7-mavzu: din sotsiologiyasining fanlar tizimidagi o'rni


Download 24.58 Kb.
bet1/2
Sana18.10.2023
Hajmi24.58 Kb.
#1708810
  1   2
Bog'liq
8-mavzu


7-MAVZU: DIN SOTSIOLOGIYASINING FANLAR TIZIMIDAGI O'RNI


  1. Din xaqidagi fanlarning metodologik asoslari.

  2. Din sotsiologiyasining din haqidagi boshqa fanlar bilan munosabati: teologiya va din sotsiologiyasi.

  3. Dinshunoslik va din sotsiologiyasi, din sotsiologiyasi va din tarixi, din sotsiologiyasi va falsafa, din sotsiologiyasi va fenomenologiya.

Din hodisasini tadqiq etuvchi turli fanlar dinning ma’lum bir jihatlarini tahlil qiladilar. Faqat sotsiologiya dinni yaxlit sosial fenomen sifatida o‘rganib, uni ijtimoiy hayotning boshqa sohalari bilan aloqa va munosabatlarda ekanligini tizimli tarzda tadqiq etadi. Shu ma’noda din sotsiologiyasi dinshunoslik fanlari orasida markaziy o‘rinni egallaydi.


Ma’lumki, dinni o‘rganuvchi ayrim fanlar uchun umumiy tamoyil – empirik ma’lumotlarga tayanishdir. Din haqidagi amaliy bilimlarni yuzaga chiqaradigan ushbu tamoyil din hodisasini tajribalarga tayanib, o‘rganuvchi fanlar va dinga fenomenologik, falsafiy hamda teologik yondashuvlar orasidagi chegara bo‘lib xizmat qiladi. Chunki din bilan bog‘liq shunday hodisalar borki, ularni empirik jihatdan asoslashning hozircha iloji yo‘q. Lekin bunday hodisalarning mavjudligini inkor ham etib bo‘lmaydi.
Dinning sermahsul sosiologik tahlili asosan ilmiy bilimning boshqa sohalari tadqiq qilgan ma’lumotlarga tayanish orqali ro‘yobga chiqadi. Sosiolog o‘z faoliyatida har qanday ma’lumotlardan – u ilmiy bo‘ladimi, yoki ilmiy emasmi, bundan qat’iy nazar, unumli foydalanishi lozim. Sosiologdan bilimning haqiqiy fikr sifatida belgilash o‘rniga inson qabul qilayotgan barcha ma’lumotni bilim tariqasida adekvat idrok qilishi talab qilinadi. Chunki har qanday ma’lumot kishining diniy yoki dunyoviy xulq-atvori haqidagi biror-bir xulosani chiqarishga ko‘mak beradi.
Dinni tadqiq qilish jarayonida bilishning turli xildagi metodlaridan foydalaniladi. Bular: umumfalsafiy, sosiologik, nazariy, empirik va boshqa metodlar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, din sotsiologiyasining tadqiqotlarida quyidagi metodlardan faol foydalaniladi va ular o‘zida muayyan sifatlarni mujassamlashtiradi:
— genetik metod din rivojini uning barcha davrlardagi, ya’ni ilk davrdan to hozirga vaqtgacha bo‘lgan holatini tasvirlashni o‘zining asosiy maqsadi sifatida ilgari suradi;
— tarixiy metod dinning shakllanish jarayoni, uni tarixiy qonuniyatlar va har xil vaziyatlar bilan bog‘liqlik jihatlari holatini tadqiq qilishda benazirdir;
— qiyosiy metod ma’lum bir dinning turli davrdagi holatlarini, bir vaqtda mavjud bo‘lgan har xil dinlarning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rinlarini o‘zaro taqqoslash orqali olimlarga o‘z ilmiy xulosalarini ilgari surishlariga ko‘maklashadi. Buning natijasida dinshunoslikda yangi yo‘nalish – qiyosiy dinshunoslik shakllandi;
— strukturaviy-funksional metod din, diniy tashkilot, ramz va boshqa diniy tushunchalar strukturasi va ularning funksiyalarini ochib berishga xizmat qiladi. Diniy tizim elementlarini alohida ajratib olish va ularni o‘zaro taqqoslash ular faoliyatini chuqur o‘rganishga muhim omil bo‘ladi. Din bunday sharoitlarda tizimosti shaklida namoyon bo‘ladi;
— sosiologik metod dinni ma’lum bir sosial tizim yoki sosial tizimosti sifatida jamiyatning boshqa sosial institutlari bilan o‘zaro munosabatlar hamda aloqalarga kirishish jarayonlarini bilishning mexanizmlaridan biri bo‘lib gavdalanadi. Sosiologik tahlil metodi diniy e’tiqodlar va ta’limotlar faoliyat ko‘rsatishining mexanizmlarini ochib berib, turli omillarning diniy mazmundagi vaziyatlarning rivojlanish tendensiyalarida tutgan o‘rnini ifodalab berishga xizmat qiladi;
— tipologik metod dinning tarixiy turlarini tavsiflaydi. Uning yordamida diniy ob’yektlarni biridan birini ajratish, guruhlash tufayli ularning konkret turlari haqida mulohaza yuritish mumkin bo‘ladi;
— kazual (sababiy) metod turli diniy hodisalar genezisi va evolyusiyasining sabab-oqibatli aloqalarini bilishga imkoniyat beradi. Ushbu metod orqali kishilarning hayotiy faoliyatlarini diniy va dunyoviy shakllarining farqini anglash mumkin bo‘ladi;
— falsafiy-mantiqiy metod yo‘nalishi dinning kishilar ongida aks etishi, diniy qadriyatlar, ramzlar va tushunchalarni falsafiy fanlarning ob’yekti hamda jamiyatning sosial-ma’naviy fenomeni tariqasida tadqiq etishga qaratiladi. Bunday mazmundagi tahlilda tadqiqot ob’yekti bo‘lib nafaqat din, balki unga ta’sir ko‘rsatayotgan tabiiy va sosial muhit ham namoyon bo‘ladi.
Yuqorida ilgari surilgan xulosalarga qo‘shimcha tarzda yana shuni ilova qilish mumkinki, din haqidagi ta’limotlar va ularning tamoyillari diniy (konfessional) va nodiniy (konfessional bo‘lmagan); me’yoriy, deskriptiv (izohlovchi) va tarixiy shakllarga bo‘linadi.

  1. Diniy ta’limotlar talqini teologlar va diniy dunyoqarashga ega bo‘lgan tadqiqotchilar tomonidan taqdim etiladi. Ularning fikricha, dinni tushunish asosida diniy e’tiqod yotishi kerak. Diniy bilimning mohiyati faqat e’tiqodli kishilar uchun ma’lum bo‘ladi. Tadqiqotchining diniy ko‘nikmalari diniy bilishni rivojlantirish uchun alohida va qimmatli materiallarni berishi mumkin.

  2. Nodiniy ta’limotlar, aksincha, boshqa tamoyillarga tayanadi va bu ta’limotlarning mualliflari ilm-fanning yutuqlaridan foydalanib, dinning turli hodisalarini yanada chuqurroq bilish imoniyatlariga ega bo‘ladilar. Bunda ulardagi diniy e’tiqodning yetishmasligi fundamental diniy bilimlar orqali to‘ldiriladi.

  3. Me’yoriy tadqiqotlar din qoidalari va ular negizida shakllangan qadriyatlar haqiqiyligini tahlil qilish bilan bog‘liqdir.

  4. Deskriptiv (izohlovchi) tadqiqotlar din strukturasi va uning tarixiy rivojini o‘rganadi. Ushbu tadqiqotlar diniy ta’limotning konkret jihatlariga baho berish bilan shug‘ullanmaydi. Dinshunoslik aynan deskriptiv yondashuv asosida shakllandi, ya’ni u maksimal tarzda xolis bo‘lishga intiladi. Hozirgi kunda ham dinni o‘rganishda deskriptiv yondashuv yetakchilik qilmoqda. Shuning uchun dinshunoslik fani dindorlar va dinga ishonmaydiganlar o‘rtasidagi nisbiy qarashlarni bir xillikka olib kelishni o‘z maqsadi, deb ta’kidlamaydi. U ma’lum bir hajmdagi ma’lumotlarni berib, mustaqil va ob’yektiv tarzda diniy hodisalar, konkret jamiyat hayotidagi din bilan bog‘liq voqealarni baholashni o‘zining asosiy maqsadi, deb tushunadi.

Mazmun va mohiyatlari ta’kidlab o‘tilgan ta’limotlarning namoyondachilari o‘z tadqiqotlarida umumilmiy va maxsus tamoyillardan foydalanadi:
— ob’yektivlik tamoyili din hodisasi yoki hurfikrlik tasavvurlarini qat’iy xolislik, konkret tarixiylik asosida, bunda mavhumlik qolip-andozalarga tayanmaganlik holatida tahlil qilishni taqozo etadi. Ob’yektivlik ilmiy asoslangan holatlar, aniqlangan faktlarga tayanib, bir tomonlamalikdan yiroq bo‘lishni talab qiladi;
— kulturologik tamoyil din hodisasi yoki hurfikrlikni ma’naviy hayot rivojining tarixiy va zamonaviy jihatlarda, ularni turli shakl-shamoyillarda namoyon bo‘lish xususiyatlarini ko‘rib chiqadi;
— antropologik tamoyil inson borlig‘ining dunyoqarash masalalarini tahliliga asosiy e’tiborni qaratadi. Yana ham aniqroq aytiladigan bo‘lsa, hayot, o‘lim, abadiylik kabi hodisalar mazkur tamoyilning tadqiqot maqsadi hisoblanadi;
— tolerantlik tamoyili inson, jamiyat hamda olam haqidagi diniy va diniy bo‘lmagan dunyoqarashlar o‘rtasidagi dialogni o‘zaro toqatlilik asosida kechishini ta’minlaydi. Bu jarayonga tabiat, jamiyat, inson, koinot, biosfera, iqtisod, siyosat, huquq, axloq, san’at va hokazolar asosini aniqlashga intilish ham taalluqlidir. Lekin diniy va diniy bo‘lmagan dunyoqarashlarning tayanch nuqtasi bir-biriga keskin zid holatdadir. Shu tufayli tabiat va jamiyatdagi hodisalar hamda jarayonlarni tushuntirishda jiddiy ixtiloflar kuzatiladi. Ammo, tolerantlik asosida iqtisodiy, ekologik, axloqiy, estetik, ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar va boshqa qadriyatlar mushtaraklik kasb etishi ham mumkin;
— huquqiy tamoyil vijdon erkinligining ta’minlashini umumfalsafiy, teologik, axloqiy, siyosiy va boshqa jihatlarda namoyon bo‘lishiga asos bo‘ladi. Chunki bu tamoyil insonni konkret dinga e’tiqod qilishi yoki hech biriga e’tiqod qilmasligi, diniy marosimlarda ishtirok etishi yoki buni xohlamaslik bo‘yicha huquqlarini ta’minlaydi.
Bizga yaxshi ma’lumki, har qanday nazariyaning asosini tushuncha va kategoriyalar tashkil qiladi. Din hodisasining muammolari bilan maxsus shug‘ullanadigan mutaxassis har qanday dinni tahlil qilishda quyidagi tushuncha va kategoriyalardan faol foydalanadi:

  • umumfalsafiy va ijtimoiy-falsafiy kategoriyalar: borliq, ong, bilish, in’ikos, ramz, haqiqat, fantaziya, jamiyat, moddiylik, ma’naviyat, madaniyat, begonalashuv;

  • umumilmiy tushunchalar: struktura, sistema, funks iya, qonun, rol;

  • konkret ilmiy tushunchalar: davr, huquq, illyuziya, e’tiqod, hissiyot, kayfiyat, azob-uqubat, muloqot, hayot, o‘lim;

  • maxsus diniy tushunchalar: din, teologiya, diniy marosim, cherkov, masjid, konfessiya, ibodatxona, ibodat, teizm, deizm, panteizm, skeptisizm, ateizm va boshqalar. Bu jarayonda quyidagilar esa yana ham ko‘proq ahamiyatlidir: Xudo, farishta, payg‘ambar, jannat, do‘zax va hokazolar;

  • din transformatsiyasini aks ettiruvchi tushunchalar: sakralizatsiya, sekulyarizatsiya, din evolyusiyasi va boshqalar.

Demak, dinni o‘rganuvchi fanlar metodologiyasi ilmiy tadqiqotlarga asos bo‘lib, undan unumli va o‘rinli foydalangan tadqiqotchilarning mavzu tahlili uchun ilmiynazariy va empirik ma’lumotlarga ega bo‘lishlari shakshubhasiz ta’minlanadi.
Yuqorida alohida ta’kidlab o‘tilganidek, din hodisasi qator ijtimoiy fanlarning tadqiqot ob’yekti hisoblanadi. Ularning orasida falsafa din va diniy e’tiqod muammo larini qadim davrlardan beri o‘rganib kelayotgan fandir. Ushbu fanning asosiy mavzulari ham kishilarning o‘zlarini o‘rab turgan olamga nisbatan dunyoqarashi masalalarini o‘rganishga qaratilgan ekan, albatta, bunda diniy dunyoqarash muammosi ustuvor masala maqomiga erishadi.
Qadimdan bu masala falsafa fanida turli yo‘nalishlar asosida tahlil qilib kelingan. Jumladan, materialistik pozisiyasida turgan mutafakkirlar olam moddiydir va u o‘zo‘zini harakatlantiruvchi tizim ko‘rinishida faoliyat olib boradi, deb ta’kidlasalar, idealistik maqomda turuvchilar esa olam bu absolyut aql sohibining mahsuli, degan xulosaga tayangan holda, teologik yondashuv tomon harakatlanadilar.
Mazkur yo‘nalishlarning bu masaladagi tortishuvlari bir necha asrlardan beri davom etib kelishini kuzatishimiz mumkin. Masalan, yunon faylasufi Platon idealistik oqimning asosiy vakili sifatida «moddiy olam bu g‘oyalarning soyasi», deb e’tirof etsa, uning vatandoshi Demokrit esa «olamdagi barcha predmetlar va xatto inson ham atomlardan tashkil topgandir» degan materialistik yondashuv g‘oyasini ilgari surgan.
Platonning mashhur shogirdi – Aristotel esa bu masalada dualistik pozisiyani egallagan. Uning fikricha, olam ilohiyot tomonidan yaratilgan, unga ilohiy birinchi turtki berilib, harakatga keltirilgan, lekin keyin tabiat o‘zini-o‘zi harakatlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan.
Keyinchalik bu nozik masala Markaziy Osiyo mutafakkirlari, Yevropa O‘rta asr va Yangi davri faylasuflari tomonidan ham turli yo‘nalishlarda tahlil qilib kelindi. Falsafadagi diniy va materialistik ta’limotlarning shakllanishi hamda rivojlanishi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan bahs-munozalarning mahsulidir. Zamonaviy falsafiy bilimlarda bu tortishuvlar ilgaridek qizg‘in va qaltis ko‘rinish hosil qilmasa-da, lekin ular hamon davom etmoqda.
Din sotsiologiyasi ham dastlab bu munozalarga biroz qo‘shilib qolgan bo‘ldi. Biroq, keyingi vaqtda ijtimoiy fanlarda paydo bo‘lgan plyuralizm tamoyilining faol ta’siri tufayli undagi nazariyalar falsafa fanidek birbiriga nisbatan radikal kayfiyatda emasligi ta’minlandi.
Qadimdan falsafa fani doirasida din haqida fikr yuritish amalga oshirilgan. Ammo, olamni falsafiy mushohada qilish predmeti din predmetiga mos kelishi tufayli hozir ham falsafa va din, falsafa va teologiya munosabatlari masalalarini hal qilish yakunlanmagan.
Ma’lumki, ayrim mutaxassislar an’anaviy tarzda din falsafasini dinshunoslik strukturasining muhim bir elementi va nazariy asosi sifatida e’tirof etishadi. Masalan, taniqli rus olimi, professor I.N. Yablokov quyidagicha munosabat bildiradi: «Shuni ta’kidlash mumkinki, din falsafasi dinni o‘z metodlari yordamida, o‘z sohalari doirasida o‘rganadigan muayyan fanlar uchun metanazariya va metodologiya bo‘lib xizmat qiladi hamda dunyoqarash funksiyasini ham bajaradi»1.
Ammo, dinshunoslik sohasi tadqiqotchilarining ko‘pchiligi bunday qarashlarga e’tiroz bildirib, din falsafasi integrativ imkoniyatlarga ega emas, degan xulosani ilgari suradi.
Bugungi kunda din falsafasi yo‘nalishining aksariyat zamonaviy tadqiqotchilari din hodisasi va uning madaniyat tizimidagi o‘rnini kishilarning diniy ongini o‘rganish orqali tadqiq qilmoqdalar. Bunday yondashuv yadrosini diniy ongning xususiyatlari tashkil etishiga deyarli barcha tadqiqotchilar qo‘shiladilar. Diniy ongni tadqiq etish diniy e’tiqod, til tahlili, mulohazalar va shuningdek, o‘zida diniy ongni tarannum etgan diniy amaliyot – diniy marosimlar, udumlar va diniy san’at ma’nosini o‘rganish orqali amalga oshadi.
Odatda diniy ong tuzilishida kundalik va maxsus darajalar hamda diniy e’tiqod, diniy bilim, diniy tajriba kabilar mavjudligiga e’tibor qaratiladi. Bularning barchasi – ham din falsafasi, ham teologiya falsafasining tadqiqot predmetlari bo‘lib namoyon bo‘ladi.
Rossiyalik olim Yu.A.Kimelyov ushbu masalada quyidagi fikrlarini bayon qilishga harakat qilgan: «Ular o‘rtasidagi farq shundan iboratki, din falsafasi din mazmunidagi inson sub’yekti jihatlariga asosiy e’tiborni qaratsa, teologiya falsafasi esa dinda xudoni falsafiy bilish jihatlariga murojaat qiladi».2
Agarda din falsafasi va din sotsiologiyasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘ziga xos farqlar haqida gapirsak, ko‘z oldimizda shunday holat gavdalanadi: ularning ikkisi ham din hodisasini o‘rganishda umumiy tushuncha va kategoriyalardan foydalanadilar. Lekin ularga o‘z fanlarining predmetidan kelib chiqib, murojaat qilinadi. Masalan, din falsafasining asosiy maqsadi – dinning turli madaniyat tizimidagi o‘rnini falsafiy ma’noda anglash, dindagi gnoseologiya va ontologiya muammolarining nazariy tahlili, diniy dunyoqarashning masalalari bilan qiziqish. Sotsiologiya esa dinni sosial fakt sifatida tadqiq qiladi va bunda o‘zining empirik tadqiqotlarining ma’lumotlariga tayanishga intiladi.3
Sosiolog dinni o‘rganar ekan, bunda, avvalambor, hissiy bilish orqali mumkin bo‘lgan hodisa bilan to‘qnash keladi. Sosiologik tahlilning predmeti bo‘lib ilohiyat emas, balki xudoga ishonuvchi kishilarning xulq-atvori va bu e’tiqodning ma’no-mazmuni hamda oqibatlari namoyon bo‘ladi. Buning uchun sosiolog «nimani kuzatish va o‘lchash mumkin»? degan savollarga javob topish bilan shug‘ullanadi. Masalan, agarda tadqiqotning predmeti, deb din va axloq munosabatlari belgilansa, unda sosiolog xudoga ishonuvchi kishilar xudoga ishonmaydiganlarga nisbatan axloqiy jihatdan ibratliroq ekanliklarini tasdiqlashi yoki inkor etishi lozim.
Albatta, bunday sharoitda undan biror-bir nuqtai nazarni ilmiy faraz tariqasida olg‘a surishi talab qilinadi. Mutaxassis rolidagi sosiolog u yoki bu nuqtai nazarni qabul qilishi yoki qabul qilmasligi muhim hisoblanmaydi. Muhimi, sosiologning ijtimoiy ongda mana shunday yondashuvlar mavjudligini faktlar orqali qayd qila olishidir. «Xudo mavjudmi va haqiqatga da’vogarlik qilayotgan qaysi din haqiqiy hisoblanadi?» kabi savollarga din sotsiologiyasining mutaxassisi javob bera olmaydi va bu uning vakolat doirasiga kirmaydi.4
Sosiolog faoliyatining tayanch nuqtasi bo‘lib, quyidagi fakt xizmat qiladi: ko‘p kishilar xudoga ishonadilar va bu holat turli dinlar va e’tiqodlar orqali amalga oshadi. Sosiolog uchun din bu – kishilar va sosial guruhlar faoliyatini namoyon qiladigan iymon-e’tiqodlar tizimidir.
Sotsiologiya teologiya va falsafadan farqli o‘laroq din va diniy e’tiqod masalalarini tadqiq qilishda neytral pozisiyada turadi, ya’ni u yoki bu diniy arkonning haqiqatligini isbotlashga da’vogarlik qilmaydi. Bu holat sotsiologiyaning arosatda qolishini bildirmaydi. Sosiologni kishilarning muayyan diniy e’tiqodlari ijtimoiy jarayon va hodisalarga qanday ta’sir qilayotgani ko‘proq qiziqtiradi.
Shunday qilib, din sotsiologiyasi kishilarning diniy xulq-atvorlari va ularni boshqalar bilan o‘zaro munosabatlari masalalarini empirik jihatlarda o‘rganishni o‘zining bosh vazifasi, deb hisoblaydi.
Ma’lumki, kishilik jamiyati qancha asrlik tarixga ega bo‘lsa, din va diniy e’tiqod masalasi ham shunchalik uzoq o‘tmish kasb etadi. Insoniyat tarixida barcha dinlarning tarixiy ildizi bitta, faqat tarixiy taraqqiyotning bir davrida bir din o‘z o‘rnini boshqasiga bo‘shatib bergan hisoblanadi. Dinshunoslik fani esa mazkur dinlarning tarixi, rivojlanish xronologiyasi, asosiy arkonlar va rasm-rusumlarning shakllanishi, hududiy xususiyatlar kabi masalalarni tahlil qiladi.
Masalan, jahon va milliy dinlarning evolyusiyasi dinshunoslik fanining asosiy tadqiqot ob’yekti hisoblanadi. Jumladan, bu fan xristianlik, islom va buddaviylikni dunyo dinlari, deb e’tirof etadi va ularni eng ko‘p e’tiqod qiluvchilar dini sifatida talqin qiladi.
Dinshunoslik gumanitar bilimning muhim sohasi bo‘lib, u XIX asrning ikkinchi yarmida, Gʻarbiy Yevropada, falsafa, tarix, psixologiya, sosiologii, antropologiya, etnografiya, arxeologiya, tilshunoslik kabi fanlarning tutashgan yerida vujudga keldi. XX asrdan boshlab Yevropa va AQSHning barcha yirik oliy o‘quv yurtlarida dinshunoslik fani bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borila boshlandi. Mazkur o‘quv dargohlarining olimlari erishgan ilmiy natijalardan dunyoviy va diniy fanlar mutaxassislari birday foydalandilar. Chunki dinshunoslikning predmeti bo‘lib dinlarning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojining ob’yektiv qonuniyatlari, shuningdek, ularning faoliyat ko‘rsatishi, strukturasi, turlituman hodisalari hamda diniy bilimlarning boshqa sohalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va munosabatlari xizmat qiladi.
Dinshunoslik predmeti davr taqozosi, yangi ilmiy yangiliklar va ma’lumotlarning paydo bo‘lishi tufayli doimiy tarzda rivojlanmoqda. Buning natijasida mazkur fanning asosiy vazifasi – endi din haqida universal tushuncha va nazariyalarni ishlab chiqish. Mazkur vazifani muvaffaqiyatli uddalash uchun din haqida olib borilayotgan tadqiqotlar turli tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlar erishgan yangi bilimlarga, ayniqsa, zamonaviy ilmiytexnikaviy yutuqlarga yanada mustahkam yondashishni taqozo etadi.
Dinshunoslik bir vaqtning o‘zida ham yaxlit, ham dinni o‘rganadigan fanlar uchun umumdissiplinar fan bo‘lib xizmat qiladi. Din tarixi dinlarning genezisi va evolyusiyasini tadqiq etar ekan, bunda u dinlar tarixini ularning dinamikasiga tayangan holda tadqiq qiladi. Chunki din tarixiy fenomen bo‘lib, u ham o‘zgarishlarga moyildir va din bevosita insoniyat tarixining bir bo‘lagi bo‘lib xizmat qiladi. Diniy hayotning serqirraligi uning betakrorligidadir va insoniyat hayoti davrining barcha bosqichlarida din omili tarixiy jarayonlarning muhim elementi sifatida gavdalanadi.
Shuningdek, o‘zining turli xilligiga qaramay diniy e’tiqod barcha insonlarga xosligi bilan boshqa sosial jarayonlardan tarixiy fakt sifatida alohida ajralib turadi. Dinning bunday universal sifatlari uni muayyan jamiyatlarda bajarayotgan sosiologik funksiyalari bilan izohlanishi mumkin. Dinni tarixiy fenomen tariqasida tadqiq qilinishi kishilik jamiyati rivojining barcha davrlarida kechgan ijtimoiy-madaniy jarayonlarni diniy ramzlar orqali ochib berishga asos bo‘ladi.
Lekin ayrim tadqiqotchilar dinni madaniyat tizimining bir elyementi, deb qabul qilishmaydi. Aksincha, ularning fikricha, din madaniyatdan yuqori turadi va u madaniyatni shakllantiradi. Jumladan, taniqli ingliz mutafakkiri Kristofer Douson dinni «tarix kaliti», deb bejiz aytmaydi. Uning fikricha, madaniyatni uning tarkibidagi diniy g‘oyalarni anglamasdan tushunib bo‘lmaydi. Dinning madaniyatga salohiyatli ta’sirini namoyish qiluvchi misol ko‘rinishida Douson islom dinining vujudga kelishini ta’kidlaydi. Chunki yangi din yangi madaniyatni shakllantiradi.
«Ovloq madaniy joyda yashovchi bir individ ma’lum bir harakatni paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Bu harakat nisbatan juda qisqa vaqt ichida tarixiy imperiyalarni yakson etib, Senegaldan to Borneogacha bo‘lgan masofada istiqomat qiluvchi millionlab kishilarning xulq-atvorini aks ettiradigan yangi turmush tarzini shakllantiradi... Badaviy arab, g‘arbiy afrikalik qoratanli, malaylik qaroqchi, forsiy faylasuf, turk askari, hind savdogari kabi barcha kishilar yagona diniy tilda gapirishadi, yagona teologik arkonga e’tiqod qilishadi, yagona axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lishadi, yagona ijtimoiy kelishuvga bo‘ysinishadi.
Binobarin, musulmon arxitekturasi har bir mamlakatda o‘zgachadir, lekin unda huddi adabiyot, nutq va xulq-atvorda bo‘lganidek qandaydir umumiy musulmonlik barq urib turadi. Shunday qilib, islom hayotga yangicha qarash va yangi diniy ta’limotlar tufayli madaniyatda transformatsiya sodir bo‘lishini, buning natijasida esa asrlar davomida konservativ bo‘lib kelgan, irqiy va geografik doiradan chiqib ketgan yangi shakldagi sosial institutlar paydo bo‘lganligining yorqin namunasini ko‘rsatib bera oldi».5
Demak, biz bu yerda diniy ta’limotlarga sosiologik yondashish xususiyatlari bilan duch kelib turibmiz. Bunday holatda dinshunoslik fani erishgan tarixiy ma’lumotlar ijtimoiy hayotni tashkil etuvchi sosial institutlar faoliyati unumdorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi isbot talab qilmaydigan fenomen bo‘lib namoyon bo‘ladi.

Download 24.58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling