28-mavzu inson qadr-qimmatini kamsitish, qiynoqqa solish – jinoyat


Download 200.38 Kb.
Sana20.09.2023
Hajmi200.38 Kb.
#1681939
Bog'liq
28 - мавзу




28-mavzu

INSON QADR-QIMMATINI KAMSITISH, QIYNOQQA SOLISH – JINOYAT



Huquqqa qarshi qaratilgan jinoyat ko‘rinishlaridan biri hisoblangan qiynoq shaxsning jismoniy va ruhiy daxlsizligi, shaxsiy xavfsizligiga tajovuz qiladi. Shuning uchun ham 1948-yil 10-dekabrda xalqaro hamjamiyat «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ni qabul qilish orqali qiynoq yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llashni taqiqladi.
Deklaratsiyaning 5-moddasida «Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha, insonlikka isnod bo‘lgan yoki qadr-qimmatni xo‘rlaydigan muomala va jazoga mustahiq bo‘lmasligi kerak» – degan qoida mustahkamlandi.
«Qiynoqqa solish» tushunchasiga huquqiy ta’rif ilk bor BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 1975-yil 9-dekabrda qabul qilingan «Hamma shaxslarni qiynoqlardan, boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari­dan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi deklaratsiyada berilgan.
Ushbu deklaratsiyada «Qiynoq­qa solish» tushunchasining mazmuni xususidagi turli xil qarashlar rivojlantirilgan va 1-moddasida u «Rasmiy shaxs tomonidan yoki uning ko‘rsatmasiga binoan, insonga undan yoki uchinchi shaxsdan axborot yoki iqrorlik ko‘rsatuvlari olish, u sodir etgan yoki sodir etganlikda gumon qilinayotgan harakatlar uchun uni jazolash yoinki uni yoki boshqa shaxslarni qo‘rqitish maqsadida bila turib kuchli og‘riq yoxud jismoniy yoki aqliy azob-uqubatlar yetkazishga qaratilgan har qanday harakat», deb ta’riflangan.
1984-yil 10-dekabrda BMT tomonidan qabul qilingan «Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi» konvensiyaning 1-moddasida esa, qiynoq quyidagicha ta’riflanadi: «Biron-bir shaxsga qasddan yetkaziladigan kuchli jismoniy yoki ruhiy og‘riq yoхud azob, undan yoki uchinchi shaxslardan ma’lumot yoki iqrorlikni qo‘lga kiritish uchun, u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilinayotgan qilmish uchun jazolash, shuningdek, uni yoki uchinchi shaxslarni qo‘rqitish yoki majburlash yoinki diskriminatsiyaga asoslangan har qanday sabablarga ko‘ra sodir etilgan har qanday harakatlar bo‘lib, bunda ushbu harakatlar davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar yoki ularning undovi bilan yoxud ularni xabardor etgan holda yoinki ularning roziligi bilan sodir etiladi».
Masalan, xorijiy mamlakatlardagi xususiy qamoqxonalarda qamoqxona xizmatchisi tomonidan qiynoqqa solinish holati yuz bersa, xususiy qamoqxona xizmatchisi Qiynoqqa qarshi konvensiyaning 1-moddasidagi «davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar» jumlasidagi subyektlar doirasiga tushadimi yoki yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Fikrimizcha bunday shaxslar ham qiynoqqa solish jinoyatining subyekti bo‘lishi kerak.
Yuqorida qayd etganimizdek, qiynoqning subyekti sifatida xalqaro huquq normasida davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar qayd etilgan.
Xalqaro-huquqiy hujjatlarda mansabdor (rasmiy) shaxs umumiy tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lmasa-da, xalqaro huquqda ayrim turdagi mansabdor shaxslar tushunchalariga berilgan sharhlarga duch kelish mumkin. Masalan, Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksining 1-moddasiga berilgan sharhga muvofiq «Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxs» atamasi huquqni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan tayinlanadigan yoki saylab qo‘yiladigan, ichki ishlar organlari vakolatlariga, ayniqsa, huquqbuzarlarni ushlash vakolatlariga ega mansabdor shaxslarning barchasini o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash lozimki, qiynoqqa solish tarzidagi harakatlar ishtirokchilikda mansabdor bo‘lmagan shaxslar tomonidan ham sodir etilishi mumkin, basharti bu harakatlar:
– mansabdor shaxsning ko‘rsatmasiga binoan, ya’ni subyekt mazkur shaxs tomonidan qiynoqqa solishni sodir etishga jalb qilinishi natijasida;
– mansabdor shaxsni xabardor etgan holda, ya’ni mansabdor shaxs qiynoqqa solishning qo‘llanilishi to‘g‘risida zaruriy axborotga to‘liq hajmda ega bo‘lgan sharoitda;
– mansabdor shaxsning roziligi bilan bajarilgan, ya’ni mansabdor shaxs qiynoqqa solishni sodir etishga qarshilik qilmagan yoki bunga monelik qiluvchi omillarni bartaraf etgan bo‘lsa.
Bundan tashqari, xalqaro konvensiya talabi hamda quyida keltirilgan xorijiy davlatlar jinoyat kodeksi bo‘yicha har qanday shaxs qiynoqqa solish jinoyati subyekti bo‘lishi belgilangan. Masalan, sodir etgan qilmishi uchun tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini o‘tayotgan shaxsga nisbatan qiynoqqa solish holatlari shifokor tomonidan qo‘llanilsa, shifokor qiynoqqa solganlik bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Bu esa, o‘z navbatida, qiynoq­qa solish jinoyatining jabrlanuvchi doirasini Qiy­noqqa qarshi konvensiya qoidalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi.
2018-yilning 4-aprel kunidagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolar­ning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Jinoyat kodeksining 235-moddasiga o‘zgartishlar kiritildi hamda qiynoq uchun javobgarlikka oid normalar takomillashtirildi. Jumladan, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti doirasi kengaytirildi.
Ilgari jinoyat subyektlari, ya’ni qiynoqqa solganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi chegaralangan edi. Ya’ni, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, huquqni muhofaza qilish organining, jazoni ijro etish muassasasining boshqa xodimi qiynoqqa solish jinoyatining subyekti hisoblanardi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartishga ko‘ra, endilikda huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan sodir etilishiga oid norma kiritilishi natijasida qiynoqqa solish jinoyati subyektlari doirasi kengaytirildi.
Xorijiy mamlakatlar Jinoyat kodekslari tahlil qilinganda, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti borasida yagona yondashuv yo‘qligini ko‘rishimiz mumkin. Fikrimizcha, garchi Qiynoqqa solishga qarshi konvensiyada jinoyat subyektlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Konvensiyada qo‘llanilgan «Rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar» jumlasini bir xil qo‘llash bo‘yicha tushuntirish yoki normativ ta’rif bo‘lmaganligi uchun davlatlarning jinoyat qonunchiligida turlicha yondashuv mavjudligini ko‘rishimiz mumkin.
Bundan tashqari, Qiynoqqa solish jinoyatining jabrlanuvchilari doirasi BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasida chegaralanmagan. Ya’ni, har qanday shaxs jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jinoyat subyektlari qatorida mansabdor shaxslar bo‘lishini inobatga olsak, qiynoqqa solish jinoyati bilan mansabdorlik jinoyatlarini, jumladan, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bilan aniq farqini belgilashda muammolar yuzaga keladi. Shu munosabat bilan tergov va sud amaliyotida ham, ba’zida qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlar dastlab hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Xalqaro konvensiyada bu boradagi aniq chegara yoki tushuntirish keltirilmagan. Jinoyat subyekti sifatida Jinoyat kodeksi normalarini huquqni qo‘llash amaliyotida turlicha sharhlashga sabab bo‘luvchi hamda tergov va sudning subyektiv fikriga qarab talqin qilinadigan holatlar yuzaga kelmasligi uchun xalqaro konvensiya normalarida aks etgan qoidalarning mezonlarini aniqlash muhim hisoblanadi.
Fikrimizcha, qiynoqqa solish jinoyatining mansabdorlik jinoyatlari o‘rtasidagi aniq farq bu jabrlanuvchining muayyan ma’noda o‘z erkinligi va huquqlarini amalga oshirishda cheklanganligi bilan, jinoyat subyekti tomonidan ko‘proq muayyan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun iqrorlik ko‘rsatuvi olish yoki o‘zboshimchalik bilan jazolash kabilarda namoyon bo‘ladi. 
Mahmudxo‘ja ASATULLAYEV,
Toshkent shahar IIBB Tashkiliy boshqarma YUTB katta yuriskonsulti,
kapitan.
















ИНСОН ҚАДР-ҚИММАТИНИ КАМСИТИШ, ҚИЙНОҚҚА СОЛИШ – ЖИНОЯТ
Ҳуқуққа қарши қаратилган жиноят кўринишларидан бири ҳисобланган қийноқ шахснинг жисмоний ва руҳий дахлсизлиги, шахсий хавфсизлигига тажовуз қилади. Шунинг учун ҳам 1948 йил 10 декабрда халқаро ҳамжамият «Инсон ҳуқуқлари умумжаҳон декларацияси»ни қабул қилиш орқали қийноқ ёки шафқатсиз, ғайриинсоний ёки қадр-қимматни камситувчи муомала ва жазо турларини қўллашни тақиқлади.
Декларациянинг 5-моддасида «Ҳеч ким азоб-уқубатга ёки ваҳшийларча, инсонликка иснод бўлган ёки қадр-қимматни хўрлайдиган муомала ва жазога мустаҳиқ бўлмаслиги керак» – деган қоида мустаҳкамланди.
«Қийноққа солиш» тушунчасига ҳуқуқий таъриф илк бор БМТнинг Бош Ассамблеяси томонидан 1975 йил 9 декабрда қабул қилинган «Ҳамма шахсларни қийноқлардан, бошқа қаттиқ, шафқатсиз ёки қадр-қимматни камситувчи муомала ва жазо турлари¬дан муҳофаза қилиш тўғрисида»ги декларацияда берилган.
Ушбу декларацияда «Қийноқ¬қа солиш» тушунчасининг мазмуни хусусидаги турли хил қарашлар ривожлантирилган ва 1-моддасида у «Расмий шахс томонидан ёки унинг кўрсатмасига биноан, инсонга ундан ёки учинчи шахсдан ахборот ёки иқрорлик кўрсатувлари олиш, у содир этган ёки содир этганликда гумон қилинаётган ҳаракатлар учун уни жазолаш ёинки уни ёки бошқа шахсларни қўрқитиш мақсадида била туриб кучли оғриқ ёхуд жисмоний ёки ақлий азоб-уқубатлар етказишга қаратилган ҳар қандай ҳаракат», деб таърифланган.
1984 йил 10 декабрда БМТ томонидан қабул қилинган «Қийноқларга ҳамда муомала ва жазолашнинг бошқа шафқатсиз, ғайриинсоний ёки қадр-қимматни камситувчи турларига қарши» конвенциянинг 1-моддасида эса, қийноқ қуйидагича таърифланади: «Бирон-бир шахсга қасддан етказиладиган кучли жисмоний ёки руҳий оғриқ ёхуд азоб, ундан ёки учинчи шахслардан маълумот ёки иқрорликни қўлга киритиш учун, у ёки учинчи шахс содир этган ёки содир этишда гумон қилинаётган қилмиш учун жазолаш, шунингдек, уни ёки учинчи шахсларни қўрқитиш ёки мажбурлаш ёинки дискриминацияга асосланган ҳар қандай сабабларга кўра содир этилган ҳар қандай ҳаракатлар бўлиб, бунда ушбу ҳаракатлар давлат мансабдор шахслари ёки расмий равишда намоён бўлувчи бошқа шахслар ёки уларнинг ундови билан ёхуд уларни хабардор этган ҳолда ёинки уларнинг розилиги билан содир этилади».
Масалан, хорижий мамлакатлардаги хусусий қамоқхоналарда қамоқхона хизматчиси томонидан қийноққа солиниш ҳолати юз берса, хусусий қамоқхона хизматчиси Қийноққа қарши конвенциянинг 1-моддасидаги «давлат мансабдор шахслари ёки расмий равишда намоён бўлувчи бошқа шахслар» жумласидаги субъектлар доирасига тушадими ёки йўқми, деган савол туғилади. Фикримизча бундай шахслар ҳам қийноққа солиш жиноятининг субъекти бўлиши керак.
Юқорида қайд этганимиздек, қийноқнинг субъекти сифатида халқаро ҳуқуқ нормасида давлат мансабдор шахслари ёки расмий равишда намоён бўлувчи бошқа шахслар қайд этилган.
Халқаро-ҳуқуқий ҳужжатларда мансабдор (расмий) шахс умумий тушунчасига таъриф берилган бўлмасада, халқаро ҳуқуқда айрим турдаги мансабдор шахслар тушунчаларига берилган шарҳларга дуч келиш мумкин. Масалан, Ҳуқуқий тартиботни сақлаш бўйича мансабдор шахсларнинг хулқ-атвор кодексининг 1-моддасига берилган шарҳга мувофиқ «Ҳуқуқий тартиботни сақлаш бўйича мансабдор шахс» атамаси ҳуқуқни қўллаш билан боғлиқ бўлган тайинланадиган ёки сайлаб қўйиладиган, ички ишлар органлари ваколатларига, айниқса, ҳуқуқбузарларни ушлаш ваколатларига эга мансабдор шахсларнинг барчасини ўз ичига олади.
Таъкидлаш лозимки, қийноққа солиш тарзидаги ҳаракатлар иштирокчиликда мансабдор бўлмаган шахслар томонидан ҳам содир этилиши мумкин, башарти бу ҳаракатлар:
– мансабдор шахснинг кўрсатмасига биноан, яъни субъект мазкур шахс томонидан қийноққа солишни содир этишга жалб қилиниши натижасида;
– мансабдор шахсни хабардор этган ҳолда, яъни мансабдор шахс қийноққа солишнинг қўлланилиши тўғрисида зарурий ахборотга тўлиқ ҳажмда эга бўлган шароитда;
– мансабдор шахснинг розилиги билан бажарилган, яъни мансабдор шахс қийноққа солишни содир этишга қаршилик қилмаган ёки бунга монелик қилувчи омилларни бартараф этган бўлса.
Бундан ташқари, халқаро конвенция талаби ҳамда қуйида келтирилган хорижий давлатлар жиноят кодекси бўйича ҳар қандай шахс қийноққа солиш жинояти субъекти бўлиши белгиланган. Масалан, содир этган қилмиши учун тиббий йўсиндаги мажбурлов чорасини ўтаётган шахсга нисбатан қийноққа солиш ҳолатлари шифокор томонидан қўлланилса, шифокор қийноққа солганлик бўйича жавобгарликка тортилади. Бу эса, ўз навбатида, қийноқ¬қа солиш жиноятининг жабрланувчи доирасини Қий¬ноққа қарши конвенция қоидалари асосида такомиллаштирилиши зарурлигини кўрсатади.
2018 йилнинг 4 апрель кунидаги «Суд-тергов фаолиятида фуқаролар¬нинг ҳуқуқ ва эркинликлари кафолатларини кучайтириш бўйича чора-тадбирлар қабул қилинганлиги муносабати билан Ўзбекистон Республикасининг айрим қонун ҳужжатларига ўзгартиш ва қўшимчалар киритиш тўғрисида»ги қонун билан Жиноят кодексининг 235-моддасига ўзгартишлар киритилди ҳамда қийноқ учун жавобгарликка оид нормалар такомиллаштирилди. Жумладан, қийноққа солиш жиноятининг субъекти доираси кенгайтирилди.
Илгари жиноят субъектлари, яъни қийноққа солганлик учун жавобгарликка тортилиши мумкин бўлган шахслар доираси чегараланган эди. Яъни, суриштирувчи, терговчи, прокурор, ҳуқуқни муҳофаза қилиш органининг, жазони ижро этиш муассасасининг бошқа ходими қийноққа солиш жиноятининг субъекти ҳисобланарди. Жиноят кодексига киритилган янги ўзгартишга кўра, эндиликда ҳуқуқни муҳофаза қилувчи органнинг ёки бошқа давлат органининг ходими томонидан ёхуд унинг далолатчилигида ёки хабардорлигида ёхуд индамай берган розилиги билан бошқа шахслар томонидан содир этилишига оид норма киритилиши натижасида қийноққа солиш жинояти субъектлари доираси кенгайтирилди.
Хорижий мамлакатлар Жиноят кодекслари таҳлил қилинганда, қийноққа солиш жиноятининг субъекти борасида ягона ёндашув йўқлигини кўришимиз мумкин. Фикримизча, гарчи Қийноққа солишга қарши конвенцияда жиноят субъектлари кўрсатилган бўлсада, Конвенцияда қўлланилган «Расмий равишда намоён бўлувчи бошқа шахслар» жумласини бир хил қўллаш бўйича тушунтириш ёки норматив таъриф бўлмаганлиги учун давлатларнинг жиноят қонунчилигида турлича ёндашув мавжудлигини кўришимиз мумкин.
Бундан ташқари, Қийноққа солиш жиноятининг жабрланувчилари доираси БМТнинг Қийноққа қарши конвенциясида чегараланмаган. Яъни, ҳар қандай шахс жабрланувчи бўлиши мумкин. Шунингдек, жиноят субъектлари қаторида мансабдор шахслар бўлишини инобатга олсак, қийноққа солиш жинояти билан мансабдорлик жиноятларини, жумладан, ҳокимият ёки мансаб ваколати доирасидан четга чиқиш жинояти билан аниқ фарқини белгилашда муаммолар юзага келади. Шу муносабат билан тергов ва суд амалиётида ҳам, баъзида қийноққа солиш билан боғлиқ жиноятлар дастлаб ҳокимият ёки мансаб ваколати доирасидан четга чиқиш жинояти бўйича иш қўзғатилганлигини кўришимиз мумкин.
Халқаро конвенцияда бу борадаги аниқ чегара ёки тушунтириш келтирилмаган. Жиноят субъекти сифатида Жиноят кодекси нормаларини ҳуқуқни қўллаш амалиётида турлича шарҳлашга сабаб бўлувчи ҳамда тергов ва суднинг субъектив фикрига қараб талқин қилинадиган ҳолатлар юзага келмаслиги учун халқаро конвенция нормаларида акс этган қоидаларнинг мезонларини аниқлаш муҳим ҳисобланади.
Фикримизча, қийноққа солиш жиноятининг мансабдорлик жиноятлари ўртасидаги аниқ фарқ бу жабрланувчининг муайян маънода ўз эркинлиги ва ҳуқуқларини амалга оширишда чекланганлиги билан, жиноят субъекти томонидан кўпроқ муайян ҳуқуқбузарликни содир этганлиги учун иқрорлик кўрсатуви олиш ёки ўзбошимчалик билан жазолаш кабиларда намоён бўлади.
Маҳмудхўжа АСАТУЛЛАЕВ,
Тошкент шаҳар ИИББ Ташкилий бошқарма ЮТБ катта юрисконсульти,
капитан.












https://t.me/manaviyat_va_marifat_darsi

Download 200.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling