3-Modul. Boshlangʻich ta’limda tarbiya nazariyasi


Download 1.03 Mb.
bet3/6
Sana16.12.2020
Hajmi1.03 Mb.
#168200
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
5-maruza

Tarbiya usullari


Tarbiya usuli – bu tarbiyaning ma’lum maqsadlariga yerishish yoʻli.

Usul – bu tarbiyalanuvchilarning ong, iroda, hissiyot, xulq-atvoriga ularda tarbiyaning ma’lum maqsadlari orqali fazilatlarni ishlab chiqish maqsadlari bilan ta’sir koʻrsatish yoʻli.

Tarbiya usulini tanlashni belgilaydigan omillar:

1. Tarbiyaning maqsad va vazifalari.

2. Tarbiyaning mazmuni.

3. Tarbiyalanuvchilarning yoshiga xos hususiyatlari.

4. Tarbiyalanuvchi va tarbiyachi oʻzaro munosabatlarining shakllanib boʻlganlik darajasi.

5. Ta’lim olganlikning testlari - bu ta’lim mazmunining ma’lum jihatlari (qismlari) oʻzlashtirilganligi darajasini oʻlchash uchun xizmat qiladigan vazifalarning yigʻindisidir.


Tarbiya qonuniyatlari haqida tushuncha.

Tarbiya qoidasi – pedagog ta’lim va tarbiya jarayonini yaxshiroq tashkil etish maqsadida foydalanadigan boshlangʻich holat, rahbarlik asosidir. Tarbiya qoidalari oʻqituvchi, tarbiyachilarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi qoidalar boʻlib hisoblanadi, yangi kishini shakllantirish vazifalari bilan belgilanadi. Tarbiya qoidalari Sharq va Markaziy Osiyo faylasuf-donishmandlarining fikrlari va milliy pedagogika erishgan yutuqlarga asoslanadi. Tarbiya qoidalari mustaqil xarakterga ega boʻlib, u tarbiyaning oʻziga xos xususiyatlarini va qonuniyatlarini aks ettiradi. Tarbiyaviy jarayonda bu tamoyillarga rioya qilish uning samarasini oshiradi, yaxshi natijalarga olib keladi.

Tarbiyaning mazmuni, tashkil etilishi, metodlari va ularga qoʻyiladigan talablar shu qoidalarda oʻz ifodasini topadi.

Tarbiyaning mohiyati, mazmuni, qoidalari mamlakatimizda yangicha iqtisodiy munosabat sharoitlarining oʻzgarganligi sababli kengayib bormoqda.

Tarbiyaviy jarayonni yaxshilash, uni davr talabiga javob beradigan holga keltirish uchun deyarli barcha qoidalarni, metodlarni, gʻoyalarni qaytadan koʻrib chiqishimiz, bola shaxsiga e’tiborni qaratishimiz, yillar davomida toʻplangan ijobiy tajribadan unumli foydalanishimiz zarur.

Tarbiya qoidalariga quyidagilarni kiritishimiz mumkin: Tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganligi, tarbiyaning insonparvarlik va demokratiya, hayot bilan, mehnat bilan bogʻliqligi, tarbiyada ilmiy-madaniy va umuminsoniy qadriyatlarning ustivorligi, tarbiyada oʻquvchilarning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish, izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta’sirlarning birligi va uzluksizligi qoidalari va boshqalar.
Tarbiyaning maqsadga qaratilganligi qoidasi

Tarbiyaning asosiy maqsadi, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, aqliy va axloqiy barkamol shaxsni shakllantirishdan iborat. Shunga koʻra tarbiyaviy faoliyatning mazmuni, tashkiliy shakllari va metodlari shu maqsadga erishishni koʻzda tutadi.

Umumiy ta’lim maktabining asosiy vazifasi-shaxsning aqliy, axloqiy, his-tuygʻuli va jismoniy rivojlanishi, qobiliyatlarini har tomonlama kamol toptirish uchun imkoni boricha qulay sharoitlar yaratishdan iborat. Shuningdek, oʻquvchilarda milliy gʻurur va milliy axloq odobni shakllantirishni koʻzda tutadi.

Tarbiyaviy ish ma’lum maqsadni koʻzlovchi va uzluksiz davom etadigan jarayondir. Koʻpincha bir necha maqsad va vazifa birdaniga bajariladi, bu esa koʻpincha oʻquvchilar jamoasini aqliy va axloqiy oʻsishini ta’minlaydi.

Maqsadga intilish va maqsad bir xil narsa emas. Yaxshi bir maqsad izhor qilingan boʻlsada, ammo bu maqsadni amalga oshirish uchun hech qanday ish qilinmagan boʻlishi mumkin. Shuning uchun aniq ravshan maqsadni amalga oshirishga harakat qilish lozim.

Shaxsning shakllanish manfaatlari har bir pedagogik tadbirni tarbiyani umumiy maqsadlari bilan koʻnikishni, uni rejali tarzda va qat’iy sur’atda amalga oshirishga harakat qilishni talab etadi. Yoshlarda jamiyatimiz gʻoyalarining kuchiga ishontirish, yangi jamiyatni barpo etishda oʻz hissalarini qoʻshishga, ijtimoiy-foydali mehnatda bevosita ishtirok etishga intilishni ragʻbatlantirish juda muhimdir.

Tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganlik qoidasi bolalar jamoasining rivojlanish istiqbollarini koʻra bilishga yordam beradi.

Har bir tarbiyaviy tadbir oldindan puxta oʻylangan, muayyan maqsadni amalga oshirishga boʻysindirilgan boʻlsa, uning gʻoyaviy-siyosiy darajasini koʻtaradi, tanlangan metod va vositalar maqsadga muvofiq keladi, ularning tarbiyaviy ta’siri yuqori boʻladi.


Tarbiyada insonparvarlik qoidasi.

Umumiy ta’lim maktabi yangi pedagogik tafakkur egasi, munosib shaxs oʻz ishining ustasi boʻlgan oʻqituvchiga muhtoj.

Oʻqituvchining bilim saviyasi, ma’naviyati jamiyatni harakatga keltiruvchi, taraqiyotga eltuvchi etakchi omillardan biridir. Oʻqituvchi yurish-turishi, xatti-harakati, kiyinishi, muomalasi bilan oʻquvchi qalbiga kirishi, uni ezgulik sari yoʻnaltirishi kerak.

Tarbiyani insonparvarlashtirish – bu maktabning, oʻqituvchi-tarbiyachilarning bola tomon yuz burishlari, uning shaxsini hurmat qilish uchun mumkin qadar yetarli sharoitlar yaratib berish, turli yosh bosqichlari ruhiy-fiziologik mustaqillikni hisobga olish demakdir.

Maktabda ruhiy xizmatdan foydalanish bolalar kayfiyatini, qiziqishini, intilishini va qobiliyatlarini aniqlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga ijodiy yondoshishga imkon beradi.

Yoshlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muqaddas kitob «Qur’oni karim», «Hadisi Sharif”dan foydalanish juda muhim. Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻatit- turk», Yusuf Xos Hojibning «Qobusnoma», Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»i, Sa’diy Sheroziyning «Guliston va Boʻston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Alisher Navoiyning shoh asarlari, hikmatlari muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Shunday ekan maktabda oʻquvchilarga gumanitar-ijtimoiy fanlardan ta’lim berishda tarbiyaga koʻproq e’tibor berish lozim. Ayniqsa, hozirgi sharoitda Oʻzbekiston tarixi, adabiyoti, madaniyati va boshqalarni oʻqitish jarayonida bevosita tarbiyaga oid boʻlgan milliy ma’naviyatga, milliy ruh, urf-odat va shuningdek umumbashariy qadriyatlarga alohida urgʻu berish zarur.

Oʻqituvchi oʻquvchi qalbiga yoʻl topish uchun bilimi va ishibilangina emas, ayni paytda odob-axloq, madaniyati, rostgoʻylik va shirinsuxanligi bilan namuna boʻlishi lozim. Shundagina oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida haqiqiy doʻstona munosabat qaror topadi. Yaxshi oʻqituvchi oʻquvchilarning soʻzini diqqat bilan tinglaydi, ularga dalda beradi, tinchlantiradi, toʻgʻri baho qoʻyadi, hammani teng koʻradi, bolalarni sevadi.

Tarbiyani demokratiyalash - bu ma’muriy ehtiyoj va qiziqishlardan shaxsning ehtiyoj va qiziqishlarini yuqori qoʻyish, demakdir. Bu tarbiyachi va tarbiyalanuvchi oʻrtasida oʻzaro ishonch, hamkorlik asosida pedagogik munosabatlar mohiyatini oʻzgartirish demakdir. Bu tarbiya ishiga jamoatchilikni jalb qilish, uning rivojlanishiga jamoat omilini kiritish demakdir.

Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va oʻquvchilar oʻrtasidagi bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e’tibor qilish, ularga mehribonlarcha munosabatda boʻlish lozim. Maktab osoyishtalik, insonga mehr-muhabbat beshigi boʻlishi lozim.

Oʻqituvchi oʻquvchiga, avvalgidek, tarbiya obyekti emas, xuddi oʻzi kabi subyekt deb qarashi kerak. Ya’ni oʻquvchiga faqat mening buyrugʻimni bajaruvchi emas, balki mening oʻzim bilan teng huquqli, birga ishlovchi, hamkorlik qiluvchi deb qarashi kerak.

Bola butun qalbini darsga bagʻishlasa, uni ogʻir ahvolga solib qoʻygan boʻlamiz, u faqat oʻquvchigina emas, avvalo, rang-barang qiziqishlar, ehtiyojlar, intilishlarga ega boʻlgan inson.

Yaralangan qushcha qancha azob tortsa, gʻildirakchasi singan oʻyinchok mashina ham xuddi shunday aziyat chekadi deb bilishi, bola koʻngli boʻshligini emas, uning koʻnglida shafqat, ezgulik, goʻzallik va insonparvarlik borligining nishonasidir.

Tarbiyaviy faoliyatni demokratiyalash va insonparvarlashtirish uning mohiyati va mazmunini qayta tafakkur etishni koʻzda tutadi, shaxsning rivojlanish va oʻzligini anglash huquqini ta’minlaydi.



Tarbiyani hayot bilan, mehnat bilan bogʻliqligi qoidasi

Qaysi davr, qaysi sharoitda boʻlmasin ota-bobolarimiz oʻz avlodining har tomonlama komil insonlar boʻlishi uchun qaygʻurganlar. Chunki jismonan baquvvat, aqlan sogʻlom, ma’naviy yuksak, bilim va hunar sohibi, axloqan pok farzandlargina avlodning chinakam davomchisi, yurtning egalari, millat boqiyligi va boyligining ta’minlovchisi hisoblangan.

Oʻquvchilarni ona-Vatanni sevish, ardoqlash, uning farovonligi, gullab-yashnashi, taraqiyoti uchun sadoqat bilan xizmat qilish, ona diyorning har bir qarich yerini, boyliklarini, tabiati va hayvonot dunyosini avaylab asrash, kelgusi avlodlarga qoldirish, ularni muqaddas, tabarruk deb bilish, ajdodlari tarixi, madaniyati bilan gʻururlanish hissini tuyish, milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar va udumlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash juda muhim.

Tarbiyani hayot va mehnat bilan bogʻliqligi qoidasi oʻquvchilarda jamoa axloqi va turmush qoidalariga hurmat bilan qarashni,shaxsda fuqarolik va ijtimoiy mas’uliyat hislarini rivojlantirishni, oʻzi yashayotgan mamlakatning ravnaqi, insoniyat taraqqiyotini barqaror saqlab qolish yoʻlida gʻamxoʻrlikni, ekologik tarbiyani shakllantirishni nazarda tutadi.

Maktabda oʻquvchilarni ijtimoiy foydali faoliyatga jalb qilish, ularda ijtimoiy faollikni rivojlantirishga imkon beradi. Oʻquvchilar jamiyatimiz toʻgʻrisida olgan bilimlarni amalda qoʻllash, ijtimoiy oʻz-oʻzini boshqarish organlarida faol qatnashish orqali hayotga tayyorlanib boradilar. Agar ular tevarak-atrofdagi turmushga beparvo boʻlsalar, ijtimoiy ishlardan chetda turuvchi tomoshabin deb his qilsalar, oqibat natijasida ularning ruhida boʻshanglik, loqaydlik hosil boʻladi.

Bu qoidaning amalga oshirilishi oʻquvchilarni turmushga,mehnatga, ongli ravishda kasb-hunar tanlashga har tomonlama tayyorlash uchun zamin yaratadi. Bu qoida oʻquvchilarni mamlakatimizdagi va chet ellardagi kundalik voqealar bilan muntazam suratda tanishib borishlari zarur, degan talabni ham bildiradi.

Oʻquvchilarning ishlab-chiqarish ilgʻorlari, hurmatli kishilarni, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlari, ijtimoiy foydali va unumli mehnatda bevosita ishtirok etishlari ularni atrof-muhit bilan, mustaqil jamiyat qurilishi amaliyoti bilan tanishtirishda yaxshi yordam beradi.

Oʻquvchilarning qurilish maydonchalari, yigʻim-terim guruhlari va brigadalari saflarida, hunarmandchilik, xalq amaliy san’atida, bemorlarni parvarishlash va nafaqaxoʻrlarga xizmat koʻrsatish sharoitlarida, pochta (aloqa) koʻrsatish boʻlimlarida, hovlilarni va koʻchalarni tartibga keltirishda, sanoat korxonalaridagi ishlarini alohida quvvatlamoq lozim.

Oʻquvchilar maktabda nafaqat katta hayotga tayyorgarlik koʻradilar, balki ana shu haqiqiy hayot bilan yashaydilar. Tarbiyani hayot va mehnat bilan qoʻshib olib borish qoidasi oʻquvchilarni tevarak-atrofdagi hayot bilan tanishtirib borishni va oʻzgartirishda oʻquvchilarning qatnashishlarini talab qiladi. Respublika bozor sharoiti shakllanayotgan hozirgi sharoitda oʻquvchilarni hayotga va mehnatga yangicha munosabatli, layoqatli qilib tayyorlash lozim. Buning uchun oʻquvchilarni davlat va jamoa xoʻjaliklari dalalarida, tomorqa va ijara olingan yer maydonlaridagi unumli mehnatlarini tashkil qilish kerak.
Tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligi qoidasi

Oʻquvchilarning umuminsoniy va Vatanimiz qadriyatlari, boy madaniyati bilan tanishtirish, dunyoviy va diniybilimlarniegallashga boʻlgan talablarini shakllantirish malakalarini oshirish, ularni tobora boyitish, estetik tushunchalarini shakllantirish juda muhimdir.

Oʻzbek xalqining madaniy merosini oʻrganishda va rivojlantirishda milliy oʻziga xosligi, ma’naviy xususiyatlari hisobga olinib, xalq pedagogikasi an’analariga suyangan holda ish koʻrilishi maqsadga muvofiq. Oʻquvchilarda kishilik jamiyatiga muhabbatni tarbiyalash, ularni tabiat muhofazasi, madaniy yodgorliklarni saqlashishlariga jalb qilish lozim.

Umuminsoniylik – bu barcha insonga xos boʻlgan, uning madaniy va milliy koʻp qirraliligidir, ya’ni, turli millat vakillariga hurmat, turli dinlar va boshqa madaniyatlarni oʻziga xosligini tan olish, qadriyatlarni hurmatlashni nazarda tutadi.

Oʻquvchilarga eng avvalo, oʻz xalqining milliy-madaniy merosiga, tiliga, an’ana va urf-odatlariga, shuningdek, boshqa xalqlarning ma’naviy boyliklariga boʻlgan qiziqishlarini tarbiyalash lozim. Bunda uning bilim doirasini kengaytirishga, turli xalqlar madaniyati bilan tanishtirishga alohida ahamiyat berishi zarur. Milliy qadriyatlardan: ona zamin tabiati, milliy xalq san’ati, an’analarining milliy estetik manbalari, sharqning jumladan, Oʻzbekistonning badiiy madaniyati, tarixi orqali oʻquvchilarda milliy axloq an’analari ruhini shakllantirishda, milliy oʻz-oʻzini anglatishda, baynalminallik va vatanparvarlik tuygʻularini rivojlantirishda foydalanish darkor.

Ma’naviy qadriyatlar va gʻoyalar har xil millat oʻquvchilarini birlashtiradi, oʻquv va mehnat faoliyatlarini uyushtirishga yordam beradi. Oʻtmishga nazar tashlasak, xalq pedagogikasini bola tarbiyasidagi boy tajribalari hayotga toʻla tadbiq etilmaganligi, buyuk allomalarning pedagogik qarashlari, sharqona urf-odatlar, boy an’analar, hayotga joriy etilmaganligi tarbiya borasida talay qusurlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi.

Xalqimizning koʻp asrlik qadriyatlarini, ulkan va boy madaniy merosini chuqur bilmasdan, milliy oʻzlikni anglash, milliy gʻurur tuygʻusini qaror toptirish mumkin emas.

Oʻzbek xalqi koʻp asrlik tarixiy taraqiyotida katta madaniyatni yaratdi. U yaratgan boyliklar yoshlar tarbiyasida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Ismoil-al-Buxoriy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Sa’diy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Nizomiy Ganjaviy, Fariddin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlarning asarlari orqali oʻquvchilari goʻzal axloq, baxt, insof, poklik, iffat, sabr-matonat, mehr-shafqat, sihat-salomatlik, ota-onani hurmat qilish qoidalari haqida keng tasavvurga ega boʻladilar. Insoniylik oʻz tarkibiga insonning eng yaxshi axloqiy xususiyatlarini ya’ni, odamlar oʻrtasida oʻzaro yaxshi munosabatda boʻlish, doʻstlik, ota-onaga sadoqatlilik, mehnatsevarlik, diyonatlilik kabi fazilatlarni qamrab oladi. Xalqimiz bolalarning yoshligidan ana shu goʻzal fazilatlarini tarbiyalashga ahamiyat berib keladi.

Maktablarimizdagi tarbiyaning mazmunini milliy va umuminsoniy qadriyatlar belgilashi lozim, ya’ni ta’lim-tarbiya mazmunida insonparvarlik, tenglik, xalqparvarlik, demokratiya gʻoyalari ustuvor boʻlishi lozim. Masalan, Oybekning «Navoiy», Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar», Abdulla Qahhorning «Sinchalak» kabi asarlari milliy va ummuminsoniy demokratik va gumanistik qadriyatlar nuqtai nazaridan oʻrganilishi maqsadga muvofiqdir.

Odob haqida islomda ham koʻp ibratli gaplar aytilgan. Islomda tarbiya soʻzi tabib soʻzidan olingan. Bu degani odam oʻziga, qarindosh urugʻlariga va umuman ta’sir doirasi etadigan jamiki kishilarga tabiblik, ahillik qilishi lozim. Islom odobida faqat insonni ezgulikka, halollikka, axloqqa chaqiruvchi da’vatlar bor. Islom odobini esdan chiqarish, unga amal qilmaslikning oqibati nimalarga olib kelishini hayotning oʻzi koʻrsatyapti.

Millatning saodati, davlatning tinchligi va farovonligi avvalo, yoshlarning tarbiyasiga bogʻliq. Shuning uchun unutilayozgan ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

Tarbiyada oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish qoidasi.

Tarbiyaning mazmunini tashkil qiluvchi gʻoyalar, talablar, maqsad va vazifalar ichidan oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlariga muvofiq keladiganlarinigina tanlab olish juda muhimdir. Boshqacha qilib aytganda, tarbiyachilar bola shaxsiyatiga monand metod topishlari, uning shaxsini shakllantirish uchun kerakli sharoit yaratishlari lozim.

Odamlarning qobiliyati va shaxsiy xususiyatlarini, individual xarakterini oila, muhit, turmush sharoiti oldindan belgilaydi.

Oʻqituvchi bolalarni, ularning har birini tushunish mahoratiga ega boʻlishi kerak. Oʻz oʻquvchilarini bilish va ular bilgan narsalarni bilish va har biri alohida va hammasi birgalikda bilishi mumkin boʻlgan narsalarni bilish oʻqituvchi uchun zarur shartlardan biridir.

Tajribali oʻqituvchilar oʻquvchilarni kuzatadilar, ularni har tomonlama oʻrganadilar, oʻquvchini boshqalardan ajratadigan sifatlarni izlab topadilar va u boshqalarga qanday naf keltirishi mumkinligini aniqlaydilar.

Tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari bolalar yoshi va saviyasiga qarab turli sinfda turlicha boʻladi. Masalan, boshlangʻich ta’limning asosiy vazifasi oʻquvchilarda oʻqish, chizish, hisoblash malakalarini shakllantirish bilan birga ularning ongi, qalbiga tabiatni muhofaza qilish, yaxshilik-yomonlik, adolat-adolatsizlik, halollik-haromlik, goʻzallik-xunuklik, mehribonlik-shafqatsizlik kabi tuygʻularning oddiy qonun-qoidalari singdiriladi. Buning uchun ularni tez-tez tabiat qoʻyniga olib chiqish, ularning oʻzlari kuzatishlar olib borishlari kabi imkoniyatlar yaratish lozim.

Yuqori sinflarda esa shaxsning rivojlanishi va shakllanishi, uning ijtimoiy oʻzligini anglashga boʻlgan istagi, qiziqishi va qobiliyatini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratiladi, kasbga yoʻnaltirishga e’tibor beriladi. Oʻquvchilar jamoasi ayrim shaxslardan iborat. Shuning uchun har bir bolaning oʻziga alohida pedagogik ta’sir koʻrsatilishi kerak. Buning uchun pedagog bolaning qanday oilada tarbiyalanganligi, u tarbiyalangan muhit ta’sirini, tengdoshlari, oʻrtoqlari va kattalar qanday ta’sir koʻrsatayotganlarini, uning ijobiy va salbiy odatlarini, nimalarga qiziqishi va qobiliyati borligi va hokazolarni yaxshi bilishi kerak. Har bir bolaning oʻzigagina xos xususiyatlarini aniq bilmay turib bolaga rejaviy ravishda, maqsadga muvofiq ta’sir koʻrsatish mumkin emas.

Pedagogning bu qoidaga amal qilishi oʻquvchilarning tushunishiga, ularning his-tuygʻularini, tashvishlarini jiddiy qabul qilish va qadrlashga, ijobiy insoniy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Oʻquvchilar ham oʻz oʻrnida oʻzlarini inson sifatida anglaydilar va oʻqituvchilarga hurmat bilan qaraydilar.

Pedagog tarbiya jarayonida bolalarning ijodkorligiga, ziyrakligiga, mustaqilligiga, bilish va ijtimoiy faolligiga keng yoʻl berish kerak. Bolalar jamoasiga singdirilgan muomala xarakteri har bir oʻquvchiga haqiqiy insoniy tabiatni rivojlantirishga yordam berishi lozim.

Bu qoidani amalga oshirish bolalar faoliyatini mazmuni va shakllarini ularning yoshiga, hayotiy tajribasiga va imkoniyatlariga muvofiqlashtirishni talab qiladi. Oʻqituvchi oʻz oʻquvchilarida insoniy fazilatlarni tarbiyalash jarayonida ularning har biriga xos ravishda muomala qilish yoʻlini topishi lozim.



Tarbiyada izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta’sirlarning uygʻunligi va uzluksizligi qoidasi.

Tarbiyaga yaxlit tizimli yondashish tarbiyaning pedagogik harakatning pirovard natijasiga yoʻnaltirilganlik darajasini belgilab beradi. Bunda pedagogik maqsad va vazifalar, uning mazmuni tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari tomonidan tan olinishi shart.

Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumning ishi va uzluksiz boʻlsin. Tarbiyaning barcha tomonlari hamohang boʻlsin.

Tarbiya ishida izchillik juda muhimdir. Tarbiyachi avvaliga bolalardan biror narsani talab qilib, soʻngra oʻzining talabini unutib qoʻysa, yoki oʻzi bu talabga xilof ish tutsa, bu hol tarbiyaga juda yomon ta’sir qiladi. Oʻqituvchi subutli; oʻz lafziga sobit boʻlmogʻi kerak. Masalan, «Ertaga kundaliklaringizni tekshiraman», «Oyoq kiyimlaringizni moylanganligini koʻraman» deb va’da berdingizmi, ijrosini unutmang. Pedagog biror tarbiyaviy tadbir uyushtirishni bolalarga va’da qilib, sal orada va’dasini esdan chiqarib qoʻysa, oʻquvchilar bunday oʻqituvchiga ishonmay qoʻyadilar. Har bir pedagogning ishi bilan soʻzi bir boʻlishi lozim.

Bolalarga birdaniga juda koʻp talab va qoidalarni taqdim qilish mumkin emas. Bolalarga tarbiya va ta’lim berishda uzluksizlik va tizimlilikka rioya qilish kerak.

Hamma tarbiyachilar oʻquvchiga boʻlgan munosabatlarida bir-birlariga zid harakatda boʻlmasliklari, bir xil, yagona talabqoʻyishlari lozim. Tarbiyaviy ishda bunday izchillikka rioya etish juda ham muhimdir.

Oʻquvchilarga tarbiyaviy ta’sir koʻrsatishda izchillikka rioya qilish, muomalani avvaligicha davom ettirish va bir xil talab qoʻish muvaffaqiyat qozonishning eng muhim shartlaridan biridir. Afsuski, amalda ba’zan oila maktabning talablarini qoʻllab-quvvatlamaydigina emas, balki teskari ta’sir koʻrsatadi. Oʻqituvchilar orasidaham talablarning bir xilligi hamisha ta’minlanavermaydi. Tarbiya uzoq muddatli, murakkab jarayon, unda ota-ona, oʻqituvchi, jamoatchilik va boshqalar qatnashadilar. Shu sababli ularning ishida izchillik va davomiylik boʻlishiga rioya etish, oʻquvchilarning tarbiyalanganlik darajasini, tarbiya metodlari va shakllarini oʻz vaqtida aniqlab olish juda muhimdir. Bu qoida tarbiya ishida tarbiyani amalga oshiradigan barcha boʻgʻinlarning oila va maktab oʻquvchilar va yoshlar tashkilotlari, maktabdan tashqari tarbiya muassasalari va ishlab chiqarish jamoalarining, keng jamoatchilikning hamjihatlik va bamaslahat ish koʻrishini koʻzda tutadi. Chunki, tarbiyaviy ta’sirdagi tizimlilik faqat yoshlarni emas, balki aholining barcha qatlamini qamrab olishi kerak. Aholi qatlamlarining tarbiya tizimiga jalb qilishdagi rang-barang shakl va metodlar ham ijtimoiy- iqtisodiy ham pedagogik jihatdan, nafaqat tub aholi, balki Respublikada istiqomat qilayotgan boshqa millatlar va elatlarning etnopedagogikasi sohasi jihatdan ham ta’minlanishi kerak.

Tarbiyaviy ishlarning izchilligi, tizimliligi hamda birligi.

Yoshlar bilan olib boriladigan har bir tarbiyaviy ish butun tarbiya ishlarining ajralmas bir qismi sifatida amalga oshirilganda uning ta’siri kuchli boʻladi.

Tarbiya ishidagi izchillik va tizimlilik shundan iboratki, har bir tarbiya ishi maktabning umumiy tarbiyaviy rejasiga asosan ma’lum izchillikda amalga oshiriladi, oldingi ishlarning mantiqiy davomi sifatida tarbiya sohasida qilinayotgan ishlarni rivojlantiradi, mustahkamlaydi va yanada yuqori darajaga koʻtaradi. Tarbiya ishida izchillik juda muhimdir. Tarbiyachi avvaliga bolalardan biror narsani talab qilib, soʻngra oʻzining bu talabini unutib qoʻysa yoki oʻzi bu talabga xilof ish tutsa, bu hol tarbiyaga juda yomon ta’sir qiladi. Pedagog biror tarbiyaviy tadbir uyushtirishni yoshlarga va’da qilib, sal orada va’dasini esdan chiqarib qoʻysa, oʻquvchilar bunday oʻqituvchiga ishonmay qoʻyadilar. Har bir pedagogning ishi bilan soʻzi bir boʻlishi lozim. Bolalarga birdaniga juda koʻp talab va qoidalarni taqdim qilish mumkin emas. Ularga tarbiya va ta’lim berishda uzluksizlik va tizimlilikka rioya qilish kerak. Tarbiya berishda tizimlilik qoidasi tarbiyani amalga oshiradigan barcha boʻgʻinlarning – oila va maktab, bolalar va yoshlar tashkiloti, jamoatchilik, mahalla faollari, maktabdan tashqari tarbiya muassasalarining hamjihatlik va bamaslahat ish koʻrishini nazarda tutadi.

Oʻquvchilarga tarbiyaviy ta’sir koʻrsatishda izchillikka rioya qilish, muomalani avvaligicha davom ettirish va bir xil talab qoʻyish muvaffaqiyat qozonishning eng muhim shartlaridan biridir. Afsuski, amalda ba’zan oila maktabning talablarini qoʻllab-quvvatlamaydigina emas, balki oʻquvchiga teskari ta’sir koʻrsatadi. Tarbiya uzoq muddatli, murakkab jarayon boʻlib, unda ota-ona, oʻqituvchi, jamoatchilik va boshqalar qatnashadi. Shu sababli ularning ishida izchillik va davomiylik boʻlishiga rioya etish, yoshlarning tarbiyalanganlik darajasini, tarbiya usullari va shakllarini oʻz vaqtida aniqlab olish muhimdir.

Tarbiya jarayonida tizimlilik va izchillikni ta’min etadigan muhim shartlardan biri tarbiya sohasidagi bilim, koʻnikma va malakalarni egallash hamda mustahkamlashda uygʻunlikka rioya etishdir. Tarbiyaviy ishlarning barchasida bolalarda mavjud boʻlgan bilim, koʻnikma, malakalar va odatlarga hamda ularning turmush tajribalariga suyanish lozim.

Har bir odam oʻz hayot yoʻlida qancha muvaffaqiyatlarga erishgan yoki imkoniyatlarni qoʻldan boy bergan boʻlsa, buning hammasiga, avvalo uning fe‘l-atvori, olgan tarbiyasi sababchidir. Shu boisdan tarbiyaviy ta’sirdagi tizimlilik faqat yoshlarni emas, balki aholining barcha qatlamini qamrab olishi kerak.



Yoshlarda mustaqil fikrlashni tarbiyalash.

Tarbiya davomida tarbiyalanuvchining qarashlari, hayotiy nuqtai nazari asta-sekin tarkib topib boradi. Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi.

Fikr inson faoliyati, uning oʻzligini kuchi, qudratini, oʻzagini tashkil qiluvchi ma’naviy-insoniy sifatdir. Insoniyatning ilk davrlarida fikr tabiatdagi jarayonlarni anglash, ulardan yashash uchun foydalanish va oʻzini muhofaza qilish shaklida boʻlgan.

Fikr bu inson miyasida ma’nolarning oʻzaro bogʻlantirilishi va rivojlantirilishidir. Fikr bosqichlari: anglash, mushohada, shuur, tafakkurdan iborat. Shuur uch narsadan: fikr ravshanlashuvi, mushohada, anglamoqdan iborat.

Mushohada hayotiy, amaliy, tabiiy jarayonlar asosida tushuncha, voqea, hodisalarning tahlili.

Tafakkur arabcha «mufakkir», «mafakkirotun» soʻzlaridan olingan boʻlib, chuqur ma’noli, teran mazmunli, chuqur fikrlash qobiliyati degan ma’noni anglatadi. Tafakkur - buyum va hodisalarning umumiy xususiyatlarini, ular oʻrtasida mavjud boʻlgan bogʻlanishlar va munosabatlarni bilish jarayonidir

Mustaqil fikrlash komillikning asosiy belgisidir. Komillik uch bosqichdan iborat:

1. Jismoniy salomatlik;

2. Axloqiy poklik;

3. Aqliy yetuklik.

Bu bosqichlarni shakllantirishda mustaqil fikrlash yetakchi oʻrin egallaydi.

Mustaqil fikr yuritish jarayonida insonda fikr, mulohaza, gʻoya, faraz, maqsad kabilar vujudga keladi. Mustaqil fikr yuritish til va nutq bilan chambarchas bogʻliq ravishda namoyon boʻladi. Inson mustaqil fikr yuritish faoliyatida oʻzi aks ettirgan sezgan, idrok qilgan, tasavvur etgan, xotirlab qolgan narsa va hodisalar toʻgʻriligi, aniqligi, haqiqiyligi ularning voqelikka mos tushishini aniqlaydi. Mustaqil fikrlash aqliy faoliyat sifatida olib qaralganda, inson tomonidan masalalar, topshiriqlar yechish nazarda tutiladi. Masala, muammo, topshiriqlarni yechish shaxsning ehtiyoji, qiziqishi, mayli, qobiliyati, iste‘dodi, salohiyati bilan bogʻliq ravishda olib qaraladi, ularning talablarni qabul qilish, muayyan qarorga kelish, vositalar qidirish mustaqil fikr yuritishning mustahkam negizini tashkil qiladi.

Mustaqil fikr yuritish jarayoni, muammoli vaziyat vujudga kelishidan boshlanadi. Xullas yoshlarda mustaqil fikrlashni tarbiyalash har bir shaxsning oʻz aql-idroki, tafakkuri teranligi, intellektual shakllanishiga, ham qanday muammolarni oʻzi mustaqil yechishiga va hayotga joriy etishiga asosiy mezondir.

Tarbiya jarayonidagi ziddiyatlar va uning harakatlantiruvchi kuchlari.

Tarbiya uzoq davom etadigan va aslida uzluksiz jarayon boʻlib, bu jarayon bola maktabga kelishidan ilgariroq boshlanadi va butun umr boʻyi davom etadi. Tarbiya koʻpgina sabablarga, oʻquvchilarnnng individual-tipologik tafovvutlarga, ularning hayotiy va ma’naviy tajribasiga, shaxsiy faolligiga bogʻliq.

Ichki qarama-qarshiliklar, masalan: oʻquvchiga qoʻyiladigan talablar bilan uning yetukliligi, boodobliligi oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar yoki tashqi ta’sirlar bilan tarbiyalanuvchining ichki pozisiyasi, ya’ni uning bu ta’sirlarga boʻlgan munosabati oʻrtasidagi qarama-qarshilik tarbiya jarayonining manbai, harakatlantiruvchi kuchi boʻladi. Masalan: agar tarbiyachi bolalarga yangi faoliyat turini tavsiya qilgan taqdirda uning odobliligi, bu ishga kirishib ketishga tayyorgarligini hisobga olmagan boʻlsa, u qanchalik koʻp harakat qilmasin, tarbiyalanuvchilar passiv boʻladilar, shuning uchun bu ishning oʻquvchilarga ta’sir etish darajasi samarali boʻlmaydi.

Tarbiya jarayonining dialektikasi uning ziddiyatli ekanligida namoyon boʻladi. Aslida bu narsa tarbiyalanuvchilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar bilan ularning tayyorgarlik darajasi, rivojlanish darajasi oʻrtasidagi qarama-qarshilikni hal etishga qaratilgandir. Tashqi ziddiyatlar obyektiv mavjud boʻlgan normalar bilan atrofdagi kishilar yurish-turishi oʻrtasidagi nomuvofiqlikda tafovvutda namoyon boʻladi. Tashqi ziddiyatdlardan biri - tashqi talablar bilan oʻquvchining xulq-atvori oʻrtasidagi ziddiyatdir.

Maktab oʻquvchilarining da’volari bilan uning shaxsiy imkoniyatlari oʻrtasidagi ziddiyat ham ichki ziddiyatlar jumlasiga kiradi. Bu ziddiyatlar xulq-atvorda ravshan ifodalanadi. Va’da berib – va’dasini bajarmaydi, biror ishni boshlab qoʻyib, oxiriga yetkazmaydi.

Insonnning shaxs sifatida kamol topishidagi asosiy manbalardan biri: talablar bilan ularni qondirish usullari (sharoitlari) oʻrtasidagi ziddiyatlardir. Agar maktab oʻquvchisining talablari tegishli ashyo yoki harakat bilan va zarur hajmda qondirilsa, ziddiyat ilk bosqichdayoq bartaraf etiladi.

Yosh avlodni tarbiyalash kishilik jamiyatining yashashi va davom etishining eng zarur shartidir. Jamiyatning odamga tarbiyaviy ta’siri uning ilk bolalik davridan boshlanadi. Bu ta’sir oila, maktab, jamoatchilik va xalq ta’limi tizimi orqali amalga oshiriladi. Tarbiya jarayoni tarbiyachilarining sistemali va rejali ta’sirini hamda tarbiyalanuvchilarning xilma-xil faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida bolalarning hayot va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish juda muhimdir.

Tarbiya jarayonining muhim xususiyatlaridan biri uning sistamali olib borilishi va bir maqsadga qaratilganligidir. Masalan: mamlakatimizda komil insonni tarbiyalash uchun barcha imkoniyat va sharoit vujudga keltirilgan boʻlib, yosh avlod ilk bolalikdan to voyaga yetgungacha yasli, bogʻcha hamda maktablarda mohir tarbiyachi va oʻqituvchilar qoʻlida tarbiyalanadi. Tarbiya jarayonining samarasi ham tarbiyachiga, ham tarbiyalanuvchiga bogʻliqdir.


Mustaqil fikrlovchi erkin shaxsni shakllantirish ta’lim va kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy maqsadi.

Ijtimoiy munosabatlar koʻlamining kengayishi oʻsib kelayotgan avlodni oʻta murakkab xususiyatga ega munosabatlar jarayoniga har tomonlama yetuk etib tayyorlash vazifasini qoʻymoqda. Psixologik, intellektual va fiziologik jihatdan yetuk inson hayotiy qarama-qarshilik, xususan, turli buzgʻunchi gʻoyalar ta’siriga tushib qolish, nosogʻlom turmush kechirish va noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishdan oʻzini saqlab qola oladi. Shuningdek, shaxsning aqliy salohiyatga egaligi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omildir. Oʻzbekiston Respublikasida demokratik va huquqiy jamiyat barpo etilayotgan mavjud sharoitda yosh avlodning mustaqil va erkin fikrlay olishi roʻy berayotgan voqea-hodisalarga shaxsiy munosabtini bildirishga imkon beradi.

Ijtimoiy borliqda kechayotgan oʻzgarishlarga nisbatan shaxsiy nuqtai nazarning shakllanishi shaxs faolligini koʻrsatuvchi muhim jihatlardan biridir. qolaversa, mustaqil fikr egasi boʻlgan shaxs oʻz imkoniyatlari, qobiliyatini erkin namoyon eta oladi. Muvaffaqiyatli ravishda olib borilayotgan ta’limiy islohotlarning ham asosiy maqsadi erkin, mustaqil fikriga ega barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iboratdir. Bu xususida Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni e’tirof etgan: «Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi har bir fuqaroning shaxs sifatida shakllanishi uchun, oʻz qobiliyatini, oʻz talantini ishga solib hayotini yanada yaxshilashi, ma’nan boyitishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berishdan iboratdir».

Komil insonni shakllanirish masalasi barcha davrda ham muhim ijtimoiy vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyilgan. Xususan, zardushtiylik dinida komillikning asosi ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal (harakat)dan iborat ekanligi ta’kidlansa, islom ta’limoti gʻoyalariga koʻra yetuklikning bosh mezoni – ilmlilik, bilimli boʻlishdir.

Sharq mutafakkirlarining asarlarida ham komil inson qiyofasining yoritilishiga alohida ahamiyat berilgan. Xususan, Abu Nasr Forobiy komil insonni shakllantirish va fozil jamoa (yetuk jamiyat)ni shakllantirish tarbiyaning bir butun, yaxlit ikki yoʻnalishi ekanligiga urgʻu beradi. Allomaning fikricha, fozil jamiyat komil inson sa’yi-harakati bilan barpo etilishi mumkin. Shu bois mamlakatni boshqaruvchi shaxs oʻzida eng oliy insoniy fazilatlarni mujassam eta olishi zarur, deb hisoblaydi. «Aql toʻgʻrisidagi» risolasida Abu Nasr Forobiy rahbar shaxs qiyofasida namoyon boʻlishi lozim boʻlgan oʻn ikki fazilatni keltirib oʻtadi. Bizning fikrimizcha, mazkur fazilatlar har bir zamonaviy shaxsda oʻz aksini topa olishi kerak, zero, ular inson hayotini moʻtadil kechishi hamda muayyan kasbiy faoliyatlarni tashkil etishda muvaffaqiyatlarga erishishni kafolatlaydi.

Abu Rayhon Beruniy ham komillikning asosini ilmli boʻlishda deb hisoblaydi va barcha illatlarning asosiy sababi ilmsizlikdir, deya urgʻu beradi. Allomaning fikricha, axloqiylik, toʻgʻrilik, odillik, tadbirkorlik, oʻzini vazmin tutish, kamtarlik, insof, ehtiyotkorlik, shuningdek, aadolatli va vijdonli boʻlish komil inson qiyofasida aks etishi zarur boʻlgan eng asosiy sifatlardir.

Abu Ali ibn Sino ham kamolotga erishishning birinchi mezon sifatida bilimli boʻlishni alohida qayd etadi. Bilimli insonning adolatli boʻlishi esa uning yanada yuksalishini ta’minlaydi, deya baholab alloma, adolatni ruhiy lazzat (ruhiy xotirjamlik)ning muhim koʻrsatkichi ekanligini uqtiradi.

Alisher Navoiy asarlarida komil inson muammosi markaziy oʻrinni egallaydi va oʻz orzusidagi komil inson shaxsini asarlarining qahramonlari timsolida gavdalantirishga urinadi. Mutafakkir qarashlarida komil inson quyidagi sifatlarga ega boʻlishi borasidagi gʻoya ilgari suriladi: aqlli, axloqli, bilimli, ijodkor, qobiliyatli, dono, kamtar, insonparvar, saxovatli, sabr-qanoatli, adolatli, muruvvatli, sogʻlom, jismonan baquvvat, mard va jasur.

Abdulla Avloniy komil insonni tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan Sharq mutafakkirlarining fikrlarini boyitar ekan, komil inson qiyofasida, yana shuningdek, vatanparvarlik, hamda intizomlilik sifatlari ham namoyon boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. Alloma millat taqdirining jonkuyari sifatida milliy til taraqqiyoti jamiyat ma’naviy rivojini ta’minlovchi asosiy omil, deya baholaydi.

Shaxsning jamoada qaror topishi. Shaxs psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi muayyan jamiyat a’zosi boʻlib, uning shakllanishi ijtimoiy munosabatlar jarayonida kechadi. Mazkur jarayonda qatnashish asosida u jamiyat tomonidan tan olingan ma’naviy-axloqiy, shuningdek, huquqiy me’yorlar mohiyatini oʻzlashtiradi. Jamiyatning a’zosi sifatida uning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi mehnat faoliyatini yoʻlga qoʻyadi. Shuningdek, shaxsiy ehtiyojlari, manfaatlarini qondirish yoʻlida ham atrofdagilar bilan munosabatga kirishadi.

Shaxs ijtimoiy muhitdan uzilgan holda mavjud boʻla olmaydi. Buning misoli sifatida R.Kipling tomonidan yaratilgan asardagi Mauglini keltirish mumkin. Garchi, inson bolasi boʻlsada, ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etish koʻnikma va malakalari shakllanmaganligi bois odamlar hayotiga moslasha olmaydi.

Bola yoshligidan oʻyin, mehnat va oʻqish faoliyatlarini tengdoshlari bilan birgalikda tashkil etish asosida ijtimoiy muhitga moslasha boradi. Ijtimoiy muhit bolaga borliqni anglash uchungina emas, balki oʻzligini anglash uchun ham imkoniyat yaratadi. Bolaning doimiy ravishda jamoa orasida boʻlishi, uning jamoa ta’sirida shakllanishi unda ijtimoiy faollikni yuzaga keltiradi.

Sharq mutafakkirlari jamoaning shaxs kamolotini ta’minlashdagi oʻrni va roliga alohida e’tibor berganlar. Xususan, Abu Ali ibn Sino ijtimoiy muhitning shaxsni shakllantirishdagi rolini yuqori baholaydi. Tashqi muhit va odamlar insonning borliq, unda kechayotgan oʻzgarishlar, jarayonlar mohiyatini anglashgagina emas, balki uning xulqida yaxshi va yomon sifatlarning shakllanishiga ham sezilarli ta’sir etishi, shu bois bolalarni tarbiyalashda u mansub boʻlgan mikromuhit xususiyatini inobatga olishni ta’kidlaydi. Bolani yomon ta’sirlardan saqlash zarurligini uqtiradi.

Shuningdek, alloma oʻqitish samaradorligini ta’minlashda bolalarga jamoa asosida bilimlarni berishni maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi.

Abu Nasr Forobiyning uqtirishicha, inson blshqalar bilan munosabatda boʻlish, ularning yordami va qoʻllab-quvvatlashlarini his etish ehtiyojiga ega. Ana shu ehtiyojni qondirish yoʻlidagi amaliy harakatlar insonni kamolotga yetaklaydi, deb hisoblaydi. Abu Rayhon Beruniy esa shaxsning rivojlanishida oʻzaro yordam, hamkorlik, odamlarga nisbatan xayrihohlik uning ijtimoiy muhitdagi roli va oʻrnini belgilab beradi.



Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling