3-mavzu. Tarbiya fanini o’qitishning ilmiy, diniy, badiiy va falsafiy asoslari. Reja
Islom va islom manbalarida ta’lim-tarbiya
Download 56.6 Kb.
|
3-mavzu-1
Islom va islom manbalarida ta’lim-tarbiya.
Islom dinida inson ma’naviyati va ma’rifati masalalari mavzusi bir jihatdan qaraganda hamma uchun tushunarlidek ko’rinadi, bunga sabab: Birinchidan, kundalik turmushda, turli yig’inlarda, ma’rakalarda diniy suhbatlarning tinglanishidir. Ikkinchidan, mustaqillik tufayli din va diniy urf-odatlar, an’analar, marosimlarga oid bo’lgan kitoblarni erkin chop etila boshlaganligi, sotuvda bo’lishidan keng kitobxonlar ommasining bahramand bo’lishidir. Uchinchidan, radio, televidenie eshittirishlarida muntazam diniy-axloqiy mavzularda turli suhbatlarning berib borilishi. Islom dini ko’p xalqlar orasida keng tarqalgan dinlardan biridir. Bu dinga e’tiqod etuvchi musulmonlar jahonda 2 milliardga yaqin kishini tashkil etadi. Islom dini Arabiston yarim orolida VI asrning oxiri va VII asrning boshlarida kelib paydo bo’lgan. Uning asoschisi payg’ambar Muhammad alayhissalom (570-632) Makkada quraysh qabilasiga mansub Hoshimiylar xonadonida tug’ilgan. U 609-610 yillarida Makkada yakka xudoga e’tiqod qilish to’g’risida targ’ibot boshlagan. Ammo zodagonlarning qarg’ishiga uchragan. 622 yilda o’z tarafdorlari bilan Madinaga ko’chadi. Shu yildan musulmonlarning hijriy yil hisobi boshlanadi. 630 yilga kelib Makka ham musulmonlar qo’liga o’tadi va musulmon davlati shakllanadi. Muhammad alayhissalom vafotidan keyin, bu davlatni uning o’rinbosarlari, ya’ni noiblari (xalifalar) boshqaradilar. Shu munosabat bilan musulmonlar davlati tarixda “Arab xalifaligi” deb nom olgan. Dastlab arab xalifaligi katta hududlarni egallagan edi. O’rta Osiyo yerlari –Movorunnahr VIII asr boshlaridan VIII asr o’rtalarigacha arablar tomonidan istilo qilinib, ular bilan birga islom dini kirib keldi. Ana shu davrdan boshlab Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati o’ziga xos ravishda shakllandi va taraqqiyot bosqichini boshidan kechirdi. Islom diniy ta’limotining asoslari Qur’on va Hadis to’plamlarida, shuningdek, VIII-XII asarlar davomida vujudga kelgan diniy adabiyotlarida o’z ifodasini topgan. Qur’oni Karim ilohiy kitob bo’lib, u farishta Jabroil alayhissalom tomonidan Muhammad alayhissalomga nozil etilgan. Bu muqaddas kitob yer yuzi musulmonlarining dasturulamali, diniy ahkomlar manbaidir. Qur’oni Karim sahifalarini bir kitobga jamlash xalifa Abu Bakr davrida boshlanib, xalifa hazrati Usmon davrida yakunlangan va keyinchalik besh nusxada ko’chirilgan. Ana shu ko’chirilgan dastlabki nusxasi Movaronnahr musulmonlari diniy idorasida saqlanmoqda. Qur’on oyatlariga tayanib islom dini insonni ijtimoiy himoya qilish masalasiga katta ahamiyat beradi. Islomning beshta farzlaridan biri bo’lmish zakot asosan insonni moddiy himoya qilishga qaratilgan. Zakot-bu ma’lum bir mablag’ga ega bo’lgan har bir musulmonning o’sha mablag’dan qirqdan bir qismini har yili beva-bechora, yetim-yesir, faqir va miskinlarga ehson qilishidir. Qur’onda insonni moddiy jihatdan himoya qilish masalasi mulk daxlsizligiga oid oyatlarda ham bayon qilingan. Qur’onda birovning mulkiga, ayniqsa, yetim-yesirlarning mulkiga xiyonat qilish musulmon uchun eng og’ir gunohdir. Islom dinida insonga munosabatning yana bir jihati- bu insonga yuksak axloqiylik namunasi sifatida qarashdir. Bu masalada insonga eng katta tayanch va uni maqsadga eltuvchi asosiy vosita aqldir. Eng avvalo, Qur’on oyatlarida va hadislarda inson axloqiyligining asosiy belgisi-ilm va ma’rifatdir. Hadislar islom dinida Qur’ondan keyingi muqaddas manba. “Islom olamida Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislari to’plamining ishonchli manbai deb e’tirof etilgan “Al-jome’ as-sahih” to’plami barcha muhaddislar ustozi bo’lmish Imom Buxoriyning ko’p yillik fidokorona izlanishlari samarasidir. O’n ikki asrdirki, ushbu asar ahamiyatiga ko’ra, muqaddas Qur’ondan keyin islom dini haqidagi ikkinchi ishonchli yozma manba bo’lib qolmoqda.” 6Hadislar to’plami sunnat deb ataladi. Hadisi shariflarda Muhammad alayhissalomning so’zlari, qilgan ish faoliyatlari va sahobalar tomonidan amalga oshirilgan ishlarga munosabatlari bayon etilgan. Hadisi sharaflarni yig’ib, kitob shakliga keltirish, asosan payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning vafotidan keyin amalga oshirilgan. Bu sharafli ish hijratning III asriga kelib keng quloch yozdi va u hadisshunoslikning oltin davri deb ataladi. Islom olamining o’sha davridagi madaniy markazlaridan sanalgan Bag’dod, Kufa, Basra, Damashq, Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz kabi shaharlarda hadis ilmi bilan shug’ullanuvchi muhaddislar ko’p bo’lgan. Ular ichida eng ishonchli manba sanalganlari oltita bo’lib, Abu Dovud Imom, Imom Buxoriy, Imom Abu Muslim, Imom At-Termiziy, Imom An-Nasafiy va imom ibn Mojjo tuzishgan. Bu buyuk muhaddislarning to’rt nafari turonzaminlik bo’lgani bizning faxrimizdir. 1998 yilda Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi butun musulmon dunyosi, shu jumladan, yurtimizda keng nishonlandi. Mustaqil O’zbekistonda shu munosabat bilan xalqaro anjuman o’tkazildi. Muhaddislik shu qadar sharafli va sermashaqqat ish bo’lganki, u muhaddisdan aql-zakovatni, kuch-quvvat, fidoiylik, yuksak iqtidor va hofizani talab qiladi. Masalan, Imom al-Buxoriy jami 6000 hadisni yod bilgan allomadir7. Islomda axloqiy-huquqiy qonun-qoidalar majmui shariat XI-XII asrlarda to’la shakllangan. Shariat qonun-qoidalari qur’on va sunnat asosida ishlab chiqilgan. Unda musulmonlarning ijtimoiy-iqtisodiy, diniy, huquqiy va axloqiy hayotini tartibga soluvchi qonun-qoidalar belgilab berilgan. Qur’oni Karim, hadislar va shariat ko’rsatmalari inson ma’naviy-ma’rifiy kamolotining asosi bo’lgan axloq-odob tarbiyasining barcha qirralarini o’z ichiga olgan. Sirasini aytganda, hadislar ma’naviy-axloqiy tarbiyaga oid bo’lgan fikrlarning mukammal to’plamidir. Qur’oni Karim, hadislarni, shariat ko’rsatmalarini o’rganar ekanmiz, ularda axloqiy kamolot, halollik va poklik, iymon va vijdon bilan bog’liq bo’lgan birorta ham muhim masala e’tibordan chetda qolmaganini ko’ramiz. Bu manbalarda insoniy fazilatlarga katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, Al-Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih”ida keltirilishicha, Anas ibn Molik shunday degan ekanlar: “Bir-biringizni yomon ko’rmanglar, bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar, aka-uka tutinib, Ollohning solih bandalari bo’linglar! Musulmon odam o’z birodari birlan uch kundan ortiq arazlashmasin.”8. Ayniqsa, islom harom va halol masalalariga musulmonlar e’tiborini qaratadi. Shariatda Olloh tomonidan qilinishiga ruxsat etilgan amallar, ishlar halol deyiladi. Harom esa aksincha qilinishiga ruxsat etilmagan ishlar va amallardir. Olloh harom etilgan ishlarni qiluvchilarga bu dunyoda yoki qiyomat kunida jazosini berishi aytilgan. Harom qilingan ishlarni eslatib o’tish va eslab turish joizdir. Ulardan ayrimlari quyidagilar: sog’ bo’la turib ishsiz yurish, zinokorlik, ota-onaga oq bo’lish, savdo-sotiqda g’irromlik qilish, birovning haqiga, omonatiga xiyonat qilish, qasamxo’rlik, sudxo’rlik, o’g’rilik, qaroqchilik, g’iybat, tuhmat, bo’hton, josuslik, qotillik, poraxo’rlik. Xullas, harom inson va jamiyatga zarar keltiradigan ish va amallardan iborat. Islomda ota-onaga mehr-muhabbat, g’amxo’rlik, farzand tarbiyasi va oilaga sadoqat masalalariga alohida e’tibor berilgan. Kishilarga yaxshilik qilish, savob ishlarga qo’l urish, insofli, diyonatli, vijdonli bo’lish, mehr-shavqatlilik, to’g’rilik rostgo’ylik, sofdil bo’lish, birodarga yordam berish, kamtarlikka chaqirish g’oyalari ilgari suriladi. Qur’oni karimda tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan quyidagi fikrlar mavjud: “Agar dunyoparastlik oqibatini aniq ilm bilan bilganingizda edi, uni do’st tutmas edingiz”9. Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo’lsa, (qiyomat kuni) uni ko’rar, Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo’lsa ham, uni ko’rar”10. “(Ey insonlar! Muomalada) vaznda adolat o’rnatingiz va tarozida ziyonkorlik qilmangiz!”11 “Osmonlardagi va Yerdagi bor narsalar faqat Allohnikidir. U yomonlik (gunoh) qilib o’tgan kimsalarni qilgan amallari bilan jazolagay va ezgu amal qilgan zotlarni go’zal savob, Jannat bilan mukofotlagay”12. “Kimki biror yomonlik qilsa, unga (oxiratda o’sha yomonligi) barobaridagina jazo berilur. Erkakmi, ayolmi-kimki mo’minlik holida biror yaxshilik qilsa, aynan o’shalar jannatga doxil bo’lurlar. U joylarda ularga behisob rizq berilur”.13 Hadislarda axloqiy kamolot masalalariga oid fikrlarda keltirilishicha, munofiqning belgisi uchtadir: yolg’on so’zlash, va’dasining ustidan chiqmaslik va omonatga xiyonat qilishdir; -omonat qo’ygan kishining omonatini o’z vaqtida ado eting; -haqqingizga xiyonat qilgan kishiga siz xiyonat qilmang; -qachonki, bir gunoh qilib qo’ysangiz, uni yuvish uchun orqasidan bir savobli ish qiling. O’zimdan keyin qoladigan ummatlarim uchun uch narsadan qo’rqaman: 1. Nafsu havasga berilib, yo’ldan ozishdan; 2. Nafsoniy va shahvoniy hissiyotga berilib ketishdan. 3. Ilmu ma’rifatga ega bo’la turib, g’ofillarning ishini tutishdan. Beshta narsadan oldin beshta narsani g’animat biling: O’limdan avval tiriklikni, bemorlikdan avval salomatlikni, bandlikdan avval bo’sh vaqtni, keksalikdan avval yoshlikni, fiqirlikdan oldin boylikni. Islomda ilm-fanni egallash, ma’rifatli bo’lish juda katta savobli ish ekanligi qayta-qayta ta’kidlanadi. Beshikdan to qabrgacha ilm izlash lozimligini qayd qilinishining o’zi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. “Ilm ibodatdan afzaldir” kabi fikrlar ham tahlilga muhtoj emas. Qur’oni Karimda “Ilm so’zi asosida “Alima”-bilmoq fe’l negiziga tayangan kalimalar 750 marotaba uchrashi ilmiy tadqiqotlarda qayd etilgan. Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga ilk nozil bo’lgan oyat ham “Iqra” o’qi” so’zidan boshlanadi. Ushbu oyat shunday: “O’qi” sening o’ta karamli Parvardigoring qalam vositasi bilan ta’lim berdi. Insonga u bilmagan narsalarni o’rgatadi”, deb nozil qilingan. Ko’rinadiki, islom e’tiqodi avval boshdanoq insonni o’qib-o’rganishga, ilm vositasi bilan dunyoni anglab yetishga targ’ib etadi. Islom ma’naviyatida insonning yer yuzida xalifa qilib belgilanishi uning yana bir muhim jihati hisoblanadi. Qur’oni Karimning juda ko’p oyatlarida insonning aziz va mukarram qilib yaratilgani, unga yeru-osmondagi barcha narsalar bo’ysindirilib qo’yilganligi alohida uqtirib o’tilgan. Inson Ollohning xalifasi sifatida bilim egasi, yorug’ dunyoning barcha bilimlarini u idrok etadi. Faqat kibrga berilib ketmasa, o’zini hammadan ortiq qo’ya boshlamasa bas. Parvardigor bizni inson qilib yaratgan ekan, aql-hush, ilmu-amal bergan ekan, demak, biz inson sifatida tafakkur qilib, dunyoviy ilmlarni-dunyoni o’rganib, dunyo orqali Ollohning ilm-fanlarini kashf etib yashashimiz kerak. Din-ruhiyatimiz tarbiyachisi, ilm-dunyoni va oxiratni bilish quroli, inson unisini ham, bunisini ham egallamog’i kerak. Bizning bobolarimizning yo’li ana shunday bo’lgan. Dinda ham ma’rifat, yuksak ma’naviyat talab qilinadi. Kishi qancha chuqur ilm egasi bo’lsa, olam va odam mohiyatini anglasa, uning Ollohni anglashi, iymoni ham shuncha mustahkam bo’ladi. Islom bu faqat aqida emas, avvalo, ma’rifat ilmidir. Islom tarixiga nazar tashlasak, Muhammad payg’ambarimizgacha bo’lgan davr arablarda, “johiliya” davri deb ataladi. “Johiliya” nodonlik davri degani. Islom ana shu nodonlik davri o’rniga keng ma’noda ma’rifat, madaniyatni vujudga keltirdi, ilm-fan, falsafa, adabiyot va san’atni rivojlantirdi, o’ziga xos ma’naviyat va ma’rifatni yaratdi. Bizning ulug’ bobolarimiz islom ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shib, kalom ilmi, fiqh, tasavvuf ta’limotini rivojlantirdilar. Yaqin o’tmishning yomon asoratlaridan biri shuki, sobiq sho’ro tuzumida dunyoviy ilm va diniy-falsafiy ta’limot bir-biriga qarama-qarshi qo’yildi. Ular bir-birini inkor etadigan hodisalar tarzida talqin etildi. Diniy tafakkur dunyoviy ilm rivojiga monelik ko’rsatadigan chirkin bid’at sifatida qoralandi. Biz bugun bunday qarashlarning tubdan zararli va tarixan asossiz ekanligini ochiq aytishimiz mumkin. Dunyoviy va diniy ilm o’tmishdan doimo hamkor va hamnafas bo’lib kelganligini tarixni o’zi tasdiqlaydi. Mustaqillik tufayli farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to’plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o’g’itlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish imkoniyatiga ega bo’ldik. “Xalqimiz ateistik mustabidlikdan ozod bo’lgandan keyin mustaqillik yillarida O’zbekistonda ajdodlarimizning muqaddas dini bo’lgan islomning jamiyatimizdagi o’rnini qayta tiklash bo’yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. 1999 yil Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi Islom universiteti ochildi. Mamlakatimizda 10 ta diniy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 ta o’rta maxsus o’quv yurti faoliyat ko’rsatmoqda. Ularning ikkitasi xotin-qizlar o’quv muassasasidir.”14 Bugungi kunga kelib mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiya bilan kafolatlangan. Qur’oni Karim va payg’ambarimiz hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Ulardagi ota-onaga, ilmga munosabat, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o’zaro mehr, mehmondo’stlik, vafo va sadoqat, kamtarlik, samimiyat, rostgo’ylik va boshqa chin insoniylik xislatlarining birinchi o’ringa qo’yilishi insoniyat uchun bebaho umuminsoniy ma’naviy boylik tizimini tashkil qiladi. Jismoniy va ma’naviy poklikka intilish islom axloqining, Rasululloh hadislarining yana bir muhim yo’nalishidir. Tahorat masalalari tashqi ozodlik talablari bo’lsa, haromdan yolg’on so’z, g’iybat, tuhmat, o’zgalar haqiga xiyonat, nohaqlik va zulmga yo’l qo’ymaslik, ulardan qat’iy saqlanish ichki, ma’naviy poklikka oid talablardir. Bularning hammasi Qur’oni Karim hamda Rasululloh hadislarida va ularga asoslangan sharoitda juda qat’iy qilib qo’yilgan. Xullas, islom barcha mo’minlarni yuksak ma’naviylikka chorlovchi, insonparpar din bo’lib kelgan. Dindan ma’naviy va ma’rifiy tarbiyada to’g’ri foydalanish zarur. Bu xususida yurtboshimiz Sh. Mirziyoyev: “… diniy ulamolarimiz ham jamoatchilikka ma’rifat, bag’rikenglik, odob va axloq ilmlaridan saboq bersalar maqsadga muvofiq bo’lardi”15,-deya ta’kidlaydilar. Download 56.6 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling