14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


Entoni Blerning “yangi leyborizmi”


Download 381 Kb.
bet17/17
Sana16.06.2023
Hajmi381 Kb.
#1516558
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
Bog'liq
doc 14- MAVZU docx

Entoni Blerning “yangi leyborizmi”.
1994 yili Leyboristlar partiyasi rahbarligiga 40 yoshli Entoni Bler keldi. Leyboristlarning 1997 yilgi saylovoldi manifesti “yangi leyborizm” g‘oyalari ruhida tuzilgan edi. Umuman olganda iqtisodiy sohada Status guo-ni saqlashga harakat qilib, unda leyboristlar partiyasi mamlakatda huquqiy islohotlar o‘tkazish va tashqi siyosatni o‘zgartirish zarurati haqidagi fikrlarini ilgari surdi. Jumladan, Lordlar palatasini isloh qilish, referendumlar institutini mustahkamlash, proporsional (mutanosib) saylov huquqini joriy qilish, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyada konstitutsiyaviy islohot o‘tkazish takliflari kiritildi. Bler YeI ning sotsial Xartiyasi va Yevropa valyuta tizimiga qo‘shilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Saylovoldi kurash davrida “Amerika omili”dan ham foydalanildi - bosh vazirdan farqli o‘laroq, Bler B.Klinton bilan do‘stona munosabatlar o‘rnata oldi. Hokimiyat tepasida turgan konservativ partiya erishilgan iqtisodiy yutuqlarni targ‘ib qilish va raqiblarni tanqid qilish bilan cheklanib, saylov kompaniyasini juda sust olib bordi.
1997 yil may oyidagi saylovlar natijalari oldindan ma’lum edi. Leyboristlar saylovchilarning 45% ovozini olib, parlamentda 659 o‘rindan 419 tasiga ega bo‘ldi. Konservatorlar esa 30,2% ovozga bo‘lib, bor-yo‘g‘i 165 ta nomzodlarini parlamentda joylashtira oldilar. Bu oxirgi 90 yil davomida eng past ko‘rsatkich edi. Shotlandiya va Uelsda konservatorlar tarixda ilk bor birorta ham ovozga ega bo‘lmadi. Partiyalararo kurash mantig‘iga xilof ravishda Bler hukumatning iqtisodiy strategiyasini deyarli o‘zgartirmadi. Hukumat ilgarigidek xususiy sektorning to‘la ustunligi, davlatning iqtisodiy jarayonlarga iloji boricha kamroq aralashishi, ishbilarmonlik faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish, ishlab chiqarishning texnik-texnologik bazasini yangilashga e’tibor qaratdi.
90-yillar oxirlarida Buyuk Britaniya iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab qoldi. Yigirma yillik islohotlardan so‘ng raqobatbardoshlikning yuqori darajasini ta’minlovchi zamonaviy sohaviy struktura shakllandi. Maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi unumi va bandlik bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib oldi (Yalpi Ichki Mahsulotning 66,8%, va bandlarning 71,5%). Iqtisodiyotning rivojlanishida moliyaviy soha alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U YaIM ning 25%i va mamlakat mehnat resurslarining 12%ini (deyarli 4 million kishi) o‘z ichiga olardi. YaIMning 31,4%i va bandlarning 26,4%i sanoat va qurilishga to‘g‘ri kelardi. Zamonaviy Britaniya sanoatining o‘ziga xos xususiyati ishlab chiqarishga fanning keng tadbiq qilinishi bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Yevropa mamlakatlari ichida eng yuqori edi. Qishloq xo‘jaligi atigi YaIMning 1,8%ini va mehnat resurslarining 2,1%ini o‘z ichiga olardi. Bu soha ham yetarlicha samarali edi, ammo “sigirlar quturishi” tufayli katta talofatlar ko‘rdi. Britaniya iqtisodiyoti YeI ga tashlanayotgan xorijiy investitsiyalarning 1/3 qismini o‘ziga jalb qilgan holda xorijiy sarmoyaning foydali bozoriga aylandi. Buyuk Britaniyada, yuqori texnologik ishlab chiqarish sohasidagi eng yirik TMKlar bilan birga 13 mingdan ortiq xorijiy kompaniyalar ham faoliyat ko‘rsatadi.
90-yillar davomida amalga oshirilgan moliyaviy siyosat davlat byudjetidagi kamomadni asta-sekin qoplanishiga olib keldi. Davlat moliya tizimining barqarorlashuvi valyuta tizimining sog‘lomlashuvi bilan bir vaqtda kechdi. 1999 yilda inflyatsiya darajasi atigi 3,4% ni tashkil etdi. 1998 yilda Buyuk Britaniya tovarlar eksporti bo‘yicha dunyoda 5-o‘ringa (uning ulushiga dunyo eksportining 5,1%i (272,7 mlrd. dollar)), import bo‘yicha uchinchi o‘ringa (ulushi dunyo importining 5,9%i (316,1 mlrd.dollar)) chiqib oldi. Tashqi savdoda salbiy saldo (qoldiq) ning miqdori atigi 20 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Bler hukumati Birlashgan qirollikka kirgan mintaqalarga nisbatan boshqaruv tizimini o‘zgartirish bo‘yicha qat’iy qadam qo‘ydi. 1997 yilda Uels va Shotlandiyada mahalliy qonun chiqaruvchi organlarni tuzish bo‘yicha referendumlar o‘tkazildi. Uelsda mahalliy saylovchilarning atigi 50% referendumda qatnashdi. Natijada bu yerda konstitutsion islohot biroz chegaralangan xarakterga ega bo‘ldi. Tuzilgan mahalliy assambleya mahalliy qonunlarni qabul qilish va soliqlarni belgilash huquqlariga ega emas edi. Uning vakolati mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va ekologiya masalalari bilan chegaralandi. Assambleya, ilgari Uels bo‘yicha vazirga tegishli bo‘lgan markaziy hukumat dotatsiyasi (yiliga 8 mlrd. funt sterling)ga egalik qiladi.
Shotlandiyada konstitutsion islohot ovoz berganlarning 74%i tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shotlandiya parlamenti katta vakolatlarga ega bo‘ldi, jumladan, markaziy qonunlarga zid kelmaydigan mintaqaviy qonunlarni qabul qilish, soliqlarni belgilash va yig‘ib olish huquqiga ega bo‘ldi. Shotlandiya o‘z parlamentini tuzish huquqiga ega bo‘ldi. 1999 yil 1 iyulda Shotlandiya parlamenti rasmiy suratda ochildi.
Bler Olster muammosini yechishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U ingliz-irland muzokoralarida Olsterning Shinn Feyn partiyasi vakillarining qatnashishiga rozi bo‘ldi. Muzokoralar chog‘ida IRA tinchlikni saqlashga rozi bo‘ldi. AQSh vositachiligida 1998 yil aprel oyida Shimoliy Irlandiya bo‘yicha uch tomonlama tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu shartnomada Shimoliy Irlandiyaning siyosiy mustaqilligi tiklangan edi. Shimoliy Irlandiyaning milliy assambleyasi “o‘zaro hamjihatlik” qoidalariga ko‘ra ishlashi kerak edi, ya’ni har bir qarorni qabul qilishda ham katolik, ham protestantlardan saylangan deputatlar ma’qullashlari kerak edi. Irlandiya Olsterga da’vogarlikdan voz kechishi kerak edi, Britaniya hukumati esa cheklangan vakolatlarga ega bo‘lgan umumirland mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarini tashkil etishga rozilik berdi. Tinchlik shartnomasi 1998 yil 22 maydagi referendumda tasdiqlandi. Shartnomani Olsterda 71%, Irlandiyada 94% saylovchilar qo‘llab-quvvatlashdi. 1999 yil iyunda Milliy assambleya deputatlari saylovlari bo‘lib o‘tdi. Assambleya Shimoliy Irlandiya hukumatini tuzishga kirishdi. London uning ixtiyoriga mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhit muhofazasi masalalari hamda “Shimol-Janub” umumirland vazirlar kengashini tuzishni vakolatini berdi. Ammo bu jarayonlar IRA ekstremistlari tomonidan xavf ostida qoldi. 1999 yilda IRA qurolsizlantirish haqidagi va’dani bajarmadi. Terrorchilik harakatlari ham davom ettirildi. Olsterda mintaqaviy hukumat organlari tuzilishining yakunlanishi ham vaziyatni o‘zgartirmadi. 2000 yilda Britaniya hukumati Olsterga maxsus harbiy qismlarni kiritishdan voz kechdi, ammo terrorchilikka qarshi qonunni kuchaytirdi.
E.Bler Buyuk Britaniyaning tashqi siyosiy strategiyasiga katta tuzatishlar kiritdi. Saylovoldi kurash davridayoq u AQSh bilan “maxsus munosabatlar”ni tiklash va B.Klinton bilan yaqin ishchan va shaxsiy munosabatlar o‘rnatish tarafdori edi. 1998 yilda bu Londonning baland siyosiy demarshlari bilan tasdiqlandi. Dunyo hamjamiyatining fikriga xilof ravishda Britaniya hukumati AQShning Sudan va Afg‘onistonni “antiterroristik” bombardimon qilishini qo‘llab-quvvatladi. 1998 yilda “Sahrodagi tulki” operatsiyasi amalga oshirildi. To‘rt kun davomida ingliz-amerika harbiy qismlari Iroqning harbiy va iqtisodiy ob’ektlariga qarata to‘rt yuzga yaqin qanotli raketalarni yo‘naltirdi. 1999 yilda Buyuk Britaniya AQSh bilan birgalikda Yugoslaviyaga qarshi eng qat’iy choralar ko‘rish tarafdori bo‘ldi. Britaniya qurolli kuchlari ham Serbiya hududiga ob’ektlarni bombardimon qilishda ham Kosovadagi harbiy harakatlarda qatnashdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, aynan Britaniya hukumat organlari va maxsus xizmatlari Miloshevich rejimiga qarshi targ‘ibotchilik xuruji olib borishda, Kosovadagi milliy qatag‘onlar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatgan holda katta “hissa” qo‘shgan edilar. Bu davrda Buyuk Britaniya “NATOning Sharqqa Kengayish” jarayonini va NATOning yangilangan strategik konsepsiyasining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.
90-yillar oxiridagi eng muhim va eng o‘tkir xalqaro munosabatlarga oid muammolarda Londonning amerikaparast pozitsiyasi Buyuk Britaniya va Rossiyaning yaqinlashishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Faqatgina 1998 yil may oyida Birmingemda dunyoning yetakchi mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi arafasida Rossiya-Britaniya aloqalarining jonlanishi bundan mustasno edi. O‘shanda aynan Britaniya diplomatiyasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli rasman “katta yettilik”ni “katta sakkizlik”ka aylantirishga muvaffaq bo‘lindi. Rossiya-Britaniya munosabatlari faollashuvining yangi bosqichi 1999 yilda boshlandi, unda Bler Rossiya yangi rahbari Putinga juda katta ma’naviy ko‘mak berdi. Blerning Peterburg va Putinning Londonga norasmiy tashriflari bu hamkorlikka shaxsiy munosabatlar xarakterini berdi. Britaniya hukumatining 2001 yilgacha Yevropa valyuta tizimiga qo‘shilish to‘g‘risidagi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Leyboristik hukumat boshlig‘i Bler 2001 yilda AQSh siyosatini qo‘llab-quvvatlab, Afg‘onistonga bostirib kirishda faol qatnashdi. 2003 yili Iroqdagi Saddam Husayn rejimini ag‘darib tashlash uchun boshlangan urushda koalitsiya kuchlari safida turib qatnashdi va Iroq neftiga egalik qilishda, qolaversa, Yaqin Sharqda o‘z mavqeini mustahkamlab olishda AQShning sodiq ittifoqchi ekanini namoyish qildi.
Buyuk Britaniya bozor munosabatlarining klassik (mumtoz) mamlakati bo‘lib, uning tajribasi har tomonlama o‘rnak bo‘larlidir, chunki bu yerdagi hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining asosiy unsurlari (elementlari) yuqori darajada rivoj topdi, shu sohadagi iqtisodiy g‘oya ham, ta’limot va nazariyalar ham yuzaga keldi; shu tufayli uni “bozor iqtisodiyoti beshigi” deb atash mumkin. Hozirgi davrda Buyuk Britaniya yuqori rivojlangan industrial davlat bo‘lib, qishloq xo‘jaligi juda yaxshi taraqqiy etgan. Sanoat YaIM importning deyarli 50 % i va eksportning 90 % ini beradi. Sanoatning yalpi mahsuloti bo‘yicha (6,6 %) AQSh, Yaponiya, GFR va Fransiyadan keyin 5-o‘rinda. O‘z davrida jahonda yetakchi bo‘lgan davlat keyingi paytda o‘z mavqeini ancha yo‘qotib borayapti. Asosiy sanoat tarmoqlari stanoksozlik, elektrotexnika, aviatsiya, kimyo, elektronika va avtomobilsozlikdir. Iqtisodiyotda monopolistik korxonalar roli nihoyatda yuqori- 100 ta yirik transmilliy korxonalar sanoat mahsuloti va tashqi savdoning 55 % ini nazorat qiladi. 1% boy aholi qo‘lida xususiy sarmoyaning yarmi jamlangan. Mamlakatning Yevropa iqtisodiy hamjamiyati – “Umumiy bozor”ga a’zo bo‘lishi kapitalning konsentratsiyasi va xo‘jalik monopolizatsiyasini kuchaytirdi. Keyingi davrda sanoat tarkibi keskin o‘zgardi. An’anaviy tarmoqlar reindustrealizatsiyaga uchradi, shu bilan birga yangi sohalar, ayniqsa, elektronika, elektrotexnika va boshqalar ustivor rivojlanmoqda. Oqibatda hozir, kimyo, elektrotexnika sanoati, aerokosmik va elektron texnikasi, avtomobil, to‘quv, poyabzal, oziq-ovqat sanoati tez rivojlanmoqda. Buyuk Britaniyada (boshqa yetakchi davlatlarda ham) xizmat sohalarining roli oshib bormoqda. Masalan, bank, sug‘urta, frakta (kemalarga xizmat haq olish), turizm hozirgi davrda eksport tushumlarining yarmini berayapti. Bu soha tarmoqlarining sur’atlari sanoatdagidan ancha baland. Xizmat sohalarining YaIM dagi hissasi 1960 yildagi 45% dan 65% ga yetdi. Qiyoslash uchun shuni aytish kerakki, hozirda 10 mln. tonna cho‘yan, 18,4 mln. tonna po‘lat, 310 mlrd. kvt/soat elekroenergiya, 130 mln. tonna neft, 55 mlrd. kubo/metr tabiiy gaz olindi, 112 mln. tonna ko‘mir qazib olindi. Bu davlatda yiliga 2,5 mln. ta yengil avtomobil, 600 mingdan ortiq yuk avtomobili, 210 mingga yaqin traktor, 800 ga yaqin samolyot ishlab chiqariladi. Yillik eksport 140-145 mlrd. dollar, import esa 155-160 mlrd. dollarni tashkil etadi (passiv saldo) bekitiladi. Buyuk Britaniyada qishloq xo‘jaligi yuqori darajada yuksalgan. Mehnatga layoqatli aholining 15% band bo‘lgan agrar sektor iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi. U mamlakat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan 65%, shu jumladan go‘sht bilan 90% ga ta’minlaydi. Uning tarkibi bir necha bor o‘zgardi va hozirgi holatga keldi, ya’ni sut-go‘sht yo‘nalishi asosiydir. Baliqchilik (orol-atrofi dengiz) muhim o‘rinni egallaydi. Bu sohada 28 mingga yaqin odam ishlaydi, yiliga 1 mln. tonnadan ortiq baliq mahsulotlari tayyorlandi.
Temir yo‘lning uzunligi 16,9 ming km. (1968 yil 21, 2 ming km. edi), shundan 5,2 ming km. elektrlashtirilgan va davlat qaramog‘idadir. Shosse uzunligi 360 ming km. bo‘lib, ichki yuk tashishda avto-transport yetakchilar; mamlakatda 21,5m mln. mashina bor (19,8 mln. yengil avtomashinalar). Avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda 6-o‘rinda, yirik 37 avtomobil konsernlari orasida 3 tasi inglizlarniki. 1994 yil may oyida Fransiyadagi Kole va Angliyadagi Duvr shaharlari orasida suv osti yo‘li ishga tushirildi. Lamansh bo‘g‘ozi orqali o‘tgan bu suv osti yo‘lining uzunligi 38 km. Dengiz davlati bo‘lgani uchun kemasozlik, flot ancha rivojlangan. Dengiz flotining jami hajmi 10 mln. tonnaga teng. Ammo, keyingi yillari kemasozlikdagi inqiroz kemalar qurishni muntazam kamaytirishga olib kelmoqda.
Buyuk Britaniya eksportida neft va neft mahsulotlari, mashina va asbob-uskunalar, avtomobillar, kimyo sanoati mahsuloti, jun matolari, sintetik gazlama va boshqa mahsulotlar ustundir; importda paxta tolasi, oltingugurt, jun, temir rudasi va boshqa xom ashyolar yetakchi hisoblanadi. Buyuk Britaniyadagi “Royal datch-Shell” AQShdagi “Ekosan”dan keyin dunyodagi eng yirik neft kompaniyasi hisoblanadi, unga dunyodagi 8% neft va neft mahsulotlari savdosi to‘g‘ri keladi. Angliyaga shu kompaniyaning 42% sarmoyasi to‘g‘ri keladi. Undan tashqari, “British petroleum” kompaniyasi kuchli bo‘lib, 70 ta mamlakatda filiallari bor, 881 mln. tonna neft zaxiralarini nazorat qiladi. 2009 yili “British petroleum” ga tegishli neft quvurida (platformasida) avariya sodir bo‘ldi va kompaniya 3,5 mlrd. dollar zarar ko‘rdi. Moliya sohasida barqarorlik mavjud, funt-sterlingning mavqei baland. Bu mamlakatdagi asosiy muammolardan biri ishsizlik bo‘lib, ishsizlar soni 2,5-3,0 mln. (aholining 9,1% ga teng), inflyatsiya darajasi 6,4% va undan yuqori, uy-joy muammosi keskin.
Mamlakatning yozilgan konstitutsiyasi bo‘lmasada, biroq, ijtimoiy hayot faqat va faqat qonunlar orqali boshqariladi. Parlament o‘zining qonun yaratuvchilik faoliyatida ularga va hayot sinovidan o‘tgan urf-odatlar, an’analarga asoslanadi. Ayni paytda shuni ham aytish lozimki, bu yerda keyingi paytlarda, Asosiy Qonun – Konstitutsiyaga ehtiyojning tobora ko‘proq sezilayotgani va bu haqda munozaralar yuz berayotgani to‘g‘risida ham gapirdilar. 2010 yil boshida Gordon Braun mamlakat aholisining parlamentga nisbatan ishonchini tiklashga yo‘naltirilgan islohotlarni taqdim etdi. Braunning fikricha, agar fuqarolarga “muqobil ovoz berish” tizimi taklif etilsa, ularning hukumatga nisbatan ishonchi yana tiklanadi. Bu tizimning mohiyati shundaki, saylovchi nomzodlarni “xit-parad tartibi” asosida baholaydi va o‘ziga yoqqan deputatlik kursisiga da’vogar uch kishiga ovoz beradi. Bundan tashqari, bosh vazir mamlakat aholisining 16 yoshga to‘lgan (ayni paytda 18 yoshga to‘lmagan britaniyalik ovoz berish huquqiga ega emas) barcha aholisiga ovoz berishga ruxsat etilishi zarur, deb hisobladi. Shuningdek, Braun Lordlar palatasini hokimiyatning saylov organiga aylantirish xususidagi masalasini ham o‘rtaga qo‘ydi. Gordon Braun parlamentga islohotlar to‘plamini taqdim etib, yangi saylov tizimiga o‘tish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazish zarurligini aytdi. Braunning so‘zlariga qaraganda, referendum 2011 yilda o‘tkazilishi kerak. Ammo, leyboristlar hokimiyatda qolsagina bu jarayon amalga oshiriladi. Buyuk siyosatchilar Gordon Braunning rejasini batamom ma’qullashmadi va uning saylov tizimini isloh qilish bo‘yicha taklifini munosib, deb hisoblashmadi. Braun shunday tashabbus bilan chiqish qilgan edi. U saylovdagi amaldagi majoritar tizimini bekor qilish bo‘yicha 2007 yildayoq o‘z fikrini bildirgandi. Biroq, uning taklifi parlament muhokamasigacha yetib bormagandi. Buyuk Britaniyada navbatdagi saylov 2010 yilning 6-mayida o‘tkazildi va konservatorlar partiyasining nomzodi David Kameronning hukumatga bosh bo‘lishi bilan Gordon Braunning islohotlar rejasi to‘xtab qoldi.
Buyuk Britaniya va O‘zbekiston munosabatlari to‘g‘risida gap borar ekan, bu davlatning O‘rta Osiyoga qiziqishi uzoq tarixga borib taqaladi. Buyuk Britaniya 1991 yilning 31-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tanidi va 1992 yil 18-fevralda diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Eron, Afg‘oniston, Hindistonda uzoq yillar hukmron bo‘lgan davlatning bu mintaqadagi manfaatlari Rossiya bilan yuzma-yuz kelgan, oxir oqibatda yutqazgan. O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi (1991 yil sentyabr) tufayli bu munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston rahbariyatining Buyuk Britaniyaga rasmiy tashrifi natijasida (1993 yil 22-25 noyabr) o‘zaro munosabatlar aniq shartnomalar asosida rivojlanmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston-Yevropa rekonstruksiya va rivojlanish bankiga 1992 yilda a’zo bo‘ldi, uning shtab-kvartirasi Londonda.
Jahonda paxta yetkazish bo‘yicha yetakchi (3-5) o‘rinlarda bo‘lgan O‘zbekiston Xalqaro Liverpul assotsiatsiyasiga a’zo bo‘ldi, bu sohada jahon bozoriga kirib keldi. Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati va “Lonro” o‘rtasida “Omontoytov-Geldfliz” qo‘shma korxonasi tuzilib, Dougistau va Omontaytou oltin konlarida ish olib boriladi. “Lonro” oltin qazib olish sohasida jahonda yetakchi hisoblanadi. Dastlabki mahsulot 1996 yil birinchi yarmida olindi. Toshkent-London orasida samolyotlar ucha boshladi. Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston bilan hamkorligi tobora ortib bormoqda. Masalan, O‘zbekistonga qo‘yilgan xorij investitsiyalari bo‘yicha bu davlat uchinchi o‘rinni egallaydi. O‘zBAT qo‘shma korxonasi respublikamizdagi tamaki va tamaki mahsulotlarini jahon andozalari darajasiga yetkazishga imkon berdi. O‘ndan ortiq qo‘shma korxonalarda tog‘-kon va qayta ishlash tarmoqlari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqilmoqda. Yuzlab o‘zbekistonlik talabalar yetakchi universitetlarda ta’lim olmoqdalar, oliy-o‘quv yurtlari o‘rtasidagi shartnomalar asosida professor-o‘qituvchilarimiz o‘z malakalarini oshirmoqdalar.
Download 381 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling