Ommaviy madaniyatning o’z kamchiliklari va tug’dirayotgan xavf-xatari bor albatta, lekin unga barcha illatlarni keltirib taqashning hech hojati yo’q – bunday yondashuv ilmiy emas. Ommaviy madaniyatda uch qatlam ajralib turadi:
birinchisi – kitch madaniyat,
ikkinchisi – mid madaniyat;
uchinchisi – art-madaniyat.
“Kich” nemischa kitch – arzon, qimmati past, jo’n, primitiv so’zidan, mid – inglizcha midl – o’rtaliq, o’rtacha, art- lotincha san’at so’zlaridan kelib chiqqan. Kich madaniyat (badiiy estetik qimmatga ega bo’lmagan narsa buyumlarga yuksak andoza tusini berish bo’ib, ba’zan dag’allikka, hirslarni va insonning ba’zi mayllarini ochiq ko’rsatishga moyillik bildiradi, aksilmadaniyat bilan chegaradosh, ammo aksilmadaniyat emas. Art esa ijrochilik mahorati, professionallik darajasi bilan yuksak madaniyatga borib tutashadi. Shu sababdan ommaviy madaniyat mahsulotlari va hodisalariga konkret yondashish lozim. Ularning hammasini yoppasiga bir qolipga, savatga tiqib, bir xil baholab bo’lmaydi. “Sol ketingni savatga, sig’sa ham besh tanga, sig’masa ham besh tanga” degan me’yor bilan masalaga yondashib bo’lmaydi. Ommaviy madaniyat masalalarida savatbozlik qilishning, ya’ni savatga sig’ganni ham sig’maganni ham bir xil baholash kerak emas.
Olomon, to’da madaniyati tushunchasining ham ommaviy madaniyatga aloqasi yo’q. Olomon, to’da – barqaror ijtimoiy guruh yoki birlik emas. Ijtimoiy jihatdan rang-barang. U qisqa muddatga va ayni damda tasodifan shakllanadi. Unga turli ijtimoiy tabaqalarga, guruhlarga mansub kishilar kirib qolishi mumkin. Masalan, metro yoki avtobus bekatida to’planib qolgan yo’lovchilar, futbol matchini ko’rishga kelgan ishqibozlar, teatr spektakli tomoshabinlari bunga misol bo’la oladi. Ularni faqat muayyan xizmat turidan foydalanish ehtiyoji to’plagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |