3-Modul. Boshlangʻich ta’limda tarbiya nazariyasi


) Maqtov yorligʻi bilan taqdirlash


Download 1.03 Mb.
bet2/6
Sana16.12.2020
Hajmi1.03 Mb.
#168200
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
5-maruza

4) Maqtov yorligʻi bilan taqdirlash;

5) Maxsus stipendiyalar tayinlash;


6) Qoʻllab-quvvatlash;

7) Fotosuratni hurmat taxtasiga qoʻyish;

8) Jamoa nomidan minnatdorchilik bildirish;

9) Safda birinchi rinda turishini ta’minlash;


10) Musobaqalarda bayroqdor blishiga imkoniyat yaratish;

11) Nomini maktab devoriy gazetasi yoki radiosi orqali qayd etish.

Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirish metodlarini samarali qoʻllay olish uchun ragʻbatlantirishning mavjud pedagogik talablarga muvofiq boʻlishi; ketma-ket boʻlmasligi; oʻquvchini yoki uning xatti-harakatlarini haddan oshirib maqtamaslik; ularni boshqa oʻquvchilarga taqqoslab koʻrsatmaslik; oʻquvchini kamsitmaslik; talabchanlikni boʻshashtirmaslik kabilarga e’tibor qaratilishi lozim.

Tarbiya jarayonida jazolash metodini qoʻllashda quyidagi jazo choralari qoʻllaniladi:

* tanbeh berish;

* ogohlantirish;

* uyaltirish;

* hayfsan berish.



Tanbeh berish eng muhim jazo chorasi boʻlib, oʻqituvchi oʻquvchiga yuzma-yuz turib tanbeh beradi va buni kundaligiga yozib qoʻyish mumkin.

Ogohlantirish – sodir etilishi mumkin boʻlgan muayyan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan tarbiyaviy usul.

Uyaltirish – oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiyasi uchun mas’ul boʻlgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va boshqalar) oldida baho berish usuli. Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuygʻularni ehtiyotkorlik bilan oʻstirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish, qizartiraverish yaramaydi.

Hayfsan berish oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlarini qat’iy choralar asosida baholash boʻlib, u tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermagan holatlarda qoʻllaniladi.

Jazo puxta oʻylab qoʻllanilishi lozim, aksincha, jahl ustida jazolash mumkin emas. Jazolar yakka xarakterda, ya’ni, birgina usulni qoʻllash asosida, oʻquvchining aybiga mos, muvofiq boʻlishi, tez-tez qoʻllanilmasligi, jazolanuvchida jazoning toʻgʻri belgilanganligiga nisbatan shubha tugʻdirmasligi lozim, shundagina ular oʻz ayblarini sezadilar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda jazo berish uning ta’sir kuchini yanada oshiradi.

Jazolash metodini qoʻllashda jismoniy jazoni qoʻllash, oʻquvchilarni urish, kaltaklash, qoʻrqitish, gʻazablantirish, jismonan va ruhan azoblash, tahqirlash, sha’nini yerga urish kabilar ta’qiqlanadi. Bu kabi usullarni qoʻllash salbiy natijalarga olib keladi, ya’ni, oʻquvchi qoʻrqqanda yolgʻon gapirishni oʻrganadi, ikki yuzlamachi boʻlib qoladi.

Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlari oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlari, turli oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan usullardir.

Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlarining tarbiyalovchilik xarakteri oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlar, oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy mavqeini oshirishning ta’sirchan vositasi ekanligida aks etadi. Mazkur metodlar oʻquvchilarni tashabbuskorlikka, mustaqillikka undaydi.

Oʻz-oʻzini tahlil (nazorat) qilish oʻz shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat usulidir.

Oʻz-oʻzini baholash shaxs tomonidan mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish orqali oʻziga baho berishga yoʻnaltirilgan faoliyat usuli boʻlib, u shaxsning qobiliyatini oʻz kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashishi zarur. Oʻz-oʻzini baholash qiyin, lekin shaxsni bunga bevosita tayyorlash mumkin. Oʻz-oʻzini baholash oʻquvchi uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish, oʻziga obyektiv baho berish, oʻzidan qoniqishiga yordam beradi.

Izohlash tarbiyalanuvchiga hissiy-ogʻzaki ta’sir etish usuli boʻlib, uning muhim belgisi muayyan guruh yoki alohida shaxsga yoʻnaltirilganligidir. Oʻquvchilar bilan ishlaganda ma’naviy-axloqiy tushunchalarning ijtimoiy ahamiyati va ma’nosini izohlash zarur.

Izohlash quyidagi holatlarni yuzaga keltiradi:

1) yangi ma’naviy-axloqiy sifatlar yoki xulq koʻnikmalarini tarkib toptirish va mustahkamlash;

2) tarbiyalanuvchilarda sodir etilgan muayyan hodisa (masalan, sinf oʻquvchilarining ommaviy ravishda darsga kelmaganliklari)ga ongli munosabatni tarbiyalash.



Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-ogʻzaki ta’sir koʻrsatish asosida ularda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan bahs-munozara usuli boʻlib, u siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda oʻtkaziladi. Munozara asosida turli qarashlar yotadi. Bahs ijobiy natija berishi uchun uni tashkil etishga jiddiy, puxta tayyorgarlik koʻrish talab etiladi. Munozara uchun 5-6 ta savol tayyorlanib, ular bilan ishtirokchilar oldindan tanishtiriladilar. Chiqishlar jonli, erkin va qisqa boʻlishi zarur. Pedagog ishtirokchilarga fikrlarini ixcham, asosli va dalillar asosida bayon etishga yordam beradi.

Tarbiya usullari – tarbiyalash, pedagogik ta’sir koʻrsatish xususiyatga ega xatti-harakatlar majmui boʻlib, ular yordamida shaxsning qarashlari, motivlari, harakatlarini oʻzgartirish orqali uning xulqi, pozitsiyasigatashqi ta’sir koʻrsatiladi.

Keng ommalashgan tarbiya usullari quyidagilardir:

1) Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari;

2) Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari;

3) Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari.



Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachi (ota-ona, oʻqituvchi, mas’ul shaxs)lar oʻrtasidagi munosabatning yaxshilanishini ta’minlaydi. Bu turdagi tarbiya usullari sifatida tarbiyalanuvchi bilan birgalikda ma’lum faoliyatni tashkil etish (oʻyinchoqlarni birga yigʻishtirish, bolaga uning uchun murakkab sanalgan ishni bajarishda koʻmaklashish, bolani oʻylantirayotgan muammolar bilan qiziqish, unga katta ishonch bildirib, muayyan topshiriq berish) mumkin. Bu jarayonda bolaning koʻnglini koʻtaradigan, unda oʻziga nisbatan ishonchni hosil qildiradigan jumlalar (“Balli!”, “Barakalla!”, “Yashavor!”, “Juda zoʻr! Men senga ishongandim!”, “Bilaman, sen buni uddalaysan!”, “Oʻylaymanki, bu sen uchun qiyin emas!”, “Bu ishni birgalikda bajarsak qanday boʻlarkin?!” kabilar)ni ham qoʻllash maqsadga muvofiqdir.

Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachilar oʻrtasidagi shunday ham yomon, salbiy munosabatni yanada yomonlashtiradi. Bu kabi tarbiya usullari sirasida tarbiyalanuvchini uning salbiy xatti-harakatlari uchun koyish, unga doʻq-poʻpisa qilish, jazolash kabilar keng qoʻllaniladi. Koʻpchilik ota-onalar ijobiy va salbiy vaziyatlarni kuchaytiruvchi tarbiya usullaridan ketma-ket foydalanadilar. Tarbiya usullarini samarali qoʻllashda eng muhimi – vaziyatni toʻgʻri baholay olish, bola holatini tushunishga harakat qilish sanaladi. Imkon qadar salbiy vaziyatni yanada kuchaytiradigan tarbiya usularidan foydalanilmagan ma’qul. CHunki, bu kabi usullar bolani ota-ona, oʻqituvchilardan uzoqlashtiradi. Bordi-yu, bola salbiy harakatlarni sodir etganda ham unga oʻz xatolarini anglashga imkon berish, ulardan toʻgʻri xulosa chiqarib olishini ta’minlash pedagogik jihatdan toʻgʻri yondashuv hisoblanadi.

Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari shaxsni ishontiradigan suhbatlar sanaladi. Bu usulni qoʻllash uchun tarbiyalanuvchilar yoshini chegaralab boʻlmaydi, aksincha, bu kabi suhbatlar barcha yoshdagi balogʻatga yetmaganlar uchun birdek samarali boʻladi. Ishonch hosil qiladigan suhbatlarning bolani oʻz xatti-harakatlari mohiyatini tushuntirishga, ular yuzasidan izoh berishga undash uchun xizmat qilishi muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, ota-onalar, oʻqituvchilarning kichik yoshdagi bolalar bilan suhbatlashishda “Mening oʻylashimcha, bu ishing toʻgʻri emas, bu haqida oʻzing nima deysan?”, “Ayt-chi, seningcha, shu ishing toʻgʻrimi?”, “Agar bordi-yu, shu ishni men qilgan boʻlsam, sen nima degan boʻlarding?”, “Agar Komil bunday qilganida sen xafa boʻlmagan boʻlarmiding?” kabi savollar asosida bolani oʻz xatti-harakatlari yuzasidan oʻylab koʻrishga undash maqsadga muvofiqdir. Bu oʻrinda bolaga shaxsiy harakatlarining mazmunini anglatish bilan birga, toʻgʻri xatti-harakat qanday boʻlishini tushuntirish, buning natijasida atrofdagilarning qanchalik xursand boʻlishlarini aytib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar hech qachon samarasiz boʻlmaydi. Biroq, suhbatlashish chogʻida bolaga zoʻrlik qilinsa, bu haqidagi ma’lumotlar bolaning miyasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Hatto bir necha yillar oʻtgandan keyin ham bola bu haqida oʻylaydi.

Topshiriq berish oʻquvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida qoʻllaniladigan usul.

Tarbiya vositalari tarbiya jarayonining ta’sirchanligini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan moddiy buyumlar, narsalar, ma’naviy omillar, faoliyat (oʻyin, oʻqish, mehnat, muloqot), hissiy yondashuv koʻrinishidir.

Tarbiya turlarining umumiy tavsifi. Tarbiya turlari turli sohalarga koʻra tasnif etiladi. Koʻproq umumlashgan tasnif oʻzida aqliy, mehnat, jismoniy tarbiyani qamrab oladi. Ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlarning turli yoʻnalishlari bilan bogʻliqlikda fuqarolik, siyosiy, baynalmilal, axloqiy, estetik, mehnat, jismoniy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy tarbiyaga boʻlinadi. Institutsional belgilariga boʻyicha oila, ta’lim muassasasi, ta’lim muassasasidan tashqari, diniy, bolalar, yoshlar tashkilotlaridagi tarbiya, maxsus ta’lim muassasalaridagi tarbiyaga boʻlinadi.

Tarbiya va tarbiyalanuvchilar orasidagi munosabatlar uslubiga koʻra avtoritar, demokratik, liberal, erkin tarbiya; turli falsafiy konsepsiyalar bilan bogʻliqlikda pragmatik, aksiologik, jamoaviy, individual tarbiya farqlanadi.

Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining bir qismi boʻlib, u tarbiyaviy jarayonning mazmuni, metodi va tashkiletilishimasalalarini oʻrganadi. Jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqiyoti oʻsib kelayotgan barkamol avlod tarbiyasi bilan bogʻliq jarayonni hamqaytadan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Tarbiya nazariyasi Oʻrta Osiyo faylasuflarining tarbiya haqidagi fikrlariga va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalariga tayanadi. Tarbiya nazariyasi oʻz qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya fanlari ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa boʻlimlari: pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, maktabshunoslik bilan uzviy bogʻlangandir.

Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya tarbiyachining tarbiyalanuvchi shaxsiga oddiy ta’sir koʻrsatishi emas, balkitarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning aniq bir maqsadga qaratilgan,bir-biri bilan hamkorlikda qiladigan munosabatlari va oʻzaro ta’sir koʻrsatishi ekanligi alohida ta’kidlanadi.

Tarbiya aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sogʻlom, e’tiqodli, dili pok, ruhi komil, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, baynalminal, insonparvar barkamol shaxsni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tarbiya mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar, milliy an’analar va mintaqalararo xususiyatlarni hisobga olgan holda olib boriladi.

Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, xarakteri, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi.

Bola kattalarning tajribalarini sust holda emas, balki faol ravishda oʻzlashtiradi: bu oʻzlashtirishda uning ongli harakati, tirishqoqligi ahamiyatga ega boʻladi. Tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat koʻrsatmasalar tajriba va bilimni oʻzlashtira olmaydilar. Bolaning yoshi ulgayib borgan sari bu faollik tobora koʻproq mustaqillik xususiyatlariga ega boʻlib boradi: tarbiyalanuvchilar oʻzlarida dunyoqarashni tarkib toptirishga, oʻz-oʻzini takomillashtirish, tabiat, jamiyat va turmushda uchraydigan hodisalarni tushunishga hamda idrok etilgan narsalarga tanqidiy munosabatda boʻlishga koʻnika boradilar.

Hamma davrlarning ilgʻor kishilari tarbiyaga yuqori baho berganlar. Xalq donishmandlari va mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zavqiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Hamza, Abdulla Avloniy inson kamolotini ilm-fan va tarbiyada deb bildilar.

Tarbiya jarayonida kattalar, tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilar jamoasi oʻzaro munosabatda boʻladi. Bu munosabat oʻzaro tushunish, ishonch, hamkorlik asosida qurilishi lozim.

Maktab butun tarbiya ishini hayot bilan hamohangi, oʻquvchilarga oʻtmish, tarix, san’at haqidagi ma’lumotlarni chuqur oʻrgatishi, xalq pedagogikasi asosida ish yuritishi, buyuk allomalarning farzand tarbiyasi borasidagi pedagogik qarashlari, inson ruhini chuqur oʻrganib, sharqona urf-odatlar, an’analar asosida yoshlarga mehnat malakasini singdirishi lozim.
Tarbiya jarayonining qonuniyatlari.

Tarbiyaning maqsadini pedagoglar ham, ota-onalar ham yaxshi bilishlari lozim.

Umumta’lim maktablarida tarbiyaning asosiy maqsadi sifatida shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi asos qilib olinadi. Shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi, bu uning ayrim qirralari yoki hislatlarining toʻlaqonligi, jismoniy, axloqiy, siyosiy, estetik qarashlari yigʻindisini oʻz ichiga oladi.

Tarbiya moddiy boyliklarni ishlab chiqarish usuliga, jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga, siyosiy tizimga, mafkuraga bogʻliqdir.

Tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va oʻzaro bogʻliqligi uning muhim qonuniyati hisoblanadi.

Shaxsning rivojlanishi tarbiyaning sifatiga bogʻliqdir. Ayni chogʻda tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari shaxsning rivojlanish darajasiga bogʻliq. Tarbiya jarayoni murakkabdir. Shuning uchun ham u tarbiyachidan bolaning ruhiy holati, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehribonlik bilan yondoshishni talab qiladi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchi shaxsini diqqat bilan oʻrganishi, ularni tushunishi, hurmat qilishi lozim.

Tarbiyalanuvchilarning hayotiy faoliyati jamiyat uchun qanchalik foydali, maqsadga muvofiq va ularning munosabatlari oqilona tashkil qilinar ekan, tarbiya jarayoni shunchalik samarali amalga oshiriladi.

Insonni uning atrofini qurshab turgan vositalar: oila, ota-onasi, maktab, doʻstlari, atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari, san’at, adabiyot, tabiat va hokazolar tarbiyalaydi. Shaxsning rivojlanish va shakllanish jarayonini boshqarib borish kerak. Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va oʻquvchilar oʻrtasida bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e’tibor berish, ularga mehribonlarcha munosabatda boʻlish lozim.

Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumxalq ishi va uzluksiz boʻlsin, barcha yoshdagi bolalarni qamrab olsin, turli ijtimoiy, jamoat va davlat institutlari va muassasalarining shaxs kamolotini shakllantirish borasidagi harakatlari mujassamlashishi ta’minlansa maqsadga muvofiq boʻladi.

Tarbiyada inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bola betakror va oʻziga xosligini hurmatlash,uning ijtimoiy huquqi va erkinligi e’tiborda tutilishi zarur.

Tarbiya muayyan maqsad bilan rejali ravishda amalga oshiriladigan davomli ishdir. Yosh avlodga har bir tarixiy davrdagi jamiyatning oʻziga xos ishlab chiqarish metodi va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq tarbiya beriladi. Bu tarbiyaning asosiy qonuniyatidir.

Tarbiya jamiyat hayoti bilan bogʻliq, jamiyat oʻzgarib rivojlanishi bilan tarbiya ham oʻzgarib, rivojlanib boradi.

Tarbiya jarayoni hayotiy, amaliy xususiyat kasb etmogʻi lozim. Tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari; pedagoglar, ota-onalar, jamoatchilik, yoshlar tashkilotlari va mehnat jamoatlari – hamma kasbiy-pedagogik tayyorgarlikka ega boʻlishlari lozim.
Tarbiya jarayoni qonuniyatlari va qoidalari.

Tarbiya nazariyasida ham pedagogika fanida boʻlgani kabi, yangi vujudga kelayotgan qarashlar bilan eskirib borayotgan qarashlar oʻrtasida kurash ketgan. Tarbiya nazariyasidagi va amaliyotidagi muhim yoʻnalishlarni tanqidiy oʻrganmay turib, tarbiya nazariyasining asosiy masalalarini tushuna olish qiyin. Keng tarqalgan turi avtoritar (boshqalarga koʻr-koʻrona boʻysunish) tarbiya nazariyasi edi. Avtoritar tarbiya XVI asrda paydo boʻlib, hozirda Ispaniyada, Lotin Amerikasining ba’zi mamlakatlarida yaqqol ifodasini topgan. Avtoritar tarbiyani ilmiy ravishda asoslab berishga uringan nemis pedagogi Fridrix Gerbart (1771-1841) bola tugʻilganda «yovvoyi shoʻxlikka» xos boʻlish fikrini olgʻa suradi. Shu bilan u tartib buzgan oʻquvchilar uchun jarima jurnalini tashkil etishni taklif etadi. U tartib buzgan oʻquvchilarni ovqatsiz qoldirish, burchakka turgʻizib qoʻyish, kartserga qamash, jarimaga tortish kabi jazolashni turlarini joriy etadi.

Avtoritar tarbiyani birinchi boʻlib J.J.Russo tanqid qildi va oʻzi erkin tarbiya nazariyasini ilgari surdi.

Oʻzbek maktablarida ta’lim-tarbiya bir-biridan ajralmas deb hisoblanadi. Sinfdagi har qanday ish doimo tarbiyaviy ishdir, biroq tarbiyaviy ishlarni ta’lim berish bilan cheklash mumkin emas.


Tarbiya turlari haqida tushuncha.

Axloq haqida tushuncha. Axloqiy tarbiya nima va u oʻz oldiga qanday maqsadni qoʻydi?

Axloq birinchidan, ijtimoiy ong shakllaridan biri, ijtimoiy tartib qoida boʻlib, bu tartib qoidalarining xatti-harakatini tartibga solish vazifasini bajaradi. Jumladan, axloq, adolat, saxovat, halovat, halollik, rostgoʻylik kabi tushunchalarni oʻz ichiga oladi. U bizning kundalik ishlarimizga va ongimizga aktiv ta’sir koʻrsatib, jamiyat nomidan yaxshilik bilan yomonlik, zulm, adolat bilan adolatsizlik oʻrtasidagi va insoniy munosabatlardagi maqbul va nomaqbul, man etilmaydigan va man etiladigan ishlarni, xatti-harakatlarni belgilab beradi.

Ikkinchidan, axloq ijtimoiy fikr, ong bilan jamiyatda belgilab qoʻyilgan odamlarning xulq atvor qoidalarining yigʻindisi boʻlib, ularning bir-birlariga boʻlgan munosabatlarini, majburiyatlarni belgilab beradi. Axloq odamlarni jamiyatdagi axloqiy yetuk, yetuk xulq atvorining namunasi boʻlib hizmat qiladi. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlarning toʻgʻri tashkil etilishini ta’minlaydi. Axloq me’yorlari xulq atvorning boshqaruvchisi sifatida odob me’yorlariga yaqin turadi. Huquqga zid xatti-harakat axloqsiz harakat deb qaraladi. Axloqiy tarbiya odamlarni nomusli, vijdonli boʻlishga oʻrgatish bilan profilaktika ishlarini ham olib boradi.

Uchinchidan, axloq falsafiy kategoriya boʻlib, har bir shaxs uchun zarur boʻlgan rostgoʻylik, kamtarlik, halollik, olijanoblik, mehnatsevarlik, xushyorlik, odoblilik, insonparvarlik, kollektivizm singari fazilatlarni shakllartiradi.

Toʻrtinchidan, axloq, ijtimoiy qatlamning, xalqning ma’naviy qiyofasi, gʻoyasi, ruhiyatining xarakterli xususiyati sifatida maydonga chiqadi.

Axloqning eng asosiy vazifasi fuqarolikni shakllantirishdan iboratdir. «Eng muhimi,-deb yozgan edi V.A.Suxomlinskiy fuqarolikni tarbiyalashdir, chunki bu butun tarbiyaviy ishlarning magʻzi, oʻzagi hisoblanadi».

Har bir jamiyat oʻz fuqarolari oldiga ma’lum talablar tizimini qoʻyadi. Bu avvalo, insonnig axloqiy fazilatlariga, uning xulqiga qoʻyilgan talablardir. Kishilar mehnat va muomala jarayonida bir-birlari bilan turli tuman munosabatda boʻladilar. Bu munosabat jamiyat va har bir fuqaro oldiga quyidagi talablarni ta’riflab beradigan qonunlar, qoidalar bilan tartibga solib turiladi. Bu majburiyatlar axloq talablariga koʻra belgilanadi. Bu talablarda har bir katta yoshli kishining, umuman, jamiyatga, atrofdagi kishilarga, oʻz oilasiga munosabati belgilanadi, inson ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishga, davlat mulkini ehtiyot qilishga, oʻz oilasining mehnatga layoqatsiz a’zolari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish va ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, belgilangan yoshi yetgan farzandni maktabga yuborishga va shu kabilarga majburligi ta’kidlanadi. Jamiyat tomonidan belgilanadigan talablar shaxs hulqini baholash uchun nizom boʻlib xizmat qiladi. Ana shu talablarga muvofiq shaxsning xulqidagi ayrim harakat va odatlar ma’qullanadi yoki qoralanadi.

Axloq ijtimoiy taraqqiyotning natijasidir. U sinfiy xarakterga ega. U yangi ijtimoiy munosabatlar boʻlib, vatanga, xalqqa sodiqdir.


Axloqiy tarbiyaning vazifasi.

Oʻzbek maktabida oʻquvchilarni axloqiy tarbiyalash, sadoqatga asoslangan eng insonparvar, adolatli va oliyjanob, axloqining ijobiy tomoni tobora toʻlaroq namoyon boʻladi. Bizning axloqimiz umuminsoniy, ma’naviy boyliklarni ham, kishilarning axloqiy me’yorlari va ular oʻrtasida eksplutatsiyaga qarshi, ozodlik va ijtimoiy tenglik, baxt-saodat va tinchlik uchun koʻp asrlik kurash jarayonida xalq ommasi yaratgan munosabatlarni ham oʻz ichiga oladi.



- Jamoatchilik axloqi. Uning asosiy tamoyili “bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun”, degan gʻoyadan iboratdir. U xudbinlik, oʻzini va oʻz manfaatini koʻzlashni rad etadi, umumxalq jamoa va shaxsiy manfaatlarni oʻzida uygʻunlashtiradi.

- Insonparvarlik axloqi. U mehnatkash insonni ulugʻlaydi. U kishilar oʻrtasida chinakam insoniy munosabatni oʻrtoqlarcha hamkorlik va oʻzaro yordam munosabatlarini, shaxsiy va ijtimoiy hayotda hayrixohlik, halollik, sofdillik va kamtarlikni qaror toptiradi.

- Faol ta’sirchan axloq. U insonni yangi mehnat va ijodiy zafarlarga, tadbirkorlikka, jamoa va butun mamlakat hayotida sidqidildan ishtirok etishga, yangi turmush tarziga zid boʻlgan barcha narsalarga faol qarshi chiqishga, milliy istiqlol mafkurasi uchun qat’iyat bilan kurashishga undaydi.

Maktabda axloqiy tarbiyani amalga oshirish yoʻllari.

Maktabda bolalarni axloqli tarbiyalash, dars jarayoni, sinf va maktabdan tashqari turli tuman ishlarda olib boriladi.

Oʻquvchilarga bilim, (tasavvurlar, hissiy, obrazli bilimlar, axborot, ogʻzaki ma’lumot, tushuncha, umumlashgan bilim) malaka va odatlarini beriladi.

Bolalarga odob va odobsizlik haqida tushuncha beriladi. Ular axloqiy tushunchalarni badiiy va ilmiy adabiyotdan, hayotdan, kinofilm va spektakllardan oladi. Oʻquvchilarni oʻz xulqini axloqiy jihatdan baholashni birinchi sifatdan boshlab oʻrgatib borish kerak, ularni mehnatni sevish, mulkni ehtiyot qilish, hurmat, rostgoʻylik, sofdillik, vijdon, kamtarlik ma’nolarini tushinib olsin. Buning uchun yuqori sinf oʻquvchilari bilan “Mardlik va qoʻrqoqlik”, “Mardlik va oliftalik”, “Kollektiv nima?”, “Baxtni qanday tushinasiz?”, “Insonni goʻzalligi nimada?”, “Ma’naviy yetuk kishi”, “Insonning qadr-qimmati, axloq va shaxs erkinligi” mavzularida suhbat oʻtkazish ma’qul.

Oʻquvchilarning onglilik darajasini oʻstirish uchun ularga oʻzini-oʻzi baholashga imkon berish, oʻqishda, mehnatda, hayotda muvofaqqiyatga erishish oʻziga bogʻiqligini tushuntirish lozim.

Haftaning oxirida “Oʻtgan haftadan qanoatlanamanmi?”, “Oʻzimni jazolashim kerakmi yoki mukofatlashim?” degan savolga javob yozishni tavsiya qilish kerak. U tarbiyaviy soatda yoki individual suhbatda tahlil etiladi.

Oʻquvchilarni axloq ruhida tarbiyalash ularda quyidagi erkin fikrlilik xislatlarini tarkib toptiradi: maqsadga intiluvchanlik, oʻqish va ishda matonatlilik, qat’iyat, tashabbuskorlik, uyushqoqlik, qiyinchilikdan qoʻrqmaslik.

Maktabda axloqiy tarbiya berishda xilma-xil metodlar qoʻllaniladi. Jumladan:

Birinchidan, maktabdagi oʻqish jarayoni yuksak darajada uyushtirilishi kerak, buyuk nemis pedogogi A.V.Disterveg koʻrsatganidek, yaxshi oʻqitish bilangina oʻqituvchi oʻquvchini yaxshi tarbiyalaydi ham. Ba’zan axloqiy ta’sir vositalari kam koʻrsatiladi, huquq uchun bahoni pasaytiradilar. Odobsizlik qilishadi.

Ikkinchidan, axloqiy tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli oʻquvchilari va oʻqituvchilar jamoaning saviyasiga bogʻliq. Jamoa axloqli boʻlsa, ahil boʻlsa, bolalar intizomli boʻladi.

Uchinchidan, tarbiyaviy ishlarni rejali boʻlishi va hamjihatlik bilan amalga oshirilishi axloqiy tarbiyaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. A.S.Makkarenko 10 ta yuqori malakali, oʻz holicha ishlaydigan oʻqituvchidan malakasi past bir yoqadan bosh chiqaradigan beshta oʻqituvchi afzal, - deydi.

Toʻrtinchidan, maktabda ijobiy, emotsional sharoit yaratish axloqiy tarbiya jarayoniga foydali ta’sir etadi.

Beshinchidan, barcha oʻquvchilarning maktabdagi umumiy tartib, hayot rejimiga rioya qilishga erishish.

Axloqiy tarbiyada ongni, axloqiy tushunchalarni shakllantirishda suhbat, munozara, leksiya kabi metodlardan, axloqiy odatni shakllantirshda esa mashq, bolalarni turli faoliyatini yuritish metodlaridan foydalaniladi.

Axloqiy tarbiyada uning natijasini hisobga olish ham muhim ahamiyatga ega. Tadbirlar soni emas, sifat belgilaydi. Baho ham toʻla emas.

Tarbiyalanganlikni oʻlchovi ijtimoiy aktivlik, talablariga ijobiy munosabat, oʻz huquqini baholay olish, axloqiy odatlar va fazilatlar deyiladi. Bular oʻlchov boʻla olmaydi. Aslida ijtimoiy aktivligi, muomala va aloqalari, manaviy yoʻnalishi, haqida, barqaror axloqiy sifatlarning mavjudligi – oʻlchov boʻla oladi. Maktab hayotida ijtimoiy-siyosiy attestatsiya axloqiy tarbiyalanganlikni aniqlash va baholashning bir shaklidir. Shaxsni toʻla oʻrganish – tarbiyalanganlilikni aniqlab beradi.


Jismoniy tarbiya. Jismoniy tarbiyaning asosiy maqsadi – oʻquvchilar tanasidagi barcha a’zolarni tabiiy sogʻlom oʻsishini ta’minlash, ularni aqliy va jismoniy mehnatga shuningdek, vatan mudofaasiga tayyorlashdir.

Bizning ota-bobolarimiz kishilar bilan uchrashganda yoki xayrlashganda avvalo, chin yurakdan mustahkam sogʻlik-salomatlik tilashgan. Sihat-salomat boʻlishning qadrini oila qadri bilan sharafli bir oʻringa qoʻyib kelishgan. Respublikamizda bahodirlar, polvonlar va botirlarga boy vatanimiz ular bilan gʻururlangan. Bugun ham Respublikamizning barcha shahar va qishloqlarida jismoniy madaniyat va sport turlarini milliy asosda qayta tiklash jarayoni sodir boʻlmoqda.

Sharq Aristoteli nomini olgan Abu Ali ibn Sino ham inson fazilatlaridan quyidagilarni sanab koʻrsatgan, chunonchi, jasurlik-biror ishni bajarishda kishining jasurligi, chidamliligi, inson boshiga tushgan yomonlikni toʻxtatib turuvchi quvvat. Aqllilik-biror ishni bajarishda shoshma-shosharlik qilishdan saqlovchi quvvat.

Ziyraklik – sezgi bergan narsalarning haqiqiy ma’nosini tezlik bilan tushunishga yordam beruvchi quvvat.

She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy oʻzining «Farhod va Shirin» dostonida Farhodning ijobiy xislatlari ichida, uning jismoniy chiniqanligiga alohida e’tibor beradi va iftixor bilan uning jismoniy qobiliyatlarini maqtaydi.

Dostonda yozilishicha Farhod aqliy tarbiya bilangina cheklanib qolmasdan jismoniy va harbiy mashqlar bilan ham shugʻullanib, chiniqa boshlaydi. Suvda suzish, chavondozlik, qilichbozlik va boshqalar uning kundalik mashgʻuloti boʻlib qoladi. 10 yoshida 20 yashar yigitning kuch-quvvati boʻladi, u oʻzining aql va jismoniy kuch-quvvati, mahorati bilan kishilarni hayratda qoldiradi.

Abdulla Avloniyning fikricha, sogʻlom fikr yaxshi axloq, ilm-ma’rifatga ega boʻlish uchun badanni tarbiya qilish zarur. «Badanning salomat va quvvatli boʻlmogʻi insonga eng kerakli narsadur. Chunki oʻqimoq, oʻqitmoq, oʻrganmoq va oʻrgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdir. Sogʻ badanga ega boʻlmagan insonlar amallarida, ishlarida kamchilikka yoʻl qoʻyurlar... Bunday tarbiyaning fikr tarbiyasiga ham yordami bordir. Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ili terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qoʻyib, astarini yuvib ovora boʻlmak kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mehnat va sogʻlom vujud kerakdur».


Sport tufayli oʻz kuchi va mahoratini quvonch bilan his etish, tabiat bilan muloqotda boʻlish azaldan kishilar dilini xushnud etgan. Demak, yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, insonning aqliy, axloqiy va jismoniy kamoloti kishilik tarixi taraqqiyotining barcha jabhalarida ulugʻlangan, qadrlangan.

Jismoniy tarbiya kishilarga qulay ta’sir koʻrsatib, ularning salomatligini mustahkamlaydi, ishlash qobiliyatini oshiradi, uzoq umr koʻrishga yordam beradi. Sport- har qanday yoshda ham qaddi-qomatni tarbiya qilish, kuch-quvvatni saqlab turishning ajoyib vositasidir. U dam olish bilan mehnatni almashtirib turishga yordam beradi, ijodiy his-tuygʻu manbai boʻlib xizmat qiladi.

Qisqasi, jismoniy madaniyat va sport sogʻlom, kuchli, chaqqon, topqir, toʻsiqlarni yenga oladigan, ona Vatanni koʻz qorachigʻiday e’zozlovchi vatanparvar, kelajakka ishonch bilan qaraydigan yoshlarni vujudga keltiruvchi ijtimoiy omillardan biri hisoblanadi.

Shu sababli kishilik jamiyatining eng ibtidoiy holatidan hozirgi kunimizga qadar har qanday jismoniy kamolot va toʻqlikni avlodlarning kamolotini ta’minlovchi zanjir deb hisoblab kelishgan.

Demak, oʻsib kelayotgan yosh avlodning jismoniy barkamolligini ta’minlash faqat ota-ona, maktabning ishigina boʻlib qolmasdan, balki u davlat ahamiyatiga molik ish hamdir.

Jismoniy tarbiyaga boʻlgan e’tibor, gʻamxoʻrlikning kun sayin oshib borishi bu fikrimizning yorqin dalilidir.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil davlat boʻlgan kundan boshlab, yoshlar tarbiyasini, ularni yaroqli Vatan himoyachisi boʻlishiga va sportning barcha turlarini jadallashtirish maqsadida bir qator maqtovga sazovor ishlarni amalga oshirdi. Bularga «Jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida»gi Qonun (1992), »Sogʻlom avlod dasturi», «Futbolni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida»gi (1996), «Kurash asotsiatsiyasini tuzish toʻgʻrisida»gi qarorlar (1998) va boshqa yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatish oʻrinlidir. Shuningdek, davlatimiz va hukumatimiz rahbarligida tennis boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti kubogi, milliy kurash, U-shu, taekvando, boks va boshqa turlari boʻyicha xalqaro musobaqalar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, oʻzbek kurashini Olimpiya turiga aylantirish maqsadida jahon birinchiliklari oʻtkazilmoqda va hokazo.

Jismoniy tarbiya mazmuni besh xil tushunchalarda oʻz ifodasini topadi. Ya’ni jismoniy kamolot, jismoniy holat diagnostikasi, jismoniy madaniyat, jismoniy-sport ishlari, jismoniy ma’lumot. Jismoniy kamolot- oʻsib kelayotgan yosh avlodning ichki organlarining oʻzgarishi, oʻsishidir. Birinchi navbatda yurak va oʻpka, shuningdek, nerv va harakat tizimi, tana shaklining oʻzgarishi, teri-muskul tizimi, ogʻirligi, tananing mukammal rivojlanishidir. Pedagogik tushunchada jismoniy kamolot insondagi jismoniy ma’lumotning oʻsishi borasidagi oʻzgarishlar, ya’ni oddiydan murakkabga, pastdan yuqoriga, nomukammallikdan mukammallikka tomon boʻlgan oʻzgarishlar tushuniladi.

Oʻquvchilarning jismoniy kamolotlari uchun sharoit yaratish va pedagogik boshqarish jismoniy tarbiyaning vazifasidir. Jismoniy tarbiya tizimida kamolot diagnostikasi muhim oʻrin tutadi. U jismoniy tarbiya saviyasi, fan tili bilan aytilganda, jismoniy tarbiya samaradorligi koʻrsatkichidir. Maxsus usul va jismoniy texnika asosida oʻquvchilarning sogʻliqlarini, har bir alohida shaxs kamoloti saviyasini tadqiq etish, belgilangan me’yor va undan uzoqlanish koʻrsatkichlarini oldindan belgilash asosida tarbiya uchun doimiy koʻrsatkich aniqlanadi. Jismoniy yetuklik bu badanning tashqi koʻrinishidagi garmoniya, goʻzallik shakli: jismoniy sifatlarning yuqori darajadagi kamoloti-kuchi, tezligi, chidamliligi va abjirligi barcha tizimlarning mutanosibligi va ularning salomatligidir. Agar diagnostika oʻquvchilarning yoki biron-bir oʻquvchining jismoniy va meditsina koʻrsatkichlari pasayib ketayotganligini koʻrsatsa, demak, zudlik bilan jismoniy tarbiyadagi mavjud tizimni oʻzgartirish lozim.

Jismoniy madaniyat tarbiyaning tarkibiy qismidir. Jismoniy madaniyat mazmuniga quyidagilar kiradi:

1. Inson a’zolarining tuzilishi va ularning funksional kamoloti – ichki a’zolar, nerv va harakat, suyak-muskul tizimi, badanning uygʻunligi va ularning funksional faoliyatini boshqarish.

2. Oʻquvchilarning sogʻligʻini mustahkamlash.

3. Gigiyena qoidalariga koʻnikish.

4. Oʻquvchilarning har tomonlama mohirligini oʻstirish.

5. Boʻlajak ishchi-mehnatkashlarning jismoniy va fiziologik sifatlarini kasb ahamiyati jihatidan shakllantirish, uning ish qobiliyatini oshirish.

6. Oʻquvchilarning jismoniy va yosh xususiyatlari uchun sharoit yaratish.

7. Iroda, chidamlilik, qat’iy intizom, doʻstlik va oʻrtoqlik hissi, kamol topish va oʻz-oʻzini rivojlantirish uchun harakat qilishni tarbiyalash.

8. Shaxsiy jismoniy qobiliyatlarini kamol toptirish.

Koʻrinib turibdiki, jismoniy tarbiya mazmuni yetarli darajada kengdir. Ularni amalga oshirish yoshlarimizning turmush tarzini, jismoniy madaniyat va sport asosida mazmunli shakllanishini ta’minlaydi. Yuqoridagi sifatlar, doimiy mashqlar asosida har bir shaxsda oʻz badaniga va uning goʻzal boʻlishiga intilish, shaxsiy sogʻligʻini jamiyat taraqqiyoti bilan, xalq madaniyati bilan bogʻlash sifatlari shakllanadi. Jismoniy tarbiya ta’lim mazmunida ham qaror topadi. Uning vazifasiga oʻquvchilarda tanlangan sohaga aloqador koʻnikma va malakalarni shakllantirish, rivojlantirish kiradi. Jismoniy tarbiyaga harbiy tayyorgarlik elementlari ham kiradi. Jismoniy tarbiyani boshqa fanlar orqali ham, xususan, ishlab chiqarish ta’limi orqali ham amalga oshiriladi: jismoniy sogʻlik, badan goʻzalligi va boshqalar qaror topadi.

Ilgʻor pedagogik tajribalarning koʻrsatishicha, jismoniy tarbiya oʻquvchi va oʻqituvchilar jamoalarining turmush tarzi va dasturiga aylangandir. Ayniqsa, jismoniy tarbiya daqiqalari, sport va jismoniy tarbiya targʻiboti, ishlab chiqarish ta’limi texnologiyasi va ishlab chiqarish amaliyoti borasidagi yutuqlarni ragʻbatlantirishda, oʻquvchilarning uzoq vaqtgacha ish qobiliyatlarini saqlab turishda, yoshlarimizning jismoniy va fiziologik sifatlarini kasb mazmuniga bogʻlash borasidagi dars jarayonlarida ahamiyati beqiyosdir.



Aqliy tarbiya idrokni insonning bilishga oid barcha vazifalari vositasida rivojlantirishni, aqliy faoliyatning oʻz-oʻzini tashkil qilish mexanizmini shakllantirishni, aqliy qobiliyatlar va ijodiy salohiyatni rivojlantirishni taklif qiladi.

Uning vazifalari:

- ilmiy bilimlarni oʻzlashtirish;

- ilmiy dunyoqarashni shakllantirish;

- aqliy qobiliyatlar va iste’dodni rivojlantirish;

- bilishga oid qiziqishlarni rivojlantirish;

- bilishga oid faollikni shakllantirish;

- bilim olishga dalillashni shakllantirish va hokazolar.
Jismoniy tarbiya – sogʻliqni mustahkamlash va toʻgʻri jismoniy rivojlanishga erishishga qaratilgan tarbiya.

Uning vazifalari:

- sogʻliqni mustahkamlash, toʻgʻri jismoniy rivojlanish;

- aqliy va jismoniy mehnat qobiliyatini oshirish;

- tabiiy harakatga keltiruvchi sifatlarni rivojlantirish va takomillashtirish;

- gigiyenik odatlarni shakllantirish;

- ma’naviy sifatlarni tarbiyalash (jasurlik, tirishqoqlik, qat’iylik, intizomlilik va boshqalar) sogʻlom turmush tarziga qoʻshilish jismoniy tarbiya, sport bilan doimiy va muntazam shugʻullanishga ehtiyojni shakllantirish va hokazo.


Fuqarolik tarbiyasi – oʻzida global muammolarga, ijtimoiy guruhlarga, alohida shaxslarga, ularning faoliyatiga, jamotchilik hayoti va ongiga umuminsoniy qadriyat munosabatlarining tizimini namoyon etadi.

Uning vazifalari:

- inson va fuqaroni tarbiyalash;

- fuqarolik dunyoqarashi va siyosiy ixtiyorni shakllantirish;

- fuqarolik ongining vujudga kelishi, oʻz qarashlarida sobit qolish qobiliyati;

- vatanparvarlik, baynalminalchilik kabi oliy tartibning hissiyotlarini shakllantirish va boshqalar;

- Vatanga muhabbat hissini, uni himoya qilishga tayyorlik hissini rivojlantirish, qadrdon yurt, uning tabiati, an’analari, urf-odatlari va hokazolarga muhabbat hissini shakllantirish.


Axloqiy tarbiya – xarakterning axloqiy sifatlari, koʻnikmalar va xulq-atvorning shakllanish jarayoni. Axloqiy tarbiya mulohaza, hissiyotlar va e’tiqodlar, jamiyatning tegishli me’yorlariga mos keladigan koʻnikmalar va xulq-atvorning axloqiy tushunchalarini shakllantirish kabi vazifalarni hal qiladi. Axloqiy tarbiyaning asosiga jamiyatning rivojlanish jarayonida insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan umuminsoniy qadriyatlar, oʻtkinchi boʻlmagan me’yorlar qatori jamiyat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida paydo boʻlgan yangi qoidalar va me’yorlar yotadi. Oʻtkinchi boʻlmagan axloqiy sifatlar- halollik, adolat, burch, tartiblilik, mas’ullik, or-nomus, vijdon, qadr-qimmat, insonparvarlik, begʻarazlik, mehnatsevarlik, kattalarga hurmat va boshqalar.
Hissiy (estetik) tarbiya shaxsni tarbiyalashning turlaridan biri boʻlib, uning maqsadi – voqelikka estetik munosabatni shakllantirish.

Uning vazifalari:

- estetik bilimlarni shakllantirish;

- estetik madaniyatni tarbiyalash;

- estetik hissiyotni rivojlantirish;

- estetik idealni shakllantirish;

- hamma narsada: fikrlashda, ishlarda, xatti-harakatlarda, tashqi koʻrinishda va har qayerlarda goʻzal boʻlishga intilish.


Mehnat tarbiyasi – mehnat faoliyatiga qoʻshish jarayoni, har tomonlama va uygʻun rivojlangan shaxs shakllanishining asosi.
Huquqiy tarbiya – huquqiy ong va huquqiy xulq-atvorni shakllantirish.
Iqtisodiy tarbiya jamiyatning iqtisodiy hayotini tushunish, bozor sharoitlarida iqtisodiy fikrlashni shakllantirish, ishbilarmonlik hislatlari va boshqalarni ta’minlaydi.
Ekologik tarbiya –ekologik ong shakllanishi, yekologik madaniyat tarbiyasi jarayoni.
Tarbiya texnologiyasi – tarbiya jarayonida shakllar, yoʻllar, usullar va vositalarning jamuljamligidir. Tarbiya jarayoninng yaxlitligi majmuaviy yondashuv orqali amalga oshiriladi. Majmuaviylik tarbiyaviy ta’sir koʻrsatish va oʻzaro harakatning maqsadlari, vazifalari, mazmuni, usullari va shakllarining birligini anglatadi.
Tarbiyaning zamonaviy texnologiyalari quyidagi talablarni bajaradi:

– tarbiyalanuvchilarga uchta yoʻnalish boʻyicha ta’sir koʻrsatadi: ongga, hissiyotga va xulqqa;

– ijobiy natijaga tarbiya va shaxs oʻzini tarbiyalashiining uzviy birikuvida erishiladi;

– tarbiyaga aloqador barcha ijtimoiy institutlar va birlashmalarning (ommaviy axborot vositalari, adabiyot, san’at, maktab, tartibot idoralari va boshqalar) birligi va kuch-gʻayratlarining muvofiqlashtirilishi – majmuaviy yondashuvning zaruriy shartidir;

– shaxsning ma’lum fazilatlari aniq tarbiyaviy ishlar tizimi orqali amalaga oshiriladi.

Tarbiya jarayonini boshqarish quyidagi omillar hisobiga olinganda muvaffaqiyatli boʻlishi mumkin:

– fazilatlarining rivojlanishiga koʻmaklashadigan yoki unga qarshilik qiladigan tarbiyalanuvchining shakllangan hayot tarzi;

– hayot sharoitlari;

– ommaviy axborot vositalari va targʻibot;

– shaxsga ta’sir qiladigan jamoaning taraqqiyot darajasi va hayot tarzi (qadriyatli yoʻnalishlar, jamoatchilik fikri, axloq me’yorlari, ruhiy iqlim);

– jamoa a’zolari oʻrtasida oʻzaro munosabatlar me’yorlari;

– tarbiyaning individual va shaxsiy oʻziga xosliklari.


Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling