22-sonli bhms chet el valyutasida ifodalangan


Download 23.49 Kb.
Sana07.03.2023
Hajmi23.49 Kb.
#1245418
Bog'liq
22bxms


22-SONLI BHMS

CHET EL VALYUTASIDA IFODALANGAN


AKTIVLAR VA MAJBURIYATLARNING HISOBI

Mazkur Standarga AV 03.05.2013 y. 1364-1-son bilan ro‘yxatga olingan MV Buyrug‘iga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilgan


Mazkur Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, 9-son, 142-modda) asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini meʼyoriy tartibga solish tizimining elementi hisoblanadi.


1-§. UMUMIY QOIDALAR



1. Mazkur BHMSning maqsadi chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish hamda ularni moliyaviy hisobotda ochib berish tartibini belgilash hisoblanadi.
2. Mazkur BHMSning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududidagi, O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshiradigan tashkilotlarga (banklar va boshqa kredit tashkilotlaridan tashqari) (bundan keyin - xo‘jalik yurituvchi subʼektlar) tatbiq etiladi.
3. Mazkur BHMS moliyaviy hisobotning so‘mlarda tuzilgan ko‘rsatkichlarini taʼsis hujjatlari va hokazolar tomonidan bunday qayta hisoblashishlar talab qilingan taqdirda chet el valyutasida qayta hisoblashishda qo‘llanmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasida barcha xo‘jalik yurituvchi subʼektlar milliy valyuta - so‘mda buxgalteriya hisobini yuritishlari va moliyaviy hisobotni taqdim etishlari kerak, agar qonun hujjatlarida boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.
5. Mazkur standartda ishlatiladigan atamalar:
a) O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi faoliyat - O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga ko‘ra yuridik shaxs hisoblangan xo‘jalik yurituvchi subʼekt tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mustaqil balansga ajratilmagan tarkibiy bo‘linmalar orqali amalga oshiriladigan faoliyat;
b) xorijiy valyutada operatsiyani amalga oshirish sanasi - qonun hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subʼektda chet el valyutasidagi operatsiyaning natijasi hisoblanadigan aktivlar va majburiyatlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish huquqi yuzaga kelgan kun.
6. Chet el valyutasidagi operatsiyalar bo‘lib, xo‘jalik yurituvchi subʼekt:
a) mol-mulkni (asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, tovar-moddiy zaxiralar va boshqa aktivlarni) chet el valyutasida xarid qiladigan yoki sotadigan;
b) to‘lanadigan yoki olinadigan summalari chet el valyutasida belgilanadigan kredit yoki qarz oladigan yoxud taqdim etadigan;
v) zimmasiga chet el valyutasida majburiyat oladigan yoki uni so‘ndiradigan hollarda chet el valyutasida sodir etiladigan bitimlar hisoblanadi.
7. Chet el valyutalarining so‘mga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursining (bundan keyin - Markaziy bank kursi) o‘zgarishiga hamda aktivlar va majburiyatlarni qayta hisoblashga bog‘liq holda musbat yoki manfiy kurs farqi yuzaga keladi.
2-§. CHET EL VALYUTASIDAGI OPERATSIYALARNI
BUXGALTERIYA HISOBIDA AKS ETTIRISH
8. Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning qiymati, buxgalteriya hisobida aks ettirish maqsadida so‘mlarga qayta hisoblanishi kerak.
9. Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mlarda qayta hisoblashish ana shu chet el valyutasi uchun so‘mga nisbatan Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
10. Buxgalteriya hisobi maqsadi uchun ko‘rsatilgan so‘mlardagi qayta hisoblash chet el valyutasida operatsiya sodir etilgan sanada Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobi maqsadlari uchun chet el valyutasida ayrim operatsiyalarni sodir etish sanalari mazkur BHMCga ilovada keltirilgan.
11. Buxgalteriya hisobida chet el valyutasida konsignantdan kreditorlik qarzi konsignatsiya tovarlari ana shu sanaga Markaziy bank kursi bo‘yicha sotilish sanasida yuzaga keladi. Qarzning keyingi hisobi mazkur BHMSga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ga narxlar (tariflar)ni chet el valyutasiga ekvivalentlikda belgilaydigan, o‘zaro hisob-kitoblarni esa milliy valyuta - so‘mlarda amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subʼektlar xizmat ko‘rsatish sanasidan boshlab to‘lov kelib tushgan sanaga qadar davr ichida Markaziy bank kursining o‘zgarishi munosabati bilan yuzaga keladigan kurs farqini moliyaviy faoliyatdan olingan daromad (xarajat) sifatida xo‘jalik yurituvchi subʼektning moliyaviy natijalariga kiritadilar.

3-§. IMPORT QILINGAN TOVAR-MODDIY


BOYLIKLAR VA BOSHQA AKTIVLARNING
XARID QIYMATINI SHAKLLANTIRISH
13. Import qilingan tovar-moddiy boyliklar (bundan konsignatsiya shartnomalari bo‘yicha import qilingan tovarlar mustasno) va boshqa aktivlarning xarid qiymati bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish hamda bojxona bojlari va yig‘imlarini to‘lash sanasiga Markaziy bank kursidan kelib chiqib belgilangan import qilingan tovar-moddiy boyliklarning yoki boshqa aktivlarning shartnoma qiymatidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 5 fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 1999 yil, N 2, 9-modda) 1.1.12-bandiga, O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (ro‘yxat raqami 1299, 2004 yil 20 yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004 yil, N 3, 35-modda), O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi Milliy standarti (4-sonli BHMS) "Tovar-moddiy zaxiralar"ga (ro‘yxat raqami 1595, 2006 yil 17 iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami,
2006 y., N 28-29, 282-modda) muvofiq shakllanadigan, xarid qilish bilan bog‘liq boshqa xarajatlardan kelib chiqib belgilanadi.

4-§. KURS FARQINING HISOBI


14. Xo‘jalik yurituvchi subʼektlar har oyda balansning valyuta moddalarini hisobot oyining oxirgi kuniga va Markaziy bank kursi bo‘yicha xo‘jalik operatsiyalarini sodir etish sanasiga qayta baholashni amalga oshiradilar.

15. Mazkur BHMSda qayta baholash va kurs farqini belgilash maqsadida balansning valyuta moddalariga quyidagilar kiritiladi:


a) kassadagi, bankning depozit va ssuda schyotlaridagi valyuta mablag‘lari, shu jumladan akkreditivlar;
b) chet el valyutasidagi pul hujjatlari;
v) chet el valyutasida ifodalangan qisqa muddatli va uzoq muddatli investitsiyalar;
g) chet el valyutasida ifodalangan debitorlik va kreditorlik qarzlari, kredit va zayomlar.
16. Quyidagilar qayta baholanmaydi:
a) xo‘jalik yurituvchi subʼektning chet el valyutasiga xarid qilingan asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari;
b) xo‘jalik yurituvchi subʼekt, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona ustav sarmoyasining miqdorlari va muassislari (ishtirokchilari) ulushlarining nisbati.
17. Hosil bo‘lgan kurs farqi xo‘jalik yurituvchi subʼektlarning xohish-istagiga ko‘ra bevosita kiritish yo‘li bilan (bundan keyin - bevosita kiritish usuli) yoki jamg‘arish yo‘li bilan (bundan keyin - jamg‘arish usuli) moliyaviy natijalarga hisobdan chiqariladi.
Sug‘urta tashkilotlarida kurs farqlarini hisobdan chiqarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Bevosita kiritish usulida kurs farqlari yuzaga kelishiga qarab moliyaviy-xo‘jalik faoliyat natijalariga kiritiladi.
19. Jamg‘arish usulida kurs farqlari quyidagi tartibda moliyaviy-xo‘jalik faoliyat natijalariga kiritiladi:
a) chet el valyutasidagi debitorlik va kreditorlik qarzlari bo‘yicha - ularni so‘ndirish (yoki hisobdan chiqarish)ning borishiga qarab;
b) qolgan hollarda - balansning tegishli valyuta moddalari bilan birgalikda xo‘jalik operatsiyalarini sodir etishning borishiga qarab.
20. Kurs farqini kiritishning qo‘llanayotgan usullari albatta xo‘jalik yurituvchi subʼektning hisob siyosatida aks ettirilishi kerak. Balansning valyutaga oid moddalari turlariga kurs farqini kiritishning turli usullari qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi.
21. Jamg‘arish usulidan bevosita kiritish usuliga o‘tayotganda ilgari balansning valyuta moddalarini har oyda qayta baholash natijasida jamg‘arilgan kurs farqlari hisob siyosati qabul qilingan taqvimiy yilning oxiriga qadar har oyda (teng ravishda) xo‘jalik yurituvchi subʼekt moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining natijalariga hisobdan chiqariladi.
22. Xo‘jalik yurituvchi subʼektning moliyaviy natijalariga kiritilgan musbat (manfiy) kurs farqi moliyaviy faoliyatdan olingan daromadlar (xarajatlar) tarkibida hisobga olinadi.
23. Chet el valyutasida ustav sarmoyasining miqdori belgilangan taqdirda har bir muassis tomonidan ulushlar kiritilishi kiritish paytidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
24. Ustav sarmoyasining miqdori chet el valyutasida belgilangan va legitim so‘mlar bilan ustav sarmoyasiga ulush kiritilgan taqdirda qayta hisoblashish ham ulush kiritilgan kunda Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
25. Xo‘jalik yurituvchi subʼektning ustav sarmoyasini shakllantirish chog‘ida taʼsis hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sanasi va ustav sarmoyasiga mablag‘larni haqiqatda kiritish sanasidagi Markaziy bank kurslari o‘rtasidagi kurs farqi buxgalteriya hisobida qo‘shilgan sarmoya sifatida aks ettiriladi.
5-§. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAN TASHQARIDA
FAOLIYAT YURITISH UCHUN ISHLATILADIGAN
AKTIVLAR VA MAJBURIYATLAR HISOBI
26. Chet el valyutasida ifodalangan moliyaviy hisobotni tuzish uchun, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun ishlatiladigan aktivlar va majburiyatlarning qiymati so‘mlarda qayta hisoblanishi kerak.
Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash ushbu chet el valyutasi uchun Markaziy bank kursining so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
27. Chet el valyutasida ifodalangan, mazkur BHMSning 15-bandida sanalgan va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun ishlatiladigan aktivlar va majburiyatlarning qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash hisobot oyining oxirgi kuniga va xo‘jalik operatsiyalarini sodir etish sanasiga Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
28. Xo‘jalik yurituvchi subʼektning O‘zbekiston Respublikasining tashqarida faoliyat yuritish uchun ishlatiladigan asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralarining chet el valyutasida ifodalangan qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash ushbu aktivlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasida Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi subʼekt asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralarining qiymatini O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish joyi - xorijiy davlatning qonun hujjatlari yoki qoidalariga muvofiq qayta baholangan qiymatini qayta hisoblash ko‘rsatilgan qayta baholash sanasida Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
29. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishdan moliyaviy natijalarni shakllantiradigan, chet el valyutasida ifodalangan daromadlar va xarajatlarni so‘mlarda qayta hisoblash Markaziy bank kurslari va hisobot davrida ular amal qilish kunlari miqdorlarining hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqarilgan kurslar o‘rta miqdoridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
30. Xo‘jalik yurituvchi subʼektning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun ishlatiladigan aktivlari va majburiyatlarining chet el valyutasida ifodalangan qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash natijasida yuzaga kelgan kurs farqi buxgalteriya hisobida mazkur BHMSning 17-bandida ko‘rsatilgan usullardan birini qo‘llagan holda aks ettiriladi.

6-§. MUSTAQIL BALANSGA AJRATILGAN SHU`BA (QARAM)


XO‘JALIK JAMIYATLARI, TARKIBIY BO‘LINMALARNING
MOLIYAVIY HISOBOTLARINI KONSOLIDATSIYALANGAN
HISOBOTGA KIRITISH UCHUN QAYTA HISOBLASH
31. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, mustaqil balansga ajratilgan shuʼba (qaram) xo‘jalik jamiyatlari, tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy hisobotlarini bosh jamiyat tomonidan tuziladigan konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotga kiritish uchun qayta hisoblash chog‘ida bosh jamiyat quyidagi taomillarni bajarishi kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, mustaqil balansga ajratilgan shuʼba (qaram) xo‘jalik jamiyatlari, tarkibiy bo‘linmalarning aktivlari va majburiyatlari hisobot davrining oxirgi kunida Markaziy bank kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi kerak;
b) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, mustaqil balansga ajratilgan shuʼba (qaram) xo‘jalik jamiyatlari, tarkibiy bo‘linmalar o‘z sarmoyasining moddalari, bundan joriy yilning taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) mustasno, hisobot davrining hozirgi sanasida Markaziy bank kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi kerak;
v) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, mustaqil balansga ajratilgan shuʼba (qaram) xo‘jalik jamiyatlari, tarkibiy bo‘linmalarning daromadlar va xarajatlar moddalari, shuningdek taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) hisobot davrida Markaziy bank kurslari miqdorlari va ularning amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqarilgan kurslarning o‘rtacha miqdoridan foydalangan holda qayta hisoblanishi kerak.

32. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyatning tasnifi o‘zgargan taqdirda o‘zgargan tasnifga nisbatan qo‘llanadigan qayta hisoblash taomillari ana shu o‘zgarish sanasidan boshlab ishlatilishi kerak.


7-§. AXBOROTNI OCHIB BERISH
33. Moliyaviy hisobot va unga doir tushuntirishlarda quyidagilar ochib berilishi kerak:
a) xo‘jalik yurituvchi subʼektning moliyaviy natijalariga kiritilgan kurs farqlari miqdori;
b) qo‘shilgan sarmoya sifatida tasniflanadigan kurs farqlari summasi;
v) buxgalteriya hisobining boshqa schyotlariga kiritilgan kurs farqlari miqdori;
g) hisobot davridan keyin yuz bergan valyuta kurslaridagi o‘zgartirishlarning oqibati, agar ular juda muhim bo‘lib, ularni ochib bermaslik to‘g‘ri baholashga va moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar tomonidan qarorlar qabul qilishga salbiy taʼsir qilsa;
d) kurs farqini xo‘jalik yurituvchi subʼektning moliyaviy natijalariga hisobdan chiqarish usuli;
ye) moliyaviy hisobot tuzishning hisobot sanasida Markaziy kursning kursi.
O‘zbekiston Respublikasining
Buxgalteriya hisobi milliy standarti
(22-son BHMS) “Chet el valyutasida
ifodalangan aktivlar va
majburiyatlarning hisobi”ga
Chet el valyutasida ayrim operatsiyalarni
amalga oshirish sanalarining
RO‘YXATI
Chet el valyutasidagi operatsiyalar
Chet el valyutasidagi operatsiya amalga
oshirilgan sana bo‘lib hisoblanadi
Valyuta schyotlari bo‘yicha bank operatsiyalari
Pul mablag‘larini valyuta schyotiga qayd etish yoki ularni valyuta schyotidan hisobdan chiqarish sanasi
Chet el valyutasidagi kassa operatsiyalari
Chet el valyutasini kassaga kirim qilish yoki uni kassadan berish sanasi
Chet el valyutasidagi daromadlar
Chet el valyutasidagi daromadlarni tan olish sanasi
Chet el valyutasidagi xarajatlar
Chet el valyutasidagi xarajatlarni tan olish sanasi
Tovar-moddiy zaxiralar, boshqa mol-mulk va xizmatlar importi
Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish sanasi
Hisobdor summalar bo‘yicha chet el valyutasidagi xodimlarga qarzlarni aks ettirish
Bo‘nak hisobotini tasdiqlash sanasi
Chet el valyutasidagi qarzlarni so‘ndirish
Chet el valyutasidagi qarzlarni so‘ndirish sanasi
Ustav sarmoyasiga ulushlar bo‘yicha muassislar qarzlarining hosil bo‘lishi
Yuridik shaxs maqomini olish sanasi
Ustav sarmoyasini shakllantirish
Ustav sarmoyasiga muassislar ulushlarini kiritish sanasi
Download 23.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling