4- ma’ruza. O‘rta osiyoning ibtidoiy jamoa va antik davrdagi tarixiy geografiyasi reja
O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlari va davlat birlashmalari
Download 56.85 Kb.
|
4-maruzaTG
3. O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlari va davlat birlashmalari
O‘rta Osiyo hududida yashagan qadimgi qabilalar uyushmalari haqida aniq fikrlar mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, miloddan avvalgi VI-V asrlarda o‘lkamizda istiqomat qilgan yirik qabila uyushmalarining joylashgan hududlarini aniqlash imkoni bo‘lgan. Ulardan eng yirigi sak qabilalari bo‘lib, ular uchta qabilaviy birlashmadan tashkil topgan: xaumavarka saklari, tigraxauda saklari va tiayparadaraya saklari. Xaumavarka saklari asosan O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lgan, Xaumavarka saklari Murg‘ob vodiysida, Amudaryoning yuqori oqimlarida, Oloy va Farg‘ona vodiylarida hamda Sharqiy Turkistonda yashagan deb taxmin qilinadi. Yirik qabilalardan yana biri tigraxauda saklari (o‘tkir bosh kiyimli saklar) bo‘lgan. Antik davr tarixchilari tigraxauda saklarini massagetlar bilan ham tenglashtirganlar. Bu qabila birlashmasi miloddan avvalgi VI-V asrlarda G‘arbiy Osiyoning juda katta hududida: Amudaryoning quyi oqimlaridan hamda Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlaridan to Orol dengizining shimoligacha bo‘lgan bepoyon cho‘llarda ko‘chib yurganlar (sak-massagetlarning asosiy qismi dastavval Orol dengizining janubi-sharqida, Oks (Amudaryo) va Yaksart daryolarining oralig‘ida joylashgan bo‘lgan). Miloddan avvalgi IV-III asrlarda ularning hududi birmuncha kengayib, Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohillaridan to Qozog‘istonning markaziy mintaqalarigacha bo‘lgan katta kengliklarda ko‘chib yurganlar. Antik davr muallifi Strabon o‘zidan oldingi tarixchilarning asarlaridan foydalanib: “Kaspiy dengizidan boshlab ko‘pchilik saklar dayl deb ataladi, bulardan sharqda yashovchi qabilalar massagetlar va saklar deb nomlangan, qolganlari esa umumiy nom bilan skiflar deb atalgan”, - deb yozgan. Strabon bu axborotida sak-massagetlarning hududi naqadar keng bo‘lganligi bilan bir vaqtda ularning jamoa hayotini ham tasvirlab, bir qancha qabilalar va qabila ittifoqlaridan yirik etnik uyushma tuzilganligini ham aniq ko‘rsatadi. O‘sha davrlarda massaget saklari yirik qabila uyushmasi bo‘lib, tarkibiga bir necha qabila uyushmalari, jumladan, dahlar, derbeklar, sakaruklar, apasiaklar, assiylar, augallar va boshqalar kirgan. Tiayparadaraya (dengiz orqasida, dengizning nari tomonida yashovchi) saklari ham qadimgi yirik qabila birlashmalaridan sanalgan. Bu saklarning kelib chiqishi asli Kaspiy dengizining shimolida, Ural tog‘oldi mintaqalarida yashovchi massaget qabilalaridan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Saklar xo‘jaligida chorvachilik katta o‘rin tutgan. Bu qabilalar qoramol, mayda chorva hamda otlarni ko‘paytirganlar. Yillar davomida chorvadorlar yangi yem-xashak maydoni topish uchun harakat qilganlar, o‘troq hayot ular uchun muhim sanalmagan. Dashtlar, sahrolar va Amudaryo bo‘ylarida massaget qabilalari yashaganlar. Shunday qilib, miloddan avvalgi VI –IV asrlardagi o‘troq aholi va ko‘chmanchi sak, massaget qabilalari O‘rta Osiyo aholisining keyingi asrlardagi etnik taraqqiyotiga zamin tayyorlab bergan. Ko‘pchilik tadqiqotchilar O‘rta Osiyoda ilk davlatlarning shakllanish va rivojlanish jarayoni ahamoniylargacha bo‘lgan davrda deb hisoblaydilar. Ilmiy adabiyotlar O‘rta Osiyoda ahamoniylargacha bo‘lgan davrda quyidagi davlat uyushmalari haqida so‘z yuritadi: Aryoshayyona – O‘rta Osiyodagi qadimgi viloyatlar uyushmasi. Aryonamvayjo. “Katta Xorazm ” yoki Amudaryoning quyi oqimidagi Xorazm davlati. Qadimgi Baqtriya davlati. O‘rta Osiyoning janubida joylashgan o‘nlab yangi tipdagi voha-davlatlar so‘nggi bronza va ilk temir davrida ba’zan yirik siyosiy birlashmalar – podsholiklarga birlashar edi. O‘rta Osiyo janubida bular Baqtriya va “Katta Xorazm” edi. Yirik podsholiklarning tashkil topishida ichki ijtimoiy-iqtisodiy omillardan tashqari tashqi sub’ektiv omillar ham muayyan o‘rin tutgan. Mazkur omillardan biri Mesopotamiyaning urishqoq davlatlari – Midiya, Ossuriya, Mitaniya tomonidan solingan xavf edi. So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar asosida ushba ro‘yxatga Sug‘diyonani ham kiritish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ba’zi tadkiqotchilarning ta’kidlashicha, ahamoniylardan oldin xorazmliklar Parfiya chegaralaridan sharqiy yo‘nalishda, Kopetdog‘ yonbag‘irlarida joylashganlar. Xorazm davlatining markazi Marv va Hirot atrofida bo‘lib, bu davlatni forslar egallaganlaridan so‘ng xorazmliklar quyi Amudaryo – hozirgi Xorazm viloyatiga ko‘chib borganlar deb faraz qilingan. Ushbu nazariyaga ko‘ra, miloddan avvalgi VI asrda qadimgi forslar xorazmliklarni janubdan quyi Amudaryo yerlariga siqib chiqarganlar. S.Tolstov, Ya.G‘ulomovlar ushbu nazariyaga qarshi bo‘lib, xorazmliklar O‘rta Osiyoning janubidan ko‘chib kelmaganlar, Xorazm davlati quyi Amudaryoda qadimgi zamonlardayoq vujudga kelgan, deb xulosa qilganlar. Bu davlatning chegaralari hozirgi Xorazm viloyati hududidan ancha keng bo‘lgan. Qadimgi Xorazm markazlaridan biri Ko‘zaliqir shahri qalin va mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralgan. Bunday markazlar atrofida ko‘plab dehqonlar qo‘rg‘onchalari, bog‘lar va dalalar joylashgan edi. Qadimgi Xorazmda hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojlangan. Shaharlarda savdo-sotiq qizg‘in kechgan. O‘rta Osiyo hududida miloddan avvalgi VII asrda tashkil topgan eng qadimgi davlat birlashmasi Qadimgi Baqtriya davlatidir. Baqtriyaliklaning yurti Surxon vodiysi, Afg‘onistonning shimoli-sharqi, Tojikistonning janubiy hududlarida joylashib, turli yozma manbalarda Baxdi, Baqtrish, Baqtriyona, Baqtriya, Baxli, Baxlika deb tilga olingan. Bu davlat hududida hozirda Qiziltepa, Yerqo‘rg‘on, Uzunqir va Afrosiyob shahar xarobalari topilgan. Dastlab Baqtriya tarkibiga Marg‘iyona va Sug‘diyona ham viloyat sifatida kirgan bo‘lishi mumkin. Bu davrda aholi nisbatan zich joylashgan o‘troq vohalarda dehqonchilik jadal rivojlangan. Bu vohalar hosildor tog‘oldi tekisliklarida yoki daryo etaklarida joylashgan bo‘lib, nisbatan dehqonchilik uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan. Uy-qo‘rg‘onlar va ayrim qishloqlarda yashovchilarning asosiy mashg‘ulotlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashdan iborat bo‘lgan. Yer haydab dehqonchilik qilish, anhor qazib daryolardan suv chiqarish, kanal va ariqlarni doimo tozalab turish, sun’iy sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish, don ekish, chorva uchun xashak bo‘ladigan o‘simliklarni o‘stirish, hayot manbai bo‘lib qoladi. Ayrim uylarning ichida maxsus ustaxonalar qoldiqlari topib tekshirilgan. Bu ustaxonalarga oila a’zolari toshdan yog‘ochdan, loydan qamishdan, charmdan va teridan xo‘jalikka, ro‘zg‘orga kerakli buyumlarni ishlab chiqarganlar. Masalan, toshdan ishlangan dehqonchilik qurollari (o‘roqlar, yoruchoqlar, hovonchalar), sopol idishlar, chiroqlar, urchuq boshlari, bo‘yra va teri to‘shamlari kabilar uy hunarmandchiligi mahsuloti hisoblangan. Uy hunarmandchiligi buyumlari va qurollari bilan bir qatorda shahar markazlarining hunarmandchilik ustaxonalarida sopol idishlar, metall qurollar, zeb-ziynat buyumlari ishlab chiqarilgan. Qishloq jamoalari o‘rtasida tovar ayirboshlashda ”pul” vazifasini kulolchilik va temirchilik buyumlari, oziq-ovqat va chorva mahsulotlari bajargan. Qishloq jamoalarida yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy qismi shu joyning o‘zida, ya’ni ayrim jamoalar o‘rtasida iste’mol qilingan. Yetishtirilgan mahsulotning ma’lum qismlarini bozorga olib borish xo‘jalikda yoki ro‘zg‘orda maxsus qurollar (buyumlar, kiyim-kechaklar) zaruriyatidan kelib chiqqan. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning turli hunar kasblariga bog‘liq bo‘lgani uchun mahsulotning ortiqcha qismini ayirboshlash an’anasi yanada rivojlangan. Savdo asosida an’anaviy xo‘jaliklar va hunar turlari taraqqiy etgan. Bu jarayon ishlab chiqarishni jadallashtirgan. Tashqi savdo (viloyatlar mamlakatlar o‘rtasida)da pul o‘lchovini xom ashyo, qimmatbaho hunarmandchilik buyumlari (metall idishlar, yaroq-aslahalar, zeb-ziynatlar), qimmatbaho tosh, oltin va kumushlar bajargan. O‘rta Osiyodan boshlanadigan savdo yo‘llari Qadimgi Sharq mamlakatlariga olib borgan. Shu yo‘llar orqali Baqtriya tog‘larida qazib chiqarilgan lojuvard, Xorazmda feruza, Sug‘diyonada oltin va qalay, yilqi va tuyalar Eron, Mesopotamiya va Old Osiyo bozorlariga olib borilgan. Ktesiy xabariga ko‘ra, Baqtriya oltin va kumush konlariga boy bo‘lgan. Ossuriya podsholigining savdogarlari bronzadan ishlangan idishlarni, yaroq-aslahalarni oltin va kumushga almashtirgan. Shunday qilib miloddan avvalgi VII –VI asrlarda ilk temir davriga o‘tilishi bilan O‘zbekistonda dastlabki yirik davlatlar vujudga keldi, shaharlar barpo etilib, dehqonchilik, hunarmandchilik jadal sur’atlar bilan rivojlandi. Download 56.85 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling