3-mavzu. Tarbiya fanini o’qitishning ilmiy, diniy, badiiy va falsafiy asoslari. Reja


Download 56.6 Kb.
bet6/7
Sana03.02.2023
Hajmi56.6 Kb.
#1153125
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
3-mavzu-1

Abdurauf Fitrat 1886 yilda Buxoroda savdogar oilasida tug’ilgan. Otasi Abdurahimboy o’qimishli, dunyoviy voqealardan xabardor kishi bo’lgan. A. Fitrat boshlang’ich bilimni Buxoroda eski maktabda oldi, keyin Mirarab madrasisida o’qigan. So’ngra Buxoro “Xayriya jamiyati” yo’llanmasi bilan 1909-1913 yillarda Istanbul dorilfununida tehsil oladi. 1914 yilda o’qishni tugatib, Buxoroga qaytadi. 1917 yilda Bokuda “O’quv” kitobini nashr ettirdi. 1918 yilda Toshkentga kelib, u yerda Munavvarqori Abdurashidxonov raisligida tashkil etilgan Turkiston dorilfuninida, Toshkent davlat pedagogika institutida, O’zbekiston fanlar qo’mitasi qoshida tuzilgan ilmiy tadqiqot institutida Sharq mumtoz adabiyoti tarixi va ona tilidan dars bergan.
Abdurauf Fitrat 1923-1924 yillarda Moskvadagi sharq tillari institutida ishlab, ilmiy tadqiqot bilan shug’ullandi. U atoqli olim, maorifchi va ustoz muallim sifatida o’z ijodiy va pedagogik faoliyatida, yaratgan ilmiy va badiiy asarlarida Vatan, xalq, millat erkinligi, farovonligi haqidagi orzularini, ta’lim va tarbiya haqidagi qarashlarini ifodalaydi. Abdurauf Fitrat 1937 yil 23-aprelda xibsga olindi, aksil-inqilobiy millatchilik tashkiloti “Milliy ittihod”ning a’zosi- millatchilikda ayblanib, 1938 yil 5-oktabrda qatl etilgan.21
A. Fitrat o’z Vatanini sevadi, vatandoshlarini aziz diyorini sevishga, uni asrashga chaqiradi. U yoshlarga xitob qilib, ularni shu Vatan va millat saodati, baxti, ravnaqi uchun fidoiylik ko’rsatishga, jasoratli bo’lishga da’vat etadi:
Og’ir yigit, sening go’zal, nurli ko’zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o’qidim.
O’ylashingda, turmushingda hamda o’zingda
Bu yurt uchun qutulishning borligin ko’rdim.
Turma-yugur, tinma-tirish, bukilma-yuksal,
Hurkma-kurash, qo’rqma-yopish, yo’rilma-qo’zg’al.22
Fitrat “Oila. Oilani boshqarish tartibi” asarida: “Har bir oila saodati va izzati, albatta shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog’liq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va tartibli bo’ladi”23, -deydi.

Abdurauf Fitrat zullisonayn yozuvchi sifatida Alisher Navoiy an’analarini 


davom ettirib, o’zbek va fors-tojik tillarida mukammal asarlar yarata oldi.
Fitratning “Rahbari najot” asari ta’lim-tarbiya masalalariga bag’ishlanadi.
Ayniqsa, asarning uchinchi bobi oila, bola tarbiyasi, axloq-odob mavzulari
haqida bo’lib, bu masalalar hozirgi davrda ham katta ahamiyatga egadir.
Fitrat qarashlarida ota-onaning o’z bolalarini yetuk kishilar 
qilib tarbiyalashlari uchun: 1) jismoniy tarbiya- salomatlik; 2) aqliy tarbiya -sog'lom fikrlilik; 3) axloqiy tarbiya, axloqi sano, ya’ni axloqiy poklikka e’tibor 
berish kerakligi ta’kidlanadi. Asarning “Bola tarbiyasi” masalalari bobida 
quyidagilar ko'rsatib o'tiladi:
“Oilaning vazifalaridan biri- avlodni tarbiyalashdan iboratdir. Yosh avlodni 
tarbiyalash hayotiy vazifalardan hisoblanadi. Ma’lumki, dunyo kurashning
umumiy maydoniga o'xshaydi va bu maydonning pahlavonlari insonlardir. Har bir kishi barkamollik yoshiga yetgach, u o'z saodatini ta'minlashi uchun shu 
maydonga kirmasdan iloji yo'qdir. Bu kurashda g'olib chiqish uchun uch xil ov 
quroliga ega bo’lish kerak:
1) salomatlik; 
2) sog’lom fikr (nuqsonsiz fikr, ya’ni yuqori iste’dod);
3) axloqi sano (oliy darajali axloq, ya’ni axloqiy poklik). Fitrat “Farzandni jisman, aqlan va axloqan kamolga yetishtirib hayot maydoniga kuchli, aqlli va yaxshi axloq bilan chiqarish zarur. Shuni e’tiborga olib olimlar tarbiyani uch qismdan iborat deb biladi. Bular- badan tarbiyasi, aqliy tarbiya va axloqiy tarbiya. Lekin bu uch qismni bir-biridan ajratib bo’lmaydi. Ular bir-biriga shunday bo’g’liq va yaqinki, biriga zarar tegsa, boshqalarida ham nuqson paydo bo’ladi. Biriga foyda tegsa, boshqalari ham undan bahramand bo’ladilar24”, - deydi. U har bir kishi shu uch quroldan birisiz maydonga kirsa, albatta, mag’lub bo’lishi 
tabiiydir, deb ta’kidlaydi va bu bilan uch xil tarbiyani doimo qo'shib olib borish 
kerakligini, agar bularning birontasi kam bo’lsa, yetuk kishi tarbiylab 
bo'lmasligini ko'rsatmoqchi bo'ladi. Bundan tashqari bola tarbiyasi avvalo oiladagi tarbiyaga bog’liqligini ta’kidlab o'tadi. Uningcha: “Oiladagi eng og’ir vazifa- bola tug’ilgandan keyingi farzand tarbiyasidir. Farzand tarbiyasi asli ikki kalimadan iborat…Bani Odamning siyosiy, diniy, ijtimoiy inqiloblarining asosi ana shu ikki so’z- bola tarbiyasidan iborat birikmaga bog’liq. Bu xalqning harakat qilishi, davlatmand bo’lishi, baxtli bo’lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo’lishi, zaif bo’lib xorlikka tushishi, faqirlik jomasini kiyib, baxtsizlik yukini tortib e’tibordan qolishi, o’zgalarga tobe, qul va asir bo’lishi, bolalikdan o’z ota-onalaridan olgan tarbiyalariga bog’liq.25
Fitrat jismoniy tarbiyaga, kishining salomat va baquvvat bo'lib, 
tarbiyalanishiga alohida e’tibor beradi. Tarbiyaning bu turiga qadim zamonlardan 
boshlab katta ahamiyat berilgan. Insonning butun a’zosi salomat va quvvatga ega 
bo’lmasa, unda inson uzoq yashamaydi. Agar insonning tanasidagi a’zolaridan 
biriga xalal tegsa, u kishi ishdan qo’lini tortib, boshqalarning muhtojiga
aylanadi. Bizning farzandlarimiz ilm olishlari bilan birga, ularning badan
tarbiyasiga ahamiyat berishimiz lozimdir. Fitrat bu xususida “Bolaning badan tarbiyasi yetti yoshgacha ota-onaning vazifasi sanaladi. Bunday tarbiyaning ma’nosi go’dakning jismini har xil odatlardan saqlab, asta-sekin kamolotga yetishtirish demakdir”26 yoki “Odamning kamoli faqat sog’liq va kuchdan iborat bo’lmay, balki jismonan, aqlan va axloqan yuksalishdan iborat”27,- deydi.
Fitrat bolalarning toza, ozoda bo’lishlari, tabiat gozalliklaridan estetik 
zavq ola olishlariga ahamiyat beradi. Uningcha havo inson uchun ovqatdan 
ham muhimdir. Besh-olti soat ovqatsiz turish mumkin, ammo bir daqiqa havosiz 
turish mumkin emas. Shuning uchun go'daklarni hamma vaqt sof havoga, 
bog'-chorbog’larga olib chiqish lozimdir. Fitrat bolalarning jismoniy tarbiyasida 
turli harakatli o'yinlar katta o’rin tutishini ham aytib o’tadi. Ota-onalarga o’z bolalarini o'yinlar bilan mashg'ul qilishlarini maslahat beradi. Fitrat bu 
harakatli o'yinlar bolaning aqli, farosati, ilmi rivojlanishiga va to'g'ri axloqiy 
tarbiya topishiga yordam berishi kerak, deb hisoblaydi. U bu o’yinlar orqali 
bolaga hayotni o’rgatish, aqliy va axloqiy tarbiya ham berish mumkin, asosiysi, 
bolani jismonan chiniqtiradi, deb biladi.
Fitrat yana bolalarning sog’lom, jismonan yetuk bo’lishlari uchun 
tozalikning ahamiyati juda kattaligini tushuntirib o‘tadi. Uning fikricha, tozalik va pokizalik kattalar uchun qanchalik lozim bo’lsa, kichik bolalarga 
ulardan ko'ra o‘n baravar zarurdir. Uning zarurligining ikki jihati bor. 
Avvalo, bolalar kattalarga nisbatan oldinroq xastalik qobiliyatiga ega. 
Shuning uchun ifloslik har qanday bemorlikni keltirib chiqaradigan 
manba bo'lib, ifloslik kattalarga nisbatan bolalarga o‘n barobar ziyon 
yetkazadi.
Ikkinchidan, ular yoshlikdan pokizalikka o‘rgatilsa, pokizalik bora-bora ularning odatiga aylanadi. Aksincha, yoshlikdan ifloslikka o‘rgatilsa 
katta bo’lganda bam shunday odatga o'rganadilarki, bu kishilarning 
nafratiga sazovor bo’ladi.
Murabbiy bolalarga shaxsiy gigiena qoidalarini o'rgatishni alohida 
ta’kidlab o’tadi.
Abdurauf Fitrat tarbiya haqida shunday deydi: “Bolalarning tarbiyasi- bu farzandni jismonan, fikran va axloqan tarbiya qilib kamolga yetishtirish demakdir”28.
Fitrat fikr- aql tarbiyasi to'g'risida, ya’ni, aql rivojlanishida muhokamaning o'rni haqida mulohaza yuritadi. “Аqliy tarbiya, ya’ni оdam aqlini tarbiyalash- bu оdam zehni, аql-irodasini kаmolga yetkazishdir. Оdam aqlning kаmoli- yaxshi bilmoq, yaxshi o’rganmoq va mukammal fikr qilmoqdir29”,- deya ta’kidlaydi. Uningcha, fikr va aql insonni kamolotga yetkazadi va o’qish, o’rganish qobiliyati uni 
saodatmand qiladi. 
Fitrat bu fikrlari bilan bolaga to’liq aqliy ta’lim berish uchun mana 
shu yuqoridagi ijtimoiy, ilmiy, dunyoviy fanlarni maktab dasturlariga 
kiritish kerak, degan xulosaga keladi. Va jadidlar bilan ochgan yangi 
usul maktablarida iloji boricha shu fanlarni ham bolalarga o‘rgatadi.
Fitrat maktablarda bolalarga nisbatan qo’llaniladigan tan jazolarini 
butunlay qoralaydi, unga qarshi chiqadi. Bolani tayoq zarbi bilan yaxshi 
inson qilib tarbiyalab bo‘lmasligini tushuntirib beradi.
Fitrat o'quvchi shaxsini hurmat qilish zarurligini, unga nisbatan 
insoniy munosabatda bo’lish, qilgan gunohlarini o’ziga to‘g‘ri, yaxshi so’z
bilan tushuntirish kerakligini, shunda u ham o'qituvchini hurmat qilishini uqtiradi.
U shaxsni axloqan mukammal qilib tarbiyalash lozimligini ta’kidlab: “Axloqiy tarbiya-odam axloqini kamolga yetkazish demakdir, ya’ni odamni shunday tarbiya qilish kerakki, fe’li va amali o’ziga ham, boshqalarga ham foydali va manfaat keltiradigan bo’lsin”30.
Fitrat yana bolaga beriladigan bilim uning yoshi va bilish 
darajasiga mos bo’lishi, bolaga qiyinlik qilmasligini, agar beriladigan
bilim bolaga juda oson yoki juda qiyinlik qilsa u bilim olishdan bezib 
qolishini uqtiradi.
Fitratning fikricha, “Tarbiyaning har bir qismi tug’ilishdan yetti yoshgacha avval ota-ona zimmasiga tushadi. Sakkiz yoshdan yigirma yoshgacha maktab va madrasa zimmasiga, keyin umrining oxirigacha odamning o’z boshiga tushadi”.31 Fitrat inson kamolotga erishishi uchun doimo intilishi, harakat qilishi 
lozimligi, o’z oldiga maqsadlar qo'yishi va unga yetishish uchun 
kurashish kerakligini, hech bir baxt yoki boylik inson intilmasa o'z-o’zidan 
kelmasligini ta’kidlab o'tadi. U bilim va iqtidor inson uchun zarur ekanligini, u mana shu bilimi va aqli 
bilan dunyodagi barcha maxluqlardan ham ustun turishini, shuning uchun
inson doimo bilim olishga va o'z bilimini oshirib borishga intilishi kerakligini uqtiradi.
Fitrat pedagog olim sifatida maktablar, oliy o'quv yurtlari uchun 
bir qancha darslik va amaliy o'quv qo'llanmalari yozadi, adabiyot nazarivasiga, o'zbek adabiyoti va san’ati tarixiga juda katta hissa 
qo'shadi. U yaratgan ilmiy ishlar: “Qutadg'u bilig”, “Adabiyot qoidalari”, 
“Ahmad Yassaviy hikmatlari”, “Ahmad Yassaviy maktabi shoirlari to'g'risida 
tekshirishlar”, “XVI asrdan so'nggi o'zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”,
“Muhammad Solih”, “Aruz haqida”, “Abulqosim Firdavsiy”, “Ertaklar va 
Haqiqatlar”, “0’zbek shoiri Turd”, “Tilimiz”, “O'zbek tili saboqlari”, “0‘zbek 
musiqasi to'g'risida”, “O’zbek rnumtoz musiqasi va uning tarixi”, “Sharqda
shaxmat” va boshqalar. Alisher Navoiy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, 
Muhammad Solih, Turdi, Bedil, Mashrab kabi ijodkorlarning badiiy meroslariga
oid ilmiy ishlar yaratadi. Bu ishlarning nomidanoq ko'rinib turibdiki, 
adabiyotimiz, san’atimizning bugungi kunda biz tadqiq etishga 
kirishmoqchi bo'lib yurgan muammolarini Fitrat bundan 60-70 yil ilgari hal 
qilib bergan. U yana fors-tojik shoirlari Firdavsiy, Umar Hayyom ijodi haqida ham tadqiqotlar olib boradi. Uning bu ilmiy ishlari hozirgi
kunda ham o'z ahamiyatini yo'qotmagan. Fitrat axloqiy tarbiyani bolalar 
eng avvalo o’zi yashayotgan atrof-muhit, ko'chadagi bolalardan olishlarini
ta’kidlab o'tadi. Olim ijtimoiy mihitning bola tarbiyasidagi ahamiyati juda 
katta ekanligini: “Madomiki dunyo kurash maydoni ekan, millatimiz boshqa millatlar bilan birga hayotining himoyasi va saodatiga erishish uchun kurashar ekan, bu maydonda g’alabaga erishgan va zafar topgan millatlarga ahamiyat berishimiz lozim. Qanday qurol bilan ular g’olib bo’lib, saodatga erishgan bo’lsalar, biz ham harakat qilib va intilib, o’z farzandlarimizni shunday qurollar bilan qurollantirib, maydonga tushirishimiz kerak. Bundan boshqa chora yo’qdir va bo’lmaydi ham”.32
Uning talqinicha, suv qaysi rangdagi idishda bo’lsa, o'sha rangda tovlangani
kabi, bolalar ham qanday muhitda bo’lsalar, o‘sha muhitda har qanday
odat va axloqmi o’zlashtiradilar. Axloqiy tarbiyaning eng buyuk sharti shundan 
iboratki, bolalar ko‘proq yaxshilik va yomonklikni oilalaridan, ko'chadagi 
o‘rtoqlaridan, maktabdagi o'quvchilardan qabul qiladilar. Bu fikrlar bilan
Fitrat yana bola tarbiyasi bilan faqat maktab emas, balki avvalo oila va 
jamoatchilik shug'ullanishi kerakligini ko’rsatadi. Ayniqsa, axloq tarbiyasida 
oilaning, ota-onaning o’rni juda katta ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydi.
U axloqi buzuq kishilarni maktabda muallimlik vazifasidagina emas, 
balki maktab qorovulligiga ham yaqinlashtirmasliklarini juda to’g’ri harakat, 
deb biladi. Yana u bolalar axloqiga zararli bo'lgan, yoshiga mos kelmaydigan 
kitoblarni bolalarning o'qishlariga ruxsat bermaslik kerakligini uqtiradi.
Fitrat o’z asarlarida vatanparvarlik, insonparvarlik, mehnatsevarlik, ozodalik, 
maqsad sari intilish, insonlarga mehr-shafqatli bo’lish, o'z manfaatidan
xalq manfaatini yuqori qo’yish g'oyalarini ulug’laydi. Vijdonsizlik,
poraxo’rlik, ikkiyuzlamachilik, boshqalarni ezish evaziga boylik to'plash,
xalqqa zulm o’tkazish kabi jihatlar esa qoralanadi.
Abdurauf Fitrat o'zining butun hayoti davomida milliy mustaqillikka 
erishish va mustamlakachilikka qarshi kurash, Ovrupo ilmi, texnikasi, 
madanyatidan o'rganish muammolarini tinimsiz targ‘ib qilgan 
siymolardan biri sifatida barcha kishilarga, eng avvalo, yoshlarga ibratdir.
U 1905-1906 yillari jadidchilik oqimining ko’zga ko'ringan tarafdori 
sifatida, so‘ngra o'zining “Hind sayyohi”, “Rahbari najot” singari asarlari 
orqali ma’rifatparvar va yozuvchi sifatida musulmonlarni, avvalo, 
yoshlarni g'aflat uyqusidan uyg'otishga, eng muhimi, o'zligini tanishga, 
fan-texnikani rivojlantirish uchun g‘ayrat bilan o'qish-o'rganishga 
undaydi. U yoshlarni yangi jamiyat qurishga da’vat etadi. El-yurtning baxti, saodati, istiqloli uchun kurashishga chorlaydi. Xalq baxti uchun 
kurashmagan yoshlarni bo'shang, jasoratsiz, deb hisoblaydi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan yirik allomalardan biri
Download 56.6 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling