17-mavzu: Rus yozuvchilarining bolalarga atab yozgan asarlari. A. S. Pushkin ertaklarida ilgari surilgan gʻoyalar. L. Tolstoy asarlari taxlili Reja
Download 27.04 Kb.
|
17-mavzu Rus yozuvchilarining bolalarga atab yozgan asarlari. A.S.Pushkin ertaklarida ilgari surilgan gʻoyalar
Tolstoy Lev Nikolayevich (1828-1910) rus yozuvchisi. Rossiyadagi qadimiy dvoryanlar sulolasidan, Qozon universitetining arab-turk va huquqshunoslik fakultetlarida o‘qigan. 1851-53-yillarda Kavkazda bo‘lib, janglarda ishtirok etgan. 1855-yilda Peterburgga borib, N. A. Nekrasovnnng “Sovremennik” (“Zamondosh”) jurnali va jurnal atrofidagi yozuvchilar (I. S. Turgenev, I. A. Goncharov, N. G. Chernishevskiy va b.) bilan hamkorlik qilgan. Bolalik kezlarida rus va arab xalq ertaklari, A.S.Pushkin she’rlari, shuningdek, Yusuf haqidagi Injil rivoyati ta’sirida she’rlar yozgan. Birinchi yirik asari – “Inson kamolotining to‘rt davri" avtobiografik asari (“Bolalik”, 1852; “O‘smirlik”, 1852-54; “Yoshlik”, 1855-57; “Yigitlik”, yozilmay qolgan). Urush lavhalari va askarlarning maishiy turmushi Tolstoyning “Sevastopol hikoyalari” (1855) to‘plamiga kirgan hikoya va ocherklarida o‘z ifodasini topgan.
50-yillar Tolstoy ruhiy hayot lavhalari va maishiy turmush tafsillarini tarixiy voqealarning keng manzarasi, hayotning axloqiy-falsafiy asoslari tasviri bilan uyg‘unlashtirishga harakat qiladi. Rus va jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rinolgan “Urush va tinchlik” (1863-69) epopeyasi Tolstoyning 60-yillarda ijodiy kamolotga erishganidan shahodat beradi. Ayrim adabiyotshunoslar garchand bu asarni Tolstoyning o‘z davri muammolaridan qochishi, deb baholagan bo‘lsalarda, yozuvchi “Urush va tinchlik” romani bilan o‘z davrida ro‘y bergan va o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan voqealarga faol munosabat bildirgan. Eng muhimi, u Napoleonning 1805-07 va 1812-14 yillardagi harbiy yurishlari mavzuiga murojaat etib, ko‘plab qahramonlar ishtirok etgan epik voqealar bilan birga qahramonlarning ruhiy tasvirlari ilk bor katta mahorat bilan uyg‘unlashgan tarixiy roman janrini yaratdi. Holbuki, 19-asr o‘rtalarida epik asarlar davri o‘tdi, degan fikrlar keng tarqalgan, 60-yillarda rus jamiyatida kuch ola boshlagan sinfiy ziddiyat va kurashlar esa “Urush va tinchlik”dek epopeyaning maydonga kelishi uchun unumli zamin bo‘la olmas edi. 1812- yildada Rossiyaning Napoleon qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi mumkinligi bir-biri bilan kelisha olmagan turli tabaqa va sinflarni dushmanga qarshi kurashshiori ostida birlashtirdiki, Tolstoyning rus xalqi ongidagi ana shu uyg‘onishga murojaat etishi “Urush va tinchlik” romanining yuzaga kelishi uchun hayotbaxsh zamin vazifasini o‘tadi. Tolstoyning 70-yillar ijodida “Anna Karenina” romani alohida mavqega ega. “Urush va tinchlik”dan bu romanni yozguniga qadar bo‘lgan davrda Tolstoyning rus jamiyatidagi ijtimoiy tenglik va adolat to‘g‘risidagi orzu umidlari ro‘yobga chiqmadi. 60-yillardagi islohot yozuvchi kutgan natijani bermadi. Mazkur romanda Tolstoyning jamiyat hayotida kechayotgan noxush jarayonlar haqidagi iztirobli o‘ylari aks etdi. Romanda Kareninlar, Oblonskiylar va Levinlardan iborat 3 oilaning bir-biri bilan chatishgan, ammo mustaqil sujet chizig‘iga ega bo‘lgan tarixi tasvir etilgan. Tolstoy aksar rus yozuvchilaridek, nasroniy diniga katta e’tiqod qo‘ygan, hayotda ro‘y berayotgan voqealarga va kishilarning xatti-harakatlariga ham shu din nuqtayi nazaridan yondashgan. Uning diniy qarashlari jamiyat va shu jamiyatda yashovchi kishilarga, binobarin, u yoki bu qahramoniga bo‘lgan munosabatiga, shak-shubhasiz, ta’sir o‘tkazgan. Tolstoyning oila masalasiga, chunonchi, Kareninlar oilasida sodir bo‘layotgan voqealarga yondashuvida ham diniy qarashlari seziladi.U jamiyat a’zolarida qanday chirkin xislatlar mavjud bo’lmasin, kishilar diniy qonun-qoidalar doirasida harakat qilishlari lozim, aks holda jamiyat halokat sari boradi, degan fikrdan kelib chiqib, qahramonlar obrazini yaratadi. 70-yillarda ruhiy iztirob iqlimida yashagan Tolstoy o‘z hayot yo‘lini qayta nazardan o‘tkazdi va shu jarayonda ijtimoiy kelib chiqishi, tarbiyasi va hayot yo‘li bilan bog‘liq jamiyat qatlamining ma‘naviy asoslari yolg‘onga asoslangan, degan xulosaga keldi. Uning bunday qarashlari “Iqrornoma” (1880) va “E’tiqodim nimada?” (1884) asarlarida o‘z ifodasini topdi. Tolstoyning bolalar uchun yozgan qator hikoyalari Saidrasul Aziziy (“Ustodi avval”, 1902), Aliasqar Kalinin (“Muallimi soniy”, 1903), Abdulla Avloniy (“Birinchi muallim”, 1909; “Ikkinchi muallim”, 1912) singari jadid ma’rifatparvarlarining o‘quv qo‘llanmalari va darsliklarida e’lon qilingan hamda usuli savtiya maktablarida o‘qitilgan. Download 27.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling