6-sinf. Botanika 7-dars: gul
Download 290.5 Kb.
|
6-sinf biologiya
6-SINF. BOTANIKA 7-DARS: GUL Gul yopiq urug‘li o‘simliklarning jinsiy ko‘payish organi bo‘lib, shakli o‘zgargan novdadir. U gul o‘rni, gulqo‘rg‘on, changchi va urug‘chidan tashkil topgan. O‘simliklar qaysi sitematik birlikka mansubligiga qarab gullari xilma-xil bo‘ladi. 7.1. Gul – o‘simliklarning generativ ko‘payish organi O‘simliklarning guli novdasiga bandi bilan birikib turadi va unga gulband deyiladi. Gulbandning yuqori qismida biroz kengaygan joy – gulo‘rni bor, unda gulning hamma qismlari joylashadi. Gulbandi shakli va o‘lchami bilan bir-biridan farq qiladi. Gul – quyidagi qismlardan tashkil topgan. Gulqo‘rgon – gulkosacha va gultojdan tashkil topgan. Gulo‘rni – gulning barcha a’zolari joylashgan qismi. Gulkosacha – gulni tashqi tomondan o‘rab turadigan qavat. U gulkosachabarglardan tashkil topgan. Gulkosacha yashil va boshqa ranglarda bo‘ladi. Gultoj – guldagi gulkosachadan ichkarida joylashgan gulqo‘rg‘on qavati. U gultojbarglar yig‘indisidan iborat. Gultoj turli rangda bo‘ladi. Changchi – gulqo‘rg‘on ichida joylashgan muhim qismi. U ikki qismdan: changdon va changchi ipidan tashkil topgan. Changchi iplari changdonni ushlab turadi va gulo‘rni bilan bog‘laydi. O‘simlikning turiga qarab changchilar bittadan bir nechtagacha bo‘lishi mumkin. Changchi iplarining soni va shakli gulga bog‘liq. Shunga ko‘ra, changchi iplari alohida-alohida, qo‘shilib yoki tutam hosil qilib gulo‘rniga joylashadi. Ayrim gullarda changchi iplari bo‘lmaydi. Urug‘chi – gulning o‘rtasida (markazida) joylashgan eng muhim qismi. U tuguncha, ustuncha va tumshuqchadan iborat. Tuguncha – urug‘chining kengaygan pastki qismi. Uning ichida urug‘kurtak joylashgan. Tugunchadan meva hosil bo‘ladi. Tugunchalar gulning boshqa a’zolariga nisbatan joylanishiga qarab ostki va ustki bo‘ladi. Tuzilishiga ko‘ra, tuguncha bir va ko‘p uyali bo‘ladi. Ustuncha – urug‘chining o‘rta qismi. U tuguncha bilan tumshuqchani birlashtirib turadi. Uning ichi g‘ovak bo‘ladi. Tumshuqcha – urug‘chining (ustunchaning) eng yuqori qismi – uchi. U changlarni ushlash uchun xizmat qiladi. Gulqo‘rgon – gul ochilguncha changchi va urug‘chilarni o‘rab, tashqi ta’sirdan saqlab turadi. U oddiy yoki murakkab bo‘ladi. Gulqo‘rg‘on bo‘laklarining rangi asosan bir xil bo‘lsa uni oddiy gulqo‘rg‘on deyiladi. Oddiy gulqo‘rg‘on oddiy gulkosacha yoki gultojdan iborat bo‘ladi. Lola, chuchmoma, gulsafsarning guli oddiy gulqo‘rg‘onli bo‘ladi. Agar gulqo‘rg‘on gulkosacha va gultojdan tashkil topgan bo‘lsa murakkab gulqo‘rg‘on deyiladi. Ko‘pchilik o‘simliklar (olma, g‘o‘za, olcha, nok)ning guli murakkab gulqo‘rg‘onli bo‘ladi. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan gullar ham bor. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilgan gullarga qo‘ypechak, karnaygul, marmarak kabilarning guli misol bo‘ladi. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari qo‘shilmagan gullarga o‘sma, g‘o‘za, olma, nok, lola, boychechak va boshqa o‘simliklarning gullari kiradi. Tabiatda yana shunday gulli o‘simliklar borki, ular gulining gulqo‘rg‘oni yo‘qolib ketgan yoki tangachaga aylangan. Bularga tol, terak, tut, yong‘oq kabilar kiradi. Gullarning tuzilishi formulasi orqali beriladi. Gullarning tuzilishi bilan tanishishni osonlashtirish maqsadida gullarning diagrammasi va formulasidan foydalaniladi. Gul tuzilishining sxema bilan ifodalanishiga gul diagrammasi deyiladi. Formulada gul qismlarining nomi shu qism nomining boshlang‘ich harfi bilan, soni esa raqamlar bilan belgilanadi. Masalan, gulkosachabarglar – «Gk», gultojbarglar – «Gt», changchilar – «Ch», urug‘chilar – «U», oddiy gulqo‘rg‘on esa – «Og» harflari bilan ifodalanadi. Halqadagi qismlar qo‘shilgan bo‘lsa, ularning sonini ko‘rsatuvchi raqam qavs ichida beriladi, aksincha ular qo‘shilmagan bo‘lsa, qavssiz (ochiq) yoziladi. Halqadagi qismlarning soni ko‘p bo‘lsa, cheksizlik belgisi «∞» qo‘yiladi. Halqada uchrashi kerak bo‘lgan qism rivojlanmagan bo‘lsa – 0 (nol) bilan belgilanadi. Agar gul qismlarining har biri bir emas, balki ikki halqada joylashgan bo‘lsa, har qaysi halqadagi qism sonini ko‘rsatuvchi raqam yozilgandan keyin + (plus) ishorasi qo‘yiladi, so‘ngra keyingi halqadagi qismning soni yoziladi. Misol uchun bir nechta o‘simlik gulining formulasi keltirildi. 1. Jag‘-jag‘ (achambiti) gulining formulasi – Gk 4Gt 4Ch 4+2U(2).
2, Olxo‘ri gulining formulasi – Gk 5Gt 5Ch∞U1 Izoh. Gulkosachabargi va gultojbarglari 5 tadan, qo‘shilmagan, changchilari soni cheksiz, urug‘chisi esa 1 ta. 3. Lola gulining formulasi – Og 3+3Ch 3+3U (3). Izoh. Oddiy gulqo‘rg‘on, gultoji 6 ta, ikki halqada (har bir halqada 3 tadan) o‘rnashgan, changchilari 6 ta, ikki halqada o‘rnashgan, urug‘chisi 1 ta, 3 ta urug‘chi bargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. 4. Sachratqi gulining formulasi – Gk 0Gt (5)Ch (5)U (2). Izoh. Gulkosachabarglar rivojlanmagan, gultojbarglar 5 ta, bir-biri bilan qo‘shilgan, changchilari 5 ta, qo‘shilgan, urug‘chisi 2 ta, urug‘chi bargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Xulosa qilib aytganda, gul o‘simliklarning jinsiy ko‘payish organi bo‘lib, gulband, gulo‘rni, gulqo‘rg‘on, changchi va urug‘chidan tashkil topgan. Gulning formulasiga qarab, ular qaysi oilaga kirishini ham bilish mumkin.
Gullar bir jinsli yoki ikki jinsli bo‘ladi. Gulda faqat urug‘chi yoki changchining o‘zi bo‘lsa, bunday gul bir jinsli gul deyiladi (tol, gazanda, tut, qayin). Agar gulda faqat changchi bo‘lsa, bunday gul changchili gul deyiladi. Aksincha, gulda faqat urug‘chi bo‘lsa, bunday gul urug‘chili gul deb ataladi. Bitta gulda ham changchi, ham urug‘chi bo‘lsa, bunday gul ikki jinsli gul deyiladi (o‘rik, gilos, olma, shaftoli). Juda ko‘pchilik o‘simliklarning guli ikki jinsli bo‘ladi. Ayrim o‘simliklarning bitta tupida ham changchi, ham urug‘chi gul alohida-alohida joylashadi. Bunday o‘simliklar bir uyli o‘simlik deyiladi. Bir turdagi o‘simlikning changchili gullari bir tupda va urug‘chili gullari boshqa tupda bo‘lsa, bunday o‘simliklar ikki uyli o‘simlik deyiladi. Masalan: tol, terak va gazanda. Gullar to‘g‘ri va qiyshiq gullarga bo‘linadi. Agar gulqo‘rg‘on ikkitadan ortiq teng bo‘lakka ajralsa, u to‘g‘ri gul deyiladi. Masalan, olma, na’matak, behi va shaftoli guli. Bordi-yu, gul faqat teng ikki bo‘lakka ajralsa yoki umuman teng bo‘lakka ajralmasa, u qiyshiq gul deyiladi. Bunga gladiolus, nastarin, isfarak, rayhon, marmarak, kiyiko‘t, burchoq, loviya, beda va boshqalarning gullari kiradi. Shuni ham aytish kerakki, ayrim gullar, masalan, g‘o‘za guli olma gulidan gulkosachasining tashqi tomonidagi yirik tishchali uchta bargchasi (ostgulkosachasi) bilan farq qiladi. Shuningdek, g‘o‘zaning urug‘chisi o‘ziga xos tuzilgan. Demak, gullar bir yoki ikki jinsli bo‘ladi. Ayrim jinsli gullar o‘simlikda joylashishiga qarab, bir uyli va ikki uyli bo‘ladi. 7.3. To‘pgullar Bitta umumiy bandda (gulpoyada) bir nechta gul joylashgan bo‘lsa, unga to‘pgul deyiladi. To‘pgullar xilma-xil bo‘ladi. Masalan, so‘ta, shingil, kuchala, soyabon, ro‘vak, savatcha, kallak va boshqalar. Lekin to‘pgul hosil qilmaydigan yakka-yakka gulli lola, binafsha, behi kabi o‘simliklar ham bor. Gulning changlanishi ko‘p jihatdan to‘pgulga bog‘liq. To‘pguldagi gullar oddiy gullarga qaraganda yaxshi changlanadi. O‘simliklar tarixiy rivojlanish jarayonida o‘ziga xos to‘pgullar hosil qilgan. To‘pgullar oddiy va murakkab bo‘ladi. Oddiy to‘pgulda gulpoya shoxlanmaydi, murakkab to‘pgulda esa shoxlanadi. Olma, nok, gilos, olchaning to‘pguli oddiy qalqonsimon bo‘ladi. Bularda turlicha uzunlikdagi gulbandli gullar kalta gulpoyada navbat bitan joylashadi. Bu gullarning yuqori qismi bir xil tekislikda bo‘ladi. Zubturumning mayda gullari uzun gulpoyada bandsiz joylashadi. Bunday to‘pgul oddiy boshoq deb ataladi. Karam, rediska, jag‘-jag‘, qashqarbeda va qurttananing gullari to‘pgul, gulpoyaga uzun bandi bilan birlashgan. Buni oddiy shingil deyiladi. Sabzi, ukrop, petrushka, shashir va bodiyon shoxlangan murakkab soyabonga ega. Boshoqli o‘simliklarning ko‘pchiligi (bug‘doy, arpa, javdar va bug‘doyiq kabilar)da ikkita-uchta gul birlashib, oddiy boshoqcha hosil qiladi. Bunday boshoqchalardan bir nechtasi umumiy gulpoyaga birikib, murakkab boshoq hosil qiladi. Tok, sholi, qamish, nastarin, kelin supurgi, otquloq, rovoch kabi o‘simliklar murakkab shingil – ro‘vak hosil qiladi. Yong‘oq, oqqayin va tolning changchili to‘pguli – kuchalasi boshoqqa ham o‘xshaydi. Lekin asosiy gulpoyasining osilib turishi bilan ulardan farq qiladi. Kungaboqar, kartoshkagul, shuvoq, bo‘tako‘z, sachratqi, ermon, karrak kabi o‘simliklarning guli asosan gulpoyasi uchidagi savatchada joylashgan. Savatchalarning atrofi o‘rama bargchalar bilan o‘ralgan. Bulardan tashqari, guli ko‘zga uncha tashlanmaydigan anjir o‘simligi gullari ham bor.
Changdonda yetilgan changlarning urug‘chi tumshuqchasiga tushishiga changlanish deyiladi. Changlar asosan hasharotlar, shamol va boshqa yo‘llar bilan urug‘chi tumshuqchasiga kelib tushadi. Changlanish o‘z-o‘zidan changlanish, chetdan changlanish (…-rasm). (repetitor kitobida 15-rasm) va sun’iy changlanishga bo‘linadi.
Ko‘pchilik o‘simliklar gulining changi va urug‘chisi bir vaqtda yetilmaydi. Shuning uchun ham bitta guldagi chang shu guldagi tumshuqchani changlay olmaydi. Bunday holda bir gulning changi boshqa guldagi urug‘chining tumshuqchasiga tushishi kerak. Yetilgan urug‘chining tumshuqchasi nam va yopishqoq bo‘lib, tushgan changni tutib qoladi. Yetilib yorilgan changdondan chiqqan changning hasharotlar yordamida boshqa gulning tumshuqchasiga tushishi hasharotlar yordamida changlanish yoki chetdan changlanish deyiladi. Gullar ochilgan vaqtda xushbo‘y hid taratib hasharotlarni o‘ziga jalb qiladi. Gullardan ular o‘ziga kerak bo‘lgan narsani – chang va xushbo‘y asal shirasi (nektar)ni oladi. Ayrim gullarni changlatuvchi maxsus hasharotlar ham bor. Hasharotlar bitta gul bilan chegaralanib qolmaydi. Ular guldan-gulga qo‘nib, bir gulning changini ikkinchi guldagi urug‘chi tumshuqchasiga olib o‘tadi. Ular gullardagi chang va nektarni turli a’zolari (xartumi, oyoqlari, tuklari) yordamida olib o‘tadi (…-rasm). (repetitor kitobida 16-rasm). Hasharotlar yordamida changlanuvchilarga olma, o‘rik, nok, beda, oqquray, g‘o‘za kabilar kiradi. Bir gramm asal yig‘ish uchun har bir asalari minglab guldan-gulga qo‘nadi.
Bug‘doy shamol yordamida changlanadigan o‘simlikdir. U ikki jinsli o‘simlik. Uning gullari murakkab boshoqda o‘rnashgan bo‘lib, changchilari boshoqdan tashqarida osilib turadi. Shamol esgan vaqtda tebrangan changchi gullardagi changdonlar bir-biriga urilib yoriladi va ulardan chang sochiladi. Shamol yordamida bu changlar boshoqdan urug‘chi gulning tumshuqchasiga o‘tadi. Bordi-yu, shamol esmay chang boshoqdagi hamma tumshuqchalarga tushmay qolsa, u holda siyrak donli boshoq hosil bo‘ladi va hosildorlik pasayib ketadi.
Sun’iy changlatish usulidan hosildorlikni oshirishda va asosan, yangi navlarni yaratishda foydalaniladi. 7.5. Urug‘lanish Changchi va urug‘chidagi jinsiy hujayralarning qo‘shilish jarayoni urug‘lanish deyiladi. Bu yangi organizm demakdir. Bitta changdonda yuzlab va minglab chang donachalari yetiladi. Chang o‘simliklarning turiga qarab har xil shaklda va kattalikda bo‘ladi. Uni zamonaviy mikroskoplarda ko‘rish mumkin. Har bir chang donachasi mayda-yirik ikkita hujayradan tuzilgan. Ana shu hujayralarning yirigi vegetativ hujayra, maydasi jinsiy (generativ) hujayra deb ataladi. Ularning har birida sitoplazma va mag‘iz bo‘ladi. Urug‘chi tumshuqchasiga tushgan chang turli o‘simliklar, tumshuqcha yuzasining notekisligi va undan ajralib chiqib turadigan yopishqoq shira orqali ushlanib qoladi. Ushlanib qolgan chang asta-sekin o‘sa boshlaydi. Uning vegetativ hujayrasi o‘sib, uzun va ingichka naycha hosil qiladi. Ikkinchisi bo‘linib, ikkita sperma hosil qiladi. Chang naychasi tez o‘sib, urug‘chidagi tumshuqcha hamda ustuncha ichiga kiradi va tuguncha tomon o‘sadi. Chang naychalari turli tezlikda o‘sadi. Lekin shulardan faqat bittasi qolganlaridan o‘zib ketib, tuguncha ichidagi urug‘kurtakkacha borib yetadi. Hosil bo‘lgan ikkita sperma chang naychasi orqali urug‘kurtakka borib, ichiga kiradi. Shu vaqtning o‘zida urug‘kurtak ichida tuxum hujayra va markaziy hujayralar yetilgan bo‘ladi. Spermalardan biri tuxum hujayra bilan, ikkinchisi markaziy hujayra bilan qo‘shiladi. Bu jarayon gulli o‘simliklarda urug‘lanish (qo‘sh urug‘lanish) deb ataladi. Urug‘kurtakning urug‘langan hujayralari ko‘p marta bo‘lina boshlaydi. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak, urug‘langan markaziy hujayradan esa endosperma rivojlanadi. Murtak bilan endosperma birgalikda urug‘ hosil qiladi. Shunday qilib, qo‘sh urug‘lanishdan so‘ng urug‘kurtak urug‘ga aylanadi. Uning po‘stidan shu urug‘ni o‘rab turadigan po‘st, tuguncha va gulning boshqa qismlaridan esa meva hosil bo‘ladi. Agar tugunchada faqat bitta urug‘kurtak bo‘lsa, u urug‘langandan keyin bir urug‘li meva rivojlanadi (masalan, o‘rik, olcha, gilos, shaftoli). Bordi-yu, tugunchada ko‘p urug‘kurtak bo‘lsa, u holda chang naychalari ularga ko‘plab o‘sib kiradi. Buning natijasida bir nechta urug‘li meva hosil bo‘ladi (masalan, lola va g‘o‘za).
Gulli (yopiq urug‘li) o‘simliklarda urug‘lanishdan keyin meva hosil bo‘ladi. Meva asosan urug‘chi tugunchasidan hosil bo‘ladi. Mevalar o‘simliklarning turiga qarab, turli shaklda va kattalikda bo‘ladi. Lekin ular qanchalik xilma-xil bo‘lmasin, ma’lum tasnif asosida o‘rganiladi. Lekin uning hosil bo‘lishida urug‘chidan tashqari, gulning boshqa qismlari ham ishtirok etadi. Masalan, gulqo‘rg‘on, gulo‘rni va boshqalar. Mevalar asosan ikki xil bo‘ladi: 1. Agar u tugunchaning o‘zidan hosil bo‘lsa chin meva (o‘rik, olcha, shaftoli, olxo‘ri, gilos) deyiladi. 2. Agar mevaning shakllanishida tugunchadan tashqari, gulning boshqa qismlari ham ishtirok etsa, bunday mevalar soxta meva (olma, nok, behi) deyiladi. Meva urug‘ pishib yetilguncha uni tashqi ta’sirdan himoyalab turadi va urug‘ning tarqalishiga yordam beradi. Meva asosan 3 qismdan: 1) ustki qism – po‘st; 2) o‘rta qism – meva eti; 3) ichki meva – mag‘izdan tashkil topgan. Mevalarning oraliq qismi seret va qalin bo‘lsa, bunday mevalar ho‘l meva deyiladi (o‘rik, shaftoli, olcha). Agar oraliq qismi yupqa, etsiz, quruq bo‘lsa, bunday mevalar quruq meva deyiladi. Masalan, no‘xat, mosh, loviya, bodom, yong‘oq, pista. Ho‘l mevalar orasida rezavor mevalar juda ko‘p. Ulardan shirinligi bilan ajralib turadigan yuzlab uzum navlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Rezavor mevalarga pomidor, qoraqat, ituzum kabilar kiradi. Qovoq, tarvuz, qovun, handalak, tomoshaqovoq va bodringning eti rezavor mevalarnikiga qaraganda qalin va usti qattiq po‘st bilan o‘ralgan, shuning uchun ular qovoq mevalarga kiradi. Bog‘larimizdan keng o‘rin olgan va qattiq danagi, sersuv eti hamda shu danak ichida joylashgan bittadan (ba’zan ikkitadan) mag‘izi bilan ajralib turadigan ho‘l mevalar: o‘rik, olxo‘ri, olcha, gilos kabilar danakli mevalardir. Bular inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan foydali moddalarga va darmondorilarga boy bo‘ladi. Ular orasida, ayniqsa o‘rik shifobaxsh xususiyatlari bilan ajralib turadi. Quruq mevalar chatnaydigan va chatnamaydiganlarga bo‘linadi. Chatnamaydiganlarga donlar kiradi. Don mevali o‘simliklarga bug‘doy, arpa, suli, makkajo‘xori kabilar misol bo‘ladi. Chatnaydigan mevalarga qo‘zoq, qo‘zoqcha, dukkaklar, ko‘saklar kiradi. Bularning urug‘i pishgach chokidan ochiladi (chatnaydi). Masalan, mosh, loviya, turp, rediska, jag‘-jag‘ va boshqalar.
No‘xat, mosh, loviya, burchoq va oq akatsiya dukkak mevali o‘simliklardir. Dukkak chetlari bir-biriga qo‘shilib ketgan meva bargchalardan iborat. Meva yetilgan vaqtda ikki pallaga ajraladi. Har bir pallaga ichki tomondan urug‘lar yopishib turadi. Pallalar orasida to‘siq bo‘lmaydi. Karam, qurttana, rediska, turp kabi o‘simliklarning mevasi dukkakka o‘xshasa-da, lekin orasida to‘sig‘i borligi bilan ulardan farq qiladi. Bunday mevalar qo‘zoq va qo‘zoqcha deyiladi. Ayrim (zarang, qayrag‘och va shumtolga o‘xshash) manzarali daraxtlarning mevasi qanotchali bo‘ladi. Shuning uchun ular qanotchali meva deyiladi. Ayniqsa, bahorda terakning urug‘chi tuplari mevasi pishgan vaqtda undan ajralib chiqqan paxta bilan o‘ralgandek tuyuladi va uchib yuradi. Aslida esa bir tutam tuklari orqali mevasi uchib yuradi. Bunday mevalar uchma meva deyiladi. «Terak allergiya kasalligiga duchor qiladi, shuning uchun uni ekmaslik kerak» degan fikr ham mavjud, bundan xoli bo‘lish uchun terak xalqimiz sevib o‘stiradigan yog‘ochbop daraxt ekanligini e’tiborga olib, uni (mevasi uchmasligi uchun) urug‘chili emas, balki changchili qalamchalardan ko‘paytirish kerak.
Mevalar juda xilma-xil bo‘lib, ularning tabiatdagi va odamlar hayotidagi ahamiyati ham juda katta. Mevalar, birinchi navbatda, o‘simliklarning ko‘payishi, tarqalishi va nasl qoldirishi uchun kerak. Yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarning mevasidan tabiatdagi barcha tirik mavjudot oziqlanadi. Ayrim mevalar yerga to‘kilib, chirib, yerni organik moddalarga boyitadi. Odamlar hayotini esa mevasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu haqda Hadisda shunday deyilgan: «Qaysi bir mo‘min biror ekin eksa yoki mevali daraxt o‘tqizsa-yu, ularni qushlar, odamlar yoki hayvonlar yesa, bu uning uchun sadaqa hukmida bo‘ladi». Qadim zamonlardan odamlar o‘simliklarning mevasidan oziq-ovqat sifatida (olma, yong‘oq, o‘rik, uzum, bug‘doy, mosh, loviya, tariq, qo‘noq, no‘xat) va dori-darmon tayyorlashda (marmarak, zubturum, na’matak) foydalanishgan. Mevalardan olinadigan moylardan xalq xo‘jaligining turli sohalarida (texnika, og‘ir sanoat, atir-upa) foydalaniladi. Kundalik turmushimizda ishlatadigan nonimiz bug‘doy unidan, yog‘imiz g‘o‘za chigiti, kungaboqar pistasi va zaytun mag‘zidan olinadi. O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan ziravorlarga zira, alqor, kashnich, sedana va murch kiradi. Mevalar iste’mol qilinishidan tashqari, ulardan turli zeb-ziynat buyumlarini tayyorlashda ham foydalaniladi (yersovun, tasbehmunchoq, qalampirmunchoq). Iqlimi issiq mamlakatlarda qovun daraxti, non daraxti, banan, kokos palmasi o‘simliklari o‘sadi. Bu o‘simliklarning mevasi ham mahalliy aholining asosiy oziq-ovqati hisoblanadi. Mevalarni faqat pishganda terib olish kerak. Ammo ko‘pincha, ular pishmasdan yig‘ib olinadi. Masalan, urug‘i yetilmagan zira tupi bilan o‘rib olinadi. Har qanday mevani yig‘ish vaqtida uning tabiatda ko‘payishiga e’tibor berish kerak. Yetilgan mevalarni terishda ularning tabiiy holda ko‘payishini hisobga olish lozim. Ko‘pgina hollarda yong‘oq, bodom, o‘rik kabi mevalar tayoq bilan qoqib tushiriladi. Natijada daraxtlar qattiq shikastlanadi, ko‘plab shoxlari sinadi. Ularni mevasi pishganda qo‘lda terib olish yoki yengilgina silkitib, keyin yig‘ib olish kerak. Yem-xashak o‘simliklari har yili, ayni gullagan vaqtda, yem-xashak uchun o‘rib olinadi. O‘simliklarning yer usti qismidan ajralishi, gulining urug‘ bermay nobud bo‘lishi tabiatda o‘simliklarning kamayib ketishiga sabab bo‘ladi. Tabiatdagi har bir tur o‘simlikning urug‘i pishib yerga to‘kilishi va o‘z-o‘zidan ko‘payishi kerak.
O‘simlik o‘stirish uchun yerga urug‘ ekiladi. Urug‘dan yosh o‘simlik qanday qilib va nima hisobiga chiqishini hamda rivojlanishini bilish uchun uning tashqi va ichki tuzilishini bilish kerak. Har bir o‘simlikning urug‘i o‘ziga xos tuzilgan. O‘simliklar urug‘pallasiga qarab bir va ikki urug‘pallali o‘simliklarga bo‘linadi.
G‘o‘zaning chigiti (urug‘i) ustidan qalin yog‘ochsimon qobiq bilan o‘ralgan. Bu qobiq hujayralarida juda uzun tuklar, ya’ni tolalar joylashgan. Yog‘ochsimon qobiq ostida oq va yupqa po‘st, uning ostida esa qat-qat bo‘lib joylashgan urug‘pallalar va murtak o‘rnashgan. Ikki urug‘pallali o‘simliklar urug‘lari yer yuziga ikkita urug‘palla bargi bilan chiqadi.
Bug‘doyning urug‘i (doni) cho‘ziq shaklda. Uning sirti yupqa sariq po‘st bilan qoplangan. Bu po‘st qo‘shilib o‘sgan ikkita qobiqdan iborat. Tashqisi meva qobig‘i, ichkisi esa urug‘ po‘sti hisoblanadi. Bug‘doy, arpa, javdar, suli, sholi, makkajo‘xori kabi o‘simliklarning urug‘i don deb yuritiladi. Bug‘doy donining ichki tuzilishini ko‘rish uchun uni ivitib, so‘ng uzunasiga (bo‘yiga) kesish kerak. Kesikda urug‘ning asosida joylashgan murtakni ko‘rish mumkin. Murtak boshlang‘ich ildizcha, poyacha va kurtakchadan iborat. Bug‘doyning bitta urug‘pallasi murtakni endospermadan ajratib turadi. Murtakdagi bu qismlarni oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Urug‘ning aksariyat qismi endosperma – oziq moddalar to‘plamini tashkil etuvchi hujayralardan iborat. Download 290.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling