3-mavzu: Davlat va huquqni ijtimoiy foydali qimmati. Reja


Download 59.46 Kb.
Sana13.12.2020
Hajmi59.46 Kb.
#165952
Bog'liq
T1by5hsLDnQyu6DBAGHPo9AhBCCgHhI


3-mavzu: Davlat va huquqni ijtimoiy foydali qimmati.
Reja:

  1. Davlat va huquqning paydo bo‘lishi haqidagi: diniy, patriarxal, irrigatsion, zo‘rlik, ijtimoiy-shartnoma, psixologik va tarixiy-materialistik nazariyalar.

  2. Davlat tushunchasi va bergilari.

  3. Davlat mohiyati va uning ijtimoiy ahamiyati to‘g‘risidagi turli nazariyalar.

  4. Davlat hokiyati-ijtimoiy hokimiyatining muhim shakli, belgilari,tipologiyasi: formatsiyaviy va sivilizatsiyaviy yondashuv.


Tayanch iboralar: suverenitet, davlat, hokimiyat, ijtimoiy hokimiyat va davlat hokimiyati, formatsiya, sivilizatsiya.
1. Hokimiyat va davlat hokimiyati tushunchalari

Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, xalqimiz oldida demokratiya printsiplariga asoslangan yangi davlatchilikni barpo etish, huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo`yicha islohotlarni boqichma-boqich amalga oshira boshladi. «O`zbekiston demokratiya qadriyatlarini, shaxsning huquq va erkinliklarini ta`minlash, erkin bozor iqtisodiyotni barpo etishni o`zi uchun eng ustivor qadriyatlar sifatida tanladi», - deb ta`kidlagan edi siyosat arbobi I. Karimov. Buning uchun esa, avvalombor davlat hokimiyatining o`zini erkinlashtirish muhim edi. Mamlakatimizda eski ma`muriy-buyruqbozlik tizimini va unga muvofiq bo`lgan hokimiyat va boshqaruv organlarini tugatish hamda Konstitutsiya va qonunlarda yangi davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlash vazifalari amalga oshirildi.

Bu islohotlarning mazmunini to`g`ri tushunish uchun hokimiyat, davlat, davlat hokimiyati, davlat shakllari, funksiyalari va mexanizmi, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati kabi tushunchalarni o`rganish muhim.

Davlat hokimiyati nima ekanligini tahlil qilishdan oldin, hokimiyatning o`zi nima ekanligini tushunish zarur. Davlat hokimiyati ijtimoiy hokimiyatning yagona turi emas. Hokimiyat odamlarning har qanday tashkiliy barqaror jamoasiga xos voqelik. U jamiyatning har qanday tiplarida mavjud bo`lgan va mavjud bo`ladi. Ijtimoiy hokimiyatning quyidagi turlarini bir-biridan ajratib ko`rsatish mumkin: oiladagi, urug`dagi, qabiladagi, jamoadagi hokimiyat, davlat (siyosiy) hokimiyati, iqtisodiy hokimiyat, turli jamoat tashkilotlaridagi hokimiyat, ruhoniylar jamoasidagi hokimiyat, mahalladagi hokimiyat va boshqalar.



Hokimiyatning quyidagi umumiy belgilari mavjud.

1. Hokimiyat boshqalar irodasini bo`ysundirishga asoslanadi. Muayyan bir ijtimoiy birlik a`zolarini bo`ysundirmasdan turib hokimiyat egasi ushbu ijtimoiy birlikda bajarilishi muqarrar bo`lgan qarorlar qabul qila olmaydi. Hokimiyat egasining qabul qilgan qarorlari uning hokimiyati ostidagilar tomonidan bajarilmasligi muqarrar bo`lsa, bo`ysundirish qobiliyati ham, hokimiyatning o`zi ham ahamiyatini yo`qotgan hisoblanadi. Hokimiyatning turli ko`rinishlarida bo`ysundirish turli vositalar bilan amalga oshiriladi. Masalan, hurmatga tayanib bo`ysundirish, ishontirish, rag`batlantirish hamda majburlash orqali bo`ysundirish va boshqalar.

2. Hokimiyat masalasidagi munosabatlar, ya`ni hokimiyat munosabatlari irodaviy xarakterga ega hamda o`zining tuzilishiga ko`ra hukmronlik yoki rahbarlik qiluvchi va uning irodasiga bo`ysunuvchilar o`rtasidagi munosabatlardan iborat. Hukmronlik yoki rahbarlik qiluvchi hokimiyat munosabatlarining sub`ekti hokimiyat ostidagilar esa ob`ekti bo`lib hisoblanadi. Hukmron irodaga hokimiyat ob`ektlari zo`ravonlik yo`li bilan bo`ysundirilsa, rahbar irodaga ixtiyoriy, o`zi xohlab bo`ysunadi. Shuning uchun hukmronlikka asoslangan hokimiyatni irodaga bo`ysundirishning nodemokratik usuli, rahbarlikka asoslangan hokimiyatni demokratik usuli deb qarash mumkin.

Shunday qilib, hokimiyat deganda - muayyan bir ijtimoiy birlikda ma`lum bir shaxs, shaxslar guruhi, toifa, tashkilot yoki idoralarning ushbu birlik a`zolari bo`lgan shaxslar, guruhlar, birlashmalar irodasini o`ziga bo`ysundira olish qobiliyatini tushunish lozim.

Ijtimoiy hokimiyatning boshqa turlaridan farq qilib, davlat hokimiyati davlat majburlovi imkoniyatiga ega bo`ladi. Davlatchilikda hokimiyat munosabatlarining mohiyati shundan iboratki, bunda bir tomon hokimiyat egasi o`zining irodasini hokimiyat ostidagilarga majburlash kuchini qo`llash imkoniyati bilan ta`minlangan huquqiy normalar vositasida o`tkazadi, ularning xulq-atvorini huquqiy qoidalar bilan yo`lga soladi. Buning uchun maxsus majburlashga ixtisoslashgan apparat mavjud bo`ladi, hukmronlikda bunday apparat zo`rlik ishlatish funksiyalarini, rahbarlikda huquq tartibotni ta`minlash funksiyalarini bajaradi.

Davlat hokimiyatining sub`ekti hukmronlikda ma`lum bir toifa (zodagonlar, boylar, mulkdorlar, qashshoqlar va h.), rahbarlikda butun xalq, millat, ob`ekti esa xalq, jamiyat hisoblanadi. Agar hokimiyat sub`ekti va ob`ektining manfaat hamda irodasi bir-biriga mos kelsa, hokimiyat majburlash imkoniyatini ishga solmasdan amalga oshiriladi, agar aksincha zid kelsa bunda davlatning majburlash imkoniyatidan foydalaniladi. Demokratik jamiyatda hokimiyat sub`ekti va ob`ektining irodasi bir-biriga mos keladi. Chunki bunda jamiyatning har bir a`zosi davlatni boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlaridan foydalana oladi va davlat hokimiyatining manbai sanaladi. U amalda davlatning oliy idoralarini saylashda ishtirok etadi, referendumlarda qatnashadi, davlat idoralari va mansabdor shaxslarning faoliyatiga nisbatan o`zining munosabatlarini omaviy axborot vositalari orqali qo`rqmasdan bildira oladi, jamoat nazorati vositasida davlat idoralari faoliyatini nazorat qila oladi va boshqalar. Natijada u hokimiyatning faqat ob`ekti emas, balki faol sub`ektiga (ishtirokchisiga) aylanadi. Davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etgan har bir fuqaro davlat hokimiyatining har bir harakati uchun o`zining mas`uliyatini his qiladi va ijtimoiy faol bo`ladi.

Davlat hokimiyati davlat boshqaruvi orqali, ya`ni davlat idoralarining qonunlar asosida jamiyatga ta`sir o`tkazishi orqali amalga oshiriladi. Davlat jamiyat oldida turgan vazifalarni ro`yobga chiqarish maqsadida uni boshqaradi. Har qanday hokimiyat muayyan darajadagi obro`ga tayanadi, ya`ni hokimiyat aholi manfaatlarini qanchalik chuqur ifodalasa, uning obro`yi aholi orasida shunchalik baland bo`ladi. Lekin davlat hokimiyatini amalga oshirish uchun aholi orasida obro`ga ega bo`lish etarli emas, u jamiyatni tashkil etuvchi kuch - majburlash imkoniyatiga ega apparatdan: maxsus tayyorlangan davlat xizmatchilaridan iborat davlat apparatidan ham foydalanadi. Majburlash kuchini qo`llash imkoniyati davlat hokimiyati qarorlarining jamiyatda amalga oshirilishini kafolatlaydi. Biroq agar davlat hokimiyati jamiyatni tartibga solishda faqat majburlash kuchidan foydalanadigan bo`lsa, bu uning mo`rtligi va barqaror emasligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, davlat apparati tashqi dushmandan jamiyatni himoya qilish va jinoyatchilikning oldini olishda o`z kuchi va imkoniyatlarini to`laqonli namoyon qilishi talab etiladi.

Shunday qilib, davlat hokimiyati – ijtimoiy hokimiyatning shunday turiki, u davlat irodasi, kuchi va qudrati yig`indisi bo`lib, davlat nomidan davlat idoralari tomonidan, hokimiyat vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Davlat hokimiyati irodasiga davlat hududidagi hamda davlatga mansub barcha tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar, fuqarolar bo`ysunadi. U jamiyatda barqarorlik va tartibni ta`minlaydi, fuqarolarni tashqi va ichki tajovuzdan himoya qiladi.


2. Davlat hokimiyatining mohiyatini tushunishda turli yondashuvlar

Davlat hokimiyatining mohiyati uning mazmunida, ijtimoiy vazifasi va faoliyatida namoyon bo`ladi. Davlat hokimiyatining mohiyati masalasi uning qaysi iroda va manfaatlarni ifoda etishi, kim va qanday uni amalga oshirishi to`g`risidagi masaladan iborat.

Davlat nazariyasi fanida davlat hokimiyatining mohiyatini tushunishda ikki asosiy yondashuv mavjud. Bu yondashuvlar davlat hokimiyatining mohiyati to`g`risidagi qator ta`limotlar yaratilishiga olib kelgan. Ularni qaysi yondashuvga taalluqligiga qarab ikki guruhga ajratish mumkin: 1. Davlat hokimiyatining mohiyati to`g`risidagi toifaviy yondashuv ta`limotlari; 2. Davlatning mohiyati to`g`risidagi umumijtimoiy yondashuv ta`limotlari. Bu ta`limotlarning asosiylarini ko`rib chiqamiz.

1. Davlat hokimiyatining mohiyati to`g`risidagi toifaviy yondashuv ta`limotlari. Bu guruh ta`limotlarining asosiy g`oyasi quyidagicha: davlat muayyan bir toifa (qatlam, tabaqa yoki sinf) manfaatlarini ifoda etadi hamda davlat hokimiyati jamiyatni boshqarish qobiliyatiga ega qatlam tomonidan amalga oshiriladi.

Toifaviy yondashuv ta`limotlarini ikki guruhga ajratish mumkin: birinchi guruhga davlat hokimiyati xalq nomidan hukmron toifa tomonidan amalga oshiriladi degan g`oyani ilgari suradigan elita va texnokratik ta`limotlar kirsa, ikkinchi guruhga davlat hokimiyati hukmron sinf, toifa manfaatini amalga oshiradi degan g`oyani ilgari suradigan sinfiy ta`limotlar kiradi.



1) Elita ta`limoti. Ushbu ta`limot V.Pareto, G.Moska, R.Mixals, R.Mils va boshqa olimlarning asarlarida o`z ifodasini topgan. Unga ko`ra, xalq davlat hokimiyatini amalga oshirish qobiliyatiga ega emas, u jamiyatni boshqara olmaydi. Shuning uchun davlat hokimiyati jamiyatdagi qobiliyatli qatlam – elita tomonidan amalga oshirilishi kerak. Insonlar bir-birlaridan jismoniy, axloqiy va intellektual xususiyatlari bilan ajralib turadi, yuqori ko`rsatkichlarga ega bo`lgan insonlar guruhi elita nomini oladi. Jamiyat elitasi - bu o`zining tug`ma xususiyatlari sababli faoliyat sohalarida yuqori darajadagi qobiliyatni ko`rsata oladigan kishilar guruhidir, har qanday tashkilotda uning ko`pchilik a`zolari ozchilik elita tomonidan boshqariladi, hokimiyatning jamiyatda ozchilikni tashkil qiluvchi elita tomonidan egallanishi jarayoni muqarrardir.

Hokimiyat uchun bir necha elitalar o`zaro siyosiy kurash olib borib, g`alaba qilgan elita hokimiyatga ega bo`ladi, siyosiy kurash davomida bir elita ikkinchisini almashtiradi. elita jamiyatni boshqarishda bevosita yoki bilvosita qatnashadigan xukmron elita va boshqarish qobiliyatiga ega bo`la turib unda qatnashmaydigan qarshi elitaga (kontrelitaga) bo`linadi. Kontrelita elitaga xos bo`lgan ruhiy xususiyatlarga ega, biroq uning jamiyatdagi maqomi tan olinmaganligi va boshqa turli xil to`siqlar borligi sababli boshqaruv funksiyalaridan mahrum etilgan kishilar guruhidir. Ba`zi bir holatlarga ko`ra, elita va kontrelita vakillari o`z o`rinlari bilan almashinishlari mumkin.

Elitaning tarkibi jamiyatning eng ilg`or, boy, qobiliyatli va aqlli kishilaridan iborat bo`ladi. Shunga qarab siyosiy, ma`muriy, iqtisodiy va intellektual elitani bir-biridan ajratish mumkin.

Boshqaruv elitasi jamiyatning ozchilik qismidir. U jamiyatni boshqarish qobiliyatiga ega bo`lib, buning uchun maxsus tayyorgarlik ko`rgan, u hokimiyat qarorlariga bevosita va bilvosita ta`sir ko`rsata oladi.

Siyosiy elita - boshqaruv elitasining bir qismi bo`lib, davlat hokimiyatini bevosita amalga oshiradi. Siyosiy elitani davlat hokimiyatini boshqarishdagi o`rniga qarab uch darajaga bo`lish mumkin: oliy, o`rta va quyi.

Oliy darajadagi siyosiy elita davlat hokimiyati va boshqaruvida yuqori lavozimlarni egallagan ijtimoiy guruh, yuqori darajadagi siyosatchilar - davlat boshlig`i, bosh vazir, bosh vazir o`rinbosarlari, etakchi vazirlar, davlat qo`mitasi va xizmatlarining rahbarlari, senat raisi va quyi palata spikeri, partiya fraktsiyalarining rahbarlari, oliy sud idoralarining raislari kiradi. U jamiyat uchun eng muhim siyosiy qarorlarni qabul qiladigan 100-200 nafar kishidan iborat guruhni tashkil qiladi.

O`rta darajadagi siyosiy elita ko`plab sonli saylangan mansabdor shaxslardan: hokimlar (gubernatorlar), parlament deputatlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari boshliqlaridan shakllanadi.

Quyi darajadagi siyosiy elita mahalliy doirada faoliyat olib boruvchi siyosatchilar tashkil qiladi (mahalliy boshqaruv idoralarining rahbarlari, mahalliy vakillik idoralarining deputatlari, ma`muriy-hududiy birliklardagi partiya rahbarlari).

Ma`muriy elita – bu boshqaruv elitasining bir qismi bo`lib, boshqaruvning texnik-tashkiliy vositalariga ega bo`ladi. Ma`muriy elita tarkibini vazirlik, xukumatning turli boshqaruv idoralarida muhim lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining eng yuqori tabaqasi tashkil qiladi.

Iqtisodiy elita – bu boshqaruv elitasining bir qismi bo`lib, o`z faoliyatini xususiy mulkiga tayanib olib boradi. Iqtisodiy elita tarkibiga o`z qo`llarida moddiy va moliyaviy resurslarni to`plagan shaxslar: yirik sanoat korxonalari va banklarning egalari hamda ularning boshqaruvchilari (menejerlari) kiradi.

Harbiy va huquq tartibot elitasi tarkibiga davlatning oliy harbiy rahbarlari, qumondonlar, ichki ishlar, bojxona, milliy xavfsizlik va boshqa maxsus xizmatlarning boshliqlari kiradi.

Ma`naviyat, madaniyat va mafkuraviy elita tarkibini yirik ommaviy axborot vositalari va ta`lim-tarbiya maskanlari xodimlari, ziyolilar, diniy arboblar, adabiyot, san`at xodimlari va boshqalar tashkil qiladi.

Ushbu ta`limotlarning zaif tomoni shundaki, ular elita tarkibining oddiy xalq orasidan chiqqan iste`dodli kishilar hisobiga to`ldirilib borilishini tan olsa-da, oddiy aholini davlatni boshqarish ishlaridagi ishtirokiga etarli ahamiyat bermaydi. Albatta, jamiyatning iqtisodiy boy qatlami (sovdo va ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari), siyosiy va ma`muriy xizmatchilar qatlami (deputatlar, mansabdor shaxslar), intellektual qatlam (olimlar, hakimlar va b.) jamiyat ishlarini bevosita boshqaradilar. Lekin bunday boshqaruv oddiy aholining bevosita nazorati va irodasiga tayanadi.

Shunga o`xshash ta`limotlardan yana biri texnokratik ta`limot hisoblanadi. Bu ta`limot namoyondalari T.Veblen, D.Barnxeym, G.Saymon, D.Bellning xulosalariga ko`ra, davlat hokimiyati va boshqaruvini faqat mutaxassis boshqaruvchilar (menejerlar) amalga oshira oladi, chunki ulargina jamiyatning ehtiyojlarini aniqlab, rivojlanishning eng maqbul yo`nalishlarini belgilay oladi.



2) Sinfiy ta`limot. Ushbu ta`limot K.Marks, F.Engels, G.Plexanov, V.Lenin va boshqalarning asarlarida o`z ifodasini topgan. Ularning xulosalariga ko`ra, siyosiy hokimiyat jamiyatda iqtisodiy jihatdan hukmron sinfga qarashli va shu sinf manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati sinfiy mohiyatga ega, u iqtisodiy hukmron sinfning siyosiy hukmronligini ta`minlash vositasi, zo`ravonlik va zulm o`tkazishga tayanib, mazlum sinflarni boshqarish quroli.

Sinfiy ta`limot davlat hokimiyati mohiyatining sinfiy xususiyatini asos qilib oladi. Vaholanki, hatto, qonun bilan chegaralanmagan nodemokratik davlatlarda ham davlat hokimiyati uchun iqtisodiy hukmron sinf manfaatlarini ifoda etishga nisbatan jamiyatning umumiy rivojlanishini ta`minlash, jamiyatni butunligini saqlab qolish ustuvor ahamiyatga ega bo`lgan, uning ma`lum bir sinfga xizmat qilishidan ko`ra, butun jamiyatga qilgan xizmatining salmog`i ko`proq bo`lgan. Huquqiy demokratik davlatlarda esa davlat hokimiyati mohiyatining sinfiy xususiyati yanada kamayadi, u umumijtimoiy manfaatlarni ifodalovchi qonunlar doirasida faoliyat ko`rsatadigan, jamiyatdagi ziddiyatlarni ijtimoiy kelishuv vositasida bartaraf etadigan, barcha toifalar manfaati va farovonligi yo`lida xizmat qiladigan, turli qatlamlarni kelishtiradigan, ular uchun umumiy ishlarni bajaradigan mexanizmga aylanadi.



2. Davlatning mohiyati to`g`risidagi umumijtimoiy yondashuv ta`limotlari. Ular davlat jamiyatning umumiy manfaatlarini, xalq irodasini ifoda etadi, u jamiyatning rivojlanishi uchun zarur umumiy ishlarni bajaradi, davlat hokimiyati aholi (xalq) tomonidan bevosita hamda u vakolat bergan idoralar tomonidan amalga oshiriladi degan xulosalarni ilgari surishadi.

1) Liberal demokratiya ta`limoti. Ushbu ta`limot I.Bentam, J.Mill, F.Pettit, J.D’yui, A.Tokvil, L.Xobxaus va boshqalarning asarlarida o`z ifodasini topgan. Ushbu ta`limot barcha fuqarolarning boshqaruvda ishtirok etishini mutlaqlashtiradi, demokratik boshqaruv mohiyatini davlat hokimiyatining inson huquqlari va erkinliklarini ta`minlashi bilan bog`laydi. Uning asosiy g`oyasi davlat qaror qabul qilishda ko`pchilikning talabini amalga oshirishi kerak, lekin shu vaqtning o`zida fuqarolar huquq va erkinlarini kafolatlashi (vijdon erkinligi, so`z va fikr erkinligi, har qanday belgilaridan qat`i nazar kamsitishdan ximoyalanganlik va boshqalar) shart.

Liberal demokratiya ta`limotining asosiy xulosalari quyidagilardan iborat.

Insonning yashashga, erkinlikka va xususiy mulkka bo`lgan huquqlarini, uning ajralmas huquqlaridir. Xususiy mulk individual erkinlikning negizini tashkil qiladi. erkinlik shaxsni o`zini to`la namoyon qilishining zaruriy sharti bo`lib, unga tashqaridan bosim o`tkazish qat`iyan ma`n qilinadi. Jamiyat bu o`zaro teng va bir-biridan mustaqil insonlar jamoasi bo`lib, har bir alohida inson manfaati umumiy xalq manfaatidan ustuvor sanaladi. Davlat «kechki qorovul» hisoblanib, uning vazifasi xususiy mulkni, shaxs erkinligi va daxlsizligini qo`riqlashdan iborat. Fuqarolik jamiyati davlatdan ko`ra ustuvor, xalq suvereniteti vakillik demokratiyasi, huquq va erkinliklar muhofazasi orqali amalga oshiriladi. Siyosiy hayotda har bir insonning faol ishtirok etishi faqat xususiy individual manfaatlarni himoya qilish uchungina emas, balki malakaga, siyosiy axborotga ega bo`lgan fuqarolarning shakllanishi uchun ham kerak. Shuning uchun fuqarolarni siyosatga jalb qilib, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishni shaxs qobiliyatlarini rivojlantirishning muhim omili, deb hisoblanadi.

Demokratiya deganda – davlat boshqaruvida aholi ko`pchiligining ishtirok etishi tushuniladi. Fuqarolar eng malakali va mas`uliyatli vakillarga ovoz berish, ularni saylash yoki ishonchizlik bildirish orqali o`zlarining davlat idoralaridagi vakillarini nazorat qiladilar.    

Demokratiya - bu demokratik protseduralar (saylovlar, referendumlar, umumxalq muhokamalari, mitinglar, yig`ilishlar, namoyishlar) asosida xalq irodasini amalga oshirish demakdir. Bu protseduralar siyosiy qarorlar qabul qilinishida kimlar ishtirok etishi, har bir ovoz qanday hisobga olinishi va qarorni qabul qilish uchun necha ovoz talab qilishini belgilaydi. Shunga muvofiq, demokratiya mezonlari belgilanadi: 1) umumiylik, ya`ni muayyan yoshga etgan barcha fuqarolarning boshqaruv jarayonlarida ishtirok etishi; 2) tenglik, ya`ni qaror qabul qilishda bitta odam bitta ovozga ega bo`lishi; 3) qaror qabul qilishda ko`pchilik irodasining ustuvorligi; 4) davlat hokimiyatining ijtimoiy fikrga javob qaytarmoq tamoyillari.

Ushbu nazariyaning zaif tomoni shundaki, barcha fuqarolar siyosiy hayotdan xabardor va davlatni boshqarishda ishtirok etishni xohlaydilar va ovoz berishda jamiyat uchun foydali qaror uchun ovoz beradilar degan taxminga asoslanadi.



2) Plyuralistik demokratiya ta`limoti. Ushbu ta`limot M.Dyuverje, G.Laski, R.Darendorf, R.Dal, A.Leyxart va boshqa olimlarning asarlarida o`z ifodasini topgan. Bu ta`limot davlat hokimiyatini amalga oshirishda aholi ko`pchiligi irodasi emas, balki jamiyatdagi turli ijtimoiy guruhlar iroda va manfaatlarining raqobati asos bo`ladi, degan g`oyani ilgari suradi. Unga ko`ra, demoratiya – bu turli ijtimoiy guruh manfaatlarining o`zaro raqobati orqali amalga oshuvchi xalq hokimiyati demakdir.

Plyuralistik demokratiya ta`limotining asosiy xulosalari quyidagilardan iborat.

Jamiyatning tarkibi muayyan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy manfaatlar asosida birlashgan turli ijtimoiy guruhlardan iborat bo`lib, bu guruhlar davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etishga harakat qiladilar. Ijtimoiy guruhlar hukumat qarorlarining qabul qilinishiga ta`sir ko`rsatish uchun o`zaro raqobatga kirishadilar. Jamiyatda hukumatdan mustaqil bo`lgan siyosiy markazlar ham mavjud: bular korporatsiyalar, oliy o`quv yurtlari, siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar va boshqalar. Davlat hokimiyatining qarorlarida ifodalangan iroda turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlari o`rtasidagi kelishuv natijasidan iborat bo`ladi. Davlat bir-biriga raqib bo`lgan ijtimoiy guruh manfaatlari o`rtasida betaraf hakam sifatida foliyat qo`rsatadi. Jamiyatda siyosiy erkinliklar amal qilib, fuqarolar axborotni muqobil axborot manbalaridan olish huquqidan foydalanadilar. Muxolifat hukumatning qarorlari to`g`ligini masalasida bahslashish huquqiga ega bo`ladi. Saylovlar oshkora va haqiqiy bo`lib, siyosiy etakchilar o`rtasidagi ixtiloflar aholi orasida ochiq muhokama qilinadi

Demokratiya qarorlar qabul qilishda aholining kamchilik qismi manfaatlarini hisobga olishga imkoniyat beruvchi protseduralar mavjudligida namoyon bo`ladi. Ayniqsa, murakkab tarkibli jamiyatlarda diniy, milliy, madaniy, mahalliy, belgilari bo`yicha ajralib turadigan turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlari hisobga olinadi.

Plyuralistik demokratiya nazariyasining zaif tomoni shundaki, u barcha siyosiy kuchlarning birlashishi va turli ijtimoiy guruhlarning jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda qaror qabul qila olish qobiliyatini mutlaqlashtiradi. Davlatning betaraf hakam sifatidagi o`rniga haddan tashqari yuqori baho beriladi va davlat boshqaruvini amalga oshirishda turli ijtimoiy guruhlarda imkoniyatlarning turlicha bo`lishi mumkinligi e`tibordan chetda qoldiriladi.

3) Elitar demokratiya ta`limoti. M.Veber va Y.Shumpeter asarlarida o`z ifodasini topgan. Davlat hokimiyatining mohiyatiga toifaviy va umumijtimoiy yondashuvlarni yaqinlashtiradi. Unga ko`ra, demokratiya davlat hokimiyati etakchilarini saylash va ular hokimiyatining qonuniyligini ta`minlash vositasi bo`lib hisoblanadi. Demokratiya – bu saylovchilar ovozi uchun elitalarning raqobati hisoblanadi. elitar demokratiya ta`limotida demokratiya xalqning boshqaruvi sifatida emas, balki xalqning roziligi bilan elitaning boshqaruvi sifatida tushuntiriladi. Shuning uchun bu nazariya demokratiya ta`limotlaridan ko`ra, elita ta`limotiga yaqinroq turadi.
1. Aholining hudud asosida birlashishi va hokimiyatning hudud doirasida faoliyat ko`rsatishi. Ibtidoiy jamoa tuzumida insonning u yoki bu urug`-qabilaga mansubligi qon-qarindoshlik asosida belgilangan. Davlat paydo bo`lganidan keyin aholining qon-qarindoshlik tamoyili asosida birlashishi o`zining ahamiyatini yo`qotgan. Uning o`rnida aholi birlashishining hududiy tamoyili qaror topgan. Davlat aniq hududga ega bo`lib, bu hududda uning ustun irodasi amal qiladi, unda istiqomat qiluvchi aholi davlatning irodasiga bo`ysunuvchi fuqarolarga aylanadi. Urug`-jamoa tuzumi emirilishi oqibatida paydo bo`lgan davlatlar ma`lum bir hududda siyosiy hokimiyatni o`rnatib, alohida mamlakatlarning shakllanishi boshlanadi.

Davlat uning hududida paydo bo`lgan nodavlat tashkilotlar: jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va boshqalardan farq qilib, uning irodasi mamlakatning butun hududida ustuvor, hokimiyati butun aholiga taalluqli, u aholining umumiy manfaatlarini ifodalaydi. Nodavlat tashkilotlar esa aholining ma`lum bir qismini birlashtiradi, ma`lum manfaatlarni amalga oshirish uchun ixtiyoriy tashkil etiladi.

Davlat o`zining chegaralari doirasida hududiy ustuvorlikka ega, davlat hududidagi barcha idoralar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar ustidan davlat hokimiyatining ustuvor irodasi o`rnatilgan va bu iroda boshqa davlatlar irodasiga bo`ysunmaydi.

Fuqarolardan iborat mamlakat aholisi va hududi davlatning paydo bo`lishi hamda mavjudligining zaruriy belgilaridir. Hududning o`zi davlat emas, davlat bu ma`lum bir hududda ustuvor irodaga ega bo`lgan rasmiy idoralar yig`indisi.



2. Davlat hokimiyatining ommaviyligi. Davlatning ommaviyligi shundan iboratki, u butun jamiyat, butun xalq nomidan faoliyat olib boradi. Hokimiyat ibtidoiy jamiyatda ham mavjud edi, lekin u ijtimoiy, jamoaviy hokimiyat bo`lib, urug` a`zolarining o`zini o`zi boshqarish shaklida amalga oshirilgan. Ibtidoiy jamiyatda urug` a`zolari urug` oqsoqolining irodasiga uni hurmat qilganliklari uchun bo`ysunganlar. Bunday hokimiyat maxsus majburlash apparati va mansabdor shaxslarga ehtiyoj sezmas edi. Davlat hokimiyatining irodasi esa majburlash kuchini qo`llash imkoniyatiga tayanadi. Davlat hokimiyati tarkibi mutaxassis boshqaruvchilar toifasi – davlat xizmatchilaridan iborat davlat apparati (davlat idoralari yig`indisi) vositasida amalga oshiriladi. Davlat apparatini davlatning vakillik, boshqaruv, huquqiy tartibot va sud idoralari tashkil qiladi.

3. Davlat suvereniteti. Suverenitet davlat hokimiyatining xossalaridan biri bo`lib, uning ustuvorligi va mustaqilligida namoyon bo`ladi.

Davlat suveniteti deganda - davlat hokimiyati irodasining davlat hududida boshqa har qanday irodadan (boshqa davlatlar, nodavlat tashkilotlar, shaxslar irodasidan) ustunligi hamda mamlakat ichida va uning tashqarisida boshqa har qanday hokimiyatlardan mustaqilligini tushunish lozim.

Davlat hokimiyatining ustunligi va mustaqilligi quyidagilarda ifodalanadi:



    1. Davlat hokimiyati qarorlari mamlakatdagi butun aholiga, barcha tashkilot va jamoat birlashmalariga taalluqli.

    2. Faqat davlat mamlakatda faoliyat ko`rsatuvchi boshqa ijtimoiy hokimiyat tashkilotlarining qonunlarga zid hatti-harakatlarini to`xtata oladi, buning uchun davlat hokimiyati huquq-tartibot idoralariga ega bo`ladi.

    3. Davlat jamiyatni boshqarish uchun boshqa tashkilotlar ega bo`lmagan maxsus vositalarga ega (davlat apparati, davlat xizmatchilari, umummajburiy huquqiy hujjatlar va boshqalar).

Davlat suvereniteti tushunchasi xalq suvereniteti va milliy suverenitet tushunchalari bilan chambarchas bog`liq.

Xalq suvereniteti deganda - mamlakat fuqarolaridan tashkil topgan xalq irodasining davlat va jamiyat hayoti masalalarini hal qilish, davlat hokimiyati faoliyatining asosiy yo`nalashlari mazmunini belgilash, davlat hokimiyati idoralarini shakllantirish va ular faoliyatini nazorat qilishda ustunligini tushunish lozim. Demokratik davlat hokimiyati xalq irodasini umummajburiy xulq-atvor qoidalari orqali amalga oshirishi bilan tavsiflanadi.

Milliy suverenitet deganda - mamlakat aholisini tashkil qilgan va davlatga nom bergan asosiy millat yoki millatlar irodasining o`z taqdirini hal qilishdagi ustunligini tushunish lozim. Aholisining asosiy qismi bir millatdan tarkib topgan davlatlarda davlat hokimiyati ana shu millat madaniyati va qadriyatlariga asoslanib o`z faoliyat yo`nalishlari mazmunini belgilaydi. Lekin bunda mamlakatda istiqomat qiluvchi boshqa millatlar madaniyati kamsitilmaydi va ularning rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Aholisining asosiy qismi bir necha millatlardan tarkib topgan davlatlarda davlat hokimiyati mamalakat tarkibiga kirgan har bir millat suverenitetini kafolatlashi lozim bo`ladi. Milliy asoslarda qurilgan federativ davlat sub`ektlari o`z hududida umumiy mudofaa, moliya va soliq faoliyat yo`nalishlaridan tashqari boshqa sohalarda mustaqil faoliyat qursatadi. O`z tarkibida milliy avtonom ma`muriy-hududiy birlikka ega davlatlar uning suverenitetini muhofaza qiladi. Ko`pmillatli federativ hamda milliy avtonom ma`muriy-hududiy birliklarga ega unitar davlatlarda milliy suverenitet millatlarning umumiy manfaati va har bir millatning alohida manfaati uyg`unligida o`z ifodasini topadi, davlat uning tarkibiga kiruvchi har bir millat suverenitetini ta`minlaydi.

4. Davlat mexanizmining mavjudligi. Ibtidoiy jamoa tuzumida boshqaruv ixtisoslashmagan va maxsus apparat faoliyati bilan ta`minlanmagan hamda jamiyat a`zolarining o`zini o`zi boshqarishi va qabila-urug` boshliqlari irodasini hurmat qilishga asoslangan bo`lsa, davlat vujudga kelgandan keyin boshqaruv ixtisoslashadi va maxsus davlat mexanizmi (davlat apparati) bilan ta`minlanadi.

Davlat jamiyatning barqaror faoliyat ko`rsatib turishini ta`minlaydigan maxsus mexanizm – davlat mexanizmiga ega. Davlat hokimiyati davlat idoralari va tashkilotlari tizimidan iborat davlat mexanizmi vositasida amalga oshiriladigan davlat hokimiyati vakolatlari yig`indisidir. Davlat o`zining vakillik (parlament, mahalliy vakillik idoralari), boshqaruv (prezident, hukumat, vazirliklar, hokimliklar), sud (oliy sud idoralari, joylardagi sud idoralari) va huquq-tartibot (prokuratura, adliya, ichki ishlar, xavfsizlik, bojxona, soliq idoralari) idoralari vositasida jamiyatning muayyan tartib asosida faoliyat ko`rsatib turishini ta`minlaydi. Davlat butun mamlakat hududida jamiyatni boshqarib turadigan maxsus mexanizmga ega yagona tashkilotdir.

Davlat mexanizmi tizimi tarkibiy o`zgarib turishi mumkin, masalan, ayrim davlat idoralari shakllantirilib, boshqasi tugatilishi, idoralar o`rtasida vakolatlar nisbati o`zgartirilishi mumkin, shuningdek turli davlatlarning davlat mexanizmi tarkibi bir-biridan farq qiladi, lekin davlat mexanizmi vositasida amalga oshiriladigan davlat hokimiyati vakolatlari yig`indisi o`zgarmasdir.

5. Huquq ijodkorligi. Davlat o`zining idoralari vositasida mamlakatning butun aholisi va mamlakat hududidagi barcha tashkilotlar uchun umummajburiy bo`lgan huquqiy normalar chiqaradi. Boshqa hech qaysi tashkilot bunday normalarni chiqara olmaydi. Davlat huquq yaratish orqali jamiyat hayotining normativ huquqiy asoslarini mustahkamlaydi. Davlat huquq normalarini ishontirish, rag`batlantirish, tushuntirish, targ`ib qilish vositasida hayotga joriy qiladi, zarur bo`lgan hollarda esa huquq talablarini bajarishga majburlash kuchini qo`llash imkoniyatidan foydalanadi.

Shunday qilib, turli davr mutafakkirlarining davlat to`g`risidagi xulosalari va davlatning belgilarini umumlashtirgan holda davlatga quyidagicha ta`rif berish mumkin.



Davlat – jamiyatning ommaviy siyosiy hokimiyat tashkiloti bo`lib, u davlat idoralari va tashkilotlari tizimi vositasida jamiyat ishlarini boshqaradi, u jamiyatning birligi va butunligini ta`minlaydi, bajarilishi umummajburiy xulq-atvor qoidalarini o`rnatadi hamda uning asosida jamiyatdagi tartibni amalga oshiradi.

Davlat jamiyatni tashkil etish usulidir. Davlat jamiyatning butunligini ta`minlaydigan, uning ehtiyojlari va manfaatlariga xizmat qiladigan tashkilot. Davlat jamiyatni boshqaradigan, jamiyatdagi umumiy ishlarni amalga oshiradigan tashkilot. Davlatsiz jamiyatning taraqqiyotini tasavvur qilib bo`lmaydi.

Davlatchilik tarixini jamiyat tarixidan ajratib bo`lmaydi. Ular birgalikda o`zgarib boradi. Rivojlanmagan davlat va jamiyatda davlat hokimiyatidan tashqari boshqa ijtimoiy-siyosiy institutlar, jumladan jamoat birlashmalari, nodavlat tashkilotlar, o`zini o`zi boshqarish idoralari, ommaviy axborot vositalari tizimi zaif bo`ladi, shuning uchun bunday davlat jamiyatni boshqarishda faqat majburlash kuchi va apparatiga tayanadi.

Davlat asta-sekin jamiyatning madaniylashgani va demokratlashgani sari rivojlanib boradi. Rivojlangan davlat o`zining fuqarolariga tinchlik va xavfsizlik, iqtisodiy erkinlik va farovonlik, xalq hokimiyatchiligi, shaxs erkinligini va boshqa sharoitlarni ta`minlab beradi. Bunday davlatda jamiyatdagi barcha ijtimoiy-siyosiy institutlar faol ishlaydi.


4. Davlatni tarixiy tiplarga ajratishdagi yondashuvlar

Davlatning u yoki bu xususiyatlarini asos qilgan holda tarixiy turlarga guruhlashtirish davlatni tiplarga ajratish deb aytiladi. Huquqiy adabiyotlarda bunday tasniflashning turli variantlari mavjud. Quyida ularning ayrimlarini ko`rib chiqamiz.

Insoniyat tarixida dastlabki davlatlar paydo bo`lganidan hozirga qadar taxminan olti ming yildan ko`proq vaqt o`tgan. Shu tarixiy davr mobaynida ayni bir hududlarda ma`lum bir davlat tiplari boshqalari bilan almashgan. Shuning uchun olimlar davlatlarning tarixiy taraqqiyot negizlariga asoslanib davlat va huquqni tarixiy tiplarga ajratadilar. Davlatni tarixiy tiplarga ajratishda olimlar turli mezonlarni asos qilib olganliklari uchun bu sohada qator ta`limotlar yaratilgan.

Ularni ikki guruhga ajratish mumkin.

1. Davlatni tarixiy tiplarga ajratishda formatsiyaviy yondashuv ta`limotlari;

2. Davlat va huquqni tarixiy tiplarga ajratishda tsivilizatsiyaviy yondashuv ta`limotlari.



Formatsiyaviy ta`limot. Ushbu ta`limot K.Marks, F.Engel’s, G.Plexanov, V.Lenin asarlarida o`z ifodasini topgan. Formatsiyaviy ta`limotga ko`ra, davlat qaysi ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaga mansubligiga qarab tarixiy tiplarga ajratiladi. Bunda muayyan tarixiy davrda davlat xususiyatlarini belgilaydigan ishlab chiqarish usullari, kuchlari, vositalari va munosabatlaridan iborat ijtimoiy-iqtisodiy bazis (negiz) asos qilib olinadi. To`rt ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar – quldorlik, feodal, kapitalistik va sotsialistik formatsiyalar bir-biridan ajratilib, jahon davlatchiligi tarixida ham davlat va huquq rivojlanishining shu to`rt tarixiy tipi ko`rsatiladi. Har bir formatsiya o`zidan oldingi formatsiyaga nisbatan ilg`orroq bo`lib, ishlab chiqarish kuchlari va usullari bir-biriga zid kelishi oqibatida yuz beradigan inqilob vositasida uning joyini egallaydi. Quldorlik, feodal va kapitalistik davlat xususiy mulk hamda sinfiy bo`linishga asoslansa, sotsialistik davlat proletariat diktaturasiga tayanadi hamda ijtimoiy mulk va ijtimoiy tenglikni bazis qilib oladi. Vaqt o`tishi bilan sotsialistik formatsiya o`zining yuqori bosqichi kommunizmga o`tadi. Kommunizm davrida sinflar bo`lmaganligi va bir sinfning ikkinchisi ustidan zo`ravonlik quroli sifatida davlatga ehtiyoj qolmaydi va u o`zidan o`zi yo`qolib ketadi.

Marksistik ta`limot davlatning sinfiy mohiyatini bo`rttirganligi, ya`ni faqat sinfiy nuqtai nazardan yondashganligi, davlatning ijtimoiy vazifasini sinfiy zo`ravonlik deb talqin qilganligi, xususiy mulkni ijtimoiy adolatsizlik sababchisi deb qabul qilganligi natijasida davlat masalasini bir yoqlama hal qildi. U davlatning mohiyatida asta-sekin birlamchi ahamiyatni egallay boshlagan huquqiy tenglik va qonun ustuvorligi himoyachisi, ijtimoiy adolat va farovonlik bunyodkori kabi sifatlarini e`tibordan chetda qoldirdi, shunga qo`shib fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat, insonning tabiiy huquqlari ustuvorligi kabi g`oyalarni mensimadi, davlatchilik taraqqiyotining muhim elementlaridan biri bo`lgan inson huquqlari mustahkamlanishini hisobga olmadi. Shuning uchun davlat va huquqning tarixiy tiplari to`g`risidagi marksistik ta`limot bir yoqlama va tarixiy taraqqiyot davomida to`la tasdiqlanmagan ta`limot bo`lib hisoblanadi.

Toynbining tsivilizatsiyaviy ta`limoti. Ingliz tarixchisi A. Toynbi o`zining «Tarixni anglash» deb nomlangan asarida davlatni tarixiy tiplarga ajratishga asos sifatida davlatning muayyan tarixiy shakllari taraqqiyoti uchun omillar bo`lib xizmat qilgan o`ziga xos ijtimoiy madaniy, ijtimoiy ruhiy, diniy va milliy shart-sharoitlarni tushuntiradi. Toynbi Shpenglerning «Evropaning zavoli» asarida ifodalangan g`oyalar ta`siri ostida insoniyat tarixini bir-biridan ajratilgan 21 tsivilizatsiyaga bo`ladi va insoniyat tarixining madaniy birligini rad etadi. Shunga muvofiq, davlatning Misr, Xitoy, G`arbiy Evropa, Pravoslav, Arab, Meksika, eron, Suriya, Turkiya, Yaponiya va boshqa tarixiy tiplari ajratiladi. Toynbi madaniy elementni jamiyatning ruhi, uning qoni, mohiyati deb qabul qilib, taraqqiyotning iqtisodiy va siyosiy jihatlarini sun`iy, asosiy bo`lmagan elementlar deb aytadi. Tsivilizatsiya deganda, olim jamiyatning diniy, ruhiy, madaniy va boshqa belgilari bilan boshqa jamiyatlardan ajralib turadigan holatini tushunadi. Uning fikricha, har bir tsivilizatsiya o`ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi, o`zining qadriyatlariga, tarixiy shart-sharoitlariga muvofiq xususiyatlarga ega. Ayrim jamiyatlardagi shart-sharoitlar bir-biriga o`xshaganligi uchun ba`zi tsivilizatsiyalarning xususiyatlari boshqalarida takrorlanishi mumkin. Nisbatan kam umr ko`radigan, hududi kichik va aholisi kam sonli oddiy jamiyatlardan farq qilib (Toynbining yozishicha, oddiy jamiyatlarning soni 650 ga yaqin), tsivizatsiyalar uzoq umr ko`radi, hududi katta, aholisi ko`p. Ular boshqa jamiyatlarni bo`ysundirish evaziga kengayib boradi.

Albatta, Toynbining tsivilizatsiyaviy ta`limotiga asoslanib davlatni tarixiy tiplarga ajratish mumkin, lekin bunda davlat tiplarini ajratishda umumiy mezonga tayanilmaydi hamda davlatchilik tarixining umumiy qonununiyatlarini inkor etishga to`g`ri keladi. Shuning uchun ham bu ta`limotni davlatni tiplarga ajratish uchun asosiy ta`limot sifatida qabul qilib bo`lmaydi.



Uolt Rostouning tsivilizatsiyaviy ta`limoti. 20 asrning oxirida tsivilizatsiyaviy yondashuvning texnologik yo`nalish deb nomlangan ta`limotlari, jumladan, iqtisodiy o`sish bosqichlari, menejerizm, yagona industriyaviy jamiyat kabi ta`limotlar keng tarqala boshladi. Ular orasida amerikalik sotsiolog Uolt Rostou tomonidan yaratilgan «iqtisodiy o`sish bosqichlari» ta`limoti alohida e`tiborga loyiq.

«Iqtisodiy o`sish bosqichlari» ta`limotiga ko`ra, jamiyat rivojlanishining tarixi besh bosqichni o`z ichiga oladi.

1. An`anaviy jamiyat. Bu bosqichda fan va texnika hali taraqqiy etmagan bo`lib, iqtisodiyotda qishloq xo`jaligi ustunlik qiladi.

2. O`tish jamiyati. Bu bosqichda jamiyat qishloq xo`jaligi ustun bo`lgan iqtisodiyotdan qayta ishlash sanoati ustun bo`lgan iqtisodiyotga o`tish davrini boshidan kechiradi.

3. O`sish jarayonini boshidan kechirayotgan jamiyat. Bu bosqichda ham sanoatda ham qishloq xo`jaligida ilmiy-texnikaviy sakrashlar yuz beradi.

4. Pishib etilayotgan jamiyat. Bu bosqichda fan va texnika yutuqlarini jamiyat taraqqiyotining barcha sohalariga joriy qilish natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmining aholini tabiiy o`sishiga nisbatan barqaror ko`payib borishiga erishiladi.

5. Xalq iste`molining yuqori darajasiga erishgan jamiyat. Bu bosqichda iqtisodiyotning etakchi sohalari uzoq muddat foydalanishga mo`ljallangan iste`mol mahsulotlarini ishlab chiqarishga o`tadilar. Olimning fikricha, ana shu oxirgi bosqichda «umumijtimoiy farovonlik davlati» vujudga keladi.

Rostou jahon davlatlarini u yoki bu bosqichda turganligi to`g`risida xulosalar chiqaradi. Jamiyatlarning iqtisodiy rivojlanish bosqichlaridan biriga taalluqliligiga qarab davlatni tiplarga ajratadi.





Download 59.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling