1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi
Download 0.94 Mb.
|
Фалсафа УМК 2023й
Diniy bilim. Dinning asosiy vazifasi – inson hayoti, tabiat va jamiyat borlig‘ining mazmunini aniqlashdan iborat. U insoniyat to‘plagan tajribaga tayanib, inson hayotining muhim ko‘rinishlari, chunonchi: oila va turmushdagi xulq-atvor, axloqiy qoidalar, mehnat, tabiat, jamiyat va davlatga munosabatni tartibga soladi. Din universumning pirovard mazmunlari haqidagi o‘z tasavvurini asoslab, dunyo va insoniyatning birligini tushunishga ko‘maklashadi. U inson hayotini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan haqiqatlar tizimidan iborat. Diniy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ular jamoa tajribasini ifodalaydi va shu bois nafaqat har bir dindor odam, balki dinga sig‘inmaydiganlar uchun ham qadrlidir.
Diniy ta’limotlarning vazifasi Xudo bormi, uni qanday qilib bilish mumkin, umuman, Xudoni bilish mumkinmi, degan savollarga javob berishdan iborat. Din o‘z dunyoqarashini Muqaddas Kitob matnlarida, shuningdek diniy rasm-rusum va urf-odatlarda ifoda etadi. Diniy rasm-rusumlarning bir unsuri ramziy ahamiyatga egadir. Diniy ramzlar g‘oya va obraz muvozanatini o‘zida mujassamlashtiradi. Ongning o‘ziga xos shakli sifatida din e’tiqod, ishonch va bilish mexanizmlari (hayot tajribasi)ga tayanadi. Diniy e’tiqod refleksiya bilan qo‘llab-quvvatlanadi, shaxsning fojeaviy tajribasi (o‘lim xavfi yoki yaqinlarini yo‘qotishi)ni anglab yetish orqali yuzaga keladi yoki mustahkamlanadi, bu tajriba shaxsni o‘z hayoti va tafakkur tarzini tubdan o‘zgartirishga da’vat etadi. Dindorlar fikricha, diniy e’tiqod diniy vahiy kelishi natijasida tug‘ilishi mumkin. Din dunyo va insonni intuitiv-mistik yo‘l bilan anglashning o‘ziga xos usullarini yaratgan. Bunday usullar jumlasiga vahiy va meditatsiyani kiritish lozim. Vahiy tushunchasi diniy tasavvurlarning tadrijiy rivojlanishi jarayonida shakllangan. Dastlab u oliy kuchlar tanlagan ayrim shaxslarning transsendent holatida shu kuchlar nomidan so‘zlash qobiliyati sifatida qaralgan (valilar, shamanlar va sh.k.). Muqaddas Kitob matnlariga doimiy murojaat etish dindorga ularda yangi haqiqatlarni kashf qilish, o‘z hayotini solishtirish va uni qayta tushunish imkonini beradi. Meditatsiya – o‘z tafakkurini bir ob’ektga qaratish, inson e’tiborini chalg‘ituvchi barcha begona omillarni chetga chiqarish yo‘li bilan fikr yuritish, narsa, g‘oya, dunyoni idrok etishdir. Dinda meditatsiya shaxsiy ongning Absolyut bilan birikuvini anglatadi. Xristianlikda meditatsiya inson shaxsi va ilohiy shaxsning muayyan oqibati sifatida talqin qilinadi. Meditatsiya, odatda, tabiiy refleksiya jarayoniga aylanadigan harakatlarning muayyan ketma-ketligi bilan bog‘liq. U ayrim psixotexnik usullardan foydalanishni nazarda tutadi. Bunda dindor mazkur usullar yordamida o‘zini boshqarish, o‘zlikni yoki tabiatni anglashga ko‘maklashuvchi g‘ayritabiiy ruhiy kuchlardan foydalanayotganiga ishonchi komil bo‘ladi. Meditatsiyaning bilish usuli sifatidagi samaradorligini fan tan oladi; davolash uchun mo‘ljallangan psixotexnika va autogen mashq tizimlari diniy-mistik g‘oyalar bilan bog‘liq emas. Diniy bilishning o‘ziga xos xususiyatlari shu bilan belgilanadiki, u odamlarning o‘zini boshqaruvchi dunyoviy (tabiiy va ijtimoiy) kuchlarga munosabatining bevosita emotsional shakli bilan bog‘liq. Bu kuchlarning xayoliy in’ikosi bo‘lgan diniy tasavvurlar borliq haqidagi ma’lum bilimlarni ifoda etadi. Odamlar asrlar va ming yilliklar mobaynida to‘plagan diniy va boshqa bilimlar xazinasi sifatida, masalan, Injil va Qur’onni qayd etish mumkin. Biroq din (mifologiya kabi) bilimni izchil va nazariy shaklda ifodalamagan. U umumiy, yaxlit, o‘ziga to‘q va isbotlangan ob’ekt sifatida bilim ishlab chiqarish vazifasini hech bajarmagan va bajarmaydi. Agar diniy bilishga dunyoga emotsional munosabatning g‘ayritabiiy narsalar va hodisalarga ishonch bilan birikuvi xos bo‘lsa, ilmiy bilishning zamirida emotsiyalar va e’tiqodni o‘ziga bo‘ysundiruvchi oqilonalik yotadi. Download 0.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling