2-mavzu. O`simliklar seleksiyasida boshlang`ich material


Download 16.42 Kb.
Sana13.05.2023
Hajmi16.42 Kb.
#1456693
Bog'liq
mavzu-2


2-mavzu. O`simliklar seleksiyasida boshlang`ich material
Reja:

  1. O`simliklar seleksiyasida foydalaniladigan boshlang`ich material va uning toifalari. Tabiiy populatsiyalar, duragay populatsiyalar, o`zidan changlangan (insuxt) liniyalar, sun’iy mutatsiyalar va poliрloid shakllar.

  2. Chetdan keltirilgan boshlang`ich material. O`simliklar introduksiyasi.

  3. Seleksiya usullari. Analitik seleksiya. Seleksiyaning sintetik usuli. Duragaylash yo`li bilan boshlang`ich material yaratish.

  4. Chatishtirish uchun ota va ona juftlarini tanlash. Duragaylash tartibi. Duragay bo`g`inlar bilan ishlash. Uzoq shakllarni duragaylash.

  5. Sun’iy mutatsiya va undan seleksiyada foydalanish.

Tayanch so`z va iboralar: o`simliklar seleksiyasi, boshlang`ich material, tabiiy populatsiyalar, duragay populatsiyalar, o`zidan changlangan (insuxt) liniyalar, sun’iy mutatsiyalar, poliрloid shakllar, o`simliklar introduksiyasi, seleksiya usullari, analitik seleksiya, seleksiyaning sintetik usuli.

O`simliklar seleksiyasida foydalaniladigan boshlang`ich material va uning toifalari. Seleksiya ishi boshlang`ich materialni tanlashdan boshlanadi. Boshlang`ich material qahchalik to`g`ri tanlansa, shunchalik oson va tez maqsadga erishish mumkin. Akademik N. I. Vavilov «Seleksiya ishining muvaffaqiyatlari hammadan ko`ra ko`proq boshlang`ich materialni tanlashga bog`liqdir», deb ko`rsatgan edi. Boshlang`ich material deb, seleksiyada yangi navlar yaratish uchun qo`llaniladigan madaniy va yovvoyi o`simliklarga aytiladi.


Seleksiyada foydalaniladigan boshlang`ich materiallar asosan, uch toifaga bo`linadi:
1. Tabiatda mavjud bo`lgan o`simliklar.
2. Duragaylash yo`li bilan yetishtirilgan o`simliklar.
3. Sun’iy mutatsiya, poliрloidiya va boshqa usullar bilan olingan o`simliklar.
Tabiatda mavjud bo`lgan o`simliklardan seleksiyada keng foydalanish uchun o`simliklar sistematikasi, ekologiyasi va geografiyasini chuqur bilish lozim.
Hozirgi zamon seleksiyasi uchun boshlang`ich materiallar to`rt guruhga bo`linadi:
• tabiiy populatsiyalar;
• duragay populatsiyalar;
• o`zidan changlangan (intsuxt) liniyalar;
• sun’iy mutatsiyalar va poliрloid shakllar.
O`simliklarning yovvoyi holda o`sadigan xillari, ekinlarning mahalliy navlari va o`simliklarning jahon kollektsiyasi namunalari tabiiy populatsiyalar deb ataladi.
Duragaylash natijasida paydo bo`lgan o`zaro erkin chatishadigan, lekin bir-biridan irsiy belgilari bilan farq qiladigan o`simliklar guruhi duragay populatsiyalar deb ataladi. Ular ikki xil bo`ladi:
• bir botanik turga mansub bo`lgan nav va shakllardan chatishtirib olingan tur ichidagi duragay populatsiyalar;
• boshqa-boshqa botanik tur yoki turkumlarga mansub bo`lgan ekinlardan chatishtirib olingan turlararo va turkumlararo duragay populatsiyalar.
O`zidan changlangan (intsuxt) liniyalar deb chetdan changlanadigan o`simlikni ko`p marta majburan o`zidan changlantirib olingan bir o`simlikning nasliga aytiladi. Geterozisli duragaylar yaratishda yaxshi liniyalar tanlab olinib o`zaro yoki navlar bilan chatishtiriladi. Buning natijasida olingan duragay urug`lar ekilgan yili hosildorlik keskin oshadi. Shuning uchun intsuxt liniyalar duragaylarining urug`ini har yili yetishtirish kerak.
Sun’iy mutatsiyalar va poliрloid formalar deb, o`simliklarga radiatsiyaning har xil turlari, maxsus kimyoviy moddalar, harorat va boshqa omillar bilan ta’sir etib yaratilgan boshlang`ich materialga aytiladi.
Seleksiyaning rivojlanish tarixida turli boshlang`ich materiallar ahamiyati turlichadir. Tabiiy populatsiyalar ko`p asrlar davomida seleksiya uchun yagona boshlang`ich material bo`lib kelgan. Genetika fani paydo bo`lishi va rivojlanishi natijasida seleksiyada duragaylashni qo`llash nazariy jihatdan asoslab berildi. Mamlakatimizda seleksiya uchun boshlang`ich material yaratishda duragaylash usulini qo`llash 1920-yillardan boshlandi.
Hozirgi vaqtda deyarli hamma ekinlar seleksiyasida tur ichida duragaylashdan foydalanish asosiy usul hisoblanadi. O`tkazilishi jiddiy qiyinchiliklar bilan bog`liq bo`lishiga qaramasdan, bir qator muhim qishloq xo`jaligi ekinlari seleksiyasida uzoq shakllarni duragaylashdan ham keng foydalanilmoqda. Mutantlar va poliрloid shakllar seleksiya uchun eng yangi boshlang`ich material bo`lishiga qaramasdan, ulardan foydalanish ba’zi ekinlar sohasida yil sayin ko`paymoqda hamda yaxshi amaliy natijalar bermoqda. Masalan, tadqiqotchi N. Nazirov g`o`za seleksiyasida radiatsiyadan foydalanishning istiqbollari katta ekanligini 1977-yildayoq yozgan edi. G`o`zaning radio mutantlari va ularning duragaylari katta ahamiyatga ega bo`lmoqda.
Chetdan keltirilgan boshlang`ich material. Tabiiy populatsiyalar va ekinlarning mahalliy navlari hozirgi zamon seleksiyasining talabini to`la qondirolmaydi, chunki ular mahalliy sharoitlarga ekologik jihatdan yaxshi moslashsa-da, yangi navlarda bo`lishi zarur hisoblangan hamma sifatlarga ega emas. Ekinlarning talabga to`la javob beradigan navlarini yaratish uchun seleksiyada chet mamlakatlardan yoki boshqa qit’alardan keltirilgan dastlabki materialdan ham foydalanish kerak. Bir qator mamlakatlar dehqonchiligining tajribalari boshqa davlatlardan keltirilgan navlardan foydalanish katta ahamiyatga ega ekanligini yaqqol ko`rsatib turibdi. Masalan, AQSH va Kanadada bug`doy, arpa, javdar, xashaki ekinlar va mevali daraxtlar yaxshi navlarining juda ko`pchiligi Rossiyadan, Hindistondan va G`arbiy Yevropadan olingan boshlang`ich materialdan foydalanish natijasidir. AQSHning qurg`oqchilik hududlarida ekiladigan bug`doyning hamma navlari mamlakatimizning janubiy cho`1 hududlari, shu jumladan, O`rta Osiyo respublikalari navlari negizida yaratilgan. AQSH, Kanada va Argentinada Yevropadan, Hindistondan va Xitoydan keltirilgan navlar asosida kuzgi va bahori bug`doyning ajoyib navlari yaratilgan.
I.V. Michurin selektsionerlar ichida birinchi bo`lib, o`simliklarning geografik jihatdan uzoq shakllarini duragaylashga katta e’tibor berdi. U shu yo`l bilan mevali o`simliklarning ko`p qimmatbaho navlarini yaratdi. AQSH, Kanada, Shvetsiya, Fransiya, Hindiston, Yaponiya kabi mamlakatlarda ekinlarning yuqori hosil beradigan, kasalliklarga chidamli, mahsulotining sifati yaxshi, boshqa muhim belgi va xususiyatlari bilan mashhur bo`lgan seleksion navlari ko`pdir. Ulardan seleksiyada, ayniqsa, duragaylash yo`li bilan boshlang`ich material yaratishda foydalanish muhim ahamiyatga ega. Ba’zi chetdan keltirilgan navlar mamlakatimizning ko`pchilik tuproq-iqlim sharoitlarida tumanlashtirilib, keng maydonlarga ekilmoqda. Masalan, bug`doyning «Sete-Serros-66» navi Meksikadan, arpaning «Dea», kartoshkaning «Voltman» va «Berlixingen» navlari Germaniyadan, «Rannyaya roza» navi Amerikadan keltirilib, to`g`ridan to`g`ri ekilgan.
G`o`za, kartoshka, arpa kabi ekinlarning respublikamizda tarqalgan qimmatli navlarini yaratishda chetdan keltirilgan navlar katta ahamiyatga ega bo`lmoqda. Masalan, kartoshkaning «Zarafshon» navini yaratishda Germaniya va Chilidan keltirilgan navlardan foydalanildi. Hozirgi vaqtda ko`pchilik ekinlarning chetdan keltirilgan nav va duragaylari mamlakatimizda tumanlashtirilib, bevosita katta maydonlarda ekilmoqda. Masalan; bug`doyning «Suasson», «Tribor», «Baltazar», «Neodur», «Tetradur» navlari Fransiyadan, «MV-16», «GK-Kata» navlari Vengriyadan, «Giza-163», «Saxa-69» navlari Misrdan, arpaning «Vodka» navi Fransiyadan, makkajo`xorining «Simbad», «Avizo», «Figaro» duragaylari Fransiyadan, «Brilliant», «Ilka», «Nart» duragaylari Vengriyadan, «Domingo», «Mango», «Tema» duragaylari Germaniyadan, kartoshkaning «Sante», «Romano», «Kondor», «Pikasso», «Diamant», «Kardinal», «Binella» navlari Gollandiyadan, «Likariya», «Karatop», «Latona», «Simfoniya», «Ilona», «Granola» navlari Germaniyadan keltirilgan.
Seleksiya ishida o`simliklarning yovvoyi tur va xillari ham boshlang`ich material sifatida muhim manba hisoblanadi, chunki ularning ichida qurg`oqchilikka, sovuqqa, tuproq sho`riga, kasallik va zararkunandalarga o`ta chidamli, mahsulot sifati bo`yicha ajralib turadiganlari bor. O`simliklarning yovvoyi xillaridan bug`doy, arpa, g`o`za, kartoshka va boshqa ekinlar seleksiyasida keng foydalanilmoqda. Akademik N. V. Sitsin bug`doy bilan unga yaqin bo`lgan yovvoyi o`t–bug`doyiqni chatishtirib, noqulay sharoitlarga chidamli, hosildor, doni sifatli, belgi va xususiyatlari yaxshi saqlanadigan bug`doy-bug`doyiq duragay navini yaratishga muyassar bo`ldi.
Akademik S. Mirahmedov g`o`zaning yovvoyi xillaridan, jumladan, Meksika yarimyovvoyi g`o`zasidan foydalanib (uni «C-4727» navi bilan takroriy chatishtirib), tezpishar va viltga chidamli «Toshkent-1» navini yaratdi.
Hozirgi zamon seleksiyasida kartoshkaning yovvoyi turlaridan foydalanib, tezpishar, bir yilda ikki marta hosil beradigan, virus kasalliklariga, rak, fitoftora, nematodalar, Kolorado qo`ng`iziga, har qanday noqulay sharoitlarga chidamli, intensiv navlari yaratilmoqda. Bu sohada S.M. Bukasov, P.I. Alsmik, A.Y. Kameraz va boshqa seleksioner olimlarning samarali ishlari diqqatga sazovordir.
Download 16.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling