3-mavzu. Tarbiya fanini o’qitishning ilmiy, diniy, badiiy va falsafiy asoslari. Reja


Download 56.6 Kb.
bet7/7
Sana03.02.2023
Hajmi56.6 Kb.
#1153125
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
3-mavzu-1

Is’hoqxon Ibratdir. U ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o’zbek matbaachilaridan biri, sayyoh, naqqosh, otashin publisist va ilg’or pedagogdir. Ibratning asli ismi Is’hoqxon, otasining ismi Junaydulladir. Ibrat uning adabiy taxallusi. 
Is’hoqxonning o’ziga “Ibrat” taxallusini olishning boisi shundaki, u ijodining dastlabki yillaridan boshlab ma’rifatparvar shoir, olim sifatida nom chiqardi va kishilarni zamon ilmidan, ilg’or madaniyatdan, ta’lim-tarbiyadan o’rnak olishga chaqirdi. Shuning uchun ham o’ziga “Ibrat” taxallusini tanlagan. Is’hoqxon 1279 hijriy (1862 milodiy) yilda Namangan yaqinidagi To’raqo’rg’on qishlog’ida tug’ilgan. Uning otasi Junaydullaxo’ja Sunnatillaxo’ja o’g’li ancha bilimli sohibkor bog’bonlardan bo’lgan. U adabiyotga, she’riyatga ancha ixlos qo’ygan va “Xodim” taxallusi bilan birmuncha she’rlar bitgan. Onasi Huribibi, o’z davrining o’qimishli, oqila ayollaridan bo’lib, o’z uyida qishloq qizlarini o‘qitardi. Huribibi ham adabiyot ixlosmandi bo’lib, u ham she’r yozgan. Lutfiy, Alisher Navoiy, Jomiy, Bedil, Mashrab kabi buyuk shoirlarning asarlarini mutolaa qilish bu xonadon uchun sevimli mashg‘ulot hisoblangan. Oiladagi bunday hayotiy vaziyat Is’hoqxonda adabiyotga muhabbatning erta paydo bo’lishi uchun asosiy omil bo’ldi. 
Ishoqxon Sharq mamlakatlari bo’ylab sayohat qilgan va Yevropaning Istambul, Sofiya, Afina hamda Rim singari markaziy shaharlarida bo’lgan. Ancha vaqt Afg’onistonning Qobul, Arabistonning Jidda kabi yirik shaharlarida istiqomat qilgan. Arabistonning Makka shahridan Qizil va Hind dengizlari orqali Hindistonga borib, 1892-1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlari Bombey va Kalkuttada yashagan. Is’hoqxon Ibrat u yerlarda ko’p ishlatiladigan arbail lisonni, ya’ni, to’rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o’zlashtirgan33. U xorijiy davlatlarda o’sha yerlik xalqlar hayoti, madaniyati va san’atini o’rgangan. Sharq mamlakatlariga yevropaliklar orqali kirib kelgan Yevropa madaniyati, tili va san’ati bilan yaqindan tanishgan. “Lug’ati sitta-al-sina”, “Jome’ xutut”, “Tarixi Farg’ona” kabi ilmiy asarlari uchun materiallar to’plagan. U bu davrda Sharq xalqlari tillari bilan bir qatorda g’arb xalqlari tillarini ham bilish zarur, deb hisobladi va Arabistonda frantsuz tilini, Hindistonda ingliz tilini, shu bilan birga, eng qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o’rgangan. 
Rus tili bilan bir qatorda yaqin sharq va g’arb tillarini ancha mukammal bilgan Is’hoqxon Ibrat bu muhim masalada ham o’z xalqiga yordam qo’lini cho’zdi. U olti tildagi: arabcha, forscha, hindcha, turkcha, sartcha (o’zbekcha) va ruscha so’zlarni o’z ichiga olgan “Lug‘ati sitta-al-sina” nomli mukammal 
lug‘at kitobini yaratdi. Muallif ruscha yozuv tizimini bilmaydiganlarga ham qulay bo’lsin uchun rus so’zlarini arab yozuvi bilan beradi. Ma’lumki, rus va Yevropa
so’zlarini arab yozuvida ifodalash ancha murakkab ish, lekin Is’hoqxon Ibrat bu murakkab ishni muvaffaqiyatli hal qildi. Ishoqxon Ibratning mazkur “Lug’ati sitta-an-sina” asari bir necha yillik sarguzashtlardan so’ng 1901 yilda Toshkentda nashrdan chiqdi. Mazkur lug‘at ilg’or pedagoglar tomonidan ochilgan usuli savtiya maktablarida ham rus tilini o‘rganishda birdan-bir darslik qo‘llanma sifatida foydalanib kelindi. Tilshunoslik fanining bu murakkab sohasida Is’hoqxon Ibrat ancha mukammal “Jome’ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) nomli ilmiy asar yaratdi. Bu asarda muallif yozuvlarning eng ibtidoiysi piktografik 
yozuvlardan to so‘nggi davr eng mukammal yozuvlarigacha bosib o‘tilgan tarixiy taraqqiyotni yoritib berishga harakat qildi. Olimning mazkur asari anchagina katta hajmda- 132 betdan iborat bo’lib, 1912 yilda o’zining bosmaxonasi “Matbaai Is’hoqiya”da nashr qilindi. Is’hoqxon Ibratning jahon xalqlari tarixiga bag’ishlangan mazkur “Jome’ ul xutut” asarining nashr etilishi, o’zbek matbaachiligi madaniyati tarixida yozuvlar tarixini o’rganishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. U o’zining “Tarixi madaniyat” asarida xabar berishicha, keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy tarixiy, lingivistik, pedagogik asarlar va 30 yillik poetik ijodining majmui bo’lmish “Devoni Ibrat” she’rlar to’plamini yaratdi. Is’hoqxonning tilshunoslikka oid “Lug’ati sitta-al-sina”, “Jome’ ul xutut” asarlaridan tashqari tarixshunoslikka oid “Tarixi Farg’ona”, “Tarixi madaniyat” va “Mezon-ul zamon” ilmiy asarlari bizgacha yetib kelgan. Is’hoqxon Ibrat “Tarixi Farg’ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon-ul zamon” asarlarida ham o’zining pedagogik-ma’rifatparvarlik qarashlarini ilgari surdi. Is’hoqxon o’zining chet el sayohatida texnika va madaniyat rivojlangan ulkan shaharlarda bo’ldi. U Turkiston shaharlari ham vaqti soati yetib madaniy shahar qatoridan o‘rin olishiga ishondi. Buni amalga oshirishning birdan-bir yo‘li ilm-fanda, o‘qish-
o‘rganishda deb bildi. Ishoqxon Ibrat 1886 yilda eski maktablarga nisbatan birmuncha ilg’or bo’lgan maktabni ochdi. 1907 yilda esa ikkinchi marta qishloq bolalari uchun eski maktablardan butunlay farq qiluvchi bepul yangi usuli savtiya maktabi ochdi34. Bu maktabda o’z farzandlari Abbosxon, Vaqqosxon, Fayozxonlarni hamda 25 nafar qishloq bolalarini o’qitdi. Maktab o’z uyida yorug’ derazali xonaga joylashgan bo’lib, u yangicha o’quv qurollari — parta, stol, stul, yangi kitoblar, darsliklar, daftar, doska kabilar bilan jihozlangandi, o’qish-o’qitish ishlarini u o’zi tuzgan dasturi asosida olib bordi. Is’hoqxon o’z maktabida o’zining “Lug‘ati-sita-al-sina”, “San’ati Ibrat qalami Mirrajab Bandiy” asarlaridan, Turkistonda rus-tuzem maktablarining asoschisi va bunday maktablar darsliklarining birinchi muallifi S.M.Grameniskiy uch qismdan iborat (“Kнига для чтения”) “Kniga dlya chteniya” (“O‘qish kitobi”), rus-tuzem maktablarining birinchi o’zbek o’qituvchisi va bu maktablar uchun o’zbek tilida darslik yaratgan Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Ali Asqar ibn Bayramali Kalininning “Ta’limus soniy”, Namangan rus-tuzem maktabining o’qituvchisi M.M.Oraqulovning 1887 yilda nashr qilingan “Самоучитель русского языка для русcко-мусульманских школ” (“Samouchitel russkogo yazika dlya russko-musulmanskix shkol”) kabi darslik va qo‘llanmalaridan foydalandi. Is’hoqxon yangicha ta’lim-tarbiya tizimining nihoyatda katta afzalliklarini isbotlashda ko’proq o’zi erishgan yutuqlarga, o’zi amaliyotga tatbiq qilgan yangi metodlariga tayanadi. Is’hoqxon o’z maktabiga haftalik dars jadvalini joriy qildi. Is’hoqxon ilg’or o’qituvchi sifatida bolalarni maktabdan bezdiruvchi, ularda o’qituvchiga nisbatan nafrat uyg’otuvchi tan jazosiga birinchilardan bo’lib barham berdi. Is’hoqxon faqat maktabda emas, oilada ham bolani kaltaklab tarbiyalash o’ta noto’g’ri usul ekanligini alohida ta’kidlaydi. Is’hoqxon Ibrat ilg’or pedagoglar orasida birinchi “qaldirg’ochlardan” bo’lib, 1914 yilda To’raqo’rg’onda rus maktabi ochdi va uni “Uchitel” (“Учитель”) nomi bilan atadi. Bu maktabda 1916 yilgacha To’raqo’r’g’on va qo’shni qishloqlardan 30 nafar o’quvchi tahsil ko’rdi. Ibrat bu maktabiga rus o’qituvchilarni ham jalb etib, o’zi ham o’qituvchilik qildi. Maktab 1916 yilda yopildi. Is’hoqxonning husnixatga, xat-savod chiqarishga bag‘ishlangan “San’ati Ibrat”, “Qalami Mirrajab Bandiy” risolasi, “Ilmi Ibrat” nomli she’rlar to‘plami, yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan “Jome’ul xutut” kabi ma’rifatparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan risola va kitoblari o’zi tashkil qilgan matbaada nashr etildi. Namangan matbaasi mahsulotining kun sayin ortib borishi shahar va qishloqlarda kitob do’konlari va kitob bozorlarining birmuncha ko’payishiga sabab bo’ldi. 1910 yildan boshlab Namangan shahrida 13 ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqo’rg’onda 1 ta kitob do’koni ochilgan. Bu do’konlarda asosan “Matbaai Is’hoqiya”da nashr qilingan kitoblar juda arzon narxlarda sotilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A. Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanuvchi Yusuf Xos Hojibga tegishli “Qutadg‘u bilig” asarining Namangan nusxasi, deb nom olgan nodir qo‘lyozmasi “Kutubxonai Is’hoqiya”ga mansubdir35. Ibratning ma’rifatparvarlikka oid faoliyatining tub mohiyati shundaki, uning xoh ilm-ma’rifatga chorlovchi she’rlarida, xoh publisistik, xoh ilmiy asarlarida, xoh amaliy faoliyatida bo‘lsin inson taqdiri birinchi o‘ringa olib chiqiladi. U o’z ijodida xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi ilm-fanni, texnikani kuylaydi. Shu nuqtai nazardan uning “Tarixi chofxona”, “Madaniyat haqida masnaviy”, “Turkiston ahliga xitob”, “Gazeta xususida”, “Tabrik Namangandin”, “Qalam”, “Tarixi manzumai vagon Ibratdin yodgor”, “Muxammasi Ibrat” kabi she’rlari ayniqsa diqqatga sazovordir. Shoir bu she’rlarida ilg’or fan-texnika, madaniyatning otashin kuychisi sifatida maydonga chiqib, mamlakatni, xalqni qoloqlikka yetaklovchi amaldagi qonun-qoidalarni keskin fosh qiladi. Ishoqxon xotin-qizlar ozodligi, ularning erkaklar bilan bir qatorda ilm olishlari, mehnat qilishlari uchun kurash olib bordi. 1919 yilda uning tashabbusi bilan Namanganda o’zbek ayollari uchun birinchi marta yangi maktab ochildi va Is’hoqxonning taklifi bilan Husain Makayevning rafiqasi Fotima Makayeva o’zbek ayollariga dars bera boshladi. Is’hoqxon Ibrat ayollar, yoshlar o’rtasida maktabning ahamiyati, ilm-fan yutuqlari haqida suhbatlar, ma’ruzalar uyushtirib turdi. Is’hoqxon Ibrat bu davrda ijodiy ish bilan bir qatorda jamoat ishlari ham olib bordi. U qishloqni obodonlashtirish, maorif, madaniyat, ta’lim-tarbiya ishlarini tubdan yaxshilashda faol qatnashdi. Maktablar ochish, malakali o’qituvchi kadrlar tarbiyalab yetishtirish, yoppasiga savodsizlikni tugatish, xalq farzandlarini maktablarga tortish ishlarida faol ishtirok etdi36. Is’hoqxon Ibrat 1937 yilda 75 yoshida vafot etdi. Ijodkor xalqimiz fan, texnika, madaniyat, adabiyot hamda pedagogikamiz taraqqiyoti tarixidagi ulkan xizmatlari uchun To‘raqo‘rg‘on tumani markazidagi 44-o‘rta maktabni uning nomi bilan atashga qaror qildi. Ma’rifat darg’asi, otashin shoir, olim va mohir o’qituvchi, shubhasiz, ana shunday tahsinga loyiqdir, albatta. U ta’lim-tarbiya sohasida ziyoli pedagoglar ishlashini xohlagan. Bunga o’zi ham amal qilib, ilg’or pedagogika yutuqlariga suyanadi. Ibrat maqolalarining yana birida millatni jaholatga sudrayotgan illatlarni, ya’ni, ilmsizlikni qattiq qoralaydi. Ilmsizlik, fikrsizlilk, beparvolik va madaniyatsizlik kishilarni, mamlakatni halokatga olib kelishini izohlaydi. Behuda sarf-xarajatlar, isrofgarchilik ta’lim-tarbiyaning, ilmning yo’qligidan paydo bo’layotganini tushuntiradi. Ilmsiz kishi asossiz devor ekanligi, asossiz devor g’oyatda bee’tibor ekanini ta’kidlaydi. Ma’rifatparvar pedagog Is’hoqxon Ibrat gazeta nashr qilishga muvaffaq bo’la olmadi, ammo o’z uyida ancha boy kutubxona tashkil qildi va uni «Kutubxonai Is’hoqiya» deb atadi. Kutubxonada turk, tatar, o’zbek tillarida adabiyot kitoblari mavjud bo’lgan. Kitoblardan qishloq aholisi unumli foydalangan. Ibrat asarlarida inson kitob mutolaasi tufayli dunyoqarashi o’sishi, ma’naviy jihatdan yuksalishi alohida ta’kidlangan. Yoshlarning kitob o’qishlarini Is’hoqxonning o’zi nazorat qilib borgan. “Kutubxonai Is’hoqiya”dagi kitoblar sonini ortib borishida “Matbaai Is’hoqiya”ning o’rni katta edi. Bu matbaada chop etilgan kitoblarning deyarli hammasidan bir necha nusxa “Kutubxonai Is’hoqiya”ga topshirilar edi. Kutubxonada o’sha davrda chop etiladigan turli gazeta va jurnallar ham bo’lgan. Afsuski, bu kutubxonadagi ko’plab nodir kitoblar 1918-1920 yillar hamda 1937 yildagi qatag’on davrida yo’q qilingan. Olimning “Lug’ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug’at”) lug’ati 53 sahifadan iborat. Lug’atda mingdan ortiq faol so’zlar joy olgan. Ibratning bu lug’ati o’z davrida katta ahamiyat kasb etgan. Asar eski o’zbek yozuvida yaratilgan bo’lib, o’sha davr keng xalq ommasiga tushunarli tarzda yozilgan. Lug’atda o’zbekcha so’zlarning qarshisida arabcha, forscha, turkcha, hindcha va ruscha so’zlarning tarjimalari berilgan.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, har bir millatning o’ziga xos bo’lgan ma’naviy qadriyatlari umuminsoniy qadriyatlarning bir qismi sanaladi. Hozirgi kunda xalqimiz tarixida yoshlarni tarbiyalash va ularni bilim olish, jamiyatda o’z kasbining mahoratli egasi bo’lib, mamlakat rivoji uchun hissa qo’sha oladigan ruhda tarbiyalash qonuniyatlari, qoidalari va usullarini o’rganuvchi pedagogika, tarbiya fanining ravnaq topishi yo’lida namunali xizmat qilgan olimlarimiz, jadid pedagoglarining hayoti hamda pedagogik faoliyatlarini o’rganish muhim vazifalardan biri sanaladi. Mana shu jihatdan olib qaralganda, Is’hoqxon Ibrat yoshlarni ilm-ma’rifat egallab, ezgu nom qoldirishga chorlagan avlodimizning buyuk vakilidir. Demak, Is’hoqxon Ibratdek fan fidoyisi, zahmatkash pedagog haqida uning salohiyatli mehnatlari yuzasidan ma’lumotlarga ko’proq ega bo’lish uchun Namangan viloyati To’raqo’rg’on tumanida barpo etilgan Is’hoqxon Ibrat majmuasi tarkibidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Is’hoqxon Ibrat muzeyiga tashrif buyursalar ziyoli vatandoshimizning ruhini shod qilgan bo’ladilar. Umuman olganda, Ibrat bobomizning asarlarini nashrga tayyorlab, kitobxonlarimizga taqdim etish bugungi adabiyotshunosligimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biri bo’lib turibdi. Ma’rifatparvar, fidoyi shoir Is’hoqxon Ibratning barchamizga ibrat bo’la oladigan umr yo’llari xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish va boyitishda muhim ahamiyatga ega.


1 Авесто. Тарихий-адабий ёдгорлик. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2015, 318-бет.



2 Авесто. Тарихий-адабий ёдгорлик. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2015, 301-бет.



3 Авесто. Тарихий-адабий ёдгорлик. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2015, 312-313-бетлар.



4 Авесто. Тарихий-адабий ёдгорлик. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2015, 325-326-бетлар.



5 Авесто. Тарихий-адабий ёдгорлик. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2015, 6-бет.

6 Мирзиёев Ш. М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. Тошкент, Ўзбекистон, 2018, 28-бет.

7 Yo’ldoshev va boshqalar. Ajdodlarimiz merosi-mafkuramiz gavhari. Toshkent, A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001, 43-bet.

8 Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Al-Buxoriy. Al-jomi’ as-sahih. VI-tom. Toshkent, Qomuslar bosh tahririyati, 1991, 101-bet.



9 Қуръони каримнинг машҳур суралари фазилати. Нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад. Иброҳимбек Нуруллоҳ “Такосур” сураси, 102-оят, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи. Тошкент, 2020, 299-бет.

10 Қуръони каримнинг машҳур суралари фазилати. Нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад. Иброҳимбек Нуруллоҳ “Залзала” сураси, 97-оят, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи. Тошкент, 2020, 297-бет.

11 Қуръони каримнинг машҳур суралари фазилати. Нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад. Иброҳимбек Нуруллоҳ “Ар-раҳмон” сураси, 55-оят, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи. Тошкент, 2020, 209-бет.

12 Қуръони каримнинг машҳур суралари фазилати. Нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад. Иброҳимбек Нуруллоҳ “Нажм” сураси, 53-оят, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи. Тошкент, 2020, 204-бет.

13 Қуръони каримнинг машҳур суралари фазилати. Нашрга тайёрловчилар: Аббос Аҳмад. Иброҳимбек Нуруллоҳ “Ғофир” сураси, 40-оят, Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи. Тошкент, 2020, 177-бет.

14 Мирзиёев Ш. М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, нги босқичга кўтарамиз. Тошкент, Ўзбекистон, 2018, 30-бет.

15 Mирзиёев Ш. Янги Ўзбекистон тараққиёт стратегияси. Тошкент, O’zbekiston, 2022, 225-бет.

16 Mирзиёев Ш. Янги Ўзбекистон тараққиёт стратегияси. Тошкент, O’zbekiston, 2022, 225-бет.



17

 A. Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent, Yoshlar nashriyot uyi, 2019, 8-bet.

18 A. Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. Toshkent, Yoshlar nashriyot uyi, 2019, 10-bet.

19 Зуннунов А. Педагогика тарихи. Дарслик. Тошкент, Шарқ, 2000, 151-бет.

20 Баёни ҳақиқат. “Улуғ Туркистон” газетаси. 1917 йил 12-июнь.

21 Зуннунов А. Педагогика тарихи. Дарслик. Тошкент, Шарқ, 2000, 144-бет.



22 Aбдурауф Фитрат. Чин севги. Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1996, 34-бет.

23 Мустаҳкам оила- жамият барқарорлигининг гаровидир. Фуқаролар йиғини раислари ва мутахассислар учун қўлланма. Тошкент, 2018, 14-бет.

24 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 62-бет.

25Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 55-bet

26Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 62-bet

27 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 57-bet.

28 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 55-bet

29Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 76-bet

30 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 84-bet.

31 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 62-bet

32 Aбдурауф Фитрат. Оила ёки оила бошқариш тартиблари. Тошкент, Маънавият, 2000, 61-bet.

33 https: // n.ziyouz com



34 https: // n.ziyouz com

35 https: // wikipedia. org

36 https: // wikipedia. org



Download 56.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling