115-modda. Sud xarajatlarining taqsimlanishi
Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan talablar miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Hal qiluv qarori o‘z foydasiga chiqarilgan tarafga ish bo‘yicha qilingan barcha sud xarajatlarining o‘rni, garchi boshqa taraf davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan bo‘lsa ham ushbu boshqa taraf hisobidan qoplanadi.
Arizachi to‘lashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj to‘lashdan ozod qilinmagan bo‘lsa, qanoatlantirilgan talablar miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undiriladi.
Arizachining talablari u sudga murojaat qilganidan so‘ng javobgar tomonidan ixtiyoriy ravishda qanoatlantirilsa, sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi.
Davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari hamda boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab arz qilingan talablarni qanoatlantirish rad etilgan yoki ular qisman qanoatlantirilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko‘zlanib ariza taqdim etilgan shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risida kelishib olsa, sud ushbu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya, nazorat shikoyati berish bilan bog‘liq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |