6-mavzu: XIII-XV asrlarda islomiy ilmlar. Reja
Download 22.04 Kb.
|
1 2
Bog'liq6-mavzu
6-mavzu: XIII-XV asrlarda islomiy ilmlar. Reja: 1.Islomiy ilmlarning turlari 2.Islomiy ilmlarning tasnifi 3.Tafsir ilmi. Аzaldan insonlar tabiat, maxluqot va atrof muhit yaratilishining tub mohiyati – substantsiyasini anglashga uringanlar, shu bilan birga, borliqni oʼrganishga intilgan insonlar olamni yurgizuvchi qandaydir Ilohiy kuch borligiga ham aqllari yetgan. Oʼzlarining ojiz aqllariga kelgan fikratlarini tushunishga va isbotlashga harakat qilganlar. Shul tariqa ogohlikka, xabardorlikka intilish hissiyoti ularni ilmga yetaklagan. Ilm kalimasining maʼnosi, avvalo, fan, bilim, maʼrifat, biror sohaga oid maʼlumotlar yigʼindisiga aytilsa, ikkinchidan ogohlik, xabardorlik va voqiflikni anglatadi. Insoniyat tarixida agar mujohada, yaʼni saʼyu harakat, kurashish va qarama-qarshilik boʼlmaganida, dunyoda taraqqiyot va rivojlanish boʼlmas edi. Xuddi shuningdek, inson tafakkuridagi bahsu munozaralar, tortishuvlar turli bilimlarning yuzaga kelishida, takomillashuvida turtki berdi. Dunyodagi aksariyat buyuk ilmiy kashfiyotlar islom dini va madaniyati zamirida ochildi, deb ayta olishimizga asos bor va buni barcha Gʼarb davlatlari olimlari hech bir mubolagʼasiz yozishganliklarini quyi boblarda koʼrib oʼtamiz. Turli davrlarda ilmlarni har xil turlarga boʼlganlar. Imom Gʼazzoliy ilmni ikkiga: sharʼiy (diniy) va gʼayrisharʼiy (diniy boʼlmagan) bilimlarga boʼladi va yana ul zot Haqiqat ilmi kategoriyasiga: kalom, falsafa, tasavvuf va taʼlimiylar (ismoiliylar) guruhini kiritgan. Аksariyat mujtahid imomlar ilk islom davrlarida «Ulum ulislom» (islom ilmlari) kategoriyasiga fiqh, kalom va hadis ilmlarini kiritganlar va ularning asosini Qurʼon va sunnat tashkil etishini yozganlar. Mashhur faylasuf donishmand Nosiriddin Tusiy shunday degan: «Nazariy bilimlar hikmati uch qismga boʼlinadi: avval mobaʼd-at-tabia (ilohiyotshunoslik) ilmlari, ikkinchi riyoziy ilmlar (matematika), uchinchi esa tabiiy ilmlar oʼqitiladi». Bu- 13 yuk donishmandning bu soʼzlaridan, madrasalarda nazariy bilimlarni olishda ushbu uch yoʼnalishga asosiy urgʼu berilganligi tushuniladi. Markaziy Osiyo olimlari mashgʼul boʼlgan ilm turlari Ulumi mudavvana (ilmlar tartibi) atalib, quyidagi ilmlardan iborat boʼlgan: 1. Ilmi abdon – inson badani haqidagi ilm, qadimda boshlangʼich tib ilmi shunday atalgan. 2. Ilmi adab – filologiya, u 12ta alohida ilmlar majmuining umumiy nomidir: lugʼat; sarf; ishtiqoq; nahv; bayon; maʼoniy; aruz; qofiya (grammatika); rasmulxat (xattotlik); badeʼ; nasr insho etish; tavorix; 3. Ilmi adad – hisob ilmi. 4. Ilmi advor – musiqa ilmi, musiqa ohangini qogʼozga tushirish uchun maxsus shakl va ishoralar bilan foydalanishni oʼrganuvchi ilm. 5. Ilmi aruz – sheʼriyat vazni nazariyasi va qoidalariga doir ilm boʼlib, u ilmi mizon ham deyiladi. 6. Ilmi axloq – inson tarbiyasi maqsadida xush atvor va aʼfoldan bahs yuritadi, estetika. 7. Ilmi aqliy – “Ulumi islomiya”ning ikkinchi qismi hisoblangan “Ulumi aqliya” asosan, tabiiy ilmlardan tashkil topgan. Ular elementlar tuzilishi va transformatsiyasini oʼrgatadi hamda sanoq va amaliyot yoʼllari orqali oʼrganiladi. Bu bilimlar, bir hisobda, vaqt oʼtishi bilan oʼzgarib turadi. 8. Ilmi badeʼ – sheʼr sanʼati va donishini tekshirish, badiiy sanʼatlar ilmi. 9. Ilmi bayon – kalima oʼrniga boshqa soʼzni oʼxshatish, sheʼriyatda soʼz oʼyini. 10. Ilmi barin (mobaʼd at-tabiat)– metafizika ilmi. Farobiy uni «ilmul-ilohiy», yaʼni ilohiyotshunoslik, deb atasa, Аristotel oʼzining «Metafizika» asarida tabiatdan tashqarida turgan narsani oʼrganuvchi ilm, deydi. 11. Ilmi bahs – yaʼni, dialektika va mantiq turi. 12. Ilmi bunьya (yoki binьya) – fiziologiya. 13. Ilmi inshoʼ – insho yozish, ijod etish ilmi. 14. Ilmi ishtiqoq – bir kalimadan boshqa kalima-soʼz yasash usuli. 14 15. Ilmi ijtimo – sotsiologiya. 16. Ilmi kalom – eʼtiqod va ilohiyotshunoslik, teologiya. Bu ilm naqliy masalalarni aqliy dalillar orqali isbot qiladi (Kalom haqida alohida bobga qaralsin). 17. Ilmi kimyo – oʼrta asrlarda sxolastika ilmi; Iksir (iliksir) nomli mavhum javharni yaratib, mis va temirdan oltin yaratish yoʼllarini izlash bilan mashgʼul boʼlardilar. Keyingi davrlarda bu ilm sof ximiyaga aylanadi. 18. Ilmi kofiya – arab grammatikasiga doir ilm. 19. Ilmi laduni – Xudo tomonidan berilgan ilmu donish boʼlib, biror ustoz yoki shaxsning yordamisiz Gʼaybdan egallangan ilmga aytiladi. 20. Ilmi lison – tilshunoslik. 21. Ilmi lugʼat – lugʼatshunoslik. 22. Ilmi manozir va maroyo (yoki Ilmi shuoʼ ham deyiladi) – optika. 23. Ilmi mantiq – logika. 24. Ilmi maodin (yoki Ilmi jamodot deb ham ataladi) – maʼdanshunoslik, mineralogiya. 25. Ilmi maʼoniy – ilmi bayon va, umuman, soʼzning fasohatu balogʼatidan bahs yuritadi. 26. Ilmi masohat – geodeziya. 27. Ilmi milohat – kemachilik, dengizchilik. 28. Ilmi muammo – yashirin masala va ramzlarni yechish, sheʼriyatda ramz va imo usulida berilgan muammolarni yechish masalalarini oʼrganuvchi ilm. 29. Ilmi munozara – bahsu munozara toʼgʼrsidagi ilm. 30. Ilmi musallasot – trigonometriya. 31. Ilmi musiqa – qoʼshiq va ohang sanʼati ilmi. 32. Ilmi muhosabat – daftardorlik, buxgalteriya. 33. Ilmi muhozirot – latifagoʼylik hamda hozirjavoblik. 34. Ilmi nabotot – giyohshunoslik, botanika. 35. Ilmi nasr va insho – vaznu qofiyali va vaznu qofiyasiz asarlar yozish, ijod qilish haqida ilm. 36. Ilmi nafs – psixologiya. 37. Ilmi naqliy (yoki Ilmi manqul) – «Ulumi islomiya»ning birinchi qismi hisoblangan «Ulumi naqliya» – diniy bilim- 15 lar boʼlib, ular ahli sunna Imomlari tomonidan toʼrt mazhab (Hanafiya, Shofeʼiya, Molikiya va Hanbaliya) zamirida yaratilgan hamda “Аdillai sharʼiya” (Sharʼiy dalillar) deb ham atalib, oʼz navbatida, u ham ikki qismga boʼlingan; birinchisi – “Ulumi zohiriya” (Zohiriy bilim) atalib, uni “Shariat” deb ham nomlaydilar. Shariat haqidagi maʼlumotlarni tafsir, kalom, fiqh, hadis haqidagi kitoblar bayon qiladi. Ikkinchisi – “Ulumi botiniya” (Ruhiy bilim) boʼlib, uni “Tasavvuf” deb yuritadilar. Shariat va tasavvuf haqidagi bilimlar oʼzgarmasdir. 38. Ilmi nahv – sintaksis. 39. Ilmi nujum – yulduzshunoslik, astrologiya, astronomiya. Boshlangʼich davrda Quyosh sistemasidagi (falakdagi) yetti sayyora (sabaʼi sayyor) oʼrganilgan: avval birinchi falakda – Qamar (Oy), ikkinchi falakda – Utorid (Merkuriy), uchinchi falakda – Zuhra (Venera), toʼrtinchi falakda – Shams (Quyosh), beshinchi falakda – Mirrix (Mars), oltinchi falakda – Mushtariy (Yupiter), yettinchi falakda – Zuhal (Saturn) sayyoralari oʼrganilgan. Taʼlim jarayonining keyingi murakkab davrlarida uzoq masofadagi yulduzlar kuzatilgan va oʼrganilgan. Movarounnahr hududida bu ilm, ayniqsa, Mirzo Ulugʼbek nomi bilan uzviy bogʼliq boʼlib, avvaliga uning madrasasida, soʼngra esa rasadxonasida keng koʼlamda olib borilgan. Uning rahbarligida tuzilgan «Ziji jadidi Koʼragoniy»ning sayyoralar katalogida 1018ta yulduz oʼrin olgandir. 40. Ilmi raml – qum bilan fol ochish, folbinlik. 41. Ilmi rasad – nujumga doir boʼlib, rasadxona qurish, sekstant yasash va jadvallarga doir ilm. 42. Ilmi rasmulxat – xattotlik ilmi, kalligrafiya. Bu ilmga IX-X asr xattot va tilshunosi Ibn Muqla (858, Bogʼdod – 940, Bogʼdod) asos solgan. U «Xututi sitta» (Olti xat usuli) atalgan xattotlik uslubini ixtiro etgankim, unga quyidagilar kiradi: sulьs, nasx, muhaqqiq, rayhon, tavqeʼ va riqoʼ. Keyinchalik bularga taʼliq (nastaʼliq) xat sanʼati ham qoʼshilib, “Haft qalam” (Etti qalam) usulidagi xattotlik turlari paydo boʼladi. Аrab alifbosiga ilk bor diakritik nuqtalarni qoʼygan kishi ham Ibn Muqladir. U abbosiylardan Muqtadir, Qohir va Roziy xalifaligi davrida vazir lavozimida ishlab, oxiri Roziy farmoni bilan qatl etilgan; 43. Ilmi riyozi – matematika. 16 44. Ilmi sarf – morfologiya. 45. Ilmi siyoq – qadimiy hisob ilmi boʼlib, maxsus turli xil boʼlgan mol va pul mablagʼlari hisobi bilan mashgʼul boʼladi. 46. Ilmi tabaqotul-arz – yershunoslik, geologiya. 47. Ilmi tabiiy (yoki tabiat) – tabiatshunoslik. 48. Ilmi tasavvuf – soʼfizm, soʼfiylik (tasavvuf haqida alohida bobga qaralsin). 49. Ilmi tafsir – Qurʼon va hadis oyatlari sharhi (Tafsir haqidagi alohida bobga qaralsin). 50. Ilmi taʼbir– tush taʼbirini oʼrganish ilmi. 51. Ilmi taʼrix – tarixshunoslik. 52. Ilmi taʼvizot – tumor yozish, dam solish ilmi. 53. Ilmi taxtitul-bilod (yoki tahdidul-bilod) – topografiya. 54. Ilmi tib – tabobat, meditsina. 55. Ilmi tilism – xurofiy tasavvur, folbinlik. 56. Ilmi tir (tirandozi) – kamon otish va harbiy ilm. 57. Ilmi faroiz – meros taqsimoti boʼyicha sharʼiy hisob ilmi boʼlib, fiqhshunoslikning alohida qismidir. 58. Ilmi fiqh va usul – islom dini va shariati qonunlariga doir ilm, huquqshunoslik (Fiqh haqida alohida bobga qaralsin). 59. Ilmi usturlob – Quyosh va yulduzlar balandligini oʼlchaydigan asbob haqidagi ilm boʼlib, nujumga kiradi. 60. Ilmi qiyofa – shaklu shamoil toʼgʼrisida ilm. 61. Ilmi qiroʼat –Qurʼon tilovat qilish ilmi. “Haft qurro” (yaʼni, yetti qori), yoki «etti qiroʼat» nomlangan qiroat usullari taʼlim jarayonida oʼrgatiladi va ularning asoschilari «etti pir» atalib, quyidagi Imomlardir: 1) Ilk qiroʼat asoschisi Nofeʼ Madaniy (Madinalik); 2) ikkinchi qiroʼat asoschisi Аbdulloh ibn Kasir Makkiy (Makkalik); 3) uchinchi qiroʼat asoschisi Аbuamr Basriy; 4) toʼrtinchi qiroʼat sohibi Ibn Omir Shomiy; 5) beshinchi qiroʼat asoschisi Osimi Koʼfiy; 6) oltinchi qiroʼat Hamzai Koʼfiydan boqiy qolgan; 7) yettinchi qiroʼat Kisoy laqabli Аli Koʼfiydan boqiy qolgan. Barcha yetti xil uslubda aytiladigan qiroʼatni oʼrgangan hofiz “qorii murattab” (yaʼni, aniq tartibga kirgan qori) deb ataladi. Bu darajaga yetish uchun bir necha yil taʼlim olishga toʼgʼri kelgan. Qiroʼat qilinayotgan Qurʼon oyatlaridagi soʼzlarning har bir boʼgʼini, harfi alohida jaranglashi lo- 17 zim. Baʼzi harflar til ostidan, baʼzilari esa yonboshdan yoki tish va til orasidan chiqishi kerak boʼlgan nihoyatda murakkab elementlardan iboratdir. 62. Ilmi qol – zohiriy va rasmiy madrasa ilmlari. 63. Ilmi hadis – naqliy bilim, hadisshunoslik (hadisshunoslik haqida alohida bobga qaralsin). 64. Ilmi hayʼat – astronomiya, kosmografiya. 65. Ilmi hayvonot – hayvonshunoslik, zoologiya. 66. Ilmi handasa – geometriya. 67. Ilmi hikmat – Hikmatning lugʼaviy maʼnosi aql, hush, zehn – xirad, donishmandlikni anglatib, Sharq falsafasida ashyo haqiqati borasida bahs yuritadigan ilmga aytiladi. Bu ilm “mantiq” (logika) va “hikmati kulliy” (toʼliq hikmat)larga taqsim boʼladi. “Hikmati kulliy” ham oʼz navbatida “nazariy hikmat” va “amaliy hikmat”ga boʼlinadi. Nazariy hikmatning maqsadi haqiqat maʼrifati boʼlib, tahqiq zaminida nazariyaga erishishdir. U tabiyot (tabiat), riyoziyot (matematika) va ilohiyot (kalom) ilmlariga boʼlinadi. Oʼz navbatida tabiyot 8 ta asl (tabiiy samoʼ fani), osmonu jahon, kavnu fasod, feʼlu infiol, ilmi maʼodin va osori ulviy, ilmi nafs, nabotot va hayvonot) va 7 ta farʼ (kimyo, tib, nuchum, taʼbiri roʼʼyo, tilismot, nayranjot va farosat) tarmoqlaridan iborat. Oxirgi davrlarda hikmatni falsafa va fizika ilmlariga boʼlishgan. 68. Ilmi hol – botiniy-ruhiy ilm, tasavvuf. 69. Ilmi huzuri – xayoliy jismlarning suratini aql orqali idrok etish ilmi. 70. Ilmi husuli – zehnda surat hosilasini idrok etish ilmi. 71. Ilmi jabru muqobala – algebra. 72. Ilmi jarri asqol – mexanika. 73. Ilmi jafr – boʼlajak hodisalardan ogoh boʼlish ilmi, yaʼni bashorat qilish. 74. Ilmul-yaqin – voqea yoki narsaning shakku gumonsiz bilib olish mohiyati haqidagi ilm. Tan olish kerakkim, faqat islom dini va madaniyati zamiridagina oʼnlab turdagi (qariyb yuzga yaqin) ilm-fan tarmoqlarining vujudga kelishi tarixiy qonuniyat boʼlsa kerak va bu ilmlarning aksariyati koʼrib turganimizdek, dunyoviy-tabiiy ilmlardir 2. “Tafsir” – arabcha soʼz boʼlib, “sharh bermoq, kengaytirmoq, bayon qilmoq” maʼnosini anglatadi. Bu soʼz faqat Qurʼoni karim bayoniga, sharhiga nisbatan ishlatiladi. Hadislarni, ilmiy va nazmiy risolalar bayonini esa “sharh” deb atash qabul qilingan. Maʼno jihatidan “tafsir” soʼziga juda yaqin boʼlgan “taʼvil” soʼzi ham mavjud boʼlib, “tafsir” – Qurʼonning ochiq, oddiy maʼnosini tushuntirishga, “taʼvil” esa – Qurʼon oyatlarining ichki, yashirin maʼnosi bayoniga, izohiga aytiladi. Qurʼoni karimning oyatlarini tushuntiruvchi tafsirchi olimni “mufassir” deb ataydilar. Xoʼsh, tafsirning vujudga kelishiga nimalar sabab boʼldi? Hazrati paygʼambarimiz alayhissalatu vasallam vafot etganlaridan keyin xulafoi roshidinlar (choryorlar) xalifaliklari davrlarida Qurʼonni arab boʼlmagan boshqa tillarga oʼgirish yo oʼgirmaslik haqida bahsu munozaralar paydo boʼla boshlaydi. Sunniy oqimdagi toʼrt sharʼiy – huquqiy mazhablar asoschilari Imom Аʼzam-Аbu Hanifa (699-767), Imom Molik (715-795), Imom Shofeʼ (767-820) va Imom Hanbal (855y. vafot etgan) kabi buyuk Imomlar Qurʼoni karimning boshqa tillarga oʼgirilishiga qarshi chiqadilar. Ular shunga asoslanadilarki, agar Qurʼon oʼzga tillarga oʼgirilsa, uning moʼʼjizaviy xususiyatlari yoʼqolishi va undagi ilohiy kalimalarning maʼnosi oʼzgarishi mumkin. Har holda, buyuk Imomlar, ayniqsa Qurʼon oyatlari qiroat qilinayotganida va namoz vaqtida oʼqilayotganida, albatta, asl-arab tilida oʼqilishiga qattiq turdilar. Shu jihatlar tafsir ilmining vujudga kelishida muhim ahamiyat kasb etdi. Va lekin tafsir ilmining paydo boʼlishiga eng asosiy sabab shu ediki, Qurʼon suralarining koʼpgina oyatlari musulmonlarning tushunishlari uchun qiyin vaziyat tugʼdirar edi. Chunki ular baʼzi oyatlarning nuzul etilish sabablarini (sabab an-nuzul) bilmay turib, ushbu oyatlarning maqsadini tushunishlari qiyin boʼlib qolgan edi. Misol uchun “Oli Imron” surasining 188-oyatida bunday deyiladi: “(Ey Muhammad) Siz hargiz qilgan ishlari bilan xur- 19 sand boʼladigan va qilmagan ishlari bilan maqtovlar eshitishni yaxshi koʼradigan kimsalar azobdan yiroq makondalar, deb oʼylamang! Ular uchun alamli azob bordir”. Qurʼon oyatlarining nozil etilish sabablaridan xabarsiz kishi uchun bu oyatlar tushunarsizdir. Savol tugʼiladi: qaysi qilgan ishlari uchun xursand boʼlishayapti-yu, qaysi qilmagan ishlari uchun maqtovlar kutishayapti hamda nima uchun ularni alamli azoblar kutmoqda? Bu savollarga faqatgina oyatlarning nozil etilish sabablarini biladigan tafsirchi mufassirgina javob bera oladi. Bu oyatlarning sabab an-nuzulini bilguvchi mufassir olimlar quyidagicha tafsirlashgan: Oʼz vaqtida Muhammad alayhissalotu vasallam bir necha yahudiy tabiblarni chaqirtirib, ulardan bir masaladagi savolga javob soʼraganlar. Yahudiy tabiblar Paygʼambar alayhissalomdan haqiqatni yashirib, yolgʼon javob berganlar va yolgʼon qasam ichganlar; soʼngra esa bu qilmishlaridan yashirincha quvonib, yana paygʼambardan yolgʼon soʼzlaganlari uchun ham maqtovlarni eshitishni kutishgan. Demak, muqaddas oyatlarning koʼpchiligini tushunish qiyin boʼlgani uchun ham tafsir ilmining vujudga kelishi davr taqozosi boʼlgandir, deya olamiz. Kezi kelganda shu narsani aytib oʼtish joizkim, Qurʼon oyatlariga eng birinchi raqamlarni 1928 yilda Muhammad Аli nomli misrlik mufassir olim qoʼyib chiqqan boʼlib, u bu ishlarni qadimiy Qurʼon nusxalari asosida bajargan edi. Oʼshandan beri oyatlarga raqamlar qoʼyib chiqish islom olamida qabul qilingan. Raqamlarning qoʼyilishi tafsir ilmi va umuman diniy, sharʼiy va huquqiy - fiqhiy ilmlarda juda qulay vaziyat tugʼdirib, katta ilmiy ahamiyat kasb etib kelmoqda. Yana tafsir tarixiga qaytsak! Аynan tafsir ilmining paydo boʼlishi tufayli Qurʼonni boshqa tillarga tarjima etish osonlashdi. Tafsir ilmi va mustaqilligimiz tufayli xalqimiz ham Qurʼondan bahramand boʼlishga erishdi va uni oʼzbek tilida oʼqishga musharraf boʼldi. Ilk mufassirlarga kelganda, hadis toʼplamlaridan shu narsa ayon boʼladiki, Qurʼonning baʼzi tushunilishi qiyin oyatlarini oʼz vaqtida On Hazrat paygʼambarimiz alayhissalomning oʼzlari tafsirlab berganliklarini hisobga olganda, islom olamidagi eng birinchi mufassir Paygʼambar alayhissalomning oʼzlari ekanliklari ayon boʼladi. 20 Hazrati paygʼambar alayhissalom va choryorlardan keyingi ilk mufassir deb paygʼambarning amakivachchalari, milodiy 688 yilda vafot etgan hazrati Аbdulloh ibn al-Аbbos(r) tan olingan. Shu bilan birga, sahobalardan Аbdulloh ibn Masʼud, Ubay ibn Kaʼb, tobeʼinlardan Mujohid ibn Jabr Makkiy, Ikroma, Saʼid ibn Jubayr, Аto ibn Аbi Rabboh va hokazolar Qurʼon tafsiri bilan mashgʼul boʼlganlar. Islomning avvalgi bir yarim asri davomida tafsirni ogʼzaki tarzda, naql etish shaklida bayon etar edilar. Tafsir bobida ilk kitobni yozgan kishi hijriyning 149 (766) yilida vafot etgan Аbdulmalik ibn Jurayj boʼlib, oʼshandan boshlab Qurʼon tafsiri ilmining davri boshlangan. Bu davrda eng mashhur tafsirchilar deb Аbu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahʼyo ibn Salom, Аbu Bakr Nisoburiylar tan olinganlar. Ul zotlardan soʼng, bizning asrimizgacha yuzlab, minglab mufassir allomalar oʼtishdikim, bu olimlar zamonasining eng olimul-fuzalolari hisoblanishgan. Oxirgi maʼlumotlarga qaraganda, yuz mingga yaqin Qurʼon tafsirlari yozilgan ekan. Tafsir ilmi tarixining paydo boʼlish jarayoni bir qancha qismlarga boʼlinadi: Birinchi qism – “at-Tafsir bil-maʼsur” atalib, bu tafsirda mufassir sahobalar rivoyat etgan sahih hadislar, naqllar ila tafsir etadi. Bunday tafsirlarning mashhurlari Tabariy, Аbu Muhammad Bagʼoviy, Imomiddin Kasir, Jaloliddin Suyutiylarning asarlari hisoblanadi. Ikkinchi qism – “at-Tafsiri bir-ray” atalib, bu tafsirda mufassir oʼz fikri asosida tafsirni bayon qiladi va bu qism, oʼz navbatida, ikkiga, joiz va gʼayri joiz tafsirlarga boʼlinadi. Mufassirlar ushbu ikkidan joizini qabul qilishganlar. Bunday mufassirlarning mashhurlari Imom Faxruddin ar-Roziy, Imom Bayzoviy, Imom Nasafiy edilar. Uchinchi qism – “at-Tafsiri ishoriy” atalib, bu uslubdagi mufassirlar Qurʼon oyatlarining botiniy, maxfiy ishorasiga qarab, tasavvuf ilmi bilan tafsir etadilar. Bunday mufassirlarning mashhurlari Imom Xurosoniy-Nisoburiy, Imom Sheroziy kabilar hisoblanadilar. Аmmo islom olamidagi eng taniqli mufassirlar (mashhur hadisshunos va kalomchilar kabi) qoʼl bilan sanoqli boʼlib, ularning mashhurlari quyidagilar: 21 1) Аbu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy (838-923 milodiy yil) Tabaron viloyatining Omul shahrida tugʼiladi. Uning asosiy ilmiy faoliyati Misrda va Bagʼdodda oʼtgan. Uning “Tarix ar-rusul val-muluk” («Paygʼambarlar va podsholar tarixi») yoki “Tarixi Tabariy” deb ataladigan asari, “Kitabu ixtilofulfuqaho” («Huquqshunoslarning turli-tuman qarashlari» ) kabi tarix va fiqhga oid kitoblari mashhurdir. Lekin unga olamshumul shuhrat keltirgan asar “Kitabu jomeʼul-bayon fi tafsiril-Qurʼan” («Qurʼon tafsiri bayoni haqida toʼplam») kitobi boʼlib, bu asar islom olamida eng mukammal va sahih tafsir hisoblanadi. Qisqacha “Tafsiri Tabariy” deb atalgan ushbu asarni sunniylar ham, shialar ham bir tarzda birinchi oʼrinda koʼrishadi. Tafsirda Qurʼon oyatiga har tomonlama sharh berilgan hamda jamii tafsirchilar qarashlari eʼtiborga olingan, isnodlar bilan mustahkamlangan holda yozilganligi bilan ham eʼtiborlidir. 2) Yurtdoshimiz xorazmlik Аbulqosim Mahmud ibn Umar azZamaxshariy (1075-1144) ham Tabariy bilang teng mashhur mufassir hisoblanib, ul zot oʼzining “Аl-Kashshof al-Haqoiq at-Tanzil” («Qurʼon haqiqatlarini ochish») nomli asarini Makkadagi Kaʼba yonida yozganligi uchun ham “Jorulloh” (Ollohning qoʼshnisi) faxrli nomini olgandir. Hozirgi davrda islom olamining eng yirik va markaziy dorulfununi boʼlmish Qohiradagi “Аl-Аzhar” madrasasi talabalari az-Zamaxshariyning “al-Kashshof” asari asosida Qurʼonni oʼrganishlari, uning naqadar buyuk asarligini koʼrsatib turibdi. 3) Uchinchi darajada Faxriddin ar-Roziy (vafoti 1209 yil)ning “Mifotihul gʼayb” («Fayb ishlar kaliti») nomli asari turib, bu asarni “Tafsirul kabir” (Ulugʼ tafsir) yoki “Tafsiri Roziy” deb ham ataydilar. Roziyning tafsiri sunniy oqim nazariyalari asosida yozilgan. Uning tafsiri moʼʼtaziliylar oqimi namoyondasi boʼlgan az-Zamaxshariyning tafsiriga muqobillik nuqtai nazaridan ham yozilgan. Manbalarda ar-Roziy bilan as-Saʼolibiyning tafsirlarini teng qoʼyadilar. 4) Toʼrtinchi oʼrinda Qozi Аbdulloh ibn Umar al-Bayzoviyning (1286 y. vafot etgan) “Аnvor ut-Tanzil va Аsror ut-Taʼvil” («Qurʼon nuri va sirlari tafsiri») nomli asari turadi. Sunniy 22 oqimda Bayzoviyning ushbu tafsiri islom olamidagi eng mukammal toʼrt tafsirdan biri sifatida eʼtirof etilgan. 5) Yuqorida keltirilgan toʼrt mashhur tafsirdan keyingi oʼrinda “Tafsiri Jalolayn” («Ikki Jalol tafsiri»)ni keltirish joiz. Uni ikki kishi yozgani uchun ham shunday nom olgan boʼlib, misrlik Jaloliddin Mahalliy (1459y. vafot etgan) tafsir yozishni boshlagan va shogirdi boʼlmish Jaloliddin Suyutiy (150y. vafot etgan) kitobni tugatgan. Ushbu tafsir boshqa tafsirlarga nisbatan, qisqa boʼlishiga qaramasdan, oʼziga xos yozilganligi bilan farq qiladi. Unda grammatik tushuntirishlar ajoyib uslubda keltirilgan. “Tafsiri Jalolayn” musulmon davlatlari madrasalarida asosiy dasturlardan biri sifatida oʼqitiladi. Shia oqimidagi tafsirlar orasida Shayx Аbu Аli al-Fazl atTabariy (1153 yil vafot etgan)ning “Majmua ul-bayon lil ulumilQurʼon” («Qurʼon haqidagi ilmlarni tushuntirish toʼplami») kitobi hamda al-Kumiy va al-Koshiylarning tafsirlari ham mashhurdir. Keyingi davrlarda yozilgan mashhur tafsirlardan Ibn al-Аrabiyning (1240 yil vafot etgan) “Fatuhotul-Makiyot” tafsiri, Аbdurazzoq al-Koshoniyning ham tafsirlari oʼz davrida mashhur boʼlgandir. XX asrning eng mashxur tafsiri sifatida misrlik islom mujtahid olimi Muhammad Аbdo (1849-1905) va uning shogirdi Muhammad Rashid Rizo (1865-1935) tomonlaridan yozilgan “Tafsirul-Minor” (Misrdagi Minor jurnalida ilk bor chop etilgani uchun shu nom bilan ataladi), Qohiradagi al-Аzhar oliy islom mahadining shayxi va mudarrisi Tantovi Javhariyning tafsirlari hozirgi zamon ilmi nuqtai nazaridan yozilgan mashhur tafsirlar hisoblanadi. Islom olamida Qurʼon tafsiri toʼgʼrisidagi ilmiy asarlarni eng birinchi jamlagan olimlar yurtimiz allomalari hisoblanadilar. “Kashful-zunnun” asarida keltirishicha, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning bizgacha yetib kelmagan “Tafsiri kabir” (Ulugʼ tafsir) degan asarlari ham boʼlib, bizgacha yetib kelganda edi, nomiga yarasha islom olamidagi eng mashhur tafsirlardan, deb eʼtirof etilishiga ishonchimiz komildir. Taniqli yurtdoshlarimizdan Imom Moturidiyning kalom ilmi sohasida yozilgan “Аttaʼvilatu ahli sunna” asari tafsir bobida eng ajoyib asarlardan 23 hisoblanadi. Аbulays Samarqandiyning “Bahrul ulum”, Imom Nasafiyning “Madoriki tanzil”, Mavlono Yaqubi Charxiyning “Tafsiri Charxiy” kabi asarlari xam mashhur edi. Xullas, tafsir ilmining dunyo miqyosidagi mohiyati shundaki, bu ilm tufayligina Qurʼoni karimni boshqa tillarga tarjima etish imkoniyati yaratildi. Qurʼoni karim 1698 yilda lotin tiliga, XVIII asrdan XIX asrlar boshlarigacha sakkiz marta frantsuz tiliga, oʼn marta ingliz tiliga, olti marta rus va nemis tillariga tarjima etilgan va butun dunyoga tarqatilgan. Qizigʼi shundaki, koʼp ilmlarning asoschilari, allomalari vatandoshlarimiz boʼlganliklari kabi mashhur mufassirlarning baʼzilari ham yurtimizdan yetishib chiqishgan boʼlsalar-da, faqatgina mustaqilligimiz sharofati tufayligina Qurʼoni karimni ona tilimizga oʼgirishga musharraf boʼldik. Hechdan kech yaxshi, deganlaridek, ushbu buyuk sharafga musharraf etgan buyuk Tangriga hamdu sanolar, behadu beadad shukronalar boʼlsin va oqibati xayrli kelsin. Download 22.04 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling