2-mavzu. Umurtqalilar yoki bosh skeletlilar kenja tipining umumiy tavsifi va sistematikasi. Baliqlar (pisces) katta sinfi


Download 88.52 Kb.
bet21/24
Sana26.11.2021
Hajmi88.52 Kb.
#177729
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24
Bog'liq
2-maruza

4. Baliqlar ekologiyasi. Baliqlar barcha tuban xordalilar singari butun umri suvda o’tadi. Ular suvdan chiqarib olinsa, tezda jabralari qurib, bo’g’ilib o’lib qoladi. Kamdan-kam baliq turlarigina maxsus moslama organlarining bo’lishi bilan suvdan tashqarida bir necha soatgacha tirik tura olishi mumkin.

Umuman, hozirgi vaqtda yer sharining, ya’ni planetamizning kattaligi 510 million kvadrat km bo’lsa, shundan 361 million kvadrat km yoki 71% i okean va dengiz suvlari bilan qoplangan. Shundan 51% da baliqlar yashaydi. Okeanlarning eng chuqur joylari 11 km ga yetadi. Okeanlarning 3 km dan ortiq chuqur joylari barcha dengiz suvlarining taxminan 51-58 % ga to’g’ri keladi. Yer sharining 2,5 million kvadrat km gina, ya’ni 0,5% gina ichki suvliklardan iborat.

Baliqlar baland tog’lardagi suvliklarda, ya’ni dengiz sathidan 6000 metr balandlikda ham va okeanlarning 10000 metrlik chuqurliklarda ham yashaydi.

Baliqlar barcha tuban xordalilar singari butun umri suvda o’tadigan hayvonlardir. Baliq suvdan chiqarib olinsa, u ojizlanib, tezda xalok bo’ladi. Demak suv baliqlar yashaydigan yagona muxit xisoblanadi va uning o’ziga xos bir qancha xossalari bor.

1. Suv atmosfera xavosini erita oladi. Shu sababli baliqlar erigan kislorod bilan nafas oladi.

2. Suv kuchli erituvchidir, shu sababli suvdagi moddalar suv organizmlarining (baliqlarning) iste’moli uchun yaroqli holga keladi.

3. Suvda bug’ xosil qiladigan yashirin issiqlik bo’ladi, shu sababli suv bug’langanida uning ustki qatlami tez soviydi va pastga tusha boshlaydi. Bu esa suvning aylanib yurishiga sabab bo’ladi.

4. Suvning issiqlik sig’imi yuqori bo’lganidan, uning temperaturasi sutka va yil fasllariga qarab amosfera temperaterasiga nisbatan kam o’zgaradi.

5. Suv muzlaganda uning ustki qavati muzlaydi. Muz qatlami pastki qatlamlaridan issiqlik ajralishni tutib turadi va suvning tubigacha muzlashga yo’l qo’ymaydi.

6. Suvning solishtirma og’irligi baliqlarning solishtirma og’irligiga yaqin. Shunga ko’ra ko’pchilik baliqlar butun umrini suv bag’rida o’tkazadi va substratga muxtoj emas.

Suvda yashaydigan baliqlarning hayotida suvning temperaturasi, suvdagi kislorod va tuzlar katta axamiyatga ega.

Baliqlar sovuqqonli hayvonlar hisoblanadi, ya’ni ularning tana harorati doimiy emas, balki to’g’ridan-to’g’ri atrof-muhit haroratiga qarab o’zgarib turadi. Bu esa organizmning fiziologik xususiyatiga bog’liq, jumladan, issiqlik hosil qilish jarayoniga bog’liq. Baliqlarda issiqlik hosil qilish jarayoni juda sekinlik bilan boradi. Umumiy qoidaga muvofiq, suv harorati ko’tarilsa, baliqlar ko’p oziq yeydi, gazlar almashinuvi kuchayadi, baliqlarning o’sish sur’ati, jinsiy mahsulotlarning yetilishi tezlashadi. Shuni aytish kerakki, har bir tur baliq uchun ma’lum harorat chegarasi bor.

Ayrim baliq turlari suvda haroratning o’zgarishiga chidab, yashashni davom ettiradi, bunday baliqlar evriterm hayvonlar guruhiga kiradi, boshqa bir tur baliqlar esa suvning harorati salga o’zgarsa ham halok bo’ladi, bular stenoterm hayvonlar guruhiga kiradi.

Dengiz suvlari odatda kislarodga to’yingan bo’ladi, ba’zi dengiz suvlari kislorodga o’ta to’yingan bo’ladi. Buning aksicha, qit’alar ichidagi suvlarda kislorod miqdori turlicha. Shuning uchun chuchuk suv baliqlari orasida kislorodga turlicha ehtiyoj sezadigan turlari bor.

Baliqlar kislorodga bo’lgan talabini hisobga olib to’rtta guruhga bo’linadi.

1. Kislorodni juda ko’p talab qiluvchi baliqlar, ya’ni 1 litr suvda 7-11 sm3 kislorod bo’lgan suvlarda yashaydigan baliqlarga asosan, gulmoy, kumja, peskar, nalim va golyan kabilar kiradi. Bu baliqlar suvi sovuq va tez oqar daryolarda yashaydi. Sho’xoqar tog’ daryolardagi suvlar hamma vaqt havo bilan to’yingan bo’ladi.

2. Ko’p kislorod talab qiluvchi baliqlar,ya’ni 1 litr suvda 5-7 sm3 kislorod bo’lgan suvlarda asosan xarius, golavl, toshbaliq, peskar kabilar yashaydi.

3. Nisbatan kam kislorod talab qiluvchi baliqlar, ya’ni 1 litr suvda 4 sm3 kislorod bo’lgan suvlarda asosan, chaboq baliq, plotva, olabug’a va toshbaliqlar yashaydi.

4. O’ta kam kislorod talab qiluvchi baliqlar. Ular kislorodi juda kam bo’lgan oqmas suvlarda yashaydi, ya’ni bunday suvlarning 1litrida 0,5 sm3 kislorod bo’ladi. Bunday suvlarda zog’ora baliq, lin va tobon baliqlar yashaydi. Bu baliqlar suvda erigan kislorod yetishmay qolganda tezda suvning yuzasiga chiqib, og’iz orqali atmosfera havosini yutib, jabra bo’shlig’iga kiruvchi suvni shu havo bilan boyitadi. Yana vyun degan baliq turi borki, u daryoning eski o’zanida va kichik ko’llarda yashab, yuqoridagi baliqlarga o’xshab to’g’ridan-to’g’ri havodan nafas olmay balki atmosfera havosini ichagiga yutadi, havo baliq ichagi orqali o’tar ekan, kislorodning bir qismini yo’qotib, anal teshigidan chiqadi, bu kislorod ichakning qalin kapillyarlar to’ri bilan ta’minlangan o’rta va keyingi bo’limlarida yutiladi. Ayrim chuchuk suv baliqlari ham shu tariqa ichakdan nafas oladi.

Suv havzalarida mavsumiy muz qoplamining hosil bo’lishi baliqlar uchun ham ijobiy, ham salbiy rol o’ynaydi. Avvalo, muz qoplami suvning pastki qatlamlarini havoning sovuq haroratidan himoya qiladi, suvning tubigacha muzlashiga to’sqinlik qiladi. Bu holat baliqlarni qishda havo harorati nihoyatda past bo’lgan joylarga tarqalishiga imkon beradi. Muz qoplamining ijobiy tomoni shundan iborat. Muz qoplamining baliqlar hayotidagi salbiy tomoni esa, avvalo muz qoplami suvning havodan kislorod bilan to’yinishini keskin kamaytiradi. Qish vaqtida ko’pgina suv havzalarida chirish jarayonlari natijasida kislorod miqdori juda ham kamayib ketib, baliqlarni nafasi bo’g’ilib, ko’plab nobud bo’ladi. Bunday hodisalar MDH ning ko’pgina oqmaydigan va sekin oqadigan suv havzalarida tez-tez bo’lib turadi. Bu hodisani o’lat (zamor) deyiladi. Odatda, zamor qishda suv muzlaganda ro’y beradi, ya’ni muz qatlami suvga atmosferadan kislorodning o’tishiga to’sqinlik qiladi, suvdagi bor kislorod esa chiriyotgan organik moddalarning oksidlanishiga sarf bo’ladi. Suvda vodorod sulfid yig’ilib qolishidan ham baliqlar ko’plab halok bo’ladi. Bunday gazlar suv havzalarida kislorod yetishmaganida organik moddalarning chirishidan hosil bo’ladi.

Suvdagi tuz miqdorining baliqlarga ta’siri. Dengiz suvlari tarkibida asosan xlorid tuzlari, ya’ni osh tuzi va magniy xlorid hamda anchagina magniy sulfat bo’lishi bilan xarakterlanadi. 1000 qism dengiz suvida o’rtacha 35 qism har xil tuzlar bo’lishi mumkin. Mana shu tuzlardan 90% xlorli tuzlarga to’g’ri keladi. Chuchuk suvlarda esa xlorid tuzlar juda oz miqdorda bo’ladi. Har xil dengizlarda suvning sho’rlik darajasi turlicha bo’ladi. Masalan: daryo suvlari bilan chuchuklashgan Boltiq dengizida 1000 qism suvga 7 qism tuz to’g’ri keladi. Qora dengizda esa 1000 qism suvga 45 qism, Kaspiy dengiznig qorabo’g’oz ko’rfazida 1000 qism suvga 200 qism tuz to’g’ri keladi va bunday suvlarda hech qanday hayot bo’lmaydi.

Baliqlarning har xil turlari turlicha tuzli suvlarda yashashga moslashgan, ya’ni ular chuchuk suvdan tortib 70 qism va undan ham ko’proq tuz to’g’ri keladigan suvlarda yashaydi. Ayrim tur baliqlar suvdagi tuz miqdorining yuqori bo’lishiga chidasa, boshqa tur baliqlar esa suvda tuz miqdori sal yuqori bo’lsa ham nobud bo’ladi. Masalan: buqa baliqlar, kaspiy nina balig’i 1000 qism suvda 60 qismgacha tuz bo’lgan suvlarda yashaydi. Chuchuk suv baliqlaridan tikan qanotli baliqlar, qilquyruqlar 0,2-0,3% tuzli suvda ham nobud bo’lishi mumkin. Ko’pgina o’tkinchi baliqlar esa suvning har xil darajadagi sho’rligiga moslashgan bo’ladi.

Suvning tovush o’tkazuvchanligi juda kuchli. Baliqlar bundan yaxshi foydalanadi, ya’ni ularda tovush signalizatsiyasi kuchli rivojlangan. Baliqlarda suvda tovush orqali bir-birlariga signal berish yaxshi rivojlangan. Bir turdagi baliqlar suvda tovush chiqarib bir-birlariga informatsiya beradi. Shuni ham aytish kerakki, baliqlar chiqaradigan tovushlar exolokatsiya ahamiyatiga ham ega bo’lishi mumkin. Yana shu narsa qiziqki, suvning ovoz o’tkazish xususiyati havoning ovoz o’tkazish xususiyatiga nisbatan 4,5 marta ko’p.

Baliqlarning asosiy ekologik guruhlari. Baliqlarning ekologik guruhlarini aniqlash uchun avvalo baliqlarning suvdagi tuz miqdoriga bo’lgan munosabatini va suv havzalaridagi yashash joylarini bilish kerak. Suvmuhitida yashash sharoitlarining har xil bo’lishiga qaramasdan, baliqlarni uchta ekologik guruhga bo’lish mumkin: pelagik, abissal va litoral.

1. Pelagik (ochiq suv muhitida yashovchi) baliqlar, suvning yuzasidan boshlab 150-200 metr chuqurlikkacha boradigan suv bag’rida yashaydi. Ularning ko’pchiligi juda ham faol va tez suzadi. Gavdasi uzun duksimon bo’lib, suvda suzib yuruvchi organizmlarni qidirib topib oziqlanadi va suv bag’riga yoki suv qirg’oqlariga yaqin sayoz joylarda ko’payadi. Bu baliqlar ochiq suv muhitida yashaganliklari uchun juda tez suzadi. Pelagik baliqlar ekologik guruhiga akulalar, makrel, lososlar, tunetslar, sardinalar, seldlar, yelkan baliqlar, treskalar, oq sla, siglar va uchar baliqlar kiradi. Pelagik baliqlarga passiv holda yashovchi oy baliq ham kiradi. Pelagik baliqlarning orqa tomoni qoramtir, qorin tamoni kumushsimon rangda bo’ladi, lichinkalari esa tiniq shisha rangiga o’xshash bo’lib, ular dushman ko’ziga ilinmaydi.

2. Litoral baliqlar guruhi. Bu guruhga kiruvchi baliqlar suv havzalarining qirg’oqlariga yaqin joyda, ya’ni sohil yaqinida va suv tubi bilan ma’lum darajada bog’langan holda yashaydi. Bu yerda ular oziq topadi, yashaydi, ko’payadi. Suv tubidagi har xil toshlar, marjon orollaridagi yoriq kovaklari, suv o’tlari, qum va balchiqlar bu baliqlar uchun boshpana hisoblanadi. Pelagik baliqlar guruhiga qarshi o’laroq, litoral guruhiga kiruvchi baliqlar kam harakatchan. Bu baliqlarning tuzilishi va ko’rinishi ham har xil, ya’ni ba’zilarining gavdasi yapaloq bo’lib, suv tubida yashaydi. Litoral baliqlar guruhiga skatlar, kambalalar, dengiz shayton baliqlari, dengiz buqacha baliqlar, dengiz kuchukchalari kiradi. Bu baliqlarning ko’zlari ma’lum darajada yuqoriga qaragan, og’zi esa oziqlanish usuliga qarab yoki yuqoriga qaragan (dengiz shayton balig’i) yoki pastga qaragan (skatlar) bo’ladi. Hayotining ko’p qismini suv tubida o’tkazadigan baliqlarning gavdasi yapaloq va og’zi bilan ko’zi yuqoriga qaragan bo’ladi. Litoral guruhiga kiruvchi baliqlarning ko’pchiligida shakli o’zgargan suzgich qanotdan yuzaga kelgan so’rg’ichlari bo’ladi. Suv tubida yashaydigan turlarida esa (dengiz shayton balig’i, uch tikanli baliq) ko’krak suzgich qanotlari suv tubida o’rmalab yuruvchi harakat organiga aylangan. Chuchuk suvda yashaydigan litoral baliqlar guruhiga ko’pchilik karpsimonlar ham kiradi. Suv tubida yashab, suv tubini kovlab ovqat topadigan turlarida tuyg’u vazifasini bajaradigan mo’ylovlari bo’ladi. Har xil laqqa baliqlar, peskar va zog’ora baliqlar shular jumlasidan hisoblanadi. Suv tubidagi balchiqni kavlab yashaydigan ayrim baliqlarning gavdasi ilonga o’xshab uzun bo’ladi. Bunday baliqlarga ilonbaliqlar, vyun, lepidosiren, protopteruslar kiradi. Suv tubida yashaydigan nihoyatda g’alati shakldagi baliqlardan dengiz toychasini ham aytib o’tish kerak.

Ular suv o’tlari orasida gajjakka o’xshash dumi bilan suv o’tlariga o’ralib yashaydi. Suv tubida yana gavdasi qattiq pantsir (kosa) ichiga joylashgan kuzovkalar ham uchraydi. Suvning qirg’oq qismida yashaydigan buqa baliqlar, dengiz itchalari, sakrovchi loyqa baliqlar va anabas, ya’ni o’rmalovchi olabug’a baliqlarning yashash tarzi ham g’alati. Masalan: dengiz itchalari dengiz to’lqinlari kelib urilganda suvga ko’milib, to’lqin qaytganda ochilib qoladigan toshlar ustiga chiqib o’tiradi. Sakrovchi loyqa baliq bilan anabas asosan Hind va Tinch okeanlarining tropik qismidagi tagi loyqa bo’lgan suv havzalarining qirg’oqlarida yashaydigan kichkina baliqlar bo’lib, ular hasharot izlab suvdan quruqlikka chiqadi va go’shtdor ko’krak suzgich qanotlari yordamida qirg’oqdagi toshlar, daraxtlar ildizlari ustiga chiqib bir necha soatgacha turadi. Bu paytda terisi orqali nafas oladi. Ularning ko’zlari havoda ko’rishga moslashgan. Tropik Osiyo daryolarida yashaydigan anabas suvdan quruqlikka chiqib, uzoq masofaga o’rmalab ketadi va jabra qopqoqlaridagi tikanlari yordamida xurmo daraxti tepasiga chiqadi. Anabaslar bunday paytda jabra bo’shlig’idagi qon tomirlari bilan ta’minlangan labirint, ya’ni yupqa suyak plastinkalari orqali nafas oladi. Nihoyat ikki xil nafas oluvchilar ham shu guruhga kiradi va ular suvdan tashqarida bir necha oylab uxlab yotadi.

3. Abissal baliqlar guruhi.Abissal guruhiga kiruvchi baliqlarning turlari unchalik ko’p emas. Ular asosan dengiz va okeanlarning tubida katta chuqurliklarida yashaydi. Bunday katta chuqurliklarning asosiy xossalari – bosimning juda yuqori bo’lishi, yorug’likning mutlaqo yo’qligi, suvning oqmasligi, haroratning bir xil va past (+4-00 С) bo’lishi, suvning sho’rligi va tirik o’simlik organizmlarining bo’lmasligidir. 200 metrdan pastda chuqurlik har 10 metrga oshgan sayin, bosim ham bir atmosfera oshadi. Masalan: 5320 metr chuqurlikda bosim 532 atmosferaga teng bo’lib, bunday chuqurliklarda ham baliqlar yashaydi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda okeanning eng chuqur tubida, ya’ni 10500 m chuqurligida ham ayrim tur baliqlarning yashashi aniqlangan. Bunday chuqurlikda bosim 1050 atmosferaga teng bo’ladi. Mana shunday chuqurlikda yashaydigan baliqlar suv betiga olib chiqilsa, ularning gavdasi shishib ichaklari og’zidan tashqariga chiqib ketadi, ko’zlari esa ko’z kosasidan turtib chiqadi. Bunday katta chuqurliklarda yashaydigan baliqlar yoki ko’r bo’ladi yoki chuqur suv qorong’iligini seza oladigan katta-katta teleskop tipida tuzilgan ko’zlari bo’ladi, ayrim turlarida esa yorug’lik chiqaradigan organlari bo’lib, ovqat qidirib topishda yordam beradi. Bunday katta chuqurliklarda tirik suv o’tlarining bo’lmaganligi sababli abissal baliqlar go’shtxo’r, ya’ni yirtqich yoki o’limtikxo’r bo’ladi. Bu guruhga kiruvchi baliqlarning muskul va skelet sistemasi yaxshi taraqqiy etmagan, og’zi katta bo’ladi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan tashqari, baliqlar suvdagi tuz miqdoriga bo’lgan munosabatiga qarab ham to’rtta guruhga bo’linadi.

1. Butun umrini sho’r suvlarda o’tkazuvchi dengiz baliqlari.

2. Butun umrini daryo, ko’l va hovuzlarda o’tkazuvchi chuchuk suv baliqlari.

3. O’tkinchi baliqlar, ya’ni bu baliqlar dengizda yashasa, ko’payish uchun daryolarga o’tadi.

4. Chala o’tkinchi baliqlar.

Dengiz baliqlariga juda ko’p turlar kiradi va ular butun umrini sho’r suvlarda dengiz va okeanlarda o’tkazadi. Bunday baliqlar chuchuk suvga ko’chirilsa tezda halok bo’ladi. Dengiz baliqlariga asosan kambalalar, seldlar, treskalar, skatlar, akulalar va boshqa ko’plab baliqlar kiradi.

Chuchuk suv baliqlari bir umr chuchuk suvda yashaydi. Ular bir oz sho’rlangan dengiz suvlarida ham uchramaydi. Bu guruhga ko’pchilik karpsimolar kiradi. Chuchuk suv baliqlari ham suv havzalarining tiplariga qarab 3 ta guruhchalarga bo’linadi.

- Oqmas (hovuz va ko’l) chuchuk suv baliqlari. Bu guruhchaga tobon baliq, lin, siga kabi baliqlar kirib, ular har xil ko’lmak suvlarda, hovuzlarda va ko’llarda yashaydi.

- Umumiy chuchuk suv baliqlari guruhchasi, ya’ni turib qolgan va sekin oqib turadigan suvlarda yashaydigan baliqlar. Bu guruhchaga olabug’a, cho’rtan, laqqa va boshqa tur baliqlar kiradi. Ular turib qolgan, ya’ni oqmas suvlarda ham yashaydi. Demak, ular uchun suvning oqish va oqmasligi uncha ahamiyatga ega emas.

- Oqar suv baliqlari guruhchasi. Bu guruhchaga gulmoy, oqcha, jerex va boshqa baliqlar kiradi.

Ekologik guruhlari va sistematik holatidan qat’iy nazar, baliqlarning hayoti bir-biri bilan almashinib turadigan biologik sharoitning yil fasllariga qarab o’zgarib turishiga bog’liq. Biologik yoki hayot tsikli semirish, qishlash va ko’payish davrlarga bo’linadi.

Ko’pchilik baliqlarning yillik hayot tsiklini eng muhimi «migratsiya (yashash joylardan ko’chish)» hisoblanadi. Migratsiya passiv va aktiv bo’ladi.

Passiv migratsiyada baliqlar suvning oqimidan foydalanadi. Bu usul bilan kam harakatchan pelagik baliqlar, ko’pchilik baliqlarning lichinkalari (seld, ilon baliq, losos) migratsiya qiladi.

Aktiv migratsiyada baliqlar tanlab olgan yo’nalishiga qarab harakat qiladi, ba’zan kuchli oqim va hatto sharsharalarga qarshi yuradi (losos).

Aktiv migratsiya urchish, ovqatlanish va qishlash migratsiyalariga bo’linadi.


Download 88.52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling