14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


-§. Buyuk Britaniya 60-70 yillarda. “Texnokratiya erasi”


Download 381 Kb.
bet10/17
Sana16.06.2023
Hajmi381 Kb.
#1516558
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17
Bog'liq
doc 14- MAVZU docx

4-§. Buyuk Britaniya 60-70 yillarda. “Texnokratiya erasi”



Gorold Vilsonning texnokratik inqilobi.
Vilson 1963 yil partiya ichidagi kurashda g‘alaba qildi va leyboristlar partiyasiga rahbarlik qila boshladi.
1963 yilda bo‘lib o‘tgan leyboristik partiya konferensiyasi “leyboristlar va fan inqilobi” nomli dastur qabul qildi. Uning muhim jihatlari haqida Vilson shunday deydi: “Bu konferensiyada o‘zimizning barcha rejalarimizni fan inqilobi sharoitida va uning talablariga mos ravishda qayta belgilaymiz va aniqlashtiramiz”. Vilson fan yutuqlarini iqtisodiy rejalashtirish bilan birlashtirish tarafdori edi.
1964 yil parlament saylovlari arafasida leyboristlar tomonidan “texnokratik inqilob”ning asosiy g‘oyalarini birlashtiruvchi dasturiy manifest e’lon qilingan edi. Texnokratlar – fan, texnika, muhandislik va olimlar zakovatini uyg‘unlashtirgan holda jamiyatni boshqarish tarafdorlari. Dasturda davlat ilmiy texnika inqilobining asosiy mexanizmi (motori) deb ta’riflandi. Dasturda Britaniya sanoatini har tomonlama zamonaviylashtirish, moliya-byudjet tizimini kuchaytirish zarurati ta’kidlandi. Mafkuraviy yangi konsepsiyaning muhim jihati yollanma ishchilarning ishlab chiqarishni boshqarishda va daromadni taqsimlashda “qatnashuvi” masalasi bo‘lib u tahlil qilingan edi. Leyboristlar “texnokratik” saylov kompaniyasida ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalandi.
15 oktyabr 1964 yildagi saylovda leyboristlar berilgan ovozlarning 44% iga, konservatorlar 43% iga ega bo‘ldi. Ularning parlamentdagi fraksiyasi 317 deputatdan iborat bo‘ldi, konservatorlar esa 303 mandatga, liberallar 9 mandatga ega bo‘ldi.
Hukumat tarkibini Ettli davrida eng muhim lavozimlarni egallagan leyboristik partiyaning keksa a’zolari tashkil etdi. Vilson hukumati duch kelgan va eng murakkab muammo pul muomalasidagi tanqislik va o‘sib borayotgan inflyatsiya edi. Deflyatsiya (muomaladagi pul miqdorini kamaytirish) siyosati doirasida 1964 yil noyabrida moliya vazirligi sug‘urta va benzinga bojxona to‘lovlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi “krizis byudjeti”ni taqdim etdi. 1965 yilning bahoridan foyda solig‘ini oshirish rejalashtirildi. Korporatsiya tipidagi korxonalarga katta soliqlar solindi. 1964 yil dekabrida hukumat “narx va foyda samaradorligini rejalashtirish” to‘g‘risida qaror qabul qildi. Oylik maoshning ko‘tarilishi bilan bog‘liq turli norozilik namoyishlari va boshqa xatti-harakatdan voz kechildi. Tadbirkorlar oylik maoshni kerakli darajada saqlab turish javobgarligini o‘z zimmalariga oldilar va asossiz ravishda mahsulot narxini ko‘tarishdan voz kechildi. Oylik maoshning yillik o‘sishining chegarasi 3,5%, narxlar o‘sishi chegarasi esa 4% deb belgilandi. Dastlab, daromad va narxlar o‘sishini cheklash masalasi tred-yunion va tadbirkorlarning hamkorligida ko‘ngildagiday bo‘ldi.
1964 yilning oxiridan nafaqalar oshirildi va tibbiy retseptlarga qo‘yilgan soliqlar bekor qilindi. Uy-joy qurilishi vazirligi ijara to‘lovi to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi. Unga ko‘ra kvartira oluvchilarning imtiyozlari ko‘lami oshirildi. Shahar uy-joy qurilishi keng miqyosda boshlab yuborildi. 1965 yil byudjetidan ijtimoiy ta’minotdagi nafaqalarning miqdorini doimiy ravishda oshirib turish ko‘zda tutilgan edi.
Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha Milliy kengash tuzildi. 1965 yilda besh yillik “Milliy iqtisodiy reja” qabul qilindi. Rejada ishlab chiqarishning yiliga 4-5%ga o‘sishi ko‘zda tutilgan edi. Ishsizlikning past ko‘rsatkichlarini saqlab qolishga katta e’tibor berildi. Hukumat faolligi butun 1965 yil davomida qulay investitsion sharoitni saqlab qolishga va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilashga imkon berdi. Bunday sharoitda 1966 yil 28 fevralda Vilson o‘z huquqidan foydalanib qirolichadan parlamentni tarqatib yuborish va yangi saylov belgilashni so‘radi. Saylovda leyboristlarni saylovchilarning 48,1%i (364 mandat), konservatorlarni -41,9%i (253 mandat), liberallarni-8,5%i (12 mandat) qo‘llab-quvvatladi.
60-yillarning oxiriga kelib qo‘lga kiritilgan moliyaviy barqarorlik yana xavf ostida qoldi. Buning sababi passiv savdo saldosi (qoldig‘i) dan tashqari turg‘un inflyatsiya bo‘ldi. Vilson hukumati har qanday yo‘llar bilan bo‘lsada inflyatsiyaning oldini olish va funt sterling kursining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinardi. 1966 yilning ikkinchi yarmidan boshlab ekspertlar tomonidan “Buyuk Britaniyada 1949 yildan beri o‘tkazilgan eng qattiq deflyatsiya” deb baholangan bir qator choralar amalga oshirildi. Ijara haqi, avtomobillar narxi (40%ga), spirtli ichimliklar, neft va benzinga, egri soliqlar, pochta xizmati (10% ga) oshirildi. Sanoatning milliylashtirilgan sohalariga investitsiyalar kiritish kamaytirildi. Xalqaro valyuta operatsiyalariga nazorat kuchaytirildi. Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi harbiy va fuqarolik xarajatlari kamaytirildi. 1967 yilda Ingliz Bankining hisob qo‘yilmalarini oshirish joriy qilindi (“qimmat kredit” siyosati), oylik maosh va narxlarni oshirishda yangi cheklashlar joriy qilindi (ular ixtiyoriy bo‘lmay qoldi), ko‘pgina byudjet to‘lovlari qisqartirildi, kechiktirilgan to‘lov orqali sotib olishga va kapitalni chetga olib chiqishga bir qator cheklashlar joriy qilindi. Qattiq deflyatsion siyosat yuritishdan tashqari hukumat eksportni faollashtirish orqali mamlakatning to‘lov balansini yaxshilashga urinardi. Bunda Buyuk Britaniyaning Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyati “Umumiy bozori”ga qo‘shilishi hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin edi. 1967 yilning may oyida hukumat Daniya va Norvegiya bilan birgalikda Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyatiga a’zo bo‘lish haqidagi arizani berishdi. Ammo, Fransiya yana murosasiz pozitsiyani egalladi va 1967 yil noyabrida Buyuk Britaniyaga bu ariza rad etilgani haqida rasman xabar berildi. YeIHga qo‘shilishga urinishning behuda ketishi xalqaro vaziyatning keskinlashgan vaqtiga to‘g‘ri kelgan edi. 1967 yil iyundagi Isroil va Misrning “Olti kunlik urushi” jahon bozorining barqarorligini buzdi. Arab mamlakatlari tomonidan bir necha oyga Buyuk Britaniyaga neft eksport qilishga embargo joriy qilingan edi. Suvaysh kanalining yopilishi, London va Liverpul shaharlaridagi dokerlar qo‘zg‘oloni ham Britaniya tashqi savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bunday vaziyatda Vilson hukumati milliy valyutani devalvatsiya (muomaladagi pulning qiymatini tushirish yoki bekor qilish) qilishga majbur bo‘ldi.
1967 yil 18 noyabrda funt sterling kursi qiymati 14,3%ga tushirilgani haqida e’lon qilindi. Keyingi bir yarim yil davomida bu qadam “sterling mintaqasidagi” 25 ta mamlakatda amalga oshirildi. 1969 yilda esa Fransuz frankining devalvatsiyasi “frank mintaqasiga” kiruvchi 14 ta Afrika mamlakatlarida milliy valyuta kurslarining pasayishiga olib keldi. 1971 yilda AQSh ma’muriyati rasmiy kurs bo‘yicha dollarni oltinga almashtirishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish haqida e’lon qildi.
XVF kredit ajratib Britaniya hukumati oldiga bir qator barqarorlashtiruvchi choralarni amalga oshirish shartini qo‘ydi. Hukumat ishlab chiqarishdan tashqari boshqa sohalarga byudjet to‘lovlarini qisqartirishi, milliy valyutaning kelgusidagi keskin tebranishlariga yo‘l qo‘ymasligi, kreditni qat’iy talablar asosida ajratishi va kechiktirilgan to‘lovni sotib olishdagi cheklashlarni saqlab qolishi kerak edi. Shu bilan bir vaqtda hukumat qo‘shimcha moliyaviy manbalarni izlashga harakat qilayotgan edi. 1968 yilda tibbiyot retseptlarga soliq joriy qilindi, pochta xizmatlariga soliqlar oshirildi, uy-joy qurilishi bo‘yicha rejalar qisqartirildi. Maktablarda bepul sut berish bekor qilindi. 1969 yil byudjeti doirasida benzin, sigareta, viski, haydovchilik guvohnomasi, ish bilan ta’minlash korporatsiyalariga soliqlarni oshirish rejalashtirildi.
Iste’molchilarga soliqlarni oshirish orqali tazyiq o‘tkazish bilan birga ishlab chiqaruvchilarga nisbatan rag‘batlantiruvchi siyosat ham olib borildi. Fan bilan bog‘liq sohalarning rivojlanishini hukumat qirollik mukofotlari tizimi orqali rag‘batlantirdi. Ishchi xodimlarning malakasini oshirish va menejmentlarning eng yangi shakllarini joriy qilish maqsadida kadrlar tayyorlash bo‘yicha kengashlar ta’sis etildi. Bu kengashlar yo‘l transporti, mehmonxonalarga xizmat ko‘rsatish, fuqarolik aviatsiyasi, benzin quyish biznesi sohalarida ishlay boshlashdi. Eng avvalo, moliyaviy va siyosiy jihatdan dunyo bozorida raqobatga dosh beruvchi eng yirik Britaniya kompaniyalari qo‘llab-quvvatlandi. Yirik ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashning radikal usuli davlat tomonidan katta mablag‘lar qo‘yish orqali amalga oshirilayotgan milliylashtirishdan iborat bo‘ldi. 1967 yilda davlat tomonidan eng yirik metallurgiya monopoliyasi hisoblangan “British Stil Korporeyshn” tuzildi va uning himoyasi ostida butun po‘lat quyish sanoati birlashtirildi. Shu bilan birga hukumat xususiy bank va sanoat kapitali markazlashishini qo‘llab-quvvatlashni ishonchliroq deb bildi. 1969 yilda G‘arbiy Yevropadagi eng yirik 20 ta xususiy kompaniyalarning 8 tasi Buyuk Britaniyaniki edi.
Vilson hukumatining iqtisodiy siyosatini mohiyatiga ko‘ra o‘z vaqtida mahorat bilan amalga oshirilgan siyosat deb hisoblash mumkin. Mamlakat to‘lov balansi yaxshilana boshladi va 1970-1971 yilga kelib Britaniya byudjeti ko‘p yillar davomida ilk bor ijobiy ko‘rsatgichga ega bo‘ldi. 1968 yilda bosh vazir kutilayotgan iqtisodiy mo‘jiza to‘g‘risida jo‘shqinlik bilan nutq so‘zladi. Ammo, uning bashoratlari ancha bo‘rttirilgan edi. Buyuk Britaniya ilgarigidek G‘arbning yetakchi mamlakatlaridan Yalpi Ichki Mahsulotning (YaIM) o‘rtacha yillik o‘sishi bo‘yicha ortda qolayotgan edi. Jahon sanoat ishlab chiqarishida ham uning ulushi pasayib yetdi. Bundan tashqari, Vilson hukumatining iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlanmagan qattiqlik siyosati mamlakatda o‘sib borayotgan ijtimoiy norozilikka sabab bo‘ldi.
Eng katta norozilik aynan leyboristlarning saylovchilaridan iborat bo‘lgan qatlami - yollanma ishchi va xizmatchilar orasida bo‘ldi. Agar 1963 yilda 2081 norzilik harakati bo‘lib unda 593 ming kishi qatnashgan bo‘lsa, 1966 yildagi 1951 norozilik harakatida 2398 ming kishi, 1969 yilda esa 3146 norozilik harakati bo‘lib 1665 ming kishi qatnashdi. Kasaba uyushmalari rahbariyatida eng radikal qanot faollashgan edi. Bundan tashqari, hukumat ommaviy axborot vositalari orqali tanqid qilinardi. Jamoatchilikning salbiy fikrini bartaraf etish uchun Vilson hukumati dolzarb ijtimoiy muammolarni yechish uchun bir qator choralarni ko‘rdi. 1965 yilda irqiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ularni maishiy xizmat va transport sohalarida ishlashga ruxsat beruvchi, irqga mansublik to‘g‘risidagi Akt (Xujjat) qabul qilindi. 1968 yilda immigratsion (muhojirlik) hujjati qabul qilinib, amaldagi qonunga muhojirlarning ishga joylashishi va uy-joyga ega bo‘lishi haqida o‘zgartirishlar kiritildi.
Hukumat ayollar emansipatsiyasi (xotin-qizlarni erkinlikka chiqarish) ni ko‘zda tutuvchi choralar ko‘rdi. 60-yillar oxirida ajralishlar haqida Akt qabul qilindi. Bu aktning qabul qilinishi ajralishlar sonining keskin ko‘payishiga olib keldi. 1967 yilda oilani rejalashtirish davlat xizmati ish boshladi. Abort haqidagi Akt ham qabul qilindi. Unga ko‘ra, ayol sog‘ligi xavf ostida qolgan bo‘lsa, yoki mayib-majruh bola tug‘ilishi ehtimoli bor bo‘lsa, abort qilish uchun ruxsat berildi. 1967 yilning iyulida besoqolbozlik (gomoseksual) aloqalari qonunlashtirildi.
1969 yilda hukumat parlament orqali xalq vakilligi to‘g‘risidagi Bill (Bill – muhr, muhrlangan hujjat, qonun loyihasi ma’nolarini bildiradi) qonun loyihasini qabul qilinishiga erishdi. Unga ko‘ra saylash huquqi 18 yoshgacha pasaytirildi. Bu tadbir leyboristlar hukumatining yoshlar siyosati sohasidagi dasturining tarkibiy qismi edi. Hukumat maktab ta’lim tizimida ham radikal yangilashni amalga oshirdi. Davlat maktablari “umumta’lim” maktablariga aylantirildi. Bu maktablarda o‘qitish dasturi va mazmuni umumiylashtirilishi kerak edi. Ta’lim tizimidagi xususiy sektor davlat qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘ldi. 1969 yilda Buyuk Britaniya tarixida birinchi marta giyohvand moddalarni iste’mol qilishga qarshi qonun qabul qilindi.
60-yillar oxirida Olsterdagi diniy-siyosiy to‘qnashuvlar Buyuk Britaniyada ijtimoiy-ruhiy vaziyatning keskinlashganini ko‘rsatardi. 1919-1921 yillardagi siyosiy inqirozdan so‘ng mustaqil Irlandiya respublikasi tashkil topdi. Va shu vaqtning o‘zida Shimoliy Irlandiyaning 6 ta grafligi muxtoriyatga erishdi va Birlashgan Qirollik tarkibiga kirdi. Shundan keyin Olsterda ancha yil osoyishtalik bo‘ldi. Yagona Irlandiya davlatini tuzish to‘g‘risidagi moddani o‘z ichiga olgan Irlandiya respublikasi konstitutsiyasining 1937 yilda qabul qilinishi va 1949 yilda Irlandiyaning Hamdo‘stlik tarkibidan chiqishi London va Dublin o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli muloqotni qiyinlashtirib qo‘ydi.
1967 yilda katolik harakati faollari Shimoliy Irlandiya fuqarolari huquqlari uchun kurashchi assotsiatsiyani tuzdilar. Bu tashkilot katoliklarning protestantlar bilan teng huquqli bo‘lishini talab etardi. 1968 yil kuzida Shimoliy Irlandiya ichki ishlar vazirining ta’qiqlashlariga qaramasdan, katolik aholi huquqlarini himoya qilish shiorlari ostida bir qator norozilik mitinglari bo‘ldi. Namoyishlar ko‘pincha politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakun topardi. Bu voqealar 1969 yilda Shimoliy Irlandiya hukumati inqirozini keltirib chiqardi. Siyosiy sahnaga yana Irlandiya respublika armiyasi (IRA) chiqdi. Uning radikal qismi terroristik kurash yo‘llarini qo‘lladi.
Konfessiyalararo (diniy mazhablar o‘rtasidagi) to‘qnashuvlar 1968 yilga kelib tez-tez ro‘y beradigan bo‘ldi. Olsterda Irland-katoliklar bilan aholining ko‘pchiligini tashkil etadigan ingliz-protestantlar o‘rtasida o‘tkir to‘qnashuv kelib chiqdi. To‘qnashuv diniy va ijtimoiy xarakterda edi: katoliklar protestantlar bilan teng huquqlilikni talab qilishardi. Protestantlar ishga va o‘qishga qabul qilishda, ish haqi va boshqa nafaqalarni belgilashda ularning huquqlarini buzishar, hokimiyatning mahalliy organlari boshqaruviga qo‘yishmas edi. 1969 yil avgustida London hukumati Osterga qo‘shin kiritdi, bu esa qarama-qarshilikni yanada kuchaytirib yubordi. Har ikkala qo‘shin kurashayotgan tomonda ekstremistlar (jangarilar) paydo bo‘ldi, katoliklar maxfiy tashkilot ­– IRA (Irlandiya respublika armiyasi) tuzdilar. IRA qurolli kurash va terror usullari bilan mahalliy protestantlar hamda ingliz siyosiy arboblariga qarshi ish ko‘rdilar. Protestant-ekstremistlar o‘z navbatida katoliklarni zo‘rlik bilan Osterdan Irland respublikasiga quvishga urinardilar.
Britan hokimiyati Shimoliy Irlandiya muxtor boshqarish organlari faoliyatini to‘xtatdilar, mahalliy parlament va hukumatni tarqatib yubordilar. Londondan turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishni joriy etdilar, ammo, muammoni yecha olmadilar. Qurbonlar soni doimiy sur’atda o‘sib bordi. Shunday og‘ir vaziyat hukm surgan bir paytda navbatdagi parlament saylovlari 1970 yil 18 iyunda bo‘lib o‘tdi. Saylovda konservatorlar 46,4%, leyboristlar esa 42,9% ovozga ega bo‘lishdi. Bu muvaffaqiyat tufayli konservatorlar partiyasi parlamentning quyi palatasida yana qo‘shimcha 43 mandatga ega bo‘ldi (jami 330 o‘rin). Leyboristlar 287, liberallar 6 ta mandatga ega bo‘ldi.


Download 381 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling