28-mavzu inson qadr-qimmatini kamsitish, qiynoqqa solish – jinoyat
Download 200.38 Kb.
|
28 - мавзу
28-mavzuINSON QADR-QIMMATINI KAMSITISH, QIYNOQQA SOLISH – JINOYATHuquqqa qarshi qaratilgan jinoyat ko‘rinishlaridan biri hisoblangan qiynoq shaxsning jismoniy va ruhiy daxlsizligi, shaxsiy xavfsizligiga tajovuz qiladi. Shuning uchun ham 1948-yil 10-dekabrda xalqaro hamjamiyat «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ni qabul qilish orqali qiynoq yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llashni taqiqladi. Deklaratsiyaning 5-moddasida «Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha, insonlikka isnod bo‘lgan yoki qadr-qimmatni xo‘rlaydigan muomala va jazoga mustahiq bo‘lmasligi kerak» – degan qoida mustahkamlandi. «Qiynoqqa solish» tushunchasiga huquqiy ta’rif ilk bor BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 1975-yil 9-dekabrda qabul qilingan «Hamma shaxslarni qiynoqlardan, boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlaridan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi deklaratsiyada berilgan. Ushbu deklaratsiyada «Qiynoqqa solish» tushunchasining mazmuni xususidagi turli xil qarashlar rivojlantirilgan va 1-moddasida u «Rasmiy shaxs tomonidan yoki uning ko‘rsatmasiga binoan, insonga undan yoki uchinchi shaxsdan axborot yoki iqrorlik ko‘rsatuvlari olish, u sodir etgan yoki sodir etganlikda gumon qilinayotgan harakatlar uchun uni jazolash yoinki uni yoki boshqa shaxslarni qo‘rqitish maqsadida bila turib kuchli og‘riq yoxud jismoniy yoki aqliy azob-uqubatlar yetkazishga qaratilgan har qanday harakat», deb ta’riflangan. 1984-yil 10-dekabrda BMT tomonidan qabul qilingan «Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi» konvensiyaning 1-moddasida esa, qiynoq quyidagicha ta’riflanadi: «Biron-bir shaxsga qasddan yetkaziladigan kuchli jismoniy yoki ruhiy og‘riq yoхud azob, undan yoki uchinchi shaxslardan ma’lumot yoki iqrorlikni qo‘lga kiritish uchun, u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilinayotgan qilmish uchun jazolash, shuningdek, uni yoki uchinchi shaxslarni qo‘rqitish yoki majburlash yoinki diskriminatsiyaga asoslangan har qanday sabablarga ko‘ra sodir etilgan har qanday harakatlar bo‘lib, bunda ushbu harakatlar davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar yoki ularning undovi bilan yoxud ularni xabardor etgan holda yoinki ularning roziligi bilan sodir etiladi». Masalan, xorijiy mamlakatlardagi xususiy qamoqxonalarda qamoqxona xizmatchisi tomonidan qiynoqqa solinish holati yuz bersa, xususiy qamoqxona xizmatchisi Qiynoqqa qarshi konvensiyaning 1-moddasidagi «davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar» jumlasidagi subyektlar doirasiga tushadimi yoki yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Fikrimizcha bunday shaxslar ham qiynoqqa solish jinoyatining subyekti bo‘lishi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, qiynoqning subyekti sifatida xalqaro huquq normasida davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar qayd etilgan. Xalqaro-huquqiy hujjatlarda mansabdor (rasmiy) shaxs umumiy tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lmasa-da, xalqaro huquqda ayrim turdagi mansabdor shaxslar tushunchalariga berilgan sharhlarga duch kelish mumkin. Masalan, Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksining 1-moddasiga berilgan sharhga muvofiq «Huquqiy tartibotni saqlash bo‘yicha mansabdor shaxs» atamasi huquqni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan tayinlanadigan yoki saylab qo‘yiladigan, ichki ishlar organlari vakolatlariga, ayniqsa, huquqbuzarlarni ushlash vakolatlariga ega mansabdor shaxslarning barchasini o‘z ichiga oladi. Ta’kidlash lozimki, qiynoqqa solish tarzidagi harakatlar ishtirokchilikda mansabdor bo‘lmagan shaxslar tomonidan ham sodir etilishi mumkin, basharti bu harakatlar: – mansabdor shaxsning ko‘rsatmasiga binoan, ya’ni subyekt mazkur shaxs tomonidan qiynoqqa solishni sodir etishga jalb qilinishi natijasida; – mansabdor shaxsni xabardor etgan holda, ya’ni mansabdor shaxs qiynoqqa solishning qo‘llanilishi to‘g‘risida zaruriy axborotga to‘liq hajmda ega bo‘lgan sharoitda; – mansabdor shaxsning roziligi bilan bajarilgan, ya’ni mansabdor shaxs qiynoqqa solishni sodir etishga qarshilik qilmagan yoki bunga monelik qiluvchi omillarni bartaraf etgan bo‘lsa. Bundan tashqari, xalqaro konvensiya talabi hamda quyida keltirilgan xorijiy davlatlar jinoyat kodeksi bo‘yicha har qanday shaxs qiynoqqa solish jinoyati subyekti bo‘lishi belgilangan. Masalan, sodir etgan qilmishi uchun tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini o‘tayotgan shaxsga nisbatan qiynoqqa solish holatlari shifokor tomonidan qo‘llanilsa, shifokor qiynoqqa solganlik bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Bu esa, o‘z navbatida, qiynoqqa solish jinoyatining jabrlanuvchi doirasini Qiynoqqa qarshi konvensiya qoidalari asosida takomillashtirilishi zarurligini ko‘rsatadi. 2018-yilning 4-aprel kunidagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Jinoyat kodeksining 235-moddasiga o‘zgartishlar kiritildi hamda qiynoq uchun javobgarlikka oid normalar takomillashtirildi. Jumladan, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti doirasi kengaytirildi. Ilgari jinoyat subyektlari, ya’ni qiynoqqa solganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi chegaralangan edi. Ya’ni, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, huquqni muhofaza qilish organining, jazoni ijro etish muassasasining boshqa xodimi qiynoqqa solish jinoyatining subyekti hisoblanardi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartishga ko‘ra, endilikda huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan sodir etilishiga oid norma kiritilishi natijasida qiynoqqa solish jinoyati subyektlari doirasi kengaytirildi. Xorijiy mamlakatlar Jinoyat kodekslari tahlil qilinganda, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti borasida yagona yondashuv yo‘qligini ko‘rishimiz mumkin. Fikrimizcha, garchi Qiynoqqa solishga qarshi konvensiyada jinoyat subyektlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Konvensiyada qo‘llanilgan «Rasmiy ravishda namoyon bo‘luvchi boshqa shaxslar» jumlasini bir xil qo‘llash bo‘yicha tushuntirish yoki normativ ta’rif bo‘lmaganligi uchun davlatlarning jinoyat qonunchiligida turlicha yondashuv mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, Qiynoqqa solish jinoyatining jabrlanuvchilari doirasi BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasida chegaralanmagan. Ya’ni, har qanday shaxs jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, jinoyat subyektlari qatorida mansabdor shaxslar bo‘lishini inobatga olsak, qiynoqqa solish jinoyati bilan mansabdorlik jinoyatlarini, jumladan, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bilan aniq farqini belgilashda muammolar yuzaga keladi. Shu munosabat bilan tergov va sud amaliyotida ham, ba’zida qiynoqqa solish bilan bog‘liq jinoyatlar dastlab hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganligini ko‘rishimiz mumkin. Xalqaro konvensiyada bu boradagi aniq chegara yoki tushuntirish keltirilmagan. Jinoyat subyekti sifatida Jinoyat kodeksi normalarini huquqni qo‘llash amaliyotida turlicha sharhlashga sabab bo‘luvchi hamda tergov va sudning subyektiv fikriga qarab talqin qilinadigan holatlar yuzaga kelmasligi uchun xalqaro konvensiya normalarida aks etgan qoidalarning mezonlarini aniqlash muhim hisoblanadi. Fikrimizcha, qiynoqqa solish jinoyatining mansabdorlik jinoyatlari o‘rtasidagi aniq farq bu jabrlanuvchining muayyan ma’noda o‘z erkinligi va huquqlarini amalga oshirishda cheklanganligi bilan, jinoyat subyekti tomonidan ko‘proq muayyan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun iqrorlik ko‘rsatuvi olish yoki o‘zboshimchalik bilan jazolash kabilarda namoyon bo‘ladi. Mahmudxo‘ja ASATULLAYEV, Toshkent shahar IIBB Tashkiliy boshqarma YUTB katta yuriskonsulti, kapitan. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling