik mamlakatlari hisoblangan Yaponiya (78 foiz) va Italiya (73 foiz) eng yuqori ko’rsatkichlarga ega. Kichik biznesning jami bandlar sonidagi ulushi bo’yicha O’zbekiston ancha yuqori ko’rsatkichga ega bo’lsa, Rossiyada mazkur ko’rsatkich anchayin past.
Barcha rivojlangan mamlakatlarda kichik biznes korxonalarining umumiy soni juda katta bo’lib, ular jami korxonalarning 95-99 foizini tashkil qiladi. Biroq, faqat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik umumiy sonidan kelib chiqib fikr yuritish maqsadga muvofiq emas. Agar har ming kishiga to’g’ri keladigan kichik biznes sub’ektlari bo’yicha mulohaza yuritadigan bo’lsak, u holda bu ko’rsatkich bo’yicha AQSH (74 korxona) yetakchi o’rinda ekanligining guvohi bo’lamiz. AQSHda kichik biznes korxonalari jami korxonalarning 99 foizini tashkil etadi. Bu korxonalarning asosiy qismi juda kichik, mitti korxonalar bo’lib, oila mehnatiga asoslanadi. Jami kichik korxonalarning 80 foizida ish bilan band bo’lganlarning soni 10 kishidan oshmaydi.



1-rasm. 2018 yilda O’zbekiston Respublikasida kichik tadbirkorlikning asosiy iqtisodiy faoliyat turlaridagi ulushi (foiz hisobida)
Mazkur ko’rsatkichlar bo’yicha keyingi o’rinlarni Italiya (68 korxona) va Yaponiya (49,6 korxona) egallaydi. Germaniyada har ming kishi hisobiga to’g’ri keladigan kichik korxonalar soni kamligi (37 korxona) SHarqiy va G’arbiy Germaniyaning birlashishi bilan bog’liq. Ma’lumki, SHarqiy Germaniyada Ikkinchi jahon urushidan so’ng kichik biznes deyarli rivojlanmadi. Hozirgi paytda esa Germaniya yerlarida kichik va o’rta biznesni rivojlantirish bo’yicha hukumat tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, kichik biznes iqtisodiyotda muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni bajaradi. Bu vazifalarning eng asosiylaridan biri shundan iboratki, kichik biznes jamiyatda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi o’rta sinfning shakllanishiga olib keladi. Har qanday jamiyatda o’rta mulkdorlar sinfi iqtisodiyot rivojlanishida o’ziga xos o’rin tutadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Kichik biznes – jamiyatda ham iqtisodiy, ham siyosiy vaziyatni mo’’tadillashtirishga yordam beradigan o’rta tadbirkorlar sinfining paydo bo’lishi demakdir”.
Kichik biznesning yana bir muhim vazifasi iste’mol talabining tabaqalanishi va individuallashuvi sharoitida keng turdagi tovar va xizmatlar ishlab chiqarishini amalga oshirishidir.
Bugungi kunda keng rivojlanmagan kichik biznessiz zamonaviy iqtisodiyotni tasavvur etib bo’lmaydi. U, bir tomondan, qandaydir darajada yirik korxonalar bilan raqobatda bo’ladi. SHu nuqtai nazardan, iqtisodiyotning bozor kon’yunkturasi o’zgarishlariga, moda va iste’molchilar didi tez-tez almashib turishiga, iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan qayta qurishga yordam beradi. Ikkinchi tomondan, kichik biznes korxonalarining katta qismi yirik biznes bilan hamkorlik qilishi oson, ularni to’ldiradi va mustahkamlaydi, ularga xos bo’lgan texnik konservatizmni bartaraf etishga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
SHuningdek, eksport xajmining oshishiga ham ijobiy ta’sir etadi.

2-rasm. O’zbekiston Respublikasida kichik tadbirkorlik faoliyatining eksportdagi ulushi (foiz hisobida)
Respublikamiz eksportining umumiy xajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yilda 10,2 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2017 yilda 27,1 foizga yetgan, ya’ni 16, foizga oshgan.
Kichik biznesning rivojlanishi bozorni iste’mol tovarlari va xizmatlari bilan to’ldirish, tarmoq va hududiy monopolizmga barham berish, raqobat muhiti vujudga kelishi va kengayishi, ilmiy-texnika natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish hamda eksport salohiyatini yuksalishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Kichik biznesning ijtimoiy vazifalari ham muhim ahamiyatga ega. Kichik biznes kishilarning tadbirkorlik, ishbilarmonlik, ijodkorlik salohiyatlarini namoyon etish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Unda yirik korxonalardan farqli o’laroq, ishlab chiqarish natijalari va ishlovchilar manfaatlari o’rtasidagi bog’liqlik yaqqol ko’rinib turadi.
Tarixan, kichik tadbirkorlik tovar va xizmatlarning mahalliy bozoriga yo’naltirilgan mustaqil xo’jalik faoliyatidan iborat bo’lib, uning sarmoyasi chegaralangan, mulkdor va tadbirkorlik bir shaxsning o’zi edi. Bunday sub’ektlar yirik sarmoyaga tobe emasdi, soliqlar to’lardi, davlat ko’magiga ehtiyoj sezmasdan, bir-birlari bilan hamkorlik qilishmasdi. Bu – mo’jaz kichik va o’rta tadbirkorlikdir. Keyinchalik mehnat taqsimlanishining chuqurlashgani, sarmoya to’plangani va transport xizmatlari tobora arzonlashgani sayin yirik firmalar vujudga keldi.
An’anaviy kichik biznes faoliyatining sohalari – tovarlarni kam miqdorda va yakka tartibda ishlab chiqarish, chakana savdo, mehmonxona xo’jaligi va umumiy ovqatlanish, qurilish, transport, sog’liqni saqlashdir.

3-rasm. Kichik biznesning mamlakat YaIM, aholi bandligi, sanoat va eksportdagi ulushining o’zgarish dinamikasi (%)
Bu – kichik korxonalarning birinchi turi, sarmoyaning boshlang’ich to’planishi va bozor munosabatlarining quloch yoyishidagi muhim bo’g’indir. Bunday tadbirkorlik turi hozir ham ko’p tarqalgan. Rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda u hududiy xo’jalik hayotining favqulodda muhim unsurini tashkil etadi. Germaniya yoki Ispaniyaning kichikroq shaharchasida odatda novvoyxona, go’sht mahsulotlarini chiqaruvchi firma, restoranli mehmonxona, 4 ta taksiga mo’ljallangan garaj xo’jayini bo’ladi. Ularning barchasi amalda mustaqil korxonalar bo’lib, mahalliy bozorni nazorat qilishga va boshqa shaharlik yirik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashishga qodir.
Bunday turdagi kichik korxonalar ishini mahalliy tabiiy sharoitlar (dehqonchilik mahsulotlarining, tabiiy ashyolarning mahalliy turlari), iste’molchilar talabi, an’anaviy ixtisoslashganlik kafolatlaydi. Tadbirkorlikning mazkur turi doimo rivojlanaveradi. Yirik ishlab chiqaruvchilar ularni bozordan surib chiqara olmaydilar, chunki zaxiralar va talab mahalliy va ko’pincha o’ziga xos xususiyatga ega bo’lib, ular ommaviy ishlab chiqarishga imkon yaratmaydi. Bu turdagi korxonalar rivojining istiqboli mahalliy aholining xarid qilish qobiliyati o’sishiga, turizmning rivojlanishiga bog’liq va u soliqlar tufayli bir me’yorda ushlab turiladi. Mintaqa aholisi ehtiyojlari tarkibida o’zgarishlar yuz bergan sari, mahalliy kichik biznes tarkibi ham o’zgarib boradi. Kichik biznes ushbu guruhining o’ziga xos jihatlari ish negizida to’plangan oilaviy sarmoya, birinchi navbatda, mahalliy bozorlarga tobelik, sarmoyani faoliyatning boshqa turlari yoki mintaqalarga siljishiga moyillik yo’qligidan iboratdir.
O’zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanish ko’rsatkichlari xalqaro maydonlarda ham ijobiy baholanmoqda, uning reyting ko’rsatkichlari yildan-yilga o’sib bormoqda.

4-rasm. “Doing Business” reytingida O’zbekistonda soliqqa tortish, kreditlar va ro’yhatga olish indikatorlarini o’zgarish dinamikasi.
Mahalliy (an’anaviy) kichik tadbirkorlikning yana bir muammosi – avlodlar vorisligining buzilishidir. Novvoyxonaning eng yaxshi egasi ota kasbini tutgan novvoy bo’la oladi, poyafzal kombinatining har bir sobiq xodimi ham, hatto puli va ma’lumoti haqida tegishli diplomga ega bo’lsa ham, poyabzal ishlab chiqaradigan kichikroq fabrikani ochavermaydi. Bunday vorislik ko’proq SHarqiy Yevropa va Boltiqbo’yi mamlakatlarida saqlanib qolgan.
Kichik biznesning ikkinchi, eng ommaviy turi – bu yirik korxonalar uchun butlovchi qismlar va xizmatlarni yetkazib berishdir. Ma’lumki, eng yirik elektrotexnika, elektron, avtomobilь monopoliyalarining yuz minglab ta’minotchilari, shu jumladan, kichik va xususiy tadbirkorlik firmalaridan iboratdir. Bundan tashqari, dunyodagi millionlab kichik kompaniyalar turli yo’nalishlarda xizmat ko’rsatadi. Kichik tadbirkorlikning mazkur turi nafaqat iqtisodiyotning mo’’tadilligi uchun zarur, balki ishlab chiqarish o’sishi, mehnatning taqsimlanishi va fan-texnika taraqqiy etishi barobarida ham uning miqyosi kengayaveradi.
Kichik va xususiy tadbirkorlikning o’ziga xos jihatlari ularni moliyaviy barqarorlik, mahalliy bozor va ta’minotchilarni ko’zlab ish tutishidan iboratdir. Bularning barchasi kafolatlangan, chunki ta’minotchilar, ko’pincha xaridorlar ham shu korxonalarning egalaridir. SHirkat korxonalarining kichik va o’rta biznesdagi ulushi ortishini kutmasa ham bo’laveradi. CHunki, rivojlangan mamlakatlarda bu korxonalar o’z bo’shlig’ini to’ldirib bo’lgan.
Kichik biznes korxonalarini rivojlantirishni yo’nalishlaridan biri, mazkur sohaga davlat tomonidan katta imtiyozlar yaratishdir. Bunday holat rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan. Bundan maqsad – sarmoyani kengaytirilgan holda takror ishlab chiqarish emas, balki faqat kamroq soliq to’lashdir. Imtiyozlardan foydalanish uchun sarmoya kiritish, xodimlarni ishga olish va sotuv bozorlarini izlash shart emas. Mavjud kompaniyani yiriklashtirib, undan huquqiy ravishda eng foyda berayotgan bo’linmalarni ajratib olib, kichik va xususiy tadbirkorlik kabi ro’yxatdan o’tkazishning o’zi kifoya. Natijada daromad yangi firmalar orasida taqsimlanib, to’la yoki qisman soliqqa tortilishdan ozod etiladi. Kichik korxona asosiy sarmoyaning tezkor amortizatsiyasidan foydalanib qoladi, bu esa yirik korxona uchun taqiqlangan.
Pirovardida davlat iqtisodiy siyosatining rasmiy maqsadlariga erishiladi: kichik biznes sub’ektlari soni ko’payadi. Qayta ro’yxatdan o’tkazish hisobiga ularning umumiy asosiy jamg’armalari ko’payadi, bandlilik va balans daromadlari ortadi.
Kichik biznesning yana bir muhim vazifasi shundan iboratki, u ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari – ayollar, nogironlar, pensionerlarni ish bilan ta’minlash bilan birgalikda, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni o’z kichik biznesini yaratgan holda yashash tarzini yuksak darajaga ko’tarish, yosh mutaxassislarni ishlab chiqarish tajribasi ortishiga sharoit yaratadi.
Iqtisodning bir shakldan boshqa bir shaklga o’tishi jarayonida kichik va o’rta biznesning taraqqiyoti muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan, katta mablag’ talab etmaydigan va resurslarining o’sish tezligini kafolatlovchi kichik va o’rta biznes korxonalari iqtisodiyotdagi qayta tuzilishlar bilan bog’liq bo’lgan muammolarni nisbatan tez va ortiqcha sarf-xarajatsiz yechishga, ichki bozorni, moliyaviy resurslar chegaralangan bo’lishiga qaramay, iste’mol mollari bilan to’ldirishga qodirdir.
Xulosa qilib ta’kidlash mumkinki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni taraqqiy etishi ko’p ustuvorliklarga ega, ya’ni:
– jamiyatda siyosiy mo’’tadillikni kafolatlovchi bosh garant – o’rta sinfini shakllanishida;
– turli ijtimoiy guruhlar daromadlarining nomutanosibligini silliqlab turuvchi iqtisodiy jihatdan faol bo’lgan aholi ulushini o’sishida;
– faol va tadbirkor shaxslarni rag’batlantirish va ular nomzodini yuqori lavozimlarga ko’tarishda;
– nisbatan kam mablag’ xarjlab, yangi ish o’rinlarini yaratishda;
– texnologik, texnik va tashkiliy yangiliklarni ishlab chiqish va joriy etishda;
– erkin raqobat muhitini yuzaga keltirishda;
– moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni safarbar etishda, (aks holda ular talab etilmay qolib ketadi) shuningdek, ulardan yanada samaraliroq foydalanishda;
– iqtisodiyotning turli sektorlari o’rtasidagi o’zaro aloqani yaxshilashda.
Bulardan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yalpi ichki mahsulotning o’sishida va aholi bandligini ta’minlashda muhim manbadir.



Download 83.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling