Fonetika va stilistika. Fonetika nutq organlarining tovush hosil qilish paytidagi harakati va holati-artikulyatsiyani, tovush o’zgarish qonuniyatlarini, uning intonatsiyasi kabi masalalarni tekshiradi. Fonetik stilistika esa tovushlarning bir-biriga bog’lanishining ekspressiv-stilistik imkoniyatlarini, xullas, nutq tovushlarining tilning ta’sirchan vositasi bo’lib xizmat qila olish usullari va qonuniyatlarini o’rganadi.
Leksikologiya va stilistika. Leksikologiya tilning lug’at sostavini, uning tarixiy qatlamlari, boyib borishi va taraqqiyot yo’llarini, so’zni, uning ma’nosini, qo’llanishini va shu kabi masalalarni o’rgatadi. Leksik stilistika ham lug’at sostavini o’rganadi, lekin uni so’z ishlatish, so’zdan foydalanish qonuniyatlari tomonidan tekshiradi. Leksik stilistika so’z yoki so’z birikmalarining ekspressiv tomonini o’rganadi. Demak, bir xil til hodisasi leksikologik va stilistik tahlilda turlicha yoritiladi. Bu narsa leksikologiya bilan stilistikaning leksik hodisalarga yondashishdagi prinsipial farqini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |