2. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Download 0.49 Mb.
|
592 13.10.2022
[OKOZ: 1.06.00.00.00 Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.01.00.00 Umumiy qoidalar; 2.06.00.00.00 Ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik. Ijtimoiy himoya / 06.06.00.00 Pensiyalar / 06.06.01.00 Umumiy qoidalar] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya; 2.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash bo‘yicha davlat xizmati sifatini oshirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari manzilliligini va samaradorligini oshirib borish, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-726-son, “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2022-yil 9-fevraldagi O‘RQ-752-son, “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-son hamda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida” 2022-yil 19-sentabrdagi O‘RQ-791-son O‘zbekiston Respublikasining qonunlari ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Quyidagilar: “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-726-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq pensiya hisoblashda 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning faqat mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanishi, pensiya shaxsning tanloviga ko‘ra uning doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi tomonidan to‘lanishi, tekshirish (o‘rganish) o‘tkazish boshlangan sanadan avvalgi uch yil va undan ortiq davrda tayinlangan va (yoki) qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlarga binoan qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga (o‘rganilishiga) hamda ular bo‘yicha to‘langan ortiqcha summalarning ushlab qolinishiga (undirilishiga) yo‘l qo‘yilmasligi; “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2022-yil 9-fevraldagi O‘RQ-752-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq vafot etgan boquvchining mehnatga layoqatsiz farzandlari uchun 18 yoshga qadar, agar ushbu farzandlar ta’lim tashkilotlarining o‘quvchisi yoki talabasi bo‘lib hisoblansa, o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lanishi, shaxsning bolani parvarishlash bilan band bo‘lgan 6 yillik ta’til vaqti pensiya hisoblashda ish staji sifatida inobatga olinishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi munosabati karantin joriy etilgan vaqtda shaxsga pensiya tayinlash muddati shaxsning karantin davrida pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab tayinlanishi; “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida” 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq shaxsni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan aniqlanishi; “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida” 2022-yil 19-sentabrdagi O‘RQ-791-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalarni hisob-kitob qilish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n ikki baravaridan kelib chiqib hisoblanishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin: davlat pensiyalarini tayinlash uchun murojaat qilish, pensiyalar tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim qilish tartibi; davlat pensiyalarini tayinlashda mehnat staji, shu jumladan, ayrim toifa fuqarolar uchun imtiyozli asoslardagi mehnat stajini hisoblash tartibi; davlat pensiyalarini tayinlashda ustama haqlarni hisoblab chiqish tartibi; tayinlangan davlat pensiyalari turini o‘zgartirish, qayta hisoblash va tiklash tartibi; tayinlangan davlat pensiyalarini to‘lash va chegirmalarni amalga oshirish tartibi. 3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin. 4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2022-yil 13-oktabr, 592-son Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktabrdagi 592-son qaroriga 1-ILOVA Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizom 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga (keyingi o‘rinlarda — Qonun) muvofiq davlat pensiyalarini tayinlash, pensiya imtiyozlarini qo‘llash, qayta hisoblash, tiklash, to‘lash, pensiyadan chegirma qilish, fuqarolarni pensiya va boshqa to‘lovlar bilan ta’minlashga doir masalalarni hal qilish tartibini belgilaydi. 2. Ushbu Nizom maqsadlarida quyidagi atamalar va ta’riflardan foydalaniladi: band shaxs — o‘zini ish bilan mustaqil ta’minlaydigan va ish vaqtini hisobga olish mumkin bo‘lmagan jismoniy shaxs, tadbirkor, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar, 2021-yil 1-iyundan keyingi davr uchun turmush o‘rtog‘ining mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadidan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq to‘langan jismoniy shaxs, qonunchilik hujjatlariga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, shu jumladan, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, bevosita qoramol o‘stiradigan hamda chorvachilik mahsulotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotadigan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligida band bo‘lgan shaxs, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik subyekti; ish staji — mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) va ish joyidan, xizmatdan, o‘qishdan yoki arxivdan berilgan boshqa hujjatlar bo‘yicha aniqlangan, ishdagi tanaffuslardan qat’i nazar, qonunchilikka muvofiq pensiya ta’minoti huquqini beradigan mehnat faoliyati va boshqa faoliyatning umumiy davomiyligi; ish haqi — shaxsning pensiyani hisoblash (qayta hisoblash) uchun qabul qilinadigan ish haqi; maxsus ish staji — xalq xo‘jaligining muayyan tarmoqlarida, kasblar va lavozimlarda qonunchilikka muvofiq imtiyozli pensiya ta’minoti huquqini beradigan mehnat faoliyatining davomiyligi; nafaqa — Qonunda belgilangan shartlarga va me’yorlarga muvofiq davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga nafaqa yoshiga to‘lishi, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul to‘lovi; pensiya — uni olish huquqi Qonunda belgilangan shartlarga va me’yorlarga muvofiq aniqlanadigan hamda shaxslarga pensiya yoshiga to‘lish, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul to‘lovi; pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi turadigan joy — pensioner yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi) tuman (shahar) bo‘limi (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi bo‘limi); pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi (pensiya ishi) — ular asosida pensiya so‘rab murojaat qilgan shaxsga pensiya tayinlangan hujjatlarning tikilgan turkumi va/yoki Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimi) saqlanadigan pensiya so‘rab murojaat qilgan shaxsning elektron ko‘rinishdagi pensiyaga oid hujjatlari va/yoki ma’lumotlari; pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish — pensiya tayinlash, pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish, shuningdek, ilgari to‘xtatib qo‘yilgan (to‘xtatilgan) pensiya to‘lashni belgilangan tartibda tiklash (qayta tiklash) to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berish; shaxs — O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan va belgilangan tartibda istiqomat uchun berilgan guvohnoma olgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs; yashash joyi — turar joy, kvartira, xizmat turar joyi, ixtisoslashtirilgan uylar (yotoqxona, pansionat, yolg‘iz keksalar uchun maxsus uy, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar uchun internat uy va boshqalar), shuningdek, pensiya uchun murojaat qilgan jismoniy shaxs ijaraga olish shartnomasi (ikkilamchi ijara), ijara shartnomasi yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha mulkdor sifatida doimiy yashaydigan (doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) boshqa turar joy, doimiy yashash joyi mavjud bo‘lmagan (doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan) taqdirda — vaqtincha yashash (vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish) joyi; qonuniy vakil — qonunchilikda belgilangan tartibda shunday deb e’tirof etilgan ota-onalar, farzandlikka oluvchi, yetim bola va/yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani oilaga tarbiyaga (patronat) oluvchi, vasiy yoki homiylik qiluvchi; qaydnoma — pensioner va/yoki nafaqa oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, yashash joyi, pasport (identifikatsiya ID-karta) ma’lumotlari, pensiya va/yoki nafaqa to‘lov muddati, miqdoriga doir ma’lumotlar aks ettirilgan, pensiya va/yoki nafaqa to‘lovi uchun pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filialiga taqdim etiladigan elektron shakldagi hujjat. 3. Bir vaqtning o‘zida Qonun bo‘yicha va Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan alohida toifadagi fuqarolarning pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga pensiyaning bir turi uning tanlashi bo‘yicha tayinlanadi. 4. Fuqarolarning pensiya tayinlash va to‘lash, shuningdek, pensiya ta’minoti bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rib chiqish qonunchilik hujjatlari va/yoki ushbu Nizomda nazarda tutilgan shartlar va me’yorlar asosida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. 2-bob. Pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish tartibi 5. Tashkilot ma’muriyati har yili dekabr oyida shaxsiy varaqchalar va mehnat daftarchalari asosida keyingi yilda ham umumiy, ham imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladigan xodimlar ro‘yxatini tuzadi. Ro‘yxatda xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi; tug‘ilgan yili, oyi, kuni, shuningdek, xodim yashaydigan joy; tarkibiy bo‘linmaning nomi; lavozimi (kasbi); pensiya tayinlash uchun murojaat qilish uchun asoslar; hujjatlar bilan tasdiqlangan umumiy ish staji; imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash huquqini beruvchi maxsus ish staji ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatga kiritilgan xodimlarga nisbatan tashkilot ma’muriyati pensiya tayinlash uchun hujjatlarni oldindan tayyorlashga kirishadi. Zarur bo‘lganda tashkilot ma’muriyati yetishmayotgan hujjatlarni so‘rab olish choralarini ko‘rishi kerak. Tashkilot ma’muriyati to‘plangan barcha hujjatlar asosida pensiya tayinlash uchun taqdimnomani rasmiylashtiradi va Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi o‘rinlarda — “YaMMT” IDAK) orqali pensioner yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboradi. 6. Tashkilot ma’muriyati xodim pensiya yoshiga yetgan kundan kechiktirmay uning pensiya olish huquqiga ega bo‘lganligini bildirishga majbur. Tashkilot ma’muriyati qonunchilikka muvofiq xodimning pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni (mehnat staji, ish haqi va boshqalar) “YaMMT” IDAKga kiritishi va zarur hujjatlarni rasmiylashtirishi lozim. Xodim pensiya tayinlash to‘g‘risida ariza bergan taqdirda, tashkilot ma’muriyati mazkur ariza ro‘yxatga olingan sanadan boshlab 10 kun mobaynida zarur hujjatlarni va taqdimnomani to‘liq rasmiylashtiradi va ariza beruvchini ular bilan (taqdimnomaga imzo qo‘ydirgan holda) tanishtiradi. Hujjatlar va taqdimnoma xodimning arizasi bilan birga ariza beruvchining yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi. Tashkilot ma’muriyati pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni to‘play olmagan hollarda Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga bor hujjatlar topshiriladi, yetishmagan hujjatlar esa ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan muddatlarda qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi. Agar xodimga pensiya tayinlash rad etilgan bo‘lsa, bu haqda unga rad etish sabablari ko‘rsatilib, yozma ravishda xabar beriladi. Pensiya so‘rab murojaat qilgan kishi ma’muriyat qaroridan norozi bo‘lsa, u pensiya tayinlash to‘g‘risidagi arizani yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga bevosita beradi. 7. Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza qonunchilikka muvofiq pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan uning yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Xodimga va uning oila a’zolariga pensiya (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi) tayinlangan taqdirda, pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza xodimning yoki vafot etgan boquvchining (uning oila a’zolariga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan taqdirda) oxirgi ish joyi bo‘yicha tashkilotning ma’muriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Pensiya tayinlanadigan shaxs balog‘atga yetmagan yoki huquqiy muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ariza uning qonuniy vakil tomonidan ularning yashash joyi orqali beriladi. 8. Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash (qayta hisoblash, tiklash, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish) to‘g‘risidagi ariza bevosita manzil-koloniya joylashgan erdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Shaxsning pensiya tayinlash (qayta hisoblash, tiklash, pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish) to‘g‘risidagi arizasi manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) to‘g‘risidagi ariza bilan birgalikda ish stajiga oid ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi: shaxsning ish stajiga oid ma’lumotlar asosida pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur bo‘lgan ushbu Nizomning 12 — 14-bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘plashda amaliy yordam ko‘rsatadi; pensiya to‘lovini tiklash yoki davom ettirish to‘g‘risidagi arizaga asosan pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildini Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limidan talab qilib oladi. 9. Fuqaro pensiya tayinlashni so‘rab pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish huquqiga ega. 10. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilgan taqdirda, pensiya tayinlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi. Shaxs pensiya tayinlash to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga bevosita tashrif buyurgan holda va/yoki elektron pochta orqali murojaat qilish huquqiga ega. Shaxsning arizasi Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ariza beruvchiga yoki tashkilotning vakiliga ariza qabul qilingan sana ko‘rsatilgan holda tilxat, shuningdek, olingan va yetishmayotgan hujjatlar ro‘yxati beriladi. Barcha zarur hujjatlar bilan birga ariza qabul qilingan kun pensiya so‘rab murojaat etilgan kun hisoblanadi. Agar ariza pochta orqali yuborilsa va bunda barcha zarur hujjatlar ham ilova qilingan bo‘lsa, ushbu arizani jo‘natishning pochta shtempelida ko‘rsatilgan sanasi pensiya so‘rab murojaat etilgan kun hisoblanadi. Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan hollarda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi qo‘shimcha yana qanday hujjatlar taqdim etilishi lozimligini tashkilot ma’muriyatiga yoki ariza beruvchiga 5 kunlik muddatda yozma ravishda yoki ariza beruvchining mobil telefon raqamiga “SMS” xabarnomani yuborgan holda ma’lum qiladi. Agar ular qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi lozimligi to‘g‘risida xabarnoma olingan kundan boshlab uch oydan kechikmay taqdim etilsa, pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan kun pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi shaxsga va/yoki tashkilot ma’muriyatiga pensiya tayinlash (qayta hisoblash) masalalari bo‘yicha tushuntirishlar hamda ma’lumotlar berishi shart. Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi fuqarolarning davlat pensiya ta’minotiga oid ma’lumot va axborotlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib boradi. 11. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligi yuzasidan shubha paydo bo‘lgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to‘g‘risida qaror chiqarish huquqiga ega. Tekshirish tasdiqlovchi hujjatlarni bergan tashkilotda yoki arxivda amalga oshiriladi. Tekshirish natijalari bo‘yicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, u tekshiruvchining va tashkilot yoki arxiv mansabdor shaxsining imzosi, shuningdek, tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi tashkilot yoki arxivda, ikkinchi nusxasi Pensiya jamg‘armasi bo‘limida qoladi. Dalolatnomada tasdiqlovchi hujjatlarning kim tomonidan berilganligi va tekshirish vaqtida hujjatlarning joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumot majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish to‘g‘risida qaror chiqargan hollarda, tekshirish tamom bo‘lish muddatidan qat’i nazar, pensiya tayinlash uchun dastlab murojaat qilingan sana pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi. Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar: jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan, Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan; fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridan, “YaMMT” IDAK va boshqa vazirlik idoralarning axborot tizimlaridan olinganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun mavjud ma’lumotlarni tekshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 12. Yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak: ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi: a) tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatni, partizan otryadlari va qo‘shilmalarda bo‘lganlikni, davlat xavfsizligi organlarida va ichki ishlar organlarida xizmat qilganlikni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; b) oliy ta’lim tashkilotlarida (shu jumladan, o‘qish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, partiya maktablarida), aspiranturada (stajorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida) kunduzgi o‘qishni, shu jumladan, chet elda o‘qishni tasdiqlaydigan diplom yoki ma’lumotnoma; v) bolani parvarish qilish bo‘yicha ta’til berilganligi va ta’tildan qaytilganligi to‘g‘risidagi buyruqlarning nusxalari ilova qilingan holda ayol kishi bola tug‘ilgandan boshlab u uch yoshga to‘lgungacha bo‘lgan davrda mehnat munosabatlarida bo‘lgan tashkilot (tashkilotlar) tomonidan berilgan bola uch yoshga to‘lgunga qadar uni parvarish qilish vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; g) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va muddatdan tashqari xizmat qiluvchi harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqtni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; d) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan vaqtini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; e) ariza beruvchi urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs hisoblanishini tasdiqlaydigan hujjat; j) davolash-profilaktika muassasasining ariza beruvchi gipofizar nanizm bemori (liliput) yoxud disproporsional pakana ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi; z) familiya, ism, ota ismi o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi hujjat; i) oqlov hukmi yoki ish to‘xtatilganligi to‘g‘risida sudning ajrimi (qarori) yoki prokuror (tergovchi)ning ish to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, oldini olish chorasi sifatida shaxsni tergov izolyatoriyada (turmada) qamoqda saqlash, qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish shaklida jazoni o‘tash davri to‘g‘risida tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining ma’lumotnomasi, shuningdek, reabilitatsiya to‘g‘risidagi hujjatlar (sud organlari, prokuratura organlari, surishtiruv va tergov organlarining oqlov hukmi chiqarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoyat ishi to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi qarori (ajrimi); k) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi; l) o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasining asli yoki dublikati. Mazkur bandda nazarda tutilgan ma’lumotlar “YaMMT” IDAKda mavjud bo‘lgan hollarda ma’lumotnomalar ilova qilinmaydi. 13. Nogironlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak: ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; Bundan tashqari, zarur hollarda ushbu Nizomning 12-bandi “a” — “i” va “l” kichik bandlarida ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etiladi. Mazkur bandda nazarda tutilgan ma’lumotlar “YaMMT” IDAKda mavjud bo‘lgan hollarda ma’lumotnomalar ilova qilinmaydi. 14. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak: oila a’zosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (sud organlari yoki xorijiy davlatlar mansabdor shaxslarining ma’lumotnomasi); boquvchining bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risida sudning qarori nusxasi; vafot etgan boquvchining ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat; vafot etgan boquvchining ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma. Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi: vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi mehnatga layoqatsiz oila a’zosi O‘zbekiston Respublikasining tashqarisidagi ta’lim tashkilotining o‘quvchisi yoki talabasi hisoblanishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma; baxtsiz hodisa va sog‘liqning ishlab chiqarishda boshqa shikastlanishi to‘g‘risidagi hujjat yoki agar boquvchining vafoti mehnatda mayiblanish oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa — boshqa rasmiy hujjat; ushbu Nizomning 12-bandi “a” — “i” va “l” kichik bandlarida ko‘rsatilgan, vafot etgan boquvchining nomiga rasmiylashtirilgan (yozilgan) hujjatlar. Boquvchi-pensioner vafot etgan taqdirda, ushbu bandda ko‘rsatilgan zarur hujjatlar taqdim etilishi kerak, vafot etganning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lgan hujjatlar bundan mustasno. Shaxsni vafot etganligi to‘g‘risidagi, pensiya tayinlanayotgan shaxsni vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlari to‘g‘risidagi (nikohda ekanligi, nikoh bekor qilinganligi), pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidan elektron so‘rov yuborish orqali olinadi va pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsdan ushbu faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar yoki ma’lumotnomalar qabul qilinmaydi. Mazkur bandda nazarda tutilgan ma’lumotnomalar (ma’lumotlar) “YaMMT” IDAKda hamda vafot etgan boquvchi pensionerning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lgan hollarda pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga ilova qilinmaydi. Vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi oila a’zosi O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim tashkilotining o‘quvchisi yoki talabasi ekanligi Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot tizimidan olingan elektron so‘rovi orqali aniqlanadi. 15. Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxs tomonidan pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ushbu hujjatlarni tegishli tashkilotlardan talab qilish yuzasidan yordam ko‘rsatadi. Bunda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ushbu Nizomda belgilangan qoidalarga muvofiq shaxsga pensiya tayinlash (hisoblash) uchun quyidagi: a) pensiya tayinlanayotgan shaxsning (qonuniy vakil) fuqarolik pasporti (identifikatsiya ID-kartasi) to‘g‘risidagi; O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — TIEK) tomonidan beriladigan: shaxsning farzandi 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaligini tasdiqlaydigan yoki parvarish ostidagi I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganligi to‘g‘risidagi; shaxsning farzandi 8 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola deb topilganligi to‘g‘risidagi; boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqini beradigan oilaning katta yoshdagi a’zosi nogironligi bo‘lgan shaxsligi to‘g‘risidagi; ariza beruvchi I yoki II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs ekanligi to‘g‘risidagi; I, II yoki III guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni; b) band shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq organlari tomonidan taqdim etiladigan: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda Davlat soliq qo‘mitasining markazlashtirilgan elektron reyestri bazasidan elektron so‘rov yuborish orqali oladi. 16. Pensiyaga ustama (qo‘shimcha) haq belgilash huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda, pensiya tayinlash to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak: a) ariza beruvchining urush qatnashchisi yoki unga tenglashtirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydigan hujjat; b) ariza beruvchining 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front ortida ishlaganligini va harbiy majburiyatlarni bajarganligini tasdiqlaydigan hujjat; v) tegishli organ tomonidan berilgan harbiy xizmatchining, ichki ishlar organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining o‘limi harbiy xizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xizmatni bajarish bilan bog‘liq ekanligini tasdiqlaydigan ma’lumotnoma; g) “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi; d) faxriy unvon berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi. Mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlar va ma’lumotlar “YaMMT” IDAKda mavjud bo‘lgan hollarda ilova qilinmaydi. 17. Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilishda pensiya tayinlanayotgan shaxsning pasporti (identifikatsiya ID-karta, istiqomat uchun berilgan guvohnoma) taqdim etilishi kerak. Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning pasporti (identifikatsiya ID-karta) nusxasi (istiqomat uchun berilgan guvohnoma) nusxasi manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan erdagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Qonuniy vakilning arizasiga tuman (shahar) hokimining vasiylik yoki homiylikni tayinlash to‘g‘risidagi qarori ilova qilinadi. Qonuniy vakil pasportni (identifikatsiya ID-kartani) taqdim etadi. 18. Ariza beruvchining urush ishtirokchisi ekanligini tasdiqlovchi hujjat sifatida 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchisining guvohnomasi, baynalmilalchi jangchilarga beriladigan imtiyoz olish huquqi haqidagi guvohnoma, shuningdek, ularning urush ishtirokchisiga tenglashtirilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qabul qilinadi. Urush qatnashchilariga tenglashtiriladigan shaxslar doirasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi), tashkilotlar va arxiv ma’lumotnomalari, shuningdek, mudofaa ishlari bo‘yicha organlarning ma’lumotnomalari ariza beruvchining 1941 — 1945-yillardagi urush davrida ishlaganligi va harbiy majburiyatlarni bajarganligini tasdiqlaydigan hujjat sifatida qabul qilinadi. Ariza beruvchining urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat sifatida harbiy gospital tomonidan beriladigan kasallik tarixidan ko‘chirma qabul qilinadi. Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladigan shaxslar doirasi ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan. 19. Familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar sifatida quyidagilar taqdim etiladi: familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, fuqarolik holati dalolatnomasining tegishli yozuvidan ko‘chirma, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari (mansabdor shaxslari) ma’lumotnomasi. Qaramog‘ida mehnatga layoqatsiz oila a’zolari borligini tasdiqlash masalasi sud qarori bilan hal etiladi. 20. II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning yolg‘iz yashaydigan pensionerligi holati Agentlikdan olinadi. 21. Qonunning 12-moddasi “z” bandiga muvofiq pensiya tayinlanayotganda Agentlikning “TIEK” axborot tizimidan olinadigan shaxsning farzandi 8 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola deb topilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot asosida belgilanadi. 22. Pensiya tayinlash uchun zarur hujjatlar ham asl nusxada, ham Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan tasdiqlangan nusxalarda taqdim etilishi mumkin, faqat asl nusxalarda taqdim etiladigan ma’lumotnomalar (ish haqi va boshqa ma’lumotnomalar) bundan mustasno. 23. O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolarning shaxsini, yoshini, yashash joyini, fuqarolikka mansubligini tasdiqlaydigan ma’lumot sifatida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan ma’lumotlar qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsini, yoshini, yashash joyini tasdiqlaydigan hujjat sifatida “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan ma’lumotlar qabul qilinadi. 24. Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashish mudofaa ishlari bo‘yicha organ tomonidan berilgan belgilangan namunadagi ma’lumotnoma, shuningdek, tugatishda qatnashish uchun o‘z xodimlarini yuborgan tashkilotlarning ma’lumotnomalari bilan tasdiqlanadi. 25. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi hujjatlarni qabul qilishda taqdim etilgan hujjatlarning mazmuni va rasmiylashtirilishining to‘g‘riligini, ularning nusxalari hujjatlarning asl nusxasiga muvofiqligini tekshirishi kerak. Bunda shaxsning pensiya olishga bo‘lgan huquqi, talab etiladigan ish staji mavjudligi, shuningdek, pensiya tayinlash uchun asos hisoblanadigan hujjatlarning mavjudligi ko‘rib chiqiladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tashkilotdan yoki shaxsdan qabul qilingan hujjatlarni rasmiylashtirishni oxiriga yetkazishni va qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishni talab qilish, shuningdek, zarur hollarda ushbu hujjatlarning to‘g‘ri berilganligini tekshirib ko‘rish huquqiga ega. 26. Agar hujjatda (elektron ma’lumotda) tug‘ilgan vaqt to‘g‘risida aniq sana ko‘rsatilmagan holda oy ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda tegishli oyning 15-kuni tug‘ilgan sana hisoblanadi. Agar taqdim etilgan hujjatda (elektron ma’lumotda) oy ko‘rsatilmasdan faqat tug‘ilgan yil ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu yilning birinchi iyul kuni tug‘ilgan kun sifatida qabul qilinadi. Barcha taqdim etilgan hujjatlar bilan birga pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza, shuningdek, Pensiya jamg‘armasi bo‘limining pensiya tayinlash to‘g‘risidagi qarori pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi va/yoki axborot tizimida elektron ko‘rinishda saqlanadi. 3-bob. Pensiyalar tayinlash uchun ish stajini hisoblab chiqish va tasdiqlash tartibi 27. Pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagilar qo‘shib hisoblanadi: a) faoliyat turi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, xodim davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urtalangan holda bajargan har qanday ish, agar u: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, shuningdek jismoniy shaxsning 2021-yil 1-iyundan keyingi ishlamagan davri uchun uning eri (xotini) mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan ixtiyoriy asosda ijtimoiy soliq to‘lagan davr. 1965-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda jamoa ho‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, ushbu yildagi mehnat bilan qatnashish kunlari sonidan qat’i nazar, har bir ishlab berilgan yil ish stajiga bir kalendar yil sifatida qabul qilinadi. 1965-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun jamoa ho‘jaligidagi ish stajini hisoblab chiqishda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri hisobga olinadi. Agar jamoa xo‘jaligi a’zosi jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini jamoa xo‘jaligi a’zolari tarkibiga qabul qilish (chiqish) yilida bajargan bo‘lsa, u holda uning ish staji jamoa xo‘jaligi a’zolari tarkibiga qabul qilingan sanadan boshlab (chiqish sanasigacha) qabul qilinadi. Jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib hisobga olinadi. Ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan ijodiy uyushmalar a’zolariga 1991-yil 1-yanvargacha ish staji agar ana shu muallifning asari birinchi marta e’lon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish etilgan) kundan e’tiboran Pensiya jamg‘armasiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘lagan bo‘lsalar, ijodiy uyushmalarning boshqaruvlari tomonidan belgilanadi. Ish stajiga, o‘tgan davr uchun bir yo‘la qo‘shib hisoblash (to‘lash)dan qat’i nazar, uning uchun: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langan oylar qabul qilinadi, dehqon ho‘jaliklari a’zolari hamda qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon ho‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish, shuningdek, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlarini) yetishtirish bilan band bo‘lgan shaxslar bundan mustasno; b) harbiy xizmat (shu jumladan, safarbarlik chaqirig‘i rezervidagi harbiy xizmat) va partizanlar otryadlari va qo‘shilmalarida bo‘lish, davlat xavfsizligi organlaridagi va ichki ishlar organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmat; v) harbiylashtirilgan soqchilikda, maxsus aloqa organlarida va idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar, kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat; g) Pensiya jamg‘armasiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun ijtimoiy soliq to‘lagan bo‘lsa, yakka tartibdagi mehnat faoliyati yoki qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon ho‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyat; d) qarab turish vaqti: I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga qarab turish; o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt — 80 yoshga to‘lgan qariya o‘zganing parvarishiga muhtoj bo‘lgan davr. Bunda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani, shuningdek, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksaga qarab turish vaqti pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga faqat qarab turgan va qarab turishga muhtoj bo‘lgan shaxs bilan birga yashagan shaxslardan biriga qo‘shib hisoblanadi; e) oliy ta’lim tashkilotlarida (shu jumladan, ularda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy ta’lim tashkilotlarida), aspiranturada (stajorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida) kunduzgi o‘qish, shu jumladan, chet elda o‘qish; j) bola 3 yoshga to‘lgunga qadar, bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, biroq jami ko‘pi bilan 6 yil. Misol: Agar 30 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan ishlayotgan ayol ish stajining 8 yili mobaynida jami 3 bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lgan bo‘lsa, u holda pensiya tayinlash uchun ish stajini hisoblashda unga jami 28 yil ish staji hisoblanadi (30 yil — 8 yil + 6 yil = 28 yil). Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish davri (shu jumladan, puli to‘lanadigan ta’tilda bo‘lish) yoshga doir imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga qo‘shilmaydi; z) ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarining xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqt, biroq ko‘pi bilan 10 yil; i) O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning xotini (eri) chet elda bo‘lgan, lekin 10 yildan oshmagan davr. 28. Agar ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar bir vaqtning o‘zida bir davrga to‘g‘ri kelsa, u holda pensiyani hisoblab chiqish uchun ish stajiga pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga ko‘ra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan faqat bir davr qo‘shib hisoblanadi. Ish stajini hisobga olishning shunday tartibi ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlari uchun ham qo‘llaniladi. Ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar bir vaqtning o‘zida bir davrga to‘g‘ri kelsa, u holda pensiyani hisoblab chiqish uchun ish stajiga pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga ko‘ra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” va “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlardan biri qo‘shib hisoblanadi. Bunda pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning xohishiga ko‘ra ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlardan biriga almashtirilgan taqdirda, murojaat qilgan shaxsning ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davridan chiqarib tashlanmagan xolda “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar bo‘yicha aniqlanadi. 29. Ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida nazarda tutilgan davrlar ish stajiga ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan kamida 7 yil umumiy ish staji mavjud bo‘lganda qo‘shib hisoblanadi. Nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini tayinlashda ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida nazarda tutilgan davrlar ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “g” kichik bandlarida ko‘rsatilgan ish staji mavjud bo‘lganda, uning qancha davom etganligidan qat’i nazar, qo‘shib hisoblanadi. Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida I va II guruh nogironlikda bo‘lish vaqti yoshga doir va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashda stajga qo‘shib hisoblanadi. Yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ishlangan vaqt pensiya tayinlash uchun stajga qo‘shib hisoblanmaydi. Ertaroq muddatdan boshlab yoshga doir pensiya tayinlashda staj pensiya tayinlangan kungacha hisobga olinadi. 30. Nogironligi bo‘lgan bolani sakkiz yoshgacha tarbiya qilgan nogironligi bo‘lgan bolaning onasiga pensiya tayinlashda talab qilinadigan 20 yillik ish stajiga ushbu Nizomning 27-bandi “a” — “d” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar qo‘shib hisoblanadi. Ushbu Nizomning 27-bandi “d” kichik bandida nazarda tutilgan davr Qonunning 8-moddasi talablariga rioya etilgan holda ish stajiga kiritiladi. 31. Qonunning 12-moddasi “a” bandiga muvofiq urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga pensiya tayinlashda pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan talab etiladigan ish staji Qonunning 7-moddasiga muvofiq aniqlanadi. 32. Stajga quyidagilar imtiyozli tarzda qo‘shib hisoblanadi: a) harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalaridagi xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda ishtirok etish — uch hissa barobarida; b) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlash, shu jumladan, harbiy qismlardagi erkin yollanganlar tarkibidagi ish va ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xizmatdan tashqari, harbiy xizmat — ikki hissa barobarida; v) Qonunning 10-moddasi “a” va “b” bandlariga hamda 11-moddasining “a” bandiga muvofiq imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan — erkaklarda 10 yildan ortiq va ayollarda 7 yilu 6 oydan ortiq ishlangan har bir to‘liq yil — ikki hissa barobarida; g) moxovxonalarda, vaboga qarshi muassasalarda, immunitet tanqisligi virusi bilan kasallangan shaxslar davolanadigan yuqumli kasalliklar muassasalarida ishlash — ikki hissa barobarida; d) patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiy ekspertiza muassasalarining tibbiy xodimlaridan ayrim toifalarining ishi ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq — bir yarim hissa barobarida; e) asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan, asossiz ravishda qatag‘on qilingan va keyinchalik oqlangan fuqarolarning qamoqda bo‘lish va hibsda saqlash joylarida turgan vaqti — bir yarim hissa barobarida. Ushbu bandda nazarda tutilgan ish stajini imtiyozli hisoblash tartibi Qonun bo‘yicha tayinlanadigan pensiyalarning barcha turlari uchun qo‘llanadi. 33. Pensiyaga bo‘lgan huquqni belgilashda pensiya olish huquqini beradigan ish staji ushbu Nizomning 32-bandida belgilangan qoidalar qo‘llanmasdan aniqlanadi. 34. Talab qilinadigan ish stajidan ortiq staj mavjud bo‘lgan taqdirda, umumiy ish staji yaxlitlanishi kerak. Bunda ish stajining umumiy 15 kalendar kundan (15-kalendar kunning o‘zi ham) ortiq davri to‘liq oygacha yaxlitlanadi, 15 kalendar kungacha bo‘lgan davr esa hisobga olinmaydi. 35. Uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarga pensiyalar tayinlash uchun belgilangan xizmat muddatlarini hisoblab chiqish tartibi ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan. 36. Sanoatning mavsumiy tarmoqlari tashkilotlarida band bo‘lgan xodimlarga ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq to‘liq mavsum mobaynidagi ish bir yildagi ish uchun, to‘liq bo‘lmagan mavsum mobaynidagi ish — amalda band bo‘lgan davr bo‘yicha hisobga olinadi. Imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yer osti ishlaridagi stajni hisoblab chiqishda (Qonunning 10-moddasi “a”, “b” bandlari va 11-moddasi “a” bandi) mehnatda mayiblanish yoki ushbu ishda olingan kasb kasalligi oqibatida nogironlikda bo‘lish vaqti ushbu Nizomning 32-bandi “v” bandida belgilangan qoidalar qo‘llanmasdan ko‘rsatib o‘tilgan stajga kiritiladi. 37. Agar dehqon xo‘jaligi a’zosi yoki sovxoz xodimi ushbu yilda 12 oy ishlagan va kamida 9 oy mobaynida: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lagan; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, ish stajiga bir kalendar yil qo‘shib hisoblanadi. Boshqa hollarda ish staji: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari to‘langan; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan oylar soniga mutanosib ravishda hisobga olinadi. 38. Fermer xo‘jaligi a’zosi va qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkati) xodimining ish staji: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanishining; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblanishining amaldagi davri bo‘yicha aniqlanadi. 39. Qoramol yetishtirish hamda shaxsiy yordamchi va dehqon ho‘jaliklarida yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotish‚ shuningdek, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining boshqa turlarini (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlarini) yetishtirish bilan band bo‘lgan shaxslar, maydoni to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqa erida band bo‘lgan yoki ushbu maydonda qoramol yoxud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda yetishtirish bilan band bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartiblar asosida ijtimoiy soliq to‘langan davrlar pensiya tayinlash uchun mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. Ushbu shaxslar o‘zi uchun o‘zidagi mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanishning miqdoridan kelib chiqib ijtimoiy soliqni to‘lash huquqiga ega. Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda, ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana ijtimoiy soliq to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi o‘rinlarda — JShShIR) va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Bunda oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zolari bo‘yicha to‘lov hujjati har bir oila a’zosi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. Ijtimoiy soliq faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a’zolarining doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga to‘lanadi. To‘langan ijtimoiy soliq hisobi davlat soliq xizmati organida yuritiladi. Ushbu Nizomning ushbu bandida, shuningdek, 37-bandida nazarda tutilgan ish stajini hisoblash tartibi Qonunga muvofiq pensiyalar tayinlashda qo‘llaniladi. 40. Diniy tashkilotlarda band bo‘lgan shaxslarning, shu jumladan, mehnat shartnomasi va/yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma bo‘yicha ishlovchi shaxslarning ish stajiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblash sharti bilan ularning ish davri qo‘shib hisoblanadi. 41. Chet elda ishlash davrlari: mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriy ravishda 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliqlar to‘langan davr ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘zi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanishning miqdoridan kelib chiqib ijtimoiy soliqni to‘lashni quyidagi tartibda amalga oshirish huquqiga ega: har oyda yoki har chorakda; bir yo‘la — O‘zbekiston Respublikasiga kelgan kunidan boshlab uch yil mobaynida. Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘langan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi. Chet elda bo‘lish davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Labor-migration” dasturiy majmuasidagi ma’lumotlar, shaxsning pasportdagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi yozuvlar (muhrlar, shtamplar yoki belgilar) hamda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining ko‘rsatib o‘tilgan shaxsning boshqa davlatda bo‘lgan vaqti va konsullik hisobiga qo‘yilganligi ma’lumoti ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar asosida tasdiqlanadi. JShShIR mavjud bo‘lmaganda chet elga ishlashga ketayotgan shaxs soliq to‘lovchi sifatida unga JShShIR rasmiylashtirilishi bilan birgalikda doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilishi shart. Ijtimoiy soliqning miqdori to‘lov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ijtimoiy soliqni naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda, ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana ijtimoiy soliq to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. Milliy valyutadagi ijtimoiy soliq mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga uning tomonidan mustaqil ravishda, oila a’zolari yoki ishonchli vakil tomonidan to‘lanadi. Ijtimoiy soliqni to‘lash xorijiy valyutada (boshqa davlat hududidan) Pensiya jamg‘armasining maxsus valyuta hisobvaraqlariga amalga oshirilishi mumkin va to‘lov sanasidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisoblab chiqiladi. Ushbu bandning o‘n sakkizinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Pensiyani hisoblash uchun O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning 2015-yil 1-yanvarga qadar chet elda ishlagan davri mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning 2015-yil 1-yanvarga qadar chet elda ishlagan davri pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davriga kiritilmaydi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar, shuningdek, ularning xotini (eri)ga 2015-yil 1-yanvarga qadar tayinlangan pensiyalar ushbu Nizom va Qonunning 51-moddasi talablari hisobga olingan holda qayta hisoblab chiqilishi lozim. 42. Soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 405 va 409-moddalarida belgilangan tartiblarda ijtimoiy soliq to‘langan davr ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. Davlat soliq xizmati organi soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslarning jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar asosida ijtimoiy soliqni to‘lash bo‘yicha oldingi yil uchun majburiyatlarni hisob-kitob qiladi. Ijtimoiy soliqni to‘lash soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslarning doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash muddatlarida amalga oshiriladi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. 43. Yakka tartibdagi tadbirkor va yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘langan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi. Yakka tartibdagi tadbirkor o‘zi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanishning miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ixtiyoriy ravishda to‘lash huquqiga ega. Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda, ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana ijtimoiy soliq to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. Ijtimoiy soliq yakka tartibdagi tadbirkorning doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga to‘lanadi. To‘langan ijtimoiy soliq hisobi davlat soliq xizmati organlarida yuritiladi. 44. Faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a’zolari va oilaning boshqa a’zolari tomonidan (bundan o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar mustasno) kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘langan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi. Faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a’zolari va oilaning boshqa a’zolari o‘zi uchun mavjud imkoniyatlardan va pensiya bilan ta’minlanishning miqdoridan kelib chiqib Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ixtiyoriy ravishda to‘lashi mumkin. Ijtimoiy soliq naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha to‘langan taqdirda, ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjatida ko‘rsatilgan sana ijtimoiy soliq to‘langan kun hisoblanadi. To‘lov hujjatida familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Bunda oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zolari bo‘yicha to‘lov hujjati har bir oila a’zosi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. Ijtimoiy soliq faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a’zolarining doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga to‘lanadi. To‘langan ijtimoiy soliq hisobi davlat soliq xizmati organlarida yuritiladi. 45. Davlat soliq xizmati organi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlagan shaxs, soliqni hisoblab chiqarish va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar, oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zosi, band shaxs va dehqon xo‘jaligi a’zosi) to‘langan ijtimoiy soliqni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-kunigacha yakka tartibdagi tadbirkorning (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs, soliq agenti hisoblanmagan ish beruvchidan daromad oluvchi xodim, oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zosi va dehqon xo‘jaligi a’zosi) doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga to‘langan ijtimoiy soliq to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi. Ushbu shaxslar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga 2019-yil 1-yanvarga qadar to‘langan sug‘urta badallari, 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov, 2020-yil 1-yanvardan keyingi davrlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq qaytarib berilmaydi, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 103-moddasida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Davlat soliq xizmati organi ijtimoiy soliq tushumlari bo‘yicha yakunlarni: yakka tartibdagi tadbirkordan, dehqon xo‘jaligi rahbaridan va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zolari uchun — har chorakda amalga oshiradi va to‘lanmagan yoki muddati o‘tkazib yuborilgan to‘lovlar aniqlangan taqdirda, ko‘rsatilgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 116-moddasiga asosan uning qarzi miqdori haqida ushbu qarz hosil bo‘lgan davr, shuningdek, to‘lov muddati o‘tkazib yuborilganligi uchun qo‘shilgan penya miqdorini ko‘rsatgan holda talabnoma yuboradi; Mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan shaxslardan — har yili amalga oshiradi. Davlat soliq xizmati organi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan (mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan shaxsdan, dehqon xo‘jaligi a’zosidan va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zosi uchun) ijtimoiy soliq to‘lanishi yuzasidan doimiy nazorat olib boradi. Agar dehqon ho‘jaligidagi mehnati yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati fuqaro uchun qo‘shimcha hisoblansa uning mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) asosiy ish joyida yuritiladi. 46. Jismoniy shaxs tomonidan mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan 2021-yil 1-iyundan keyingi davrda ishlamaydigan eri (xotini) uchun ixtiyoriy asosda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘langan davr pensiya tayinlashda ish staji hisobida inobatga olinadi. Jismoniy shaxs mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib turmush o‘rtog‘i uchun Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq miqdorini mustaqil ravishda to‘lash huquqiga ega. Jismoniy shaxs tomonidan to‘langan to‘lov hujjatida uning ishlamaydigan eri (xotini)ning familiyasi, ismi, otasining ismi, JShShIR va to‘lov amalga oshirilayotgan davr albatta ko‘rsatilishi shart. Agar to‘lov hujjatida davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa, to‘lov u amalga oshirilayotgan oy uchun to‘langan deb hisoblanadi. Ijtimoiy soliq jismoniy shaxsning doimiy yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining Moliya vazirligining Yagona g‘azna hisobvarag‘ida ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga to‘lanadi. To‘langan ijtimoiy soliq hisobi davlat soliq xizmati organlarida yuritiladi. 47. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga chet eldagi ish stajiga, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasidagi ishga to‘g‘ri keladigan stajning uchdan biridan ortiq bo‘lmagan doirada kiritiladi. Misol. Chet el fuqarosining umumiy ish staji 40 yilni tashkil etadi, shundan 21 yili O‘zbekiston Respublikasi hududiga, 19 yili esa xorijiy davlat hududiga to‘g‘ri keladi. Ushbu holatda chet el fuqarosining xorijiy davlatdagi ish staji pensiyani hisoblash uchun 7 yil (21 yil/3) doirasida qabul qilinadi va umumiy ish staji 28 yilni (21 + 7) tashkil etadi. 48. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasi, ish stajidan qat’i nazar, tayinlanadi. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasidan umumiy kasallik oqibatida nogironlik pensiyasiga o‘tkazishda zarur staj nogironlikning dastlabki belgilanishi vaqtiga nisbatan yosh bo‘yicha belgilanadi. 49. Umumiy kasallik oqibatida nogironlik pensiyasi nogironlik boshlangan vaqtda nisbatan quyidagi ish staji mavjud bo‘lganda tayinlanadi:
50. Ish davrida yoki ish to‘xtatilgandan keyin 20 yoshga to‘lgungacha umumiy kasallik oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxsga pensiya, ish staji davridan qat’i nazar, tayinlanadi. Agar umumiy kasallik oqibatida nogironlik boshlangan vaqtga nisbatan ushbu Nizomning 49-bandida belgilangan yoshga nisbatan talab qilinadigan ish staji mavjud bo‘lmagan taqdirda va ish stajiga qo‘shimcha ravishda erishish sharti bilan talab qilinadigan ish staji pensiya tayinlash uchun murojaat qilingan kundagi yoshga nisbatan belgilanishi mumkin. 51. Nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki vafot etgan nogironligi bo‘lgan shaxs uchun boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini hisoblab chiqish uchun ish stajiga qo‘shib hisoblanadi. 52. Ish staji ish, xizmat, o‘qish yoki ish stajiga hisoblanadigan boshqa faoliyat amalga oshirilishi joyidan, shuningdek, arxiv muassasalaridan beriladigan hujjatlar bo‘yicha belgilanadi. Band shaxslarga ish staji davlat soliq xizmati organlari tomonidan beriladigan: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar bo‘yicha belgilanadi. 53. Ish staji to‘g‘risida hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mehnat faoliyati davrlari sudning qarori bilan belgilanadi. Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalari fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, sudlarga da’volar tayyorlashda ko‘maklashadi. 54. Ish staji to‘g‘risidagi taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligi va ishonchliligini aniqlash maqsadida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi: ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etilgan hujjatlarning mazmunini va zarur tarzda rasmiylashtirilganligini baholaydi hamda zarurat bo‘lganda ular berilishining asoslanganligini tekshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi; ish staji va oylik ish haqi to‘g‘risida taqdim etilgan hujjatlarda tuzatishlar, noaniqliklar, tafovutlar, o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilganligi aniqlangan hollarda mehnat faoliyatining ayrim davrlarini ish staji davriga hisobga olish yoki hisobdan chiqarib tashlash to‘g‘risida qaror chiqaradi. Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshlarida nazarda tutilgan qoidalar shaxsning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar yoki elektron mehnat daftarchasida tegishli ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda va ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu Nizomning 11-bandi to‘rtinchi — yettinchi xatboshlarida nazarda tutilgan axborot tizimlaridan olingan hollarda qo‘llanilmaydi. 55. Ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar harbiy harakatlar, tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar natijasida to‘liq saqlanmagan yoki qisman saqlangan hollarda ish stajini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar) tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Qisman saqlanib qolgan hujjatlar va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar tomonidan belgilangan mehnat faoliyati davrlari ish stajiga, shuningdek, hujjatlar bilan tasdiqlangan ish vaqti sifatida imtiyozli pensiya olish huquqini beradigan maxsus ish stajiga kiritiladi. 56. Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) ish stajini tasdiqlaydigan asosiy hujjat hisoblanadi. 2021-yil 1-iyundan boshlab pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning 2005-yil 1-yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan belgilanadi. Ish staji “YaMMT” IDAKdagi mavjud ma’lumotlar asosida ham tasdiqlanadi. Mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmaganda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo‘lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risida noto‘g‘ri va noaniq yozuvlar mavjud bo‘lgan hollarda ish stajini tasdiqlash uchun (band shaxsning ish stajidan tashqari) ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlar va ish haqi berish uchun qaydnomalar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv ma’lumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar qabul qilinadi. Bunda ma’lumotnomada ishga qabul qilish to‘g‘risidagi, ish (lavozim) bo‘yicha o‘zgarishlar to‘g‘risidagi va asoslari ko‘rsatilgan holda mehnat shartnomasining to‘xtatilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak. Ma’lumotnoma tashkilot yoki arxiv rahbari, shuningdek, ma’lumotnomani tayyorlagan xodim tomonidan imzolanadi va ma’lumotnomani bergan tashkilot yoki arxivning muhri bilan tasdiqlanadi. 57. 1991-yil 1-yanvargacha ijodiy uyushmalar a’zolari hisoblangan ijodiy xodimlarning ish staji ushbu muallifning asari birinchi marta e’lon qilingan yoki jamoat oldida ijro etilgan (namoyish qilingan) kunni tasdiqlaydigan ijodiy uyushmalar boshqaruvlari tomonidan berilgan ma’lumotnomalar bilan belgilanadi. 1991-yil 1-yanvardan keyin ish stajini belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘lash davri to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar, shuningdek, ijodiy uyushmalardagi mavjud ma’lumotlar asosida ijodiy uyushmalar boshqaruvi tomonidan berilgan ijodiy faoliyat davri to‘g‘risidagi ma’lumotnoma qabul qilinadi. Ijodiy uyushmalar a’zolari hisoblanmagan boshqa ijodiy xodimlarning ijodiy faoliyatini tasdiqlash uchun Pensiya jamg‘armasiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘lash davri to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar qabul qilinadi. 58. Harbiy xizmatni, davlat xavfsizligi organlaridagi xizmatni, shuningdek, asirda bo‘lganlik vaqtini tasdiqlash uchun: harbiy guvohnomalar (harbiy biletlar); mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarning, yuqori harbiy qismlarning, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmatining shtablari va muassasalarining ma’lumotnomalari; arxiv ma’lumotnomalari va harbiy-davolash muassasalarining ma’lumotnomalari qabul qilinadi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar asosida mehnat daftarchasiga kiritilgan harbiy xizmat to‘g‘risidagi yozuvlar ham tasdiqlash uchun qabul qilinadi. Jangovar harakatlar davrida harakatdagi armiya tarkibidagi harbiy xizmat, shu jumladan, baynalmilal burchni bajarishdagi harbiy xizmat ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda beriladigan mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarning ma’lumotnomalari asosida imtiyozli hisoblab chiqilgan holda mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlaridagi xizmatni tasdiqlash uchun mehnat daftarchasiga kiritilgan bunday xizmat to‘g‘risidagi yozuvlar, yozuvlar bo‘lmagan taqdirda esa — ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda beriladigan ma’lumotnomalar qabul qilinadi. 59. Oliy ta’lim tashkilotlarida (shu jumladan, ularda o‘qish harbiy xizmatga tenglashtiriladigan harbiy-ta’lim tashkilotlarida) aspiranturada (stajorlar — tadqiqotchilar izlanuvchilar institutida), doktoranturada (katta ilmiy xodimlar — izlanuvchilar institutida) va klinik ordinaturada, tayanch doktoranturada va doktoranturada (oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida) kunduzgi o‘qish vaqti diplomlar, shuningdek, ma’lumotnomalar va arxiv ma’lumotlari asosida berilgan va o‘qish davrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi. Hujjatlarda bunday ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, o‘qish davrining isboti sifatida, hujjatlarda to‘liq o‘quv yilini tamomlaganlikka ko‘rsatma mavjud bo‘lishi sharti bilan, tegishli yillarda mazkur ta’lim tashkilotida o‘qish davri davomiyligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar taqdim qilinadi. 60. Ish davrida boshlangan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davri davomiyligi ushbu ish joyi bo‘yicha beriladigan ma’lumotnomalar bo‘yicha belgilanadi. Bunda ko‘rsatib o‘tilgan (tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqalari bilan tasdiqlangan) davr ish stajiga faqat: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan taqdirda kiritiladi. 61. I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek, 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turish vaqti: qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi; nogironlikda bo‘lganlikni (I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun), yoshni (keksalar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun) tasdiqlaydigan hujjatlar va o‘zganing parvarishi zarurligi to‘g‘risida (keksalar uchun) davolash muassasasining tibbiy xulosasi asosida belgilanadi. Qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimlaridan va shaxslardan so‘rab chiqish, shuningdek, ularning qo‘shnilaridan so‘rab chiqish asosida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan tuziladi. I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomalarini rasmiylashtirishning davriyligi har 12 oyga belgilanadi. Qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomalari I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoki 80 yoshga to‘lgan keksalarning ma’lumotlari saqlanayotgan pensiya ishiga tikib qo‘yiladi va/yoki Pensiya jamg‘armasining axborot tizimiga yuklanadi va qarab turgan shaxsga pensiya tayinlashda ish stajiga kiritish uchun asos hisoblanadi. Qarab turishning holati nogironligi bo‘lgan bolani o‘z qaramog‘iga olgan oilaning a’zosi uchun ham tatbiq qilinadi. Qarab turishning haqiqiy holatlarini tekshirish dalolatnomalari mavjud bo‘lmaganda qarab turish holati sudning qarori asosida belgilanadi. 62. Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarcha)dagi mavjud mehnat staji to‘g‘risidagi yozuvlar (ma’lumotlar) asosida ushbu bandning 5 — 7-xatboshlarida belgilangan davrlarga muvofiq hisoblanadi. Shaxs mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarcha) bo‘lmagan yoki ushbu bandning 5 — 7-xatboshlarida belgilangan muddatlar asosida hisoblangan bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti davomiyligidan norozi bo‘lgan hollarda uning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti Pensiya jamg‘armasi bo‘limining so‘rovi asosida olinadigan yoki fuqaro tomonidan taqdim qilinadigan tashkilot yoki arxiv tomonidan beriladigan uning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lishi va qaytishi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar asosida belgilanadi. Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti bolani parvarishlash ta’tili berilishi va undan qaytish to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar yoki buyruqlar mavjud bo‘lmaganda, shuningdek, buyruqlarda zarur yozuvlar bo‘lmaganda yoki bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lganlik davrlari to‘g‘risida noto‘g‘ri va noaniq yozuvlar bo‘lganda, ushbu davr uchun oylik ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lganlik davrining tasdig‘i sifatida qabul qilinadi. Arxiv va/yoki tashkilot tomonidan tasdiqlangan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lmaganda bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish davri quyidagi davrlarni tashkil etadi: 1 yil — 1971-yil 1-yanvardan 1983-yil 1-noyabrgacha tug‘ilgan bola uchun; 1,5 yil — 1983-yil 1-noyabrdan 1990-yil 1-iyulgacha tug‘ilgan bola uchun; 3 yil — 1990-yil 1-iyuldan keyin tug‘ilgan bola uchun. Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda bolani parvarishlash ta’tili boshlangan sana sifatida homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan sana qabul qilinadi. 1965-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun jamoa xo‘jaligi a’zosining bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtini aniqlashda, agar jamoa xo‘jaligi a’zosi bo‘lgan, bola tuqqan ayol jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini bajarmagan bo‘lsa, bola tug‘ilgan yil (pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilganning tanlovi bo‘yicha) mehnat stajining to‘liq yili, biroq ushbu Nizomning 27-bandi muvofiq jami ko‘pi bilan 6 yil sifatida hisobga olinadi. 63. Oldini olish chorasi sifatida qamoqda bo‘lish vaqti, jazoni o‘tash vaqti, shaxs lavozimdan noqonuniy chetlatilganligi munosabati bilan ishlamagan vaqt, tibbiyot muassasasida bo‘lish vaqti tergov organlari yoki ichki ishlar organlarining ma’lumotnomalari bilan tasdiqlanadi va reabilitatsiya (oqlov hukmi, reabilitatsiyalovchi asoslar bo‘yicha ish to‘xtatilishi to‘g‘risidagi ajrim (qaror) haqidagi hujjatlar mavjud bo‘lganda ish stajiga hisoblanadi. 64. Ofitserlar tarkibidan bo‘lgan shaxslarning, praporshchiklarning, michmanlarning va muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilarning xotinlari, ularni ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan joylarda erlari bilan yashagan vaqti ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Xizmat O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘talgan hollarda ushbu ma’lumotnoma mazkur Nizomga 8-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlik va mehnat munosabatlari hududiy organi tomonidan beriladi, xizmat chet elda o‘talgan taqdirda esa — ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha harbiy xizmat o‘talgan joy bo‘yicha yuqori harbiy qismlar, muassasalar, harbiy-o‘quv (o‘quv) muassasalari komandirlari (boshliqlari) tomonidan beriladi. 65. Harakatdagi armiya tarkibiga kiruvchi harbiy qismlar, shtablar va muassasalardagi, jangovar harakatlar davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalarida xizmat va erkin yollanganlar tarkibidagi ish, baynalmilal burchni bajarishda jangovar harakatlarda qatnashish mudofaa ishlari bo‘limlari va tegishli organlar tomonidan berilgan ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. 66. Xodimlarning ayrim toifalari uchun belgilangan imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini tasdiqlash uchun (masalan: ishlarning qizg‘in uchastkalarida yoki qizg‘in ishlarda bandlik to‘g‘risida, muayyan moddalar yoki xavflilikning muayyan darajalariga kiradigan zararli moddalar bilan ishlash to‘g‘risida, yer osti ishlarida bandlik to‘g‘risida, ishlarni muayyan usulda bajarganlik to‘g‘risida, muayyan joyda ishlarni bajarganlik to‘g‘risida va shu kabilar) maxsus stajni tasdiqlash maqsadida ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha tashkilotning (soliq to‘lovchi tashkilotning identifikatsiya raqamini ko‘rsatgan holda) aniqlashtiruvchi ma’lumotnomalari qabul qilinadi. 67. Uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlarning ayrim toifalariga imtiyozli pensiya ta’minoti huquqini beradigan maxsus ish staji: uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlar uchun — tegishli tashkilot tomonidan berilgan uchilgan soatlarni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. Uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiradigan ayrim xodimlarning sinov texnikasini sinashda bandligi tashkilotlar tomonidan berilgan ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi;i havo harakatini boshqargan xodimlar uchun — mehnat daftarchasi bilan, shuningdek: havo harakatini bevosita boshqarishga qo‘yish to‘g‘risidagi belgilar bilan birga harakat xizmati dispetcheri (parvozlar rahbarining) guvohligi; mutaxassisni havo harakatini bevosita boshqarish bilan bog‘liq lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda tashkilotning ma’lumotnomalari asosida tasdiqlanadi. 68. Teatrlar va boshqa teatr-tomosha korxonalari va jamoalarining artistlari ayrim toifalarining imtiyozli pensiya ta’minoti olish huquqini beradigan maxsus ish staji mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi) bilan tasdiqlanadi. Kasb (lavozim)ning nomi, bajariladigan ishning janrga mansubligi, xususiyati yoki ish kechgan tashkilotning maqomi to‘g‘risida mehnat daftarchasida (elektron mehnat daftarchasida) zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda maxsus ish staji ushbu shaxsga nisbatan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ish joyidan berilgan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. 69. Avariyalar va mahalliy ko‘lamdagi boshqa favqulodda vaziyatlar (yong‘in, suv bosishi), tashkilotning to‘liq tugatilishi yoxud ushbu Nizomning 55-bandida nazarda tutilgandan boshqa sabablar bo‘yicha arxiv ma’lumotlarining mavjud emasligi munosabati bilan mavjud ish staji to‘g‘risidagi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda va ularni olish imkoni bo‘lmaganda ish staji sud tartibida belgilanadi. Sudning qarori bilan jamoa xo‘jaligi a’zosining ish staji tasdiqlangan taqdirda, ushbu stajni belgilash 16 yoshdan boshlab amalga oshiriladi, agar ish staji boshlanishi 1941 — 1945-yillardagi urush davriga to‘g‘ri kelsa — 14 yoshdan belgilanadi. 70. Ish stajini tasdiqlash uchun taqdim etiladigan hujjatlar mansabdor shaxs tomonidan imzolanishi va tashkilotning asosiy muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Mehnat daftarchasidagi yozuvlar ushbu daftarchani to‘ldirish va yuritish paytida amalda bo‘lgan mehnat daftarchalarini yuritishni tartibga soladigan qonunchilik talabiga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak. 71. Ish stajini tasdiqlash uchun faqat mehnat daftarchalariga kiritilgan va tasdiqlaydigan hujjatlar asosidagi ma’lumotnomalarda ko‘rsatilgan ish davrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qabul qilinadi. Keyinchalik o‘z faoliyatini to‘xtatgan jamoa ho‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlar) va fermer ho‘jaliklari tomonidan berilgan ma’lumotnomalar, agar ularda ma’lumotnoma berish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, e’tiborga olinadi. Hujjatlar asosida mehnat daftarchasiga kiritilgan ish staji to‘g‘risidagi jami yozuvlar quyidagi ish davrlariga nisbatan: 1962-yil 14-dekabrdan keyin, agar mehnat daftarchasiga ariza beruvchi mehnat daftarchasini bergan tashkilotga kirguniga qadar qaysi tashkilotda, qaysi vaqtda va qanday lavozimlarda ishlaganligi to‘g‘risida aniq yozuvlar kiritilgan bo‘lsa; 1962-yil 14-dekabrgacha, mehnat daftarchasida ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlar bor-yo‘qligidan qat’i nazar, ish stajining isboti hisoblanadi. Agar ariza beruvchi mehnat daftarchasidan tashqari jami yozuvlar tegishli bo‘lgan mehnat daftarchasi to‘ldirilguniga qadar davr uchun ish to‘g‘risida ayrim hujjatlarni taqdim etsa, u holda umumiy yakun sifatida yozilgan butun ish staji hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. Bu amaldagi qoidalarga muvofiq ular to‘g‘risidagi yozuvlar mehnat daftarchasiga alohida satrda yozilishi kerak bo‘lgan mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risidagi hujjatlar taqdim etilishi hollariga tegishli emas. Jami yozuvlarda hisobga olinishi mumkin bo‘lgan 1941 — 1945-yillardagi urush davridagi ish davrlari to‘g‘risida hujjatlar taqdim etilganda ushbu hujjatlar bo‘yicha ish staji qo‘shimcha ravishda bir baravar yoki ikki baravar miqdorga muvofiq hisoblab chiqiladi. Ushbu holatda mehnat daftarchasiga umumiy yakun bilan yozilgan jami ish stajini tasdiqlash talab etilmaydi. 72. O‘qish davrida akademik ta’tillarda bo‘lish, shuningdek, tayyorlov kurslarida o‘qish davri vaqti ish stajiga qo‘shib hisoblanmaydi. 73. Agar ish stajini tasdiqlaydigan hujjatda ko‘rsatilgan ismi, otasining ismi yoki familiyasi pasport (identifikatsiya ID-karta) yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bo‘yicha ismi, otasining ismi yoki familiyasi bilan mos bo‘lmasa ushbu hujjatning mazkur shaxsga tegishliligi holati faqat mehnat daftarchasini yoki ish staji to‘g‘risidagi boshqa hujjatni birinchi marta bergan tashkilot tomonidan tasdiqlanishi mumkin. Boshqa barcha hollarda hujjatlarning taalluqliligi sud tomonidan belgilanishi shart. Ish staji to‘g‘risida taqdim etilgan hujjatda aniq sanalar belgilanmasdan faqat yillar ko‘rsatilgan hollarda tegishli yilning 1-iyuli sana sifatida qabul qilinadi, agar oyning sanasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, tegishli oyning 15-kuni ana shunday sana hisoblanadi. 74. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi yoki ish stajini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan chiqarilgan ish stajini qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qaror bilan rozi bo‘linmagan taqdirda, ushbu masala sud tomonidan hal etiladi. 4-bob. Pensiyani hisoblash tartibi 75. Ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma shaxs murojaat qilgandan keyin uning talabi bo‘yicha ushbu Nizomga 11 va 12-ilovalarga muvofiq shakl bo‘yicha qonunchilikda belgilangan muddatlarda tashkilot, shuningdek, arxiv tomonidan beriladi. Shaxsning ish staji va ish haqi “YaMMT” IDAK va ushbu Nizomning 11-bandi uchinchi — yettinchi xatboshlarida nazarda tutilgan axborot tizimlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida ham tasdiqlanadi. 76. Ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma shaxsiy hisob raqamlari va hisoblangan ish haqi to‘g‘risidagi boshqa hujjatlar asosida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan yoki vafot etgan boquvchi ishlagan tashkilot tomonidan beriladi. Agar tashkilot tugatilgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma tashkilotning huquqiy vorisi yoki davlat arxivi tomonidan beriladi. Arxiv saqlanayotgan hujjatlar asosida ish haqi turlari bo‘yicha hisoblangan summalarni yoyib ko‘rsatgan holda belgilangan shakl bo‘yicha ish haqi turlari bo‘yicha ma’lumotnoma berish imkoniga ega bo‘lmagan hollarda arxiv fondidagi mavjud hujjatlarga muvofiq ma’lumotnoma yoki ma’lumotlar berish huquqiga ega. Qonunda nazarda tutilgan hollarda pensiyani hisoblash uchun: a) O‘zbekiston Respublikasida tegishli kasb va malaka xodimining ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma — O‘zbekiston Respublikasida ishlamagan boshqa mamlakatlardan ko‘chib kelgan fuqarolar uchun. Respublikada bunday kasb va malaka bo‘lmagan taqdirda, ish haqi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi; b) mualliflik gonorari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar — ijodiy uyushmalar a’zolari va ijodiy uyushmalarning a’zolari hisoblanmagan boshqa ijodiy xodimlar uchun. 1991-yil 1-yanvardan so‘ng ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar, shuningdek, band bo‘lgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq organlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida Pensiya jamg‘armasiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlar (ma’lumotnomalar) qabul qilinadi. 77. Ish haqi hisoblangan ish haqi summasidan olinadi. Ish haqini guvohlar ko‘rsatmasi asosida aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Lavozim maoshlari shtat jadvalidan ko‘chirmalar va jamoat tashkilotlarining a’zolik biletlari haqiqiy ish haqini tasdiqlaydigan hujjat o‘rnini bosa olmaydi. Arxiv ma’lumotlarini taqdim etmasdan ish staji va ish haqi miqdorini aniqlash: 2005 — 2016-yillar davri uchun — jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan; 2016 — 2018-yillar davri uchun — fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan; 2019-yil uchun — fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — “YaMMT” IDAKda mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib amalga oshiriladi. Ushbu bandning to‘rtinchi — oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan davrlar uchun arxiv ma’lumotlaridan faqat tizimlarda zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda yoki fuqaroning murojaati asosida foydalaniladi. Ushbu bandning to‘rtinchi — yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan davrlar uchun arxiv ma’lumotlaridan faqat tizimlarda zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganida, qisman mavjud bo‘lganida yoki noaniq ma’lumotlar mavjud bo‘lganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limining so‘rovi yoki fuqaroning murojaati asosida foydalaniladi. Ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qisman mavjud bo‘lmagan hollarda mavjud bo‘lmagan davrlar uchun ish haqini aniqlash uchun mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olinmasdan, qonunchilikda tegishli davrlar uchun belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari qabul qilinadi. Pensiya tayinlash uchun berilgan hujjatlarda ishonchsiz ma’lumotlar yoki ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni buzadigan tuzatishlar aniqlanganda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlashgacha ularni tekshirishi yoki qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etish yoki ish haqi to‘g‘risida berilgan ma’lumotnomalarga tushuntirishlar berish to‘g‘risida yozma so‘rov yuborishi shart. 78. Ishdagi tanaffuslar mavjudligidan qat’i nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yil uchun (pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) oylik ish haqi olinadi. Pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxs tomonidan pensiya tayinlash uchun taqdim etilgan arizada ushbu bandning birinchi xatboshi talablaridan kelib chiqqan holda u tanlagan besh yillik davr ko‘rsatiladi. 79. Ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tash vaqti, shaxs mehnat, faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironi bo‘lib qolgan vaqt ish haqini aniqlashda mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davriga kiritilmaydi. Mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davrida ushbu Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tash vaqti, shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan vaqt mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu davrlar mazkur Nizomning 27-bandi “d” — “i” kichik bandlarida ko‘rsatilgan davrlarga almashtirilishi kerak, muddatli harbiy xizmatni o‘tash vaqti, shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmasdan, mehnatda mayiblanish va kasb kasalligiga chalinish oqibatida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan vaqt bundan mustasno. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun sug‘urta badallari, 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun yagona ijtimoiy to‘lov, 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi berilgan shaxslar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq (yagona ijtimoiy to‘lov, sug‘urta badallari) to‘lanmaganligi sababli ish stajiga qo‘shib hisoblanmagan davrlar mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davriga kiritilmaydi. 80. Ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etilmaganligi yoki ularning ishonchliligi va asosliligini tekshirish mumkin emasligi munosabati bilan ish stajiga kiritilmagan davrlar, shuningdek, ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lish davrlari mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davri uchun ish haqini hisoblab chiqishdan chiqarib tashlanmaydi. Mehnat daftarchasidagi sud tartibida soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) deb topilgan yozuvlar mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yillik davriga kiritilmaydi. 81. I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsning, shuningdek, vafot etgan, nogironlik boshlangan yoki vafot etgan vaqtida bir oydan kam ish stajiga ega bo‘lgan boquvchining ish haqi ishlangan kunlar uchun ish haqi summasini ishlangan kunlar soniga bo‘lish va olingan natijani ushbu oyning ish kunlari soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. 82. Ish haqi tarkibiga, shuningdek, ish haqining natural qismiga 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun qonunchilikka muvofiq sug‘urta badallari, 2019-yildan keyingi davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasida ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslar uchun 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun sug‘urta badallarining soliq solish obyekti ularning O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilguniga qadar oxirgi ish joyi bo‘yicha olingan, O‘zbekiston Respublikasida budjet tashkilotlari xodimlari uchun ish haqi oshirilishi hisobga olingan holda qayta hisoblanadigan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi. 83. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari va xodimlarining, ichki ishlar organlari va bojxona organlari oddiy va boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarining, shuningdek, o‘quv yoki yo‘qlama qilish yig‘inlariga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlarning ish haqi tarkibiga qonunchilikka muvofiq: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari; 2019-yildan keyingi davr uchun — hisoblanadigan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar bilan bo‘lgani singari pul ta’minotining barcha turlari kiritiladi. 84. Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning xohishiga ko‘ra o‘qish davrida to‘langan stipendiya ish haqiga tenglashtiriladi. 85. Band bo‘lgan shaxsning ish haqi miqdori: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga to‘langan sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. 86. Band bo‘lgan shaxsning pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan ish haqi miqdori hisobga olinadigan aniq bir oy (yil) uchun Pensiya jamg‘armasiga to‘langan oylik (yillik): 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari summasini Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lash davrida amalda bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer ho‘jaliklari uchun) va fuqarolarning sug‘urta badallarining umumiy stavkasiga; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov to‘lash davrida amalda bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov (mikrofirmalar va kichik korxonalar, shuningdek, fermer ho‘jaliklari uchun) umumiy stavkasiga; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 405-moddasiga asosan — ijtimoiy soliq summasini to‘lash davrida amalda bo‘lgan ijtimoiy soliq stavkasiga bo‘lish hamda olingan natijani 100 ga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimning, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik subyekti oila a’zosining pensiya miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan aniq bir oy uchun daromadi: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘langan oydagi; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davr uchun — to‘langan yagona ijtimoiy to‘lov; 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — ijtimoiy soliq to‘langan oydagi mehnatga haq to‘lashning qonunchilik hujjatlarida belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoriga teng qilib olinadi. 87. Ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyentlar belgilangan tumanlarda ishlagan shaxsga pensiya tayinlashda mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan: 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar qo‘shib hisoblangan ish haqi hisobga olinadi. 88. Vafot etgan pensionerning oila a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori vafot etgan pensioner (boquvchi)ning pensiyasini hisoblash uchun qabul qilingan ish haqidan hisoblab chiqiladi. Boquvchi nogironlik pensiyasi oluvchi hisoblangan va pensiya tayinlangandan keyin mehnat faoliyatini amalga oshirgan hollarda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan vafot etgan boquvchi oila a’zosining xohishiga ko‘ra nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish staji boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini hisoblab chiqishda hisobga olinadi. Talab qilinadigan ish staji boquvchi vafot etgan kunda uning yoshi bo‘yicha aniqlanadi. Bunda ko‘rsatib o‘tilgan ish staji uchun olingan ish haqi ish haqi tarkibiga kiritiladi, agar boquvchi yoshga doir pensiya olsa va pensiya tayinlangandan keyin ishni davom ettirsa pensiya tayinlangandan keyin ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi. 89. Oy, yil choragi, yarim yillik, yil yakunlari bo‘yicha mukofotlar, shuningdek, davr yakunlari bo‘yicha to‘lanadigan taqdirlash puli, davlat bayramlari va ishlarning ayrim turlarini bajarganlik uchun bir martalik mukofotlar, shuningdek, shunga o‘xshash boshqa to‘lovlar (shu jumladan, jamoa ho‘jaliklari a’zolariga pilla yetishtirish bo‘yicha to‘lovlar hamda yillik ish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar): 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun — sug‘urta badallari to‘lanishi; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlarni hisoblash sharti bilan, ular hisoblangan oy uchun ish haqi tarkibiga kiritiladi. Xodimga ishdan bo‘shaganidan keyin to‘langan mukofotlar (davr yakunlari bo‘yicha taqdirlash puli va yillik ish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha to‘lovlar) mehnat shartnomasi to‘xtatilgan oy uchun ish haqi tarkibiga kiritiladi. 90. Ish kunlari soni to‘liq bo‘lmagan oylar uchun (ishga kirish yoki ishdan bo‘shash munosabati bilan) ish haqi pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilganning xohishiga ko‘ra ish haqi tarkibiga kiritiladi. Bunda ish kunlari soni to‘liq bo‘lmagan oylar to‘liq kalendar oylar sifatida hisobga olinadi. Tashkilotning ustav sarmoyasida (fondida) qatnashish munosabati bilan olingan daromadlar va dividendlarni taqsimlash tarzidagi to‘lovlar ish haqi tarkibiga kiritilmaydi. 91. Pensiyani hisoblab chiqish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oydagi ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentini qo‘llagan holda qayta hisoblab chiqilgan umumiy miqdorini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. Agar nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashda pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish staji besh yildan kam bo‘lsa, pensiyani hisoblash uchun o‘rtacha oylik ish haqi kalendar ish oylari uchun qayta hisoblangan ish haqi umumiy summasini ushbu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. 92. Ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentini qo‘llagan holda pensiyalarni hisoblab chiqish uchun ish haqini qayta hisoblab chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. 93. Mavsumiy ishlarda band bo‘lgan xodimlarga pensiya tayinlashda pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqi oxirgi o‘n yildan istalgan ketma-ket besh mavsum uchun qayta hisoblab chiqilgan ish haqini oltmishga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi. 94. Pensiyani hisoblash uchun qonunchilikda pensiya tayinlanadigan sanaga belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining o‘n baravari, 2023-yil 1-yanvardan o‘n ikki baravari miqdoridan ortiq bo‘lmagan summadagi o‘rtacha oylik ish haqi qabul qilinadi. 95. Pensiya tayinlash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kam bo‘lgan yoki ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq mavjud bo‘lmagan hollarda pensiya miqdori qonunchilikda pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilingan kunda belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqib mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olinmasdan hisoblab chiqiladi. 96. Pensiya miqdori ish staji davriga bog‘liq bo‘ladi va: pensiyaning bazaviy miqdoridan; ish staji uchun pensiya oshirilishidan; pensiyaga ustama haqlardan shakllanadi. 97. Pensiyani hisoblash uchun pensiyalarning quyidagi bazaviy miqdorlari belgilanadi: a) yoshga doir pensiyalar uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas; b) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyasi uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas; v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida, biroq qonunchilik hujjatlarda belgilangan miqdorlardan kam emas; g) har ikkala ota-onasini yo‘qotgan bolalarga (chin yetimlarga) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun yoki vafot etgan yolg‘iz onaning bolalariga har bir bola uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas. 98. Pensiya tayinlash uchun talab qilinadigandan ortiq ish stajining har bir to‘liq yili uchun pensiyalarning bazaviy miqdorlari: a) yoshga doir pensiyalar — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foiziga; b) I va II guruhlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyalari — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 1 foiziga; v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga — boquvchi o‘rtacha oylik ish haqining 0,5 foiziga oshiriladi. 99. Har ikkala ota-onasini yo‘qotgan bolalarga (chin yetimlarga) tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiyalarni oshirish pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining o‘n baravari, 2023-yil 1-yanvardan o‘n ikki baravari miqdori doirasida har ikkala ota-onaning ish haqi umumiy miqdoridan amalga oshiriladi. Bunda har ikkala ota-onasini yo‘qotgan bolalarga (chin yetimlarga) tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori har ikkala ota-onaning umumiy ish staji miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi, ya’ni pensiya tayinlash va talab etiladigandan ortiq staj uchun pensiyani oshirish har ikkala ota-onaning umumiy ish staji miqdori bo‘yicha amalga oshiriladi. Agar ota-onadan birining ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori har ikkala ota-onaning umumiy ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdoridan ko‘p bo‘lsa, u holda, chin yetim maqomini saqlab qolgan holda, murojaat etganning xohishi bo‘yicha ota-onadan birining ish staji va ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblangan pensiyaning eng ko‘p miqdori tayinlanadi. 100. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik pensiyasining bazaviy miqdori nogironlik bo‘yicha pensiya tayinlangan kunda ushbu Nizomning 49-bandida nazarda tutilgan ish staji mavjud bo‘lganda oshiriladi. 101. Qonunning 28-moddasiga muvofiq shaxslarning ayrim toifalari pensiyaga ustama haq olish huquqiga ega. Pensiyaga ustama haqlar quyidagi miqdorlarda belgilanadi: a) I guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 150 foizi; b) II guruh urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 125 foizi; v) ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi; g) I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi; d) II guruh yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi; e) urush qatnashchilariga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi; j) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida front orqasida ishlagan va harbiy majburiyatlarni bajargan shaxslarga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 30 foizi; z) vafoti harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish yoki ichki ishlar organlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xizmat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlarining ota-onalariga va yangi nikohga kirmagan beva xotinlariga (beva erlariga) — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 30 foizi; i) O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlarga ega bo‘lgan shaxslarga — xizmatlarga qarab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha; k) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qaroriga 1-ilovada ko‘rsatilgan tashkilotlarda ishlagan imtiyozli pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan artistlarga, Qonunning 10-moddasi “g” bandiga muvofiq, yoshidan qat’i nazar — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 75 foizi; l) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni amalga oshirish masalalari haqida” 1995-yil 28-oktabrdagi 415-son qaroriga 2-ilovada ko‘rsatilgan lavozimlarda va tashkilotlarda ishlagan (erkaklar uchun kamida 25 yil va ayollar uchun kamida 20 yil) teatr, konsert tashkilotlarining artistlari va badiiy xodimlariga, teatr va musiqa san’atining ijodiy xodimlarini tayyorlash bilan band bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilar tarkibiga va konsertmeysterlariga — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 50 foizi. 102. Ustamalar tayinlanadigan pensiyalar turidan qat’i nazar, tayinlanadi. Agar pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan bir necha ustama haqni bir vaqtda olish huquqiga ega bo‘lsa, u holda ustama haqlar quyidagi hollarda bir vaqtning o‘zida tayinlanadi: a) pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsga ushbu Nizomning 101-bandi “a” yoki “b”-bandlarida nazarda tutilgan ustama haq bilan bir vaqtda ushbu Nizomning 101-bandi “z” — “l” kichik bandlarida ko‘rsatilgan ustama haqlardan biri qo‘shib hisoblanishi mumkin; b) pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning tanlovi bo‘yicha ushbu Nizomning 101-bandi “v”, “g” yoki “d” bandlarida nazarda tutilgan ustama haq bilan bir vaqtda ushbu Nizomning 101-bandi “e” — “l” kichik bandlarida ko‘rsatilgan ustama haqlardan biri qo‘shib hisoblanadi. 103. Ushbu Nizomning 101-bandi “i” kichik bandiga asosan pensiyaga ustama O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini belgilash va oliy nishon — “Oltin Yulduz” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq belgilanadi. Ushbu Nizomning 101-bandi “k” va “l” kichik bandlarida nazarda tutilgan pensiyaga ustamalar pensioner O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1995-yil 20-oktabrdagi PF-1280-son Farmoni joriy qilinadigan respublika teatr-konsert tashkilotlaridan yoki teatr va musiqa san’ati ijodiy kadrlarini tayyorlovchi ta’lim tashkilotlaridan ishdan bo‘shagandan so‘ng pensiyani qayta hisoblash uchun murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab belgilanadi. 104. Faxriy unvon uchun belgilangan to‘lov faxriy unvon egasining vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari uchun tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdorini hisoblashda inobatga olinmaydi. 105. Ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan ustama haqlardan tashqari pensionerlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Faxriy unvonlar uchun to‘lovlar miqdorini oshirish to‘g‘risida” 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-son Farmoniga ilovaga muvofiq faxriy unvonlar uchun qo‘shimcha haq, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga esa har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son Farmoniga muvofiq pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov qo‘shib hisoblanadi. Ilgari amal qilgan qonunchilikka asosan berilgan faxriy unvonlarga ega bo‘lgan shaxslarga to‘lovlar amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan miqdorlarda amalga oshiriladi. Faxriy unvon uchun, shuningdek, 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan pensionerlarga qo‘shimcha to‘lov, pensiyaga ustama haqlarning soni va miqdorlaridan qat’i nazar, amalga oshiriladi. 106. Boshqa davlatdan kelgan shaxsning, shu jumladan ilgari O‘zbekiston Respublikasidan doimiy yashash uchun ketgan shaxsning pensiya hujjatlari yig‘majildini hisobga qabul qilib olishda, uning boshqa davlatda pensiya olganligidan qat’i nazar, pensiya miqdori hisobga qabul qilish to‘g‘risida murojaat qilingan vaqtda amalda bo‘lgan qonunchilik talablariga muvofiq hisoblanadi. Pensiya Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi va to‘lanadi. 5-bob. Pensiya tayinlash tartibi 107. Pensiya tayinlash masalalarini ko‘rib chiqish uchun pensiya jamg‘armasi bo‘limida pensiyalarni tayinlash bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda — komissiya) tuziladi. Komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi. 108. Komissiya boshqa zarur hujjatlar bilan birgalikda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza tushgandan keyin o‘n kun muddatda tegishli qaror qabul qiladi (pensiya tayinlash, pensiya tayinlashni rad etish, taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligini tekshirish va boshqalar to‘g‘risida). 109. Agar pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan ariza beruvchi pensiya tayinlash uchun murojaat qilishda nazarda tutilgan zarur hujjatlarni taqdim etmasa yoki taqdim etilgan hujjatlar ularning asoslanganligi va ishonchliligi yuzasidan qo‘shimcha tekshirishni talab qilsa, komissiya tomonidan hujjatlarni tekshirish tugaguniga qadar ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlarga asosan qonunchilikda belgilangan miqdorda pensiya tayinlanadi hamda tekshirish yakuniga muvofiq qo‘shimcha hujjatlar asosida pensiyasi qayta hisob-kitob qilinadi. Agar ariza beruvchi tekshirish yakuniga qadar pensiya tayinlashga rozi bo‘lmasa, komissiya ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish tamom bo‘lgandan keyin pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Pensiyalar Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiq tayinlanadi. 110. Pensiya ishi komissiya tomonidan pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kun mobaynida rasmiylashtirilishi kerak. Bunda pensiya tayinlash (qayta hisoblash) yoki rad etish to‘g‘risida qaror komissiya tomonidan axborot tizimi orqali elektron tarzda tasdiqlanadi. Komissiya tomonidan pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensioner pensiya tayinlash to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya turi, pensiya miqdori, pensiya tayinlash muddati, pensiya to‘lov shakli va pensiya to‘lash sanasi to‘g‘risidagi “SMS” xabarnoma yuboradi. Pensiya ishlarini rasmiylashtirish va yuritish tartibi, shuningdek pensiya hujjatlari shakllari va ularni to‘ldirish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. 111. Pensiya tayinlash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay tashkilot yoki ariza beruvchiga rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda barcha taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan shaxsga (qonuniy vakilga) qaytarishi, shuningdek shaxsning mobil telefon raqamiga rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi to‘g‘risida “SMS” xabar yuborilishi kerak. Shaxs komissiya qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limining bevosita yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat qilishi huquqiga ega. 112. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lgan oila a’zolarining barchasiga bitta umumiy pensiya tayinlanadi. Oila a’zosining talabiga ko‘ra uning pensiyadagi ulushi ajratiladi va unga alohida to‘lanadi. Boshqa tumanda (shaharda) yashaydigan oila a’zosi o‘ziga pensiya ulushini tayinlash yoki ajratish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilganda murojaat qilganning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi rasmiylashtiradigan yoki ushbu oilaning amaldagi pensiya hujjatlar yig‘majildi turgan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga tegishli xabarnomani yuboradi. Xabarnomaga ariza va yangidan murojaat qilgan oila a’zosining pensiya olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Ushbu holatda pensiya boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasidan ulush ajratib berish to‘g‘risida murojaat qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab tayinlanadi. Pensiya ishini rasmiylashtirishning barcha hollarida oila har bir a’zosining pensiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydigan barcha hujjatlar tikib qo‘yiladi va/yoki axborot tizimda saqlanadi. Ta’lim tashkilotining o‘quvchisi va/yoki talabasi hisoblangan oilaning mehnatga layoqatsiz a’zosi boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar olish huquqiga ega. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqini aniqlashda vafot etgan boquvchi oilasining nogironlikning III guruhiga ega bo‘lgan a’zolari vafot etgan boquvchi oilasining mehnatga layoqatsiz a’zolari jumlasiga kiritilmaydi (bundan bolalikdan nogironligi bo‘lgan III guruh shaxslar mustasno). Agar vafot etganning bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nevaralari parvarishi bilan ular ikki yoshga to‘lgungacha band bo‘lgan oila a’zolaridan biri pensiya turlaridan bittasini oluvchi bo‘lsa, u holda uning xohishi bo‘yicha Qonunning 4-moddasiga muvofiq faqat pensiyaning bitta turi tayinlanadi. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi (shu jumladan, boquvchisining vafotidan keyin tug‘ilgan bolaga) ushbu pensiyaga huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab, pensiya tayinlash uchun birinchi marta murojaat qilinganda boquvchi vafot etgan kundan boshlab 6 oydan kechikmay tayinlanadi. Qolgan holatlarda pensiya murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi Misol. Boquvchi vafot etgandan (2010-yil 10-iyun) keyin tug‘ilgan bolaning (2010-yil 6-avgust) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga huquqi tug‘ilgan kunidan boshlab paydo bo‘ladi. Tegishli ravishda, boquvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab 2010-yil 10-dekabrga (murojaat qilishning oxirgi kuni 2010-yil 9-dekabr) qadar murojaat etilganda pensiya 2010-yil 6-avgustdan tayinlanadi. 113. Agar oilaning alohida yashaydigan a’zosining pensiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar oilaning boshqa a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror chiqarilganidan keyin tushsa, u holda alohida yashaydigan oila a’zosiga pensiya ulushi ajratilgan holda oilaning barcha a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risida yangidan qaror qabul qilinadi. Oilaning ko‘rsatib o‘tilgan a’zosining tushgan hujjatlari amaldagi pensiya ishiga qo‘shib qo‘yiladi, pensiya ulushini ajratish to‘g‘risidagi qaror nusxasi esa uning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya ulushini ajratish uchun asos bo‘lgan barcha zarur hujjatlarning nusxalari bilan birga pensiya ulushini oluvchiga mustaqil pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildini rasmiylashtirishi kerak. 114. Ulushli pensiyani to‘laydigan Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya ulushini ajratgan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga pensiya miqdorini qayta ko‘rib chiqish yoki uni to‘lashni to‘xtatish zarurligiga olib kelgan boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha ulushli pensiya oluvchi oilaning tarkibida yuz bergan barcha o‘zgarishlar to‘g‘risida xabar qilishi shart. Pensiya ulushini to‘lash to‘xtatilgan taqdirda, hujjatlar pensiya to‘lash davom etayotgan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi. 115. Shaxslarning ayrim toifalari Qonunga muvofiq imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega. Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga qonunchilikda nazarda tutilgan ishlarni bajarish bilan band bo‘lgan xodimlar ega bo‘ladilar. 116. Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ish hajmining qisqarishi yoxud korxona tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga yoshga doir muddatidan oldin beriladigan pensiya Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiq tayinlanadi. 117. To‘liq bo‘lmagan ish staji sharoitida pensiya: a) yoshga doir pensiya — ushbu Nizomning 27-bandi “a”, “b”, “v” va “g” kichik bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lganda pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan shaxsga; b) nogironlik pensiyasi — pensiya tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan umumiy kasallik oqibatidagi I va II guruhlar nogironligi bo‘lgan shaxslariga (shu jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarga); v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi — umumiy kasallik oqibatida vafot etgan va nogironlik pensiyasini tayinlash uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lmagan boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga tayinlanadi. Staj to‘liq bo‘lmagandagi pensiya miqdori qonunchilikda belgilangan miqdorlardan past bo‘lishi mumkin emas. Staj to‘liq bo‘lmagan holda pensiya olgan vafot etgan pensionerning oila a’zolariga pensiya vafot etgan boquvchiga pensiya undan kelib chiqib tayinlangan ish stajiga mutanosib ravishda tayinlanadi. 118. To‘liq bo‘lmagan ish staji holatida pensiya quyidagi tarzda mavjud stajga mutanosib ravishda hisoblab chiqiladi: dastlab tegishli to‘liq pensiya aniqlanadi; ushbu pensiya talab etiladigan ish staji oylari soniga bo‘linadi, olingan summa amaldagi ish staji oylari soniga ko‘paytiriladi. 119. Pensionerga rasmiy hujjat hisoblanadigan pensiya guvohnomasi beriladi. 6-bob. Pensiyalarni bir turidan boshqa turiga o‘tkazish tartibi 120. Pensiyalarning bir turini olgan pensioner Qonunga muvofiq boshqa pensiya turiga bo‘lgan huquq mavjud bo‘lgan taqdirda, pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazishda tayinlangan pensiyani to‘lash to‘xtatiladi va qonunchilik bilan qo‘yiladigan ish stajini va oylik ish haqini hisoblash talablarga muvofiq boshqa turdagi pensiya tayinlanadi. 121. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza pensionerning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Vafot etgan boquvchining voyaga yetmagan oila a’zosi (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini o‘tkazishda) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxsning nomidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza uning qonuniy vakili yashaydigan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda ko‘rib chiqadi. Shaxsning arizasi Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ariza beruvchiga ariza qabul qilingan sana ko‘rsatilgan tilxat, shuningdek, yetishmaydigan hujjatlar ro‘yxati beriladi. 122. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan birga pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan sana pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilingan kun hisoblanadi. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilgan pensionerning arizasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak: ushbu Nizomning 75-bandi talablari hisobga olingan holda pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza berilgan paytdan mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yili mobaynida istalgan ketma-ket besh yildagi ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma (ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi, fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri, fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri, “YaMMT” IDAKda mavjud bo‘lganda ish haqi to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinmaydi); ushbu Nizomning 16-bandi hisobga olingan holda ushbu Nizomning 12 — 14-bandlariga muvofiq uning uchun ariza berilgan pensiya turini tayinlash uchun talab qilinadigan hujjatlar, ushbu hujjatlar pensiyaning olinadigan turi bo‘yicha rasmiylashtirilgan pensiya hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lmagan taqdirda. Bundan tashqari, zarur hollarda, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi oila a’zolari soni o‘zgarishini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etiladi. 123. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan o‘n kun muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. Yoshga doir pensiyani nogironlik pensiyasiga o‘tkazishda yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi hamda nogironlik pensiyasini hisoblash uchun o‘rtacha oylik ish haqi ilgari yoshga doir pensiyani tayinlashdan oldingi ishning oxirgi o‘n yilidan kelib chiqqan holda, nogironlik pensiyasini tayinlash vaqtida amalda bo‘lgan qonunchilikda nazarda tutilgan pensiyani hisoblash uchun ish haqi va ish stajini hisoblash shartlari qo‘llangan holda aniqlanadi. Ilgari shaxsning yoshiga doir tayinlangan pensiyani pensiyalarning boshqa turlaridan bittasi bo‘yicha to‘lovning to‘xtatilishi munosabati bilan tiklashda yoshga doir pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi va pensiyani hisoblash uchun o‘rtacha oylik ish haqi yoshga doir ilgari tayinlangan pensiyadan oldingi ishning oxirgi o‘n yilidan kelib chiqqan holda, tiklash vaqtida amalda bo‘lgan qonunchilikda nazarda tutilgan pensiyani hisoblash uchun ish haqi va ish stajini hisoblash shartlari qo‘llangan holda aniqlanadi. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga o‘tkazishda pensiya miqdorini hisoblash Qonunning 34-moddasi shartlariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi, ish staji esa umumiy tartibda, uchuvchilar va sinovchi uchuvchilar tarkibidagi xodimlarga pensiyalar tayinlash uchun ko‘p yillik xizmat muddatlarini hisoblash tartibida nazarda tutilgan shartlar va normalar qo‘llanmasdan hisoblab chiqiladi (ushbu Nizomga 4-ilova). 124. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan holda rad etish to‘g‘risida pensionerga xabarnomani berishi yoki yuborishi shart va bir vaqtning o‘zida pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun taqdim etilgan barcha hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan pensionerning qo‘liga qaytarishi va pensiionerning pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazishni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart. Komissiya tomonidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganida, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensionerning pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya turi, pensiya turi o‘zgartirilgan muddat, pensiya miqdori, ish staji davomiyligi, aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori, pensiya to‘lov shakli va pensiya to‘lash sanasi to‘g‘risidagi “SMS” xabarnoma yuboradi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin pensiyaning boshqa turini to‘lash pensioner barcha zarur hujjatlar bilan birga tegishli ariza bilan murojaat qilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlanadi. Pensiyaning bir turidan pensiyaning boshqa turiga o‘tgan pensionerlarga yangi pensiya guvohnomasi yoziladi. 7-bob. Pensiyani qayta hisoblab chiqish tartibi 125. Pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos paydo bo‘lgan taqdirda pensiyaning tayinlangan turi miqdorini qayta hisoblab chiqish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin. 126. Quyidagi holatlar tayinlangan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi: a) pensioner tomonidan pensiya hujjatlar yig‘majildida mavjud bo‘lmagan va pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi (ushbu Nizomning 27-bandida nazarda tutilgan ish staji va pensiya tayinlangunga qadar ish haqi to‘g‘risida); b) nogironlik guruhining o‘zgarishi; v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari sonining o‘zgarishi; g) ushbu Nizomning 101-bandida nazarda tutilgan ustama haq olish huquqining paydo bo‘lishi; d) qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi o‘zgarganda, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining va pensiya ishini tekshirish (o‘rganish) natijasida pensiya miqdorining oshishi yoki kamayishi; e) daromadlarning indeksatsiya qilinishi. 127. Ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyentlar belgilangan tumanlarda (shaharlarda) ishlagan shaxsga pensiyalarni qayta hisoblashda mintaqaviy koeffitsiyent hisobga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi. 128. Pensionerlar pensiyani qayta hisoblash uchun qayta hisoblab chiqish huquqi paydo bo‘lgandan keyin istalgan vaqtda murojaat qilishlari mumkin. 129. Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza pensioner yashaydigan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Oilaning voyaga yetmagan a’zosi (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi) yoki belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxsning nomidan pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza uning qonuniy vakili yashaydigan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga berilishi mumkin. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi masalani shaxs tegishli ariza bilan murojaat qilganda ko‘rib chiqadi. Shaxsning arizasi Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan ariza beruvchiga ariza qabul qilingan sana ko‘rsatilgan tilxat, shuningdek, olingan va yetishmaydigan hujjatlar ro‘yxati beriladi. 130. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan birga pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan sana pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilingan sana hisoblanadi. 131. Pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan pensionerning arizasiga ushbu Nizomning 126-bandi “a”, “v” va “g” kichik bandlari asosida mazkur Nizomning 12 — 14 va 16-bandlarida ko‘rsatilganlaridan zarur hujjatlar ilova qilinishi kerak (bundan pensiyani qayta hisoblash uchun asos bo‘ladigan hujjatlar va ma’lumotlar axborot tizimida mavjud bo‘lgan holatlar mustasno). 132. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi nogironlik guruhi o‘zgarganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblashni Agentlikning axborot tizimidan olingan shaxsning nogironligi bo‘lgan shaxsligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (ma’lumot) asosida amalga oshiradi. 133. Quyidagi hollarda pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risida ariza berish talab qilinmaydi: qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi o‘zgarganda, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori o‘zgarganda; tayinlangan pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda; oilaning 18 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan a’zolaridan biri ta’lim tashkilotlaridan berilgan uning o‘quvchi yoki talaba ekanligi haqidagi ma’lumot axborot tizimi orqali olinib boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o‘zgarganda; nogironlik guruhi o‘zgarganda; I guruh nogironligi belgilanganda. 134. Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi ariza Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan besh kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Pensiya miqdorini qayta hisoblash rad etilgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini ko‘rsatgan holda pensionerga rad etish to‘g‘risidagi bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda ayni bir vaqtda taqdim etilgan hujjatlarni hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan pensionerning qo‘liga qaytarishi va pensiionerning pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya miqdorini qayta hisoblashni rad etish sabablari, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart. Komissiya tomonidan pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qilinganida, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensioner pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risidagi arizasida ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga pensiya turi, pensiya miqdori qayta hisoblangan muddat, pensiya miqdori, ish staji davomiyligi, aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori, pensiya to‘lov shakli va pensiya to‘lash sanasi to‘g‘risidagi “SMS” xabarnoma yuboradi. 135. Pensiya miqdorini qayta hisoblash to‘g‘risida komissiya tomonidan qaror qabul qilingandan keyin pensiya miqdorini qayta hisoblash pensioner barcha zarur hujjatlar bilan birga tegishli ariza bilan murojaat qilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori o‘zgargan taqdirda, pensiya miqdorini qayta hisoblash ish haqining miqdori o‘zgarishi uchun asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatilgan sanadan boshlab amalga oshiriladi. Pensiya miqdori kamayishiga olib kelgan holatlar yuz berganda (boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini oluvchi oila a’zolari soni o‘zgarishi, nogironlik guruhining o‘zgarishi va boshqa holatlar) qayta hisoblash ushbu holatlar boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi. 136. Pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi turgan joy bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya miqdorini qayta hisoblash zarurligiga olib kelgan boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha ulushli pensiya oluvchi oila tarkibida yuz bergan barcha o‘zgarishlar to‘g‘risida boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha ulushli pensiya to‘laydigan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga xabar qilishga majbur. Bunday holatda komissiyaning tegishli qarori nusxasi ushbu pensiyaning ulushini to‘laydigan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi. 137. Ish staji va pensiya tayinlangandan keyin ega bo‘lingan (olingan) ish haqi hisobga olingan holda pensiya miqdorini qayta hisoblash amalga oshirilmaydi. 138. Umumiy belgilangan yosh kamaytirilgan holda yoshga doir pensiya tayinlangan shaxsga u umumiy belgilangan yoshga to‘lganligi munosabati bilan pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqilmaydi. Ilgari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan bolaga ikkinchi ota-onaning vafoti munosabati bilan pensiya miqdorini ikkinchi boquvchining pensiya miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan ish staji va ish haqini hisobga olgan holda qayta hisoblab chiqish pensiya miqdorini qayta hisoblab chiqish uchun murojaat qilingan vaqtda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq pensiyani hisoblash tartibi qo‘llangan holda amalga oshiriladi. Pensioner tomonidan pensiya tayinlangungacha ega bo‘lingan ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi qo‘shimcha hujjatlarning taqdim etilishi munosabati bilan pensiyani qayta hisoblab chiqishda qayta hisoblash vaqtida amalda bo‘lgan ish staji va ish haqini aniqlash tartibi qo‘llanadi, bunda pensiyani qayta hisoblash uchun o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadigan pensiyani tayinlashdan oldingi ishning oxirgi o‘n yilidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. 139. Pensiya miqdorini qayta hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyenti qo‘llangan holda amalga oshiriladi. 8-bob. Pensiyalarni to‘lash tartibi 140. Pensiyalar komissiyaning qarorida ko‘rsatilgan miqdor hamda muddatlardan kelib chiqib to‘lanadi. Pensionerlarga pensiya ularning xohishiga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali naqd pulda yoki pensionerning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini bank kartasiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi. Shaxs pensiya va nafaqa to‘lovini naqd pul shaklida olish uchun ushbu Nizomga 14-ilovaga muvofiq shakldagi ariza bilan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, naqd pulsiz shaklda olish uchun tijorat banki filialiga yoki bank mobil ilovalari orqali murojaat qiladi. Bunda ushbu ma’lumotlar tijorat banklari tomonidan o‘zaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron tarzda Pensiya jamg‘armasiga yuboriladi. Shaxsning tanlovi bo‘yicha unga to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya summasi, bir vaqtning o‘zida pensiya to‘lovining bir nechta shaklidan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin. To‘lov shakli shaxs tegishli ariza taqdim etgan yoki elektron shaklda murojaat etgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab o‘zgartiriladi yoki tiklanadi. Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya to‘lovi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan manzil-koloniya ma’muriyati orqali mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Manzil-koloniya ma’muriyati har oyning 1-kunida joriy oy uchun manzil-koloniyada jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar to‘lovi uchun mablag‘larni olishga ushbu Nizomga 15-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha talabnomani manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etadi. 141. Pensiyalarni bank plastik kartochkalari orqali to‘lash uchun mablag‘larni o‘tkazish Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasi tomonidan axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etilgan to‘lov topshiriqnomasi va Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan qaydnomalar asosida amalga oshiriladi. Haqiqatda moliyalashtirilgan mablag‘lar to‘lov topshiriqnomasi va qaydnoma elektron shaklda taqdim etilgan kundan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmasdan xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki filiali tomonidan pensioner yoki nafaqa oluvchi uchun ochilgan 22617 — “Pensionerlarning plastik kartochkalari bo‘yicha majburiyatlari” hisobvarag‘iga kirim qilinadi. 142. To‘liq bo‘lmagan oy kunlari uchun pensiya to‘lovi summasi quyidagi tartibda aniqlanadi: tayinlangan pensiya summasini tegishli oyning kalendar kunlari soniga bo‘lish yo‘li bilan bir kun uchun to‘lov summasi aniqlanadi; bir kun uchun to‘lov summasi pensiya to‘lovi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tegishli oyning kalendar kunlari soniga ko‘paytiriladi. 143. Qaydnomalar quyidagi tartibda shakllantiriladi: asosiy qaydnomalar — pensiya va nafaqalar, vafoti munosabati bilan olinmay qolingan pensiya va nafaqalar, xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni qoplash, pensiya va nafaqalardan aliment va jarimalar, oylik to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha to‘lov oyi uchun bir marotaba; qo‘shimcha qaydnomalar — O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga ko‘chib ketish oldidan 6 oy avval beriladigan pensiya to‘lovi tayinlangan kunda, bir martalik moddiy yordam, qonunchilikda nazarda tutilgan yillik to‘lanadigan bir martalik kompensatsiya va mukofot pullari. 144. Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash (qayta hisoblash) va to‘lovlarni tashkil qilish shu’basi inspektori tomonidan qaydnomalar axborot tizimida pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banklari filiallari bo‘yicha alohida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini va tijorat banki filiali bo‘yicha shakllantiriladi. 145. Qaydnomalar: pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot uchun — har to‘lov oyining 2-kuniga qadar shakllantiriladi va 3-kuniga qadar taqdim etiladi; tijorat banklari filiallari uchun — har to‘lov oyining 3-kuniga qadar shakllantiriladi va 4-kuniga qadar axborot tizimi orqali taqdim etiladi. Qaydnomalarni shakllantirish hamda taqdim etishning so‘nggi kuni dam olish yoki bayram (ish kuni bo‘lmagan) kunlariga to‘g‘ri kelgan hollarda keyingi ish kuni muddatning so‘nggi kuni deb hisoblanadi, shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar to‘lanishi kerak bo‘lgan oyning birinchi sanasi uzoq muddatli dam olish yoki bayram kunlariga to‘g‘ri kelganida Moliya vazirligining qaroriga asosan avvalgi oy yakuniga qadar muddatidan avval pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarning to‘lov qaydnomalarini shakllantiradi, pensiya to‘lash vakolati yuklatilgan tashkilotga qaydnomalarni taqdim etadi va to‘lovlarni boshlash uchun yetarli mablag‘larni moliyalashtiradi. 146. Tijorat banki filiallari har oyda pensionerlarning bank plastik kartochkalariga mablag‘lar o‘z vaqtida kirim qilinishini ta’minlashi lozim. Pensionerning bank plastik kartochkalariga mablag‘lar kirim qilingan sana pensiya to‘langan sana deb hisoblanadi. Bunda pensioner vafot etgan oyda uning bank plastik kartasiga kirim qilingan mablag‘lar Pensiya jamg‘armasiga qaytarilmaydi. Pensionerning bank plastik kartochkasiga mablag‘lar pensioner vafot etgan oydan keyingi oylarda kirim qilingan hollarda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari mablag‘larni Pensiya jamg‘armasi hisobvarag‘iga vafot etgan pensionerning hisobvarag‘idagi qoldiq mablag‘lar hisobidan qaytarish to‘g‘risida tegishli tijorat banklari filiallariga rasmiy xat yuborish orqali qaytarish choralarini ko‘radi. 147. Pensiya to‘lash qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ushbu hujjat rasmiylashtirilgan davlatning vakolatli organi tomonidan apostil qo‘yilishi lozim, bundan Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar (Minsk shahri, 1993-yil 22-yanvar) ishtirokchi davlatlari — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar mustasno. Bunda ishonchnoma bergan shaxs Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan biriga bir yilda kamida bir marta kelib tayinlangan pensiyaga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlashi kerak. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan pensionerning kelishi imkoniyati mavjud emasligi (sog‘lig‘i tufayli, davolash muassasalarida, shu jumladan, ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun statsionar davolanishda bo‘lish) to‘g‘risida ma’lumotlar olinganda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari xodimlari tayinlangan pensiyaga bo‘lgan huquqni tasdiqlash uchun pensioner turgan joyga chiqish huquqiga ega. Pensioner xorijiy davlatda bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasiga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat etishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlashi lozim. Ishonchli vakil pensiya to‘lashga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan o‘ziga ma’lum barcha holatlar to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga xabar berishi shart. Ishonchnoma pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotning bo‘linmasida saqlanadi. Bunda pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotning bo‘linmasi ishonch bildirilgan shaxs tomonidan ishonchnoma taqdim etilgan sanadan boshlab o‘n kun muddatda Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot bo‘linmasining asosiy muhri va rahbarning imzosi bilan tasdiqlangan ishonchnoma nusxasini yuborishi shart. 148. Pensioner sog‘lig‘ining holati va yashash faoliyatining cheklanganligi darajasi o‘zgarganda, TIEKning asossiz qarori holatlari aniqlanganda, nogironlikni belgilashning to‘g‘riligini tekshirishlarda, shuningdek, agar TIEK qarori soxta hujjatlar asosida chiqarilgan bo‘lsa, pensioner belgilangan tartibda o‘tkaziladigan takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun kelmagan taqdirda pensiyani to‘lash to‘xtatib qo‘yiladi va u faqat fuqaro TIEKga yangidan murojaat qilgan va I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etilgan kundan boshlab tiklanadi. Agar nogironligi bo‘lgan shaxs qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga kelmaganligi sababli pensiya to‘lash vaqtinchalik to‘xtatib turilsa va qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyin fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etilmasa, u holda pensiya to‘lash vaqtinchalik to‘xtatib turilgan kundan boshlab to‘xtatiladi. 149. Qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxs mehnatga layoqatli deb e’tirof etilgan taqdirda, pensiya u mehnatga layoqatli deb e’tirof etilgan oyning oxirigacha, biroq nogironlik belgilangan kundan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘lanadi. 150. 2011-yil 1-yanvardan keyin nogironlikning III guruhi belgilangan shaxslarga, shu jumladan, takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng nogironlikning III guruhi belgilangan shaxslarga nogironlik pensiyasi tayinlanmaydi va to‘lanmaydi, Chernobil halokati oqibatida III guruh nogironligini olgan shaxslardan tashqari. Misol: Fuqaroga 2010-yilda tayinlangan III guruh nogironlik pensiyasi nogironlikning butun davri davomida to‘lanadi. Ushbu fuqaro 2011-yil 1-yanvardan keyin takroriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan so‘ng qayta nogironlikning III guruhi belgilansa pensiya to‘lanishi to‘xtatiladi. 151. Pensiya miqdori o‘zgarishiga yoki pensiya to‘lash to‘xtatilishiga sabab bo‘ladigan holatlar yuz bergan taqdirda (doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketishi, xorijiy davlatda pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi, oila a’zolari tarkibining o‘zgarishi, to‘liq davlat ta’minotiga o‘tish va shu kabilar) pensiya oluvchi o‘n kun muddatda bu haqda o‘ziga pensiya to‘laydigan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ma’lum qilishi shart. Mehnatga layoqatsiz fuqarolarni to‘liq davlat ta’minotida turgan shaxslar jumlasiga kiritish shartlari ushbu Nizomga 13-ilovada keltirilgan. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlar boshlanganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga o‘z vaqtida xabar berilmasligi munosabati bilan pensiyaning noqonuniy summasi pensioner yoki qonuniy vakil, shuningdek, ishonch bildirilgan (pensionerning vafoti holati qasddan yashirilgan taqdirda) tomonidan qaytarilishi kerak. 152. Faxriy unvon uchun pensiyaga qo‘shimcha to‘lov olish huquqi paydo bo‘lgan taqdirda, pensioner faxriy unvon uchun qo‘shimcha to‘lovni olish uchun pensiya to‘laydigan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza beradi. Arizaga faxriy unvon berish to‘g‘risidagi guvohnoma ilova qilinishi kerak. Faxriy unvonlar uchun pensiyaga qo‘shimcha to‘lovlar faxriy unvon berilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi ilova qilingan holda ariza berilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi. Pensionerlarga faxriy unvonlar uchun qo‘shimcha to‘lov pensiya to‘lovi bilan bir vaqtda yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 153. Pensioner doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa va u faqat vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan bo‘lsa, pensiya vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan muddat mobaynida to‘lanadi. Shaxsga pensiya yashash guvohnomasi yoki ID-kartasi amal qiladigan muddat davomida to‘lanadi. Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganlik, yashash guvohnomasi yoki ID-kartasining amal qilish muddatining tugashi bilan vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, yashash guvohnomasi yoki ID-kartasining keyingi sanasi o‘rtasida uzilish mavjud bo‘lgan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan pensiyani to‘lash vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, yashash guvohnomasi yoki ID-kartasining yangi sanasidan boshlab davom ettiriladi. Bunda pensiyani to‘lash pensiya to‘lash to‘xtatilgan paytdan, biroq o‘n ikki oydan ortiq bo‘lmagan paytdan boshlab davom ettiriladi. 154. Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida (pansionatlarda) yashovchi yolg‘iz pensionerlarga pensiya bilan ular ta’minoti uchun sarf-xarajat o‘rtasidagi farq, biroq tayinlangan pensiyaning kamida 20 foizi to‘lanadi. Ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to‘lanmaydi. 155. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ta’lim tashkilotining o‘quvchisi va talabalariga o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanadi. Bunda vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi oila a’zosi O‘zbekiston Respublikasi hududidagi ta’lim tashkilotining o‘quvchisi yoki talabasi ekanligi Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot tizimidan olingan elektron so‘rov orqali aniqlanadi. Bunda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasining to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining axborot tizimidan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi. 156. Pensionerga hisoblab chiqarib qo‘yilgan, lekin uning tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan pensiya puli pensiyani olish maqsadida murojaat etilgan sanadan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun to‘lanadi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limining aybi bilan o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o‘tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to‘lanadi. Bunda o‘tgan davr uchun to‘lovlar bir yo‘la tegishli oylar uchun hisoblab chiqarib qo‘yilgan va olinmagan pensiyaning summalariga mos miqdorda to‘lanadi. 157. Pensiya oluvchi shaxs O‘zbekiston Respublikasi doirasida doimiy yashash uchun boshqa tuman (shahar)ga ko‘chgan taqdirda, manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotganda yoki manzil-koloniyadan ozod etilganda pensiya hujjatlar yig‘majildi pochta orqali pensionerning yangi yashash joyi yoki manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi yoxud pensionerning qo‘liga beriladi. Pensiya oluvchi shaxs bir tuman (shahar) hududida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida boshqa tuman (shahar)ga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganda pensiya avvalgi yashash joyi bo‘yicha shaxs ro‘yxatdan chiqarilgan oyning oxirigacha to‘lanadi. Ushbu holatda pensiyani to‘lash pensiya hujjatlar yig‘majildi olingandan keyin pensiya oluvchi shaxsning yangi yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan davom ettiriladi. Bunda pensiyani to‘lash uning oldingi yashash joyi bo‘yicha pensiyani to‘lash to‘xtatilgan vaqtdan boshlab, biroq u hisobga qo‘yish maqsadida murojaat etgan kundan oldingi o‘n ikki oydan oshmagan davr uchun davom ettiriladi. 158. Tayinlangan pensiyani to‘lash: pensioner vafot etganda; tayinlangan pensiyaga huquqlar yo‘qolganda; xorijiy davlatda bo‘lgan davrida pensiya (ijtimoiy nafaqa) olganligi holati aniqlanganda; doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketilganda to‘xtatiladi. 159. Tayinlangan pensiyani to‘lash: pensiya to‘lash muddati tamom bo‘lganda; ketma-ket uch oydan ortiq vaqt mobaynida pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali pensiya olinmaganda; pensioner ozodlikdan mahrum etilganda (manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan shaxslar bundan mustasno); pensioner ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashaganda; pensiyani to‘lashni to‘xtatib turish to‘g‘risida pensioner tomonidan ariza berilganda; surishtiruv, tergov organlaridan va suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni qidirishga e’lon berilganda, bedarak yo‘qolganda; ishonchnoma bergan shaxs unga tayinlangan pensiyaga huquqni tasdiqlash uchun belgilangan muddatda kelmaganda to‘xtatib turiladi. Tayinlangan pensiyani to‘lash qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham to‘xtatib turiladi. Pensiyani to‘lash pensioner yoki uning qonuniy vakili Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga kelgandan so‘ng va u ariza taqdim etgandan, shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgandan so‘ng tiklanadi. Pensioner xorijiy davlatda bo‘lib O‘zbekiston Respublikasiga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga pensiya to‘lovini tiklash yuzasidan murojaat etishi va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlashi lozim. Pensionerning sud hukmi bo‘yicha ozodlikdan mahrum etish joylarida (manzil-koloniyalardan tashqari) bo‘lgan vaqti uchun pensiya to‘lanmaydi. Pensioner ozod bo‘lgandan keyin pensiyani to‘lash Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi. Pensiya to‘lashni tiklash komissiya qaroriga asosan amalga oshiriladi. 160. Agar nogironligi bo‘lgan shaxs tayinlangan muddatda qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun TIEKga uzrli sabablarsiz (nogironlik muddati tugagan kundan bir oy muddat mobaynida) kelmasa, unga pensiya to‘lash to‘xtatib turiladi, u yana nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etilgan taqdirda, to‘xtatib turilgan kundan boshlab tiklanadi. Qolgan holatlarda pensiya murojaat qilingan sanadan boshlab to‘lanadi. Uzrli sababga ko‘ra qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati o‘tkazib yuborilgan taqdirda, pensiyani to‘lash to‘lov to‘xtatib turilgan kundan boshlab qayta tekshirish kunigacha, biroq, agar TIEK uni bu davrda nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etsa 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi. Bunda agar qayta tekshirish chog‘ida nogironligi bo‘lgan shaxs nogironlikning boshqa guruhiga (yuqoriroq yoki pastroq guruhga) o‘tkazilgan bo‘lsa, u holda ko‘rsatib o‘tilgan vaqt uchun pensiya oldingi guruh bo‘yicha to‘lanadi. Agar umumiy kasallik oqibatida mehnat layoqatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lgan shaxsga pensiya to‘lash mehnat layoqati tiklanganligi tufayli to‘xtatilgan bo‘lsa yoki uzrli sabablarsiz qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tishga kelmaganligi oqibatida to‘xtatib turilgan bo‘lsa, u holda keyinchalik u nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etilgan taqdirda ilgari tayinlangan pensiyani to‘lash, agar pensiya to‘lash to‘xtatilgandan keyin besh yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt o‘tgan bo‘lsa, nogironlik yangidan belgilangan kundan boshlab tiklanadi. Agar besh yildan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa pensiya yana umumiy asoslarda tiklanadi. 161. Pensiya to‘lash to‘xtatilishiga (to‘xtatib turilishiga) yoki tiklanishiga olib keladigan holatlar paydo bo‘lganda pensiyani to‘lash, ushbu Nizomning 158 va 159-bandlarida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, tegishli holat boshlangan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab to‘xtatiladi (to‘xtatib turiladi) yoki tiklanadi. 162. Pensionerga berilishi kerak bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya summasi meros tarkibiga kiritilmaydi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga tegishli oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onalar, eri (xotini), shuningdek, pensioner vafot etgan kunda u bilan birga yashagan oila a’zolari, agar ular boquvchisini yo‘qotganlik bo‘yicha pensiya bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmagan taqdirda ham ushbu summalarni olish huquqiga ega. Pensioner vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga vafot etgan oy uchun to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bunda pensioner vafot etgan oy uchun bank plastik kartasiga kirim qilingan mablag‘lar vafot etgan pensionerning oila a’zolariga qayta to‘lanmaydi va Pensiya jamg‘armasiga qaytarilmaydi. Oilaning bir necha a’zolari olinmay qolgan pensiya puli uchun murojaat qilgan taqdirda, ularga berilishi kerak bo‘lgan pensiya puli ular o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan pensiya pulini olish uchun pensioner vafot etganidan so‘ng oltmish kundan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to‘lanadi. 163. Doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga ketishgacha tayinlangan pensiya (O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan davlatlar bundan mustasno) Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi pensiya miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga jo‘nab ketishdan 6 oy avval O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida to‘lanadi. Pensiya to‘lanadigan olti oylik davr O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash uchun ketishdan avvalgi olti oy uchun pensiya to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to‘langan) pensiya puli hisobga olinadi. O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan O‘zbekiston Respublikasi tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan pensiya turar joyidan ro‘yxatdan chiqqan oyning oxirigacha to‘lanadi. O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash uchun ketayotgan fuqarolarga pensiyani to‘lash uning arizasi va ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot manzil tizimidan olingan “Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarilganligi” to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘xtatilishi mumkin. 164. Olti oy avval pensiya: ariza va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot manzil tizimidan olingan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga; ariza, xorijiy davlatning vizasi (agar bu zarur bo‘lsa) bo‘lganda va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot manzil tizimidan olingan “Doimiy yashash joyidan ro‘yxatdan chiqarilganligi” to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida xorijiy fuqaroga; ariza, xorijiy davlatning vizasi (agar bu zarur bo‘lsa) bo‘lganda va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot manzil tizimidan olingan ma’lumotlar asosida fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga to‘lanadi. 165. Olti oy avval pensiya to‘lash pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali bir martalik to‘lov qaydnomasi asosida, shuningdek, tijorat bankining filialida pensionerning nomiga ochilgan bank hisob raqamiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Olti oy avval pensiya to‘lash pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilotga moliyalashtirilgan pensiya mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Olti oy avval to‘langan pensiya summasini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq pensiya to‘langan davrda pensiyalar miqdorlari o‘zgarganligi munosabati bilan qayta hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi. Agar shaxs olti oy avval pensiya to‘langandan keyin doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga ketmagan taqdirda, unga pensiya to‘langan olti oylik davr tamom bo‘lgandan keyin pensiyani navbatdagi to‘lash uchun murojaat qilgan taqdirda, ushbu Nizomning 163 va 164-bandlarida ko‘rsatilgan tartibda olti oy avval yana pensiya to‘lanishi mumkin. 166. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasi tayinlangan shaxs doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga ketgan taqdirda (O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalarga ega bo‘lgan davlatlar bundan mustasno), pensiya chet elda bo‘lgan vaqt uchun to‘lanadi. 167. Ushbu Nizomning 166-bandida ko‘rsatilgan shaxsga pensiya o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlardan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 168. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasi quyidagi hujjatlar asosida qayta hisoblab chiqiladi: pensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza; shaxsning O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida doimiy yashash joyini tasdiqlaydigan hujjat; O‘zbekiston Respublikasidan doimiy yashash joyiga ketish (bir davlatdan boshqa davlatga ko‘chib o‘tish) sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma. 169. Shaxsning O‘zbekiston Respublikasi tashqarisidagi doimiy yashash joyini tasdiqlaydigan hujjat O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yoxud xorijiy davlatning vakolatli organi (mansabdor shaxsi) tomonidan beriladi. Bunda xorijiy davlatning vakolatli organi (mansabdor shaxsi) tomonidan berilgan hujjat pensionerning doimiy yashash joyidagi davlatda O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan belgilangan tartibda legalizatsiya qilinishi kerak, bunday muassasa bo‘lmagan taqdirda esa, pensionerning doimiy yashash joyi davlatining Tashqi ishlar vazirligi, ushbu mamlakatning O‘zbekiston Respublikasidagi konsullik muassasasi yoki diplomatik vakolatxonasi tomonidan legalizatsiya qilinishi, keyinchalik, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida tasdiqlanishi kerak. 170. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasini O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga o‘tkazish fuqaroning har bir yilning 31-dekabrida tirik ekanligini tasdiqlaydigan hujjat Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim etilishi sharti bilan amalga oshiriladi. Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga (18 yoshga to‘lmagan bolalarga, aka-ukalarga, opa-singillarga va nabiralarga) va sud tomonidan belgilangan tartibda huquqiy layoqatsiz deb e’tirof etilgan — ularning qonuniy vakillari pensiya oluvchilar hisoblanadigan fuqarolarga tayinlangan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyalarini to‘lash uchun fuqaroning tirik ekanligini tasdiqlaydigan hujjat pensiya oluvchi uchun va pensiya tayinlangan fuqaro uchun taqdim etiladi. Bunday hujjat O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi, xorijiy davlatning notariusi yoxud vakolatli organi (mansabdor shaxsi) tomonidan beriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda to‘xtatib turiladi (to‘xtatiladi). Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar taqdim etilgandan keyin mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda tiklanadi (qayta tiklanadi). 171. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida nogironlik pensiyasini shaxsga u doimiy yashaydigan xorijiy davlatning bankidagi yoki boshqa moliya-kredit muassasasidagi hisob raqamiga o‘tkazishni xorijiy valyutada amalga oshiradi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa. Pensiya jamg‘armasi bo‘limining xorijiy valyutadagi xarajatlari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. O‘z valyuta mablag‘lari mavjud bo‘lmagan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi xorijiy valyutani belgilangan tartibda ichki valyuta bozorida xarid qiladi. 172. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatidagi nogironlik pensiyasini o‘tkazish chet elga jo‘nab ketishdan oldin pensiya to‘langan oydan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi. Chet elga o‘tkaziladigan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatidagi nogironlik pensiyasi summasi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o‘zgacha hol belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining pensiya haqidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qayta hisoblab chiqiladi. 173. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki orqali chet elga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida tayinlangan pensiyalar summasining o‘z vaqtida jo‘natilishini ta’minlaydi. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida tayinlangan pensiyalar summalarini konvertatsiya qilish va yuborish bo‘yicha xarajatlar Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 174. Mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatidagi nogironlik pensiyasi tayinlangan O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida doimiy yashaydigan shaxsga o‘tgan vaqt uchun olinmagan pensiya summasini to‘lash to‘lov amalga oshiriladigan tegishli davr uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan pensiya miqdorlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. 175. Qaydnomalar yuborish, shuningdek, yuridik shaxslardan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalariga qo‘shimcha dam olish kunlari uchun qo‘shimcha to‘lovlarga Pensiya jamg‘armasidan mablag‘lar olish bo‘yicha talabnomalar qabul qilish yakunlangandan so‘ng pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash (qayta hisoblash) va to‘lovlarni tashkil qilish shu’basi tomonidan ushbu Nizomga 16 va 17-ilovalarga muvofiq shakl bo‘yicha joriy to‘lov oyiga talabnomalar tuziladi hamda Pensiya jamg‘armasi bo‘limining pensiya va nafaqa to‘lovi uchun qaydnomalar va talabnomalarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhiga (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ishchi guruhi) ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ishchi guruhi quyidagi tarkibda tuziladi: bo‘lim boshlig‘i — ishchi guruh rahbari; bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash (qayta hisoblash) va to‘lovlarni tashkil qilish shu’basi mudiri — ishchi guruh a’zolari. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi shtat jadvalida mazkur lavozimlar bo‘lmagan yoki vakant lavozim mavjud bo‘lgan taqdirda, ishchi guruh tarkibiga ushbu lavozim bo‘yicha tegishli vazifalarni bajarish yuklangan xodim kiritiladi. Bunda joriy to‘lov oyi uchun talabnomaga bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa, dafn marosimi uchun nafaqa, ammo ular bo‘yicha oldingi to‘lov oyida haqiqatda to‘langan mablag‘lardan kam bo‘lmagan summa kiritiladi. 176. Talabnomalar joriy oyning 13-kunidan kechiktirilmay Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i (uning vazifasini bajaruvchi) tomonidan axborot tizimida tasdiqlanadi. 177. Pensiya va nafaqa to‘loviga tuzilgan talabnomalar Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganiladi (keyingi o‘rinlarda Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi ishchi guruhi deb yuritiladi). Ishchi guruh quyidagi tarkibda tuziladi: boshqarma boshlig‘i — ishchi guruh rahbari; boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni moliyalashtirish bo‘limi boshlig‘i, Ichki audit, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash monitoringi shu’basi mudiri, Markazlashgan buxgalteriya hisobi va hisoboti bo‘limi boshlig‘i — ishchi guruh a’zolari. Ko‘rsatib o‘tilgan lavozimlar vakant bo‘lgan taqdirda, ishchi guruh tarkibiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan xodim kiritiladi. Jamlanma talabnomalar to‘lov oyining 15-kunidan kechiktirmasdan Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi boshlig‘i (uning vazifasini bajaruvchi) tomonidan axborot tizimida tasdiqlanadi. 178. Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida tasdiqlangan talabnomalar Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarmasi tomonidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi. Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasi tuzilgan qaydnomalardagi summalarga mos mablag‘larni pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banklari filiallarining tegishli hisobvaraqlariga moliyalashtiradi. 179. Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari to‘lov oyining 18-kuniga qadar talabnomalarni moliyalashtirish uchun pensionerlar va nafaqa oluvchilarning vafoti, ko‘chib ketganligi, vaqtincha yo‘qligi va boshqa sabablarga ko‘ra to‘lanmasdan qaytarilgan pensiya va nafaqalar summalari to‘g‘risida jamlanma tezkor ma’lumotni ushbu Nizomga 18-ilovaga muvofiq shaklda tuzadi va Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi apparatiga taqdim etadi. 180. Pensiya jamg‘armasi bo‘limida fuqarolarning pensiya va nafaqaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligi vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan quyidagi elektron ma’lumotlar asosida aniqlanadi: Adliya vazirligi (FHDY) tomonidan fuqaro vafot etganligi; Ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqaro doimiy yashash uchun chet elga ketganligi va jazoni o‘tash joylarida ekanligi; Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat uylarida vasiylikka olinganligi; pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot tomonidan pensiya to‘lovini amalga oshirish jarayonida aniqlangan fuqaro vafot etganligi, tuman (shahar) hududidan tashqariga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi. Vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan elektron ma’lumotlar asosida fuqarolarning pensiya va nafaqaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligi aniqlanganda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiyani to‘lashni to‘xtatib turish (to‘xtatish) to‘g‘risida tegishli qaror qabul qiladi. 181. Pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash (qayta hisoblash) va to‘lovlarni tashkil qilish shu’basi xodimi (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi bo‘limi mas’ul xodimi) Pensiya jamg‘armasi “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan yoki yozma ravishda pensiya va nafaqa yetkazilishi bo‘yicha murojaatlarga asosan joyiga chiqib, fuqaro bilan uchrashgan holda o‘rganish (keyingi o‘rinlarda — o‘rganish) o‘tkazadilar. Mazkur murojaat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishda huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda, ushbu fuqaro yashayotgan hudud (ko‘cha, uy yoki mahalla fuqarolar yig‘ini)da to‘liq o‘rganiladi. 182. Pensiya jamg‘armasi bo‘limining mas’ul xodimi murojaat qilgan pensioner bilan suhbat o‘tkazadi, natijasi bo‘yicha ushbu Nizomga 19-ilovaga muvofiq shakldagi o‘rganish natijalari bo‘yicha anketani to‘ldiradi. 183. O‘rganish davomida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi mas’ul xodimi quyidagi holatlarni aniqlaydi: ishonchnoma orqali pensiya to‘lovi to‘g‘ri to‘lanayotganligi; pensiya qaydnomada ko‘rsatilgan pensionerga shaxsan to‘lanayotganligi. 184. O‘rganish davomida aniqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi mas’ul xodimi tomonidan shaxs yoki tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiradi. 185. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi o‘rganish natijasida aniqlangan faktlar yuzasidan tegishli pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banklari filiallariga kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, mablag‘larni tiklashga oid zarur chora-tadbirlarni ko‘rish uchun xat (murojaat) yuboradi. Pensiyani yetkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot va tijorat banki filiali kamchiliklarni bartaraf etish va o‘zlashtirilgan mablag‘larning yoki noqonuniy to‘langan pensiya summalarining tiklanishi bo‘yicha belgilangan tartibda zarur chora-tadbirlar ko‘radi. Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasi tomonidan har chorakda Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar sifati o‘rganiladi. 186. Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmasi G‘aznachilikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari bilan birgalikda mazkur Nizomga 20-ilovaga muvofiq shakldagi pensiya va nafaqalar to‘lovi uchun yo‘naltirilgan maqsadli subvensiyalar va xarajatlar to‘g‘risida Jamlanma solishtirma dalolatnomalarini tuzadi va joriy oyning 7-kunidan kechiktirmay Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatiga taqdim etadi. 9-bob. Pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildini hisobga olish va saqlash tartibi 187. Pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi Pensiya jamg‘armasi bo‘limi idoraviy arxivida maxsus jihozlangan shkaflarda (stellajlarda) saqlanadi. 188. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildining saqlanishini ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak. Pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi yo‘qolgan va saqlanmagan taqdirda, pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildining dublikati tiklanadi. 189. Keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashovchi shaxslarning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildlari ushbu muassasalar joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limida saqlanadi. 190. O‘zbekiston Respublikasi doirasida pensionerning yashash joyi o‘zgargan taqdirda, pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi Pensiya jamg‘armasi bo‘limining so‘rovi asosida pochta orqali jo‘natiladi yoki pensionerning (ishonchli vakilning) qo‘liga beriladi. 191. Pensiya ta’minoti sohasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi qatnashchilari bo‘lgan davlatlarning fuqarolari huquqlari kafolatlari to‘g‘risida 1992-yil 13-martdagi Bitim qatnashchilari bo‘lgan davlatlarga va ijtimoiy ta’minot (pensiya ta’minoti) to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalar qatnashchilari bo‘lgan davlatlarga doimiy yashash uchun jo‘nab ketayotgan shaxsning pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi, agar ahdlashayotgan davlatlar tomonidan o‘zgacha hol belgilanmagan bo‘lsa, pensionerga (ishonchli vakilga) berilishi mumkin. Pensionerning davlat oldida u tomonidan sodir etilgan suiiste’molliklar (ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilmasligi) natijasida pensiyalar summasining ortiqcha to‘lanishi bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lganda pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi yetkazilgan zarar to‘liq qoplangandan so‘ng beriladi. 192. Pensioner ijtimoiy ta’minot (pensiya ta’minoti) to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzilmagan davlatga O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash joyiga jo‘nab ketayotganda pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildi berilmaydi va u Pensiya jamg‘armasi bo‘limi arxivida saqlanadi. 193. Ular bo‘yicha pensiya to‘lash to‘xtatilgan pensiyaga oid hujjatlar (pensiya yig‘majildlari va boshqalar) Pensiya jamg‘armasi bo‘limining idoraviy arxivida, ular bo‘yicha to‘lov amalga oshirilayotgan pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildidan alohida, qonunchilikda belgilangan tartibda belgilanadigan muddatlar mobaynida saqlanadi. 194. Qonunchilikda belgilangan saqlash muddatlari tugagandan keyin pensiyaga oid hujjatlar (pensiya yig‘majildlari va boshqalar) ilmiy-texnik ishlovdan so‘ng Pensiya jamg‘armasi bo‘limining ekspert komissiyasi qaroriga binoan yo‘q qilinishi mumkin. Pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildida mehnat daftarchasi va o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu hujjatlar pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildidan olib qo‘yilishi va qonunchilikda belgilangan muddat mobaynida saqlanishi kerak. Pensiyaga oid hujjatlarni yo‘q qilish holatini tasdiqlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan tegishli dalolatnoma tuziladi. 10-bob. Yakunlovchi qoidalar 195. Pensiya olish huquqini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan taqdim etilgan hujjatlarning (ish staji to‘g‘risida, ish haqi to‘g‘risida va shu kabilarning) ishonchliligi va asoslanganligi uchun ushbu hujjatlarni bergan tashkilotning mansabdor shaxsi hamda pensioner qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi. 196. Ishonchsiz ma’lumotlar, pensiyaga bo‘lgan huquqlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlardagi ma’lumotlarni buzuvchi tuzatishlar aniqlanganda, shuningdek, pensiyalarni tayinlash va to‘lash uchun ish beruvchi yoki arxiv tomonidan berilgan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar soxtalashtirilganda va qalbakilashtirilganda davlatga yetkazilgan zarar summasini undirish uchun javobgarlik qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu hujjatlarni bergan tashkilotlar va arxivning mansabdor shaxslariga yuklanadi. Ushbu Nizomda belgilangan qoidalarga asosan axborot tizimlaridan olingan, fuqarolarga pensiya hisoblash va to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblangan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun javobgarlik axborot tizimlariga ma’lumotlarni kiritgan yuridik va jismoniy shaxslarga yuklatiladi. Pensioner tomonidan sodir etilgan suiiste’molliklar (ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan hujjatlar taqdim etilishi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilmasligi) natijasida unga pensiyalar summasining ortiqcha to‘lanishi tufayli davlatga yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati pensionerga yuklanadi. Ortiqcha to‘langan pensiya summasi qarzdorlik aniqlangan sanadan boshlab ko‘pi bilan uch yillik davr uchun undiriladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya miqdoridan qarzdorlik aniqlangan hollarda axborot tizimidagi mavjud pensionerning mobil telefon raqamiga pensiya miqdoridan qarzdorlik kelib chiqish sababi, pensiya miqdori qayta hisoblangan muddat, qayta hisoblangan pensiya miqdori, qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi qabul qilingan qaror va qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan “SMS” xabarnomani yuborishi shart. 197. Pensiyalar tayinlash va to‘lashni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining Ichki audit boshqarmasi hamda hududiy boshqarmalarning Ichki audit, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni tayinlash monitoringi shu’basi tomonidan amalga oshiriladi. Tekshirish (o‘rganish) o‘tkazilayotgan sanadan avvalgi uch yil va undan ortiq davrda tayinlangan va (yoki) qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlarga binoan qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga (o‘rganilishiga) hamda ular bo‘yicha to‘langan ortiqcha summalarning ushlab qolinishiga (undirilishiga) yo‘l qo‘yilmaydi. 198. Ushbu Nizomni buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradi. Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA Urush qatnashchilariga tenglashtiriladigan shaxslar RO‘YXATI 1941 — 1945-yillardagi urush va boshqa urushlar davrida harakatdagi armiya tarkibiga kirgan harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda xizmatni o‘tagan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishda ishtirok etgan harbiy xizmatchilar “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga muvofiq pensiyalarga ustama pul olishga haqli bo‘lgan urush qatnashchilari hisoblanadilar. Quyidagilar urush qatnashchilariga tenglashtiriladilar: a) 1941-yilning 22-iyunidan 1954-yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davrda qiruvchi batalonlar, vzvodlar va xalqni himoya qiluvchi otryadlar tarkibida sobiq SSSR hududida jangovar harakatlarda ishtirok etgan shaxslar; b) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalarida yoki yashirin ishlarda bo‘lgan shaxslar; v) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida harakatdagi armiya tarkibida yoki harakatlar ketayotgan joylarda xizmatni o‘tagan sobiq SSSRning Ichki ishlar vazirligi organlari va Davlat xavfsizligi qo‘mitasi organlarining boshliqlar hamda oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar; g) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida harakatdagi armiya va flotlar tarkibidagi qismlar hamda bo‘linmalarda balog‘at yoshiga yetgunga qadar polk o‘g‘illari va yungalar sifatida yurgan shaxslar; d) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida temir yo‘llarning front yaqinidagi uchastkalarida, mudofaa chizig‘i inshootlarida ishlagan, harbiy-dengiz bazalari, aerodromlar hamda harbiy harakatlar ketayotgan joylardagi boshqa harbiy obyektlar qurilishi ishlarida qatnashgan xodimlar; e) harakatdagi armiya tarkibida ishlagan yollanma xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar; j) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida fashist konslagerlari (getto va zo‘rlik bilan ushlab turiladigan boshqa joylar)da bo‘lgan (tutqunlar, shu jumladan, bolalar) shaxslar; z) Leningrad shahri qamali davrida shaharning korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida mehnat qilgan va “Leningrad mudofaasi uchun” medali hamda “Qamaldagi Leningrad fuqarosiga” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar; i) 1956-yilning 24-oktabridan 1956-yilning 10-noyabrigacha bo‘lgan davrda Vengriya hududidagi jangovar harakatlar davrida harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilar; k) harbiy harakatlar ketayotgan mamlakatlarda o‘z baynalmilal burchlarini ado etgan, tinchlik o‘rnatuvchi kuchlar tarkibida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar va Davlat xavfsizlik xizmati organlarining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar hamda xizmat safariga yuborilgan ishchi va xizmatchilar. Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ILOVA Urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladigan shaxslar RO‘YXATI 1941 — 1945-yillardagi urush va boshqa urushlar davrida harakatdagi armiya tarkibidagi harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda xizmatni o‘taganda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini himoya qilishda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasi “a” bandida va 28-moddasining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan shartlar va normalarga ko‘ra pensiya bilan ta’minlanishga haqli urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar hisoblanadilar. Quyidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladilar: a) sobiq SSSR va O‘zbekiston Respublikasi chegaralarini qo‘riqlash paytida yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar; b) 1941-yilning 22-iyunidan 1954-yilning 31-dekabrigacha sobiq SSSR hududida harakat qilgan hamda qiruvchi batalonlar, vzvodlar va xalqni himoya qiluvchi otryadlarda xizmat qilgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar; v) temir yo‘llarning front yaqinidagi uchastkalarida ishlagan, mudofaa inshootlari, harbiy-dengiz bazalari, aerodromlar va boshqa harbiy obyektlar qurilishi ishlarida qatnashgan hamda 1941 — 1945-yillardagi urush davrida urush bo‘layotgan joylarda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan xodimlar; g) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida partizan otryadlari va qo‘shilmalari tarkibida yoki yashirin ishlarda bo‘lgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar; d) harakatdagi armiya tarkibidagi ishlarda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan yollangan tarkibdagi shaxslar; e) 1941 — 1945-yillardagi urush davrida fashist konslagerlarida (getto va zo‘rlik bilan tutib turiladigan boshqa joylarda) bo‘lgan davrda yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan shaxslar (tutqunlar, shu jumladan, bolalar); j) tinchlik o‘rnatuvchi kuchlar tarkibida qatnashish, shuningdek, harbiy harakatlar ketayotgan mamlakatlarda baynalmilal burchlarini ado etish tufayli yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish yoki kasallanish tufayli nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmatining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar; z) harbiy xizmatdagi vazifalarini (xizmat vazifalarini) bajarish paytida yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmatining boshliqlar va oddiy xodimlar tarkibidan bo‘lgan shaxslar; i) o‘quv mashg‘ulotlari yoki tekshirish uchun yig‘inlarga chaqirilgan va shu yig‘inlarda o‘z xizmat burchlarini bajarayotib yaralanish, kontuziya olish, mayiblanish va kasallanish natijasida nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan harbiy majburiyatli shaxslar. Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 3-ILOVA Patologoanatomiya muassasalari va sud-tibbiyot ekspertizasi muassasalarining pensiya tayinlash vaqtida mehnat staji bir yarim baravar ko‘paytiriladigan tibbiyot xodimlari ayrim toifalarining RO‘YXATI
Download 0.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling