3-mavzu: bilish nazariyasi. Mantiq reja
Argumentlash (dalillash)ning mantiqiy xulosa chiqarishdagi ahamiyati
Download 143.57 Kb.
|
3-mavzu bilish nazariyasi. Mantiq reja
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mantiqiy isbotlash
Argumentlash (dalillash)ning mantiqiy xulosa chiqarishdagi ahamiyati.
Mantiq ilmida isbotlash va dalillash tushunchalari o‘zaro farqlanadi. Dalillash deb, biror fikr, mulohazani yoki mulohazalar tizimini voqelikka bevosita murojaat qilish yo‘li bilan (kuzatish, tajriba-eksperiment va hokazo asosida) yoki chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalar yordamida asoslab berishga aytiladi. Dalillash bevosita yoki vositali bo‘ladi. Bevosita dalillash hissiy bilishga, ya’ni ko‘rish, tajriba-eksperiment orqali amalga oshiriladi. Vositali dalillash esa, chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalarga asoslanadi va xulosa chiqarish ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Dalillashning birinchi usuli empirik, ikkinchi usuli nazariy bilimlarga asoslanadi. Nazariy va empirik bilimlarning chegarasi nisbiy bo‘lganligi kabi, dalillashning yuqoridagi ikki usulga ajratilishi ham nisbiydir. Dalillashning xususiy ko‘rinishi mantiqiy isbotlashdir. Mantiqiy isbotlash deb, biror fikr, mulohazaning chinligini, chinligi avvaldan tasdiqlangan boshqa mulohazalar orqali asoslashga aytiladi. Isbotlashdan maqsad-biror fikrning chinligini aniqlash bo‘lsa, dalillashdan maqsad ham fikrning chinligini aniqlash, uning ahamiyatini va muayyan faoliyat uchun qo‘llash mumkinligini asoslashdir. Isbotlash jarayonida qo‘llaniladigan chin mulohazalar (asoslar) berilgan fikrning chinligini tasdiqlash uchun xizmat qilsa, dalillash, bundan tashqari, dalillanayotgan fikrning boshqa shu kabi fikrlardan afzalroq ekanligini asoslash uchun ham xizmat qiladi. Dalillash uchun keltirilgan argumentlar (asoslar) isbotlash uchun keltirilgan argumentlarga nisbatan rang-barang bo‘ladi. Dalillash shakllari bilan isbotlash shakllari bir-biriga aynan mos tushmaydi. Isbotlash xulosa chiqarish ko‘rinishida amalga oshadi. Dalillash ko‘proq suhbat (dialog) ko‘rinishida bo‘lib, uning ishtirokchilaridan har biri o‘z fikrining chinligini isbotlashga, raqibining fikrini rad etishga va tinglovchilarning o‘zini ham fikr qilishga, o‘z fikrlariga ishontirishga harakat qiladi. Dalilillash jarayonida retsipientlarga (lot - qabul qiluvchi) – tinglovchilarga biror fikrning to‘g‘ri yoki xatoligi asoslab beriladi va ularda shu fikrga nisbatan ishonch tuyg‘usi shakllantiriladi. Dalillovchi shaxsning so‘z san’atini qay darajada egallaganligi, ya’ni notiqlik mahorati tinglovchilarda ishonch-e’tiqodning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Faktlar va boshqa dalillarga tayanib yuritiladigan fikr yuksak ishontirish kuchiga ega bo‘ladi, kishilarda ishonch-e’tiqodni shakllantiradi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega bo‘lgan e’tiqodni yaratishdan iborat. Dalillash va isbotlash ishonch-e’tiqodni shakllantirish vositasidir. Ishonch-e’tiqod bu kishilarning xulq-atvori va hatti-harakatlarini belgilab beradigan qarashlari va tasavvurlaridir. Download 143.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling