2-soat Reja: Til belgilari haqida Til va nutq dixotomiyasi
assostiativ, ikkinchi esa sintagmatik
Download 31.82 Kb.
|
assostiativ, ikkinchi esa sintagmatik munosabat nomi bilan ataladi. Assostiativ munosabat til birliklarining inson ongidagi holati bilan bevosita bog‘liq. U har doim ushbu birliklarning yig‘indisini, majmuasini taqozo etadi. Boshqacha aytganda, assostiativ munosabat til birliklarining vertikal chiziqdagi (qatordagi) o‘zaro bog‘lanishi demakdir. Biroq keyinchalik bu termin L.Elmslev tomonidan paradigmatika termini bilan almashtirildi va u jahon tilshunosligida ommalashib ketdi. Aslida esa assostiativ va paradigmatik munosabat tushunchalari mazmunan bir xildir.
Paradigmatika termini asosida, albatta, paradigma tushunchasi yotadi. Bu tushuncha grekcha paradeigma so‘zidan olingan bo‘lib, namuna degan ma’noni anglatadi. Hozirgi tilshunoslikda esa u majmua, uyushma ma’nolarida ham faol qo‘llanilmoqda. Masalan, har bir tilning tovush kompleksini tashkil etuvchi jami fonemalarni muayyan uyushma, ya’ni paradigma tarzida tushunish mumkin. Ammo mazkur paradigma makroxarakterlidir, zotan, bunda barcha fonemalar majmuasi nazarda tutiladi. Agar bu paradigmaning unli va undosh fonemalarga bo‘linishiga e’tibor bersak, unlilar paradigmasi va undoshlar paradigmasi deb ataluvchi mikroparadigmalar tashkil etilishini ko‘ramiz. Ammo ayni paytda mikroparadigma tushunchasi nisbiy xarakter kasb etadi. Chunki unlilar ham, undoshlar ham yana til oldi, til orqa, jarangli va jarangsiz deb nomlanuvchi mikroparadigmalarga bo‘linadi. Bunday vaziyatda til birliklari majmuasining kattarog‘i kichigiga nisbatan makroparadigma mavqeida bo‘ladi. Ammo ayni paytda biz ta’kidlayotgan makro- va mikroparadigma tushunchalari ham nisbiydir. Chunki fonemalarning ichki differenstial (yoki merizmatik) belgilari ham mavjud bo‘lib, bunda har bir fonema makroparadigma a’zosi hisoblanadi va uning o‘ziga xos merizmatik belgilari mikroparadigmani tashkil etadi. Masalan, unlilar mikroparadigmasi a’zosi i [i] fonemasini oladigan bo‘lsak, mazkur fonema o‘zbek tilida so‘z sathida kelayotgan o‘rniga (pozistiyasiga) qarab, i1, i2, i3 tarzida talaffuz qilinishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, makroparadigma a’zosi i fonemasining mikroparadigmasi ham mavjudligidan dalolat beradi. Makro- va mikroparadigmalar haqida so‘z yuritilganda shuni ham aytish lozimki, kichik paradigmalar katta paradigmalar ichiga ularning a’zolari (muchalari) sifatida kiradi. Biroq eng katta, yoki boshqacha aytganda, supermakroparadigma haqida bunday mulohaza yuritib bo‘lmaydi. Zotan, bunday paradigma boshqa biror paradigma tarkibiga kirmaydi va uning a’zosi hisoblanmaydi. Masalan, tilimiz sistemasidagi fonemalar paradigmasi ana shunday xususiyatga egadir. Paradigma tushunchasiga morfologik nuqtai nazardan yondashganimizda ham yuqoridagi kabi vaziyatni kuzatamiz. Bunda supermakroparadigmani so‘z turkumlari majmuasi tashkil etadi va uning mikroparadigmalarini fe’l paradigmasi, ot paradigmasi, sifat paradigmasi kabilar hosil qiladi. Ammo bu o‘rinda ham mikroparadigma tushunchasi nisbiydir. Chunki har bir turkumga oid so‘z paradigmasi mikroparadigmalardan tashkil topadi va bu, o‘z navbatida, o‘sha so‘z paradigmasini keyingilariga nisbatan makroparadigmaga aylantiradi. Qiyoslaymiz: ot→supermakroparadigma a’zosi; ot turkumidagi barcha so‘zlar→ makroparadigma; atoqli otlar, turdosh otlar → mikroparadigmalar; turdosh otlar → nisbiy makroparadigma; aniq otlar, abstrakt otlar → makroparadigmalar. Makro- va mikroparadigma tushunchalari, albatta, ularning pog‘onali munosabatda ekanligidan dalolat beradi. Bunday vaziyatda makroparadigma subparadigmalarni o‘z sathiga birlashtirishi bois ular o‘rtasida ierarxik munosabat ham vujudga keladi. Paradigma tushunchasiga asoslangan holda til birliklarining paradigmatik munosabatlari haqida so‘z yurita olamiz. Ravshanki, har bir paradigmaga mushtarak xususiyatlarga ega bo‘lgan birliklar birlasha oladi. Masalan, unlilar paradigmasi undoshlar paradigmasidan talaffuzi va boshqa fonetik xususiyatlariga ko‘ra farqlanadi. Bu esa unlilar paradigmasi a’zolarining muayyan guruhni tashkil etishi uchun asos bo‘ladi. Aynan ana shu holat ularning paradigmatik munosabatini tashkil etadi. Yoki atoqli otlar paradigmasini olaylik. Mazkur paradigmaga kiruvchi otlar muayyan shaxs yoki predmetni boshqalaridan ajratib, yakkalab ko‘rsatishiga ko‘ra shu paradigmaga birlashadi. Demak, ularning paradigmatik munosabatlari ana shu xususiyatlarida namoyon bo‘ladi. Sintagmatik munosabatni, odatda, so‘z birikmasi yoki gap tarkibidagi so‘zlarning o‘zaro aloqasi bilan bog‘lab talqin etishadi. To‘g‘ri, so‘zlarning birikma tarkibida bo‘lsa ham, gap tarkibida bo‘lsa ham o‘zaro bog‘lanishi sintagmatik munosabatni taqozo etadi. Biroq bu jarayonda sintagmatik munosabatning shakllanishi turkumlararo bog‘lanishda namoyon bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ot, fe’l, sifat va h.k. turkumlarining shu turkumlarga xos o‘zaro munosabatga kirishuvi sintagmatik bog‘lanishni vujudga keltiradi. Ammo shuni ham aytish kerakki, sintagmatik munosabatni faqat so‘zlar bog‘lanishida emas, balki til birliklarining barchasi misolida kuzatish mumkin. V.M.Solnstev to‘g‘ri ta’kidlaganidek, sintagmatik munosabat faqat sintaksisda emas, balki tilning barcha sathlari birliklari o‘zaro bog‘lanishida shakllanadi. Buni morfema sathida fonemalarning, so‘z sathida morfemalarning o‘zaro bog‘lanishida ham ko‘ra olamiz. Shu bois Yu.S.Stepanov har bir sath birliklarining distributiv aloqasini sintagmatika deb ataydi. Masalan, adolat so‘zi sathida a-d-o-l-a-t tarzidagi fonemalar, tinchlik so‘zida tin-ch-lik holatidagi morfemalarning sintagmatik bog‘lanishini ko‘ramiz. Shuni ham ta’kidlash lozimki, paradigmatik va sintagmatik munosabatlarning biri vertikal, ikkinchisi esa gorizontal chiziqlarda ifoda etilishi bois, ular muayyan oppozistiyani tashkil qilishi shubhasizdir. Biroq shu bilan birga, sintagmatika ichida paradigmatik munosabat, (masalan sintaktik paradigmatika hodisasi) voqelanishi kabi paradigmatika ichida sintagmatik munosabat ham kuzatiladi. Morfema sathida fonemalarning, so‘z sathida morfemalarning sintagmatik munosabat tashkil etishi buning yorqin dalili bo‘la oladi. Bu esa, o‘z navbatida, paradigmatik va sintagmatik munosabatlar, garchi oppozistion holatda yashasa-da, uzviy bog‘liq hodisalar ekanligini ko‘rsatadi. Mavzuga oid adabiyotlar: 1. Ирисқулов М.Т. Тилшуносликка кириш. -Тошкент, 2008. 2. Yo‘ldoshev I., Muhamedova S., Sharipova O‘., Madjidova R. Tilshunoslik asoslari. -Тoshkent, 2007/2013. 3. Нурмонов А., Искандарова Ш. Умумий тилшунослик. -Андижон, 2007. 4. Muhamedova S., Yo‘ldoshev I., Madjidova R., Sharipova O‘., To‘xtamatov X. Tilshunoslik asoslari. Elektron darslik. 5. Расулов Р. Умумий тилшунослик. -Тошкент, 2007/2010. 6. Маслов Ю.С. Введение в языкознание. -М., 2007. 7. Реформатский А. Введение в языкознание. -М., 2006. 8. Попова З.Д., Стернин И.А. Общее языкознание. -М., 2007. 9. Шарафутдинова Н.С. Теория и история лингвистической науки. -М., 2007. 10. Хайруллаев Х. Тил бирликларининг поғонали муносабатлари. -Тошкент: Фан, 2008. Download 31.82 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling