2-Ma’ruza. Bolalar folklori


Download 11.23 Kb.
Sana04.11.2023
Hajmi11.23 Kb.
#1747721
Bog'liq
ma\'ruza M2


2-Ma’ruza. Bolalar folklori.
Bolalar folklori xalqimiz og‘zaki ijodining tarkibiy qismini tashkil etadi. Uning o‘zi topishmoq, tez aytish, sanamachoq kabi ko‘p janrlardan tashkil topgan. Kattalar folkloridagi qo‘shiq, ertaklar bolalar folklorida farzandlarga moslashtirilgan holda yaratilgan bo‘ladi. Ammo, doston, maqol, askiyalar mazmunan murakkab hayotiy muammolar bilan bog‘liq bo‘lgani sabab bolalar folklorida uchramaydi. Olimlar bolalar folklorini kimlar yaratadi, degan savolga javob berishga uringanlar. O‘zbek folklorshunosligining asoschisi Hodi Zarifov bilan bir kuni ilmiy suhbatda nima uchun bolalar folklori haqida maqola yozmaganlarini so‘radik. Shunda ustoz bu og‘zaki ijod namunalari o‘ta sirli va murakkab ekanini aytdilar va mazkur asarlar haqida maqola yozishga jur’at etmasliklarini tushuntirdilar. Ularning fikricha, ayrim qo‘shiqlardagi sirli ifodani izohlash juda mushkul ekan. Masalan:

Chori chambar


Bori anbar.
Ona qiz qayda?
Ola-bula tog‘da! –

qo‘shig‘ining mohiyat mazmuni aza bilan bog‘liqqa o‘xshaydi. Birinchi va ikkinchi misrada tobut tasviri bordek. “Chambar” doira ma’nosini beradi. Ammo chori chambar deganda, to‘rt burchak holda chegaralanish tushuniladi. Bu esa tobutga aloqador bo‘lishi mumkin. Endi “anbar”ni olaylik. Anbar “Erkaklar tobutining to‘rt burchagida tik qoqilgan tayoqlarga o‘ralgan gazlama, surp; shuningdek, ayollar tobutining tepasiga ishkom tarzida egib o‘rnatilgan tol yog‘ochlari ustiga yopilgan malla bo‘z” . Qo‘shiqning 3 va 4-misralarida “Ona qizi” so‘ralyapti va “Ola-bula tog‘” tilga olinmoqda. Bu esa ustoz izohiga ko‘ra go‘rni eslatadi. “Xo‘sh, - degan edilar ustoz, - bu qo‘shiq harakat bilan aytiladi. Ohangi sho‘x. Unda odamni ko‘mish bilan bog‘liq mazmun nima qilib yuribdi. Buni izohlash o‘ta mushkul”. Zero, bolalar folklori yuzasidan fikr yuritganda, juda ehtiyotkorlik bilan har bir so‘z, har bir ifodaning mohiyatini hisobga olish lozim. 1988 yilda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumaniga folklor ekspeditsiyasiga borganimizda talabalarimizning bitta guruhi nihoyatda gapga chechan 9-10 yoshlardagi bir bola bilan uchrashib qolgan. Undan qo‘shiq, topishmoq janrlariga mansub matnlar yozib olishgan. Suhbatning oxirida o‘zi o‘ylab topgan topishmoqni topishni so‘ragan. Topishmoq quyidagi matndan iborat edi: “Bitta daraxt. Daraxtning to‘qqizta shoxi bor. Har bir shoxning o‘ng tarafida sakkizta, chap tarafida sakkizda barg bor – shuni toping”. Talabalar daftarlarini nazorat qilayotganda, shu topishmoq hammamizni o‘ylashga majbur qildi. Oxiri topishmoq matnidagi raqamlarni yozib, uni topishga qaror qildik. Raqamlar yozilganda esa 1988 raqami aniq ko‘rindi va jumboq joriy yil ekani aniq bo‘ldi. Bunga o‘xshash misollar ekspeditsiya davomida tez-tez uchrab turadi. Aytmoqchimizki, bolalar folklori matnini ijod qilishda bevosita yoshlarning o‘zi ishtirok etishi inkor qilinmaydi. Lekin bolalar folklorining salmoqli qismi asosan kattalar tomonidan yaratiladi. Bizningcha, yozma adabiyotda o‘z asarlarini bolalar uchun yozadigan adiblar bor. Xususan, Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Hamza Imomberdiyev kabi shoir va yozuvchilarning asarlari o‘zbek bolalar adabiyoti rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan. Zamon o‘zgarib, kitoblar nashr qilingani bois asarlar mualliflari o‘z ismlari bilan yozgan she’r, ertaknamo romanlar, topishmoqlarni nashr ettirmoqdalar. Kitoblarni nashr qilish imkoni yo‘q qadim zamonlarda esa ular yodga olingan va avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tgan. Shunday qilib, bolalar folklori deb atalgan sirli javohirlar sandig‘i yaratilgan. Masalan, Tohir Mullaboyevning bitta topishmog‘ini olaylik:

Yog‘ochdan silliq tani,
Ilma teshik badani,
Bag‘ridan o‘tsa havo
Taralar mayin navo .

Shoirning nay – musiqa asbobiga bag‘ishlangan topishmog‘i bolalarga ma’qul bo‘lgani uchun ular yodlagan matnlarini bir-birlariga aytadilar.


Har kim o‘z farzandining aqliy va jismoniy jihatdan komil bo‘lib yetishishini xohlaydi. Bola yoshligidan ertak va qo‘shiqlar ta’sirida ulg‘ayar ekan, uning ma’naviy qiyofasi shakllanadi. Quvlashmachoq, bekinmachoq, chillak, varrak uchirish esa uni jismonan chiniqtiradi. Binobarin, asrlar davomida xalq bolani aql, farosat, xotira mashqlari va turli jismoniy harakatlar orqali balog‘at yoshiga yetganida hayotga har jihatdan yetuk insonni tayyorlash rejasi asosida ish olib borgan. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan o‘nlab allomalarning aynan bizning millatimiz va yurtimizdan chiqishida bolalar folkloridagi qo‘shiq, ertak, chandish, topishmoq, tez aytishlar hissasi ham yo‘q emas.
Qadim zamonlardanoq hayot tajribasini yetuk olimlardek tahlil qila olgan xalqimiz bolalar folklori asarlarini jahon pedagogikasi talablari asosida yaratishga erishdi. Bu talablarning, eng muhimi, mazkur namunalar tilidagi soddalik, mazmundagi yorqinlik bilan belgilangan. Shuningdek, bu asarlar, albatta, tarbiyaviy ahamiyat kasb etgani holda, bolalarda xalqiga, vataniga, qadriyatlarga, ajdodlariga hurmat ruhini shakllantirishi kerak edi. Bola hayot haqidagi dastlabki tajribalarga ega bo‘lganidan uy hayvonlarining tabiati va xususiyatlari, vahshiy hayvonlardagi asosiy belgilar bilan ertaklar vositasida bilib oladi. Ayni paytda, go‘zallik qadriga yetish, his-tuyg‘ularni ifodalay olish yo‘llarini o‘rganadi.
Bola go‘dakligidan onasining allasini eshitadi. Sevimli shoirimiz Cho‘lpon ona allasidagi sehrli dunyo ifodasini shunday ta’rif etadi: “Bir bola uxlamasa, alla aytadilar. Bola tez uxlab ketar. Chunki ul andin bir lazzat his qilur”. Bola ruhiga qilinadigan ta’sir, avvalo, ona mehri, ona qalbidagi muhabbat bilan yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Keksalarimiz alladagi bola ruhiga iymon, vatanga muhabbat, xalqiga hurmat, o‘zi tug‘ilgan oilaga izzat singdirish fazilatini ko‘p qayd qilganlar. “Alla” lug‘aviy jihatdan “charxpalak bo‘lmoq”, “yiqilmoq” ma’nosini ham beradi. Ayni paytda bu so‘zning “Alloh”dan olingani ham olimlar tomonidan qayd etilgan. Xalq qo‘shiqlarining bu turi deyarli hamma xalq og‘zaki ijodida bor. Uni ruslar “kolibelnaya”, gruzinlar “nanina” deb atashadi. Hatto Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘oti-t-turk” asarida “beshik” so‘zi bor. Beshik bo‘lganidan so‘ng mantiqan bolani ovutish qo‘shig‘ining bo‘lishini tabiiy hol deb qabul qilish lozim.
Download 11.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling