Isbotlash va uning tarkibi. Isbotlash turlari.
Isbotlash bir hukmning chinligini u bilan bog‘liq boshqa chin hukmlar yordamida
asoslashdan iborat bo‘lgan mantiqiy amaldir. Uning tarkibi uch elementdan tashkil topgan: tezis,
argumentlar (asoslar), isbotlash usuli – demonstratsiya.
Tezis – chinligi asoslanishi lozim bo‘lgan hukm, u isbotlashning markaziy figurasi
hisoblanadi; butun diqqat-e’tibor uning chinligini ko‘rsatishga qaratiladi. Tezis bir mulohazaning
o‘zidan, yoki mulohazalar tizimi, yoki teoremalar, yoki aniq faktlarni umumlashtirish natijalari,
yoki hodisalarning sababini ko‘rsatuvchi mulohazalardan iborat bo‘ladi.
Argumentlar – tezisning chinligini asoslash uchun keltirilgan hukmlar. Argumentlar
sifatida faktlarni qayd qiluvchi hukmlar, ta’riflar, aksiomalar, teoremalar, qonunlar hamda
boshqa empirik va nazariy umumlashmalar xizmat qiladi. Argument sifatida keltirilgan faktlar,
albatta, o‘zaro bog‘langan va tezisning mohiyatiga aloqador bo‘lishi lozim.
Ta’riflar ham chin hukmlar bo‘lib, ulardan argument sifatida foydalanish mumkin.
Masalan, «Harakat – bu har qanday o‘zgarishdan iborat», degan ta’rif chin hukmdir.
Aksiomalar chinligi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lgan, isbotlashni talab qilmaydigan fikrlardir.
Inson tajribasida ko‘p martalab takrorlanganligi uchun ham ularni isbotlash zarur emas.
Teoremalar va qonunlarning chinligi isbotlangan bo‘ladi, ularni hech ikkilanmasdan
argument qilib olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |