2-O’zbekistonda mafkuraviy cheklanishlar 3-Paxta ishi musibatining ildizi
O‘zbek ishi” va “Paxta ishi” musibatining ildizi qayerda edi?
Download 31.35 Kb.
|
paxta ishi qata\'on
O‘zbek ishi” va “Paxta ishi” musibatining ildizi qayerda edi?
Inson zoti Arximed zamonidan buyon turli ilmiy g‘oyalar ustida bosh qotirib keladi. 1932 yili amerikalik fizik olim G.Yuri “og‘ir suv”ni kashf etdi. Aynan shu yili rus olimi D. Ivanenko atom yadrosi proton va neytronga bo‘linishini asosladi. Pirovardida, atom bombasi Xirosima va Nagasaki shaharlari boshiga ming yillik musibat soldi. AQSh prezidenti G.Trumen “Bu qirg‘in qurolini qo‘llash mumkinmi, deb U.Cherchilldan so‘raganimda u “Ikkinchi jahon urushini tugatishning boshqa yo‘li yo‘q!”, deb javob berdi!”, deb yozgan edi. Taqdirning qaltis hazilini qarang-ki, biroz vaqt o‘tgach, akademik A.Saxarov vodorod bombasini kashf qilishga negiz bo‘lgan nazariyani yaratdi. Keyin butun umrini shu qurolga qarshi kurashishga baxsh etdi. Lekin qurollanish poygasi jazava bilan boshlanib ketgan edi. 1962 yilning 27 oktyabri (yangi tarixga “qora shanba” atamasi bilan kirgan)da sayyoramizning taqdiri qil ustida, Sobiq Ittifoqning katta qismi “yadro kallak”larining to‘g‘ridan-to‘g‘ri nishonida qolgan edi. AQSh Qurolli Kuchlari tomonidan Turkiyaning Izmir shahri yaqinida o‘rnatilgan 15 ta “PGM – 19 Yupiter” rusumli ballistik raketalari nafaqat, Ittifoq poytaxti Moskva, balki Qrim, Kavkaz, Kaspiy hududlari ustidan Turon zaminining bir qismiga qaratilgan edi. Nishon durbini bilan qaralganida bobolarimiz Ko‘hna Urganchda olti asr oldin tiklagan Qutlug‘ Temur minorasi ko‘zga tushishi ehtimoldan holi emas edi. 1985 yili prezident Sharl De Goll ularni Fransiyaga joylashtirishdan voz kechdi. 1960 yili AQShda 6000 dona, SSSRda atigi 300 dona yadro kallagi bor edi. “Karib inqirozi” bo‘yicha siyosiy muloqotga SSSRdan N.Xrushchev, A.Mikoyan, Sh.Rashidov va Kubadan F.Kastro, R.Kastro, E.Che Gevara, qarama-qarshi tomon AQShdan J.Kennedi, R.Maknamara, M.Teylor kirishgan edilar. Maqolamiz mavzui bu haqda emas. Gap shundaki, “qora shanba”dan oldin va keyin N.Xrushchev Novo-Ogarevodagi qarorgohida KPSS MQ Prezidiumi (Siyosiy byurosi)ning bir necha majlisini chaqiradi. Bir majlisda L.Brejnev, F.Kozlov, Sh.Rashidov, B.Ponomarev kompartiya liderining nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlaganida MQ bo‘lim mudiri Yuriy Andropov (23 noyabr kuni MQ kotibi bo‘lib saylanadi) “imperialist dushman”lar tarafini yoqlaydi. Bir umr vazmin, bosiq bo‘lib kelgan Sharof aka o‘sha daqiqada tutaqib ketadi. Majlis ishtirokchilaridan A.Mikoyan, P.Shelest, V.Grishin va boshqalarning yozishicha, O‘zbekiston rahbari o‘rnidan turib MQ bo‘lim mudiri, ya’ni Andropovning tepasiga darg‘azab bo‘lib keladi. Bu boshqalarni bilmadigu kompartiya “Olimp”ida o‘z nufuzini mustahkamlab kelayotgan M.Suslovga ham yoqmaydi. Mixail Andreyevich Suslov 1939-1944 yillarda VKP(b) Orjonikidze (hozirgi Stavropol) o‘lka qo‘mitasi birinchi kotibi edi. Yillar o‘tgach uning nigohi Stavropolda tug‘ilgan Yuriy Andropovga tushadi. 1954 yili aynan Suslovning tavsiyasi bilan Yu.Andropov SSSRning Vengriyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi bo‘lib tayinlanadi. Endi biz muhtaram mushtariyga u qadar ma’lum bo‘lmagan bir voqeani ta’kidlamoqchimiz. Sho‘ro elchisi venger isyonchilarini shafqatsiz bostirishga bosh qo‘shgani uchun ular uning o‘g‘li Igorni garovga oladilar. Shunda bo‘lg‘usi atoqli davlat arbobi Geydar Aliyev boshliq maxsus guruh elchining o‘g‘lini muqarrar o‘limdan saqlab qoladi. 1967 yilning 10 may kuni kompartiya “kardinali” o‘z shogirdini SSSR DXQ raisi qilib tayinlashga erishadi. O‘sha kun, o‘sha soat, o‘sha daqiqadan boshlab, Yu.Andropov besh yil avval boshlagan ta’qibini davom ettiradi. U 1969 yili 25 oktyabrda Aleksey Beschastnovni, 1974 yilning 25 oktyabrida o‘z shogirdi Eduard Nordmanni, 1978 yilning 2 martida Levon Melkumovni O‘zbekistonga yuboradi. Yu.Andropov asosiy “ustozlari”dan judo bo‘lgandi, ya’ni 1982 yilning 25 yanvarida M.Suslov, 10 noyabrida L.I.Brejnev vafot etgan edi. L.Brejnev, M.Suslov, Yu.Andropov, D.Ustinov, A.Gromiko, K.Chernenko, V.Sherbitskiydan iborat “ettilik”ka yakka o‘zi qarshi turgan hukumat raisi A.N.Kosigin esa 1980 yilning 18 dekabrida olamdan o‘tadi. Xullasi kalom ustozi M.Suslov bilan birga Yu.Andropov 12 yil davomida Sh.Rashidovni siyosiy byuro a’zoligiga yo‘latishmadi. Ukrainaning ko‘p yillik rahbari P.Shelestning ta’kidlashicha, o‘tgan asrning oltmishinchi yillari nihoyasida bu gap tor doirada muhokama qilinganida M.Suslov va Yu.Andropov Rashidovga qarshi chiqadilar. Yu.Andropov sho‘ro taxtiga chiqishi bilan Sh.Rashidovdan o‘ch olishga kirishdi. U o‘z kekini qo‘rg‘oshin bilan qorgan edi. “O‘zbek ishi” yoinki “Paxta ishi”, deb nomlangan bo‘htondan iborat jazo jarayonida 800 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4000 nafar begunoh odam qamoqqa olindi. Bu sud orqali jazo olganlar, xolos. Aslida, “O‘zbek ishi” bir necha o‘n ming yurtdoshimizning achchiq qismatini qamrab olgani haqida atoqli yurist A.Polvonzodaning chiqishlarida batafsil yoritildi. Biz o‘sha tafsilotlarni takrorlash fikridan yiroqmiz. Dastlab bu jinoyat ishi Buxoro viloyat OBXSS boshlig‘i A.Muzaffarov va savdo xodimi Sh.Qudratovga nisbatan ochilgan edi. Xo‘kizning shoxiga urilganida tuyog‘i zirqiraydi. Ayb A.Muzaffarov yo Sh.Qudratovda emas edi. Bu hujjatlar 1983 yilning yanvarida Yu.Andropov Sharof Rashidovni o‘z kabinetiga chaqirib, iste’fo talab qilganida qo‘l kelgan edi. Sh.Rashidov sukut saqlaganidan keyin Bosh kotib huzuriga general G.Karakozovni chaqirib, “murvatni qattiq burash”ni topshiradi. Natijada elning asl azamatlari A.Muzaffarov va V.Usmonov otib tashlandi. K.Ergashev, G.Davidov, R.G‘oyibov o‘z joniga qasd qildilar. Yu.Andropov tomonidan yillar davomida rejalashtirilgan intiqom, kek olovlangan edi. Ushbu kekning qo‘rg‘oshinga qorilgan o‘qi begunoh Vahobjon Usmonovning yuragini teshib o‘tdi. Lekin bu o‘q nafaqat uning jigarlari, balki millionlab vatandoshlarimiz, shu jumladan, ushbu satrlar muallifining qalbini ham tirnadi. Darvoqe, “O‘zbek ishi” — “Paxta ishi” bilan bog‘liq tafsilotlarning bir qismini men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Sababi, 1979 yildan e’tiboran Ellikqal’a va Beruniy tuman gazetalari, 25 yil mintaqada markaziy gazetalar muxbiri bo‘ldim. Shu bois, o‘sha yillari bu hududda yuz bergan voqealarni, xususan, “Kreml desanti” va “Paxta ishi” bilan bog‘liq fojialarning baland-past jihatlaridan xabardorman. Qolaversa, “Paxta ishi” jabrdiydalari Ellikqal’a tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan muhandis, iqtisod fanlar nomzodi Olimboy Primovning eng yaqin va hamfikr inisi sifatida Qoraqalpog‘istonda “desant”ning asosiy nigohi qaratilgan atoqli insonlar — Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Qallibek Kamolov, O‘zbekiston KP Markaziy Qo‘mitasi kotibi Yerejep Ayitmuratov, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Abdulla Xudoyberganov, O‘zbekiston Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Kamolov, To‘rtko‘l tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Qosim Nurumbetov, Beruniy tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Olimboy Rajabov, Qorao‘zak (keyinchalik Taxtako‘pir) tuman partiya qo‘mitasi Sultonmurat Qoniyozovlar bilan shaxsan tanish bo‘lganman. Ko‘plarining o‘sha davr haqidagi hikoyalarini o‘z qulog‘im bilan tinglaganman. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist A.Polvonzoda bilan hamkasbimiz Sh.Akbarovning suhbatida ta’kidlanganidek, respublika rahbariyatida Anishchev-Ogarok-Romanovskiy-Satin-Buturlin-Gaydanov-Didorenkodan iborat “desant” guruhi faoliyat yuritgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda bu “tandem” Salikov-Maloletov-Maksimov-Donsov va boshqa “ustomon”lardan iborat edi. 1984 yil avgust oyi o‘rtasida Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasiga o‘n birinchi kotib bo‘lib, Jezqazgan shahar partiya qo‘mitasi birinchi, Jezqazgan viloyat partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibi, KPSS Markaziy Qo‘mitasi noziri bo‘lgan Kakimbek Salikov (1932-2013) saylandi. U O‘zbekistonga kelganida ro‘yobga chiqargan ilk muddaosi – 3 marta Siyosiy byuroga xat yozib, Gdlyan guruhining qo‘li bilan Q.Kamolovni qamatdi. U kelishi bilan o‘zbek tilida “Jezkiyik” nomli kitobini chiqargan edi. She’rlaridagi ezgu gaplar bilan amalda bajargan riyokorligi osmon bilan yercha farq qiladi. K.Salikov birinchi navbatda Q.Kamolovning eng yaqin safdoshlariga, shogirdlariga hujum qildi. 1984 yilning 29 dekabrida Ellikqal’a tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Olimboy Primovni ishdan bo‘shatdi. 1985 yilning boshlarida K.Salikovni qayerda, qanday holatda ko‘rganimni yozsam, buni o‘qigan birorta odam ishonmasa kerak. Lekin bu bo‘lgan voqea. Ellikqal’a tuman partiya qo‘mitasi binosi oldidan o‘tib borayotganimda uning oldiga oddiy suv tashiydigan “vodovoz” mashina kelib to‘xtadi. Undan fufayka kiygan o‘rta yashar bug‘doyrang kishi tushdi. Qorovulimiz Madrahim aka, barzangi odam mehmonga “Rayqo‘mga shunday xarob mashinada kelasanmi?” deb bepisand gap qildi. Tikilib qarasam, bir hafta oldin Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida biz ziyolilar bilan majlis o‘tkazgan K.Salikov. Yugurib borib, Madrahim akaning qo‘lini ushlab qoldim, “Bu obqo‘mning birinchi sekretari”, deb shivirladim. Universitetda K.Salikov “Zachem nam stolko mramara? Ladno eto xram nauki. No v raykomax zachem takaya roskosh?”, degan edi. Demak, binoni ko‘rish uchun ishchi kiyimida yashirincha kelgan ekan. U chog‘lari Olimboy Primovich Beruniy tumanidagi Beruniy nomidagi sovxoz direktori edi. U kishini daladan topdim. Bo‘lim boshqaruvchisi Hojiboy Karimov tillo odam edi. Ikkovimizni holi qoldirib traktor yoniga ketdi. Salikovning “tashrifi”ni aytsam, Olimboy aka “Otlig‘u piyoda izimga tushib olgan. Qallibek Kamolovni yomonlab yozib bersang, yo obqo‘mning tarmoq kotibi yo Nukus shahar qo‘mitasi birinchi kotibi qilaman, degan edi. Yo‘rig‘iga yurmaganimdan keyin Ellikqal’adan bo‘shatdi. Bu yerda ham tinch qo‘ymaydi, shekilli!” dedi. 12 oktabr kuni K.Salikov Olimboy Primovni hay’at yig‘ilishida ishdan bo‘shatdi. O‘sha yig‘ilishdan bo‘lganlardan uch kishi K.Salikov “Partiya biletini bering!”, deganida Olimboy akamning “O‘rtoq Salikov partiya biletini Sizdan olganim yo‘q, Sizga bermayman!”, deb zaldan mag‘rur chiqib ketganini aytib berishdi. Markaziy Qo‘mitadan Osetrov qo‘ng‘iroq qilib koyigach, 25 oktabr kuni K.Salikov o‘z hujjatlarida ishkal borligini bilib qolib, masalani qayta hay’atga qo‘ydi. O‘sha kunlari Olimboy akaning rangida rang qolmagan edi. 25 yil hukumat xizmatida bo‘lib, uy ham qurmagan ekan. Akasi Safarboy Primov uyini bo‘shatib berdi. Kasalxonaga tushib qoldi. Tez-tez xabar olib turdik. Davletgeldi Sobirov, degan do‘sti doimo yonida bo‘ldi. Baribir K.Salikov aytganidan qolmadi. I.Usmonxo‘jayevga bosim o‘tkazib, 1986 yilning 9 yanvarida Markaziy Qo‘mitada partiyadan o‘chirtirdi. Adolat uchun aytib o‘tishim kerakki, o‘shanda O‘zbekiston KP Markaziy qo‘mitasi kotibi Ra’no Abdullayeva Olimboy Primovning tarafini olganini yaxshi bilaman. 1986 yilning 25 noyabr kuni Donsov, Volosenko, Iyevlev, Glushchenko Olimboy Primovni hibsga olishdi. Olimboy aka sudda o‘zini o‘ta mag‘rur tutdi. Yolg‘on ayblovlarni rad qildi. Uni sud zalidan ozod qilishdi. Biroq ikki kun o‘tgach, manfur Gdlyanning qo‘li bilan sho‘ro saltanatining dahshatli qamoqxonalaridan biri “Matrosskaya tishina”ga eltib qo‘yishdi. 1990 yilning 10 avgustigacha hibsda saqladilar. To‘qib-bichilgan jinoyat ishida mahbus 89 marta pora oldi, degan iddaolar bor edi. Tergovchilar Olimboy akaning rafiqasi Xadicha Kamolovaga, farzandlari Yulduz, Berdimurod, Shavkat, Guloyim, Ulug‘bek (12 yashar edi)ka, akasi Safarboyga, qaynilari Xudoybergan, Jumaboyga, qarindoshlaridan Jabborbergan O‘rozimbetov, Abdulla Polvonov, Romon Bekimbetovlarga qattiq azob berdilar. U paytlari butun Ellikqal’a jamoatchiligi oyoqqa turdi. Yuqori tashkilotlarga urush qahramonlari I.Navro‘zboyev, O‘.Abdullayev va boshqalar nomidan xat tayyorlandi. O‘shanda yana bir urush qatnashchisi “Xatga imzo chekmayman. Ertaga nima bo‘lishini kim biladi!”, deb qo‘rqqan edi. Yaqinda shaxsiy arxivimdan o‘sha xatning nusxasini topib oldim. Odamlarning yuragiga buyruq berib bo‘lmas ekan. K.Salikov birinchi kotib qilib saylanishidan oldin “desant” yo‘rig‘idagilar anjuman ishtirokchilaridan Aleksandr Balakin, O‘rinboy Matnapesov, Niyatulla Seyitnazarov, Raygul Jumamuratovalarga “Qallibek Kamolovni yomonlaysizlar!” deb yo‘l-yo‘riq berishibdi. Ammo ularning birortasi sotqinlarning ra’yiga yurmadilar. Ishlab chiqarish ilg‘ori Raygul opa Jumamuratova o‘sha maqsadni targ‘ib qilgan “sotqin azamatlar”ga qarata “Sizlarga bittagina gapim bor. Boshimdagi ro‘molimni yechib beray. O‘rasangizlar sizlarga zap yarashardi-da!” degan edi. O‘sha “Paxta ishi” bois To‘rtko‘l tuman partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Qosim Nurumbetov, “Ko‘kdaryo” davlat xo‘jaligi direktori, Mehnat Qahramoni O‘ng‘orboy Qurboniyozov, “Ko‘kchiel” davlat xo‘jaligi direktori Yerejep Allaniyozov va boshqa bir qator ajoyib insonlarning hayoti fojiali yakun topdi. O‘nlab yurtdoshlarimiz totalitar tuzumning temir panjaralari ortida aziyat chekdilar. Holbuki, O‘ng‘orboy Qurboniyozovning sholichilikdagi tajribasi butun Ittifoq bo‘ylab e’tirof etilgan edi. “Paxta ishi” bilan bog‘liq nohaqliklarning bir qismini ko‘rdik. Esimda: 1985 yilning 6 fevral kuni Ellikqal’a tumanidagi “Moskva” davlat xo‘jaligi va “Do‘stlik” jamoa xo‘jaligi rahbarlari va mutaxassislaridan 9 kishi Gdlyan guruhi tomonidan hibsga olindi. Ayniqsa, Ellikqal’a qo‘rig‘ini o‘zlashtirishning tashabbuskorlaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor, 5 ta orden sohibi (Gdlyan o‘zbekistonlik 10 nafar Sotsialistik Mehnat Qahramonini hibsga olgan edi), “Moskva” davlat xo‘jaligi direktori Sa’dulla Rahmonovning hibsga olingani mintaqada yashin tezligidek tarqaldi. Ustoz Abdulla Orif satridagidek, gadoning dushmani gado bo‘ladi: markaziy nashriyotda ushbu maqola muallifining S.Rahmonov haqidagi kitobi korrekturasi o‘qiliyotgan edi. Shoshilinchnoma yuborilgach, qo‘rg‘oshinga tushirilgan matn eritib yuborildi. 19 yillik rais 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib, mol-mulki musodara qilindi. “Do‘stlik jamoa xo‘jaligi raisi Muhammadjon Sherimbetov chekiga ham shu qismat tushdi. Istiqlol tufayligina Sa’dulla aka 1991 yilning 4 yanvarida qamoqdan chiqdi. O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yuridik fanlar nomzodi Olimboy Rajabov avval Xo‘jayli tumanini boshqargan, 12 yildan buyon Beruniy tuman partiya qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlayotgan edi. 1985 yilning 9 yanvarida K.Salikov uni lavozimidan pasaytirib, marshal Budyonniy nomidagi qo‘riq davlat xo‘jaligiga direktor qilib yubordi. Maqsad unga qarshi materiallar yig‘ish uchun vaqtni cho‘zishdan iborat edi. Tez orada uni, 54 nafar yaqin va tanishlarini qamoqqa oldi. Rafiqasi, pedagogika fanlari nomzodi Maryam Rajabova, o‘g‘il-qizlari, ukalari, qarindoshlarini oylab qiynoqqa solishdi. Ukasi Komiljon Rajabov (sportning bir necha turi bo‘yicha toifa egasi, boks va sambo bo‘yicha chempion edi) Urganchdagi vaqtincha saqlash binosining uchinchi qavatida tergaganlarida musht uchun qo‘l ko‘targan T.Gdlyanning qo‘lini qayirib, “Telman Xorenovich! Mening oldimda ikki yo‘l bor: birinchisi seni derazadan uloqtirish, ikkinchisi o‘zimni! Xotinim vafot etgan, norasida bolalarimga achinmaysanmi?” deydi. T.Gdlyanni dast ko‘tarib, derazadan irg‘itmoqchi bo‘lganida yugurib kelgan Kartashyan millatdoshining oyog‘idan tortib qoladi. Qancha ko‘rsatma berayotganlar Gdlyandan hayiqib turardi. Gdlyanni titroq bosadi. U xuddi shoh Jalolni tan olgan “Uyiga oborib qo‘yinglar, bu xuliganni!” deydi. Olimboy Rajabovning ishini paxta masalasiga bog‘lash uchun tumanning eng ilg‘or raisi, avval tuman yoshlar qo‘mitasi birinchi kotibi, tuman qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Mahmud Xo‘jamuratovni qamoqqa tiqdilar. M.Xo‘jamuratov va u bilan ishlagan 4 odam ancha yil panjara ortida aziyat chekdilar. Maxmudjon aka mana shu maqola yozilishidan 2 kun oldin o‘z tavalludining 80 yilligini nishonladi. Hayot davom etmoqda. Ammo xalqimiz qalbiga ayovsiz jallod Telman Gdlyan, pixini yorgan Nikolay Ivanov, qahri qattiq German Karakozov, salla ol desa kalla oladigan Albert Kartashyan, mug‘ombirlikda tengi yo‘q Konstantin Pirsxalava va boshqalar, ya’ni, Titov, Soroka, Chijuk, Rats, Moskovseva, Vlasov, Nepomnyashiy, Anisimov, Ismoilov, Pisarevskiy, Reveko, Regeda, Volosenko, Borov, Ibragimov, Kravchenko, Mamedov, Abdurahimov, Tuktarov (albatta, biz ularning hammasiga bir xil baho berish fikridan yiroqmiz)lar solgan jarohat hali-hamon bitmagan. Hamon Maxmud Xo‘jamuratov kechalari uxlay olmaydi. Hali ham Gdlyanni ko‘z oldiga keltirsa beixtiyor Komiljon Rajabovning mushti tugiladi. Maryamjon opa Birinchi darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, “Mo‘‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Faqat shu kunlarga turmush o‘rtog‘i Olimboy Rajabov yetib kelolmaganidan qattiq o‘ksiydi. Yulduz Primova Toshkentda, nufuzli poliklinikada ishlayapti. Ming afsuski, bu kunlarni dadasi Olimboy Primovich bilan volidasi Xadicha aya ko‘rolmay ketdilar. 2017 yilning may oyi oxirida O‘zbekiston shifokorlar uyushmasi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdulla Xudoyberganov olamdan o‘tdi. U avval Qoraqalpog‘iston, 1981-1986 yillarda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlagan edi. Gdlyan guruhi uning zimmasiga qanday uydirmalarni yopishtirmadi, deysiz. Allaqanday oltin byust haqidagi kurakda turmaydigan afsonalar, brilliantli portfellar to‘g‘risidagi ertaklar to‘qildi. Ukalari — o‘sha chog‘lari Qoraqalpog‘iston paxta sanoatini boshqargan Otaullo Xudoyberganov, viloyat partiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Habilullo Xudoyberganov, Ellikqal’a tuman partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibi Ne’matullo Xudoyberganovlarni bir zumda turmaga tiqishdi. Xuddi Yagoda-Yejov-Beriyaga ko‘rsatma bergan bobosi Muhammad hoji Aminaddinov kabi oylab qiynoqqa solishdi. Xayriyatki oyning o‘n beshi yorug‘ bo‘lib chiqdi. Mustaqillik quyoshi porladi. Darhaqiqat, bu “ish” O‘zbekistonning eng asl farzandlari boshiga og‘ir kunlarni soldi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi In’omjon Usmonxo‘jayev, Oliy Kengash Rayosati Raisi Oqilxon Salimov, Vazirlar Kengashi Raisi Normaxonmadi Xudoyberdiyev bilan birga yuzlab firqa kotiblari, vazirlar, raislar, brigadirlar, paxta zavodi direktorlari, qabul punktlari mutasaddilari nohaq qamaldi. Ularga ota, ona, rafiqa, farzand, qarindosh bo‘lgan minglab odamlar azob chekdilar. Totalitar tuzum tanazzulini ko‘plar janob Gorbachevning nayranglari, ko‘plar GKChP mashmashasi bilan bog‘laydilar. Balki bu diktatura nafaqat Abdulla Qodiriyning begunoh qoni, balki keyingi yuz minglab jabrdiyda insonlarning ko‘z yoshlari uvoliga qolgandir. Kim biladi? Download 31.35 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling