28-mavzu: sovet xokimiyatining o`zbekistonda amalga oshirgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-madaniy tadbirlari va ularning mustamlakachilik


Download 44.34 Kb.
bet3/3
Sana04.05.2020
Hajmi44.34 Kb.
#103124
1   2   3
Bog'liq
28-mavzu

Ziyolilarning qatag’on qilinishi. Stalincha siyosiy qatag’onlikdan jamiyatning sog’lom kuchlari, milliy ziyolilar eng ko’p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, totalitar rejim mutasaddilari o’zlari jaholatparast kimsalar bo’lganligidan, ilmu ma’rifat, ziyo ahlini qadrlash, e’zozlash o’rniga ularni xo’rlash, tahqirlash, kerak bo’lsa yo’q qilishni o’zlariga kasb qilib olgandilar. Shu bois vaqti-vaqti bilan ziyoli kadrlarni qatli om chig’irigidan o’tkazish, saflarini «yagonalab» turish ular uchun odatiy hol bo’lib qolgandi. Masalan, butun hayoti ijodini millat baxt-saodati, yurt istiqboli uchun bag’ishlagan Munavvar qori shu davrda avj olgan sovetlar ig’vosi va bo’htonining aybsiz qurboni bo’ldi. Uning rahnomoligida millat ravnaqi va istiqloli yo’lida faoliyat yuritgan, xalqqa ziyo taratib kelgan «Milliy istiqlol» tashkilotining 87 a’zosi ustidan sud uyushtirildi. Ularning 49 nafari «Xalq dushmani», «burjua millatchisi» degan ayblar bilan qoralanib, og’ir jazolarga hukm qilindilar.

O’zbek adabiyotining ustunlari bo’lgan, noyob ijodlari xalq mehrini qozongan Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Usmon Nosir, Mahmud Botu (Xodiyev), Elbek (Mashriq Yunusov), Fozi Yunus kabi ajoyib iste’dodlarni quruq bo’htonu tuhmatlar asosida «xalq dushmanlari» sifatida jismonan yo’q qilinib, yorqin faoliyati so’ndirildi. Masalan, ulardan biri - professor Fozi Olim Yunusovni oladigan bo’lsak, u 50 dan ziyod asarlar muallifi edi. Arab, fors, nemis, ingliz va barcha turkiy tillarni puxta bilardi. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti hamda Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida umumiy tilshunoslik va til bilimiga kirish kabi maxsus kurslardan ma’ruzalar o’qirdi. Biroq bunday iste’dodlar qatag’on jallodlari uchun sariq chaqalik qadr-qimmatga ega bo’lmagan. Mustabid tuzum farmonbardorlari ayniqsa bunda o’zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o’zligini tanitishga fidoyilik qilgan, istiqlol darg’alari bo’lgan jadid namoyandalarini yo’q qilishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ydilar. Bunga erishdilar ham.

O`zbekiston hukumatining tashabbusi va sa’y-harakati bilan 20-yillarda xorijga o’qishga yuborilib, yaxshi mutaxasislar, fan arboblari bo’lib yetishgan kishilar atayin qatliom qurbonlari bo’ldilar. Agar Germaniya yoki Turkiyada ta’lim olgan bo’lsalar ularga o’sha mamlakatlarning josuslari degan ayb qo’yildi. Buning uchun ularning uyida tintuv paytida chet elda bosilgan kitob topilguday bo’lsa, shuning o’zi yetarli dalil edi. Axir ular chet el oliy o’quv yurtlarida o’qigan bo’lsalar ularda Shunday kitoblar bo’lishi tabiiy edi. Masalaning bunday mantiqiy jihatlari chalasavod jazo organlari vakillarini qiziqtirmagan. Xorijda ta’lim olib, professorlik unvoniga sazovor bo’lgan Ahmadjon Ibrohimov, Majid Ibrohim, Ibrohim Yorqin, Tohir Shokir, Abduvahob Ishoq, Saida Shermuhammad qizi, Sattor Jabbor, Otajon Hoshim va boshqalar o’sha davrlarda millat faxri bo’lganlar. Ularga ham “xalq dushmani”, “chet el josusi” qabilidagi tavqi la’nat tamg’asi bosilib qatliom etildilar.

Stalincha totalitar-mustabid tuzum bedodligi va zulmining haddan ziyod kuchayib borishi davomida nafaqat yurtparvar milliy kadrlar, fidoyi ziyolilarning hayot tarzi, qismati zavol topdi, balki shu bilan birga millionlab yurt fuqarolarining oddiy insoniy qadr-qiymati, or-nomusi toptaldi, tahqirlandi. G’addor tuzum zulmkorlari o’z g’ayriqonuniy hatti-harakatlarini avj oldirib, bunda har bir insonning yurish-turishi, kundalik mashg’uloti, muomalasidan tortib to uning qanday tafakkur yuritishigacha bo’lgan hamma jarayonlarni ham o’z nazoratiga olishga intilganlar. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad esa insonlar erki, irodasini jilovlash, uni muayyan chegara doirasida ushlab turish va shu yo’l bilan badkirdor tuzum sha’niga dog’ tushirmaslik, uning soxta obro’-nufuzini asrash, avaylash edi. Sovetlar o’z siyosatidan salcha og’ish, unga zid keluvchi hollarga shafqatsizlik bilan munosabatda bo’lardi. Buning oqibatida kishilar dunyoqarashi, e’tiqodini o’z izmiga bo’ysundirish, uni kommunistik axloq, ilmiy va ateistik tamoyillar ruhida shakllantirish uchun hujumkor kurash olib borgan sovet mafkurasining respublika mehnatkashlarining ma’naviy hayotiga yetkazgan zarari behisob bo’ldi. Shu yo’l bilan xalq ma’naviy-ruhiy hayotiga asrlar osha muhim hissa qo’shib kelgan butun boshliq ruhoniylar tabaqasi yo’q qilindi. Din peshvolari qattiq ta’qibu quvg’inga olindi.

Bu davrda insonni qoralash, uning peshonasiga «xalq dushmani» tamg’asini bosish tuzum zolimlari uchun huddi «xamirdan qil sug’urganday» gap bo’lgan. Hatto Shunday hollarga duch kelindiki, respublikadagi ko’p xonadonlarda vaqti-vaqti bilan o’tkazilgan tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan biror kitob topilguday bo’lsa, uning nomi, mazmuni so’rab, surishtirilmasdan o’sha xonadon sohibiga jamiyatga yot unsur degan la’nat tamg’asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilaverilgan. Shunday qilib, stalincha qatag’onlik respublikamiz hayotining barcha sohalari uchun qonli fojialar, beadad yo’qotishlar bilan to’lib toshgan davr bo’ldi. U millionlab odamlarning taqdir-qismatida asoratli iz qoldirdi va mislsiz xunuk oqibatlarni yuzaga keltirdi. Shunga qaramay xalqimiz o’z bukilmas irodasini, matonatini namoyon etib, yorug’, charog’on kunlar kelishiga intiqib, kurashib yashadi. U stalincha qatliomning har qanday shiddatiga dosh berib, o’z asriy qadriyatlarini, udumlari, rasm-rusumlarini saqlab, imon-e’tiqodida sodiq qola bildi va hamisha milliy istiqlol sari dadil harakatlanishda davom etdi.

Biz, milliy istiqlol davri kishilari jonajon yurtimiz ozodligi va mustaqilligi yo’lida kurashib, stalincha qatag’onlik qurbonlari bo’lib ketgan aziz insonlar xotirasini doimo qalbimiz to’rida saqlamog’imiz kerak bo’ladi. Bu har birimiz uchun farzu qarzdir. Yurtboshimizning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan har yili 31-avgust kunini «Qatag’on qurbonlari» xotirasini nishonlash kuni, deb e’lon qilinganligi g’oyatda quvonarlidir. Bu hozirgi minnatdor avlod kishilarining shahid ketganlar xotirasi oldidagi ehtiromining umumxalq e’tirofidir.



Markaz mutasaddilari, mafkurachilari rahnamoligida o’tgan asrlarning 50-yillari boshlarida O`zbekistonda boshlanib ketgan ilg’or ziyolilar, ilm-fan, adabiyot, san’at, ma’rifat namoyadalarini quvg’in va ta’qib qilishlar, ular ijodidan kir izlash, ayb topishga urinishlar, shubhasiz, respublika ma’naviy hayotiga jiddiy ta’sir ko’rsatmasdan qolmadi. U ko’plab olimu ijodkorlar, shoiru adiblar, iste’dod sohiblari hayotini tahlikali holatga duchor etdi.

O`zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mining 1949-yil 25-iyundagi «O`zbekiston Sovet yozuvchilar soyuzining ishi to’g’risida»gi qarorida A.Qahhorning «Qo’shchinor chiroqlari» romani tanqid qilindi. Yozuvchilardan Oybek, Mirtemir, H.G’ulom, O’.Rashidov, M. Shayxzoda, M.Boboyev, A.Qayumov va boshqalar badnom qilindi. «Sharq yulduzi», «Zvezda vostoka» jurnallarining tahririyatlariga bir qator «yaramas» asarlarni chop etishga yo’l qo’ygan, degan jiddiy ayblar qo’yildi. 1948-1949-yillarda 20 dan ortiq yirik talantli olimlar, yozuvchi va shoirlar qamoqqa olinib, yopiq ravishda so’roq qilinib, millatchilikda ayblanib, 15-25-yilga ozodlikdan mahrum etiladi va surgun qilinadi. O`zbekiston Kompartiyasi MQning 1950-yil 1-sentabrda qabul qilgan «O`zbekiston Fanlar Akademiyasining ishi to’g’risida»gi qarorida bir qator iqtisodiyot, til va adabiyot sohasidagi olimlar millatchilikda ayblandi. O`zbekiston Kompartiyasi MQning 1951-yil 8-apreldagi «O`zbekiston SSRda musiqa sa’natining ahvoli va uni yanada rivojlantirish tadbirlari to’g’risida»gi qarorida o’zbek xalqining buyuk shoiri Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlari, «Tohir va Zuhra», «Alpomish» xalq dostonlarining afsonaviy folklor syujetlariga asoslangan opera, balet va musiqali drama spektakllarini yaratish va sahnalarda ko’rsatish «zararli» ish deb baholandi. Bunday spektakllarni sahnalashtirgan ijodiy xodimlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, ko’pgina konsert tashkilotlari va musiqali teatr xodimlari «Eski, arxaik musiqani va juda g’amgin, mungli maqom namunalari»ni tarqatganligi uchun qoralandi. Qarorda «O`zbekistonning musiqa san’ati hayotdan orqada qolmoqda, o’zbek xalqini kommunistik ruhda tarbiyalash maqsad va vazifalariga to’la-to’kis xizmat qilmayotir”, deb ta’kidlandi.

1951-yil 10-avgustda respublika matbuotida “Ba’zi shoirlarning ijodidagi mafkuraviy buzg’unliklar to’g’risida” degan maqola e’lon qilindi. Unda Turob To’la, Kamtar Otaboyev, Mirtemir, A.Bobojonov, Sobir Abdulla, Habibiylarning asarlari kommunistik mafkuraga, xalqlar do’stligiga zid g’oyalarni ilgari suruvchi asarlar sifatida tanqid qilindi, ular millatchilikda ayblandi.

1951-yil 24-avgustda matbuotda e’lon qilingan “O’zbek sovet adabiyoti vazifalaridan chetda” nomli maqolada Oybek, X.Zaripov, H.Yoqubov, I.Sultonov va boshqa adiblar mafkuraviy og’ishlarda qoralandi. M.Shayxzoda, Shukrullo Yusupov, G’ulom Alimov (Shuhrat)lar 1951-yilda “sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati”da aylanib qamoqqa olindi va keyinchalik 25-yil ozodlikdan mahrum etishga hukm qilindilar. 1952-yil fevralida bo’lib o’tgan O`zbekiston Kompartiyasi MQning X Plenumi ilmiy va ijodiy ziyolilarni quvg’in, ta’qib ostiga olishda yana bir turtki bo’ldi. Plenumda “Respublikada mafkuraviy ishlarning ahvoli va uni yaxshilash Choralari to’g’risida”gi masala muhokama qilindi va tegishli qaror qabul qilindi. Plenumda faylasuf V.Zohidovning ilmiy ishlariga burjua-millatchilik xatolari yuklandi. Tarixchi A.Boboxo’jayev va iqtisodchi O.Aminov panturkizmni targ’ib qilishda ayblandi. Ular “siyosiy va ishchanlik sifatlari jihatidan egallab turgan lavozimlariga to’g’ri kelmaydigan shaxslardir”, deb hisoblandi va ishdan bo’shatildi. T.To’la va M. Shayhzodalarning she’r va qo’shiqlari “g’oyasiz va axloqsiz” asarlar, deb baholandi.



O’zbek xalqining ma’naviy merosi, milliy qadiriyatlari yana bir bor oyoq osti qilindi, bu sohada faoliyat yuritgan ijodkorlar qatag’on qilindi. Tarixiy o’tmish ham, zamonaviy hayot ham kommunistik mafkura, sinfiylik nuqtai nazardan turib qo’pol ravishda buzib baholandi. Natijada ma’naviy hayotga, falsafiy va badiiy tafakkurga, madaniyatga katta zarar yetdi.

Stalin vafotidan keyin butun SSSRda bo’lganidek, O`zbekistonda ham shaxsga sig’inish oqibatlarini tugatish tadbirlari ko’rildi. Qatag’on qilinganlar ishini qaytadan ko’rib chiqishga kirishildi. Ko’pgina jinoiy ishlar to’qib chiqarilgani, minglab odamlar nohaq qamalib, ozodlikdan mahrum etilgani aniqlandi va ular oqlandi. A.Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat va boshqa ko’plab yozuvchi va shoirlar oqlandi. Minglab partiya, sovet, komsomol xodimlari nomlari poklandi. 50-yillarning boshlarida shubha ostiga olingan, har bir qadami nazorat qilinayotgan 60 nafardan ziyod yirik olimlar, adiblardan «millatchi, sovetlarning dushmani» degan yorliqlar olib tashlandi, to’hmatlardan halos bo’ldi. Yana bir zabardast olim, akademik Ibrohim Mo’minov tarixiy haqiqatni ochishga qo’l urib, ulug’ bobokalonimiz Amir Temur shaxsi va uning qilgan betimsol ulkan ishlari haqida to’g’ri, xolis fikrlar bildirib risola yaratganligi uchun hukmron tuzum zulmiga uchradi. Moskvaning nufuzli nashrlari sahifalarida olimga qarshi ig’voyu bo’htonlardan iborat materiallar bosildi, nomi yomon otliq qilindi. Nachora, tarixiy haqiqatni ayta olishga o’zida iroda, jasorat topa bilgan alloma Shunday og’ir ko’yga mubtalo bo’ldi. Uning tiniq musaffo yuragi ham oxirigacha bardosh bera olmadi. O’zbek arxeologiya fanining chinakam fidoyisi, akademik Yah’yo G’ulomovning ham o’lkamiz tarixini ilmiy, xolis va haqqoniy o’rganish, milliy tariximiz to’g’risidagi xaqiqatni yuzaga chiqarish borasidagi ko’p qirrali faoliyati va barcha ilmiy izlanishlari ham yuqori sovet mahkamalariyu, ularning konservativ fikrlovchi to’ra rahbarlarining ne-ne qarshiliklari va to’siqlariga duch kelmagan. Gap shundaki, hukmron tuzum sha’niga salcha bo’lsin noo’rin ishora yohud harakat yuz berguday bo’lsa, o’sha zahoti uning ko’p sonli maddohlari nishonni bexato ola bilar edilar.

Bu davrda o’zbek adiblari, shoirlari ijodi ham doimiy suratda sovet mafkurasining diqqat-e’tiborida bo’lgan. Shu bois ularning har bir asari rasmiy senzuraning qat’iy nazoratiga olinar, yuz chig’iriqdan o’tib, nashrga tavsiya etilardi. Bordiyu haqiqat g’oyasi bilan sug’orilgan ba’zi asarlar bosilib chiqquday bo’lsa, u holda ularning mualliflariyu muharrirlari boshi bilan javob berardilar. Masalan, 60-yillarda taniqli shoir Erkin Vohidovning birgina “O’zbegim” she’ri muallifga qanchalik behalovatlik keltirganligi bunga misoldir. Yoki atoqli adib Pirimqul Qodirovning milliy tariximizning nomdor vakili, otashnafas shoir va adib, davlat arbobi, mohir sarkarda Z.M.Bobur hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi “Yulduzli tunlar” romani ham feodal o’tmish namoyandasi timsolini aks ettiruvchi asar sifatida keskin qoralandi. Vaholanki, bu buyuk tarixiy siymo to’g’risida ko’plab xorijiy mamlakatlarda son-sanoqsiz tarixiy va badiiy asarlar bitilganligi aniqdir.

Shunday qilib ko’ramizki, mustabid sovet tuzumi o’zining 70-yildan ziyodroq davom etgan hukmronligi davrida o’ziga qaram va tobe bo’lgan milliy hududlarda, jumladan, O`zbekistonda o’z bedodligi va qabohatini har qanday yo’llar bilan bo’lmasin, amalga oshirishga erishib bordi.

Ayniqsa bundan yurtimiz fuqarolarining sara qismi sanalgan ilg’or, taraqqiyparvar ziyolilar, milliy kadrlar eng ko’p jafo chekdi, ming bir xil azobu uqubatlarga duchor etildi. Yurtimizning bunday yurtparvar, vatanparvar sog’lom kuchlari har qanday murakkab vaziyatlarda ham o’z fuqarolik pozitsiyalarida sobit turib, sobiq tuzum zo’ravonlari zug’umi va xurujiga dosh berib, Vatan istiqboli yo’lida mardonavor harakatda davom etdilar.


1Ўзбекистоннинг янги тарихи. 2-китоб. Ўзбекистон Совет мустамлакачилиги даврида.-Т., “Шарқ”, 2000. 352-353-betlar.

2Шамсутдинов Р., Холмирзаев Э. Коллективлаштириш ва “катта террор” даврида қатағон қилинган ватандошларимизнинг Хотира китоби. 2-китоб. –Т., “Янги аср авлоди”. 2015. 7-21-betlar.


Download 44.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling