2-Mavzu. Ma’naviyatni yuksaltirish mexanizmlari
Download 275.22 Kb. Pdf ko'rish
|
2-maruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch tushunchalar
- ADABIYOTLAR: Asosiy
- Qo‘shimcha
2-Mavzu. Ma’naviyatni yuksaltirish mexanizmlari Reja:
1. Ma’naviyatni yuksaltirishning konseptual, huquqiy, tashkiliy hamda institutsional asoslari. 2. Ma’naviyat rivojlanish dasturlarining ishlab chiqilishi. Ma’naviy sohada huquqiy- meyoriy bazaning yaratilishi. 3. Respublika ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik Kengashi, Respublika ma’naviyat targ‘iboti markazining faoliyati. 4. Ma’naviyatni rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari
1. Ma’naviyatni rivojlantirishning konseptual asoslari – bu eng avvalo ma’naviyatni rivojlantirishga nazariy yondashuvni, ilmiy va siyosiy pozitsiyani bildiradi. Konsepsiya tushunchasi atamasi ikki mazmunda ishlatiladi. Birinchisi – nazariy qarashlar tizimi, hodisalarni, jarayonlarni nazariy jihatdan unday yoki bunday tushunish; ikkinchisi – ma’lum qarashlarning, yondashuvlarning, ta’limotlarning bosh, yetakchi g‘oyasi, bosh tamoyili va ijtimoiy mo‘ljali. Bosh yetakchi g‘oya tevaragida qarashlar tizimi shakllanadi. Birinchi holatda kotsepsiya nazariyaga teng tushuncha, uning sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Ikkinchi holatda konsepsiya ilmiy pozitsiyani, ilmiy e’tiqodni, ilmiy yondashuvni belgilovchi nuqtai nazar, nazariy g‘oya, yoki metodologiya mazmunini anglatadi. Yirik nazariyalarning tarkibiy qismlari, katta sistemalarning muayyan qismlarini tahlil qiluvchi, ochib beruvchi kichik nazariyalar ham (sistema haqidagi umumiy nazariyaga nisbatan), odatda, konsepsiyalar, deb ataladi. Masalan, O‘zbekistonda tub islohotlarni amalga oshirish nazariyasi (islohotlar nazariyasi) nisbatan kichik nazariyalardan – iqtisodiy islohotlar nazariyasidan, davlat va jamiyat qurilishi nazariyasidan, sud-huquq tizimini isloh qilish nazariyasidan, ijtimoiy islohotlar nazariyasidan, ma’naviy tiklanish va rivojlanish nazariyasidan, kadrlar tayyorlash nazariyasidan, tashqi siyosat nazariyasidan, yangi harbiy dokrinadan va sh.k.lardan tashkil topgan. Ularni umuman islohotlarga va O‘zbekistonda yangi jamiyat barpo etish nazariyasiga nisbatan konsepsiyalar deb atash mumkin. Masalan, kadrlar tayyorlash konsepsiyasi va h.k. Alohida olinganda esa, ularning har birining o‘zi nazariya va o‘z navbatida turli kichik nazariyalarga – konsepsiyalarga bo‘linadi. Iqtisodiy islohotlar nazariyasining tarkibiga davlat mulkini xususiylashtirish, konsepseyasi, mulkning turli shakllarini rivojlantirish, moliya-kredit sohasini tubdan isloh qilish, soliq-budjet tizimini takomillashtirish, bozor infratuzilmalarini yaratish va takomillashtirish va sh.k. konsepsiyalar kiradi. Davlat va jamiyat qurilish nazariyasi davlat hokimiyatining uch tarmog‘ini bir biridan ajratib, mustaqil etish, huquqiy demokratik davlat qurish, ko‘ppartiyaviylikni qaror toptirish konsepsiyalaridan, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini rivojlantirish konsepsiyalaridan, markaziy davlat idoralari vazifalarining bir qismini bosqichma-bosqich mahalliy davlat idoralariga, ularning vazifalarining bir qismini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va NNT ixtiyoriga o‘tkazish konsepsiyalaridan tashkil topgan. Keltirilgan misollarda konsepsiya tushunchasi birinchi mazmunda qo‘llanilgan. Ikkinchi mazmunga “Islohotlar islohot uchun emas – inson uchun” g‘oyasi, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” g‘oyasi, yoki barcha islohotlar – yangi jamiyat qurish, komil insonni, barkamol avlodni tarbiyalash uchun bosh konsepsiya sifatida milliy g‘oyamiz “Ozod va obod Vatanda,
erkin va farovon hayot” g‘oyasi qo‘llanilishi mumkin. Mazkur g‘oyalar masalaga umumiy metodologik yondashuvni, prinsipial pozitsiyani va maqsadni belgilaydi. Konseptual asoslar deganda muayyan nazariyaning yoki amaliy dasturning tizimga aylantiruvchi, tayanchini, poydevorini, tashkil etuvchi bosh g‘oya, tamoyillar, mezonlar, talablar tushuniladi. Ma’naviyatni yuksaltirishning konseptual asoslarini tafakkur erkinligi, fikrlar va qarashlar xilma-xilligi, (mafkuraviy plyuralizm), e’tiqod
va vijdon
erkinligi tamoyillari,umuminsoniy va milliy qadriyatlar mushtarakligi, ularga sodiqlik, buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish, vatanparvarlik, insonning o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun barcha shart-sharoitlarni (iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, axloqiy, ijodiy va sh.k.) yaratish zarurligi, insonni oliy qadriyat sifatida tan olinishi tashkil etadi. Ularni amalga oshirish uchun qilinayotgan amaliy ishlar, milliy va mahalliy dasturlar, rejalar, ularni xalq ongiga yetkazish, targ‘ibot-tashviqot, har xil g‘oyaviy, madaniy-ma’rifiy va tashkilotchilik tadbirlari, ta’lim-tarbiya tizimini, OAVni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, yangi bayramlar, an’analarni shakllantirish, eskilarini zamonaviylashtirish, o‘z umrini yashab bo‘lib, qoloq anaxronizmga aylanganlaridan voz kechish, turli xil ko‘rik-tanlovlar va barcha dasturlar, tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘lar, qo‘llaniladigan vositalar, ma’naviyat sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash va shu kabilar ma’naviyatni yuksaltirishning konkret mexanizmlari sirasiga kiradi. Ma’naviyatni yuksaltirishning huquqiy asoslarini birinchi galda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ma’naviyat, madaniyat sohasiga, vijdon va e’tiqod erkinligiga, so‘z erkinligiga, axborot olish erkinligiga, til siyosatiga, OAVga, ta’limga, jamoat tashkilotlariga, ijodiy uyushmalarga, milliy madaniy markazlarga oid va ma’naviy-madaniy hayotni va munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar tizimi tashkil qiladi. Ma’naviyatni yuksaltirishning institutsional asoslari – bu oila, mahalla, mehnat jamoasi, bog‘cha, maktab, AL va KHK, oliy ta’lim muassasalari, madaniyat muassasalari, muzeylar, kutubxonalar, teatrlar, kinoteatrlar, ko‘rgazmalar, galereyalar, madaniyat saroylari, ijodiy uyushmalar, ilmiy muassasalar, har xil to‘garaklar, milliy madaniy markazlar, OAV, matbaachilik, nashriyotlar, ma’naviyat targ‘ibot markazi, uning bo‘limlari, boshlang‘ich tashkilotlari, Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, odamlarning qiziqishlari asosida o‘zlari tuzgan klublari, jamiyatlari (masalan, filatelistlar jamiyatiga o‘xshash), ma’naviy tarbiya bilan shug‘ullanuvchi “Nuroniy” jamg‘armasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YOIH, “Vatanparvar” jamiyati kabi turli xil jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va NNTlardir. Institutsional asoslar tarkibiga kiruvchi tashkilotlar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Masalan, bog‘cha, maktab, aksariyat jamoat tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi. Urf-odatlar, marosimlar, an’analar, ijtimoiy fikr jamiyat institutlaridir. Ammo yuridik shaxs emas. Ular ma’naviy tarbiyada, ma’naviy yuksalishda juda katta ahamiyatga ega. Yoki boshqa misol: maktablardagi ota-onalar qo‘mitasi – jamiyat instituti. U maktab ma’muriyati faoliyatini maktabdagi ta’lim-tarbiya ahvolini muhokama qilish, tavsiya mazmunidagi taklif va qaror bilan ta’lim muassasasining yuqori tashkilotlariga, mahalliy hokimiyat idoralariga murojaat etish huquqiga ega. Ammo ota-onalar qo‘mitasi yuridik maqomga ega emas. Ma’naviyat yuksalishining institutsional asoslariga, shunday qilib, ta’lim va tarbiya bilan shug‘ullanuvchi barcha yuridik, noyuridik shaxs bo‘lgan jamiyat hayotida tartibga soluvchi (regulyativ) va tarbiyaviy vazifalarni bajaradigan barqaror nomoddiy ma’naviy tashkilotlar kiradi. O‘zbekistonda ma’naviyat sohasidagi islohotlarning amaliy tashkiliy asoslari ham mavjud. Bu ishlar bir necha yo‘nalishlarda olib boriladi. Birinchidan, kommunistik mafkuraga xizmat
qiluvchi davlat va jamiyat institutlari tugatildi. Masalan KPSS, VLKSM (kommunistik partiya va komsomol) tashkilotlari, davlat senzurasi, bir partiyaviylik tizimi, kommunistik mafkura yakkahukmronligi bekor qilindi. Ikkinchidan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, ularning joylardagi bo‘limlari, boshlang‘ich tashkilotlari, Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti” jurnallari, “Ma’naviyat” nashriyoti, keyinchalik “Ma’naviy hayot”jurnali tashkil etildi. Uchinchidan, ko‘ppartiyaviylik tizimi joriy qilindi, “Kamolot” YOIH, uning qoshida “Kamalak” (bolalar tashkiloti), yangidan yangi nodavlat notijorat tashkilotlari, jamg‘armalar, milliy-madaniy markazlar tuzildi. Fikrlar xilma-xilligi, mafkuraviy plyuralizm konstitutsiyaviy va huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Mustaqil OAV paydo bo‘ldi va ularning soni yildan-yil ko‘paydi. To‘rtinchidan, sovet davrida tuzilib, saqlab qolingan jamoat tashkilotlari va ijodiy uyushmalar chuqur isloh qilindi, ularga mustaqillik berildi. Ular KPSS nazoratidan, umuman partiyaviy-mafkuraviy nazoratdan ozod qilinib, faqat qonun oldida javob beradigan bo‘ldi. Masalan, urush va mehnat faxriylari kengashi “Nuroniy” jamg‘armasiga aylantirildi. Yozuvchilar uyushmasi, bastakorlar (kompazitorlar), rassomlar, teatr xodimlari va boshqa ijodiy uyushmalar badiiy usullar va ijod erkinligi tamoyillari asosida o‘z faoliyatini olib borish imkoniga ega bo‘ldilar. Sovet davrida ular faoliyatini KPSS va davlat senzurasi nazorat qilishidan tashqari, badiiy ijod sotsialistik realizm usulida rivojlanishi talab etilar edi. Beshinchidan, ta’lim-tarbiya tizimi tubdan isloh qilindi. Ta’lim-tarbiyaning yangi davlat standartlari ishlab chiqildi. Yangi darsliklar, o‘quv dasturlari yaratildi. Ular o‘zbek xalqining madaniy, ilmiy merosini, davlatchilik tarixini, tabiatini, buyuk arboblari va allomalari, adiblari va san’at namoyandalari ijodini, hayotini hamda jahon ilm-fani va madaniyatini o‘rganishni nazarda tutadi. Natijada ta’lim-tarbiya tizimida, umuman ma’naviyatimizni rivojlantirishda milliylik va umuminsoniylik to‘laroq uyg‘unlashtirish imkoni yuzaga keldi. Oltinchidan, ma’naviy-madaniy merosimizning sovet davrida xalqdan yashirilgan, taqiqlangan qismi xalqqa qaytarila boshladi, shu jumladan urf-odatlarimiz, diniy bayramlarimiz. Ma’naviy merosimizning ba’zi durdona asarlari o‘zbek tiliga ilk bor yoki qayta tarjima qilindi. Misol tariqasida Qur’oni karimning o‘zbekcha tafsirini, imom Buxoriy va imom Termiziylarning sahih hadislarini, Marg‘inoniyning “Hidoya”, Najmiddin Nasafiyning “Zubdatul haqoyiq” asarlarini, “Avesto” tarjimasini, Temur “Tuzuklari” nashrini, Alisher Navoiy asarlarining qisqartirilgan, tashlab ketilgan joylarini tiklab, qayta nashr etilishini, shaharlarimiz va buyuk shaxslarimiz yubileylarining YUNESKO otalig‘ida o‘zimizda va xalqaro miqyosida nishonlanganligi va boshqa ko‘plab tashkiliy ishlarni keltirish mumkin. Ta’kidlash joizki, tashkiliy ishlar stixiyali amalga oshirilmaydi. Ular puxta o‘ylangan, tegishli mablag‘lar va resurslar bilan ta’minlangan, bajarish muddatlari va bajaruvchilari aniq belgilangan dasturlar asosida amalga oshiriladi. Davlat va jamiyat qurilishi, umuman islohotlar dasturlaridagi tegishli qismlar, bo‘limlar, xalqimiz tarixiy xotirasini tiklash va buyuk arboblarimiz va shaharlarimiz, “Alpomish”, “Avesto” yubleylarini o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorlar, ijtimoiy ahamiyatga ega masalalarga bag‘ishlangan yillar bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturlarining tegishli qismlari va, nihoyat, uzoq muddatga mo‘ljallangan Kadrlar tayyorlar milliy dasturi, maktab ta’limini rivojlantirishning davlat umummilliy dasturi, Bolalar sportini rivojlantirish bo‘yicha har yili qabul qilinadigan maqsadli dasturlar, Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, tegishli nashriyotlar dasturlari va yillik ish rejalarini e’tirof etish lozim. Dasturlarni amalga oshirish oson ish emas. Buning uchun davlat budjetidan, tegishli jamg‘armalar va homiy tashkilotlar hisobidan mablag‘ ajratishni, ijrochi kadrlarni, mutaxassislarni, tegishli tashkilotlarni, muassasalarni, vositalarni jalb qilishni oldindan rejalashtirish kerak. Chunki bekor turgan pul ham, resurs ham, tashkilot va muassasa ham, mutaxassis ham yo‘q. Hammaning o‘z ishi bor. Bundan tashqari, barcha qilinadigan, amalga oshiriladigan ishlar, ajratiladigan mablag‘lar, resurslar qonuniy bo‘lishi lozim. Biz yuqorida va avvalgi mavzularda O‘zbekiston Konstitutsiyasi va ma’naviy hayotni, ma’naviy munosabatlarni tartibga soluvchi ba’zi qonunlarni e’tirof etgan edik. Ularga qo‘shimcha qilish lozimki, Prezident Farmonlari va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari ham ma’naviyatni yuksaltirishning huquqiy-meyoriy bazasini tashkil qiladi. Bu baza muttasil kengayib, boyib borayotir. 1994-yilda Respublika Ma’naviyat va marifat Kengashi, Ma’naviyat targ‘iboti markazi, 2006 yilda Respublika milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tuzildi. 1994 yilda “Tafakkur” jurnali, 1997 yila “Jahon adabiyoti”, 2013 yilda “Ma’naviy hayot” jurnali tashkil etildi. Respublika teleradiokompaniyasida “Yoshlar” kanali, “Ma’naviyat” telestudiyasi va ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy masalalarni yorituvchi ruknlar faoliyat yuritmoqda. Viloyatlarda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining bo‘limlari, yirik korxonalar, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida uning boshlang‘ich tashkilotlari bor. Ular aholi o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yutuqlari, mavjud muammolari to‘g‘risida, milliy g‘oya va mafkuraning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish ishlari olib boradi. Shuningdek, ma’naviyat targ‘ibot bo‘limlari milliy madaniy-ma’naviy merosimiz, jahon xalqlari madaniyati yutuqlari bilan tanishishga ko‘maklashadi. Ma’naviy tahdidlar va xurujlar, diniy va siyosiy ekstremizm, boshqa buzg‘unchi g‘oyalardan odamlarni ogoh etadi, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga yordam beradi. Odamlarimizni vatanparvarlik, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalaydi. Ularni oliy maqsadimiz – ozod va obod Vatanda, erkin va farovon hayotni barpo etishga ilhomlantiradi, bu maqsadga safarbar etishga, odamlarga o‘z yaratuvchilik imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashadi. Ayni paytda ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda targ‘ibiy-tashviqiy, tarbiyaviy ishlar odamlar ongi bilan manipulyatsiya qilish, odamlar ongini, dunyoqarashini, ma’naviy dunyosini boyitish yo‘nalishida va maqsadida olib borilmaydi. Aksincha, ular odamlar ongini, dunyoqarashini, ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida olib boriladi. Odamlar ongi bilan manipulyatsiya qilish ularning ongiga tegishli siyosiy doiralar, tabaqalarning g‘arazli manfaatlarini ifodalaydigan biryoqlama fikrlarni singdirish, odamlarni bu doiralarga foydali yo‘sinda fikrlashga o‘rgatishdir. Mafkuraviy kurash, axborot xuruji, odamlarni maxsus tanlangan, tizimlashtirilgan, noto‘g‘ri talqin qilinadigan, ba’zan ochiqchasiga soxta, yolg‘on axborotni tarqatishdan maqsad odamlar ongi bilan manipluyatsiya qilishdir. Shu sababdan ta’lim-tarbiya muassasalarining, ma’naviy tarbiyaning, ma’naviyat targ‘ibot barcha bo‘g‘in tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biri ma’naviy tahdidlarga, mafkuraviy kurashga, axborot xurujiga qarshi turish qatorida odamlarda, ayniqsa yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishdir. Bunga odamlarning dunyoqarashi, bilimlari boyishi, asl milliy va umuminsoniy qadriyatlarini o‘zlashtirishi asosida erishiladi. Qo‘rqitish, soxtalashtirish yoki mavhum, turmush muammolaridan uzilgan pandu-nasihatlar orqali emas. G‘oyaviy-mafkuraviy, tarbiyaviy ishlar uzluksiz, rejali, ilmiy asoslangan, dalillangan, mavjud qiyinchiliklarni xas-pushlamagan holda olib borilishi lozim. Auditoriyaning yoshi, qiziqishlari, madaniy saviyasi hisobga olinishi kerak. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarda interfaol usullardan, zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanish yaxshi samara beradi, auditoriyani qiziqtiradi. Ma’naviy-ma’rifiy tarbiyada uning individual, zamonaviy va ommaviy usullarini birga qo‘shib olib borish zarur.
Ma’naviyatni yuksaltirish mexanizmlari yuqorida keltirilgan uslubiy yondashuvlardan tashqari, qator konkret-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy,pedagogik, psixologik va institutsional mexanizmlardan ham tashkil topgan. Ma’naviyatning moddiy-iqtisodiy bazasini mustahkamlash, yangi madaniyat muassasalari, axborot resurs markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, turli ijodiy to‘garaklar, ayniqsa badiiy havaskorlik to‘garaklari sonini ko‘paytirish ana shunday mexanizmlar guruhidan biridir. Yoshlar va katta yoshdagi kishilar uchun turli xil ijodiy ko‘rik tanlovlar, ijodiy festivallar, ko‘rgazmalar o‘tkazish, ijodkorlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, yurtimizning tarixiy shaharlari va tabiati bag‘riga sayohatlar uyushtirish, ichki turizmni rivojlantirish yana mexanizmlarning bir guruhini tashkil etadi.
Xalq ijodi, san’ati, havaskorligi, madaniy an’analari, urf-odatlari, xalq o‘yinlari, sayllari, o‘yinchoqlari, qo‘g‘irchoqlari va boshqa nomoddiy boyliklarini e’zozlab rivojlantirish qatorida boshqa xalqlar adabiyotiga, san’atiga, madaniyatiga bag‘ishlangan kechalar, tadbirlar, kino va adabiyot kunlarini tashkil qilish asarlarini o‘zbekchaga ag‘darib, nashr etish ham ma’naviyatimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida yuksaltirish mexanizmlaridir. Radio, televideniye, OAVni, internetda o‘z saytlarimizni rivojlantirish ma’naviyatni yuksaltirishning ta’sirchan va qudratli mexanizmlaridir. Ichki bozorni buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi chetdan noqonuniy keltirilayotgan “madaniy” mahsulotlardan himoya qilish, madaniy kontrabandaning oldini olish, bu boradagi huquqiy mexanizmni takomillashtirish ham ma’naviyatni yuksaltirishning mexanizmlari hisoblanadi.
1. Nazarov Q. Aksiologiya: qadriyatlar falsafasi. T., Ma’naviyat. 1998. 2. SHayxova X, Nazarov Q. Umuminsoniy qadriyatlar va ma’naviy kamolot. T., SHarq.1992. 3. SHermuhammedov S., Ochildiev A. Qadriyatlar, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni. T., SHarq . 1999. 4. Imomnazarov M., Saidov U. Milliy taraqqiyotning ma’naviy-axloqiy asoslari. T., Akademiya, 2005. 5. Karimov I.A. Inson, uning xuquq va erkinliklari oliy qadriyat. T.,14. T., O‘zbekiston, 2006. Qo‘shimcha: 1. Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T.7., T., O‘zbekiston, 1999. 2. Karimov I.A. O‘zbekiston XX1 asr bo‘sag‘asida (Xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. T.6. T., O‘zbekiston, 1998 3. YUsupov E. Inson kamolotining ma’naviy asoslari. T., Univesitet, 1998. 4. Musurmonova .O. Ma’naviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasi. T., O‘qituvchi, 1996. 5. Komilova M., Abidova S. Milliy axloqiy qadriyatlar va ularning tarbiyaviy ahamiyati. T., Fan.2000. 6. Temirov F., Nazarova S. Jamiyat va qadriyatlar. T., O‘zbekiston, 1992. Download 275.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling