1. «Tarbiyaning zamoni»


Download 14.25 Kb.
Sana09.12.2020
Hajmi14.25 Kb.
#162645
Bog'liq
Barkamol shaxs tarbiyasi uzoq va


Barkamol shaxs tarbiyasi uzoq va uzluksiz davom etadigan murakkab jarayondir. Jamiyat taraqqiyotining har qanday bosqichida ham kelajak avlod tarbiyasiga alohida e'tibor qaratilganligi tarixiy yozma manbalardan bizga ma'lum. Bugungi kunga kelib ham bu masala o'z ahamiyatini yo'qotgan emas va hattoki bu masala davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. 

Mazkur maqolada jadid ma'rifatparvarlarining axloqiy tarbiya borasidagi qarashlari va ularning bugungi kun ta'lim-tarbiyasida tutgan o'rni xususida fikr yuritiladi.

Jadidlarning yirik vakillaridan biri ma'rifatparvar Abdulla Avloniy ta'limiy-axloqiy yo'nalishga o'zining muhim hissasini qo'shgan. A.Avloniy asarlarida asosan inson kamoloti to'g'risidagi ta'limotni ilgari suradi. 

Abdulla Avloniy bola tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi to'rt bo'limga ajratadi: 

1. «Tarbiyaning zamoni».

2. «Badan tarbiyasi».

3. «Fikr tarbiyasi».

4. «Axloq tarbiyasi» va bu haqida hamda uning ahamiyati to'g'risida fikr yuritadi.

«Tarbiyaning zamoni» bo'limida tarbiyani yoshlikdan berish zarurligini, bu ishga hammani: ota-ona, muallim, hukumat va boshqalarning kirishishi kerakligini ta'kidlaydi.

«Al-hosil tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur» deb uqtiradi Avloniy.

Tarbiya xususiy ish emas, ijtimoiy ishdir. Har bir xalqning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratli bo'lishi avlodlar tarbiyasiga ko'p jihatdan bog'liq, deb hisoblaydi, adib.

Tarbiya zurriyot dunyoga kelgandan boshlanib, umirining oxiriga qadar davom etadi. U bir qancha bosqichdan — uy, bog'cha, maktab va jamoatchilik tarbiyasidan tashkil topgan. Abdulla Avloniy tarbiyaning doirasini keng ma'noda tushunadi. Uni birgina axloq bilan chegaralab qo'ymaydi, u birinchi navbatda bolaning sog'ligi haqida g'amxo'rlik qilish lozimligini uqtiradi.

Abdulla Avloniyning fikricha, sog'lom fikr, yaxshi axloq, ilm-ma'rifatga ega bo'lish uchun badanni tarbiya qilish zarur. «Badanning salomat va quvvatli bo'lmog'i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o'qumoq, o'qutmoq, o'rganmoq va o'rgatmoq uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdur».

Abdulla Avloniy ta'lim va tarbiya uzviy bog'liq ekanini ham ta'kidlaydi: «Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo'lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur» — deydi.

Sharq xalqlarining ma'naviy hayotida Mahmudxo'ja Behbudiyning nomi ham Turkiston maktab-maorifida keng o'rin egallaydi. U birinchi bo'lib o'lkada bu yangicha usuldagi maktablarni tashkil etishni targ'ibotchilaridan hamda amaliyotchilaridan hisoblanadi. Behbudiy «usuli jadid» maktabining zarurligi, uning qonun-qoidalari, maktabda o'tiladigan darslar, qanday imtihonlar olinishi, maktabning qay tarzda tuzilish, unga qanday asbob-uskunalar kerakligi, muallimlarning vazifalari, ularning ta'minot masalalari va boshqa ko'p jihatlarini G'aspiralidan va uning asarlari hamda maqolalaridan o'rgandi. Shular asosida Turkistonda  «usuli jadid» maktalarini tashkil etish uchun bor kuchini sarfladi. Nafaqat tashkil etish, u shu maktablarni kitoblar bilan ta'minlashda ham jonbozlik ko'rsatdi. U Samarqandning eski shahar qismida bepul kutubxona, qiroatxona, o'z hovlisida maktab ochdi. Mashhur pedagog Abduqodir Shakuriyning yangi usuldagi maktabini o'z hovlisiga ko'chirib keldi.

Behbudiy butun vujudi bilan muallim edi. Uning o'zi ham yuqori sinf talabalariga jo'g'rofiya va tarixdan saboq berar edi. Misr, Turkiya, Qozon va boshqa joylardan olib kelgan turli yangi-yangi kitoblarini yuqori sinf o'quvchilariga hamda eng yaxshi o'qiganlarga va muallimlarga tortiq qilardi. U ne qilsa ulug' Turkiston uchun va uning kelajagi bo'lgan yoshlar uchun qilardi.

Behbudiy axloq va tarbiyaning asosi -maktab, barcha ilmning boshi va ibtidosi maktab, saodatning, fozil insonning ma'naviy chashmasi maktab, degan aqidaga amal qilardi.

Behbudiy o'z asarlarida eng muhim insoniy xislatlar — do'stlik, yaxshilik, kamtarlik, halollik, shirinsuxanlik, sofdillikni targ'ib etadi, kishilrni doimo insoniy fazilatlarga ega bo'lishga undaydi, kibr-havo, razolat, johillik kabi illatlarni qoralaydi, kishilarni bunday illatlardan yiroq bo'lishga chorlaydi.

Ushbu ma'rifatparvarlarning ijodiy faoliyati, ularning inson kamolotiga bag'ishlangan asarlarining barchasi talabalarga axloqiy tarbiya berish jarayonida muhim didaktik asos bo'lib xizmat qiladi. Talabalarga axloqiy tarbiya berish jarayonida ushbu asarlardan unumli foydalana olsak, pedagogika turkumidagi o'tiladigan fanlarda har bir mavzuga mos, talabalarning axloqiy tarbiyalanganlik darajasini oshiradigan mantlarni olib, o'z o'rnida qo'llay olsak, ko'zlagan maqsadimizga erishish imkoni yaratiladi. Chunki, ushbu donishmandlarning pand-nasihatlarida mehnatga, el-yurtga muhabbat, poklik, halollik, to'g'rilik, rostgo'ylik, sahiylik, mehr-muruvvat, xushmuomalalik kabi ezgu insoniy sifat va xislatlar targ'ib qilinadi hamda dilozorlik xudbinlik, johillik, yalqovlik, tanballik, egrilik, baxillik, shafqatsizlik, badxulqlik kabi salbiy xislatlar qoralanadi, beayov tanqid qilinadi.

Demak, ajdodlarimiz doimo inson kamoloti, yoshlarning ta'lim-tarbiyasi, xususan ularning axloqiy kamolotiga juda katta e'tibor berib kelishgan ekan. Shunday ekan, biz ham ajdodlarimiz, xalqimiz va prezidentimiz orzu qilgan barkamol shaxsni tarbiyalashimiz lozim, ushbu har tomonlama yetuk barkamol shaxslar barkamol avlodni tashkil etadi. 

Axloqiy tarbiyada ibrat-namuna muhim ta'sirchan vosita hisoblanadi. Xususan, jadid ma'rifatparvarlari ijodida komil inson muammosi alohida o'rinni egallaydi. Ularning insonparvarlik, halollik, to'g'rilik, muhabbat, sadoqat, mardlik, olijanoblik, do'stlik saxiylik va bag'rikenglik, ilmga muhabbat to'g'risidagi axloqiy qarashlari o'z qarashlarida aks etgan. 

Yuqorida qayd etib o'tilganidik, ma'naviy-axloqiy tarbiyaning jamiyat taraqqiyoti va barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyati beqiyos. Chunki axloqiy tarbiyalangan kishilarsiz yetuk kishilik jamiyati qurish mumkin emas va axloqiy tarbiya shaxsning barkamol shakllanishida asosiy o'rin tutadi. Xususan ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo'lgan bo'lajak boshlang'ich sinf o'qituvchilari kelajakda yosh avlodni ham ma'naviy yetuk etib, ijobiy axloqiy sifatlar bilan qurollantirib tarbiyalaydi, u o'zida bor ijobiy fazilatlarni o'z o'quvchilarida ham ko'rishga intiladi va natijada jamiyatimizda adolatli, halol, vatanparvar, insonparvar shaxslar ko'payib boraveradi. Ular esa o'z navbatida jamiyat taraqqiyoti uchun doimo o'zlarining munosib hissalarini qo'shishga intilib yashaydilar.
Download 14.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling